background
logotype

Asad Asil. Yaxshidan bog‘ qolur (2000)

Odamlar borliqdagi jamiki mavjudotni, hatto o‘zlariniyam “yaxshi” yoki “yomon”ga ajratishadi. Shu mavzuda gap ketganda, beixtiyor bir savol ko‘ndalang bo‘ladi: “yaxshi” nimayu “yomon” nima? Ularni qanday kilib o‘zaro farqlash mumkin?.. Nafsilambrini aytganda, yaxshi bilan yomonni farqlash unchalik qiyin ham emas. Har kimga eng to‘g‘ri bahoni xalqning o‘zi beradi. Yaxshilardan bog‘ qolur, degan naqlni ham xalq yaratgan. Inson bu olamda ozmi-ko‘pmi yashab, o‘zidan biror yaxshi iz qoldirmasa, uning boshqa jonzotlardan ne farqi bor? Shu o‘rinda qadimgi mashoyixlar hikoya qilgan ibratli bir rivoyatning muxtasar mag‘zini keltirib o‘tamiz.

Madrasada yigirma bir yil birga tahsil ko‘rib, bir hujrada yashagan ikki yigit olgan ilmlariga amal qilish uchun ikki tomonga – biri toqqa, ikkinchisi esa o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga jo‘nabdilar. Darveshlikni ixtiyor aylagan yigit tog‘ning xilvat joyidan bir g‘or yasabdi-da, uzoq yillar davomida uzluksiz toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘libdi. Oqibatda atrofidagi hamma tirik jonlar tilini bemalol tushuna oladigan darajada yuksak martabaga erishibdi. Kunlardan bir kun navbatdagi toat-ibodatdan so‘ng hordiq olayotgan ekan, g‘or og‘zidagi butaga ikkita chumchuq qo‘nibdi-da, o‘zaro suhbatlasha boshlabdilar.

- Eshitdingmi, falon qishloqdagi falon ismli bog‘bon vafot etibdi, - debdi ulardan biri.

- Attang, hammamizni ta’minlab yurgan anavi yaxshi bog‘ni shu inson yaratgan edi, Alloh rahmat qilsin,- debdi ikkinchisi astoydil achinib. Toat-ibodat bilan g‘orda umrguzaronlik qilayotgan darvesh maktabdosh do‘stining vafot etganini tushunib, uning yaqinlariga ta’ziya bildirish uchun qishloqqa jo‘nabdi. Yo‘lda go‘zal bir boqqa duch kelib, bir oz hordiq chiqarish uchun to‘xtabdi. Bog‘dagi qush-qumursqalarning Allohga qilayotgan o‘tinchlari beixtiyor qulog‘iga kiribdi. Bog‘dagi mevalardan ta’minlanib yurgan jamiki jonzotlar vafot etgan bog‘bonga jannatdan joy tilab, baravariga Allohga yolborishardi. Do‘sti yaratgan bog‘ shu ekanini fahmlagan darvesh og‘ir xo‘rsinib, o‘rnidan turibdi va qishloqqa kirib boribdi. Ta’ziyaxonada do‘stining bir-biridan solih farzandlari, butun qishloq ahli marhumni dargohiga qabul aylashini Tangri Taolodan so‘rashardi. Darvesh faqat o‘zini o‘ylab, yanglish yo‘l tutganini shu yerda tushunibdi. Vafot etgach, umr bo‘yi topgan ilmiyu erishgan baland martabalari o‘zi bilan ketishini tushunib, qattiq oh tortibdi. Ha, o‘zidan o‘chmas nishona, ayniqsa jannatday bog‘lar qoldirish naqadar yaxshi! Ko‘zlarni quvontirib, qalblarimizga quvvat beruvchi, sihat-salomatligimizni mudom ta’minlab turuvchi, qolaversa, lazzatli va sarxil mevalar makoni bo‘lmish so‘lim bog‘lar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, ularni savobtalab insonlar ne-ne mashaqqatli mehnatlar evaziga bunyod etdilar. O‘zidan go‘zal bog‘lar qoldirish yaxshilarning azaliy odati bo‘lgan. O‘tmishdagi buyuk insonlarni deyarli hammalari ajoyib bog‘u-bo‘stonlar yaratib ketganlar. Buyuk sohibqiron Amir Temur, Ulug‘beku Mirzo Bobur, qadrdon do‘stlar – Mir Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro... Millat faxri bo‘lgan shu singari aziz ajdodlarimizning sermazmun hayotlari hammamiz uchun ibrat namunasidir...

Bo‘stonliq degan diyorni kim ham eshitmagan! Nomining o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu makon bog‘u bo‘stonlarga boy. Ammo shu bog‘larning hammasini insonlar yaratgan, ularning aniq egalari bor. Garchi bu zotlar olamdan o‘tib ketgan bo‘lsalar ham, yaratgan ko‘rkam bog‘lari tufayli aziz nomlari og‘izdan-og‘izga hurmat va ehtirom bilan ko‘chib yuradi...

Bo‘stonliqning kungay tomonida Oqtosh deb nomlangan so‘lim go‘sha bor. Shifobaxsh bu maskan ta’rifi uzoq-uzoqlarga ketgan. Deydilarki, zo‘r-bazo‘r nafas olib turgan bemorni bir amallab Oqtoshga yetkazib borsangiz, bas, ko‘p o‘tmay, u har qanday dardni ko‘rmaganday bo‘lib ketadi! “Oqtoshga mehnati singan Tillato‘raga rahmat!” – deb eslashadi shu yerlik qariyalar. Tillato‘ra deganlari kim ekan? Yakunlanayotgan asrimizning boshlarida maxsus ko‘rsatma bilanmi yoki surgun qilinibmi, Maskov tomonlardan katta bir amaldor kelgan ekan, deyishadi. Qadimgi Oqtosh kungay tomonda ekanligi uchun quyosh mo‘l, ammo daraxtlar kam o‘sardi. Agar daraxtzorlar ko‘paytirilsa, ajoyib mo‘‘tadil muhit vujudga kelishi mumkinligini shu amaldor darrov fahmlabdi-da, xalqni hasharga chorlab, Oqtosh qiyaliklari bag‘rida terassalar yasatibdi. Terassalarda nam uzoq saqlanishi evaziga bu joylarga ekilgan nihollarning aksariyati o‘zini tutib olib ko‘karib ketadi-da! Shu terassalarga asosan yong‘oq ektiribdi. Chunki yong‘oq daraxti ham meva beradi, ham shifobaxsh, ham necha yuz yillab umr ko‘radi. Bu amaldor hasharchilarni rag‘batlantirib qiziqtirar, doimo moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlar ekan. Ko‘chat ekib parvarish qilayotganlarning mehnatlariga yarasha tilla tangalar bilan haq to‘lar ekan. Shuning uchun yerli xalq unga “Tillato‘ra” deb nom qo‘ygan ekan. Shu inson boshlagan savobli ishlar bois, Oqtoshning ming-ming gektarlab qiyaliklarida yaratilgan yong‘oqzorlar hamon gurkurab o‘syapti, o‘z-o‘zidan ko‘payishining ma’nosi shundaki, zag‘izg‘on va qarg‘alar har yili yong‘oq “ekib”, odamlar boshlagan savobli ishni davom ettirmoqdalar. Shunday qilib, quyoshli Oqtosh bag‘rida shifobaxshlikda tengi yo‘q bir so‘lim go‘sha bunyod etilibdi. Har yili ming-ming bemorlar undan o‘z dardlariga shifo topmoqdalar...

Bo‘stonliqda boshlangan bunday xayrli ishlarni keyinchalik ham bag‘rikeng insonlar havas bilan davom ettirdilar. Sijjakda, Xumsonda, Xo‘jakentda, G‘azalkent va Pargizda, Soyliq, Qo‘shqo‘rg‘on kabi qishloqlarda shunday saxovatli qalb egalari boshchiligida yaratilgan bog‘lar hamon gurkirab o‘smoqda. Umr bo‘yi savob ish qilib o‘tgan bunday insonlardan Nortoji Gulmetov, Nurg‘uzar bog‘bon, Ashirboy Kamolov, Mirzatilla Ahmedov, Mirhidoy Nosirov kabi olijanob, saxovatpesha insonlar hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsalar ham, yaratgan bog‘-rog‘laridan ta’minlanayotganlar marhumlarni hamisha duo qilmoqdalar. Shu o‘rinda ayniqsa Mirhidoy akaning ibratli ishlarini alohida tilga olib o‘tmoq lozim. Bevosita uning boshchiligida Bo‘stonliqdagi yaydoq holda yotgan necha ming gektar maydonlarda terassa asosida shirin-shakar mevali bog‘lar yaratildi. Oltmishinchi yillarda bunyod etilgan bu bog‘lar hozir ayni yetilib, elu yurtimiz farovonligiga munosib ulush qo‘shmoqda.

Uzoq va yaqin o‘tmishda yuzaga chiqarilgan bu kabi ishlar hamma har doim oshkora faxrlanib gapiradigan ajdodlarimizning ajoyib mehnatlari. Hozir-chi, shu singari maqtana oladigan ibratli amallar bormi? Bo‘lsa, qay darajada davom etyapti?.. Hatto bir paytlar qator tekis maydonlardagi yetilgan mevazorlar tag-tomiri bilan qo‘porib tashlandi. Bu harakatlar yer unumdorligini oshirish, xalqimizni dehqonchilik mahsulotlari bilan yaxshiroq ta’minlash uchun qilingan bo‘lsa kerak. Ammo bog‘larni, noyob daraxtlarni qiyratishda hech qanday bahona bilan o‘zini oqlay olmaydigan beso‘naqay harakatlar ham sodir etilmoqdaki, qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, ularni tiymoq lozim. Masalan, ayniqsa yuqori qishloqlarda, tabiiy gaz yo‘qligi oqibatida, shuningdek, mebelsozlik sanoati kabi sohalarda ishlatish maqsadida obdan yetilgan o‘rikzor va yong‘oqzorlar qiyratib yuborilmoqda. Bu hol atrof-muhitga, tabiat muvozanatiga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi, albatta. Shu singari noxushliklarga yo‘l qo‘ymaslik, hayot oqimining hamma tomonlari muvozanatini muvofiqlashtirib borish, ayniqsa tabiat muhofazasi xususida birinchi galda rahbarlar qattiq ishlashlari, ko‘z-quloq bo‘lishlari lozim. Prezidentimiz deyarli barcha katta yig‘inlarda, ayniqsa keyingi sessiyalarda qayta-qayta ta’kidlaganiday: bundan buyongi rahbarlar o‘z vazifalarini uddalay olsa, o‘ziga tegishli joydagi hamma jabhada ijobiy burilish yasasalargina rahbarlik ishini davom ettirsin, bo‘lmasa, o‘rinlarini tadbirkor, layoqatli insonlarga topshirsin. Qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan masalalar yechimini topishda, oqni oqqa, qorani qoraga ajratishda biz – qalam ahlining ham vazifamiz juda katta va ma’suliyatlidir. Xalqimizga bor haqiqatni chuqur tahlil asosida ro‘y-rost ochib beruvchi, mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tishga boshlovchi, saodatli istiqbolga ishonch uyg‘otuvchi dadil chiqishlarni uzluksiz olib borishimiz lozim. Buni eplaganlar davom ettiradi, uddalay olmaganlar esa o‘zlariga yarasha boshqa yo‘lni tanlaganlari ma’qul. Demak, mustaqillik qalam ahlini ham saralayapti. Shu talabdan kelib chiqadigan bo‘lsak, hozirgi ziyolilar, ayniqsa boshliqlar zimmasidagi ma’suliyat g‘oyat oshdi va bundan buyon ham ortib boraveradi. Binobarin, sobiq tuzum davridagidek ahvolda rahbarlikni, ayniqsa tabiatga tajovuzkorlikni davom ettirish mutlaqo mumkin emasligini hozirgi hayot haqiqatlari qayta-qayta isbotlamoqda. Bu masalaga ochiqroq yondashadigan bo‘lsak, masalan, xarob ahvolda yotgan biror fayzsiz joy haqiqiy boshliqning sa’y-harakati bilan tez orada albatta obod go‘shaga aylanib ketar ekan...

Bo‘stonliq tumanining Oqtosh hududida “Avtomobilchi” deb nomlangan bir oromgoh uzoq yillar davomida go‘yo chala o‘lik ahvolda yotardi. Oromgohga o‘tmishda rahbar bo‘lganlar bir qolipdan chiqqandek, faqat maishat bilan yillarni o‘tkazishar, hayot esa o‘z oqimicha davom etardi. Tevarak-atrofi qo‘ralanganinigina aytmasak, “Avtomobilchi” bag‘rida necha yillar davomida bironta daraxt ko‘kartirilgan emas. Shu tashlandiq maskanga o‘n ikki yil muqaddam Yo‘ldosh Ochilov degan inson rahbar etib tayinlandi. Yo‘ldosh akaning shu yillar davomida biror kun tinch va xotirjam o‘tirganini hech kim eslay olmaydi, Bu rahbar qo‘lida ishlovchilar boshliqni eng yaqin kishilaridan ham ziyoda hurmat qilishadi, o‘zlariga berilgan har qanday topshiriqni jon-dildan bajarishadi. Chunki Yo‘ldosh aka ularning haq-huquqlarini himoya etishda har doim astoydil jonkuyarlik qiladi, qat’iyat bilan ish ko‘radi. Shu maskanni obod etayotgan, vijdonan mehnat qilib, so‘lim bog‘-rog‘lar, ajoyib gulzorlar yaratayotgan qo‘li gul kishilar Yo‘ldosh Ochilov bilan hamisha faxrlanib yurishadi. Bu inson avvallari ham qaerda ishlamasin go‘zallik, saranjom-sarishtalikka, bog‘-rog‘lar va gulzorlar yaratishga alohida e’tibor bergan, shunday savobli ishlarni amalga oshiruvchi oddiy insonlarni o‘z og‘a-inilaridek yaqin ko‘rgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Yo‘ldosh aka haqida biron kimsaning og‘zidan nojo‘ya gap eshitmaysiz. O‘zlariga qarashli maskanlarda ko‘rkam bog‘-rog‘lar yaratib, Bo‘stonliq ko‘rkiga, demakki, Vatanimiz chiroyiga chiroy qo‘shayotgan bu kabi olijanob insonlar borligi albatta quvonchli hol. Ularning safi doimo kengaysa, nafaqat rahbarlar, balki Vatanimizning har bir farzandi yaxshi niyat bilan bog‘-rog‘lar yaratsa, go‘zallikka – ko‘rkamlikka o‘z hissasini qo‘shsa, avvalambor, yaxshilar safidan o‘rin oladi. Buni har birimiz hech qachon unutmasligimiz lozim.

“Sog‘lom avlod uchun” jurnali,

2000 yil aprel soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.