background
logotype

Asad Asil. Daryolar o’zanin topar suv bilan (2000)

To‘rt fasl barqaror bo‘lgan jannatmonand O’zbekistonning suluv bahori, serquyosh yozi, so‘lim kuziyu pokiza qishi bor. Bir tasavvur qilib ko‘ring, faqat bir yoki ikki fasl takrorlanaversa, yurtimizda bunday tabiat tugalligi – to‘kisligi bo‘lmasdi. Mo‘‘jazgina kurrai zaminda xuddi shunday yoki shunga o‘xshash iqlimga ega bo‘lgan joylar ham yo‘q emas. U tomonlardagi turli tabiiy ofatlar haqida ko‘p eshitamiz. Shukrkim, biz tolei bor el ekanmiz- u, biroq... istibdod zulmi va g‘aflatimiz bois cho‘l quvibmiz, daryolarni naq ters oqizibmiz, cho‘llar bag‘rida sun’iy havzalar, garchi haritada aks etmagan bo‘lsa-da, Arnasoy va Qoraqum kengliklarida necha o‘nlab ko‘llarni paydo qilaveribmiz, tog‘u toshlarni-da qo‘zg‘ayveribmiz... Bugun esa to‘xtam olib qolgan tafakkurlarga shu o‘tmishning “suvi” singib qolgan kabi bu borada hamon bir silkinib o‘zimizga kela olyapmizmi? Tabiatni oz bo‘lsa-da asl holiga qaytarish jarayonlari anchayin qiyin kechmoqda. O’rta Osiyoning iqlimi, tabiat muvozanati Oroldan boshlanadi, desak, mubolag‘a bo‘lmas. Bu, umuman, ekologiyamizning o‘zagidir. Tabiiyki, o‘zagi qurigan daraxt yashnamaydi. 
Darvoqe, ekologiya degan so‘zni tobora ko‘proq qo‘llayapmiz, bu tushuncha aslida insoniyat bilan bir, xususan, bizning xalqimiz dilida ham mudom birga yashab kelgan. Zero, bizda hammamizga tanish “pokizalik” degan so‘z bor, azal-azaldan bu so‘zning qadri baland bo‘lgan. Go‘zallik, pokizalik, umuman olganda, atrof-muhit muvozanatini bir butunligicha himoya qilish kerakligi haqida hayotda bir qadam oldinda yuruvchi ziyolilar, ijodkorlar hamisha so‘z aytib keladilar. Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliev, O’ljas Sulaymonov, Valentin Rasputin, Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim G’afurov kabi ko‘plab adiblarni ezgu niyatli hamnafaslar deyish mumkin. Valentin Rasputin “Matera bilan vidolashuv” asarida amalga oshirilayotgan ishlar zamirida naqadar ayanchli voqealar ham borligini badiiy bo‘yoqlarda vazminlik bilan aks ettirgan edi. Zotan, Angara daryosida kuchli gidrostantsiya qurish oqibatida mo‘‘jazgina hayot davom etib turgan Matera oroli hammaning ko‘z o‘ngida suv qa’riga g‘arq bo‘ladi. Bu voqeaga odamlarning qarashlari turlicha: “qonun buyurdimi, shunday bo‘lishi kerak” deb o‘ylaydi ba’zilar, boshqalarning ko‘z o‘ngidan esa Materaning butun borlig‘i, turish-turmushi, go‘zal ko‘rk-jozibasi sira-sira o‘chmaydi. Ular umr bo‘yi shu aziz zaminni qo‘msab yuradilar... Angara daryosida qudratli inshoot barpo etilishi evaziga shu manzilda hayot onasi bo‘lmish Matera boy berildi. Xuddi shuningdek, Chorvoq suv ombori qurib bitkazilgandan so‘ng Bo‘stonliqning azal-azaldan yashab kelgan Shungak, Baqacho‘l qishloqlari butunlay, Burchmulla, Bog‘iston, Sijjak va Nanay qishloqlarining esa ko‘plab madaniy-ma’muriy binolari, katta-katta unumdor ekin yerlari, yashnab turgan bog‘lari suv ostida qolib ketdi. Tabiatning nozik olamiga amaliy maqsadlarni ko‘zlab, bilib-bilmay aralashuvlardan insoniyat tiyilmog‘i kerak ekan. Chorvoq suv omborining tegrasida salqin joylar ko‘p, bu so‘lim manzilga yoz oylari dam olishga kelib-ketadigan ming-minglab odamlar turli-tuman chiqitlar, oziq-ovqat qoldiqlarini tashlaydilar. Bu tashlandiqlar esa Chirchiq daryosiga oqib tushaveradi va undan quyida yashayotgan aholi iste’mol qilayotgan suvlarni bulg‘ayveradi. To‘g‘ri, xalqimizning asosiy ichimlik suvi bo‘lmish Chirchiq daryosi atrofidagi oqova suvlarini katta quvurlar orqali olib ketib zararsizlantirish ishiga ancha yil avval kirishilgan edi. Chimgan – Baqacho‘l yo‘nalishi bo‘ylab to Qibray hududiga qadar davom etuvchi katta kanalizatsiya kollektori qurilishi ikki-uch yil davomida olib borilib, Chirchiq-Qibray oralig‘idagi ishlar to‘liq bitkazib ham qo‘yildi. Ammo tog‘lar oralig‘idan Chirchiq shahriga qadar qazilgan zovurlar, chala-yarim yotqizilgan quvurlar 1988 yildan buyon deyarli yoddan ham chiqarib yuborildi. Chirchiq daryosi esa yil sayin ortib borayotgan iflos oqavalar hisobiga tobora ko‘proq bulg‘anmoqda. 
Endilikda ekologiya sohasidagi bir qator namunali harakatlarning hozirgi karvonboshilaridan biri sifatida “EKOSAN” Respublika jamg‘armasi faoliyati hammamizni umidlantirmoqda. Quvonarlisi shundaki, bu tabiatsevarlar davrasi tobora kengaymoqda.
Bir dono kishidan “nima oson?” deb so‘raganlarida, “maslahat berish”, “nima qiyin?” degan savolga esa “berilgan maslahatga amal qilish”, deya javob bergan ekan. Demoqchimanki, pokizalikni har kim o‘z qadamidan, mo‘‘jaz hovlisidan, qolaversa, mahalla, tuman, viloyat va har mamlakat o‘z hududidan boshlasa, ona zamin tabiati kun-kundan so‘limlashadi, azal oqil muvozanatiga qaytadi. Hovlingizda, o‘quv va ish binolari atrofida har kim bir daraxt, bir gul o‘stirsa, yurtimizda har yili kamida 20 million tup daraxt ekologiyamizni tiklashga kirishadi, mevasi katta-kichikka quvvat ulashadi. Birni kessang, o‘nni ek, deb bejiz aytishmagan. Go‘zallik va pokizalikka ixlos xususida gap ketganda ma’rifatparvar adibimiz Sirojiddin Mirzohid o‘g‘li Sidqiy Xondayliqiyning g‘oyat nozikta’bligini eslaymiz. Uning hovlisini mudom rango-rang gul-lolalar bezab turgan. Gulzorlarning chekka-chekkalariga o‘rnatilgan uyalardan esa asalarilar g‘uv-g‘uv uchib, atrofidagi go‘zal chamanzorlardan, so‘lim bog‘lardan bol to‘plagan. Hovlidagi chiroyli hovuzchaga suv eltuvchi ariq yoqasida o‘stirilgan katta tol daraxti ustida esa har yili laylaklar uya qurib, bola ochar ekan... Kurrai zaminimizda yana shunday insonlar bor ekanki, ular uylaridan ko‘chaga chiqayotganlarida poyabzallarining ostini yaxshilab tozalaganlaridan keyingina tashqariga qadam bosar ekanlar. Shveytsariya, Avstriya, Gollandiya, Meksika, Avstraliya singari davlatlarning fuqarolari atrof-muhit muhofazasi va pokizalik borasida ana shu qadar yuksak darajaga erishgan. Olmoniyaliklarning ham tabiatga munosabatda saranjom-sarishtaligu pokizaligi avloddan-avlodga eng qadrli ma’naviy meros sifatida o‘tib borayotganligi havas qilarlikdir. O’z xaritamizga nazar tashlasak, yarmidan ko‘p suvini yo‘qotgan Orol dengizining qadimdagidek tasvirlanishini ko‘rib, orzulanamiz va bu tasvirning rost bo‘lishini istaymiz. Ushbu so‘zlarimiz ham shu pokiza istak ifodasidir.

“Milliy tiklanish” gazetasi, 
2000 yil 13 iyun soni

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.