background
logotype

Abdulla Qodiriy. Yangi sistem betaraflik (1922)

Inqilob barakasinda hisobda ham bo‘lmag‘an allaqancha yangi sistem ajib, g‘arib ixtirolar yuz berdi va bermakdadirkim, bu yangi ajoyib aul-tarasha bozorlarni yozub ko‘rsatuv inson toqatidan favq bir ishdir. Butun dunyoning teatru bozorida, adabiyot tarixida ko‘rulmagan ravishda yangi nafis o‘zbak teatrulari, o‘zbak adabiyotlari, o‘zbak artistlari, muallimlari, munajjimlari, muhandis muhtari’lari, muharrir va imlochilari, qompozito‘r rassomlari, shupurgichi arobakashlari, qo‘yingchi, domlalarcha qilub so‘zni qisqartg‘anda va hokazo va hokazolari o‘zbaklarning yangi sistem sanoi nafisalari jumlasidandirlar...

Allohdan baraka va davomini so‘rarg‘a kerakdurkim, o‘zbaklar bunday yangi sistem ixtirolarni hali ham kun sayin va daqiqa, soniya sayin yo‘qliq olamidan borliq dunyosig‘a chiqarub, aqllarni hayron, ko‘zlarni ko‘rmas, quloqlarni eshitmas, qo‘llarni tutmas, oyoqlarni yurmas, og‘zingdan kalava-kalava so‘lakaylaringni oquzib ba’zilarni hayvoni notiqaliqdan hayvoni g‘ayri notiqaliqg‘a aylantirmoqdadirlarkim, bu hol esa yangi sistem ixtirolarning asari maxsusai majdubai makshufai maxsusasidandurlar.

O‘zbak eliga yana bir bashorat!

Qanday bashorat?

Juda ham kagga, juda ham sha’sha’ador bashorat. «Yangi sistem betaraflik» bashorati! Yana bir yangi ixtiro bashorati!

Bashoratnomamizning va «Yangi sistem betaraflik»ning asl ixtiroig‘a sabab bo‘lg‘ani uchun asl masalaning jarayonidan qisqag‘ina bo‘lsa ham yozib o‘tayluk:

Yodimdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, «Qizil bayroq» gazetasining 131-raqamida «Ilmiy xidmat» lavhasi ostida «Birov» imzoli bir bechora («Qizil bayroq» ta’biricha ham bechoradir) mashhur «avantyurist» (bu ta’bir «Birov» birodarimnikidir) Munavvarning yangi imlog‘a qarshilig‘i uchun marhum nemisning bir yuz o‘n besh duymalik to‘pidan «avantyurist» ustiga shu kadar o‘q yog‘dirg‘an ediki, kaminangiz mazlum Munavvarni bu jahannam o‘ti ichida kuyub kul bo‘lg‘anlig‘ig‘a qaror qo‘yg‘an va beixtiyor tilimga «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» oyatini joriy qilg‘an edim. Ammo menim bu foli badim bekorga ketub oradan bir qancha vaqt o‘tar-o‘tmas «avantyurist» Munavvarning tirik qolg‘anlig‘i va maydonda o‘zining Nekalay davridan qolg‘an eski gurzisini ko‘tarub, javlon qilg‘anlig‘i ko‘rildi-da, Lahavla... o‘quy boshladim. Chindan ham bu, «avantyurist»ning «Birov» afandining jahannam hujumidan salomat qoluvining o‘zi ham Lahavla o‘qutdirarliq edi.

«Avantyurist» Munavvar inqilobdan beri turli tomondan mushtum yeb, ammo churq etmay kelganlikdan men uni endi juda ham abjaq bo‘lub qolg‘andir deb o‘ylar edimki, ammo ish bu fikrimning tamomo aksi bo‘lub chiqdi.

Andog‘ rivoyat qilurlarkim, Munavvar «avantyurist» maydonda javlon urdi, gurzisini salmog‘lab boshidan aylanturdi va na’ra tortdi. «Qizil bayroq» ta’biricha, bechora «Birov» o‘rtog‘imning ustiga andog‘ zarb urdiki, yerlar titradi, ko‘klar darz ketdi. Bir vaqt qarasam, «Qizil bayroq» maydonining o‘rtasida majruh «Birov» o‘rtog‘imni bag‘riga bosqan holda «Qizil bayroq» idorasi o‘lturadir. Idora atrofidag‘i tomoshachilarg‘a aytadir: «Bu muzoraba to‘g‘risida savol-javobni cho‘zub o‘lturmaslik uchun «Qizil bayroq» bundan keyin bu to‘g‘rida ikkinchi muzorabalarga yo‘l bermaydur. Shuning bilan birga betaraf bo‘lg‘an holda o‘zining fikrini bayon qiladur».

Bu vaqt «Qizil bayroq» idorasining ko‘zi bag‘ridag‘i ko‘zini termulturub yotqan majruh «Birov»ga tushadir-da, ixtiyorsiz otaliq va og‘aliq ko‘z yoshisini to‘ka boshlaydur. Qarshisidag‘i «avantyurist»ga boqadir-da: «Siyosiy o‘yunchi» deydur. Bag‘ridag‘i majruhga qaraydir-da: «Bechora birovim, mazlum birovim» deydur, ho‘ngrab yig‘laydur. Yana achchig‘ig‘a chidolmay «avantyurist»ni qarg‘iy boshlaydur: «Hiylagar, makrchi, juvonmarg!»

«Qizil bayroq» idorasi ko‘zidan yoshini oquza-oquza alla narsalarni so‘zlab, «avantyurist»ning zarbasini, «mantiqsizlik va zolimlik», deydir. Shuning ila «Qizil bayroq» o‘zining yuqorida so‘zlagan «Betaraf bo‘lg‘an holda» jumlasini unutub yuboradir-da, Munavvarga ochiqdan-ochiq hujum eta boshlaydir.

Mana bu «betaraflik» o‘zimizning ota-bobodan qolg‘an eski betaraflik emas, «Yangi sistem betaraflik!» Bu — «Qizil bayroq» gazetasining yangi ixtiroyi, yangi ijodi!

Yangi ixtirochilarga duochi Julqunboy

«Inqilob» — 1922 yil, 2-son, 45-46-betlar

 

[1] «Turon» jamiyati — taraqqiyparvar ziyolilar jamiyati, Toshkentning Eski jo‘va maydoni yonida, Maxsido‘z ko‘chasidagi Harbiy komitet o‘rnida bo‘lgan, Toshkentning madaniy-ma’rifiy markazi bo‘lgan, saqna asarlari ijro etilgan. 1927 yilda tarqatib yuborilgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.