background
logotype

Alisher Nazar. Ehtiyoj (2000)

Kecha bo‘lgan, bugun bo‘layotgan, ertaga bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma fojealar yomon fikrining “bolalaridir”. Engels bizni boplab aldadi: “Ota-bobolarimiz maymundan ajralgan. Biz asli mehnat qilaverib, mehnat qilaverib maymundan olamga aylaganmiz”, dedi. Biz ishondik. Chunki u paytlar “dohiylar” fikriga shubha bildirish osiylik  alomati edi. Qolaversa, biz hech narsani o‘rganmas edik, o‘zlari o‘rgatishardi. Oqibat nima bo‘ldi? Oqibatda bizning dahshatli fojeamiz – Allohsizlik boshlandi. Har qanday yomon fikr – Allohsizlikdir!

Biz xuddi shu vaziyatda ulug‘larimizni yo‘qotib qo‘ydik. Jumladan Navoiyni yo‘qotib qo‘ydik. Demak, ko‘ngilni yo‘qotib qo‘ydik. Endi o‘zbek adabiyotidagi lirik qahramonlar ko‘kka qarab yig‘lamay qo‘ydilar. Ular endi hamma narsani yerdan izlay boshladi. Yangi adabiyotda paydo bo‘lgan bu yangi qahramonlarning tuyg‘ularidan ko‘k ko‘rinmay qoldi. Adabiyotda osmon yo‘qoldi. Qahramonlarning biri yerbop bo‘lib qoldi. Xo‘sh, endi ana shunday bir holatda Navoiyni tushunish mumkinmidi?

Yo‘q, albatta. Nega? Chunki Navoiyni anglash uchun Navoiygacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish lozim bo‘ladi. Agar e’tibor bersak, ushbu fikrimizning isbotini ham bobomizning o‘zi berib qo‘yibdi.

El netib topgay menikim,
Men o‘zimni topmasam.

Xo‘sh, endi biz o‘zimizni topmasak, o‘zini topgan kishini qanday topamiz? Albatta, bu bilan men Navoiyni anglash uchun Navoiy bo‘lish kerak, demoqchi emasman. Ammo, kishi o‘zgalardan istaydiganini dastavvval o‘zidan izlamog‘i kerak. Bu xususda Navoiy deydi:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zingdan istagil.

Lekin kishida “O‘zini istash” istagi qanday paydo bo‘ladi? Menimcha, Navoiyni o‘rganish ehtiyoji mana shu savoldan boshlansa kerak.

Biz o‘rta maktabdan Navoiy haqida bor-yo‘g‘i uch-to‘rtta jumla o‘rganib chiqdik, xolos. Ya’ni “Navoiy she’riyat mulkining sultoni, Navoiy buyuk hamsanavis, Navoiy adolatli vazir” bo‘lgan. Adabiyot o‘qituvchimizning Navoiy bobomiz haqida bilgan ma’lumotlari shular edi. Lekin men bu bilan muhtaram o‘qituvchimga hech qanday iddao qilmoqchi emasman. Chunki u bizga Navoiy haqida dars o‘tayotganlarida biz uchun ideal odam edi. u kommanist edi. Barcha “eskilik sarqitlariga”, dinga qarshi kurashuvchi jamiyatini faol a’zosi edi. demak, bundan shu narsa ayonki, bunday jamiyatga hazrat Navoiyning qarashlari begona bo‘lgan.

Mana bugun mutlaqo boshqa bir jamiyatda, bobolarimiz orzu qilgan bir davrda yashayapmiz. Xo‘sh, bundan 15 yil ilgari menga Naoviy haqida dars o‘tgan o‘qituvchi bilan bugungi o‘qituvchining Navoiy haqidagi bilimlarida qanchalik farq bor? Ana shu farq bugun o‘ziga qaytayotgan bir millatning talabi darajasidami? Bugun Navoiyni o‘rganish masalasini xuddi shu alfozda qo‘yish kerak.

Nazarimda Islom dinini mukammal bilmagan kishi Navoiyni mukammal bilmaydi. Keling, shu jumla isboti uchun bir misol. Hazrat Alisher Navoiy nazdida so‘z biz o‘ylagandan-da ko‘ra yuksakroq masnadga ega. U so‘zga falsafiy ta’rif berar ekan, shunday deydi:

So‘zdurki, nishon berur o‘likka jondin,
So‘zdurki, berur xabar jonga jonondin.

Tiriklik Navoiy nazdida katta tushuncha. Shoir jismiy tiriklikni emas, balki ruhiy uyg‘oqlikni nazarda tutadi. So‘z ruhning qolipi, u o‘likka tiriklik baxsh etib turadi. So‘z ko‘ngilni uyg‘oq tutadi.

Shoirning ikkinchi misrasidagi “jon” va “jonon” so‘zlariga e’tibor bersak. Jon – ruh va vujudning uyg‘unlashuvi. Jonon esa – Olloh. Olloh ko‘ngilda tajalliy topadi. Ollohning ko‘ngilda zuhur etilishida so‘z asosiy vositachi bo‘ladi. Keyingi misralarda esa bu fikr yanada rivojlantiriladi.

Xo‘sh, bu bilan nima demoqchiman? Bu bilan demoqchimanki, Navoiyni anglash uchun yuqorida aytilganidek, Navoiygacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tish kerak. Bu masofa – Islom dinidir.

Shoir Erkin Vohidovning guvohlik berishicha, domla Mirtemirdek zakiy olim Navoiyni to‘liq bilmagani uchun ul onhazratning haykallaridan uyalar ekan. Bugun poytaxtimizda savlat to‘kib turgan bobomiz haykali qoshiga  har kuni o‘nglab kelin-kuyovlar boradi. Ana shu tashrif etayotganlar kimning poyiga kelganini anglaydilarmi? Shu haykalsohibining jillaqursa bitta g‘azalini yod biladilarmi? Agar bilmasa, hech bo‘lmaganda o‘zlarida uyalish hissini tuyadilarmi?

Ha, ana shunday og‘riqli savollar qarshisida qolar ekansan, beixtiyor ulug‘ bobomiz oldida qanchalik uyatli holda ekanimizga iqror bo‘lasan kishi.

Bugun biz uchun Navoiyni o‘rganish – ichki ehtiyoj. Agar har qanday ehtiyoj qondirilmas ekan, o‘sha yerda muayyan vaqt o‘tib kasallik paydo bo‘ladi. Zero, Hazrat Alisher Navoiy biz uchun ruhimizni, ko‘nglimizni tozalaydigan “mahak toshi” kabidir.

“Yoshlik” jurnali, 2000 yil 2-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.