background
logotype

Alisher Nazar. Xudojo‘ylik da’vosidagi xudosizlik (2000)

O‘tgan XX asrning eng katta yaralaridan biri “...izm”lar edi. bu asrni aynan mana shu “..izm”lar qaritdi. Lekin ular hech kimga o‘zlari va’da qilgan baxtni bermadi. Aksincha, natsizm millionlab olamlarni boshini yedi. Sotsializm “tenglik” niqobi ostida haqiqiy xalqlar turmaxonasiga aylandi. Kommunizm esa qariyb yetmish yil baxtli kelajak va’da qilib, oqibatda o‘zining sarobligi ayon bo‘ldi. Faqat bizning kimlargadir oltmi million tonnalab paxta terib berganimiz va ulkan yo‘qotishlarimiz qoldi, xolos.

Insoniyat ana shu alfozda “...izm”lar botqog‘idan chiqdi. Endi nafasini rostlagan edi... Taassufki, uning XXI asrdagi ilk qadami yana bir “...izm” to‘foniga kelib tushdi. Bu to‘fon – terrorizmdir.

Terrorizm boshqa qarindosh “..izm”laridan ko‘lami jihatdan kengroq va xavfliroqdir. Chunki moziyga do‘ngan asr “..izm”lari bilvosita harakatda bo‘lgan bo‘lsa, terrorizm bevosita harakatdadir. Lekin bu “..izm”larning bir-biriga o‘xshash jihatlari ham avjud. Ya’ni, ular inson e’tiqodini maxv qilib oltin sarob va’da etishda mushtarakdirlar.

O‘tgan asr “..izm”lari ilohiyotni inkor etdi. Insoniyatga o‘zini “Xudo ham, payg‘ambar ham o‘zimman”, deb tanishtirdi. Keyinchalik ana shu nomiga munosib sa’y-harakat boshladi. Bu faoliyat qanday oqibat bilan intiho topgani o‘zingizga ayon. Bugungi terrorizm esa, aksincha, xudojo‘ylikni da’vo qilgan harakatdir. Bu faoliyatning oqibati nimalarga olib kelayotgani ham o‘zingizga ayon. Xulosa shuki, XX asr “...izm”lari Xudoni inkor qilgan xudosizlikdir. Bugungi terrorizm esa xudojo‘ylikni da’vo qilgan xudosizlikdir.

Bu dunyoda ikkita bir xil fikrlaydigan odamni uchratish dushvor. Lekin ikkita bir xil – fikrlamaydigan odamni topish mumkin. Bugungi terrorizm ana shu fikrlamaydigan odamlar jamoasidan tashkil topgan. Ya’ni, bugungi aqidaparast terrorchi millionlar ichidan sarxillab olingan quldir. Bu qullarning bor aybi – fikrlamaydi. Bu holatni adabiyotchilar “manqurt” deb izohlaydilar. Manqurtlik – xotirasizlikdir. Lekin ularning manqurtdan biroz farqli jihatlari bor. Ularda xotira bor, lekin bu xotira xotirasizlik kabi dahshatlidir. O‘ziga xos fikri bor, lekin bu fikr fikrsizlik kabi ayanchlidir. Bu xil fikrsizlik –hech narsani bilmagan kishining hamma narsani inkor qilish holatidir. Bu xil fikrsizlik – radikalizmdir.

Aslida inson bilan to‘rt oyoqli mahluqotning o‘rtasidagi tafovut ham ularning fikrlay olish qobiliyatida, xolos. Ayniqsa, bugungi kunda zamon evrilishlarini fikriy ilg‘ab ololmagan kishi yangilanishlar “oyog‘i ostida” qolib ketmoqda. Bunday mavjudotdan esa har qanday kuch istagan shaklidagi qurolni yasab olishi mumkin. Xuddi shu ma’noda aytish mumkinki, terrorizm jaholatning qurolidir. Bugungi jaholat – dunyoga beshinchi asr hijobi ortidan mo‘ralayotgan fikrdir.

Bugun terrorizmga qarshi ham harbiy, ham ma’rifiy harakatlar boshlangan. Aslida har qanday urush insoniyatning yutqizig‘i. Afsuski, bu mojarolar zamirida boshqa bir yutqiziqning sharpalari ham kezib yurgandek. Bu ham bo‘lsa muqaddas din nomidan boshqalarga fatvo berish va qo‘liga qurol olish holatidir. Biz bugun naqadar achchiq bo‘lmasin bir haqiqatni tan olishga mahkummiz. Asosan bugungi terrorizm muqaddas Islom dini tanasidan chiqqan chipqondir. Vaholanki, har qanday din jaholatga qarshi reaktsiya! Islom dini ham ana shunday reaktsiyalardan biridir. U ham adolatsizlikning har qanday ko‘rinishiga muxolif. Shunday ekan, hamma zamonlarda haq bilan botil o‘rtasida bo‘lib kelgan Islom dini bu safar ham o‘z adolatini namoyon qilishi shubhasiz.

Aslida hech qanday g‘oya osmondan tushmaydi. U yerda paydo bo‘ladi. Yerdan unib chiqayotgan har qanday giyoh nimadandir oziqlangani kabi har qanday g‘oya ham nimadandir oziqlanadi. Bugun ana shu g‘ayriinsoniy g‘oyalarni “oziqlantirayotgan” manbalarni topish mavridi keldi. Shunday ekan, o‘zini Islom dinidek ozoda liboslarga o‘rayotgan terrorizm balosiga har tomonlama zarba berishimiz va bu ishda barcha fuqarolarimiz qatorida, ayniqsa, dinshunos olimlarimiz, ulaomlarimiz ko‘proq jonbozlik ko‘rsatishlari lozim bo‘ladi.

“Hurriyat” gazetasida chop etilgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.