background
logotype

Asad Asil. Toza suv, toza havo – sog’lom muhit (1998)

Oliy Majlisning XIV sessiyasida “O’rmon to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama qilinadi. Tabiatning bir butunligini, biz ham uning bir parchasi ekanligimizni anglasak, bu qonunning ahamiyatini to‘laroq his qilishimiz mumkin. O’rmon degani esa sof tabiat degani. Ammo biz unga salbiy ta’sir qilmayapmizmi? Bugun o‘rmonlarimizning ahvoli qanday? Bu savollar esa qonun loyihasiga jiddiyroq qarashga undaydi, nazarimizda. Taqdir taqozosi bilan, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘im – Xondayliqqa to‘rt-besh yil avval qaytdim-u, tabiatga munosabat xususida atrofimda bo‘layotgan hangomalarni ko‘rib ko‘zlarimga ishona olmadim. Qishloqda ichimlik suvi yo‘q, aholi tog‘dan oqib tushuvchi ikki soyning yonariqlar orqali olib kelingan suvidan iste’mol qiladi. Azonda jamiki idishlariga suv to‘ldirib qo‘yadilar-da, tun bo‘yi hamma chiqindilarini xuddi shu ariqlarga ag‘daraverishadi. Go‘yo iflos narsalar o‘zi turgan joydan pastga oqib ketayotgandek, o‘zlari esa top-toza suv ichayotgandek! Holbuki, uning tepasidagi xonadonlar ham aynan shuni takrorlayverishadi. Oqibatda butun qishloq ahli turli chiqindilarga to‘yingan irkit suv bilan bir-birlarini “siylab” yashayveradilar. Ahvol shu darajaga borganki, oqib ketib ulgurmagan chiqindilar ariq yoqalarida baland devorlar hosil qilgan. Turli kasalliklar chaqiruvchi bu iflos narsalar yillar davomida suvga qo‘shilib oqyapti.
Men bunga qarshi kurashishning aniq bir yo‘lini tanlab, baholi qudrat harakat qilib ko‘rdim. Birinchi navbatda o‘zimiz yashab turgan hovlini, ayniqsa, ariq bo‘ylarini obdan tozaladik. Chiqindilarni to‘plab, yoqib yuborishga mo‘ljallangan alohida joy hozirladik. Qolgan kul va chorva chiqindilarini ekin yerlariga sochamiz, xullas, ichimlik suv oqayotgan ariqqa biror narsa tashlanmasligini ta’minlab, bu xususda ko‘ngildagidek natijaga erishganimizdan so‘ng, uch tarafimizdagi qo‘shnilarni ham nazoratga oldik. Ular ham bu talabga ko‘nika boshladilar. Chunki, “avval o‘zingga boq”, degan e’tirozga o‘rin qolmagan edi-da. Shundan so‘ng “hujum”ni qishloq fuqarolar yig‘ini raisiga qaratdik. “Qishlog‘imiz ko‘chalari, ayniqsa, ichimlik suvimiz oqib turgan ariqlar tozaligini nazoratga oling, agar bu borada xato va nuqsonlarimiz bo‘lsa, jarimani bizlardan boshlang!” – dedik tozalik bobida yangi tartibga o‘tgan uch-to‘rt xonadon vakillari oqsoqol qabulxonasiga kirib. Kutilmagan bunday tiqilinch qilishlik, tabiiyki, kunlarini tinchgina o‘tkazayotgan oqsoqolga yoqmadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u dastlabki tekshirishni bizlardan boshladi. Kelib ko‘rdiki, hammayoq top-toza, ko‘rkam. Shundan so‘ng xonadonlarga birma-bir kirib tekshira boshladik. O’zi har kuni iste’mol qilayotgan suvga chiqindi tashlamayotgan yoki yuvindilarni oqizmayotgan xonadonlarning g‘oyat kam uchrashi ajablanarli hol edi. Shunday tartibbuzarlarga aniq topshiriqlar berildi, muddati va uning ijrosini tuman sanitariya-epidemiologiya idorasi mutaxassislari ishtirokida qayta tekshirish kuni ham ko‘rsatib qo‘yildi. Nihoyat, xonadonlar tugab, tog‘ boshlanishidagi kattagina soyga o‘tdik. Voy-bu, axlatning serobi bu yerda ekan-ku! Yonib ketgan uylardan qolgan kuyindi deysizmi, foydalanishga yaroqsiz poyabzallar deysizmi!.. Hammasini shu soydagi buloq boshiga to‘kib tashlashibdi. Zilol suv bu iflos narsalarga to‘yinib, qo‘lansa hidli oqindiga aylanmoqda va butun qishloq xalqi ichib hayot kechirayotgan katta yonariqqa quyilmoqda. Yonariq ham o‘z navbatida obdan ifloslanib, katta soyga, u esa Chirchiq daryosiga qo‘shilmoqda. Natijada bularning hammasi tabiat muvozanati buzilishiga mudom o‘z hissasini qo‘shib turibdi...
–Tavba, shu joyda ham buloq bor ekan-da! – dedi oqsoqol hayratlanib.
– Bu joylarga kelmaganmidingiz? – so‘radik biz.
– Hech kelmagan ekanman, – o‘ylab-netib o‘tirmay javob berdi qishloqni boshqarayotgan oqsoqol...
Belgilangan muddat ham keldi. Biz yana yig‘ilishib, qishloq rahbari qabulxonasiga kirib bordik va maqsadimizni aytdik. Oqsoqol birpas o‘ylanib turdi-da: “Bir necha kun oldin shu tomonga yo‘lim tushgan edi, qarasam, ko‘rsatmalarimizni asosan bajarib qo‘yishibdi”, – dedi o‘rnidan qo‘zg‘algisi kelmay. – Tuman sanitariya-epidemiologiya idorasi xodimlari ham ko‘chada kutib turishibdi, ijroni qayta tekshirish uchun chiqmasa bo‘lmaydi, – dedik biz. Oqsoqol noiloj o‘rnidan og‘rinibgina qo‘zg‘aldi. Yana xonadonlardan birma-bir o‘tar ekanmiz, avvalgi berilgan topshiriqlar oqsoqol aytganidek, “asosan bajarilibdi” emas, aksincha, asosan bajarilmaganini ko‘rdik. Yaxshiyamki, tumandan kelgan mutaxassislar bor ekan, jarima to‘lash uchun akt tuzishga chog‘landilar. Shundan keyingina tartibbuzarlar sarosimaga tushib so‘nggi muddat berilishini iltimos qilishdi. So‘nggi muddat ham berildi. Lekin oqsoqolni uchinchi bor tekshirish uchun boshlab chiqa olmadik. U yoshi yetganligi munosabati bilan pensiyaga jo‘navoribdi. O’rniga esa o‘ta odobli, ijroni o‘rniga qo‘yib kelgan qishloq fuqarolar yig‘ini kotibini saylashibdi. G’oyat mas’uliyatli bu lavozimga yoshlardan tayinlangani yaxshi albatta. Lekin, ko‘rinib turibdiki, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar tinim bilmay ishlashni, o‘ta uddaburon, tashkilotchi, talabchan bo‘lishni taqozo etadi. Yangi rahbarning qay darajada ish olib borishini kelajak ko‘rsatadi, albatta. 
Shu o‘rinda bir e’tirozni aytib o‘tishga ham haqlimiz. Xondayliq qishlog‘ida nafaqat tabiat muhofazasi, balki hayotning boshqa sohalari ham izdan chiqqan. O’n yillar davomida chala tashlab qo‘yilgan suv quvurlari, maktab va boshqa qurilishlarning o‘z vaqtida bitkazilmaganligi uchun asosan qishloq rahbarlarini bemalol ayblash mumkin. Negadir ko‘p yillardan buyon bu qishloq boshliqlarga yolchimadi. Yigirma-o‘ttiz, balki undan ham uzoq yillar davomida qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-da, bir amallab plan bajaruvchi, qishloq ravnaqi yetti uxlab tushiga kirmaydigan shaxsiyatparast kimsalar boshliqlik kursilarini egallab keldilar. Ularning fikru yodi faqat yuqoridagi mansabdorlar ko‘nglini ovlash bilan band bo‘lardi. Buning natijasida butun hayot izdan chiqa boshladi. Ayniqsa, tabiat katta talafot ko‘rdi. Qadim-qadimdan g‘ij-g‘ij baliqlar makoni bo‘lib kelgan Sho‘robsoy va Tuyatoshisoy turli zaharli chiqindilar oqizilaverganidan hozirga kelib butunlay o‘lik suv o‘zanlariga aylanib qoldi. Qishin-yozin miltiqlarning gumbur-gumburi yetmayotgandek, po‘lat simlardan yasab, hamma tomonga qo‘yib tashlangan behisob tuzoq va qopqonlar dastidan tabiatdagi jamiki tirik jonlar batamom qiyratib yuborildi. Bolalarning qo‘llaridagi “rogatka”larni aytmaysizmi! Atrofimizda ko‘nglimizni yayratib, turli zararkunanda hasharotlardan himoya qilib turuvchi bu mayda qushlar ham “rogatkalar”ning batamom qurboni bo‘lmoqda. Tog‘u toshlardan yil-12 oy hammayoqqa qiron solib yuruvchi o‘n-o‘n besh nafar tabiat kushandalari bilan ham, o‘zboshimcha bolalar bilan ham hech kimning ishi yo‘q. “Bir amallab bola-chaqa boqib yurishibdi-da”, deb tabiat kushandalarini oqlab ham qo‘yishadi bu haqda gap ketganda. Ular yulib oladigan ravoch, lola, choyo‘t, tog‘rayhon kabi dorivorlar-ku ildizi va piyozlarini “pishiqlik” qilib saqlab qoladi. Ammo matar deb ataluvchi “Qizil kitob”ga kirgan eng noyob dorivor o‘simlikning poyasidan tortilsa, piyozi ham chiqib keladi. Demak, u butunlay yo‘q qilinadi. Bu turishda bezorilar bu o‘simlikning urug‘ini quritib yuborishi mumkin, axir. Tabiat muvozanati bu qadar yakson qilinmaganda, oqar suvlar qadimgidek baliqlarga, tog‘u toshlar parrandayu darrandalarga to‘lib-toshib turganda nafaqat bir hovuch kushandalarni, balki butun qishloq ahlini boqishi, to‘ydirishi mumkinligini biror kimsa o‘ylab ko‘rmayotgani esa kishini lol qoldiradi. Albatta, bunga ham asosan rahbarlar aybdor. Bu haqda bosh qotirishga hozirga qadar ularning “qimmatli” vaqtlari yetmadi, ochig‘ini aytganda, umuman xayollariga kelgani yo‘q. Xayoliga kelgan taqdirda ham eng muhim bu ishlarni amalga oshirishning hozircha iloji ham yo‘q. Chunki salkam olti ming odam yashovchi bu qishloqda xalq bilan yuzma-yuz suhbat qilish uchun foydalanib kelingan klub bo‘lar-bo‘lmas bahonalar bilan buzib tashlangan, yangisi esa hamon qurilganicha yo‘q. Chala bo‘g‘izlangan jonivordek mudom xirillab turuvchi mahalliy radioni jonlantirish, loaqal shu orqali qishloq ahli bilan aloqa bog‘lab turish uchun ham bu yerdagi rahbarlar o‘z “qimmatli” vaqtlarini ayaydilar... 
Bu qishloq ahvoli haqida gapni ortiqcha davom ettirish, biror natija chiqarish hozircha amrimahol ekan, Bo‘stonliq tumanidagi tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlar qanday faoliyat ko‘rsatyaptilar? Rostini aytganda, ulardan ham biror samarali natija kutish amrimahol bo‘lib qoldi. Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi, milliy bog‘, o‘rmon xo‘jaliklari, ovchilar jamiyati... Sanayversak, atrof-muhit muhofazasiga daxldor tashkilotlar soni o‘ndan oshib ketadi. Lekin haqiqiy jonkuyar, asosiy javobgarning o‘zi yo‘q. Tabiat muhofazasi xususida bu tashkilotlar orasida ashaddiy sansolarlik mudom davom etib kelmoqda... 
Bir do‘stimizning taklifi bilan avgust oyida Bo‘stonliqning Pskom qishlog‘i tomonlarda bo‘lgan edik. Yerli xalq merganlari ovga jo‘nayotgan paytga to‘g‘ri kelibmiz, bizni ham taklif qilib qolishdi. Yarim tunda ot va eshaklarga yuklarni ortib, Urungach tog‘lariga ko‘tarildik. Quyosh ko‘ringanda abadiy qor qoplab turuvchi eng baland dovonlarga yetib bordik. Ovga kirishish oldidan merganlar miltiqlar va o‘qlarini ko‘zdan kechirishdi. Beshotar ham, “Malokalibr” ham, istagancha miqdorda o‘qlar ham bor edi ularda. Bolasini ko‘zi qiymay, toshlar orasida o‘ralashib yurgan ona kiyik ularning birinchi qurboni bo‘ldi. Toshdan-toshga urilib tushib ketgan onasini izlab tosh ustiga sakrab chiqib bo‘zlayotgan kiyikchani ham bir o‘q bilan qulatishdi. Keyin takalar to‘dasidagi eng yirigini ham tanlab otishdi. Shu kuni tog‘da tunab, ertasiga o‘ljalarni ot-eshaklarga yuklashib, qishloq yaqiniga olib tushdilar-da, o‘zaro taqsimlab olishdi...
Qator qonunbuzarliklarni qarang! Birinchidan, avgust oyida har qanday tirik jonni ovlash qat’iyan ta’qiqlanadi. Ikkinchidan, bunday “boevoy” miltiqlarni qaerdan olishgan-u, ov uchun ulardan foydalanishga kim ruxsat berib qo‘yibdi? Uchinchidan, kiyiklarni ovlash uchun qo‘llarida biron-bir ruxsatnoma – litsenziyasi yo‘q bu merganlar yurak yutib bemalol qirg‘in qilayotganlariga nima deysiz?! O’ljalar taqsimlab bo‘lingach, o‘zaro choy ichib, suhbatlashib o‘tirganlarida yuragimni g‘ijimlayotgan yuqoridagi savollarni ularga berdim.
– Bunaqa qurollar tog‘lar oralig‘idagi hamma qishloqlarda istaganingizcha topiladi, – deya dangal javob berdi merganlarning yoshroq va sergaprog‘i. – Ruxsatnoma masalasiga kelsak, kerakli boshliqlarga so‘ragan narsalar yetkazib berilsa, olam guliston-da! 
– Shu zaylda qirg‘in qilinaversa, butun tog‘laru daryolar qup-quruq holga tushadi-ku, bu ayniqsa, o‘zlaringiz uchun, kelajak avlodlaringiz uchun katta yo‘qotish bo‘lmaydimi?! – Qizishibroq so‘nggi savolni berdim men. – Aslida, birinchi navbatda, sizlar tabiatning eng kuyunchak himoyachilari bo‘lishlaringiz kerak edi. Tog‘u daryolardagi bu boyliklar asosan sizga tegishli, hatto xususiy mulkingiz, desa ham bo‘ladi-ku!..
Anchaga cho‘zilgan og‘ir sukunatdan so‘ng o‘rta yoshdan o‘tib qolgan kamgap, vazmin tabiatli mergan menga o‘girildi.
– Hamma aytganlaringiz to‘ppa-to‘g‘ri, – dedi u jiddiy tikilib. – Xo‘p, biz o‘zimizni tiyaylik, ammo boshqalar-chi?! Qaniydi, O’zbekistonimizning hamma joylarida siz aytganchalik qat’iy tartib o‘rnatilsa! Axir, endi mustaqilmiz, o‘z erkimiz o‘z qo‘limizda.
– Chet elda hatto katta ko‘chada tupirish ham ayb sanalar ekan! – gap qistirdi yosh mergan.
Atrof-muhitga munosabat xususida o‘zim tug‘ilib o‘sgan, hozir yashayotgan qishlog‘imdagi haqiqiy ahvolni tasvirladim. Uzoq-yaqin tog‘ qishloqlarida ko‘rgan-kechirganlarimdan ham bittasini sizlar bilan baham ko‘rdim. Ammo bu bilan ahvol o‘zgararmikan?!

“O’zbekiston ovozi” gazetasi,
1999 yil 6 aprel soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.