background
logotype

A.Antonov-Ovseenko. Zolim (Lavrentiy Beriyaning qamalishi, qatl etilishi) (1991)

Beriya haqidagi kitobimga men dastlabki kundanoq, 1980 yilda Nyu-Yorkda «Mustabidning qiyofasi» nomi bilan chiqqan Stalin to‘g‘risidagi kitobimning davomi sifatida qaraganman. Darhaqiqat, men Beriyani misoli bir Stalinnnng ko‘zgudagi aksidek tasavvur qilaman. Ular ommani boshqarish metodlari va usullarida ustasi farang edilar — bunda odamlarga shubha bilan, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish eng asosiy vosita sanalardi. G. Yagodani olaylik, ungacha ishlagan Menjinskiy va Dzerjinskiy, keyin Yejov — Lubyankada faoliyat ko‘rsatgan bu kishilarning hammasi, aslida havaskor edilar, desa bo‘ladi. Lekin 1938 yilda Lubyankaga Beriyaning kelishi — bu NKVDga pixini yorgan kishining kelishi bo‘ldi. Stalinning atrofidagi, uning qo‘l ostidagi kishilar, yumshoq qilib aytganda, na aqlan, na mardonaliklari bilan, na o‘z kasbini puxta egallaganliklari jihatidan yarq etib ajralib turgan kishilar emasdilar. Bular orasida faqat Beriya boshqacha edi. U hatto — aqlga zid ravishda! — uzoqni ko‘radigan odam bo‘lib chiqdi: jaholatparastning jaholatparasti, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, jallodlikni kasb qilib olgan bu odam shunday islohotlar qilishni taklif etdiki (masalan, kolxozlarga nisbatan) va tashqi siyosatni shunday o‘zgartirib yubormoqchi bo‘ldiki (ikki german davlatini qo‘shib yuborish mumkin dedi), safdoshlari uni Sovet davlatining dushmani va Kommunistik partiyaning dushmani, deb bemalol aytishlari mumkin edi.
Stalin va Beriya to‘g‘risidagi kitoblarim ustidagi ishim uzoq vaqt to‘xtab qoldi, chunki menga ancha vaqt otamni oqlash bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Xrushchev e’lon qilgan oqlov quruq gapdan iborat shunchaki ish bo‘ldi, aslida esa Antonov-Ovseenkodan «trotskiychi» va «xalq dushmann» yorlig‘i oxirgi paytlargacha olib tashlanmagan edi. Xrushchev oqlovidan keyin, bunday kulfat ko‘p yillar Leninning safdoshlari boshiga tushmaganida, men bu haqda to‘xtalmagan bo‘lur edim. Ular mutaxassis tarixchilar uchun, bu demak, o‘quvchilar uchun ham xalq dushmann bo‘lib qoldilar. Shuning uchun ham men shu masala bilan shug‘ullandim. 1965 yilda siyosiy adabiyotlar nashriyotida «Inqilob nomi bilan» kitobimni, keyin Leningrad nashrnyotnda yana bir yangi kitobimni chop ettirdim. Faqat shundan keyin Stalin va Beriya mavzusi bilan shug‘ullandim.
MUALLIF

Hokimiyatning yuqori pog‘onalarida Stalin o‘limidan so‘ng g‘alati vaziyat yuzaga keldi. Markaziy Qo‘mita kotibi lavozimini egallagan Xrushchev hali yo‘lboshchi sifatida tan olinmagandi. Bu yerda hamma narsani Beriya bilan Malenkov hal qilar edi.
Stalinning ilgarigi suyukli kishilari — Molotov, Kaganovich, Voroshilov Mikoyan — bu ikki qudratli shaxsga qarshi turib, Nikita Xrushchevning pozitsiyasini mustahkamlay olishmadi va buni xohlashmadi ham. Saroy fitnachilari, tajribali amalparastlar bo‘lgan bu kishilar hech qachon bir-birlariga ishonishmasdi, o‘z raqiblarining har bir qadamini g‘ayrlik bilan kuzatib borishardi, ularni hech narsa birlashtirmasdi. Darvoqe, ular uchun umumiy bo‘lgan narsa — hokimiyat ishqi, mansabdan ajrab qolishdan qo‘rquvdan iborat edi.
Xrushchev partiya apparati, ko‘p yillik tajribaga tayanib, markazdagi va joylardagi xodimlarning o‘z irodasiga so‘zsiz bo‘ysunishiga erishdi. Lekin unda dadillik yetishmayotgandi. Beriya esa kutardi. Ellik uchinchi yilning bahorida Prezidiumda kuchlarning beqaror muvozanati yuzaga keldi. Uni birinchi bo‘lib kim buzadi?
Beriya partiyaning yuqori organini qattiq silkib tashlash uchun zamin hozirlay boshladi. Uning sadoqatli, o‘z tasavvuricha, yordamchisi — Malenkov bor edi. Bu odam boy tajribaga va markaziy apparat bilan mustahkam aloqaga ega edi. Beriya qudratli jazo va qidiruv organlariga tayanardi va Prezidium a’zolari uyushmaganidan ko‘ngli taskin topardi. Bunday vaziyatda unga kim ham qarshi tura oladi?
May oyida Xrushchevning Kievda birga ishlashgan do‘sti Timofey Strokach tashvishli xabar keltirdi: Ukrainaning ichki ishlar tashkilotlari barcha kuchlarni jalb qilish va jangovar tayyor holatda turish to‘g‘risida maxfiy topshiriq oldi. Partiya kotibi bo‘lgan Nikita Xrushchyov Stalin qo‘l ostida dam masxaraboz, dam malay ahvoliga tushib, qaltirab, jilpanglab necha yil yashadi? Endilikda esa Beriya paydo bo‘layapti...
Lekin uning rejalarini qanday bilsa bo‘ladi? Shunda taqdir omadsiz partiya yetakchisiga rahm qilganday, unga dushman tomondan ikkita qochoqni yubordi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari Ivan Serov va Sergey Kruglov, o‘z boshliqlarining imkoniyatlarini chamalab ko‘rishib, uni sotishga qaror qilishdi. Ular Nikita Sergeevichga Beriyaning barcha rejalarini ma’lum qilishdi, qurolli isyon qanday rejalashtirilganligini, qismlar joylashgan yerlarni, fitnachilarning ism-shariflarini aytishdi.
Birinchi navbatda eng qiyin vazifani bajarish — Markaziy Qo‘mita Prezidiumi a’zolarini yagona musht qilib birlashtirish kerak edi. Keyinchalik uning o‘zi hikoya qilishicha, Stalin qo‘l ostida ishlaganlarning birontasi ham ishonsa bo‘ladigan, qat’iyatli kishilar emasdilar. Ko‘p yillar burun ekilgan «urug‘» o‘z samarasini berayotgan edi. Molotov — «u hali tip edi» (Xrushchevning o‘z iborasi). Malenkov — Lavrentiy Beriyaning yaqin do‘sti. Voroshilov — qo‘rqoq va laganbardor. Kaganovich — oxirgi paytda qayoqqa og‘ishini, kimga qo‘shilishini hech qachon bilib bo‘lmaydigan Lazar-mug‘ambir. Bulganinga ishonsa bo‘ladi, lekin boshqalar bosh tortsa, u o‘zini qanday tutar ekan?
U Nikolay Bulganindan, mudofaa vaziridan boshladi. Qo‘riqchilar dviziyasini faqat armiyagina yengishi mumkin. Xrushchev Bulganin bilan Stalin hayotligida umumiy til topishgandi, Beriyaning zo‘ravonliklariga birgalikda chidashgandi, bundan buyon ham birga bo‘lishga ahd qilishdi.
Anastas Mikoyan bilan Xrushchev bir mashinada shahar tashqarisiga chiqishdi, avtomobilni tosh ko‘chada qoldirib, ikkisi o‘rmon yonidagi yalanglikda sayr qilib, jiddiy mavzuda suhbatlashishdi. Mikoyan ikkilandi: «Men Lavrentiy Pavlovichni 1919 yildan beri bilaman, mening ko‘z o‘ngimda u yirik partiya xodimi darajasiga yetdi, xizmat ko‘rsatgan odamni birdan surib tashlash yaxshi emas... Uning xatolarini ko‘rsatishsin... U o‘rtoqlarcha tanqidni hisobga oladi...»
Xrushchevga Mikoyan bilan yana gaplashishga to‘g‘ri keldi.
Molotov bilan muzokaralar, kutilmaganda, silliq o‘tdi. Xrushchev bilan shahar tashqarisiga borganidan bir necha kun avval Davlat xavfsizligi xizmati, Vyacheslav Mixaylovichni ogohlantirmasdan, uning shaxsiy qo‘riqchisini almashtirdi. Molotov xavfli fitnachilarga anchadan beri tashvish va shubha bilan qarab yurgan edi. Ular uni ikkinchi, yo‘q, eng orqa qatorga surib qo‘yishdi va endilikda bundan ham yomonroq bir narsani tayyorlashmoqchi. Stalinning ko‘p yillik safdoshi bo‘lgan bu kishining aqli kalta edi, lekin tabiat o‘zini muhofaza qilish tuyg‘usidan uni ham bebahra qilmagandi. Molotov Xrushchevni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashni va’da qilganida, u bir zarb bilan Beriyani ham, Malenkovni ham gumdon qiladi, deb o‘ylagandi. Lekin Nikita Sergeevich bu ikki do‘stning orasini buzishga urinib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ularning do‘stligi u qadar mustahkam bo‘lmasa kerak? Boshqalar qatori Malenkovning ham qulab ketish xavfi bor-ku.
Xrushchev Malenkov bilan ochiqchasiga gaplashishga qo‘rqdi: kutilmaganda sotib qo‘ysa-chi? Lekin u, bu nozik masalada so‘z ochishi bilanoq, Malenkov darhol ko‘pchilik tarafida ekanligini ma’lum qildi. Shu kuni Xrushchev Vozdvijenkaga bordi. Oliy Sovet Prezidiumi Raisi voqea bunday chappasiga aylanib ketishini kutmagan edi.
— Menga nimani taklif qilayapsiz? O’rtoq Beriya—ajoyib leninchi-ku. Men Lavrentiy Pavlovichni hamisha hurmat qilganman va hech kim meni bu fikrimdan qaytara olmaydi! — deb balanddan keldi Klim Voroshilov.
— Ko‘p dod-voy qilaverma, xudo haqqi, bu yerda sen bilan mendan boshqa hech kim yo‘q. Sen bexabarsan, Prezidiumning barcha a’zolari biz bilan. Agar hozir shoshilinch choralar ko‘rmasak, u bizni bitta-bittadan gumdon qiladi, nahotki shuni tushunmasang?..
Lekin marshal qo‘rqoqlik qildi.
Lazar Kaganovich ham Voroshilovniki singari fikr bildirdi. Xrushchev unga hamma gapni ochiq aytdi: Malenkov, Molotov, Saburov, Bulganin «rozimiz» deyishdi. Nihoyat, Kaganovich ko‘pchilik tarafida bo‘lishini ma’lum qilgach, Voroshilov to‘g‘risida so‘radi. Xrushchev marshalning so‘zlarini takrorladi. Kaganovich tutoqib ketdi: «Qari tullak! U sizni aldabdi, menga Beriyani xushlamasligini, u xavfli odam ekanligini, hammamizni yo‘q qilishi mumkinligini aytgan-ku...»
Xrushchev Voroshilovni yana bir sinab ko‘rishga qaror qildi va uning oldiga Malenkovni yubordi. Malenkov aniq harakat rejasini ma’lum qilganida, Voroshilov uni quchoqlab yig‘ladi...
Birlikka erishilgan zahoti Bulganin bilan Jukov kuchlarni jalb qilishga kirishdilar. Lekin Beriyaning ayg‘oqchilariga bildirmagan holda Moskva ostonasida va Moskvaning o‘zida qanday qilib qo‘shinlarning kuchli jangovar guruhini yuzaga keltirish mumkin? Moskva harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni bo‘lmish Artemev Beriyaning sadoqatli xizmatkori-ku. Ilgari u ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlari diviziyasiga komandirlik qilgan. Mudofaa vazirining birinchi qilgan ishi shu bo‘ldiki, yozgi manevrlar bahonasida Artemevni Moskvadan uzoqqa — Smolensk tumaniga jo‘natib yubordi.
May oyi o‘rtalarida Berlinda to‘polonlar, ishchilarning ish tashlashi boshlandi. Markaziy Qo‘mita Prezidiumi u yerga Lavrentiy Beriyani yuborishga qaror qilib, unga bir guruh harbiylarni qo‘shib jo‘natdi. Beriya yo‘g‘ida Malenkov, Bulganin va Xrushchev tor doirada kengash o‘tkazishib, qudratli vazirni bartaraf etishning aniq tadbirlarini belgilab olishni rejalashtirishgandi. Kimdir 20 mayga Prezidium majlisi belgilanganligini Beriyaga ma’lum qilishga ulgurdi. Beriya o‘sha zahoti qo‘ng‘iroq qildi:
— Siz u yerda nima maqsadda yig‘ilmoqchi bo‘layapsizlar? Kun tartibi qanday?
— Odatdagi majlis, qishloq xo‘jaligi masalasini muhokama qilamiz.
— Nima sabab bilan? Menga hamma materiallarni yuboringlar. Referentlarga tegishli materiallarni darhol tayyorlab, Berlinga jo‘natishga to‘g‘ri keldi. Ertasi kuni Beriya yana qo‘ng‘iroq qildi:
— Nega Markaziy Qo‘mitaning qishloq xo‘jalik bo‘yicha vaziri yo‘q, nega vazir yo‘q? Nega bunday bema’nigarchilik qilayapsizlar? Men uchib boraman.
U Moskvaga yig‘ilish arafasida yetib keldi va bizning fitnachilarimizga qishloq xo‘jaligi muammolari muhokamasining chinakam sahnasini o‘ynashga to‘g‘ri keldi. O’ylangan operatsiya kechiktirildi, hali bu ishga zarur tayyorgarlik ko‘rilmagandi. Stalinning keksa safdoshlaridan bo‘lgan Anastas Mikoyanning pozitsiyasi ayniqsa tashvishlantirar edi. Axir Xrushchevga u bilan ikki marta gaplashishga to‘g‘ri keldi. Mikoyan ko‘pchilikka qo‘shilishga tayyorga o‘xshardi, lekin u o‘z va’dasiga vafo qilarmikan? Voroshilov ham ikkilanayotgan ko‘rinadi...
Bu orada vaziyat yanada keskinlashdi.
Malenkov va Bulganinga Minsk shohyo‘li tumanida, Moskva yaqinida yashirin ravishda desant diviziyasi tuzilayotganligi haqida xabar yetib keldi. Bu ma’lumotlar harbiy razvedka tashkilotlari orqali marshal Jukovga ma’lum bo‘ldi.
Iyun oyi boshida, Beriya qandaydir bahona bilan mamlakatning turli viloyatlaridan 400 ta partiya xodimini qisqa muddatli kursga to‘plaganligi ma’lum bo‘ldi. Kursantlarning yarmiga yaqini Kavkazorti jumhuriyatlaridan keldi. Ularga to‘pponchalar berildi va Kremlga chaqirilib qolishlari mumkinligi haqida ogohlantirildilar.

* * *

26 iyun Beriya qamaladigan kun qilib belgilandi. U Kremlga yig‘ilishga kelishi bilan barcha harbiy akademiyalar trevoga bilan ko‘tariladi va poytaxtga alohida ishonchli diviziyalar kiradi.
Markaziy Qo‘mita Prezidiumining barcha a’zolari bo‘lajak yig‘ilishdan xabardor edilar, faqat uch kishi — Malenkov, Bulganin va Xrushchevning o‘zi — bu majlisda nima bo‘lishini, operatsiyaning umumiy rejasi qandayligini bilishardi. Yana bir kishiga — marshal Jukovga ishning barcha ikir-chikirlarini ma’lum qilishdi. O’sha paytda u faqat Markaziy Qo‘mita a’zoligiga nomzod edi.
Mana, shu kun yetib keldi. Kryoml komendanti general Vadenin Moskva yaqinidan o‘g‘li komandirlik qilgan polkni chaqirdi.
RSFSR Oliy Soveti nomidagi bilim yurti qurollarini shay qilib turdi, xuddi Kremlni qo‘shinlar bosib olganday edi.
1953 yil 26 iyun. Shu kuni soat birda Nikita Xrushchev Moskva shahri havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Kirill Semenovich Moskalenkoni huzuriga chaqirdi:
— Sadoqatli kishilaring bormi? Shunday kishilar bo‘lsinki, sen ularga xuddi o‘zingga ishonganday ishongin?
Moskalenko: Topiladi, Nikita Sergeevich.
Xrushchev: O’zing bilan to‘rtta kishini olib kel. Yonlarida sigaralari ham bo‘lsin.
Moskalenko: Qanday sigaralar?
Xrushchev: Nima, sen unutdingmi, frontda buni qanday atashlarini?
General esladi. Xrushchev to‘pponchani nazarda tutgan edi. 
Xrushchev: Bosh shtab hovlisida seni Bulganin kutadi. Tez bo‘laqol. Moskalenko shu zahoti qo‘l ostidagi ofitser Viktor Ivanovich Yuferevni chaqirdi va Xrushchevning topshirig‘ini ma’lum qildi. U podpolkovnikdan so‘radi:
— Qanday o‘ylaysan, Batitskiyga ishonsa bo‘ladimi?
Yuferev harbiy havo kuchlari bosh shtabi boshlig‘ini ishonchli odam, jangovar general sifatida bilardi. U, Moskva shahri havo hujumi mudofaasi shtabi boshlig‘i Aleksey Ivanovich Baksovga ham to‘la ishonsa bo‘ladi, dedi.
— Yana kimni olsak bo‘lar ekan? — so‘radi Moskalenko.
Yuferev Siyosiy boshqarma boshlig‘i Ivan Grigorevich Zubaning nomini tilga oldi.
Haydovchini hisoblamaganda besh kishi bo‘lib yo‘lga tushishdi. Bosh shtab hovlisida Moskalenkoning guruhini marshal Bulganin kutib oldi. Unga shaxsiy qo‘riqchilar boshlig‘i podpolkovnik Fedor Bezruk hamroh edi. Vazirning avtomobili, yana o‘shanaqa ZIS-110 ga o‘tirishdi.
— Kremlga haydang, — deb buyruq berdi Bulganin.
Troitskiy darvozasiga yaqinlashganlarida, Bulganin ogohlantirdi:
— Ko‘rinmayroq o‘tiringlar.
Harbiy qorovullar oldidan muvaffaqiyatli o‘tishdi, burchakdagi alohida hukumat yo‘lagiga yaqinlashib, ikkinchi qavatga ko‘tarilishdi. Mana, bir paytlar Stalin o‘tirgan xona. Hozir bu yerda Markaziy Qo‘mita Prezidiumi yig‘ilishlari o‘tkaziladi. Bulganin ichkariga kirdi, boshqalarni qabulxona qarshisidagi tutash xonaga olib kirishdi. U yerda o‘n besh-yigirma nafar odam — Markaziy Qo‘mita xodimlari, bir necha generallar va marshal Jukov bor edi. Hamma bemalol gaplashib, hazillashib o‘tirardi, latifalar aytishardi...
Shu paytda Xrushchev paydo bo‘ldi. U Moskalenkoga yaqinlashdi:
— Sizga Prezidium a’zolaridan birini hibsga olishga to‘g‘ri keladi. Ehtimol, u qurollangan bo‘lishi ham mumkin...
Xrushchev barvasta qomatli Batitskiy va Yuferevga qaradi.
— Sizlar unga yaqinlashasizlar. Qachonligini sizga aytishadi... Keyin uni qo‘lga olasizlar.
Yuferev: Otish ham mumkinmi?
Xrushchev: Yo‘q, qamab, tergov uchun saqlash kerak. Qurol ishlatilmasin. Hozircha hamma shu yerda qoladi. Ikkita uzun qo‘ng‘iroq tovushini eshitishingiz bilan, kotibning yonidan o‘tib, hech kimga e’tibor bermay, majlis bo‘layotgan joyga kirib boraveringlar.
Xrushchev chiqib ketdi. Beriya yig‘ilishga kechikibroq keldi-yu o‘z o‘rnini egallab, so‘radi:
— Kun tartibida nima masalalar?
— Ko‘riladigan masala bitta, — deb javob berdi Xrushchev, — Lavrentiy Beriya to‘g‘risida. — Malenkovga qarab qo‘shimcha qildi: — Ma’ruzani boshla.
Chorak soat o‘tmay, ikkita uzun qo‘ng‘iroq chalindi. Harbiylar eshikni ochishdi, kotib ularning yo‘lini to‘sdi. Besh kishi uni chetlab o‘tib, qarshidagi xonaga kirishdi. Ular ortida marshal Jukov ham bor edi.
...Raislik o‘rnida — Malenkov, o‘ng tomonda — Xrushchev, uning yonida — Bulganin, eshikka yaqinroq joyda — Beriya, Lavrentiy Pavlovichning qarshisida — Voroshilov.
Kirganlar Bulganin yaqinida, Beriyaning ortida to‘xtashdi. Malenkov ma’ruzasini tugallayotgan edi: «...Ko‘rib turibsizki, Beriya nafaqat ichki dushman, balki xalqaro miqyosdagi dushman hamdir. Uni darhol qamab, mana bu o‘rtoqlarning qo‘liga topshirish taklif qilinadi.»
Batitskiy o‘zining «parabellumi»ni, Yuferev — «TT»sini chiqardi.
Beriya boshini egib o‘tirar va asabiy holatda qog‘ozga nimalarnidir yozar edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u faqat bir so‘zni — «trevoga»ni yozgan ekan, bu so‘zni o‘n to‘qqiz marta takrorlabdi. Nihoyat, Beriya boshini ko‘tardi, bu paytda harbiylar uning yonida turishardi — Yuferev chap tomonida, Batitskiy o‘ng tomonida.
Jukov kelib: — Qo‘lingizni ko‘taring. Siz qamoqqa olindingiz, — dedi.
Tarixiy bir surat saqlanib qolgan: Beriya bilan Voroshilov xuddi og‘a-inilardek quchoqlashib turishibdi. Lekin Klim omadli Lavrentiyni hamisha yomon ko‘rgan va undan qo‘rqqan. Qo‘rqoq marshal voqealar nima bilan tugashini bilolmay qiynalardi — axir bu qudratli chekistni uning eski oshnalari, o‘sha Ivan Serovning o‘zi ham qutqarib qolishi mumkin edi-da. Nikita Sergeevich unga behudaga ishondi. Beriyani nihoyat Markaziy Qo‘mita Prezidiumi xonasidan olib chiqishganda, Voroshilov hoziru nozir bo‘ldi. Basavlat soqchilarning ko‘zlariga sinchiklab tikildi. Podpolkovnik Yuferev o‘z furajkasini kotib xonasida qoldirgan edi va chiqib ketayotib uni olmoqchi bo‘ldi. Shunda Voroshilov yugurgilab kelib: «Men senga hozir, chirog‘im, uzatib yuboraman», dedi.
Markaziy Qo‘mita Prezidiumining shoshilinch majlisida Beriyani Moskva harbiy okrugi shtabiga o‘tkazishga qaror qilishdi. Beriya va uning qo‘l ostidagilar ishi bo‘yicha tergovga Bosh prokuror Rudenko boshchilik qildi.
Beriyani maydoni o‘n ikki kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan kichik bir xonaga qamashdi. Karavot, kursi — butun xona jihozi mana shundan iborat edi. Tergov o‘sha yerda, bunkerda olib borildi. Bosh prokurorga alohida xona ajratib berishdi.
Moskalenko muntazam okrug shtabida bo‘lib turdi. Yuferev bilan birga shu yerda tunadi. Shtabni tanklar va bronetransportyorlar qo‘riqlab turishdi.
Beriyaning ust-boshini — ipgazlamadan tayyorlangan soldat gimnastyorkasi, shimi bilan almashtirishga to‘g‘ri keldi. Unga Moskva harbiy okrugi shtabi garajidan soldatlar yeydigan taomdan olib kelib berib turishdi, idish-tovog‘i ham soldatlarnikiday: kotelok va alyumin qoshiqdan iborat edi.
Dastlabki kunlarda Bulganin har kecha 12 dan so‘ng qamoqxonaga qo‘ng‘iroq qilib turdi.
— Ishlar qalay? Tinchlikmi? Mahbus o‘zini qanday tutayapti?
Agar general Moskalenko uxlab yotgan bo‘lsa, Bulganin yer osti xonalaridan birida muntazam navbatchilik qiladigan podpolkovnik Yuferevdan axborot olar edi.

* * *

Birinchi marta u 1920 yilda qamalgan. O’shanda Bagirovning yordamida ozodlikka chiqqan edi. Sadoqatli do‘stlar bu gal ham yordam berishsa kerak, ular anavi mahmadona Nikitani o‘z fikrlari bilan hisoblashishga majbur qilishadi. Malenkov-chi, Malenkov! Unga qancha yaxshilik qilgan edi-ya!.. Agar Lavrentiy bo‘lmaganida, u O’rta Osiyoda surgunda yurgan bo‘lardi. Shunda ham xo‘jayin unga tirik qolish imkonini bersa.
Beriya eshikni taqillatib, qalam va qog‘oz so‘radi. Unga daftar varag‘i va qog‘oz berishdi.
«Yegor meni tasodifiy kishilar olib ketishganligini nahotki bilmasang ahvolni shaxsan ma’lum qilishingni istayman qachon chaqirasan».
Beriya Grigoriy Malenkovni Yegor deb atardi. Xatdagi gaplarni bosh harf bilan boshlashni ham, imlo belgilarini qo‘yishni ham unutdi.
U xatni navbatchi ofitserga berdi...
Ikki kun o‘tdi. Malenkovdan sado bo‘lmadi. Mahbus unga ikkinchi bor maktub yubordi. «Yegor nega javob bermayapsan?».
Bir parcha qog‘ozga qalam bilan yozilgan har ikki xat ham Xrushchevga kelib tushdi.
Tergovda Beriya o‘zini takabburona tutdi, faqat prokuror guvohlar asosida isbotlash, mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ayblargagina iqror bo‘ldi. O’zini oqlashning yangidan-yangi usullarini o‘ylab topib, tergovchilarni har jihatdan chalkashtirishga harakat qildi.
Tergov yarim yil davom etdi. Hujjatlar, guvohlarning dalillari, so‘roq protokollari o‘n to‘qkiz tomni tashkil etdi. Ish bo‘yicha Beriyaning olti safdoshi: Vladimir Dekanozov, Vsevolod Merkulov, Lev Vlodzimirskiy, Pavel Meshik, Sergey Goglidze, Bogdan Kobulov — Beriya kallakesarlar armiyasining faqat bir qismi javobgarlikka tortildilar.
Bu kishilar — Merkulov, Dekanozov, Kobulov, Goglidze, Sanava... Lavrentiy Beriyaga o‘ttiz yildan ortiq xizmat qilishdi. Ularning ahilchiligi buzilmasday tuyulardi. Biroq birinchi sinovoq — tergov va sud — Beriya tuzgan ittifoq beqarorligini ko‘rsatdi. «Beriya — amalparast, buzg‘unchi va bonapartist», — dedi sudda Bogdan Kobulov. Vladimir Dekanozov unga qo‘shimcha qildi: «Beriya o‘zini har jihatdan amalparast, shaddod va yovuz odam sifatida ko‘rsatdi». Ma’lum bo‘lishicha, o‘ttizinchi yillardagi qariyb hamma qama-qamalar uning shaxsiy topshirig‘iga binoan amalga oshirilgan ekan... Jinoyatchilar to‘dasi boshlig‘ining jinoiy faoliyatini baholashda Vsevolod Merkulov ancha bosiqlik qildi, lekin Lavrentiy Sanava aniq-ravshan qilib gapirdi. Belorussiyaning sobiq Davlat xavfsizligi vaziri, 1937-1938 yillarda Beriya o‘ziga o‘rinbosar bo‘lib ishlaganlarning hammasini va o‘zining ko‘pgina sobiq boshliqlarini ottirib yuborganligini ma’lum qildi. Sanava uni shafqatsiz, zolim, dedi. Savitskiy va Michurinlarin sudda Lavrentiy Beriyaning haddan tashqari hokimiyatparastligi, shon-shuhratga mukkasidan ketganligi haqida gapirishdi.
Nihoyat, Beriyaga ayblov xulosasi bilan tanishishni taklif qilishdi. Rudenko katta hajmli, yuz betli hujjatni o‘qishga kirishganida, Beriya quloqlarini berkitib oldi. Prokuror izoh talab qildi.
Beriya: Meni tasodifiy kishilar qamoqqa olishdi... Men, hukumat a’zolari meni tinglashlarini istayman.
Rudenko: Sizni hukumat qaroriga binoan qamashdi va siz buni bilasiz. Biz sizni ayblov xulosasini tinglashga majbur qilamiz.
Sud okrug shtabining birinchi qavatida bo‘layotgan edi. Zal Markaziy Qo‘mita Prezidiumi a’zolari xonalari bilan mikrofon orqali bog‘langan edi.
Dastlab Beriya o‘zini jinnilikka sola boshladi: qo‘lini silkib, gavdasini dam oldinga, dam orqaga tashlay boshladi... Shunda birdan oldiga Moskalenko kelib, uning shimi tugmalarini kesib tashladi. Shim tushib keta boshladi va mahbus jim bo‘lib qoldi.
Sudda qatnashayotganlarga fahshning qurboni bo‘lgan ikki yuzdan ortiq ayolning ro‘yxati taqdim qilindi. Shunda hech kutilmagan hodisa yuz berdi: Beriya sud raisiga murojaat qilib, ularning nomini aytmaslikni, sharmanda qilmaslikni so‘radi. Sud kengashgani kirib ketdi va bir ovozdan qaror qildi — sudlanuvchining talabi qondirilsin.
Sudga guvoh sifatida bir necha ayol taklif qilingan edi. Lelya Drozdova sudlanuvchi bilan aloqalari haqida ancha batafsil gapirdi, u bir necha yil uning dala hovlisida yashagan edi. Uni ko‘rgach, Beriyaning rangi oqarib ketdi, gavdasini oldinga egdi. Ehtimol, u Drozdovadan jilla qursa bir necha og‘iz minnatdorchilik so‘zlari eshitarman, deb kutgan bo‘lsa kerak... Lekin ayol so‘zini uni qanday zo‘rlaganligi haqidagi achchiq haqiqatni gapirishdan boshladi. Bir og‘iz ham yaxshi so‘z aytmadi. Keyin Drozdovaning onasini so‘roq qilishdi. U qizining dalillarini to‘ldirdi va sudlanuvchining xatti-harakatlaridan g‘azablanganligini bayon etdi. Ona o‘z so‘zi oxirida tavon sifatida Beriyaning musodara qilingan barcha buyumlarini berishni talab etdi.
Beriya yuzini kaftlari bilan berkitib tingladi. U yig‘ladi. Uning bu sudda so‘nggi marta yig‘lashi emasdi. Qariyb chorak asr muqaddam, Kutaisi qamoqxonasida ham u yig‘lab, gunohlarini kechirishni so‘ragan va niyatiga yetgan edi. Endilikda u qanday maqsadni ko‘zlayotgan edi? L. Drozdovaning ko‘rsatmalari ayblov xulosasi matniga kiritilgan. Unda shu narsa tilga olinganki, Beriya 1944 yilda zahm kasali bilan og‘rigan va davolash kursini tugallamay, tasodifiy ayollarga kasalini yuqtirgan. Shu munosabat bilan sud uni jinoyat kodeksining tegishli moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka tortdi.
Bu sudda ayon bo‘lgan qonli voqealar bir nechta dahshatli romanga yetarli edi.
O’limga hukm qilingan jinoyatchini Moskva harbiy okrugi shtabi bunkerida qatl qilishdi. Uning gimnasterkasini yechib olib, ichko‘ylakda qoldirishdi, orqasiga qayrilgan qo‘lini taxtaga qoqilgan ilgakka mahkam bog‘lab qo‘yishdi. Bu taxta kuzatuvchilarni o‘q sakrab ketishidan saqlashi kerak edi.
Prokuror Rudenko hukmni o‘qib berdi.
Beriya: Gapirishga ruxsat bering...
Rudenko: Sen hamma gapingni aytib bo‘lding. (Harbiylarga): og‘zini sochiq bilan berkitinglar.
Batitskiy: O’rtoq qo‘mondon, menga ruxsat bering (o‘z «parabellum»ini oladi). Men bu to‘pponcham bilan frontda ko‘plab ablahlarni u dunyoga jo‘natganman.
Rudenko: Hukmni ijro eting.
Batitskiy qo‘lini cho‘zdi. Beriya bog‘ich ustidagi ko‘zlarini birini olaytirib, ikkinchisini qisib qarab turardi. Batitskiy tepkini bosdi, o‘q mahbusning peshonasiga tegib, gavdasi arqonga osilib qoldi.
Qatl marshal Konev, prokuror, bir guruh harbiylar va sud a’zosi Kuchava ishtirokida amalga oshirildi.
Vrachni chaqirishdi. «Uning nimasini ko‘raman, — dedi vrach, — tayyor bo‘libdi-ku. Men uni bilardim, allaqachon chirib bo‘lgan edi...»
Beriyaning jasadini xomsurpga o‘rab, krematoriyga jo‘natishdi. O’sha kuni Lubyankada qatl etilgan olti safdoshining jasadlarini ham o‘sha yoqqa olib borishdi.
Insoniyat tarixida eng mashhur zolimlardan birining murakkab hayoti ana shunday tugadi.
Lavrentiy Beriyaning o‘limi bilan aniq ifodalash qiyin bo‘lgan zolimlik davri nihoyasiga yetdi. Endi o‘sha sharmandali o‘tmishni la’natlashni bas qilib, uning qayta takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaganlardan minnatdor bo‘laylik.

«Literaturnaya gazeta» ilovasi «Dosyoyadan tarjima qilindi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.