background
logotype

Abdurauf Fitrat. Buxoroda inqilob (1918)

BUXORODA INQILOB[1]

«Dunyo havodis[2] o‘chog‘idir» demishlar, to‘g‘ri bir so‘z.

Yigirma sakkiz(inchi) fevralda Rusiyada hurriyat bo‘ldi, imperato‘r Nikolay taxtdan tushurildi. Ko‘nsul Miller Kogondan Buxoroga kirub, «Naminor» havlisida o‘turdi.

Xalq og‘zinda yangig‘ina bir so‘z tushub qoldi: «Buxoroda hurriyat bo‘lar ekan. Muni yoshlarning bilagi bilan rus qo‘nsulxonasi qila(r) ekan».

Ko‘nsul Miller Buxoroning ba'zi jamoalarindan ba'zi odamlarni yonig‘a kirguzib gapurdi.

Shul chog‘larida qozikalon Burxoniddin bilan rais Abdullohxo‘ja Sadur[3] va mufti Asqar Masnaf[4] mahdum qatl etildilar. Bunlarning o‘rninda Muhammad Sharif maxdum qozikalon va Abdulsamad maxdum rais bo‘ldilar. Bu hodisa Buxoro xalqining qizg‘in bir hayajoiniga sabab bo‘ldi.

Aprelning yettisinda amirimiz bir bayonnoma chiqordilar. Aprel sakkizida Buxoro yoshlari boydoq[5] chiqorib muborakbod qildilar. Mullalardan bir jamoa chiqib shul boydoq chiqorg‘anlarni kofir deb o‘ldurmoqchi bo‘ldilar. Hukumat yoshlarning birini[6] tutub yetmish besh tayoq urdi.

Aprel to‘qquzda qushbegi odamlari yoshlarning uylarini bosdilar. Topg‘anlarini keturub «obxona» degan rutubatli bir mahbusda qamadilar va ikkitasini yana hukumat amri bilan yetmish besh tayoqdan urdilar. Yoshlar qochib Kogonga chiqdilar. Abdulhamidxon raislikdan tushdi. Masnaf maxdum rais bo‘lub keldi. Samarqanddan rus soldatlari kelib obxonadagi yoshlarni qutqordi.

Mana shunlar bir-ikki hafta orasinda bo‘lub o‘tgan hodisalar. Har biri - bir ma'no! Men aniq bilamankim, shul ishlarning haqiqat hikmatlarindan ruslar bilan yoshlar va Buxoro beklarindan boshqa kimsa xabardor bo‘lmadi. Buxoro xalqi na mullabachchalari, na sahroyilari, na kosiblari bu qorong‘u voqealardan biror narsa onglayolmadilar.

To‘g‘ridir: har yonga yugurdilar, istamaymiz, «o‘ldiramiz, g‘azo[7] qilamiz» dedilar.

Nimani istamadilar, kimni o‘ldurmoqchi bo‘ldilar, kimning g‘azosig‘a chikdilar? Bunlarni onglag‘anlari yo‘q!.. Mana bul risolani[8] shunlarni onglatmoq uchun qo‘limg‘a oldim. Negakim, tilagim haqiqatni xalqg‘a onglatmoqdir.

Haqiqatni butun ochib onglata bilmak uchun bul risolani uch bo‘lakka tartib etdim:

1. Buxoroning holi.

2. Fitna soatlari.

3. Yoshlarning tilaklari.

Ilikotimizdag‘i[9] ishlarning buyukrog‘i, albatta, ekinchilik, ya'ni dehqonliqdir. Biz bu yerda hukumatimiz bilan dehqonlar orasindag‘i ishlarni arz qilamiz. Buxoroning dehqonchilik yerlari to‘rt turlidir. Amlok[10], mulki hur[11], vaqf[12]. Buxoro yerlarining to‘rtdan biri mulki hur bilan vaqf bo‘lsa, boshqasi amlok bilan mulki hirojiy[13]dir.

Mana Buxoroda shul amlokni nechuk olalar: Buxoro hukumati Buxoro tevarakindagi tumanlarning amlokini olmak uchun amloqdorlar tayin qiladilar. Ammo viloyatlarning amloklarini bekordan oladilar. Har viloyatning begi o‘z viloyatig‘a amloqdorlar qo‘yadir. Har amlokdorning necha oti, sayisi[14] va xizmatkori bordir. Butun shunlarning muharriflari[15] bechora dehqonlarning ustinadir. Amlokdorlar Buxoro yerlarini ikki turli istifo[16] qilalar. Birinchisi «xasbar»[17], ikkinchisi «xirman». Tumanlar, Chahorjo‘y, Karmina, Xatirchi, Miyonkal yerlarini «xasbar» tariqi bilan istifo qilalar. Buxoroning boshqa viloyatlari xirman tariqi bilan istifo qilinadilar. Bu tariqlarning ikkisi daxi yamondir. Ikkisig‘a ham zolim va insofsizlik ko‘b bo‘ladir.

Xasbar tariqi shudir: ekin yetishgandan keyin amlokdor o‘z odamlari bilan balo qo‘shuni kabi istifog‘a chiqadir. Kechalar navbat bilan dehqonlarning uylarig‘a qo‘nub, kunduzlar istifo qiladir. Hanuz xirman qilmag‘an ustiga kelib hech bir narsani bilmagan yo‘ldoshlari bilan taxmin qilub bir narsa yozadir.

Xirman qilinmag‘an, bichilmagan ekinlarning qancha chiqorini bilmak albatta kuch: munday taxminlar hech to‘g‘ri chiqmaydir. Yo amlokdorlarning va yo dehqonlarning haqi albatta ketadir, lekin bizning amlokdorlar o‘z haqlarini boshqag‘a o‘tkarmaylar, balki dehqonning haqig‘a javr qilarg‘a tirishalar. Bechoraning o‘n botmonliq ekinini yigirma botmon taxmin qilub daftarda yozalar.

Xirman istifosi shudirkim, dehqon ekinini bichib, xubbidan[18] chiqorib xirman qiladir va amloqdor janoblarini kutib turadir. Amlokdor kelmaguncha bola-chaqasi ochliqdan o‘lsa ham mehnat qilib yetishtirgan hosilindan ozg‘ina ololmaydirlar. Olsachi, boshi baloda qoladir ikki chorak olsa, amlokdor xabar olib keladir va bechorani yog‘ochlarg‘a osib qamchinlar bilan urub, uch-to‘rt botmonning oqchasini oladir. Istifo zamoni kelgach, amlokdor janoblari odamlari bilan chiqib yuqorida yozg‘animiz kabi xirmanlar orasinda kezib, taxmin qilib daftarlarda yozadir.

Amlokdorlar taxmin qilib yozdiqlari hosillardan boshliq haqini shul chog‘da olmaylar, yolg‘uz taxmin qilib ketalar. Dehqon xirmanini ko‘taradir, masalan, bug‘doyni eltib, arzonliq chog‘inda yuz tangadan sotadir. Vaqtlar o‘tub bug‘doy yuz elli(k) tangaga chiqg‘andan keyin amlokdor boshliq haqini talab qiladir. Ul vaqt bechora dehqonlaridan yuz elli(k) tangadan pul oladir.

Endi bir dehqonni ko‘zimiz oldinda keturib shu ishlarni uning ustinda yuritaylik, ko‘raylik nima bo‘lar. Masalan, Tursun otli bir dehqonning to‘rt tanobg‘ina yeri bor, kecha uyqusizliqlari, kun ochliqlari orasinda yugurub, chopib, issiq-sovuq demay, qo‘sh bog‘lar, xirman sovurar, o‘n botmong‘ina bug‘doyni xirman qilib hozirlab qo‘yar, lekin bola-chaqalari ochliqdan o‘lsa ham amlokdor bek kelmaguncha shuncha mehnat bilan hosil bo‘lg‘an bug‘doyindan bir hovuch ololmas.

Olsa, bir hovuch yerinda bir botmon bug‘doyni yigirma botmon taxmin qilarlar. Kafsan, ot yemi, mirzoyona[19] - nimalar debon bir botmoncha bug‘doyni olib ketarlar. Bechora Tursun qolg‘an to‘qqiz botmon bug‘doyni ko‘taradir. Bozorga eltib, yuz tangadan to‘qqiz yuz tangaga sotadir. Hafta, oylar o‘tub bug‘doy narxi 150 tangaga chiqg‘ach, amlokdor bek haqlarini talab qilalar va Tursunboyni yigirma botmon bug‘doyning uchdan biri bo‘lg‘an olti yarim botmon bug‘doy uchun bozor narxi yuz elli(k) tangadan to‘qquz yuz yetmish besh tanga olarlar. Mana bozorg‘a bechora Tursun bir yillik mehnat qilib chiqardig‘i bug‘doydan yetmish besh tanga zarar tortib chiqadir.

Lekin ish shuncha bitdimi? Yo‘q, yana bir buyuk mas'ata qoldi: Tursun-ku o‘z bug‘doyining pullarini necha oydan yeb bitirg‘an edi. Amlokdorga bu to‘qquz yuz yetmish besh tangani qaerdan topib berdi? Hindilardan, yahudiylardan yo hindi tabiat musulmonlardan foydaga ko‘tarib beradir. Bizning dehqonlarimizning uyini kuydirgan qaydadir? (Muni keyinroqda arz qilaman.) Emdi ko‘rayluk, qani, bu hukumat bilan shu amlokdor beklar kim, bechora dehqondan imkoni(cha) mehnat qilib, chiqardig‘i hosilni butun olarlar, biror kun, biror yo‘l bilan shu dehqonning biror ishiga ko‘mak qilurmi? Albatta, yo‘q.

Hatto butun qo‘limizdan tortib oldiqlari ekinlarning suyini ham keturub bermaydir. Shuning uchun ham dehqonning uyini kuydiradilar.

Yilda bir daf'a arikdarni qazmoq kerakki, bu ishni buxorolilar «hashar» deylar. Arikdan suv ichaturg‘an butun dehqonlar yilning olti oyinda shul hashar uchun kunda bir mardikor (ishchi) bergulidir. Bera olmasalar bir mardikorning kundalik oqchasini hukumatg‘a bergulari lozimdir. Muhorabadan[20] burun bir mardikorning kundaligi 10 tanga edi, ammo shu kunlarda qirqtanga (olti so‘m). O'n tanob yeri bo‘lg‘an bechora bir dehqon har yilning olti oyinda yo bir mardikor tutib hasharg‘a beradir va yo shu mardikorking olti oyliq oqchasini hukumatg‘a beradir, boshqa chorasi yo‘qdir. Bir mardikorning shu kunlarda olti oylig‘i 7200 tangadir. Ammo ilgari 1800 tanga bo‘la(r) ediki, bu ham bechoralarg‘a oz oqcha emasdir.

Tuxumg‘a[21], ho‘kuzg‘a, ot arobag‘a pul bergan bechora dehqon har yil hashar uchun muncha oqchani qaerdan topib beradir?

Oldig‘i hosildanmi? Uni-ku amlokdor olib ketdi, bechora dehqon bu oqchani hindilardan foydag‘a ko‘tarib beradir. Bundan boshqa poytaxtning atrofindaki yerlarg‘a suvni adolat yuzasindan bo‘lib bermak uchun bir mirob (ya'ni suv begi) bor, bu odam suvni taqsim qilib bermak yerinda qo‘nug‘ini (navbatini) dehqonlarg‘a sotib turadir. Suv begi janoblarig‘a yilda bir necha daf'a oqcha bermagan dehqonlar suv icholmaylar.

ZAKOT

Buxoro xonlig‘inda ikki turli zakot bor: birinchisi mol zakoti. Shar'iy bo‘yincha har musulmon o‘z oqchasig‘a yilda bir daf'a zakot beradir. Lekin Buxoro savdogarlari o‘z oqchalarig‘a yilda besh-olti, hatto o‘n daf'a zakot beralar: masalan, bir savdogar Buxorodan yigirma ming tangalik mol olib, Qarshig‘a eltib sotsa, bir zakot berar. Yana u yerdan shu oqchag‘a mol olib Buxorog‘a kelsa, bir zakot berar. Va yana Buxorodan shu oqchag‘a mol olib Qarshig‘a qaytsa, bir zakot berar. Shundayin o‘n yo‘la ketib, kelsa o‘n yo‘la zakot olarlar. Buning zarari yolg‘uz savdogarning o‘zinda bo‘lsa so‘z yo‘q edi. Chunki savdogardir, boydir, ozg‘ina ko‘broq oqchasi ketsa ham zarar qilmaydir. Lekin u savdogar bu ortuq yerdagi zakotlarni mol ustig‘a qo‘yib sotadir. Demak, bundan ham qashshoqlar ham dehqonlar zarar tortalar.

Ikkinchi zakot - kachi zakotidir[22]; qo‘y bilan kachidan olinadir. Qo‘y bilan kachining zakoti haqiqatan qirqdan bir bo‘lsa ham, sarrofona, kotibona[23] va, bilmasam, nimalar deb yigirmadan birga tushurib qo‘yalar. Bunlardan boshqa chakana zakoti[24] deb nisobg‘a erishmagan qo‘ylardan shariatg‘a maxoliqzakot olalar. Zakoti oling‘an qo‘ylar va kachilarning tanindaki yo‘nindan[25] daxi zakot olmokdari ko‘b buyuk masxaraliq emasmi?

Zakotda zulmlarning kattarog‘i shulkim: qo‘y va kachi zakotini daftar yuzindan olarlar. Masalan, o‘tgan yili manim qirq qo‘yim bor edi. Kelib daftarda yozib zakotini olib ketdilar. So‘ngra manim qo‘ylarim o‘ldi yoinki sotib bitirdim. Bu yil birta ham qo‘yim yo‘kdir. Lekin zakotchi bek kelgach, daftarni ochib ko‘ralar, kim, manim otimda qirq qo‘y yozilg‘an; ishi bitdi, mendan bir zakot olib ketalar. Qo‘yim yo‘qdesam oning daftarida bor deyarlar «bor edi, lekin sotib bitirdim» desam tinglamaylar. «Yo‘q, bermayman» desam urib, osib ola(r)lar[26].

(«Hurriyat», 1918 yil, 69-72, 75-sonlar) 


[1] Maqola «Kolesov voqealari» deb nom olgan Mart voqealaridan (1918) avval yozilgan bo‘lib, unda yosh buxorolilarning Toshkentga ko‘chishi, uning a'zolarining amir tomonidan qamoqqa olinishi va Samarqanddagi soldatlar tomonidan ozod qilinishi kabi voqealar aks etgan. Maqola mazmunidan va Fitratning o‘z so‘zlaridan ma'lum bo‘ladiki, bu asar alohida risola shaklida tartib berilgan edi, bu yerda keltirilayotgan qismlar uning boshlangich boblari, xolos. Keyingi Mart voqealari, «Hurriyat» gazetining yopib qo‘yilishi risolaning tugallanishiga xalaqit bergan ko‘rinadi. Risola keyinchalik ham na alohida shaklda, na boshqa vaqtli nashrlarda e'lon qilinmagan. Biroq shu tugallanmagan parcha ham Fitratning Buxoro ekinchisi (dehqon)ning ahvolidan naqadar chuqur boxabarligi, uni o‘zgartirish uchun dildan urinayotganiga guvoh bo‘la olishi mumkin.

[2] havodis - hodisalar.

[3] rais Abdullohxo‘ja Sadur - vaqf va din ishlari bilan shug‘ullanuvchi amaldor Buxoro xonligida rais deb yuritilgan, u ko‘pincha sadrlardan bo‘lgani uchun, qolaversa, bu mansab diniy ishlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sadr va eshonlar qo‘yilgan. Abdullohxo‘ja esa, Fitrat boshliq jadidchilarning talabi bilan amirning buyrug‘iga ko‘ra qatl qilingan edi (bu haqda Fitratning avvalgi maqolalarida ham so‘z yuritiladi).

[4] mufti Askar Masnaf - shariat masalalarini talqin qiluvchi va shul haqda hukm chiqaruvchi Buxoroning yuksak lavozimdagi shaxslaridan. Qozikalon Burhoniddin bilan birga bu lavozimdagi kishilar ham qatl qilingan edi. Bu haqda qarang: Fitrat. Buxoro ulamosi, «Hurriyat», 1917, 48-son.

[5] Boydoq - namoyish.

[6] Bu shaxs F. Xo‘jaevning shahodatiga ko‘ra (F. Xo‘jaev. Asarlar, I jild, Toshkent, 1976, 118-bet) Mirza Nasrulla edi. 17 martda amir chiqargan manifest munosabati bilan namoyish o‘tkazilgan bo‘lib, bu namoyish ishtirokchilaridan, ya'ni yosh buxorolilarning faollaridan bir nechasini Amir «obxona»ga qamatgan edi. Kaltaklangan Nasrulla ertasigayoq vafot etadi. Maqolaning quyirog‘ida Fitrat yana ikki kishi kaltaklanganini yozadi. Ular S. Ayniy va Mirbobo edilar. Qamoqdan ular bilan birga Otaxo‘jaev va Yusufzodalar ham ozod etiladi.

[7] «G'azo» - musulmonlarning yalpi urushi, mazlumlarnint zolimlarga qarshi urushidir. Bu yerda: kambag‘al musulmonlarning o‘z dushmanlariga qarshi urushi nazarda tutiladi.

[8] «Risolani... qo‘limga oldim» - Taassufki, bu risola oxirigacha yetmagan. «Buxoroning holi» deb nomlangan birinchi qismdan ayrim maqolalar chop etildi, xolos. «Fitna soatlari» deb nomlangan ikkinchi, «Yoshlarning tilaklari» deb nomlangan uchinchi qism esa, keyin hech qaerda e'lon etilmagan. Bizningcha, u yozilmay qolib ketgan.

[9] Ilikot - qo‘limizdagi; bu yerda: kundalik ma'nosida.

[10] Amlok - bu yerda: amlok - muluklar, ya'ni davlat tomonidan soliq olinadigan maxsus ruyxatdagi yerlar.

[11] mulki hur - ozod yerlar, ya'ni soliqolinmaydigan yerlar.

[12] Vaqf - mulkdorlar tomonidan diniy muassasa, masjid yoki madrasa tasarrufiga berilgan yerlar. Unda ishlab, ko‘rgan foydalari ayni muassasalar uchun sarf bo‘ladi. Vaqf yerlarini sotish yoki birovga xatlab berib yuborish man' qilinadi.

[13] Hiroj - yerdan olinadigan soliq, bu yerda: mulki hirojiy - soliq talab etiladigan yerlar.

[14] Sayis - ish yurituvchi.

[15] Muharrif - sarf-xarajat.

[16] istifoda - foydalanmoq.

[17] Xasbar - xos (maxsus) va bar (samara, natija) so‘zlaridan hosil qilingan bu tushuncha soliq undirishning bir usuli bo‘lib, bunda hosil bitmay turib (kechasi yo kunduz to‘satdan) yerlardan olinadigan hosil taxmin qilinib, yozib ketiladi. Mana shu taxmin bo‘yicha Buxoro dehqonlarining yerlaridan soliq undirilgan.

[18] Xubb - sevish, muhabbat bilan, bu yerda: (xubbidan chiqarib - ko‘ngildan chiqarib, astoydil, muhabbat bilan ma'nolarida.)

[19] Kafsan, ot yemi, mirzayona - kafsan mahalliy tuman ma'muriyati uchun (tuman boshliqlarining idoraviy sarfi uchui) olinadigan soliq; ot yemi - amir sarbozlarining otlari uchun degan bahona bilan olinadigan don solig‘i; mahalliy hokimiyatdagi xat, hujjat ishlari deb olinadigan soliq mirzayonadir.

[20] muhoraba - urush, bu yerda: Birinchi jahon urushi nazarda tutiladi.

[21] tuxum - urug‘, bu yerda: urug‘lik ma'nosida.

[22] kachi zakoti - qo‘y, echki kabi chorva mollaridan keladigan foydaning qirqdan biri miqdorida olinadigan soliq. Bu yerda: «kachi-kichi - echki» ma'nolarida ishlatiladi (shevaga oid so‘z).

[23] sarfona, kotibona - sarf-xarajatlar uchun, kotiblar uchun degan bahonalar bilan qirqdan bir emas, balki yigirmadan bir miqdoridan olinadigan zakot.

[24] chakana zakoti - nisobga (hissa, miqdor, bu yerda: hisobga qo‘shilmagan ma'nosida) erishmagan uy hayvonlaridan olinadigan soliq. Masalan, hisoblash paytida bu qo‘y va echkilar yo‘q bo‘lib, ular ro‘yxatga olishdan keyin tug‘ilgan. Ular uchun chakana zakot olingan.

[25] tanindaki (tanidan) yo‘nindan (yo‘sinindan) - zakot olingan uy hayvonlarining tanidan (hisobidan) yana zakot olish (xuddi savdogarlardan bir necha bor zakot olingani kabi).

[26] Maqola tugallanmagan ekanini yuqorida aytildi (buni ushbu fikrning tugallanmaganidan ham bilsa bo‘ladi).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.