background
logotype

Asad Asil. Qalblarning tubidan chiqsa hayqiriq (2000)

Oddiygina bir so‘rov bilan uchragan odamlarga murojaat qilamiz: “Hayot uchun eng zarur narsa nima o‘zi?” Bu savolga har kim har xil javob aytadi: birovlar havo desa, ba’zilar suvni yoki boshqa turli zaruratlarni ko‘rsatishadi. Ammo ko‘pchilikning bu mavzuga mutlaqo e’tiborsizlik, shunchaki rasmiyatchilik bilan yondashuvi kishini ajablantiradi. Go‘yo bu masalaning ularga mutlaqo aloqasi yo‘qdek, arzimaydigan narsa uchun qimmatli vaqtini yo‘qotayotgandek... Xuddi shu o‘rinda bir narsa oydinlashadi: demak, ommaning keng qatlami orasida ekologik ongni yuksak darajada shakllantirmay turib, bu sohada biron-bir ijobiy siljishga erishish qiyin.

Hammamiz ko‘rib-kuzatib yuribmiz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti barcha anjuman, yig‘in va uchrashuvlarda g‘oyat salmoqli va yoniq savollarni o‘rtaga qo‘yadi, nafaqat zaldagilardan, balki hammamizdan ochiq, samimiy javob kutadi. Jumladan salkam yetti yil avval u kishining yonib aytgan mana bu so‘zlari hamon esimda: “Bu aziz Vatan – barchamizniki! Uning baxt-saodati, yorug‘ istiqboli, farovon kelajagi uchun yashash, kurashish, kerak bo‘lsa jonni fido qilish shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir inson uchun baxtdir!” Qalbning tub-tubidan chiqqan bunday hayqiriqni his-hayajonsiz eshitish, oqibatsiz qoldirish mumkinmi?

Xuddi o‘sha 1993 yilning oktyabr oyida “Ekologiya va salomatlik” ikki yilligini o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilindi va 1994-1995 yillarga mo‘ljallangan dastur ham tasdiqlandi. Vazirliklar, idoralar, kontsernlar va assotsiatsiyalarga 1994-1995 yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan bu dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash vazifasi topshirildi. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasidan tortib, ekoligiyaga oid barcha anjuman va yig‘inlarda yuksak hayajon bilan aytgan haroratli gaplari, otashin chaqiriqlari ko‘pchilik qalblarda aks-sado berdi. Shundan keyingi o‘tgan yillar davomida tabiat muhofazasiga oid bir qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Orolning qurishini sezilarli darajada to‘xtatishga erishildi, havo va suvni tozalash, tejash, yerga munosabatni o‘zgartirish singari masalalarda ancha ijobiy siljishlar bo‘ldi. Ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqalarida, shuningdek respublikamizning barcha viloyatlarida aholi sog‘lig‘ini saqlash maqsadida ko‘plab yangi shifoxonalar, poliklinikalar qurilganligi quvonarlidir.

Aslini olganda, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha erishilgan natijalar, amalga oshirilgan ishlar ko‘lami bundan ham salmoqli bo‘lishi mumkin edi. Biroq, joylardagi ayrim rahbarlarning e’tiborsizligi belgilangan vazifalar, ayniqsa qishloqlarda o‘lda-jo‘lda qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Mana bir hayotiy dalil: Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini “O‘zbekiston Shveytsariyasi” deb atashadi. Chindan ham bu go‘shaga Alloh nazari tushgan. Lekin keyingi yillarda jannatmakon bu go‘sha ko‘rkiga ham putur yeta boshladi. Oldini olish uchun matbuotda qator chiqishlar qilindi.

Tumanga yangi rahbarlar saylandi. Ular birinchi qadamlaridanoq xalq manfaati nuqtai nazaridan ish boshlashdi. Tabiat muhofazasiga doir keng ko‘lamli yumushlarga yeng shimarishdi. 2000 yil 10 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi “Chimyon-Chorvoq” zonasi tabiiy boyliklarini saqlash hamda hududni o‘zlashtirishga kompleks va izchillik bilan yondashishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaror qabul qildi. Tumandagi atrof-muhit muammolari, asosiy ichimlik suv manbai – Chirchiq daryosining tobora ifloslanib borayotgani, nabotot va hayvonot olamida sodir bo‘layotgan yo‘qotishlar, 1992 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan O‘gam-Chotqol Davlat tabiat milliy bog‘ining nomi bor-u, biror bir ijobiy ishi yo‘qligi kabi qator muammolar yangi rahbarlardan qat’iyat bilan ishlash kerakligini talab qildi.

Hozir joylarda, (har sohada!) xususan, tabiat muhofazasi bobida fidoyi ko‘ngillilar maydonga chiqmoqdalar. Ular barcha qishloq, ovul, qo‘rg‘on va shaharlarda ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tib, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘z go‘shalarini har tomonlama obod va ko‘rkamlashtirish ishlariga astoydil kirishdilar. Bular hammasi yaxshilik alomati.

“Fidokor” gazetasi,

2000 yil 28 noyabr soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.