background
logotype

Mahmudxo‘ja Behbudiy. Zo‘raki boy (1914)

Oxirgi vaqtlarda biz — turkistonlilar tijorat, hatto, ziroat va do‘kondorlik ishlarinda na uchun sinarmiz, ya’ni iflos etarmiz. Muning eng birinchi sababi ilmsizlik, to‘g‘risi aqlsizligimizdur. Ore, bilib turub o‘z zararini qilmoq aqlsizlikdur.

Chunonchi, «Zo‘raki boy» janoblarini o‘n ming so‘mlik merosi, bog‘ va xonasi bor edi. Bu odam agarda bog‘ini yaxshi ishlatsa, muvofiqi shariat va insof tiriklik qilsa, isrofgarlik etmasa, to‘y va azo deb o‘zini barbod etmasa, albatta ortdurardi. Bu odam o‘zidek va hatto, o‘zidan oz nimarsalik kishilarni ko‘rarga o‘g‘ul to‘yig‘a ikki-uch ming so‘m sarf etar. O‘g‘lig‘a xotun olib bersa yana bir, ikki, uch ming so‘m sarf etar. Bir o‘luk ko‘msa, besh-olti yuz so‘m xarj etar. Hatto, olti oylik balasini sochini olganda va yo olti kunlik balasini beshikg‘a bog‘laganda bir-ikki yuz so‘m sarf etar. Fotiha, chanladi[1], dubora-talabon, kalutapo‘shon[2], mo‘ylabgiron... va boshqalarini nari qo‘yduk, xulosa, bechora o‘n ming so‘mlik mulkdor qaraydurki, ish bo‘lmaydur. O‘g‘ul va qizlar katta bo‘lub turubdur. To‘y lozim, xatna, nikoh, uning orqasidan keti uzulmas bir suruk ma’raka va qoidalar lozim. Ko‘bdan chiqib bo‘lmaydur. Bechora odam o‘ylavg‘a tushar. To‘y qilmoq uchun bir-ikki tanob bog‘dan va yerdan sotsa, ko‘zi qiymaydur. To‘y qilmasa, bo‘lmaydur.

Bas, noiloj o‘ylab-o‘ylab, do‘kondorlik, ya’ni bazzozlik va choyfurushlik va yo boshqasini qilmoqchi bo‘lub do‘kon ochar. Bonkalardan kredit (e’tabar) ochar. O‘n ming so‘mlik merosiy mulki bor ekan, besh bonkadan uch ming so‘mdan 15 ming so‘m qarz olur. Choy, qizil mol, gazvor, chinnivor, kanap-charchinvor, xullas, har nav’ kantur va fermalardan ham bir-ikki yilg‘a yetmasdan bir o‘n besh ming so‘m urar. Bir vaqt ko‘rarsan 30 ming so‘m ishlatguchi qib-qizil bir katta boy. O‘zini muft dehqonligi ila ro‘zgor qilur ekan, bir ming so‘mni butun umrig‘a sinamagan 30 ming so‘mlik mol ichinda ko‘mganini ko‘rub, bizni dehqonboyni avvalgi torgina aqli ham uchdi-ketdi. Qavmu qarindoshdan veksel olib bonkag‘a qo‘yar. Sasib yotgan va alarni so‘zincha, egasiz fabrikant molini to‘g‘ri kelgan kishig‘a nasya berar. Bir tarafdan yaxshi ot va arobalarg‘a havasi ketar. Ekipaj faytunlar va maskav otlari olinur. Digar tarafdan, hovlig‘a zamona odami o‘lturaturgon imoratlar qilinur. Usti temur, osti taxta, devori rangorang shishakori shahnishinlar, bir necha mehmonxonalar va onda zamona asboblari olinur. Bu imoratlarni va dastgohni odamlarg‘a ko‘rsatmoq uchun ziyofatlar, bazmlar kerak. Ferma va bonkalarni mudir va a’zolarini-da alafrang sham-panskilik ziyofatlar qilmoq kerak.

«Zo‘raki boy» janoblarini(ng) xotun va o‘g‘li ham mundan rang olib, isrofg‘a yuz qo‘yar. Chunki Xudo bergan davlat qaerdan kelib, qaerg‘a ketar? Zo‘raki boyni o‘zi ham bilmas. Bir vaqt to‘y navbati yetti. Endi terlamoqni zamoni keldi. Mashvaratlar, pro‘gramlar tuzalur. Ho‘qand, Andijon, Turkiston va Toshkanddan boshlab, Marv, Buxoro, Karki va Afg‘oniston hududincha shuhratlik boylar va ko‘rmagan oshnolar ro‘yxat bo‘lur. Ol-a... Muncha odamg‘a xat yozmoq mushkul. Bosmaxonada zarhallik xatlar siporish berilur. Yoddan chiqgoni tilgirom ila taklif qilinur. Xivadan, Farg‘ona va Buxorodan mashhur juvon va, mutrib va xonandalar chaqirilur. Bazmda firmalarning mudir va bonkalarning muboshiri, hatto, rajoli hukumat taklif qilinur. U qadar isrof, u qadar behuda masorif bo‘lurki, hisobi singandan so‘ngra ma’lum bo‘lur. Bu to‘yni bazmi, juvoni, ko‘bkarisi, fashangi, in’omi u qadar ko‘b, u qadar qiziq bo‘ldiki, munga o‘xshagan boshqa bir zo‘raki boy ham o‘zini anga o‘xshatmoq, balki o‘tkarmoq uchun o‘zini jardan tashlamoqg‘a hozirlanur. Ya’ni mundan ziyoda etmoqchidur. Biz avvalgi zo‘raki boyning to‘yi so‘zini tamom qilgan yo‘q eduk, boyg‘a yana bir nikoh to‘yi voqe’ bo‘ldi, ya’ni janoblari yosh xotun oldilar. Tabiiy, ellik-oltmish yasharg‘a 15 yasharni ikki-uch ming so‘m masorifsiz berilmaydur.

So‘zni qisqa qilayluk. Bir vaqt eshitilur, zo‘raki boy; bonkag‘a pul yetkurolmaydurlar. Imonsiz sarrof ham taqa-taq shildirni bilib, pul bermaydur. Ish «pravaucho‘t»g‘a qoldi. Bir necha vaqt so‘ngra yana eshitilurki, veksellar «pratest» bo‘ldi. O‘n ming so‘mlik mulk ila do‘kondagi besh-olti ming so‘mlik mol hajz (arest)g‘a olindi. Hisob qilib ko‘rulsa, bilinurki, 30 ming so‘m qarz maydonda. Otadan qolgan mulk ila to‘rt-besh ming so‘mlik aroba g‘altak otu tek do‘kon mol endi nima bo‘lur dersiz? Olti oy bir yilg‘acha avvalgi mulklar sudg‘a sotilib, bechora zo‘raki boy ahlu ayoli ila darbadar qolur. Chunki aqalli martaba singan yahudiydan ibrat olib, birgina havlisini ham xotuni otig‘a o‘tkarmagan edi. Inollo lo yuhibbul musrifin. Ya’ni Alloh taolo isrof qilguvchilarni do‘st tutmaydur. Zeroki, boy janoblaryni tarjimai holidan «Oyna»da ko‘b ko‘rungon edi, ammo qisqartib yozildi. Balki baqiyasi bo‘lur.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 16-son, 270—273-betlar.

 

[1]Charlari.

[2]Ayollar kiyadigan bosh kiyim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.