background
logotype

Akmal Akrom o‘g‘li. Mirkomilboy qanday shaxs edi? (1992)

http://n.ziyouz.com/images/turkestan001.jpg

Andijonda asr boshida yashab o‘tgan Mirkomilboy haqida xalq orasida haligacha ko‘pdan-ko‘p rivoyatlarni eshitish mumkin. Bugina emas. Turkistonning savdo-sotiq munosabatlari, paxtachilik-dehqonchilik masalalari, firma va banklar faoliyatiga doir ko‘pdan-ko‘p arxiv hujjatlari, tarixiy asarlarda ham uning nomi tez-tez uchraydi. Sovetlar davrida yozilgan asarlarning deyarli hammasida Mirkomil Mirmo‘minboev mana bunday ta’riflanadi: «...va Mirkomil Mirmo‘minboev kabi pixini yorgan kapitalist boylar mehnatkash ommani ayovsiz ezib, ekspluatatsiya sirtmog‘ida mahkam ushlab turar edilar...» Nahotki, barcha o‘zbek boylari shunday ayovsiz bo‘lib, olijanoblik, vatanparvarlik, mehr-shafqat singari insoniy tuyg‘ulardan mahrum edilar?

Men xizmat yuzasidan boylarga tegishli arxiv hujjatlarini o‘rganar ekanman, ko‘z oldimda bizga ta’riflashgandan tamomila boshqa dunyo odamlari namoyon bo‘lib borar edi.

To‘g‘ri, ular ishbilarmon bo‘lganlar, pulni pulga urishtira olganlar, katta mol-dunyo topganlar. Shu bilan birga... keling, yaxshisi menga uchragan hujjatlarni diqqatingizga havola qilib qo‘yaqolay. O‘zingiz hukm chiqaring.

QISQACHA MA’LUMOTNOMA

Mirkomil Mirmo‘minboy hoji — 1860 yili Qo‘qon xonligining Andijon shahrida boy savdogar oilasida dunyoga kelgan. Mehnat faoliyatini o‘spirinlik yillaridan boshlagan. XIX asrning 80-yillarida yer-suv va katta paxta maydonlariga aga bo‘lib, yirik shaxsiy boylik to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Arxiv hujjatlariga qaraganda XX asr boshlarida uning shaxsiy boyligi 13—15 mln. so‘mni tashkil etgan. Asosiy savdo muomalalarini chet ellardagi yirik «Aka-uka Shlosberg», «Knop», «Aka-uka Steppun», Moskva hisob banki, Rus-Xitoy banki, Rus-Osiyo banki va boshqa savdo-sotiq firmalari va banklari bilan olib borgan.

1915 yil oktyabrida bo‘hton bilan qamalgan va surgun qilingan. Lekin 1916 yilning boshlarida rus armiyasini qurollantirish uchun 500 ming so‘m berish sharti bilan surgundan ozod qilinib, Andijonga qaytgan. 1917 yil boshlarida «Sho‘roi Islomiya» jamiyatining Andijondagi eng faol ishtirokchisi, deb to‘qilgan bo‘htonga asoslanib muvaqqat hukumatning Turkistondagi vaknllari tomonidan qamoqqa olingan. 1918 yili otib tashlangan.

Ochig‘i, jumhuriyatimiz arxivlarida saqlanayotgan va Mirkomil Mirmo‘minboev faoliyatiga daxldor bo‘lgan hujjatlarning ko‘pi yo‘qolgan. Lekin saqlanib qolganlari ham shunday qimmatliki, ularni o‘qigan sari bu kishining yangi-yangi qirralari ochilib boraveradi. Mana, bir hujjat. Unga asosan 1899 yil boshlarida andijonlik savdogar Mirmo‘minboy hoji Mirnodirboy Hojiev o‘limi oldidan o‘z uyiga Andijon shahri Oloyliq qismining qozisi, merosxo‘rlari va qo‘ni-qo‘shnilaridan bir necha kishini chaqirib, Makka va Madinada ikkita g‘aribxona qurilishi uchun 30 ming so‘m ajratganini vasiyat qiladi. Bu haqda ma’lumot olgan Rossiya Diniy e’tiqod departamenti o‘zga dinlar boshqarmasi bunday ionalar siyosiy jihatdan zararli ekanligini, rus fuqarosi hisoblangan musulmonlarni islom dini va musulmon mutassibligi o‘chog‘i bo‘lgan yurtlar bilan aloqa bog‘lashlari davlat xavfsizligi nuqtai-nazaridan mumkin emasligini aytib, bu iltimosni rad etadilar[1].

Boshqa bir hujjatda 1901 yili Mirmo‘minboyning o‘g‘li Mirkomil Andijon uezdi boshlig‘iga o‘z hisobidan qurmoqchi bo‘lgan yangi madrasa hamda eski madrasani qaytadan tiklash loyihalarini topshirib, shu ishlarni boshlashga ruxsat berilishini so‘raydi. Shu masala yuzasidan so‘rovchi Farg‘ona viloyati boshqarmasiga quyidagi javoblar jo‘natilgan:

JANOBI FARG‘ONA VILOYATI HARBIY GUBERNATORIGA

«...Aidijon shahrining mahalliy aholi yashaydigan qismida Mirkomil Mo‘minboev qurishni mo‘ljallayotgan madrasa loyihasi masalasida Siz janobi oliylariga shuni ma’lum qilamanki, ko‘rsatilgan loyiha o‘quv yurtlari boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqishga loyiq emas. Bundan tashqarn tilga olingan bino loyihasida rus o‘quvchilari uchun snnfxonalar mo‘ljallanganligi ma’lum emas».

Turkiston o‘quv yurtlari Bosh inspektori

F. Kerenskiy, 1901 yil 30 may[2]

FARG‘ONA VILOYAT BOSHQARMASIGA

«...Mirkomil Mirmo‘minboev Andijon shahrida qurmoqchi bo‘lgan madrasa masalasida to‘xtalib, Farg‘ona viloyat boshqarmasidan mavjud madrasalarni kengaytirish va yangilarini qurishga iloji boricha ruxsat etmaslikni va faqatgina eski madrasalarni ta’mirlashga ruxsat berishlikni so‘rayman.

Oxirgi paytlarda ba’zi bir shaharlarda (Andijon, Qo‘qon va O‘ratepada) musulmonlarning ba’zi bir machit va madrasalariga o‘quvchilarning misli ko‘rilmagan darajadagi katta oqimi kela boshladi. Bu davlat manfaatlariga zid holdir. Masalan, shunday madrasalarning birida mullavachchalar soni 160 kishidan birdaniga 600 kishigacha ko‘paygan. Andijon shahrida shundoq ham musulmon maktablari keragidan ortiqroqdir».

Turkiston o‘lkasi II tuman Xalq bilim yurtlari inspektori (imzo aniq emas), 1901 yil 19 iyun[3]

O‘z iltimosiga rad javobi olgan Mirkomil Mirmo‘minboev Turkiston o‘lka boshqarmasiga xayriya masalalari bilan yana bir necha marotaba murojaat etadi. Bu vaqt ichida Turkiston general-gubernatorligi boshqaruvi mahkamasida ko‘p o‘zgarishlar yuz beradi, 1913 yilning boshlarida Mirkomil Mirmo‘minboev Andijon uezdi boshlig‘i Brjezitskiy bilan bo‘lgan bir uchrashuvda Andijon shahrida xayriya sifatida ba’zi inshootlar qurmoqchi ekanligini aytadi[4]. Uezd boshlig‘i uning bu niyatini ma’qullaydi.

Shu yil 10 dekabrda Andijon xo‘jalik boshqarmasi majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda boshqarma raisi polkovnik Brjezitskiy, shahar deputatlari Kurovskiy, Ordinets, Mirali Umarboev, Andijon shahri arxitektori shtabs-kapitan Tranin, xalq bilim yurtlari inspektori Kudryavtsev va shahar vrachi Kashurnikovlar qatnashadilar. Bu majlisda nihoyati bir masala — andijonlik 2-gildiya savdogari, Mirmo‘minboevning uezd boshlig‘i nomiga yozgan arizasi ko‘rib chiqiladi. Arizaning qisqacha mazmunini e’tiboringizga havola etamiz:

«O‘z ona shahrim Andijonning madaniy rivojlanishi va batamom tartibsiz ahvolda bo‘lgan Gultepa[5] maydoniga madaniy ko‘rinish berish, maydon ham shahar ko‘rki bo‘lsin, ham aholi foydalana olsin deb, men Mirkomil Mirmo‘minboev o‘z hisobimdan Andijon shahriga tortiq sifatida quyidagi inshootlarni qurishni o‘z zimmamga olaman:

  1. Turli millat vakillari — erkak va ayollarga mo‘ljallangan, qirq o‘rinli namunali shifoxona. Unda quyidagi bo‘limlar mavjud bo‘ladi: a) jarrohlik; b) tug‘ruqxona; v) ich kasalliklari; g) sektsion kameralar va o‘liklar saqlash uchun yerto‘la; d) dezinfektsion kamera hamda shifoxona boshliqlari, xodimlari va turli xizmatchilar uchun maxsus bino; ye) shifoxona binosini markaziy isitish bo‘limi hamda suvlarni biologik tozalash xizmati.
  2. 30 o‘quvchiga mo‘ljallangan, internati bo‘lgan, madrasa o‘quvchilarini rus tiliga o‘rgatish bo‘limiga hamda zal va yordamchi binolarga ega rus-tuzem maktabi.
  3. 100 ta o‘quvchiga mo‘ljallangan madrasa va xonaqohi bo‘lgan namunali maktabxona.
  4. Yevropacha nusxadagi, yerto‘la va qorovulxona, uchta hojatxonasi bo‘lgan uchta do‘konlar tizimi. Mana shu do‘konlardan keladigan foyda yuqorida ko‘rsatilgan muassasalarni ta’minlash va ta’mirlash ishlari uchun ishlatiladi.
  5. Mahalliy xalq va yevropaliklar uchun alohida bo‘limlarga ega hammom.
  6. Shu binolar atrofida yo‘lkalar ochib, xiyobonlar barpo etish, maydon markazida manzarali bog‘ barpo etish.

Ko‘rsatilgan inshootlarni barini men, Mirkomil Mirmo‘minboev, mening nazoratimda tuzilgan va tegishli hokimiyat tomonidan tasdiqlangan loyiha va smeta asosida uch yil davomida qurib bitkazishni o‘z zimmamga olaman... shu bilan birga yuqorida ko‘rsatilgan barcha binolar, inshoot va jihozlarni qurish uchun o‘z shaxsiy mablag‘imdan 500 ming so‘m ajrataman»[6].

Arizada bundan tashqari M. Mirmo‘minboev o‘zi tiklamoqchi bo‘lgan inshootlarning qaerda qurilishini, maydon o‘lchami, qurilish ishlariga jalb etiladigan odamlar sonini, ularga beriladigan maosh miqdorini aniq ko‘rsatgan. Do‘konlardan tushadigan foyda shifoxona va rus-tuzem maktabini ta’minlashga yetmasa uch yil davomida o‘z hisobidan mablag‘ bilan ta’minlashni zimmasiga olgan. Ushbu inshootlardan daromad keladigan bo‘lsa, uni shahar fondiga topshirajagini bildirgan. Musulmonlar namozxonasi va madrasani o‘la-o‘lguncha o‘z hisobidan mablag‘ ajratib ta’minlab turishni, o‘lganidan keyin esa, maxsus vasiyatnoma asosida mablag‘ qoldirajagini bayon etgan.

Ariza M. Mirmo‘minboev tomonidan 1913 yil 18 sentyabrda Andijon uezdi boshlig‘i polkovnik Brjezitskiyga topshirilgan. Ammo uning birinchi nusxasidagi takliflar uezd boshlig‘iga ma’qul tushmagani sababli u M. Mirmo‘minboevga arizani qayta ko‘rib chiqishni va bir qator o‘zgartishlar kiritishni talab qilgan. M. Mirmo‘minboev shifoxona va hammomdan faqat mahalliy aholi foydalanishini mo‘ljallagan, o‘quvchilar rus tilini o‘rganishini e’tiborga olmagan, do‘konlar va hammomdan tushadigan daromadning bir qismini shahar boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkazib, qolgan qismini o‘z ixtiyori bo‘yicha shifoxona va madrasa xarajatlariga ishlatishni ko‘rsatgan, hamma korxonalar uning nomi bilan atalishi, ularni boshqarish uchun maxsus komissiya tuzilib, boshqarish ishlarida shaxsan o‘zi qatnashishini mo‘ljallagan edi. Keyinchalik u mana shularning hammasidan voz kechib, Brjezitskiy talablarini to‘liq qabul qilishga majbur bo‘ladi. Chunki Turkistondagi rus ma’muriyati bunaqa ishlarga osonlikcha ruxsat bermasligini u yaxshi tushunar va Brjezitskiyning har qanday shartlariga ko‘nib bo‘lsa-da, ishni jildirishga umid tutar edi.

Shahar xo‘jalik boshqarmasida o‘tgan majlis nihoyatda qizg‘in bo‘lganini majlis qatnashchilarining ba’zi fikrlaridan ham yaqqol ko‘rish mumkin. Yaxshisi shu fikrlardan qo‘chirma keltira qolaylik.

Shahar deputati Ordinets: «M. Mo‘minboevning ushbu taklifini men shahar uchun foydasiz va quyidagi mulohazalarga ko‘ra noma’qul, deb hisoblayman. O‘z mablag‘idan 500 ming so‘m iona ajratuvchi kishi faqatgina Gultepa maydoni va uning atrofidagi yerlarni bu inshootlar qurilishi uchun talab qilib, shaharni bir qadar murakkab majburiyatlar bilan bog‘lamagan taqdirda u qilayotgan iona mening ko‘z o‘ngimda olihimmat sovg‘a bo‘lardi. Janobi Mo‘minboev Andijon shahriga mehribonlik qilib tiklamoqchi bo‘lgan inshootlarini o‘ziga tegishli yerlarda qurishni taklif qilganida edi, men uni chuqur minnatdorchilik bilan qabul qilar edim.

...Janobi Mo‘minboev in’omini qabul qilgan shahar o‘zini doimiy u bilan, uning o‘limidan keyin esa, uning avlodlari bilan bir qancha murakkab majburiyatlar, ya’ni moliyaviy, ma’naviy, iqtisodiy majburiyatlar bilan bog‘lab qo‘yib, shubhasiz uning qarashlari, xohish va irodasiga tobe’ bo‘lib qoladi.

...Mirkomil Mirmo‘minboev bir qancha muassasalarning cheklanmagan erk-ixtiyori butunlay o‘z qo‘lida bo‘lgan xo‘jayiniga aylanadi. Bu inshootlar hujjatlarda shaharga tegishli hisoblansa ham, aslida M. Mo‘minboev nomi bilan yuritiladigan bo‘ladi. Bu yerda u umrining oxirigacha mutavalli va maktab noziri, shifoxona qo‘mitasi a’zosi bo‘lib qolib, shifoxonaga xodimlar tayinlash, madrasaga o‘qituvchilar tanlash, oddiy xizmatchilarni yollash uning qo‘liga o‘tadi. Natijada Andijon shahrining ikkita xo‘jayini paydo bo‘lib, shahar xo‘jalik boshqarmasidan tashqari yana Mirkomil Mo‘minboev[7] ham xo‘jayinga aylanadi...»

Shahar deputati Kurovskiy: «O‘zi yashayotgan muhitdan ajrab ketolmagan Mirkomil uchun umrining oxirida xudo yo‘liga qandaydir xayrli ishni amalga oshirish — hayotining mazmunini tashkil etadi. Mirkomil ana shu rejasini amalga oshirish uchun masjid qurishga shahardagi eng yaxshi joyni tanlabdi. Mirkomil anchadan beri masjid qurishni, u faqatgina Gultepa maydonida qurilishi kerakligini mo‘ljallab yuribdi. U bundan 4 yil avval ham Geltepa maydonida masjid qurish taklifi bilan murojaat qilgan, lekin o‘sha paytdagi shahar boshqarmasi raisi polkovnik Krasnoslobodskoy tomonidan rad javobini olgan edi. O‘z takliflariga rad javobi olaverib, ko‘zi pishgan Mirkomil endi puxta mo‘ljal bilan harakat qilishga o‘tibdi. Shahardagi eng yaxshi maydonni qo‘lga kiritishga harakat qilyapti. Albatta, endi o‘z niyatini amalga oshirish unga ancha qimmatga tushadi, lekin bunga uning puli yetadi. Faqat Mirkomil o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishish uchun qanchalik misli ko‘rilmagan qat’iylik va ustalik bilan harakat qilayotganidan hayron qolish mumkin».

Kurovskiy asosan Ordinets mulohazalarini ma’qullab, Gultepa maydoniga tegish kerak emas va Mirkomil loyihalaridagi inshootlar qurilgan taqdirda maydonda savdo-sotiq to‘xtab, shahar byujetiga pul tushmay qoladi, degan fikr bildiradi. U, ayniqsa, shifoxona qurilishiga qarshi chiqib, shahar markazida shifoxona qurish gigiena jihatdan xavfli, qolaversa, Andijon shahri aholisi uchun mavjud 30 kasalga mo‘ljallangan shifoxonaning o‘zi yetarli, deb hisoblaydi[8].

Ammo shahar xo‘jalik boshqarmasi raisi Brjezitskiy shahar deputatlari Ordinets va Kurovskiy fikrlariga qo‘shilmaydi: «Mirkomil o‘z rejasini amalga oshirish uchun Gultepa maydonining janubiy qismini so‘ragan. Bu qism qanchalik antisanitariya holatida ekanligi hammamizga ma’lum, — deydi u. — M. Mo‘minboev o‘zi taklif qilayotgan inshootlar aynan shu maydonda qurilsa maqsadga muvofiq deb tasdiqlayapti. Shaharga ko‘rk bag‘ishlovchi hamda aholi ehtiyojlariga javob beruvchi inshootlar doimo shahar markazlarida qurilib kelingan. Agarda hashamatli jamoat binolari aholi yashovchi uylar bilan bir qatorda quriladigan bo‘lsa, ularning hashamati unchalik ko‘zga tashlanmay qolib, binoni faqatgina old tarafdan ko‘rish mumkin. Agarda bunday binolar maydonda qurilib, boshqa hashamatli binolar bilan yonma-yon joylashsa, odamlarda kuchli taassurot qoldirishi mumkin.

...Faqatgina iona uchun ajratilayotgan pup miqdorining o‘zi ham taklif qilinayotgan inshootlarning qanchalik hashamatli bo‘lishi va bu binolar qurilgandan so‘ng shaharga ko‘rk bo‘lishidan dalolat bera oladi. Shuning uchun qurilishga qandaydir tor ko‘chani emas, balki bu binolar savlat to‘kib turishi mumkin bo‘lgan maydonni ajratish kerak. Mening fikrimcha, bunday yer faqatgina Gultepa maydoni bo‘la oladi»[9].

Uezd boshlig‘i shu bilan birga Gultepa maydonida beda, somon, poxol, qamish, o‘tin, turli yog‘och va boshqa tez alanga olishi mumkin bo‘lgan narsalar sotilishini, maydon bunday xashaklar bilan to‘lib ketganligini, Turkistonning Andijondan bo‘lak hech bir shahar markazida bunday somon bozori yo‘qligi, uni allaqachon shaharning ot bozori yaqiniga ko‘chirish payti kelganligini aytadi. U M. Mo‘minboev shifokorlik qo‘mitasi a’zosi, maktabning faxriy vasiysi va madrasa mutavallisi bo‘lgani bilan shaharning to‘laqonli xo‘jayini bo‘lib qolmaydi, bu maqsaddagi odam shahar ishlarida faqat maslahat ovoziga ega bo‘ladi, deb ta’kidlaydi. U yana majlis qatnashchilariga bir necha kun avval Okrug harbiy sanitar inspektori D. I. Rebchevskiy bilan uchrashganini ma’lum qilib, inspektor: «Mirkomil o‘z taklifini qaytarib olmasdan uni qabul qilishga shoshilinglar» deganini aytadi.

Nihoyat, masala bitta tarafdor (Brjezitskiy), uchta qarshi (shahar deputatlari — Ordinets va Kurovskiy hamda shahar vrachi Kashurnikovlar), ikkita betaraf (Mirali Umarboev va shahar arxitektori Travin) ovoz bilan ko‘rib chiqish uchun Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori ixtiyoriga jo‘natiladi.

Mirkomilboy rejasining keyingi taqdiri haqida biz hozircha arxiv hujjatlari topa olganimizcha yo‘q. Lekin viloyat harbiy gubernatori ham uning taklifiga rad javobi berganiga shubha yo‘q. Bu fikrimizni O‘rta Osiyo temir yo‘li jandarm-politsiya boshqarmasi Marg‘ilon bo‘limi boshlig‘ining 1914 yil 25 aprel kuni Turkiston tumani maxfiy ishlar bo‘limiga yuborgan xati isbot qila oladi. Bu xatda jumladan shunday deyilgan: «Andijonlik sart, millioner «Mir Kalish» musulmon shifokorlar xizmat ko‘rsatadigan, faqatgina musulmon bemorlarga mo‘ljallangan maxsus shifoxona qurishni mo‘ljallab, 50 ming so‘m xayriya qildi. Lekin doktor Belogujev uning bu orzusini chippakka chiqardi... «Mir Kalish»ning sheriklari Belogujevni yo‘q qilish uchun harakat qilishlari ehtimoldan uzoq emas»[10].

Qo‘limizdagi arxiv hujjatlarini tahlil etib, voqea quyidagicha kechgan, deb taxmin qilishimiz mumkin. Mirkomilboy aytganini qiladigan odam bo‘lgan. Shuning uchun ham Andijondagi Gultepa maydonida qurmoqchi bo‘lgan inshootlariga ruxsat berilmagani unga qattiq ta’sir qilgan. Endi u o‘z rejasini Marg‘ilon shahrida amalga oshirmoqchi bo‘lgan va «Mir Kalish» nomi bilan pinhona ish boshlagan. Shu maqsadda u o‘ziga maslahatchi qilib, temir yo‘l boshqarmasi shifokori Belogujevni yollaydi. Lekin Belogujev esa O‘rta Osiyo temir yo‘li jandarm-politsiya boshqarmasi Marg‘ilon bo‘limiga Mirkomil Mo‘minboev shahar boshliqlari ruxsatisiz ish boshlayapti, qurayotgan kasalxonasi faqatgina musulmonlarga mo‘ljallangan, deb chaqib qo‘yadi.

Yuqoridagi xatga Turkiston tumani maxfiy politsiya bo‘limi o‘z navbatida quyidagicha xulosa chiqaradi: «1914 yil 29 aprel... «Mir Kalish» Mirkomil Mirmo‘minboev bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas. U juda aqlli, ayyor, uddaburon kishi, e’tiqodi bo‘yicha panislomchi va ruslarga qarshi juda yomon munosabatda, Andijon shahri tijoratchilar partiyasi boshlig‘i. Ushbu partiya a’zolarining hammasi unga moddiy tarafdan bog‘langan...»[11]

Mirkomilboyning yana bir orzusi Andijon shahrida tramvay yurgizish edi. U bu masalada davlat bilan shartnoma tuzishga ko‘p harakat qildi. Ayrim hujjatlarda u o‘z yordamchilaridan biri Abdul Maxsumni 1913 yilda chet elga — tramvay bozoriga, tramvay narxi hamda iz qurish uchun kerakli narsalarning bahosini bilib kelgani yuborgani aytiladi[12].

1915 yil oxirlari, to‘g‘rirog‘i noyabr oyiga kelib, Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarida «Mirkomilboy qamalganmish» degan gap tarqaydi. Birovlar Mirkomilboy Turkiyaga borib, Anvar posho bilan uchrashganmish, Rossiya bilan urush holatida bo‘lgan Turkiya armiyasi uchun katta miqdorda pul bergan emish, mana shundan xabar topgan Rossiya hukumati uni qamoqqa olgan emish desalar, boshqalar Mirkomilboy tijoratdagi nohalol ishlari uchun qamalganmish, derdilar.

Mirkomilboy qamalishining haqiqiy sabablarini esa arxiv hujjatlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mana, Andijon uezdi boshlig‘i yordamchisi bu haqda nima deb yozadi: «1915 yil 10 yanvar. Men kim, Andijon uezdi boshlig‘ining yordamchisi podpolkovnik Polyudov, uezd boshlig‘i topshirig‘iga binoan uning guvohligida quyidagi protokolni yozdim: bugun soat 12.00 da uezd boshqarmasi tarjimonlari Sulaymon Kelganboev va Yusufjon Charishev menga mahalliy tilda yozilgan imzosiz xat tutqazishdi. Xatni tarjima qilib, uning ma’nosi quyidagicha ekanini bildik: «Men, shu xatni iddao qilguvchi, bexosdan Mirkomilboy zavodiga kirib, uning ish stoli ustidagi xatga ko‘zim tushdi. Xatni o‘qib chiqib, yomon niyat bilan yozilganini bildim. Bir boyning yomon maqsadi tufayli butun kambag‘al musulmon ahli jafo tortishining oldini olish maqsadida xatni bildirmasdan o‘g‘irlab, Siz janobi oliylariga keltirib berishni lozim topdim. Mirkomilboy mendan o‘ch olishi va o‘limga hukm qilinishimni bilib, o‘z nomimni aytmadim. Shu ishni tezroq tekshirib ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lardi»[13].

Ariza qalamda yozilgan. Xat esa siyohda yozilib, uning mazmuni quyidagicha: «Salom, Hazrati oliylari Sulton Rashidxonga, zoti oliylari general Anvar poshoga, merosxo‘r Izzatdin Afandiga, general Sendersga jabr-zulm ko‘rayotgan rus fuqarolaridan (?) va Andijonda istiqomat qiluvchi Mirkomilboy Mirmo‘minboevdan duoi salom. Siz zoti oliylari bilan uchrashishga muyassar bo‘lganimda imkoniyat bo‘lsa, bizning shaharlarimizni bir aylanib ketsangiz, deb taklif kiritgan edim, afsus meni qaytib ketishim bilan urush boshlanib qoldi. Biz Xudodan xotirjamlik va qudrat tilab yashayapmiz. Biz tarafga yorib kirishning iloji bormi? Ruslar bizni juda xo‘rlayaptilar. Meni bir o‘zim 100 ming so‘mga yaqin pul to‘ladim. Ulardan qutulib bo‘lmayapti. Siz yuborgan xat va suratlarni oldim. Shaxsan o‘zim ruslardan qo‘rqmayman, lekin boshqa musulmonlar ruslardan juda qo‘rqishadi. Sizga Afg‘oniston orqali 200 ming so‘m yubordim. Pulni olgandan so‘ng mening iltimosimni Sulton hazrati oliylariga yetkazsangiz. Pochta xat olmayotganligi uchun ushbu xatni Abdul Hakimdan berib yuboryapman. Ro‘znomalarda bosmasligingizni so‘rayman. O‘z imzoimni qo‘yib: Mirkomil Mirmo‘minboev».

«...Shu xatdagi M. Mo‘minboev imzosi Andijon uezdi boshlig‘iga 1913 yili yozgan arizadagi imzosi bilan solishtirib ko‘rilganda, ikkalasi o‘rtasida juda uzoq o‘xshashlik borligi aniqlandi. Shunda uezd boshlig‘i M. Mo‘minboevni boshqarmaga chaqirib, ariza va xat tekstini berkitib, faqatgina imzolarni ko‘rsatdi va qaysi imzo uniki ekanligini aytishni buyurdi. M. Mo‘minboev 1913 yilda yozilgan arizadagi imzoni tan oldi...

...O‘tgan yili 21 iyun kuni u Andijondan yo‘lga chiqib, iyulning birinchi yarmida Moskva, Kiev va Odessa orqali Konstantinopolga kelgan, u yerda 4 kun turib, shaharni tomosha qilganidan so‘ng ko‘zini davolatish uchun Karlsbadga jo‘naydi, lekin Bulg‘oriyaga kelganida u yerdagi Rossiya konsulidan urush boshlanganligini eshitadi. Shundan so‘ng Ruminiya orqali uyiga qaytishga majbur bo‘lib, avgust oyining birinchi yarmida Andijonga qaytib keladi...

...1913 yil yoz oyida ham u chet elda bir yarim oycha bo‘lgan, lekin Turkiyaga bormagan. Xatda ko‘rsatilgan, uning vakolatli kishisi bo‘lgan Abdul Hakim o‘z vazifasini yaxshi bajarmaganligi uchun ikki oy oldin ishdan chetlashtirilgan.

Yuqoridagi ko‘rsatmalarni M. Mo‘minboev xotirjamlik bilan o‘zini tutgan holda bayon qildi. Podpolkovnik Polyudov».

Ushbu hujjatda ko‘rsatilgan voqealarning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirish uchun anchagina vaqt kerak bo‘lib, o‘nlab kishilar so‘roq qilinadi, yuzlab varaq qog‘ozlar to‘ldiriladi, turli ko‘rsatmalar bir-biri bilan solishtirib ko‘riladi, lekin guvohlik bergan kishilarning hech biri M. Mirmo‘minboev jinoyatchi ekanligini isbot qilishga yetarli ma’lumot va dalil keltira olmaydilar. Buning natijasida xatda yozilgan voqealar uyushtirilgan bo‘hton bo‘lib chiqadi.

Lekin bu orada Mirkomilboy ustidan ma’lumot tushadi:

«MAXFIY. 1915 yil 23 sentyabr. Andijon shahri 2-qism politsiya pristavi. Andijon uezdi boshlig‘iga. RAPORT.

Janobi oliylariga shuni ma’lum qilamanki, bugun Turkiston tumani maxfiy politsiya rotmistri Sottiri bilan birgalikda, uning talabi bo‘yicha M. Mo‘minboev uyini tintuvdan o‘tkazdik. Bunda uning boloxonasidagi bosib qo‘yilgan beda ustida gektograf (xatdan nusxa tushiruvchi moslama), unga kerakli siyoh solingan idish, 2 dona oq birikmali kapsula, bikford simi bo‘lagi va mahalliy xalqni Turkiya foydasiga iona qilishga chaqiruvchi 10 varaq murojaatnoma topildi. Qayd etilgan hamma buyumlar rotmistr Sottiri tomonidan musodara etilib, M. Mo‘minboev tergov ishiga qo‘shib qo‘yildi»[14].

M. Mo‘minboev uyidan bu murojaatnoma va boshqa buyumlar topilgan paytda u hibsga olingan bo‘lib, ishidan jinoyat belgilari topilmagani, ya’ni imzosiz xatda ko‘rsatilgan voqealar tasdiqlanmagani sababli tez kunda hibsdan ozod qilishga majbur edilar. Buni sezib avvalgidan ham jiddiyroq bo‘hton uyushtirishga erishadilar. Endi Turkiya sultoni nomiga yozilgan murojaatnoma va boshqa buyumlar faqatgina uning uyidan emas, balki Andijon shahrida ko‘zga ko‘ringan yana ikki kishining uyidan topiladi.

Murojaatnomada mahalliy xalq vakillariga chaqiriq ham bo‘lib, ular Turkiya foydasiga xayriya to‘plash va agar bunga qudratlari yetmasa Rossiya va boshqa davlatlar bilan urushayotgan turk askarlari safidan o‘rin olishga da’vat etardilar.

Mana shu nihoyatda chalkash ishni oqilona hal qilishda qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, o‘sha kezlari Andijon uezdi boshlig‘i bo‘lib turgan polkovnik Brjezitskiy katta xizmat etgan. U M. Mo‘minboev ishi bilan shaxsan qiziqib, ma’lumotlarni qaytadan tekshirgan va soxta guvohlar bilan suhbatlashgan. Sinchkov uezd boshlig‘i chalkash iplarning boshi M. Mo‘minboevning sobiq ish boshlovchisi A. A. Timofeevga borib taqalayotganini aniqlaydi. So‘ng Timofeev shaxsi bilan jiddiy qiziqib, u haqda yetarli ma’lumot to‘playdi va Farg‘ona viloyat harbiy gubernatoriga yuboradi. Mana o‘sha ma’lumot: «A. A. Timofeev asli orsklik meshchan. Shahar bilim yurti kursini bitirgan. Lekin o‘zbek tilida benuqson so‘zlashadi. 1909 yili mahalliy boy M. Mo‘minboev xizmatiga yollangan. Tez orada M. Mo‘minboevning ishonchini qozonib, hurmatiga sazovor bo‘ladi. Mirkomil unga katta miqdordagi pullarni ishonib topshirar, muhim ishlarda u bilan maslahatlashar, o‘zini Iskandar deb chaqirar edi. Timofeev Mirkomildan yiliga 1200 so‘m maosh olsa ham xarajatlari bundan ko‘proq bo‘lardi. 1911 yil bahorida M. Mo‘minboev uyida prokuror nazorati tomonidan tintuv o‘tkazilganidan so‘ng ularning oralarida nizo boshlanadi. Taxminlarga qaraganda Mirkomil tintuv bo‘lishidan xabar topib, o‘zini siyosiy jihatdan xavfliligi haqidagi hujjatlarni topib berishni taklif qiladi. Tintuv paytida topilmagan turk sultoniga murojaatnoma hamda Mirkomilning qurol-yarog‘i qaerga yashirilganini u ko‘rsatib berishga va’da qiladi. Andijon uezdining sobiq boshlig‘i podpolkovnik Ivanov Timofeevning yashirincha bergan xabarlariga asoslanib, mahalliy politsiya a’zolariga M. Mo‘minboev xonadonida, shu hovli yonidagi madrasada va unga tegishli karvonsaroyda bir necha marotaba tintuv o‘tkazishni buyuradi. Lekin bu tintuvlardan keyin ham Timofeev bergan ma’lumotlar rost bo‘lib chiqmaydi. Timofeev esa tinchimaydi. Mirkomilni kimdir avvalroq tintuvdan ogohlantirib qo‘yyapti, deb yozadi. Yana boshqa ko‘rsatmalar beradi, ammo ular ham yolg‘on bo‘lib chiqadi. Mana shulardan Timofeev Mirkomildan qasos olish uchun bu ishlarni qilgan bo‘lishi kerak, degan xulosa kelib chiqadi.

Tintuv natijalari haqida podpolkovnik Ivanovga hisobot berilar, bu ishni uning shaxsan o‘zi olib borardi. Lekin u tintuv natijalari haqidagi ma’lumotlarni qaerga yuborgani bizga ma’lum emas.

...Mirkomil Timofeevning chaqimchilik qilayotganini bilsa ham uni ishdan haydamasdi. Lekin 1911 yil iyul oyida Timofeev mast bo‘lib kelib, uning idorasida to‘polon ko‘taradi. Hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaganidan keyin Mirkomil politsiyaga xabar berib, protokol tuzadi va uni uezd boshlig‘i e’tiboriga havola etadi. Bu ish ham keyinchalik nima bilan tugagani ma’lum emas.

1911 yildan hozirga qadar Timofeev uni qaytadan ishga olishni iltimos qilib, bir necha marta Mirkomilga murojaat qiladi, lekin Mirkomil uning ismini ham eshitishni xohlamaydi. Shu yili aprel yoki may oylarida u yana ishga olishni so‘rab kelganda Mirkomil uni o‘z hovlisidan haydab chiqaradi. Bunga javoban Timofeev katta shov-shuvga sabab bo‘ladigan janjal chiqarishini ochiqchasiga aytib ketadi.

Mirkomil qamoqqa olinganidan so‘ng Andijon politsiya mansabdorlarining biriga quyidagi xabarni beradi: «...maxfiy politsiya bo‘limi Mirkomilni qamoqqa olgani bilan tintuvni keragidagidek amalga oshirmadi, buning natijasida u murojaatnoma, gektograf va boshqa fosh qiluvchi ma’lumotlarni berkitish uchun Mirkomilga sharoit yaratib berildi».

Shu yili sentyabr oyining birinchi yarmida Timofeev Andijon shahri 1-qismi pristavi Zolotovga maxfiy ravishda Mirkomil ishiga taalluqli hujjatlarni topishda qiynalmasligi uchun u Mirkomil qo‘lida ishlovchi kishilarni yollaganini aytadi. Xuddi shu ma’lumotlarning hammasini Timofeev maxfiy politsiya bo‘limi xodimlariga ham aytgan shekilli 21 sentyabr kuni ular M. Mo‘minboev uyida tintuv o‘tkazib, boloxonadagi quritilgan beda orasidan gektograf, siyoh, murojaatnoma va hokazolar topishgan. Yuqoridagi buyumlar saqlangan joyning sharoitidan kelib chiqib, ular bu paytda Toshkent qamoqxonasida bo‘lgan M. Mo‘minboev boloxonasiga qasddan tashlab qo‘yilgan, deb bexato xulosa qilsak bo‘ladi. Timofeev ham ko‘pchilik oldida «Mirkomil endi qamoqdan chiqib keta olmaydi», deb valdiragan.

Timofeevning o‘zi 1911 yildan boshlab turli fisq-fasod va arznomalar yozish bilan shug‘ullanadi. Uning maxsus yozuv mashinkasi bor.

...Timofeev juda durust yashaydi, lekin qaysi mablag‘lari hisobiga bunday yashashi ma’lum emas. U Turkiston tumani mahfiy politsiya bo‘limining yashirin xodimi hisoblanadi... O‘z siyosiy qarashlaridan sotsial-demokratlar partiyasiga taalluqlidir»[15].

Guvohlar bergan ko‘rsatmalar, yuzlashtirish vaqtida tuzilgan hujjatlarni o‘rganganimiz sari M. Mirmo‘minboev, M. Umarboev va D. So‘fiev uylaridan topilgan turk sultoniga yozilgan murojaatnomalar soxtaligi tobora ayon bo‘la bordi. Mirkomilni qamoqda ushlab turish uchun jiddiy dalillari bo‘lmasa-da, Turkiston o‘lka ma’muriyati uni qamash va surgun qilish uchun M. Umarboev uyidan topilgan va M. Mirmo‘minboev hamda Mirfozil Mirmo‘minboev nomiga berilgan ikkita soxta veksellni qamash uchun ashyoviy dalil sifatida qabul qiladilar. Shu tariqa Mirkomilboy qamoqda ushlab qolinadi.

Mo‘minboevni sudxo‘rlikda ayblamoqchi ekanliklarini sezib qolgan Andijon uezdi boshlig‘i Turkiston tumani maxfiy politsiyasiga quyidagi mazmunda xat yuboradi: «M. Mirmo‘minboevni o‘zimning Andijondagi xizmatim davomida (1912 yildan boshlab) kuzatish natijasida quyidagi xulosaga keldim: Mirkomilning boyligi ko‘pchilikka uyqu bermaydi. Uni ruslar va mahalliy xalq orasida juda ko‘p dushmani bor. Tabiatan xasis bo‘lgani uchun u o‘z qarzdorlariga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan, buning natijasida katta boylik orttirishga erishgan. Raqobatchilarni qonun yo‘li bilan inqirozga uchratgan. Ko‘pchilik Mirkomilni sudxo‘r deb ayyuhannos solishi mumkin. Lekin shu paytgacha hech kim uning sudxo‘rligini sudda isbot qila olmagan. Mening ixtiyorimda Mirkomilning sudxo‘rligi haqida hech qanday rasmiy hujjat yo‘q»[16].

Darhaqiqat M. Mirmo‘minboev XIX asr boshlarida Turkistondagi eng yirik boylardan biri hisoblangan. Bunga ishonch hosil qilish uchun uezd boshlig‘iga berilgan M. Mirmo‘minboev kapitali haqidagi hujjatga nazar tashlash kifoya: (ma’lumot 1913 yilda to‘plangan, lekin to‘liq emas).

M. Mo‘minboevga tegishli mol-dunyo:               

1. 5 ta zavod – narxi 380 000 so‘m.

2. Saroy-rasta a) Andijonda 2 ta - 300 000 so‘m; b) Qo‘qonda 1 ta - 200 000 so‘m.

3. Do‘konlar: Andijon bozorida 300 ta - 1 000 000 so‘m.

4. Uylar: a) Andijonda — katta bozor yonida 6 ta - 150 000 so‘m; b) shaharning rus qismida      1 ta - 100 000 so‘m; v) Skobelev shahri rus qismida 1 ta - 10 000 so‘m.

5. Hammomlar: Andijonda 2 ta - 65 000 so‘m.

6. Har biri 50 tanob yerdan iborat uzumzor va mevali daraxtga ega 4 ta bog‘ - 100 000 so‘m.

7. Shahar yaqinidagi 150 tanob yer - 200 000 so‘m.

8. Uezdlardagi 4 550 tanob yer - 1 925 000 so‘m.

9. Turli shaxslarga berilgan bay puli - 4 000 000 so‘m.

10. Garov, kafolat, turli korxonalar aktsiyalari va naqd pullar - 2 000 000 so‘m.

Hammasi bo‘lib - 10 000 000 so‘m.

Bu yerda faqat yer, zavod va boshqa narsalarning qimmati hisobga olingan. Boshqa ma’lumotlarga qaraganda M. Mirmo‘minboevning kapitali 1914 yilda 17 mln. so‘mga yaqin bo‘lgan. Agarda Rossiya moliya ministri Vittening 1897 yildagi pul reformasidan so‘ng Rossiya pulining dunyo bozorida valyuta hisobida yurganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, M. Mirmo‘minboev qanchalik katta kapitalga ega ekanligiga yana bir karra ishonch hosil qilamiz. Shu bilan birga uning Moskva, Peterburg va ko‘plab chet el davlatlariga tez-tez borib turishini, Turkistonda chet eldan yengil avtomashina xarid qilgan birinchi odamligini, rus ma’muriyatidagilarning uncha-munchasini pisand qilmasligini hisobga olsak, uning dushmanlari oz emasligi ham ayon bo‘ladi.

Mirkomil Mirmo‘minboev taqdiri bilan shaxsan qiziqqan Turkiston general-gubernatori 1915 yil 2 noyabr kuni uni qamash maqsadga muvofiq yoki yo‘qligi haqida maslahat so‘rab, Farg‘ona viloyati harbiy gubernatoriga shoshilinch telegramma yuboradi. Endi shu telegrammaga binoan Farg‘ona gubernatori yozgan javobga e’tibor beraylik: «MAXFIY. Telegrammani kech soat 10.00 da oldim. Shu zahotiyoq javob yozyapman. Mirkomil, shubhasiz o‘ta zararli sudxo‘r. Ammo sudya va guvohlarni pora berib sotib olganligi haqida hech qanday dalillar yo‘q. Buning ishga unchalik ahamiyati yo‘q, binobarin qo‘limizdagi oddiy veksel bitishuvlari zararni ochish uchun yetarlidir. Uning Farg‘onaga qaytib bormagani ma’qul, chunki unga qo‘yilgan mudhish ayblarning hech qanday natijasiz tugashi Mirkomilda katta mardlik uyg‘otib, bu yerdagi rus hokimiyati obro‘sini tushirishga sabab bo‘ladi. Gippius. 1915 yil 3 noyabr»[17].

Turkiston general-gubernatori o‘z telegrammasiga javob olgan kunning ertasigayoq M. Mirmo‘minboevning qamoqqa olinishi to‘g‘risida rasmiy buyruq beradi. «Buyruq. 1915 yil 4 noyabr. Toshkent shahri. Men Turkiston general-gubernatori Mirkomilboy Mirmo‘minboev davlat jinoyatchisi ekanligi haqidagi ma’lumotni olishim bilan Davlat mudofaasi haqidagi Nizomning 21-moddasiga binoan yuqorida nomi zikr etilgan Mirkomil Mirmo‘minboevni hibsga olib, Toshkent viloyat qamoqxonasiga joylash haqida buyruq berdim. Ushbu buyruq mahbusga e’lon qilinsin, nusxalari Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori, Toshkent okrug sudining prokuroriga va M. Mirmo‘minboev yotgan qamoqxona ma’muriyatiga yetkazilsin. Turkiston general-gubernatori, Infanteriyadagi general Martson»[18].

Andijondagina emas, butun Turkiston o‘lkasida katta obro‘ga ega bo‘lgan Mirkomilning bo‘htonga asoslanib qamalishidan xavotirga tushgan Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori endi vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlay boshlaydi va Turkiston general-gubernatoriga bir nechta maktub yo‘llaydi. Shu maktublarning birida M. Mirmo‘minboevni surgundan ozod qilish haqida ham gap boradi. «Mirkomil Mo‘minboevning qamoqqa olinishi, shubhasiz, xatolikdir. Mirkomil oddiy fuqaro bo‘lganida bu xatoni uni qamoqdan chiqarib yuborib, osonlikcha to‘g‘rilash mumkin edi. Lekin Mirkomil o‘zining boyligi va butun Farg‘onada mashhurligi tufayli alohida o‘rinda turadi. Uni ozod qilib Andijonga qaytarish uchun durustroq bahona topilmasa, u pora berib qutulib chiqqan degan gap tarqalishi tabiiy. Tugun qattiq bog‘lanib qoldi, endi uni yechish juda mushkul. Boshqaruv ishlarida ro‘y beradigan har qanday katta xatoning oqibati shunday bo‘ladi.

Bu xatolik butun sharoitning mantig‘idan, hatto ma’lum darajada Turkiston o‘lkasiga avval o‘lkada xizmat qilmagan kishilarni tayinlash tartibidan kelib chiqqan, deb ko‘rsatish mumkin. Gippius»[19].

Mana shu yozishmalar davom etayotgan paytlarda Mirkomilga qarshi fitna uyushtirganliklari uchun ayblangan bir guruh kishilar — andijonlik Tursunboy mulla Abduvaliev va Mulla Ergash Xo‘ja Boy Muhammad Ibrohim Hojiev, Eski marg‘ilonlik Mulla Abdurazzoq Muhammad Sodiqovlar 3 yilga, Aleksandr Andreevich Timofeev esa, Turkiston o‘lkasidan butunlay badarg‘a qilinishlari haqida buyruq chiqadi[20].

Mirkomilboy 3 oy deganda 1916 yil 10 fevral kuni qamoqdan ozod qilinib, Toshkentga qaytib keladi. Bu yerda do‘sti Orifxo‘ja boy uyida yashaydi va shu yili 10 may kuni Andijonga qaytib ketadi. Andijon 2-qismi politsiya pristavining Andijon uezdi boshlig‘iga xabar berishicha, Mirkomilboy qaytib kelishi bilan uning uyini tanish-bilish odamlar bosib ketgan.

Oradan ko‘p o‘tmay Rossiyada fevral burjua revolyutsiyasi amalga oshdi. Uning shamoli Turkistonga ham yetib kelib, Turkiston general-gubernatorligi o‘rniga Vaqtli hukumat Turkiston komissariatini tashkil etdi. Shunisi qiziqki, yangi hukumat vakillari ham M. Mo‘minboevni sudxo‘rlikda ayblay boshladi. Bundan foydalangan uning shaxsiy dushmanlari esa yana uydirma va bo‘htonlar uyushtirib, Vaqtli hukumatga arz qilishga tushdilar. Oqibat shu bilan tugadiki, yangi saylangan Skobelev okrug sudining prokurori M. Mirmo‘minboev ustidan jinoiy ish qo‘zg‘adi.

1917 yil 17 may kuni esa Toshkentda soldat va ishchi deputatlari Turkiston o‘lka soveti majlisi bo‘lib, unda Andijon shahri ijtimoiy tashkilotlar vakili Brizgaylov yuqorida tushgan arizalar asosida ma’ruza so‘zlaydi. U o‘z ma’ruzasida M. Mirmo‘minboevga quyidagi ayblarni qo‘yadi: «1. M. Mo‘minboev turli yo‘llar bilan Andijondagi «Sho‘roi Islomiya» tashkilotida faqat o‘z ixtiyoriga bo‘ysunadigan reaktsion organ tashkil etgan; 2. Bu organ komissarlar postiga Andijondagi boshqa tashkilotlar bilan kelishmagan holda faqat o‘z ixtiyorida bo‘lgan yoki umumiy ishonchni oqlamaydigan kishilarni tanlash bilan shug‘ullangan; 3. Mana shu organ yordami va qarori bilan bir necha qozilarni ishdan olib ular o‘rniga o‘ziga tegishli odamlarni qo‘ygan; 4. O‘z ayg‘oqchilari orqali xalqni ma’lum kishilarga qarshi qilib qo‘ygan. Yaqinlashib kelayotgan qirg‘in faqat boshqa ijtimoiy tashkilotlar aralashuvi natijasida to‘xtatilgan; 5. Unga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va hokazo va hokazo».

Nihoyat, M. Mirmo‘minboevni qamoqqa olish zarur deb, u Turkiston Qo‘mitasi ixtiyoriga topshiriladi. Masala hal bo‘lgunga qadar Mirmo‘minboevga Toshkentda, o‘zi tanlagan yerdagi uyda hibsda turish buyuriladi. Andijon soldat va ishchi deputatlari Soveti esa, yuqorida ko‘rsatilgan ayblar asosida M. Mirmo‘minboevni Turkiston o‘lkasidan badarg‘a qilish haqida qaror qabul qiladi[21].

Ushbu xabar tarqalishi bilan andijonlik 113 ellikboshi va 33 imom bir tarafdan, aholi ikkinchi tarafdan Turkiston Muvaqqat hukumati vakillariga arznoma bilan murojaat etadilar. Bu xatda Andijonda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarning asosiy sababchisi 2-matlubot jamiyatining a’zosi A. Temirbekov ekanligi, u aholiga un berishni to‘xtatib qo‘ygani tufayli kambag‘allar g‘azabga minib, tartibsizlik boshlangani, bunda M. Mirmo‘minboevning hech qanday ishtiroki yo‘qligi, binobarin, uning surgun qilinishi hukumat va musulmonlar orasida qattiq to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi ochiq-oydin aytiladi[22].

Ushbu arznomalar hamda sentyabr boshlarida bo‘lib o‘tgan Andijon musulmonlari uezd-shahar ijtimoiy tashkilotlari s’ezdi chiqargan hukm natijasida M. Mirmo‘minboev Andijonga qaytib keladi. Lekin Mirkomilboyning bu omadi ham uzoq cho‘zilmaydi.

1917 yilning oktyabrida Oktyabr inqilobi g‘alaba qozongach, unga o‘xshagan boylar chinakamiga ta’qibga uchradilar. Boylarning yer, suv, zavodlari va mol-mulklari tortib olina boshlandi. Chiqib ketish qiyin bo‘lgan chohga tushib qolgan Mirkomilboy bolsheviklar hokimiyatini tan olmaydi. Lekin ba’zi bir asarlarda yozilganidek, ularga qarshi ochiq kurashga ham o‘tmaydi. Yangi hokimiyat davrida ham unga qarshi bo‘hton va imzosiz xatlar tushishi davom etaveradi. Va oxiri yana hibsga olinadi.

1918 yil 22 fevral kuni bolsheviklar egalik qilayotgan Skobelev okrug sudida uning «ishi» ko‘rilishi kerak edi. Lekin uni sudga olib kelmaydilar. Bu paytda u otib tashlangan edi.

M. Mirmo‘minboev o‘limi haqida bir necha taxminlar mavjud. Arxiv hujjatlarida u «yovuz niyatli kishilar tomonidan o‘ldirildi» yoki «to‘satdan o‘ldi» degan ma’lumotlarni uchratish mumkin[23]. Atoqli adibimiz K. Yashin o‘zining «Yodnoma» nomli esdaliklarida Mirkomilboyni revolyutsion tribunal otishga hukm qildi, deb yozadi. Albatta uni bolsheviklar otib tashlaganiga shubha yo‘q, lekin tribunal hukmini biz hozirgacha topa olmadik.

Mirkomil Mirmo‘minboev o‘limidan keyin uning mol-mulki, boyliklari, yersuvlari musodara qilindi. Musodara ishlarini amalga oshirish uchun Andijon shahar soldat, ishchi va musulmonlar deputatlari Soveti qoshida «Mirkomil komissiyasi» deb nomlangan komissiya tuzildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, nima uchun Mirkomilboyni uchala hokimiyatdan birortasi ham yoqtirmadi? Muvaqqat hukumat o‘z nomi bilan omonat edi, deylik. Bolsheviklar esa boylarsiz davlat qurishmoqchi edi. Kapitalizm sari ilg‘or qadamlar qo‘yib rivojlangan, har qanday ishbilarmonlikni qo‘llab-qo‘ltiqlayotgan chor hukumati-chi? Nega uni yoqtirmadi? Axir M. Mirmo‘minboev 1916 yilgacha Andijon boylarini to‘plab, o‘zbek yigitlarini mardikorlikka bermaslik to‘g‘risida majlis uyushtirgunicha, Farg‘ona harbiy gubernatori huzuriga borib, yigitlarni mardikorlikka olmaslik haqida talab qo‘yguncha rus hokimiyatiga hech qanday yomonlik qilmagan edi-ku. O‘ylashimizcha, 1898 yildagi Andijon qo‘zg‘oloni hanuzgacha chor hukumati vakillarining esidan chiqmagan, ular Andijon uezdini janjal chiqishi xavfi bo‘lgan uezdlardan hisoblashar, qolaversa ba’zi chor amaldorlari M. Mirmo‘minboevni o‘sha qo‘zg‘olonni moddiy jihatdan ta’minlashga hissa qo‘shgan deb o‘ylar edilar. Shu boisdan ham Mirkomilboy bir kunmas-bir kun mahalliy xalqni rus hokimiyatiga qarshi ko‘tarishi mumkin, deb shubhalanishar, uning xalq orasidagi obro‘si oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rishar, Gultepa maydonidagi qurilishga ruxsat berishmagani ham shundan edi chamasi.

Men arxiv hujjatlarini o‘rganib, tarixiy haqiqatni ozmi-ko‘pmi anglagach, shu xulosaga keldimki, M. Mirmo‘minboev o‘ziga xos shaxs bo‘lgan. Uning o‘ziga xosligi shundaki, savodi chala bo‘la turib ham, Moskva paxta qo‘mitasining filiali — Qo‘qon birja ko‘mitasiga a’zolikka kirmay ham manman degan rus va chet el savdo hamda paxta firmalari bilan raqobatlashib, ularning ko‘pini sindira olgan. Rivojlanib borayotgan, ya’ni o‘zining eng yuqori nuqtasi — imperializmga qadam qo‘ygan kapitalistik davlatlar namoyandalarini feodalizmdan endi uyg‘onayotgan bir xalq vakili qonun yo‘li bilan mag‘lubiyatga uchratishi odamni lol qoldiradi. Xalqimiz ichida qanday uddaburron kishilar bo‘lganini ko‘rsatadi.

Shunday bo‘lsa ham biz Mirkomil va unga o‘xshagan badavlat avlodlarimizni kommunistlar do‘mbirasiga o‘ynab, 73 yil yomonlab keldik. Qani ayting-chi, xo‘sh, o‘sha millioner Potelyaxovu — Vadyaevlar, Kamenskiy va Andreevlar, «Iskandaru» «Besh-Boshlar», «Knop», «Shlosberg» va «Kraft»lar Turkiston xalqlarining qonini so‘rib, millionlab pud paxtayu mevasini, paxta moyi va qorako‘lini, ipak, qazilma boylik va hokazolarni suvtekinga olib chiqib ketib, o‘rniga nima berdilar? Nima uchun biz Saidazim, Mirkomil, Ahmadbek hoji, Orifxo‘ja va ularga o‘xshagan uch-to‘rtta boyni topib olib, kimligini surishtirmay-netmay go‘riga g‘isht qalab keldik. Va bunday ishbilarmonlarni so‘kib nimaga erishdik? Jillaqursa tariximizni varaqlab ko‘raylik, ajdodlarimiz kim bo‘lganligini bilamiz. Axir savdogarlar elda eng hurmatli kishilar bo‘lgan-ku. Endi Mirkomilboyga o‘xshagan ota-bobolarimiz o‘z bahosini oladigan, g‘ururimizga aylanadigan vaqt kelmadimi?!

Akmal Akrom o‘g‘li

tarix fanlari nomzodi

R.S. Bobolari haqidagi ba’zi hujjatlar bilan bizni bajonidil tanishtirganliklari uchun Mirkomil Mirmo‘minboev nabiralari Mirmansur Mirmaqsud o‘g‘liga chin dildan tashakkur bildiraman va u kishining chigal taqdirini oydinlashtirish uchun olib borayotgan ishlarida muvaffaqiyatlar tilayman.

Muallif

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 5-son

------------------------------------

[1] O‘zbekiston Markaziy Davlat hujjatgohi, f. i. 19, 1—yozuv, 14476-ish, 7-bet.

[2] O‘sha yerda, f. i. 127, 1—yozuv, 129-ish, 3-bet.

[3] O‘zMDH, f. i. 127, 1-yozuv, 129-ish, 9 bet.

[4] O‘sha yerda f. i. 1-yozuv, 27849-ish, 28-bet.

[5] Asli Kultepa deb ataladi.

[6] O‘zMDH. f. i. 19, 1-yozuv, 27849-ish, 36-bet.

[7] Hujjatda shunday bitilgan.

[8] O‘sha yerda, 51-bet.

[9] O‘sha yerda, 65-bet.

[10] O‘zMDH, f. i. 461, 1-yozuv, 2263-ish, 63-bet.

[11] O‘zMDH, f. i. 451, 1-yozuv, 2263-ish, 64-bet.

[12] O‘sha yerda, 58(6).

[13] O‘sha yeda, I—19, 4-yozuv, 178-ish, 4-bet.

[14] O‘sha yerda, 43-bet.

[15] O‘sha yerda, 75-bet.

[16] O‘sha yerda, 97-bet.

[17] O‘sha yerda f. I—19, yozuv-4, 178-ish, 41-bet.

[18] O‘sha yerda, 42-bet.

[19] O‘sha yerda, 132-bet (orqasi).

[20] O‘sha yerda, 128-bet.

[21] O‘sha yerda, f. I—1613, 1-yozuv, 2-ish, 24-6et.

[22] Farg‘ona oblast Davlat arxivi. (GAFO) f. 121, 1-yozuv, 23-ish, 14-bet.

[23] O‘sha yerda f. R. 350, 1-yozuv, 5898-ish, 229-bet.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.