background
logotype

Yozuvchi M.Buzuruk. Mehrobdan chayon: mavzui, sinfiy tusi va tuzulishi jihatidan tekshirilmishdir (1929)

I. Ro‘monchiliqda tarjima

Asriy adabiyotg‘a yangidan kira boshlag‘on xalqlar adabiyotning ro‘mon qismini tarjima bilan ochqonlar. Ya’ni qayu bir xalqning adabiyotida yaxshi ro‘mon bo‘lsa, uni tarjima bilan xalqni va yozuvchilarni u yo‘lga o‘rgata borg‘onlar. So‘ngra-so‘ngra unday ro‘monlarning taqlidini o‘z hayotlarig‘a uydirib chiqora borg‘onlar.

O‘zbeklar bilan hayot sherigi va madaniyat o‘rtog‘i bo‘lg‘on rus adabiyotida bu kayfiyat o‘n yettinchi asrning yarmidan boshlab o‘n to‘qquzinchi asrning avvalarigacha — Pushkinning “Ruslan va Ludmila” nomli asari chiqqancha(1821)g‘a qadar davom etkan. Bu zamong‘acha rus adabiyoti Yovrupo adabiyotini tarjima va taqlidlar bilan bu kungi olamshumul vaziyatga hozirlik ko‘rgan.

II. O‘zbek adabiyotida ro‘mon

O‘zbek yangi adabiyotining hali yurtmachoq holda bo‘lg‘onini aytishka ham hojat yo‘q. Ayniqsa, ro‘monchilikda hech bir turli hozirlig‘i va tajribasi yo‘qdur. O‘zbek adabiyotining ro‘mon jihatida tarjimachilik ham so‘ng zamong‘acha boshlanmag‘on edi. Yarim asrdan oshiq ruslarning ruhli va asliy adabiyotlari bilan yonma-yon yashag‘onimiz holda u adabiyotdan o‘zbek tiliga hech ro‘mon o‘tmagan. U cheksiz fayz, irfon dengizidan bahra olmoq uchun yo‘l ochilmag‘on.

So‘ng zamong‘acha o‘zbek adabiyotida ro‘mon nomig‘a “Bahordonish”, “Yusuf-Zulayxo” va boshqalar kabi ishqiy, din, qahramonlik, vafokorliqlarnig‘ina g‘oya qilg‘on xayoliy eski asarlardan boshqa bir narsa yo‘q edi. Uning kabi asarlar o‘z davrlariga ko‘ra biror ro‘mon bo‘lsalar-da, hozirg‘i zamonning ehtiyojig‘a yararlik qobiliyatlari hech yo‘q bo‘lishi bilan barobar, zararlik ham edilar. Demak, o‘zbek yangi adabiyoti tabiatini tasvir qiluvchi asriy ro‘monchilikda hech hozirliq va hech tajriba o‘tkarmagan edi. O‘zbek adabiy vaziyati bu darajada bo‘lg‘on zamonda Julqunboyning original bo‘lg‘on “O‘tkan kunlar” ro‘moni chiqmishdi. Oradan besh-olti yil o‘tkandan keyin “Mehrobdan chayon” ro‘moni-da tarqaldi.

“Mehrobdan chayon” yolg‘uz Julqunboyning ikkinchi asari emas, balki o‘zbek yangi adabiyoti uchun ham ikkinchi ro‘mon edi. Hamza Hakimzodaning “Milliy ro‘mon” nomli kichik bir asari bo‘lsa-da, unga bu kungi ro‘monchiliq sharoitida ro‘mon demak to‘g‘ri bo‘lmasdi. Yangi ro‘mon va hikoyalarg‘a mushtoq-chanqog‘ bo‘lg‘on davrimizda “O‘tkan kunlar”i bilan tanilg‘on Julqunboyning “Mehrobdan chayon”i juda ham shoshilib kutilar edi va juda ahamiyat bilan qarshulang‘oni-da ko‘rildi. Bu hol bir daraja tabiiy ham edi. Chunki birinchi asarida ancha muvaffaqqiyat ko‘rsatkan Julqunboydan bir necha yil so‘ngra chiqodig‘on asarining yana ham komil va go‘zal bo‘lishi kerak edi. Lokin “Mehrobdan chayon” u istaklar-orzularg‘a javob bera olmadi. Uning “O‘tkan kunlar”ga nisbatan ham ancha kuchsiz holda chiqqanini boshdayoq ayta olamiz.

III. Ro‘monning xulosasi

Asarni nuqta-nuqta tanqid qilishdan burun uning bir xulosasini taqdim bila o‘quvchilarning diqqatlarini yana bir daf’a ro‘mon ustiga tortamiz: “Mehrobdan chayon”ning eng katta va yoqimli qahramoni Anvardur. Hamma voqea uning atrofida aylanadi.

Anvar kambag‘al bir oilaning tashlandi va kenja bolasi. Kichik bola ekan ota va onasidan yetim qoladi. Opasining qaramog‘ida o‘n bir yoshqa yetganda pochchasining og‘irsinishi sababidin Solih mahzum uyiga boqindi va sig‘indi bo‘lib kiradi.

Solih mahzum kabi riyochi, vijdonsiz, xoin, xasis, ahmoq, laqma bir kishi qo‘lida va tarbiyasida Anvar axloqli, vijdonli, shoir, yozuvchi, mafkurachi, saxiy, ya’ni juda ham komil bir kishi bo‘lib yetisha boradi(?).

Axloqli va yaxshi ma’lumotli bo‘lish soyasida Xudoyorxonning bosh mirzosi Rajabbek Mirzog‘a yoqadi. Rajabbek vositasi bilan o‘rda mirzolaridan bo‘lib oladi. Vazifasida sodiqlig‘i va xolislig‘i xong‘a ham yoqadi. Rajabbekdan so‘ngra bosh mirzoliq Anvarga beriladi.

Anvar bosh mirzoliqni juda istig‘no va ko‘ngilsizlik bilan do‘stlari va Solih mahzumning yalinish va zo‘rlashlari bilan qabul qilg‘on bo‘ladi. Anvar bu mansabga: “Bunday bulg‘anch muhitda tashlashliq vazifani o‘z ustimga olishdan hazar qilamen” (47 s.), deyarlik darajada ko‘ngilsiz va bu so‘zni bir iflos zakotchi oldida so‘zlaydigan darajada jasur bo‘ladi. (?)

Mirzoboshi bo‘lg‘ondan so‘ngra-da eski sodda odatini buzmaydi, g‘urur va takalluf asari ko‘rsatmaydi. O‘rda odaticha harakat qilmog‘i sababli O‘rda mirzolari qoshlarida uncha mensimagani kabi Sultonali mirzo kabi xolis do‘sti tomonidan ham tanqidg‘a uchraydi.

Anvar bosh mirzo bo‘lg‘onda ham qorong‘u qolg‘on bir sabab (Ra’nog‘a bo‘lg‘on ishq yoki yaxshiliqqa qilg‘on vafo?) bilan Solih mahzumning ta’siri ostida turadi. Solih mahzumning ifloslig‘i va ahmoqlig‘i o‘ziga ma’lum bo‘lg‘oni holda, uning dalolati bilan Abdurahmon domla kabi o‘z dushmani bo‘lg‘on bir kishini bila turib mirzoliqqa oladi. So‘ngra uni bekor qilib adovatini quvvatlantiradi.

Yoshliqdan boshlab o‘zi bilan barobar o‘sgan Solih mahzumning qizi Ra’no bilan qarshima-qarshi ko‘ngil bog‘lashadilar. Bu Ra’no ham Anvar kabi shoir, axloqli, ma’lumotli, zakiy, jasur bir dilrabo. (To‘g‘risi, Solih mahzum kabi iflos bir tipning tarbiyasidan ikkinchi daf’a bu dilraboning yetishishi bir muammo?) Oila orasida Anvar bilan Ra’no fotihalik sanaladilar. Anvar va Ra’no balog‘atg‘a yetishgan bo‘lsalar-da, oila ichida barobar ko‘rishib, o‘ynashib, yolg‘uz yerlarda barobar qolib yuraberadilar(?). Muhitdagi odat va qattiq taassub xilofida bo‘lg‘on bu harakat hech bir tomondan tanqid va qarshuliqqa uchramasdan davom etadi. Qiz bilan yigitning birlashishlariga oilada hech bir qarshuliq yo‘q. Balki birlashishlari istaniladi. Lokin oshiq va ma’shuq to‘y-nikoh masalasini bir fojeani kutgan kabi hech bir sababsiz va ittifoq bilan taaxxirga tushiradilar. Bu taaxxir natijasida Anvarning ishq raqibi va mansab dushmani bo‘lg‘on Abdurahmon domla va boshqa dushmanlari birlashib qizni xong‘a oldirish uchun fitna ochadilar. Bu fitnaning shakli qorong‘u qolmish bo‘lsa-da, qizning xon tarafidan so‘ralishi va Solih mahzumning bu holg‘a faxr bilan rozi bo‘lishi ko‘riladi. Qizni xong‘a uzatuv zamonida oshiq va ma’shuq barobar davlat va mansablardan kechib birgalashib qochadilar.

Bu qochish bilan o‘rdadan Anvarning aloqasi uziladi. Tadbir bilan Sultonali mirzoni o‘z yeriga mirzoboshi qilib ketadi. Lekin Anvarning dushmanlari Abdurahmon, Shahodat, Kalonshoh mirzo Sultonaliga ham qarshi ishlaydilar. Bu ishlarning tusi qorong‘u qolmish bo‘lsa-da, natijada Sultonali mirzoning Anvarga barimta bo‘lib qolg‘oni va oxir Anvar yerida o‘lumga hukm qiling‘oni ko‘riladi.

Bu xabarni Anvar saqlang‘on yerida eshitib toqat qilolmaydi. O‘zi uchun bir do‘stning qurbon bo‘lishini istamaydi. Ortiq ishqini, yorini va o‘zini vafokorlik yo‘lida fido qiladi, o‘zi taslim bo‘lib do‘stini qutqarmoqni maqsad qilib oladi. Yonida bo‘lg‘on yorini aldag‘onsimol bir holda boshqa tomong‘a yuborib o‘zi xong‘a taslim bo‘ladi.

Xudoyorxon uni o‘z oldig‘a chaqirib so‘roq qiladi. Anvar xonning savolig‘a boshdanoq ma’yusona javoblar bera boshlaydi. O‘lumga chiqorilib turg‘on zamonda, “Sizda adolat bormi? Janob?” so‘zi bilan Xudoyordan adolat tilab Sultonali mirzoning o‘z ko‘zi oldida ozod qilinuvini so‘raydi va tiralib turib oladi. Bu so‘zdan Xudoyor insofqa keladi. Jallodlarni to‘qtatib Sultonali mirzoni keltirishga buyuradi. Sultonali keltirilguncha Anvar xon oldida to‘xtab qoladi. Sultonalining ozodlig‘ini ko‘rgandan so‘ngra-da Anvar o‘z qo‘lini bog‘latadi. Bu zamon xonning oldidag‘i domlalardan biri turib xondan afv so‘raydi. Xon qabul qilmaydi. Anvar xong‘a va musohiblarig‘a ta’zim qilg‘ondan so‘ngra jallodlar bilan chiqadi.

Bozorda xalq orasida jallodning pichog‘i Anvarning bo‘g‘zig‘a borg‘on choqda Anvar o‘z akasi Qobil tomonidan hujum bilan qutqoriladi. Bir necha kun so‘ngra Xudoyorxon tuprog‘idan oshiq va ma’shuq barobar chiqadilar.

IV. Shartlar

Asriy ro‘monchiliqda eski “ro‘mantik” (xayoliy ro‘monchilik) davrining asoslari bitgandur. U davrning “idiyolizm”i yeriga “realizm va naturalizm” asoslari qo‘yilg‘ondir. Ya’ni belgili bir g‘oya va maqsad bilan turmush — hayotdag‘i voqealarning bo‘lg‘onlari kabi tasvir etmak asosi qabul qiling‘ondur. Bu kun asriy ro‘monlar uchun quyidag‘icha asos shartlarni ko‘zda tutmoq albatta kerak sanaladi:

1. Ro‘mondag‘i voqealarning chin va haqiqatga o‘xshashlari, voqealarning tuslarida sun’iylik va g‘ayritabiiylikning sezilmasligi.

2. Ro‘mondag‘i shaxslarning o‘rnak va ishlarining yashab turg‘on turmushda uchrashlari, ya’ni tiplarning xarakterlarining zehnlarga yaqin bo‘lishlari.

3. Ruhiy tahlil va tabiiy tasvirlarda andoza — o‘rtaliq (e’tidol) bo‘lishi, ya’ni qorong‘u bir tahlil qanday to‘g‘ri bo‘lmasa mubolag‘aliq tasvir va tahlillar ham shunday to‘g‘ri bo‘lmaydi.

4. Ro‘monning mavzui bilan yaqin aloqasi bo‘lmog‘on va yoki bo‘lsa-da ro‘monni bo‘sh yerga uzaytiradig‘on tasvir va tahlillardan saqlanmoq.

5. Voqealarning boshdan-oyoqqa to‘g‘ri tobora kuch olaborg‘on ta’sir bilan sakta va arizasiz borishi, voqealarning bir-birlariga bog‘lanib borishlari.

6. Voqealarning oralarida yozuvchining hech ko‘rinmasligi, ya’ni yozuvchining o‘z tilidan izoh, ishorat va tanbehlar ko‘rsatmasligi.

7. Ro‘monning umum ruhidan biror ibrat va darsnigohi sezilishi.

Mavzu bahsimiz bo‘lg‘on va xulosasi taqdim qiling‘on “Mehrobdan chayon” u shartlarga muvofiq tusda yozilg‘on komil bir asarmi? Yoki kamchiliklari bormi? Bu savollarg‘a so‘ngg‘i so‘zlarimiz javob o‘rnida tizilib boradilar.

Tuzuk jihatlari

“Mehrobdan chayon” tus va tuzilish tomonidan “yangi” ro‘mon sifatiga ega bo‘la oladi. Uning ba’zi muvofiq va original jihatlari bor: mavzui xalqning zehniyatidan uzoq emas. Bu hol ro‘monning anglashiliq bo‘lishig‘a yordam etkan. Tili suchuk, adosi totli va jumla tuzilishlari yengildur. “Safo keldingiz, bosh ustiga, alayhiga” kabi o‘zbekcha bo‘lmag‘on ta’birlari bo‘lish bilan barobar, omma tiliga ancha yaqinlashqon bir uslub bilan yozilg‘on.

“Hoy yetdi, huy yetdi, ikki koski to‘y ketdi” kabi omma, xalq maqollarini o‘runliq yerlarda yopishdurib ketishi taqdirg‘a loyiq jihatlardur.

Ro‘mon qahramonlaridan Solih mahzum, Og‘acha oyim, askiyalar, qirq qizlar kabi tiplarni yaxshi ko‘rsatkan. Ularning tiplarini tabiiy demak mumkin.

Kamchiliklari

“Mehrobdan chayon” uning kabi ba’zi yaxshi kayfiyatlarga ega bo‘lmoq bilan barobar, unga bosh-oyoq to‘kis, to‘rt ko‘z tugal bir ro‘mon deyish, albatta, shoshilibroq berilgan yuzaki bir hukm bo‘lib qoladi. Chunki bu asarga ro‘monchiliq shartlari va usuli va adabiyot qoidalari bilan qarag‘anda ancha katta kamchiliklarni ko‘rmak mumkin. Zotan, ro‘monchiliqda tarjima va tarjima davri o‘tkarmagan bir muhitda birdan-birga komil bir ro‘monning chiquvi mushkul bir ishdur.

Buning kabi asarlarning ustalaridan betarafona va xolis tusda usul va qoida aynaklari bilan qarab tanqidlarning yurushlari ro‘monchilik nav’ining kamol va taraqqiysi uchun yordam qila boradilar. Va hozirda yagona ro‘monchi bo‘lib tanilg‘on iste’dodli yozuvchini ogoh qilish kerak bo‘ladi. Buning bilan asarining ikkinchi tab’i va yoki yozadig‘on boshqa asarida hozirda ko‘rilgan kamchiliklarning yo‘qola borishi mumkin. Bizda bu andisha bilan “Mehrobdan chayon”da kamchilik deb o‘ylog‘on nuqtalarimizni ko‘rsatib o‘tmakchi bo‘lamiz.

V. Mafkura jihati

Hozirgi kunda har bir asar, xususan, adabiy va ijtimoiy asarlarda mafkura jihati juda ham ziyraklik bilan tekshiriladi. Buning bilan madaniyatda orqada qolg‘on va fikriy yo‘lda o‘sib yetmagan bir xalqqa fikriy tashvish va buzuqlik beradigan hollarg‘a yo‘l qo‘ymasliq uchun sa’y qilinadi. Bu yaxshi. Asosli va idialniy bir tadbir.

Lokin yangi mafkura va yangi yo‘lning ruh va mohiyatini anglab va uni hazm qilib va unga komil tusda rioya qila borish uchun ilmiy va adabiy kuchlar kifoya qilmay turadilar. Bu yo‘lda kuchlanib va kuchanib, taqlid bilan qiling‘on ishlar ko‘plari muvaffaqiyatli chiqmog‘onlarini ko‘ramiz.

Bu kayfiyatni “Mehrobdan chayon” asarida ham ko‘ramiz. Asar egasi ro‘monini yangi mafkuraga xizmat qildirmoqchi va unga rioya bilan yozmoqchi bo‘lg‘on. U o‘z muqaddimasida “...Ikkinchi tarafda mazkur qora kuch ulamo alayhiga chiqish, mehnatkash kambag‘allarning axloq, sajiya, oila, turmush, bir-biriga aloqasi va samimiyati...” kabi so‘zlarni yozadi. Bundan ro‘mong‘a sinfiy bir rang bermakchi bo‘lg‘oni ko‘riladi.

Lokin bu xohish va istak quruq da’vo holida qolg‘on. Amalda o‘zini ko‘rsata olmog‘on. Yozuvchining o‘zi-da bu holni sezgan: “Ularning xon va ulamog‘a qarshi isyoni tabiiy — sha’riydur. Chunki undan ortig‘i soxta bo‘lishi bilan barobar kitobning qadrini tushirar edi” deydi. Bu so‘z bilan o‘tmishdagi sinfiy kurashning shu daraja va shu zehniyatdan oshiqcha bir kayfiyatga ega bo‘lg‘onini so‘zlab o‘zini ma’zur ko‘rsatmakchi bo‘ladi.

Demak, Julqunboy asarining sinfiy tusda bo‘lg‘oni va unga o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan darajada sinfiy tusni bera olg‘oni da’vosidadur. Haqiqatda bo‘lsa asarda sinfiy tus hech ko‘rinmaydi. Hatto o‘zbek tarixida va turmushida mavjud bo‘lg‘on qadarinda tasvir qilishg‘a ham muvaffaqiyat ko‘rsata olmaydi. Meni asarning mafkura jihatidan bahs etuvga bog‘lag‘onda bu so‘ngg‘i nuqta bo‘ldi.

Bu so‘zlarimizni quruq da’vo holida qoldirmasliq uchun “Mehrobdan chayon”ning o‘ziga murojaat qilamiz:

1. Asarning marg‘ub qahramonlaridan Safar bo‘zchi bor. Bu kambag‘al tipdur. Safar bo‘zchi Anvarni yoqlab Abdurahmon imom va Samad bo‘qoq kabi iflos tiplar bilan munoqashalarda bo‘lg‘onini ko‘ramiz. Lokin u munoqashalarg‘a kambag‘alliq va ruhoniyliq kurash rangini berish mumkin emas. Chunki Safar bo‘zchini hamma harakati ikki qari bo‘zning Anvar tomonidan pora — rishvat uchun olinmag‘oni atrofida tug‘ilib turadi: “Ikki qari bo‘zni olmag‘oni rost” deb Samad bo‘qoq bilan ijakilashadi, imom bilan kekirdak kerishadi. Agar oradag‘i kurashning bosh sababi va illati bu bo‘lsa, Safar bo‘zchi boshqa bir iflos kishidan ham shunday bir yaxshiliq va ehsonni ko‘rsa unga ham tarafdor bo‘lishi mumkin, insonlik zehni Safar bo‘zchining kayfiyatidan kurashning kambag‘alliq hissi bilan borishi hech bir turlik chiqarib ololmaydi. Safar bo‘zchining og‘zidan bir-ikki yerda Anvar to‘g‘risida “fuqaroparvar” sifati aytilgan bo‘lsa-da, birinchidan, bu so‘z o‘rinsizrak yerda ahamiyatsiz tusdagina aytiladi. Asl munoqashaning ko‘pincha fazlu kamol atrofida aylanib qolishi u ikki kalima so‘zning bor ahamiyatini ham yo‘qotib yuborg‘on. Buning bilan barobar “fuqaroparvar” sifati bir xon, bir bek, bir ulug‘ ruhoniy va bir katta boyg‘a ham berilib ketgan ma’lum sifatlarning biridur. Bu sifat ularning g‘urur va kibrlarini qitiqlab va yuqori tabaqa ekanlarini sezdirib turadi.

Tariximizda bunday sifatlarni olg‘on xonlar va qancha beklar va qancha ruhoniylarni ko‘ramiz. Kechalari shaharni aylanib uchragan muhtojlarga yordamlar qilib yurgan podshohlarni bilamiz. Buning bilan u aristukrat sinfi praletar sinfidan bo‘lib qoladilarmi? Yuz marta yo‘q. Balki, u kayfiyat ularning yana ham usta va ayyor tulki ekanlarini ko‘rsatuvchi bir kayfiyatdur.

Xulosa ro‘monning quvvatli kambag‘al tipi bo‘lg‘on Safar bo‘zchining harakatlaridan sinfiy kurash sezgisi berarlik bir kayfiyat anglashilmaydi.

Holbuki, Safar bo‘zchi tilidan Anvarni yoqlashda “o‘zi kambag‘aldan chiqqan, qattiqliklarni ko‘b-ko‘b ko‘rgan, yetimlik ila o‘sgan, uning uchun bizlar kabi kambag‘allarga ko‘b qayishadi, bizning qattiq ahvolimizni yaxshi bilgani uchun yuragi achiydi, buning misollarini unda ko‘b ko‘ramiz...” kabi o‘zbek xalqi orasida shuursizcha va ruhdagina bo‘lg‘on isyonlarni ko‘rsatuvchi so‘zlar so‘zlasa edi va eng quvvatli illat va sabab buning kabi so‘zlar bo‘lsa edi, albatta, bir darajada bo‘lsin sinfiy his berilgan bo‘lar edi. Bu shakl yana ham tabiiy, yana ham chuqurroq sezgi berur edi.

2. Abdurahmon domla (“Mehrobdan chayon” shudur), Shahodat mufti, Kalonshoh mirzolar Anvarga qarshu edilar. Lokin qarshuluqning boshi va eng kuchli illati “xotun talash”, mansab talashdur. So‘ngra mubohasada Anvarga yuklatilgan aybning hamma kuch va quvvati fazlu kamol mubohasasidur: “O‘rda ichida shunchaliq oqil va donolar turib yotqon bir fursatda tahsil ko‘rmagan nodon bir go‘dakka bunday ulug‘ bir vazifa vallohi a’lam topshirilmas deb o‘ylaymen. Bu vazifani uhda qilmoq uchun ko‘p gap kerak. Avvalo ahli solim, soniyan tahsili tom lozim, vaholanki, siz aytkan yigit o‘tkan sanalar Solih mahzumda savod o‘qib bizdan hijcha o‘rganib yurar edi. Baharhol bu xabarg‘a aql bovar qilmaydi” (78-sahifa). Biz Abdurahmonning bu so‘zlaridan fazlu kamol mubohasasidan boshqa nimani anglaymiz?

Abdurahmon domla Solih maxzumning qizini Anvar olish ehtimolig‘a ko‘ra uni jek ko‘radi. So‘ngra Anvar tomonidan mirzolikdan haydalishi u jekni adovatga aylantirib yuboradi.

Shahodat mufti, Kalonshox mirzolar Anvarning o‘rnig‘a o‘zlarini loyiq ko‘radilar, chunki mirzoliqdag‘ina umr o‘tkazib kelganlar, uning uchun Anvarga dushmanliklari tabiiy deyarlik darajadadur.

Mana bu uch mutaffiq kishi Anvarga ayb aqtaradilar. Topqon ayblari ham nodonliq, tahsilsizlikdir.

O‘rtadagi kurashning bosh illati buning kabi shaxsiy adovatlar va fazlu kamol tortishmachog‘i bo‘lsa, endi kurashning ikki imom, ikki mufti yana allaqanday ikki zolim va iflos oralarida ham bo‘lmog‘i juda mumkin, balki juda ko‘bdur.

Bu maqomda bu uch kishi tomonidan Anvarga yana ham tabiiy, Anvarning holig‘a zid tushmaydigan, o‘rda marosimlariga muvofiqroq bo‘ladig‘on va o‘rta xalqning chirkin ishlariga yana aralashadirg‘on va ayni zamonda sinfiy his beruvchi ma’lum va mashhur sabablardan saylash kerak edi. Masalan: “Anvar pas va teksiz bir kishidir, chillasi chiroq ko‘rmagan, nazari pastdir. Solih mahzum kabi yana bir past odam eshigida qattiq panjshanba non yeb, ko‘rtik ko‘rib o‘sgan bir sig‘indi yetimdir. O‘rda marosimlariga hech loyiq bo‘lolmaydi. Bunday past kishini shunday ulug‘ o‘ring‘a o‘tkarilarmi? Xususan, u o‘ring‘a mustahiqlar va munosib kishilar turg‘onda” kabi so‘zlar bilan ayblamak mumkin edi. Buning kabi ma’lum so‘zlar xalqning zehniga yana ham yaqin, qulog‘ig‘a yana ham oshna, ayni zamonda sinfiy bir sezgi beruvga qobiliyatli bo‘lar edilar va ayni zamonda tabiiy ham edilar. Chunki eskida bir mansab beriladigan bo‘lg‘onda bu mansabga layoqatni fazlu kamolda aqtarilmas edi.

Eng avval shuhrat, ijtimoiy ahvol va nasab surishtirilar edi. Buning uchun bitmas, tuganmas intirigalar o‘ynanilar edi. Tuban sinfdan birining fazlu kamol va axloqi bilan ko‘tarilishi xonliq davrlarida yo‘q edi. Hamda u davrga bu kayfiyat yarashmas edi.

3. Ro‘monning ulug‘ va sevimli qahramonlaridan biri Sultonali mirzodur. Uning ijtimoiy mavqei tamom qorong‘u qolg‘on. Uning o‘z so‘zidan hunarida ixtisossizrak, katta mansablarga chiqa olishdan umidsizrak, faqat oq ko‘ngul, axloqli bir kishi bo‘lg‘oni seziladi. Lokin Anvar bilan bu qadar jonajon, qil o‘tmas va jon fido do‘st bo‘lib qolishining sababi tamom qorong‘u, uni hech bir yerdan sezmaymiz.

Holbuki, bu ikki do‘stning munchaliq qattiq bog‘lanishlarig‘a kuchli sabablar ko‘rsatish kerak edi. Masalan: “Sultonalining faqir oiladan bo‘lishi, o‘rdadagi asilzoda ma’murlar, muftilar, shoirlar bilan yaqinlasha olmaslig‘i, ular o‘z oralarig‘a uni olmasliqlari, bu holi bilan Anvar bilan sherik va bir vaziyatda bo‘lg‘oni...” kabi kayfiyatlarni sabab qilib ko‘rsatish kerak edi. Buning bilan bir sinfga mansub ikki kishi ikkinchi sinf qarshusida birlashgan bo‘lar edilar. Bu hol ham tabiiy va voqeiylikdan uzoqqa ketmas edi.

4. Xudoyorxon suhbatida askiyalar-artistlar tamosho beradilar. Ular beklarni, mudarrislarni, o‘rda ahlini, hatto xonning o‘zini turlik og‘ir va ma’nidor so‘zlar bilan masxara qiladilar. Xonning eng yaqin bir mudarrisining mahalliychilik sirini ochib sharmanda qiladilar.

Modomiki askiyalar bunchaliq jasorat qila oladilar, ularning o‘yunlaridan yana ham ma’nidor nuqtalar olinsa bo‘lmas edimi? Masalan, mudarrisni mahalliychilik bilan o‘z shahrlarini yoqlamoq va qo‘llamoq bilan ayblaydilar. Mudarrisning bu holi yerida uni sinfiy bir tusda bo‘lg‘on aybini olmoq lozim edi. Ya’ni bek va boy bolalarini erkalab qabul qilish, hadya keltirmagan kambag‘al bolalarini madrasaga qabul qilmayin kasb o‘rganishga dalolat qilib qaytarish hollari bilan ayblamak juda mumkin edi. Bu tus ham tabiiy bo‘la oladi. Chunki xon oldida bunday tamosho berilib o‘tganini u davrni ko‘rgan bir necha kishilardan necha daf’a eshitgan edim.

5. Anvarning Qobil nomliq bir akasi paydo bo‘ladi. Uning ikki adad ishchi yo‘ldoshi ham bo‘ladi. Bular ham Xudoyorning fe’lini yoqtirmaydilar. Lokin Xudoyorning xonlig‘ini emas, yomon xon bo‘lg‘onini so‘zlab so‘kadilar: “Bu xon emas, dayus” so‘zi yerida “xon va beklarning hammasi shunaqa dayus” demaydilar. U qadar so‘zni degan Rahim bu so‘zni deyalmas edimi? U so‘z tabiiy voqeiy bo‘ladi-da, bu so‘z g‘ayritabiiy va g‘ayrivoqeiy bo‘larmidi?

Ro‘monda buning kabi ahvolni yana ko‘rmak uchun yo‘llar bor. Bu qadar ham bir fikr berarliq bo‘lg‘oni ularning izohidan ko‘z yumdik.

Xulosa:

“Mehrobdan chayon” o‘z muqaddimasida “mumkin qadar sinfiy bo‘lishg‘a uring‘oni”ni bildirsa-da, va tabiiy bo‘lg‘on qadar eskidagi sinfiy ahvolni ko‘rsatganini xabar bersa-da haqiqatda, eski turmushda shuursiz tusda davom etkan va bor bo‘lg‘on sinfiy sezgilarni tom mavzulari kelganda ham ko‘rsata olmayin o‘tkan. Modomiki, ro‘mon, sinfiy bo‘lishqa uring‘on albatta unday nuqtalarg‘a e’tibor qilmaslig‘i ulug‘ kamchiliklardan sanaladi. Ro‘mon yozuvchisining yangi mafkuraga ruhan tanish va yo‘ldosh bo‘lib yetmaganini ochiq izoh etadi. Quyida ro‘monning tuzilishidagi kamchiliklarini ko‘rsatkanda ham bu kayfiyatka dalolat qilurliq nuqtalarg‘a uchray olamiz.

VI. Tuzilish xatolari

Ro‘monchilikda rioyasi lozim bo‘lg‘on shartlarning biri bu edi: voqealarning orasida yozuvchining hech ko‘rinmasligi lozim. Yozuvchining so‘z orasida o‘quvchilarg‘a xitob qilib o‘z tilida so‘zlar qo‘shishi hech to‘g‘ri bo‘lmaydi. Asriy ro‘monchilikda bu kayfiyat juda katta aybdur. Ro‘mon yozish usulidan xabarsizliq sanaladi. Yozuvchida bu hol “xayoliy ro‘monchiliq” zamonalaridayoq tugab ketgan.

“Mehrobdan chayon”da bu kayfiyat juda ko‘b yerda va juda ochiq holda ko‘rinadi. Ulardan bir qismini o‘zicha va bir qismlarini ishoratlar bilan qayd etib o‘tamiz:

1. “Muning mojarosi esa quyidag‘ichadur: Turkiston xonlig‘i tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdurki” (sahifa,8).

2. “Yuqorida o‘quvchilarg‘a bir daraja anglashilg‘on bo‘lsa kerakki... har holda bizning mundagi vazifamiz mahzumni tahlil qilish emas balki...” (14-sahifa).

3. “Shu yergacha bir necha sahifalarni maxdumning ta’rifi bilan to‘ldirdiq. Ehtimolki, domlaning g‘iybatini ham qildik va qilarmiz...” (19-sah.).

4. “Bu aqchalar xususida keyin so‘z bo‘ladi” (21-sahifa).

5. “Muhtaram o‘quvchini qahramonlarimizning bir qismi bilan tanishtirishni shu yerda to‘xtataiz...” (26-sahifa).

Buning kabi sakta so‘zlardan yigirma yerda qayd etkanman. Bularning oralarida shunday uzun va o‘runsiz tushganlari borki, u yerni o‘qug‘on vaqtda inson asarni ro‘mon emas, jiddiy bir asar bo‘lg‘onini o‘ylab qoladi. Bunday juda o‘runsiz bo‘lib tushkan saktalardan biri-da 95-nchi sahifadadur.

“Mehrobdan chayon” yozuvchisi o‘quvchilarg‘a masalaning anglashilmay qolishini andisha qiladi. Uning uchun tanbeh o‘rnida shunday izohotlarni bergisi keladi.

Bu shakl qay tusda bo‘lsa-bo‘lsin, ro‘monchilikda juda katta aybdur. Asriy va realist ro‘monlarda hukmlar voqeaning boshig‘a havola qilinib qo‘yiladilar. Yozuvchilar o‘z tillaridan hech bir narsani so‘zlamaydilar, o‘zlarini tamom o‘rtadan chiqaradilar.

Ro‘monda bu kayfiyatning xunuklik darajasi sahnada turib o‘yin orasida xalqqa qarab, xato qilib so‘zlab ketgan artistning harakatidan ham kuchli sanaladi. Bu kayfiyat hunarsizlik alomati sanaladi. Eski hikoya kitoblaridagi: “Shu yerda hodisa..., endi bir shingil so‘zni dog‘ulidan eshiting...” kabi so‘zlarg‘a o‘xshag‘on bu kayfiyatning yangi ro‘monlarda bo‘lishlari hech to‘g‘ri emas.

VII. G‘ayritabiiy jihatlari

Ro‘mondagi voqealarning tabiiy tusda bo‘lishlari kerakligini ro‘monning shartlaridan sanag‘on edik.

“Mehrobdan chayon”da unday g‘ayritabiiy hollarni anchag‘ina uchratdik. Bu holni biz ro‘monning bir necha qahramonlarida ko‘ramiz:

1. Anvar kabi “olim, shoir, axloqli, vijdonli, tarbiyali, mafkurachi, jasur” bir kishi Solih mahzum kabi “riyochi, munofiq, vijdonsiz, xasis, ahmoq...” bir kishining taribiyasidan yetishadi. Yana bu Solih mahzum tarbiyasidan Ra’no kabi “olima, shoira, vijdonli, tarbiyali, jasur, ozod fikrli” bir qiz ham yetishadi. Bu ikkisining bu tusda komil bo‘lishlarig‘a hech bir tur turlik boshqa ta’sir ko‘rsatilmaydi. Bularning tarbiyalarini “tikondin gul, aridan bol” chiqqanini misol keltirib g‘aybiy ta’sirlargagina bog‘lag‘oni ko‘riladi.

Bu hol tarbiyaning ta’siridan va ideyaning ideyaga ta’sir qilishidan xabarsizlik natijasida tug‘ilg‘on bir kayfiyatdur. Solih mahzum kabi iflos tipdan Anvar va Ra’no kabi ikki komil shaxslarning chiquvlarig‘a inonmoq uchun “a’toy g‘aybiy, fazli ilohiy”ga inonmoq ijob etadi. Shu holda Anvar va Ra’no kabi komil tiplarning Solih mahzum tarbiyasidan yetishishlari tamom g‘ayritabiiy bir holdur.

Bu g‘ayritabiiylikka yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning tarbiyalariga boshqa bir ta’sir yaratish kerak edi va yoki Solih mahzumni ular bilan saviyada barobar, kulfat va falokatda sherik bo‘lg‘on sevikli tiplardan qilib ko‘rsatish lozim edi. Zotan, yetim Anvarni tarbiyasiga qabul qilish bilan uning yaxshiligi boshlang‘on edi.

2. Safar bo‘zchi asardagi izohotning ifodasiga ko‘ra sodda, bilimsiz va lekin toza ko‘ngil bir kishi. Bunday sodda bir kishining Abdurahmon imom hujrasidagi sir so‘zlarni oldiruv uchun o‘ynog‘on ro‘li tamom g‘ayritabiiydur. Chunki u ro‘lni o‘ynamoq uchun Safar bo‘zchining katta bir siyosiy va tajribada-da bir qo‘mitachi bo‘lishi lozim bo‘ladi.

Bu voqeadan keyin ham Safar bo‘zchining soddaliq tipida qolishi u g‘ayritabiiylikni yana quvvatlab tushadi.

3. Tom bir eski oila va eski odat va an’analardan foydalanib turg‘on Solih mahzum oilasida Anvar bilan Ra’noning munosabatlari tamom g‘ayritabiiydur. Chunki ro‘mondag‘i voqeaning zamoni zamonimiz emasdur, taassub an’ana va odatlarning hukm surgan zamonidur. U zamonda ikki yetishgan yigit va qiz o‘rtada nikoh ravo bo‘lg‘an holda qizning qochmasdan yurishi, xususan, ularning fotihaliq bo‘lg‘onlari ma’lum bo‘lg‘on zamonda u kayfiyatning davom etishi mumkin bo‘lmag‘on bir darajadadur.

Yigit va qizni fotihaliq ekanlari xorijda ma’lum bo‘lmasa, balki Solih mahzumning bu ham kishi bilmas ishlaridan biridur demak mumkin edi. Lokin bu hol har tomonda, hatto yosh bolalar oralarida ham ma’lum. Masalan, Ra’noning ukasi “millataning xotini” deb Ra’noni so‘kadi.

Shu holda Solih mahzum hech bo‘lmasa yurtning malomatidan andisha qilib Ra’noni Anvardan uzoq tutishi lozim bo‘lar edi. Bu hol o‘rnig‘a Anvar bilan Ra’no tamom ozoda qo‘yilg‘on. Kechalari, kunduzlari yolg‘uz bog‘ va yolg‘iz hovlilarda yolg‘iz qolishadilar. Bunga na oila tarafidan va na mahalla, qavmu-qarindoshlarning ta’nalari ta’siridan hech mone’ yo‘q. Lokin o‘zlari eskidagi axloq zehniyatiga tamom sadoqat ko‘rsatib jinsi munosabat boshlamaydilar. Bizcha, bu kayfiyat eski turmush sharoitiga nisbatan tamom g‘ayritabiiydur.

4. Anvar do‘sti Sultonalini o‘lumdan qutqarish uchun o‘zi xong‘a taslim bo‘ladi. U to‘g‘rida ishq va yorni fido qiladi. Bu kayfiyat bizga oshiq va bir daraja inqilobchi Anvar emas, balki eski hind adabiyotidagi va “bahoridonish” hikoyalaridag‘i vafoni har narsadan yuqori tutg‘on vafodorni ko‘rsatadi.

“Mehrobdan chayon” sevimli qahramoni uchun bu tusdagi vafokor munosib emasdi. Balki o‘zi xong‘a taslim bo‘lg‘onda do‘sti bilan barobar qurbon bo‘lishini tushungan, o‘z akasi Qobilning taklifini qabul qilib do‘stini tadbir bilan qutqarish yo‘lini o‘ylagan, bul bo‘lmag‘on taqdirda intiqom uchun fursat kutgan inqilobiy fidokor kerak edi. O‘zini pichoq ostidan qutqarg‘uncha o‘zi ham boshqalar bilan barobar do‘stini pichoq ostidan qutqarishi yoki bu zamon barobar o‘lib ketishi yana ham munosibroq tushar edi.

5. Anvar Xudoyorxong‘a taslim bo‘ladi. Xon uni o‘z oldig‘a undab so‘roq qiladi. Bu holning Anvar tilidan bir necha jumla jonli so‘z so‘zlatmoq uchun yaratilg‘oni sezilib turadi. Bu hol boshqacharoq yana ham tabiiyrak tusda bo‘lishi kerak edi. Anvarning xong‘a qarshu so‘zlagan so‘zlarida bergan javoblarida va ko‘rsatgan harakatida ham tabiiylik yo‘q. Sun’iylik sezilib turadi.

Xudoyor Anvarni o‘limga hukm qilg‘on zamonda Anvar cheksiz bir quvvatga ega bir kishi emish kabi hokimona bir vaziyat oladi. Xonning adolatiga murojaat qilib Sultonali mirzoning ozod qilinishini talab qiladi va tiralib turib oladi.

Xon ham insofg‘a kelib Sultonalini Anvarning ko‘z oldida ozod qildiradi.

Bu kayfiyat zolim bir xong‘a nisbatan tamom g‘ayritabiiydur. Chunki bu maqomda Xudoyorg‘a Sultonalini ham barobar o‘lumga yuborish yana ham munosibroq bo‘lur edi. Bir xong‘a yarashadig‘on hol bu edi. Qo‘llari qonli bir xon shu zamong‘ina ko‘zlarda jonlanar edi.

Bu zamon Anvarning xong‘a qarshi har bir istaganini so‘zlab chiqishi yana ham tabiiyroq bo‘lur edi.

Bu nuqtalar kabi boshqa nuqtalarda ham diqqat qilinsa eski turmush sharoitig‘a nisbatan ancha g‘ayritabiiyliklar uchraydilar.

VIII. Saktalar

1. Abdurahmon domlaning “mehrobdan chayon” bo‘lishi qiyinliq bilan anglashiladi. Agar Abdurahmong‘a bir-ikki yerda “chayon” deyilmagan bo‘lsa edi voqeaning borishidan va uning o‘ynag‘on ro‘llaridan “chayon” deb qabul qilish mushkul edi.

Voqea ro‘monning avvalida Buxoroda qo‘ldan-qo‘lg‘a nozu ishva sotib yurgan Abdurahmon nomliq bir bolani yaxshigina taniymiz. Uning oxirida fazlukamolig‘a mag‘rur bir domla bo‘lib qaytishdag‘i ahvolini-da yaxshi anglaymiz. Lokin Abdurahmonning u ahvoli “mehrobdan chayon” bo‘lishig‘a sabab bo‘ladig‘on ahvol emasdur. Buning bilan barobar u ahvol Abdurahmonning yoshliq chog‘ida bo‘ladi. Ro‘mon yozuvchining mo‘‘tariza so‘zlari qatorida “Taassufki, buzg‘on edilar” degani kabi Abdurahmon boshqalarning adashtirishlari bilan u buzuq maishiy yo‘lga o‘rgatilgan edi. Zohiriy, jismoniy va maishiy, xususan, yoshliq chog‘idag‘i buzuq ahvolning u shaxsning tabiatiga har bir jihatdan hokim bo‘lib qolishi hech bo‘lmag‘on gap. U ahvolning asl tabiatga ta’sir qilishini hech bir olim va hech bir fanning aytishi u yoqda tursin, o‘ylamagan-da. Shunchalik borki, agar biz Abdurahmonning so‘nggi ahvolini yaxshi tanig‘on bo‘lsaq edi, u ahvol ham bizga yordamchi ma’lumot bo‘la olardilar.

Lokin Abdurahmonning so‘nggi faoliyati va ro‘li qorong‘u tusda qolib ketadi. Uning tilidan naql etilgan so‘zlar fitna va fasod bo‘lishdan ko‘ra tadbir va zako sezgisini beradilar. Ayni zamonda, uning o‘ynag‘on ro‘li Shahodat mufti va Kalonsho mirzolarning ro‘llaridan oshiqcha bo‘lmaydi.

Bizcha, Abdurahmonning qizni xong‘a xabar berdirish nuqtasini juda ochiq va tafsil bilan anglatilishi kerak edi. Solih mahzum kabi ikkinchi darajadagi qahramong‘a bir necha fasl ayirgan ro‘monning bu eng kerakli nuqtag‘a-da bir-ikki sahifani berishi kerak edi.

So‘ngra Anvar qochqondan so‘ngra Sultonali mirzoni ham badnom qilish uchun ariza va uning usullari, mazmuni kerakli va jonli nuqtalar edilar. Ular qorong‘u qolib ketadilar. “Chaqangiz siyqa emasmi” uchun maxsus fasl bergan va Shahid zakotchi kabi voqeada ro‘li bo‘lmag‘on bir kishiga uzun izohot bag‘ishlag‘on ro‘monning “Mehrobdan chayon” belgilash uchun ham bir necha fasl bermagi kerak edi.

Mana, Abdurahmon kabi katta qahramonning tom faol bo‘larliq zamonidag‘i qorong‘u qolg‘on holi ro‘mon uchun kattagina sakta va arizadur.

2. Sultonali mirzoning uyiga Anvar Ra’noni olib boradi. Bundan so‘ngra voqea hatlanib ketiladi. Birdan-birga Sultonalini tunqator yonida chaqimchi va xoin holda ko‘ramiz. Bu hol shunday bir tusda ko‘rsatiladiki, Sultonali Anvarga chindan xiyonat qilg‘on.

So‘ngra ro‘mon bu saktani sezadi. Ayrim bir fasl bilan Sultonalini oqlamoqchi bo‘ladi: “Biz o‘tgan 51nchi faslda Anvar bilan Ra’noni Sultonalining darbozasida qo‘yib 52nchi faslga sakragan edik. Shunda chala qolg‘on bir necha ahvolni hozir aytib kechmasak muhtaram o‘quvchig‘a Sultonali masalasi bir oz anglashilmay qoladig‘on ko‘rinadi” boshlamasi bilan u xatoni tuzatib o‘tmakchi bo‘ladi. Avvalgi tuhmatini bu yerda Sultonali ustida otmoqchi bo‘ladi.

Bu hol juda ochiq sakta va arizadur. Sultonalining birdan-birga xoin tusiga o‘tib ketishidan “nogihon tushkan to‘g‘ondan qayoqqa oqarini bilmay shoshib qolg‘on oqin suv” kabi zehnlar o‘z oqim va intizomlarini yo‘qotib qo‘yadilar.

So‘ngradan qiling‘on tuzatishda “haytdan keyin surma” nav’idan bo‘lg‘on va kelishmagan bir kayfiyat. Ayniqsa, uni yozuvchining o‘z tilidan naql qiling‘on tusda anglatilishi katta xatolaridandur.

IX. Tiplar

1. Ro‘monda ko‘rsatilgan tiplarning ko‘rsatilishlari turli zid hollar va kuchsiz kayfiyatlarni ko‘rsatadilar. Solih mahzum, o‘rda qizlari, askiyalardan boshqa tiplarda kamchiliklar juda ko‘b. Eng katta qahramon Anvar inqilobchimi? Oshiqmi, mafkurachimi? Yoki har narsani do‘st uchun fido qiluvchi “vafokor”lardanmi? Belgilab bo‘lmaydi. Bu sifatlarning har biriga Anvarning ega bo‘lg‘on nuqtalarini turlik yerda ko‘rib turamiz. Ro‘mon bu sifatlardan qaysi birini Anvarga asosiy fikr qilib bergani qarong‘u. Voqea to‘g‘ri kelgan tusda o‘zgarib, aralashib ketaberadi.

Anvar kabi fikrli, tadbirli, dono kishi uchun Solih maxzum kabi iflos tipning doimo ta’siri ostida bo‘lmag‘on bir kayfiyat. Unday bir kayfiyatni zarur ko‘rsatuvchi biror nuqta yo‘q.

2. Ra’no tipda yo‘q bir narsadur. O‘zbek eski hayotida munchalik o‘ziga ega, ma’shuqi bilan oilasi ko‘zida oylarcha birga qolib mumone’at ko‘rmagan bir qizni xayoldag‘ina yaratmoq mumkin. Eski “Bahoridonish”da ham tipni munchaliq xayoliy qilib qo‘ymaydi.

So‘ngra Ra’noni munchaliq fidokor, vafokor oshiq bilganimiz holda, Anvardan ayrilgan zamonda uning hajrini tarannum qilmaydi. Balki Anvarning falokat zamonida yonida turib tasalli bermaganini xotirlab xafa bo‘ladi. Bu hol bizning shoira, jasur, yana allaqanday sifatlar bilan tanig‘on Ra’nomizg‘a yarashmaydi.

3. Eng kuchli, yomon va zolim tip qilib Xudoyorxonni jonlantirmoq lozim edi. Lekin xonning shaxsiyati juda buzuq ko‘rsatilgan. Xudoyor goh “Onangiz arabmi?” deb mirzolarni arabchani ko‘b yozg‘onlari uchun itob qiladi. Demak, bunda milliy sezgi ko‘rsatilmakchi bo‘linadi. Goh ruslarga qarshi kuchlik ko‘rinmak uchun madaniy ishlar ko‘ruvni lozim ko‘radi. Demak, Xudoyor mudabbir vatanparvar bir siyosiy (?).

Goh fazlu kamolini taqdir qilib o‘z o‘rdasining marosimlarig‘a rioya qilmayin Anvarni mirzoboshi qiladi. Demak, Xudoyor haqiqatchi.

Goh Anvarni o‘lumga hukm qilg‘onda uning talabi bo‘yincha insofqa kelib Sultonali kabi nohaq yerga zindong‘a tushgan kishini ozod qiladi. Demak, Xudoyor adolatchi. Va Anvarga berilgan jazoda adolat taqozosi. Hokazo...

Ro‘mon yozuvchisi balki bularni bilib va shuur bilan qilmaydi. Uning maqsadi balki Xudoyor tipini zolim va iflos qilib ko‘rsatmakdur. Buni ko‘rsatuvchi yerlari-da bor. Lokin u u kayfiyatlarning o‘z maqsadiga zid tushishlarini anglaya olmaydi.

Bizcha, xonning tipi doimo zulm va qon bilan bo‘yolg‘on bo‘lishi kerak edi. Uni doimo qizlarning oldida, doimo g‘aflatda ko‘rmagimiz kerak edi. Anvarning talabi bilan Sultonalini insofqa kelib ozod qilish emas, balki Sultonalini-da qo‘shib jallodg‘a topshirishi kerak edi. Chunki Xudoyor bir daf’a Sultonalini badgumon bilan zindong‘a solmishdi. Anvar uni yoqlamoq bilan u gumonni quvvatlab tushgan edi. (Zotan, xong‘a danus qilg‘on Abdurahmon va sheriklari bu ehtimollarni tushingan edilar. Ularning bizga qorong‘u qolg‘on arizalarida albatta ularni aytgan bo‘lishlari kerak.)

Shu zamondag‘ina qo‘llari qonli zulm haykali bo‘lg‘on bir xonni gavdalantirmak mumkin edi. Shu zamondag‘ina bir xon tipi yaratilg‘on bo‘lar edi.

Buning kabi ro‘monning ko‘b tiplariga sinchiklab qaralsa, ko‘b yarashmag‘on va bir-biriga to‘g‘ri kelmagan hollar ko‘rilib turadilar.

X. Ta’siri

Ro‘monning voqealarida chuqur ma’no yo‘q. “O‘tkan kunlar” ro‘monidag‘icha “Toshkent — Farg‘ona orasida cho‘l, biyobonlarda yolg‘uz firoqni tushingan”, “dabdabali qiyofa bilan qiz yurtining atrofida visolni o‘ylagan”, “falokat zamonida yorini qurug‘lag‘on” Otabek holidag‘i chuqur ma’nolarning ishlarini biz “Mehrobdan chayon”da ko‘rolmaymiz. “Otasining va an’ananing ta’siri bilan uzun zamon judoliq motamini tutqon”; “yorini o‘lumdan qutqarmoq uchun qal’a begi darvozalarida azoblar totqon va tadbirlar hozirlag‘on” Kumushbibining kayfiyatining misolini “Mehrobdan chayon”da uchrata olmaymiz.

Anvar bilan Ra’no doimo visol ichida yuradilar. Nikohning ta’xiri, ayrilishning tug‘ilishi hech sababsiz va ma’nosiz suratda tug‘ilg‘on bir kayfiyatdur. Buning kabi anchagina hollar ro‘monda g‘iromiy kayfiyatlarning bo‘lmag‘onlarini ko‘rsatadilar. G‘iromiy kayfiyat ersa ro‘mon uchun lozim edi, shart edi.

XI. Xulosa

Xullaski: “Mehrobdan chayon” tili, uslubi, yangi ro‘mon bo‘lishi va yolg‘uz-yolg‘uz qarag‘onda ba’zi taqdirg‘a loyiq nuqtalarg‘a egalik e’tibori bilandur. Siyrak jihatlarga ega bo‘lsa-da, asl ro‘monchiliq shartlari va usuli jihatidan qarag‘onda uning har bir faslida va har bir tipida va har bir voqeasida xato va kamchiliklar ko‘bdur. G‘oya va mafkura e’tibori bilan-da belgili bir yo‘l tuta olmag‘on. O‘zining da’vosicha, “mumkin qadar sinfiy bo‘lishi” masalasi-da quruq da’vo holida qolg‘on.

Bu hollar bilan barobar mavzui go‘zal va bir daraja ishlang‘on bo‘lg‘onig‘a ko‘ra asosliroq bir tuzatish bilan go‘zal ro‘mon bo‘la olishini aytmak mumkin. (Bitdi).

Boshqarmadan: Maqolani fikr olish yo‘li bilan bosamiz.

“Sharq haqiqati” gazetasi, 1929 yil, 1 — 2 aprel.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 16-17-sonlaridan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.