background
logotype

Asad Asil. Chiqitlarga cho’kib boryapmiz (1992)

Atrof muhiti kun sayin og‘irlashsa og‘irlashyaptiki, sog‘lomlashmayapti. Faqat biz – tabiat himoyachilarimiz, deb ko‘kraklariga urib yurganlar faoliyatda sustlashdik, xolos. Bundan ruhlangan tabiat kushandalari “faoliyat”larini har qachondagidan-da kuchaytirmoqdalar. Ular o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, sodda dillarni ovuntirib qo‘yish uchun qog‘ozbozlikka, soxta hujjatlarni to‘ldirishga zo‘r bermoqdalar. Amalda esa... bir paytlar o‘ylab-netib o‘tirmasdan O’zbekistonga qalashtirib tashlangan katta-kichik korxonalar atrof muhitni zaharlashni davom ettirmoqda. Mana misol: Toshkent viloyati atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hisobotlaridan birida quyidagi satrlarni o‘qiymiz: “Biz ko‘pdan beri inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan har xil sanoat chiqindilarini bu mintaqaga keltirib ko‘mmaslik to‘g‘risida fikrlar bildiryapmiz. Ammo O’zbekiston yadro-fizika instituti, Chirchiq elektr-kimyo ishlab chiqarish birlashmasi, “Kaprolaktam” zavodining o‘ta xavfli chiqindilari Bo‘stonliq tumani (hozirgi Qo‘shqo‘rg‘on - A.A.) hududiga keltirib ko‘milmoqda...”
O’z zimmalariga naqadar muhim mas’uliyat yuklatilgan tashkilotlarning shunchalik tishsiz, tirnoqsiz ekanligiga hayron qolib yurar edim, bir voqeadan keyin bu sir tagiga yetgandek bo‘ldim. Yirik korxona faoliyatini “elak”dan o‘tkazish reydida bor edim. Yakuniy yig‘inda juda qattiq tanqidlar bo‘ldi, vahimali isbot-dalillar keltirildi. Ma’lum muddat o‘tgach, ijroni tekshirishga kelishib olindi. Yig‘in tarqab, ko‘chaga chiqar ekanmiz, reyd gruppasi boshlig‘i korxona rahbari qulog‘iga quyidagi gaplarini shipshiganini tasodifan eshitib qoldim: “Shahringizdagi boshlang‘ich tashkilotimiz xodimlari tayinsiz, sovuq binoda qiynalib yashayaptilar. Shu binoni yaxshilab ta’mirdan chiqarib berolmaysizmi?” “Jonimiz bilan, - hamsuhbatining qo‘ltig‘idan oldi korxona rahbari, - Uzog‘i bilan bir hafta muhlat berasiz-da! Qotirib tashlaymiz!”
Sal oldingi yig‘inda bir-biriga suv va olovdek qarama-qarshi turgan ikki boshliqning osongina kelishib olishlari hafsalamni pir qildi…

“KAPROLAKTAM” KERAKMI

“Kaprolaktam” nomini eshitganda, shubhasiz, ko‘pchilikning ko‘nglida g‘alati qo‘rqinch, xavotirlik paydo bo‘lishi turgan gap. Chunki u paydo bo‘lgandan beri Chirchiq daryosi o‘zani bo‘ylab Toshkentdan to Chotqolgacha cho‘zilgan hayot jon talvasasiga tushib qolgan. O’n yilcha muqaddam Chirchiq daryosi sohilida osmondan tushgandek paydo bo‘lgan bu zormanda tevarak-atrofda yashnab turgan hayotni o‘z zahar-zaqqumi bilan qovurib tashlamoqda. Bo‘stonliq tumanidagi Abay nomli jamoa xo‘jaligi vakillari respublika mutaxassislari ishtirokida tekshirish o‘tkazishib, “Kaprolaktam” zaharidan besh yil (1983-1989) davomida nobud bo‘lgan sabzavot, meva va uzum qiymatini hisoblaganlar. Atigi uch turdan bir yarim million so‘mga yaqin zarar ko‘rilibdi. Pilla, chorva kabi yana qanchadan-qancha sohalar, eng muhimi, inson ko‘rgan zararlar-chi?! Korxona esa o‘zi keltirgan zararni to‘lashdan bosh tortib, tevarak- atrofni zaharlashni hamon davom ettirayotganiga nima deysiz?.. 
Ilgari Chirchiq Chotqol tog‘laridan sharqirab oqib tushuvchi zilol suv manbai bo‘lgan. Tajovuzkor kimsalarning har qanday qonun-qoidaga, insoniylikka zid qilgan bosqini oqibatida odamzod salomatligiga katta xatar soluvchi o‘nlab korxonalar shu daryo bo‘ylab qad rostladi. Uning debochasi Iskandar qishlog‘ida o‘ttizinchi yillarda qazilgan Chirchiq kanali edi. Shunday qilib, yerli xalq va mahbuslardan katta qurbonlar berish evaziga tiklangan to‘g‘on etagida Barraj (daryo to‘silgan joy – to‘g‘on) posyolkasi paydo bo‘ldi. Bu esa katta ishlarning emas, katta yolg‘onlarning debochasi edi. “Bu kanal GESlar qurish uchun qazilyapti”, degan gaplarning biryoqlamaligi qirqinchi yillarda bilindi. Aslida, kanalning muzdek tiniq suvi yirik-yirik kimyo korxonalari va boshqa turdagi zavod-fabrikalar zaharini oqizish uchun kerak edi. Shu suv o‘zanida hayot zavoli sifatida qad rostlagan gigantlar zaminida esa Chirchiq shahri tug‘ildi.
U paytlarda-ku, Moskovdan turib ko‘rsatma berayotgan “xo‘jayin”larning shum niyatlarini payqamagandirmiz, yoki gap qaytarishdan andisha qilgandirmiz, cho‘chigandirmiz. Xo‘sh, saksoninchi yillarda – suvimiz, havomiz, zaminimiz zaharga to‘lib-toshib ketgan bir paytda yana shu Chirchiq daryosi yoqasida “Kaprolaktam”ning quchoq ochib kutib olinganini qanday baholash mumkin? Axir Chirchiq daryosi boshdan-oyoq ichimlik suvdan iborat, tog‘ qishloqlaridan tortib to Toshkentday shahri azim xalqini obihayot bilan ta’minlaydi-ku! 
Aslida, birinchi navbatda mustaqil davlat sifatida O’zbekiston zaminida ishlab turgan korxonalar qancha, ularning nechtasi zararliyu zararsiz va kim uchun xizmat qilayotganini sira kechiktirmay aniqlab olish kerak emasmi?

“PESHQADAM” KIM

“Peshqadam” deb, ishlab chiqarish, sport va boshqa soha ilg‘orini emas, atrof-muhitni eng ko‘p miqdorda zaharlayotganlarni nazarda tutmoqdamiz.
Bunaqalarni aniqlash uchun uzoqni qo‘ya turib, respublikamiz gultoji hisoblangan Bo‘stonliqqa bir nazar solish kifoya. Taajjublanarli joyi shundaki, asosiy yirik korxonalar Toshkent shahri va viloyatini ichimlik suv bilan ta’minlab turgan Chirchiq, Ohangaron daryolari bo‘ylariga tiqishtirilgan. Havoni, suvni, zaminni zaharlashda ular bir-birlaridan qolishmaydi.
Masalan, Ohangaron-Olmaliq vodiysidagi korxonalar yil davomida 350 ming tonnadan mo‘l zararli gazlarni havoga uchirmoqda. Chirchiq daryosi qirg‘oqlariga joylashgan “Elektroximprom” ishlab chiqarish birlashmasi, o‘tga chidamli va qiyin eriydigan metallar kombinati kabi o‘nlab korxonalar ham jonli tabiatga xurujda ohangaronlik turdoshlaridan qolishmayapti. Umuman olganda, Toshkent viloyatining o‘zidagina yuzlab sanoat korxonasi mavjud. Ammo ular kimning tasarrufidayu, faoliyatini qay tarzda davom ettirayotgani bilan hech kim yetarli darajada shug‘ullanmayapti.
Korxonalar ko‘pligidan bo‘lsa kerak, respublikamiz poytaxti va Toshkent viloyati aholisi qariyb to‘rt yarim milliondan ham oshib ketdi. Afsuski, shunga yarasha chiqindilarni qayta ishlash sanoati mavjud emas. Oqibatda biz chiqindilar ichiga cho‘kib boryapmiz, desak, sira mubolag‘a bo‘lmaydi.
Toshkent shahridagi ahvol bunga yaqqol misoldir. Aytaylik, shaharning ikki milliondan ziyod aholisi bir kunda o‘rta hisobda ikki kilogrammdan chiqindi to‘ksa, bir yarim million tonnadan ham ulkan badbo‘y “tog‘” hosil bo‘larkan. Aniq hisob-kitoblarga qaraganda, shu miqdorning yarmini “hazm qilish” uchun ham shaharda imkoniyat yo‘q. Demak, qolgan 700-800 tonna chiqindi Bo‘zsuv, Salor suvlariga oqizilmoqda, yondirib havoga tutatilmoqda, ko‘chayu hovlilarda uyum-uyum bo‘lib yotibdi.
Xo‘sh, bu ofatlarni tugatish chorasi bormi? Ushbu ko‘ndalang savolga ijobiy javobni Ohangarondagi “Istochnik” kooperativi faoliyatidan topish mumkin. Ular shahar chiqindilarini saralab qayta ishlamoqdalar va katta daromad olmoqdalar. Eng muhimi, shahar ko‘chalari va tevarak-atrof har xil chiqindilardan xalos bo‘lmoqda. Toshkent va boshqa shahar, posyolka, qishloqlarning ma’murlari, shu joylarda istiqomat qilayotgan har bir inson bu masalada bosh qotirib, qo‘lidan kelgancha amaliy ishga o‘tishi kerak. Ha, atrof-muhitni zaharlashda emas, musaffolikni ta’minlashda peshqadam bo‘lish lozim.

“Xalq so‘zi” gazetasi, 
1992 yil 17 iyun soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.