background
logotype

Abdurauf Fitrat. Sharq siyosati (1919)

SHARQ SIYOSATI[1]

Bir kun qon tengizlarinda botg‘an, tamug‘ o‘tlarinda ko‘milgan Sharq bir kun tinchlik va taraqqiy beshigi edi. Bu kun oyoqlar taginda ezilgan Sharq bir kun madaniyatning yo‘lboshchisi, bilim va hunarning o‘chog‘i edi. Ovro‘pa dunyosi vahshat va bilmaslik cho‘llarinda obdirab[2] shovqin-toshqig‘! yurar ekan, Sharq dunyosi butun insoniyat olamini saodat va tinchlik o‘choqlarig‘a erishdurmak uchun ish ko‘rub turar edi. Ovro‘pa(da) bir mahalla oqsoqollig‘i yo‘q ekan, Sharqning «ko‘zquchinos», «barahma», «iso», «zardusht» va Muhammadlari butun odam o‘g‘ullarini bir nuqtada to‘plab to‘g‘ri va bilgili yo‘lg‘a kirguzmak uchun tirishar edilar. Chinlilar yozish uchun qog‘oz yasag‘anda ovro‘palilar o‘ng-so‘l qo‘llarini bir-birindan ayira olmas edilar. Zamon buzg‘unlarindan qutulub tarix dunyosinda qolg‘an Xitoy madaniyatining izlari bu kun dahi ovro‘palilarni hayron qilmoqdadir. Bu kun tiriklikning har yog‘indan qarag‘anda taraqqiy va saodatning so‘ng bosqichini bosib o‘tgan ovro‘palilar orasinda Hindustonda bo‘lib o‘tgan madaniyat zamonlarini ko‘rmagani uchun qayg‘urg‘an bilg‘uchilar bordir. Ovro‘palilar din va kiliso[3] taassublarig‘a berilib, bilmaslikning eng teran chuqurlarig‘a tushg‘an chog‘da arablar, musulmonlar, Yunon, Eron va Hindustonda ko‘mulub qolg‘an madaniyatni tirguzdilar. Hind va Yunonda unutilib qolg‘an bilim, hunar, hikmat va falsafani bir o‘runda to‘pladilar. Andalus, Misr(ni) biror madaniyat maktabi, taraqqiy o‘chog‘i, bilim beshigi qildilar. Bag‘dodda - arab san'atchilari soat yasab, Ovrupag‘a yubarg‘anda Parisning[4] u palladag‘i angellari[5] «bu quti ichida shayton»lar bor deb soatni tashlab qochg‘an edilar. Bugungi madaniyat va mag‘rur Ovrupaning shaharlarinda qam tinchlik va osoyish yo‘q ekan, Bag‘doddan Turkistong‘acha tinch va osuda bormoq mumkin edi. Musulmon madaniyatining egalari yolg‘uz o‘zlarining emas, butun boshariyat dunyosining tinchlik, taraqqiy va saodati uchun tirishar edilar. Unlar hozirg‘i madaniy yirtg‘uchilar[6] kabi o‘zlarindan bo‘lmag‘an millatlarni hayvon sanamas edilar. To‘g‘ridurkim, musulmonlar dahi boshqa millatlarg‘a qarshu urush ochdilar: to‘g‘ridirkim, musulmonlar daxi boshqalarning o‘lkalarini olurg‘a tirishdilar va oldilar, lekin unlarning jahongirliqlari bu kungi madaniy Ovro‘paning jahongirlig‘i kabi olingan o‘lkalarning uluslarini talamoq, ezmak, yiqitmoq uchun emas, unlarni yanglish yo‘ldan qaytarmoq, unlarning orasinda kirib «haq» deya topilgan o‘z fikrlarini unlarga qabul etdirmak, butun dunyo ulusini «haq» va «haqiqat» tegrasinda to‘pdamoq uchun edi. «Baytulmuqaddas»ni, Misrni, Andalusni, Istanbulni olg‘an musulmon huqumatlarining u yerlardagi xalqqa bergan huquqlari, qolg‘an rivoyatlari tarix betlarindan o‘churilmaqdadir. Arab boshliqlari bir o‘lkani olg‘anda u yerdag‘i ulusning tinchligini saqlamoq uchun biroz qo‘shun qo‘yar va shul qo‘shunning chiqimlari uchun biroz solug‘ olar edilar. Biroq yovning yurushig‘a chidamasdan shul o‘lkani tashlab chiqmoqchi bo‘lg‘anda ulus oqsoqollarini chaqurub «biz bu solug‘ oqchalarini tinchligingizni saqlamoq uchun sizdan olg‘an edik. Bundan keyin tinchligingizni saqlay olmaymiz, shuning uchun bu oqchalaringiz bizg‘a haromdir» deb olg‘an solug‘larini qaytarib ketar edilar. Afriqog‘a kirgan musulmonlar Amriqo va Afriqoni bosqon madaniy ovrupalilardek yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar. Unlarg‘a madaniyat berdilar. Amriqog‘a qo‘noq bo‘lub kirgan Ovrupa madaniylari Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmag‘an yo‘qdir. Afriqoni bosib olg‘an Ovrupa jahongirlari u yerdagi qora xalqni o‘lat kabi o‘ldurub turalar. Holbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoyir, Tunis, Fas[7] kabi o‘runlarini olg‘ach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, unlar I dan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq o‘zining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmatu e'tiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizg‘a sig‘maydur. Sharq madaniy yirtg‘uchi emas edi. Sharq boshqalarning xalqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat o‘chog‘i, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi. Biz, sharqlilar, bashariyatga qilg‘an xidmatlarimiz uchun bu kungi qonli Ovrupag‘a qarshi yaxshig‘ina maxtana olurmiz. Biz, sharqlilar, madaniyat yo‘linda tutdigimiz xidmatlarda davom etganda bukun bashariyat dunyosini ko‘b yuksak mavqe'larda ko‘rmak mumkin edi. Negakim, Sharq bilim, hunar yo‘linda Ovrupa jahongirlaridek o‘rtoq qoni ichmak va orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi. Yozuqlar, esizlarkim, Sharq o‘z yo‘linda davom eta olmadi, madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidatarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har to‘g‘risinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri ko‘rinmasa, o‘lkasi kengayib, oqchasi ko‘paysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzulur, totlig‘i yo‘ldan chiqa boshlar. Biz, sharqlilar, dahi tinchlik va rohat so‘nginda buzulib qoldiq, yo‘ldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchag‘a berildik, oqchag‘a sotilduk, shuning so‘ngida Xitoy, Turk, Fors, Arab va Hind mamlakatlarindan har biri o‘z qo‘nug‘i bilan, o‘z navbati bilan tinchlik va taraqqiy bosqichlarindan qulliq, yo‘qsulliq chuqurlarig‘a yumalab tusha boshladilar. Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qo‘lig‘a o‘tdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar o‘z qorinlarini to‘ydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushdirdilar, mamlakatning jonli va muhim o‘runlarini sotdilar, mullalar o‘z istavlarig‘a «din» otini toqib bozorg‘a chiqardilar, din, tangri, payg‘ambar, uchmox va tamug‘ orqali Sharq xalqini talay boshladilar. Sharqning taraqqiy yo‘li ko‘muldi. Saodat va tinchlik eshiklari bog‘landi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yo‘qsulliqning eng teran chuqurig‘a tushdi. Sharqning Xitoyi, Eroni, Turoni, Arabiston bilan Hindustoni barisi bir turtki o‘t bilan, bilmaslik va g‘aflat o‘ti bilan yonib bitdi. Sharq g‘aflat va bilimsizlik tamug‘larig‘a yumalab yotaturg‘an chog‘da Ovrupa ko‘zi uyqusindan yangigina tura(r) edi. Ovrupalilar uzun va zararli g‘aflat uyqusidan uyg‘ongach, och qolg‘an yirtg‘uchilar kabi Sharq ustiga otildilar. Dunyoning eng yog‘li bir bo‘lagi bo‘lgan Sharq yirtg‘uchi hayvonlar orasinda qolg‘an semiz, lekin kuchsiz bir qo‘y holatini oldi. Ovrupa yirtg‘uchilari Sharqning har yonindan soldurdilar. Tish, tirnoqlarig‘a ilingan yerlarini yirtib, uzub olaberdilar. Boyaqish Sharq o‘z jonini qutqarg‘ali ko‘b tirishdi, tebrandi, qichqirdi, dodladi, yugurdi, hamla qildi, qochdi, qo‘rqutdi, yalindi, esiga kelgan har yo‘lg‘a kirib ko‘rdi. Biror osug‘[8], biror unum, biror foyda ko‘ra olmadi, nega-kim, unga oxsum[9] bo‘lg‘an yirtg‘uchilarning kuchlari ko‘b, tishtirnoklari o‘tkir edi. Anglizlar Hindustonni yutdilar, Misrni bosdilar. Adanga kelib Arabistong‘a qo‘l uzatdilar. Rus imperialistlari Qafqasiyoni taladilar, Turkistonga kirib, Xitoy, Afg‘onga, Eronga ko‘z tikdilar. Franso‘zlar Tunis bilan Jazoyirni g‘asb etib, Falastinga yukundilar. O'zining ibtidoiyligi bilan tinchgina yashab turg‘an boyaqish Afriqo qit'asi Ovrupa jahongirlari orasinda bo‘lindi. Bu olish-berishlarning hech biri urushsiz bo‘lmadi. Ovrupaning och «qirg‘iy»lari o‘zlarining bilimsiz, johil dehqonlarining boshlarig‘a no‘xtalar[10] solib Sharqg‘a tortdilar, unlar biror narsani onglamasdan Sharqdag‘i ishchi va dehqonlar uzra soldurdilar, unlarning yozug‘siz tinchgina yotg‘an orqadoshlarini urdilar, o‘ldurdilar, taladilar, talatdilar. Sharqning yozig‘siz kishilarini o‘z boylarig‘a qul qilib berdilar. Ovrupaning ishchi va dehqonlari bu olish-berishdan nima qozondilar? Bitmas yaralar, tuganmas qayg‘ular, boshqa hech yo‘q...! Ovrupa jahongirlarining Sharq sari yurishlari boshqalarning qonini to‘kub o‘z qursoqlarini to‘ldirmoq, o‘zgalarning uyini yondurub, o‘z qozonlarini qaynatmoq uchun edi. Lekin unlar tilaklarini ulusg‘a bildirmas edilar. «Sharq xalqi vahshiydir, ularni madaniylashdurmak uchun borarmiz», «Sharq xalqi bilimsizdir, unlarg‘a bilim tarqatmoq uchun borarmiz», «Sharq xalqini xoch buyruqlarig‘a[11]bo‘ysundirmak uchun borarmiz», deb o‘z ishchi va dehqonlarini aldab, bizim ustimizga yuborur edilar. Unlar bu yolg‘on bahona va so‘zlarni yolg‘uz o‘z askarlari orasinda emas, biz sharqlilarg‘a ham uyalmasdan aytib turalar: «Siz, sharqlilarg‘a madaniyat yo‘qdir, sizlar ibtidoiy vahshiy kishilar erursiz, sizni isloh etmak, tartib bermak, o‘qutmak, madaniylashdurmak keraqdir, bu ish bizning (ya'ni Ovrupaning) vazifalarimizdir. Yer yuzining eng obdon bo‘lagi bo‘lg‘an Sharqni ishga solmoq, bashariyat dunyosining eng katta yig‘ini bo‘lg‘an sharqlilarni vahshatdan qutqarmoq bizga farzdir. Mana shuning uchun biz (ovrupalilar) Sharqg‘a keldik. Sharq hukumatlarining bir qismini oldik va qolg‘an qismini ham olmoqchi bo‘lub turamiz» deyarlar. Bu so‘zlarning Sharq to‘g‘risindag‘i bir qismi to‘g‘ridir. Voqean, bilimsiz qolmishdir, Sharq Ovrupag‘a qarag‘anda ko‘pdan-ko‘p orqada qolmishdir. Lekin Ovrupaning Sharqqa madaniyat berishi yolg‘ondir. Ovrupa jahongirlari Sharkdan olg‘an mamlakatlarda taraqqiy va madaniyat degan narsani qat'iyan ko‘rguzmadilar, ko‘rguzmakka tirishmadilar. Ovrupaning bizga beradigan narsalari belgilidir: safohat, axloqsizlik, qumor va sharobxo‘rlik. Sharqning din va odatlarig‘a qat'iyan to‘g‘ri kelmagan fohishaxonalarni o‘lkamizda Ovrupa jahongirlari ochdilar. Butun bashariyat hayotig‘a, maishatig‘a, ishiga rahnalar solg‘uchi sharob do‘konlari yurtimizg‘a shul Ovrupa boylari «himmati» bilan quruldi. «Faranga»[12] degan qo‘rqunch kasal Sharqg‘a Ovrupa jahongirlarining bosqinlari bilan keldi. Xulosa: Ovrupa jahongirlari Sharqg‘a bugungacha axloqsizliq va buzuqliqdan boshqa bir narsa bermadilar.

Sharqg‘a madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz deb kelgan Ovrupa jahongirlari fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa ochmadilar. Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar? Albatta, bilib qildilar, jo‘rttaga qildilar. Unlarning tilaklari bizg‘a madaniyat berib, bizda maorif tarqatish, bizni taraqqiy etdurmak emas, turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq, bizning sog‘lig‘imizni xarob etmak va urug‘imizni qurutub, bizni ishdan chiqarmoq va o‘z qo‘llarig‘a muhtoj qilib qo‘ymoqdir. Unlar Sharqxalqini butun yo‘q qilib, Sharqni o‘zlariga moya[13] qilmoqchi erurlar: Ovrupa jahongirlarining bir «kulguli» va «yo‘q etur» siyosatlari Sharqning musulmon dunyosining har yog‘inda bir turligina joriydir. Angliz boylari Hinduston xalqini bitirmak uchun qanday tadbirlar ko‘rib, qaysi yo‘llar bilan ketsalar, fransuzlar Jazoyir va Tunis xalqini bitirmak uchun shulgina tadbirlarni ko‘rib, shulgina yo‘llar bilan ketalar.

Ovrupa jahongirlari Sharqqa tutkan siyosat yo‘llari shunlardir: Sharqning axloqini buzmoq, ko‘nglini diniy va milliy muqaddasatindan[14] sovutmoq, sharqlilar orasinda ayriliq va yovliq solib bir-birlarig‘a qilich chekdurmak, sharqlini ishsiz, yalqov, och va yalang‘och qilib o‘zlarig‘a qul etib olmoq, yuvosh-yuvosh sharqlining qo‘lindan yer va qimmatli narsalarini yuz turli hiylalar bilan tortib olmoq, Sharq xalqini turli yo‘llar bilan sekin-sekin yo‘q qilmoq...! Angliz va fransuz jahongirlari tomonidan Xitoy, Hind va Misrda ochilgan fohishaxona va mayxonalar, yuborilgan po‘plar va missionerlar, ochilgan maktablar, barisi shuning uchundir. Rusiya Nikolay hukumati bizning Turkistonimizda ham shul tadbirlarini ko‘rmadimi?

Ovrupa jahongirlari dunyoning eng yomon zulmini qilaturub, o‘zlarini odil va insonparvar aytdilar. Qani, ko‘raylik-chi, bunlar bizning musulmon va Sharq dunyosig‘a qanday adolat qonunlari tutub, qanday insoniyatparvarona ishlar qilg‘anlar? Ovrupa jahongirlarining qoidalari, buyuk qursoqlilari, Sharqdan ko‘b yer olg‘anlari angliz hukumatidir. Sharqning oltun xazinalari bo‘lg‘an Hinduston qit'alari anglizlar jahongirining qo‘lidadir. Lekin bu hokimlik adolat qonunlarig‘a muvofiq tenglik negizlariga qarab ko‘rulmagan. Bu qarov qonli hokimlikning asosi zulm va insofsizliqdir. Hindustonning egalari bo‘lg‘an yerli xalq bilan qo‘noq bo‘lub kelgan ikki-uch qadrsiz angliz orasinda tenglik yo‘kdir. Hindustonda yerlilar uchun boshqa, anglizlar uchun boshqa mahkamalar bor. Yerlilar uchun ayri zindonlar, anglizlar uchun ayri turmalar bor. Anglizlar uchun yasalgan mahkama, turmalar qonunli, adolatli, hafz sihatig‘a[15]muvofiq va tinch yasalgan. Yerlilar uchun qurulg‘an mahkama va zindonlar esa tartibsiz, buzuq, zolimxona, qorong‘u va qo‘rqunch bir shaklda qurulg‘an. Yerlilar uchun tuzangan «jazo» qonunlari anglizlar uchun tuzulgan qonunlardan ko‘p farqlidir. Bir pichoq ko‘tarib yurgan, bir angliz itiga tosh otgan, bir tovuq o‘g‘irlagan bir yerli tutulsa, necha oylik qorong‘u va kirli turmag‘a buyuruladir. Bir hindlini o‘ldurgan, bir bonkani urgan anglizga esa eng qulay, eng kichkina bir jazo beriladir yoxud avf etiladir. Hindustonda bir angliz itiga tosh otib, olti oy zindonga buyurilgan yerli ko‘bdir, lekin yuz hindlini o‘ldurub, qonun yoninda mas'ul bo‘lg‘an bir angliz topilmaydir. Angliz jahongirlariningHindustondag‘i pilonlari Hinduston xalqini oqchasiz, yap-yalang‘och qo‘yub halok etmaqdir. Angliz hukumati Hindustondan yilda 4 yuz ellik milyo‘n so‘m oladir. Ovro‘paning siyosati qonunlarig‘a qarag‘anda har o‘lkadan hukumat xazinasig‘a kirgan oqchaning shul o‘lkaning obodlig‘i va taraqqiysi uchun sarf bo‘lishi lozimdir. Angliz hukumati shul oqchadan milyo‘ng‘acha so‘mini Hinduston maorifi yo‘linda sarf qiladir. U ham Hindustondag‘i angliz bolalarini o‘qutmoq uchundir. Ikki yuz milyo‘n so‘mini Hind angliz bo‘yunturug‘i ostinda saqlag‘uchi Hind askariyga sarf qilib, qolg‘anin o‘z qopchug‘iga tiqadir. Shuncha oqchadan Hinduston xalqi uchun bir chaqaliq foydyo yo‘qdir. Har yili Hinduston xalqining yuzdan uchtasi ochliqdan o‘lub ketadir. O'zlarini insoniyat oshig‘i atagan angliz jahongirlari bunga kulubgina qaramokdan boshqa ish ko‘ra olmadilar. Unlarning Hindustonda qozonishi kunda yigirma so‘m, hindliniki kunda bir so‘mdir. Buning sababi nimadir? Anglizning qo‘lini buncha ochib, hindlining qo‘lini bir-birila bog‘lag‘an kimdir? Bir hindlini bir anglizcha ishlamaqdan man' qilg‘an quvvat qaysi quvvatdur. Shubha yo‘qkim, angliz hukumatidir. Angliz jahongirlarining Misrda yurutg‘an siyosatlari Hinddag‘i siyosatlarindan yaxshiroq emasdir.

O'zlarini dunyoning eng madaniy, eng insofli va insonparvar deb topilgan Faransiya jahongirlarinint zulmlarini ko‘rgan kishi anglizlarga rahmat aytmasdan tura olmaydir. Qirq-ellik yildan beri usmonli hukumatindan tortib oldig‘i Tunis va Jazoyir musulmonlarig‘a qaraylik, unlarning hollarini ko‘z oldina keturaylik. Faransiyaning jahongir hukumati o‘zining butun ma'murlari bilan Tunis, Jazoyir musulmonlarini yo‘q qilmoq uchun ont ichganga o‘xshaydir. Hurriyat, musovot[16] va huquqi basharning beshigi bo‘lg‘an Faransiyaning qonunlari Jazoyir bilan Tunis kuniga solmagan, Tunis va Jazoyir havosinda tiriklik qilib yurgan musulmonlar hurriyat va insoniyat homiysi bo‘lg‘an - faransuzlarning bog‘langan qo‘llari va bo‘g‘ozlangan tutqunlari erurlar. Faransiyaning eng yaqin bir qishlog‘inda solingan maktabining izi ham Tunisning eng katta bir shahrinda topilmaydir. Faransiyaning eng ahmoq bir bolasiga berilgan so‘z erki (so‘z hurriyati) - Jazoyirning eng ulug‘ bir faylasufig‘a ham berilmaydir.

Tunis, Jazoyir musulmonlarig‘a «hurriyat», «huquq», «adolat» degan anqo qushlari qo‘lg‘a solmaylar. Faransiyaning ma'murlari va yuzboshilari Tunic va Jazoyirga kelganda ilon kabi og‘uli, shaytondek yovuz, somonday yengil, «Qorung‘a» o‘xshash boy bo‘lub qolarlar. Tunis va Jazoyir xalqining nomuslari bilan o‘ynab, jonlari bilan tijorat qilib turarlar. Tunisning ekin yerlari musulmonlarindan butun olunub faransuz boylarig‘a berilgan, yerli xalqning qo‘linda ekin yeri sira qolmag‘an, barisini faransuz boylari aldab-suldab, qo‘rqutib, urib olg‘anlar.

Bu kun butun Tunis ekinchilari faransuzning eng qadrsiz xidmatchilari bo‘lub ishlaylar. Faransuzlarning butun fikrlari Tunis va Jazoyir musulmonlarini ish qilib yo‘qotmoq va unlarning yerlariga ega bo‘lmoqdir. Ovrupa jahongirlari bir millatni yo‘q qilmoq uchun hammadan burun u millatning milliy va diniy axloqini buzalar. Undan keyin milliy tilini churutalar. Faransuzlar Jazoyir o‘lkasinda bu yovuz fikrlarini biroz yuruta olmishlar. Bundan olti yil burun Tunis va Jazoyirg‘a sayohat uchun borg‘ani misrli bir yozg‘uchi o‘z sayohatnomasinda shul so‘zlarni yozadir[17]: «Faransiya buzuqlig‘i Jazoyirning kentlarinda uncha ta'sir qilmag‘an bo‘lsa ham, shahar kishilariga xo‘b yomon ta'sir etgan. Milliy axlokdarin, dan asar yo‘q, milliy tillari yo‘qola yozg‘an, Jazoyir xalqining bir bo‘lagi o‘z tillarini sira bilmaylar. Faransuzcha gapuralar, bir bo‘lagi bilsalar ham, tugal bilmaylar. Gapursalar so‘zlarining yarimi arabcha, yarimi faransuzcha bo‘lub chiqadir. Yana shu misrli sayyoh aytadir: «Bir yag‘inchoqlariga[18] bordim. Yag‘inchoqda hozir bo‘lg‘an kishilarning barisi arab edi. Biroq so‘ylashlari faransuzcha bo‘lar edi. Tanishlarimdan biriga aytdimkim: mana shul majlisda biroz gapirsam bo‘lurmi?

Tanishim: Qaysi tilda gapurasan?

Men: Arabcha.

Tanishim: Bunlar birortasi ham arabchani onglamaydir.

Men: Bunlar arab emaslarmi?

Tanishim: Arab, lekin o‘z tillarini unutganlar...!

Mana shul so‘zlarning har biri faransuzlarning tub tilaklarini yaxshig‘ina bildiradir.

Ovrupalilar, ayniqsa, faransuz va anglizlarning tilaklari bizni bitirmaqdir. Biz unlarg‘a qancha do‘st bo‘lsak, qancha yaxshilik qilsak, o‘z jonimizni yo‘llarinda qurbon etsak, yana bo‘lmas, unlar bizga yaxshi ko‘z bilan qaramaslar, bizni bitirmak fikrini tashlamaslar, niyatikim, umumiy urushning birinchi yillarinda Tunis musulmonlari Faransiya hukumatig‘a murojaat qildilar: «Qancha askar istasangiz berarmiz, hammamiz urush maydonlarig‘a borib yovlaringiz bilan urusharmiz, jonimiz va molimiz bilan sizga ko‘makchi bo‘lamiz. Siz ham bizga o‘z faransuzlaringizga berilgan huquqni beringiz! Bizga o‘gay ko‘zi bilan qaramangiz, Faransiyada yurutulgan adolat qonunlarini bizning o‘lkada ham yuritingiz, deylar. Faransiya hukumati qabul etmadi.

Hindustonlilar ham shul urushda anglizdarg‘a qancha xidmat qildilar, qonlarini angliz foydasi yo‘lida suvdek to‘kdilar. Hind musulmonlari o‘zlarining xalifalari bo‘lg‘an Turkiyaga hujum etdilar, Dardoniya[19] yoninda qancha dindoshlarini shahid etdilar. Angliz hukumati yolg‘uzg‘ina shul hind oqchasi va shul hind qo‘shuni[20] bilan Olmoniya va Turkiyani yenga bildi. Urush bitgandan keyin angliz hukumati shul jonkuyar hindlilarga qarab: «sizning ko‘magingiz bilan shuncha ish bo‘ldi, mana bu haqni oling, siz manim do‘stlarimsiz» deydimi? Albatta, yo‘q...! Bu kun hind xalqining uyi yana shul angliz to‘pi bilan yiqilib yotar, bu kun hind ulusining boshi yana shul angliz qilichi bilan kesilib turadir.

Shul besh yillik uruedda Eron hukumati angliz yo‘ldoshlarig‘a ko‘b yaxshilik qildi. Dindoshlari bo‘lg‘an turklarga qo‘shilmadi, qo‘shilg‘an qabilalarg‘a «yog‘iy» deb qaradi, yov muomalasi qildi. Angliz qo‘shinig‘a yo‘l berdi. Urush bitgach, mal'un anglizlar unga xo‘ppokda[21] bermadilar. Eron vakilini sulh majlisiga kirgazmadilarkim, Eron istiqlolini qabul etmadilar demakdir. Eron shohini Lo‘ndiraga chaqirdilar. Shoh Lo‘ndiraga borib, ehtimolkim, angliz kuchi ostinda Eron istiqlolining o‘lum qog‘ozinda qo‘l qo‘yub kelar.

Rusiya imperato‘rlik hukumatining bizga qilg‘an zulmlari anglizning Hindustonda qilg‘an zulmlarindan qolishmas edi.

Ovrupa jahongirlarining buncha haqsizliqlari, bunday yovuzliqlari yolg‘uz musulmon dunyosig‘a emas, butun Sharqg‘a qarshi edi. Necha yuz yildan beri chet yoqg‘a chekilgan «och qornim, tinch qulog‘im» deb o‘turg‘an siyosat dunyosining hech bir ishiga qatnashmagan Chin xalqining dag‘i rohati shul Ovrupa jahongirlari tomonidan buzuldi. Bundan qirq-ellik yil burun Jopo‘niyo xalqi ham shul Ovrupa jahongirlari tomonidan ezilib tura edi.

Ovrupa jahongirlari Sharqdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z qo‘llarig‘a o‘tkan o‘lkalarigagina bu zulm va bu insofsizliqlarni qilmadilar. Bu kungacha qo‘llarig‘a o‘tmagan o‘z boshli, mustaqil Sharq davlatlarini ham ezdilar, taladilar. Angliz, faransuz jahongirlarining Turkiya o‘lkasinda qilg‘an ishlari davlatlar huquqig‘a, insof va adolat qonunig‘a butun muxolifdir. Bukun har eronlining yuragini ochib ko‘rganlar angliz xanjari bilan ochilgan ko‘b yaralarni ko‘rarlar. Turkiyaning toshlar va kesaklarindan har birini ko‘tarib qarag‘anlar Ovrupa qilichi bilan to‘kulgan qon tomchilarig‘a uchrarlar. Turkiyaning dohiliy ishlarig‘a qo‘l uzatmoq, Turkiyaning taraqqiy yo‘lini bog‘lamoq, Turkiya hukumatining e'tiborini yo‘q qilmoq ovrupalilarg‘a o‘yinchoq bo‘lub qolg‘an edi. Mustaqil, betaraf va sulhchi bo‘lg‘an boyaqish Eron o‘lkasi Angliz va Rusiya jahongirlarining oqchalari bilan hozirlangan ixtilol[22] va isyonlar va o‘z boshli bo‘lg‘an bu hukumatning dohiliy ishlarig‘a qo‘l uzatmoqg‘a kimsaning, «boshqa bir davlatning» haqi yo‘qdir. Lekin, bu qonun Sharqdavlatlarig‘a yurutulmaydir. Ovrupaning eng qadrsiz va eng soyig‘siz[23] kichkina bir hukumati bo‘lg‘an Qorabog‘ hukumati Sharqni qadrli hukumati bo‘lg‘an Turkiyaning doxiliy ishlariga qotisha, qo‘l uzota edi. Ovrupaning insofi, madaniy davlatlari uning bu ishiga kulubgina qaray edilar. Tunis va Jazoyirda musulmonlarni soyimligi va muqaddas shayxlari xonaqoh ichindan tortilib, dor yog‘ochiga osiddilar. Turkiyaga tobe' bo‘lg‘an «Qarib»[24] otasindagi musulmonlarning yozug‘siz bolalari ona qorindan chiqaturub o‘tga solindilar, mustaqil bir Sharq davlati bo‘lg‘an Eronning buyuk mujtahid[25]lari Rusiya va Angliz ko‘nsullarining tilaklari bilan dorg‘a osildilar. Nikolay hukumati zamonida rus qo‘shini Imom Ali Rizoning[26] sharafina to‘pga tutdilar, anglizlar butun musulmon dunyosining muqaddas imomi bo‘lg‘an Hazrat Alining ravzasiga[27] to‘p otdilar, insofli va madaniy (!) Ovrupa davlatlarindan birortasi ham tovush chiqarmadi. Lekin Turkiyada bir armanining burnindan yolg‘ondan qon chiqg‘anda Istanbul sohili Ovrupa urush kemalarindan to‘lar edi. Bu madaniy yirtg‘uchilar Istanbulni olib vahshiy musulmonlarni (!) u yerdan quvmoqchi bo‘lar edilar. Buncha zulm, buncha insofsizliq va buncha vahshiylikdan Ovrupa jahongirlarining tilaklari o‘lkalari olinmay qolg‘an Sharq davlatlarini ham biturmak, butun Sharq yerlarini olib Sharq xalqini qul qilmoq edi. Bu ish Ovrupa jahongirlariga bir oz qiyin tushdi. Sharq hukumatlarini biturmak, Sharq o‘lkalarini bosmoq qulay edi, biroq olingan o‘lkalarni o‘zaro bo‘lushmak qiyin edi. Qaysi moyli bo‘lagini kim olar edi, suyaksiz ta'mli o‘runlari kimga tegar edi. Ovrupa jahongirlarini ko‘brak tushundirgan narsa mana shul ulashmoq edi.

Ovrupa jahongirlari shul mas'alani esga olgach, ishlari qiyinlashdi. Moyli bir kesim et ustiga yig‘ilgan och itlar kabi bir-biriga qarashlari o‘zgardi, ko‘zlari qotisha boshladi, har biri o‘zgasiga otilmoq, uni ezmak yetadi. Sharqning eng yog‘li qismlari bo‘lg‘an Misr va Hinduston angliz qo‘linda edi. Shuning uchun boshqa jahongir davlatlar shunga ko‘z tikdilar. Har birlari shul moyli kesimlarni angliz tirnok darindan tortib olarga tirishdilar. Rusiyaning Turkistonni olishi, Faransiyaning Misrga istiqlol tilovlari, Olmoniyaning Turkiyaga yaxshiliklari barchasi shul «Hind uchun kurash» degan mas'aladan chiqg‘an edi. Yo‘qsa, Faransiyaning Misr musulmonlarig‘a do‘stligi Olmoniyaning Turkiyaga do‘stligi kabi yolg‘on va bo‘sh edi. «Hind uchun kurash» degan mas'ala bora-bora ulg‘aydi, «Sharq uchun kurash» shaklini oldi. Ovrupa jahongirlarining har biri butun Sharqg‘a hokim bo‘lmoq uchun o‘zgasining ko‘zini chiqarmoqchi edi. «Sharq» degan bu go‘zal sevgili xonimni butun o‘ziniki qilib olmoq uchun eng tirishgan davlat Rusiya imperato‘rlig‘i edi. Rusiya jahongirlari Qafqas va Turkistonni olg‘andan keyin Hinduston sari ikki yo‘l hozirlag‘an edilar: «Istanbul va Misr orqali Hinduston», «Afg‘oniston yo Eron orqali Hinduston». Anglizlar Rusiya jahongirlarining bu tushunchalarini onglag‘an edilar, Shuning uchun bor kuchlari bilan Afg‘on, Eron, Buxoro, Turkiya hukumatlarining o‘z boshlilik (istiqlol)larini saqlashga tirishdilar, biroq Rusiyaning kuchi kundan-kun ko‘paya boshladi. Rusiya shul holg‘a keldikim, bu kun-erta Hindustonga yurush qilarini har kim sezdi, Hindustonni anglizlardan tortib olarig‘a har kim ishondi. Bu «balo»dan qutulmoq uchun anglizlarga birgina yo‘l qolg‘an edi: ishqilib, Rusiyaning boshiga bir tayoq urmoq. Anglizning shayton siyosati uchun bu ish qiyin tushmadi. Anglizlar Jopo‘niyoga yondoshdilar. Jopo‘niyoni Rusiya uzra soldilar. Rusiya jahongirlari tegishli tayoqni Jopo‘niyodan yeb, sulh qilg‘andan keyin angliz bilan onglashmoq va kelishmakning kerakligini bildilar. Anglizlar bilan so‘ylashib onglashdilar, mushohadalar yasadilar.

Ovrupa jahongirlari bir yo‘la bir-birlari bilan yov bo‘lub, bir-birila urusha berganda buning so‘nggi o‘zlari uchun yaxshi tushmas edi. Shuning uchun ba'zilari o‘zaro so‘ylashib kelishdilar, uyushmalar yasadilar. Rusiya, Angliz, Faransiya davlatlari birlashib «ilashgan uch davlat» («e'tilofi musallas» davlatlari) bo‘ldilar. Olmoniyo, Italiya, Avstriya-Mojoriston davlatlari birlashib «uyushgan bir davlat» («ittifoqi musallas» davlatlari) yasadilar. Bu davlatlar so‘zdagina umumiy sulhni saqlamoq, umumiy urushning yo‘lini bog‘lamoq uchun yasalg‘an bo‘lsalar ham haqiqatda buyuk va sankarsiz bu urush uchun tayyorlik ko‘rub tura edilar. Bu ikki «davlatlar to‘dasi» («hay'ati duvaliya»)-dan har bir topqon boyliklarindan ko‘bragini urush yaroqlari tayyorlamoq yo‘linda hormay, tinmay sarf qilar edilar. Bilim va hunarning ko‘magi bilan shahar singari kemalar, tomug‘ ko‘rinishli to‘plar, tog‘ gavdali uchg‘uchlar yasab tura edilar. Bunlarning barisi dunyoning taraqqiysi uchun emas, kuchsizlarni ezmak uchun, Sharqni yutmoq uchun edi. Boyaqish Sharqning yutulmag‘an davlatlari o‘zlari uchun eng osig‘li yo‘l deb shuni topdilarkim, Ovrupada bir-birig‘a qarshi yasalg‘an shu ikki to‘dani orasindag‘i dushmanliqdan foydalanib, o‘z borliqlarini saqlasunlar. Bir kun angliz va yo‘ldoshlarig‘a yolbordilar, bir kun Olmoniya va o‘rtoqlarig‘a yalindilar. Shul ish bilan hurlikli, qorong‘ular orasinda o‘z borliqlarini saqlay oldilar. Sharq va G'arb ishlari shul yo‘llarda yurub kelaturg‘anda 1914 da Saroy o‘ramlarindan birinda «serb» yigitining to‘pponchasindan bir uchqun chiqib butun dunyo yong‘iniga sabab bo‘ldi. Butun Ovrupa jahongirlari orasinda ochilgan bu qonli urush Sharq mazlumlariga ko‘b yaxshi fursat beradi, Sharqning qutulish soati kelgan edi. Sharqning bunda vazifasi katta-kichik, musulmon, majus demasdan birlashmak: bir-birining qonini ichib turgan Ovrupa yirtg‘uchilari qarshisindan bir kuch va bir qo‘l bo‘lub chiqmoq edi. Bilimsiz qolg‘an Sharq bu to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmadi. Bu fursatni ham qochirmas. Sharqli yaxshilikni unutmas. Sharqli sizdan bir yaxshilik ko‘rgandan keyin sizga tirsak ko‘rsatmas. Sharqda sarmoyaga e'tibor bilan ovro‘pa darajasinda kapitalizmchilik yo‘qdir. Sharq Uluslari ko‘bchilik e'tibor bilan ekinchi va ishchi erurlar. Sharq ekinchilari orasinda rus alpovutlari yanglig‘ egalari topilmaydir. Shuning uchun Sharq uyg‘ongach, sutsiolizm asoslarindan qattig‘ suratda bosh tortmas. To‘g‘risini aytg‘anda Rusiya xukumati Sharq bilan kelishmak va ittifoq etmakka majburdir.

 


[1] Fitratning «Sharq siyosati» risolasi I jahon urushidan keyin davom etayotgan va urushda qatnashgan Ovrupa mamlakatlarining Sharqni o‘zaro bo‘lib olish siyosatiga qarshi milliy ruhda yozilganligi bilan alohida ahamiyatlidir.

Fitratning shu nomdagi risolasi dastlab «Ishtirokiyun» gazetasida (1919 yil, 23, 25, 26 oktyabr) so‘ngra esa, Toshkentda alohida risola holida chop etilgan. 1991 yilda Buxorodagi «Navqiron Buxoro» ilmiy markazi tomonidan qayta nashr etilgan.

Asarning ilk nashri asosida tayyorlandi va keyingi nashri bilan solishtirildi.

[2] obdirab - dovdirab, alanglab.

[3] kiliso - cherkov.

[4] Paris - Parij.

[5] angel - farishta.

[6] yirtg‘uchi - yirtqich.

[7] fas - Markaziy Afrika.

[8] osug‘ - foyda.

[9] oxsum - Bu o‘rinda «hamla» ma'nosida.

[10] nuxta - tizgin.

[11] xoch buyruqlari - nasroniylik talablari.

[12] faranga - tanosil kasalligi.

[13] moya - sarmoya joyi.

[14] muqaddasatin - qadriyatlar.

[15] hafz sihati - gigiena qoidalari.

[16] musovot - tenglik.

[17] yozaqdilar - qaratdilar.

[18] yag‘inchoq - klub.

[19] Dardoniya - Dardonel bo‘g‘ozi.

[20] Inglizlarning Hindiston hisobiga orttirgan boyliklari nazarda tutiladi.

[21] xo‘ppok - hech narsa, hemiri.

[22] ixtilol - inqilob.

[23] siyg‘siz - foydasiz.

[24] Karib - orol nomi.

[25] mujtahid - jihodga kirgan.

[26] Imom Ali Rizo - tatar olimi va adibi Rizo Faxruddin.

[27] Hazrat Ali ravzasi - Hazrat Ali barpo qilgan bog‘.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.