background
logotype

Asad Asil. Toptaganga tog’ chidamas (2000)

Aslida xalq orasida bu ibora: “Yotib yeganga tog‘ ham chidamas” , deb yuritiladi. Qayoqqa qaramaylik, Alloh yaratgan nabotot olamini, dorivorlaru tabiat boyliklarini o‘z bilganlaricha bosib – yanchib, ochofatlarcha toptab o‘zlashtirishlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Shunday yovuzliklarga o‘zlarini urayotganlarning deyarli barchasi tabiblik niqobini kiyib olishgan. Qaysi o‘t qanday dardga davo bo‘lishini o‘zlaricha erinmay tushuntirmoqchi bo‘lishadi, shu kabi yo‘llar bilan mijoz axtarishadi. Nima bo‘lsa bo‘lsin, ularga desa hamma yoqqa o‘t tushib ketsa ham kundan-kunga mo‘mayroq pul topsalar bas. Ishlari yurishgani sayin esa qiru adirlar, tog‘u toshlardagi shundoq ham kamayib qolgan dorivorlarni battarroq qiyratishga kirishadilar. Allohning o‘zi yuqtirgan chin tabiblar azal-azaldan xalq orasida yashab, barchaning xizmatini qilgan va hurmatini qozonib kelgan. Ularning davomchilari hozir ham bor. Ular o‘z qadr-qiymatlarini yaxshi bilishadi, izzat nafsi va g‘ururini birovga oyoqosti qildirib qo‘yishmaydi. Chunki, yuqorida aytganimizdek, ularga yuksak xislat va iqtidorni avvalo Allohning o‘zi yuqtirgan, qolaversa, Luqmoni Hakimdan tortib shu paytlargacha yashab o‘tgan tabobat ilmi ahlining yo‘l-yo‘riqlarini chin ixlos bilan o‘rganishgan, ular qoldirgan nodir kitoblarni astoydil ixlos bilan o‘qib chiqishgan...
Yigirma besh-o‘ttiz yillar muqaddam toshkentlik bir tabarruk inson bizni yo‘qlab qishlog‘imizga kelgan edi. Uning yaqin bir odami og‘ir betob ekan, Oqtosh tomonlarda mashhur tabib borligini eshitib, shul zotni topishga yordam berarmikan, degan ilinjda tashrif buyuribdi. Men yoshligimda ishim tushgan bir tabibni – qo‘shni Soyliq qishlog‘ida yashab o‘tgan Mahamatkarim otani bilardim. “Mashhur siniqchi” nomini olgan bu insondan najot tilab bir O’zbekiston emas, qo‘shni davlatlarning hamma tarafidan biror joyi shikastlanganlar mudom kelib turishardi. Bu galgi mehmonimiz o‘sha mashhur “siniqchi”ni emas, shifobaxsh dorivorlar bilan davolovchi tabibni izlab kelgan ekan.
Shunda dadamiz jonimizga oro kirib, bu tabib ham Soyliq qishlog‘ida istiqomat qilishi, ismi Shomirza ota ekanligini aytdi-da, “Mening nomimdan salom aytinglar, biz u kishi bilan qadrdonmiz”, deb qo‘ydilar. Shomirza otani izlay-izlay, Qoraqiya tog‘lari etagidagi bog‘ida qattiq mehnat qilayotgani ustiga borib qoldik. Qiyiqcha bilan peshonasini tang‘ib olgan o‘rta bo‘y, qoramag‘iz yuzu ko‘zlari jiddiy va keskin boquvchi miqti jussali Shomirza ota (Alloh u kishini rahmatiga olgan bo‘lsin) dastlab biz bilan gaplashgisi ham kelmadi. Chunki shu davrlarda obdan omadi chopib qolgan ateistlar bu otani ham “oborib-obkelishgan”. Rosa joniga tegib bo‘lgan ekanlar. Dadamning salomini aytganimizdan so‘ng tabib otaning ruxsori yumshab, shinamgina bog‘iga olib kirdi. Bularni hikoya qilishdan muddao shuki, Shomirza otaning bog‘i boshdan-oyoq dorivor o‘simliklaru ko‘rkam daraxtlarga to‘la edi. Hatto Kavkaz tomonlardan ataydan olib kelib o‘stirilgan shifobaxsh o‘simliklar va butasmionlarning turlarigacha bor ekan bu joyda. Ota-bobolari taniqli tabib o‘tgan Shomirza ota ham o‘z navbatida ko‘rkam bog‘iyu, tabobat olamidan o‘zlashtirgan barcha sir-asrorlarini o‘g‘li Obiddinga meros qilib qoldirib ketdi.
Bu kabi tabobat olamining haqiqiy tabiblaridan yana bir insonni bilaman. Toshkent tibbiyot oliygohini tamomlagandan so‘ng tabobat ilmi bilan astoydil shug‘ullangan sijjaklik Ahmadjon Mirahmedov ham o‘ziga, ilmiga ishongan kuchli tabiblardan biridir. Iqtidorli bu inson tabobat ilmi daholari, xususan, Abu Ali ibn Sinoning shifokorlikka oid asarlarini obdan berilib mutolaa qilgan, izlanish va intilishlardan hech qachon charchamaydigan tabibdir. Shuning uchun ham najot so‘rab kelganlarni sira noumid qilmay qat’iy ishonch bilan davolaydi. Bo‘stonliq tumani bo‘yicha mana shu sanoqli insonlargina hamma tan olgan chin tabiblar edi. Hozir-chi?! Ko‘chaga chiqib, tavakkaliga duch kelgan odamni tutib so‘rasangiz, ikki kishidan bittasi tabiblik da’vosini qilaveradi. Koshki edi, ular Shomirza ota, Ahmadjon Mirahmedovga o‘xshab hovliyu tomorqalarida hatto uyining xonalarida xilma-xil dorivorlar o‘stirib bemorlarni davolasalar va ortganini bozorlarga olib chiqib pullasalar! Qayoqda deysiz, ilk bahordan to atrofni qor bosgunga qadar dalayu tog‘larni ayamay g‘orat qilishadi, dorivorlarni obdan qiyratishadi, so‘ng bilib-bilmay ularni bemorlarga tavsiya etishadi... – Buning oqibatida yurtimizda mavjud bo‘lgan dorivor giyohlar keskin sur’atda kamayib, turlari ham tezlik bilan yo‘qolib bormoqda. Masalan, ancha yillar avval hammayoqni tutib yotadigan isiriq, ermon, marvartak, choyo‘t, bo‘znoch kabi ayrimlarini umuman topa olmaysiz. Ularni endilikda tog‘ning eng xilvat joylarida uchratish mumkin.
Tabiat muhofazasidek o‘ta mas’uliyatli vazifani o‘z zimmalariga olgan qator-qator idoralar, ularda xizmat qilayotgan yuzlab nazoratchilar nima uchun bu kabi tartibsizliklarni tartibga solmayaptilar?! Tabiat muhofazasiga tegishli bir tashkilotga bahor chog‘ida ketayotgan edik, u yerdagi nazoratchilarning qayoqqadir shoshilinch jo‘nayotganlariga yo‘liqdik. “Yo‘l bo‘lsin?” dedik ularga. “Dorivor giyohlarni toptab olib kelib sotuvchilar bozorlarni to‘ldirib yuborishibdi, shularni bir tartibga solib qo‘yaylik...”
Ajabo, faqat bozorni tergash orqali biror natijaga erishish, hammayoqqa izg‘ib yurgan yuzlab tabiat kushandalarini tartibga solish mumkinmikin?! O’nlab tashkilotlarning idoralarida o‘tirgan tabiat himoyachilarining qo‘llaridan kelgan eng zo‘r ish shu bo‘ldimi?! Ulardan tashqari, hamma qishloq va aholi yashaydigan joylardagi hududlarda egalik qilayotganlar, bevosita tabiat bag‘rida faoliyat olib borayotgan milliy bog‘, o‘rmon xo‘jaliklari kabi jamoalarning a’zolari o‘zlariga tegishli maydonlarda nega tartib o‘rnatmaydilar?! 
Yoki bo‘lmasa bu ishlarning kelajakdagi xunuk oqibatlarini inobatga olib atrof-muhit muhofazasi, ayniqsa, dorivor giyohlarning butunlay nobud qilinayotganiga qarshi keskin choralar ko‘rilarmikin?! Bu tomonlari, endi, tabiat muhofazasining mutasaddilari e’tiborlariga havola.

“Qishloq hayoti” gazetasi,
2000 yil 28 aprel soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.