background
logotype

Mahmudxo‘ja Behbudiy. Teyotr nadur? (1914)

Teyotr nimadur? Javobig‘a teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rub kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbih egguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayonan ko‘rsatguvchidur. Hech kimni rioya qilmasdan to‘g‘ri so‘ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildurguvchidir. «Qul-al-haqqa va lav kona (va) maroan» mazharidur. Ayni zamonda yana tamoshogoh va yoinki ko‘ngul ochguvchi milliy va adabiy jam’iyatlarni boisidur.

Taraqqiy qilgan millatlar teyotrxonalarni ulug‘lar uchun maktabi adab va ibrat ataydurlar. Taraqqiy qilmoqni eng birinchi sabab va boislaridan biri teyotrlardur deyurlar. Teyotrlarning yaxshi va yamon odatlarni sarrof va munaqqidi derlar. Umumiy odatlarni naf’i va zararidan paydo bo‘laturgon natijalarni teyotrxonada aynan ko‘rsaturlarki, har kim mundan ta’sirlanib, yamon odatlarni tark etib, yaxshilikni ziyoda ishlamoqg‘a sabab bo‘lur.

Har zamonni bir usuli ehtisobi bordur. Bu zamonda teyotrxonalar ham yamon va zararlik odatlarni ehtisob va tanqid qilib yamonligini, qabihini xaloyiqg‘a ko‘rsatib va’z va nasihat etguvchi bir joydur. Tyoyotrxona sahnalarinda qo‘yulaturgon asarlar fojea, ya’ni qayg‘ulik, mazhaka, ya’ni kulgu, drama, ya’ni hangomalik bir voqea va hodisani tasvir etib, xaloyiqg‘a ko‘rsatilur. Ul voqeadagi yamonlik va yaxshilikni paydo bo‘lgani va sababini har kim ko‘rub, anglab, ibrat olur va yamonlikdan qochib, yaxshilikg‘a harakat qilmoqg‘a, teyotrda ko‘rsatilgon voqealar sabab bo‘lur.

Hikoyat va yoinki nasihat kitoblarinda ba’zi bir hodisani bayon qilingandurki, o‘qub, asarlanib, lazzat olinadur. Ammo teyotrg‘a maxsus bir hodisa va yo voqea va hikoyatni fe’lan qilib ko‘rsatiladurki, muning ta’siri eshitkandan ziyodadur. (Shunidan kay bud monandi diydan — eshitmoq qachon ko‘rmoq kabidur.) Yana teyotrda savodsiz odam ko‘zi ila ko‘rub, ko‘zsiz odam eshitib, kar mushohada etib, ibrat va lazzat olar. Xulosa: teyotr bir nav’ maktab hukmindadur.

Taraqqiy qilgan xalqlar o‘rtasinda teyotr u qadar taraqqiy etkandurki, har kun bir yangi asar tasnif bo‘lub; sahnada qo‘yulur. Asarni yozgan muharrirg‘a ming so‘m va o‘n ming so‘mlab hadya berib, asarini mushaxxislar sotib olib, sahnada qo‘yub foyda qiladurlar. Ba’zi bir teyotr asarlari eski bo‘lmay va xaloyiqni ko‘nglig‘a urmay, bir shaharda yigirma-o‘ttiz, hatto, yuzinchi daf’a qo‘yulganlari bordur. Teatrg‘a qo‘yulgon asarni ortuqcha va yo oz yerlarini va yetishmaganlarini maishati milliyadan xorij nuqtalarini muharrirlar, jaridalar ila tanqid etadurlar. Xaloyiqg‘a ma’qul bo‘lub va yo bo‘lmag‘ani ila teyotr muharririni xursand va yo g‘amlik bo‘lur, Muharrirni asari yaxshi chiqsa, har kim oni tabrik etar va shuhrati ziyoda bo‘lur. Va bul boshqa muharrirlarni harakatg‘a kelishib, yaxshi asarlar yozmoqlarig‘a bois bo‘lur. Teyotr uchun muharrirni ne qadar chuqur o‘ylaguvchi zarif va nazokatligi lozim bo‘lsa, mushaxxis (hodisani ko‘rsatguchi)larni ham tavono va muqallid va har nimarsani o‘zidek qilib ko‘rsatguchi, nuktadon bo‘lishi lozim bo‘lib, bul alohida bir san’atdurki, ovrupolilar munga ham alohida maktab ijod qilgandurlar.

So‘zni qisqasi, teyotr xonalari masxarabozxona bo‘lmay, balki ibratxonadur. Va anda mushaxxis bo‘laturgonlar «o‘yunchi va masxaraboz» bo‘lmay, balki mushaxxis va muallimi axloqdurlar. Taraqqiy qilgan xaloyiq orasinda mushaxxislar ham kibor va muhtaram sinflar qatorindadur. Xususan, o‘z qissasi naf’ig‘a mushaxxislik qilmay, balki maktab va o‘z millati naf’ig‘a mushaxxislik qilganlarni qadri du bolo ziyodadur.

Bizni Turkiston va Buxoroda milliy teyotrdan asar yo‘q edi. Muharriri ojiz «Padarkush»ni yozdiki, o‘tgan fevral oyinda Samarqand, Xo‘qand, Buxoro va Toshkand va Qattaqo‘rg‘on shaharlarinda millat naf’i uchun ko‘ngullilar sahnada qo‘yub, to‘rt-besh ming so‘mni to‘rt-besh kechada jamlab, maktablar foydasig‘a berdilar. Mana-endi muhtaram Samarqandiy ko‘ngulli mushaxxislar g‘ayrat qilib, yana «Padarkush»ni Samarqandda yettinchi moyda sahnag‘a qo‘yub, hosilini maktablarg‘a sarf uchun berdilar.

Muhtaram hamshaharlarimizdan rijo etarmizki, kelib ko‘rgonlari gunah bo‘lgon joyini ko‘rsatsalar. Inchunun, asarni tanqid etib, buzuq yerini matbuot ila bayon etsalar, toki boisi isloh bo‘linsa. Ammo bu kung‘acha muhtaram ahli qalam «Padarkush»ni buzuq yerini ko‘rsatmay, balki «kuldurguchi va ham yig‘latguchi nosih va nofe’ asardur» holinda tabrik va taqrizlar ila yozdilarki, biz alarg‘a tashakkur aytarmiz. Asarimizni qabihini yozgon kishig‘a ziyodaroq tashakkur etmoqg‘a madyunmiz, chunki bois islohdur. «Mutakallimro toayb nagirand— suxanash isloh napazirad» («So‘z so‘ylaguvchini ayb etmaguncha, so‘zi tuzalmaydur»). Ba’zi bir ahli vatanning teyotr asari yozmoqg‘a mashg‘ulliklari eshitilurki, asarlarig‘a chahor-chashm ila muntazirmiz. Yozilgan asarlarni ko‘ngulli dastalari sotib olib bostursalar, foyda ham qiladurlar. Chunki bir kishig‘a ham asar yozib, ham bosturub va hamda sahnada qo‘ydurmoq mushkuldur. Dastalar sotib ola bersalar, asarda ko‘payur. Turkistonda oyinda bir asar tahrir bo‘linsa-da, ko‘blik qilmaydur.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 29-son, 550—553betlar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.