background
logotype

Abdulla Oripov. Sharqqa maftun shoir (1999)

Jahondagi hech bir xalq ma’naviyati va adabiyoti faqat o‘z doirasida chegaralanib qolmaydi. Chegaralanib qoladigan bo‘lsa, o‘ziga yomon! Milliy mahdudlik hech kimga foyda keltirgan emas. O‘z milliy zaminida qat’iy turgan o‘zbek ma’naviyati — azaldan ochiq ma’naviyat. Ma’naviy hududimizga bizni ruhiy jihatdan boyitishga xizmat qiladigan har bir ulug‘ siymoni marhamat, deb kutib olamiz.

Biz sharqmiz, ammo g‘arb badiiy ruhiy olamini o‘zlashtirgan, o‘sha olamning shaffof suvlarini simirgan, shundan nafu safo topgan xalqmiz. Shoirimiz tili bilan aytganda, Navoiy sharafi muqaddas yashagan o‘zbek xonadonidan, o‘zbek ongidan Homer, Dante, Shekspir, Gyote, Bayronlar ham makon topgan. Lekin badiiyat dahosi Aleksandr Pushkinning qadri ayrichadir. U bizga bir qadar yaqin, bir qadar qadrdon.

Daholar siyosiy maqsadlar uchun yashamaydilar. Shu sababli Pushkin dahosi ham shovinizm kabi illatdan allaqancha yuksaklikda makon topadi. Daholar o‘z azaliy tabiatiga ko‘ra insoniy erk va milliy ozodlikka xizmat qiladilar. Pushkinning ham armoni, ideali ozodlik edi. U erkinlik va ozodlik kuychisidir.

Pushkin she’riyati har jihatdan — shaklan, ruhan va ma’nan sharq she’riyatiga yaqin. Uning ayrim to‘rtliklari teranligi, ma’nosining chuqurligi, falsafiyligi bilan bizning ruboiylarni eslatib turadi. Uning she’riyati sharq ruhi bilan chuqur sug‘orilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hassos shoirimiz Usmon Nosir ona tilimizga o‘girgan “Bog‘chasaroy fontani” dostoni mazmun-mohiyati bilan sharqdan olingan. Doston sahnida ikki kuch — sharqona voqelik va g‘arbona lirik marom baqamti kelib, yaxlit bir butunlik hosil qilgan. “Qur’onga iqtibos” she’riy turkumi esa musulmon olamining muqaddas kitobidagi suralar mag‘zidagi buyuk poeziyani ilg‘ab olib, boshqa bir tilda ulug‘ she’riyatga aylantirish jihatidan shoyon diqqatga sazovor. Pushkin bu turkumda bobolari ruhi bilan uchrashganini his qilgan, erkin nafas olgan. Shundan ikki yil keyin yozilgan mashhur “Payg‘ambar” asari haqida hozirgacha kim to‘g‘risida gap borayotganligi ustida bahs ketadi, ba’zilar uni faqat Bibliyaga bog‘lashsa, boshqa birovlar unda Qur’on va payg‘ambarimiz Muhammad Alayhissalom haqida so‘z yuritilgan, deyishadi. Bizningcha, ikkinchi fikr haqiqatga yaqin va shoir hamma payg‘ambarlar, ayniqsa, bizning Muhammad Alayhissalomga tayanib, odamlarga ezgu xabar, yoniq so‘z olib kelgan payg‘ambarning yig‘ma obrazini yaratgan, deyish mumkin.

She’riy vazn haqida gap ketganda, tadqiqotchilar ko‘pincha bir narsani unutishadi, ya’ni, uni quruq shakl, deb hisoblashadi. Vazn avvalo ohang degani. Ohang esa odamning, shoirning qalbidan chiqadi, qolaversa, qoni-jonidan tug‘iladi. Ma’lumki, Pushkin tomirlarida, jumladan, arab qoni oqqan. Uning ona tomonidan katta bobosi buyuk Petrning tutingan o‘g‘li asli habashistonlik Ibrohim Hannibal ediki, bu narsa Pushkin she’riyatining ohangiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmagandir. Buyuk Cho‘lpon bizning mumtoz aruzimizga solib, san’atkorona o‘girgan “Bulbul va gul” she’rining asliyatida ham aruzga xos to‘lqinlar, zarblar yo‘q emas. Keyinchalik ko‘plab shoirlar rus she’riyatiga aruzni qo‘llashga urindilar, lekin Pushkin bu vazifani ancha ilgari uddalagan edi, chamasi, bu she’rning mavzui ham qadim sharq she’riyatining jamg‘armasidan olingan. Ohangga e’tibor qiling:

Нетак ли ты поешь для хладной красоты.
Опомнись, о поэт, и чему стремишься ты.
Она не слушает, не чувствует поэта,
Глядишь — она цветет; взывает — нет ответа.

Tarjimasi:

Seni hech sevmagan bir gul uchun, ey shoirim, sen ham
Yonarsan, o‘rtanarsan, dod etarsan tinmayin bir dam.
Qo‘y endi, behuda dod etma, ohing unga yetmaydi,
Qaraysan, yashnagan bir gul, faqat dodingga yetmaydi.

Bu satrlar ona tilimizda shu qadar tabiiy jaranglaydiki, xuddi Pushkin o‘zbek tilida yozgandek tuyuladi.

Pushkin g‘oyat keng qirrali daho edi. U buyuk lirik shoir bo‘lishi bilan birga dramaturgiya va proza sohasida ham ulkan hamda bebaho meros qoldirdi. “Boris Godunov” rus adabiyotida ilk dramatik tragediya sifatida tan olingan. Uning tragediyalari — “Tosh mehmon”, “Motsart va Saleri”, “Xasis Ritsar”, “O‘lat chog‘idagi bazm” kichik voqea va ixcham so‘z orqali ulkan ijtimoiy-falsafiy muammolarni badiiy ifodalash mumkinligiga yorqin misoldir. “Kapitan Qizi”, “Dubrovskiy”, “Belkin qissalari” kabi asarlari rus nasrining keyingi taraqqiyotida ulkan rol o‘ynadi. Gogol, Dostoevskiy, Lev Tolstoy kabi jahoniy adiblarning adabiyot maydoniga chiqishida turtki va ko‘prik vazifasini o‘tadi.

Bizning Turkistonda Pushkin ijodiga qiziqish ancha ilgari boshlangan. Bu jabhada jadidlarimiz, ayniqsa jonbozlik ko‘rsatishgan. Pushkinning adabiy ertak janrida yozilgan asarlari sharqona fikrlashi, sodda va qiziqarli bayoni jihatidan xalqimizga yaqin bo‘lganidan, dastlab shu ertaklarning ayrimlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Keyinchalik Pushkinni tarjima qilish ishi izchil yo‘lga qo‘yildi. Bu, bir jihatdan, o‘sha davr siyosatiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, eng muhimi, yangi davr o‘zbek adabiyoti o‘z rivojida Pushkinning badiiy tajribalariga ehtiyoj sezganidan ham edi. Pushkinning qator asarlari o‘zbek tiliga bir emas, bir necha bor qayta-qayta tarjima qilindi. “Yevgeniy Onegin” she’riy romanini 30-yillarda Oybek domla tilimizga o‘girdi. Tarjima kitobxon va mutaxassislar tomonidan yuksak baholangan edi. 80-yillarga kelib bu asarni shoir Mirza Kenjabek o‘zbek tiliga yana bir bor tarjima qildi. Bu yaxshi. Zero buyuk asarlar tilimizga qayta-qayta o‘girilishi qo‘llab-quvvatlanadigan hodisadir. Aytaylik, Pushkinning mashhur “Haykal” she’rining turli shoirlar tomonidan o‘nga yaqin tarjimasi bo‘lib, ularning har biri — bu ulug‘ she’rning boshqa tarjimada ko‘rilmagan yangi qirrasini ko‘rsatishi bilan qimmatlidir.

Pushkinning bir asarini yaxshilab tarjima qilish she’riy jihatdan bir pog‘ona o‘sish demaqdir, degan edi Hamid Olimjon. Pushkin asarlarini o‘zbek kitobxoniga yuksak saviyada yetkazish ishida bir necha avlod shoir va yozuvchilar ishtirok etdilar. Ular juda ko‘p, lekin shu o‘rinda Cho‘lpon, Oybek, Usmon Nosir va Mirtemirlar nomini alohida hurmat va ehtirom bilan tilga olishga o‘zimni burchli, deb bilaman. Mirtemir domla o‘girgan birgina “Alvido, zo‘r qudrat, asov g‘alayon” satrining o‘ziyoq Pushkin she’ri o‘zbek tiliga qanchalik singishib, o‘zlashib ketganiga go‘zal misoldir.

Xullas, xalqimizni olijanob, go‘zal g‘oyalari, ezgu hislariga oshno qilgani uchun biz Pushkindan minnatdormiz. Lekin buyuk Pushkin ham o‘zbek xalqidan minnatdor bo‘lsa arziydi. Uni xuddi o‘z farzandiday bag‘riga olgani, ardoqlagani uchun!

1999 yil

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.