background
logotype

Islombek Tursunov. Jumhuriyatimiz jahon bozoriga chiqadimi? (1991)

Turkiston o‘lkasining mustamlakaga aylantirilishi turkiy tilda so‘zlashadigan xalqlarni zo‘ravonlik bilan ikki qismga bo‘lib tashlanishiga olib kelib, bir qismi Rossiya imperiyasi doirasida, ikkinchi qismi uning tashqarisida qoldi.

Shu paytgacha Turkiston tarixi qo‘rqa-pisa yozib kelindi, shuning uchun ham u buzilgan, chala, xulosalari soxta yolg‘on aralashgan joyda uyg‘unlik ham, ilhombaxsh ta’sirchanlik ham bo‘lmaydi.

Keyingi yigirma asr mobaynida nisbatan bir tekis, taraqqiyotning olg‘a qarab borgan mantiqiga ega bo‘lgan Ovro‘pa tarixidan farqli ravishda, Turkiston tarixida g‘alati manzarani kuzatish mumkin: IX—XV asrlarda madaniyatning insoniyat ongini nurafshon etgan, dunyoga ko‘plab daholarni taqdim etgan va uning bundan keyingi taraqqiyotiga salmoqli ta’sir ko‘rsatgan yorqin, sezilarli parvozidan so‘ng birdan XV asrdan boshlab, boshqa, xristian tsivilizatsiyasining jadal rivojlanishiga solishtirganda, pasayishni, qoloqlik va turg‘unlikni kuzatish mumkin. XV asrdan boshlab, mana shunday buyuk davr, jadal rivojlanishdan keyin Turkiston tsivilizatsiyasi go‘yo to‘rt yuz yil uyquga ketgandek bo‘ldi, o‘lka tarixida «eng qora, eng sharmandali davr» boshlandi.

Tarixning bu hodisasini qanday izohlash mumkin? Insoniyat katta bir qismining ruhiy faolligi o‘zgarishi sabablari nimada?

Agar tarixga sinchiklab nazar tashlasak, bir nuqtasi e’tiborimizni tortadi: inqirozning boshlanish davri XV asrga, ya’ni bir yarim ming yil mobaynida mavjud bo‘lgan Buyuk ipak yo‘lidagi harakat to‘xtagan davrga to‘g‘ri keladi. Turkistonda taraqqiyotning paydo bo‘lishi, gullashi va inqirozi I asrdan XV asrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Buyuk ipak yo‘li tugashi esa bevosita XV asr bilan, buyuk jug‘rofiy kashfiyotlar davri bilan bog‘liqdir. X. Kolumb, Vasko da Gama va boshqa jasur dengiz sayyohlari afsonaviy Sharqqa olib boradigan suv yo‘lini qidirishdi va ikki qit’ani kesib o‘tib, G‘arb va Sharqni birlashtirgan olis Buyuk ipak yo‘li o‘rniga arzon va samarali suv yo‘lini topishdi.

Bu ikki hodisa o‘rtasida chuqur bog‘liqlik borligini sezmaslik mumkin emas: Turkiston uchun savdo, millatlar o‘rtasidagi muloqot yo‘q bo‘ldi hisob, ehtiyoj dunyoni o‘zicha idrok qilish bilangina chegaralandi va shu yo‘sinda hammayoq huvillab qoldi. Turkiston uzoq vaqt jahonning asosiy savdo yo‘llaridan ajralib qoldi.

Vaholanki, Buyuk ipak yo‘li o‘tgan mamlakatlar o‘rtasida o‘n besh asr mobaynida mustahkam iqtisodiy va madaniy aloqalar mavjud bo‘lgan edi. Buyuk ipak yo‘li tarixga aylanganiga besh asr bo‘ldi, lekin u abadiy xalqaro hamkorlik namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Uning g‘oyalari bugungi kunda Turkiston o‘lkasi oldida butun keskinligi bilan turgan zarurat: o‘lkaning jahon savdosida qatnashuvi va dunyo okeaniga chiqish maqsadiga yaqin va hamohangdir.

Turkiston o‘lkasining bugungi ahvoli XIX asr o‘rtalaridan boshlanadi. O‘shanda dunyoning turli burchaklarida har xil voqealar bo‘lib Turkiston taqdiriga u yoki bu darajada ta’sir ko‘rsatdi. 1861 yilda Rossiyada krepostnoylik bekor qilindi. Bu tarixiy hodisa mamlakatning sanoat taraqqiyotiga beqiyos ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shundan keyin Rossiyada kapitalizm taraqqiyoti shunday tezlik bilan davom etdiki, Ovro‘paning ba’zi mamlakatlarida butun bir asr mobaynida qilingan ishlar bu yerda bir necha o‘n yilda amalga oshirildi.

1861—1865 yillarda AQShda Janubning paxta plantatsiyalari quldorlari bilan sanoatlashgan Shimol o‘rtasida quldorlikni bekor qilish uchun fuqarolar urushi avj olib ketdi. Bu urush natijasida AQShdan Rossiyaga paxta keltirish keskin kamaydi. Rossiyaning ishbilarmon doiralarida muhim sanoat xom ashyosi — paxtaga boy bo‘lgan Turkiston o‘lkasi haqida tobora ko‘proq gapira boshladilar. Rossiya Turkiston o‘lkasini bosib olish bo‘yicha keng miqyosli harbiy tadbirlarni amalga oshirishga kirishdi.

Sovet davrida rasmiy targ‘ibot Turkistonning Rossiya tarkibiga ixtiyoriy qo‘shilganligi to‘g‘risidagi fikrni jamoatchilik ongiga singdirish uchun ko‘p harakat qildi. Bu muhim siyosiy dasturni amalga oshirish uchun Turkiston xalqlarining milliy g‘ururini yerga urish, Turkiston xalqlarining o‘sha davrdagi hayot sharoitida ijtimoiy taraqqiyot kurtaklari «yo‘q»ligini asoslash lozim edi. O‘lka qancha ko‘p talangani sayin, tarixiy materializm nazariyasi bilan mustahkamlangan bu riyokorona fikr xalqlar ongiga ko‘proq joylana boshlandi.

Turkistonning Rossiyaga qo‘shib olinishini shu paytgacha bu o‘lka xalqlari taqdirida, ularning milliy taraqqiyotida go‘yo bir najotbaxsh ishday baholanib kelindi. Aslida esa teskarisi bo‘ldi. Turkiston xalqlarining erkin irodasi Rossiyaga qo‘shib olinishi bilan o‘zligini anglash fazilatini yo‘qotdi. Millat unga tiqishtirilgan, uning ruhi, diniy e’tiqodi, turmush tarzi, milliy an’analariga to‘g‘ri kelmaydigan yangi munosabatlar oldida esankirab qoldi. Agar millatga diqqat bilan razm solinsa, uning hayotiga zo‘rma-zo‘rakilik bilan tiqishtirilgan narsalarning hech biri unga rostmana singmaganligini kuzatishimiz mumkin. Biz, jumladan hozirgi O‘zbekiston misolida bir-biriga zid ikki xil hodisani: ishsizlikni va sanoat korxonalarida malakali ishchi kuchlari yetishmayotganligini kuzatyapmiz. Nega bunday bo‘lyapti? Millat ustidan hukmronlikni davom ettirishni istovchi kuchlar yangi «o‘zbek ishi»ni ochishga, millatni dangasaga chiqarishga harakat qilishayapti. Shunday bo‘lsa, bu xalq qanday qilib, mehnatiga juda oz haq to‘lanayotgan sharoitda, olti oy yoz dalada ketmon urib, paxta yetishtirib, dunyoning yarmini kiyintiryapti?

Turkiston istilo qilinganidan keyin Rossiya o‘lkani o‘z manfaatlariga xizmat qildirish uchun shoshilinch choralar ko‘ra boshladi. Buning uchun birinchi navbatda chegarada bojxonalar tashkil etish kerak edi. Bundan kutilgan maqsad tashqaridan mol olib kelish va olib chiqib ketishga mustaqkam g‘ov qo‘yishdan iborat edi. Chegarada bojxonolar tashkil etish uchun o‘n yildan ko‘proq vaqt ketdi. Bu paytda Rossiyaning Turkistondagi manfaatlari sanoat jihatdan ancha rivojlangan Angliya manfaatlari bilan to‘qnashdi. XIX asrda gurkirab rivojlangan Angliya sanoati bu paytda zo‘r berib yangi bozorlarni izlayotgan edi. U Hindiston orqali avval Afg‘onistonga, keyin Turkistonga intildi. 1881 yilda Turkiston bosh gubernatori «Chetdan keltiriladigan mollar to‘g‘risidagi vaqtinchalik qoidalar»ni tasdiqladi. Bu qoidalardagi asosiy narsa Ovro‘pa mollarini keltirishni taqiqlashdan iborat edi. Shunday qilib o‘lkaning janubiy savdo yo‘llari taqa-taq berkildi. Shu davrdan boshlab o‘lka tashqi dunyodan butunlay uzib tashlanib, to‘laligicha Rossiya manfaatlariga itoat ettirildi. Bu aslida Turkiston uchun Buyuk ipak yo‘li tugaganidan keyingi ikkinchi jiddiy zarba edi.

Mustamlakachilar asoratga solingan o‘lkaning asosiy boyliklari — yeri, suvi, quyoshi ekanligini, noyob tabiiy-iqlim sharoitlari bebaholigini tez tushundilar. Bundan buyon bu boyliklar yuksak darajada samara berishi kerak edi. Har qanday kapital tabiatan ochko‘zlikni yuzaga keltiradi, egasi uni tezroq ishga solgisi keladi. Chor hukumatining o‘lkadagi asosiy maqsadi yerlarni o‘zlashtirish bo‘lib qoldi. Bundan kutilgan asosiy maqsad esa yerli xalqlarning hayotini yaxshilash emas, balki ko‘proq «oq oltin»ga ega bo‘lish edi. Yerlarni o‘zlashtirishga faqat davlat xazinasidagi mablag‘ emas, balki badavlat rus ishbilarmonlarining mablag‘lari ham jalb qilindi.

O‘lkada asrlar mobaynida shakllangan yer va suvdan foydalanish udumlari esa unumdor lekin nozik va mo‘rt sug‘oriladigan dehqonchilik sistemasini avaylab asrashga qaratilgan edi. Butun musulmon xalqlari shunday tabiiy-iqlim sharoitida yashaydilarki, ular uchun yer va suv — hayot-mamot masalasidir. Aynan shuning uchun ham bu o‘lkalarda tabiat islom dini va uning an’analari bilan asrab-avaylangan. Yer va suvning tabiiy mutanosibligini saqlash — hayot kechirishning muhim printsipi sanalgan. Rossiya tomonidan bosib olinganga qadar Turkiston zamin hammani boqardi. Bu yerda barcha turdagi ekinlar: bug‘doy va sholi ham, paxta va zig‘ir ham, dukkakli ekinlar ham ekilgan. Lalmi yerlarga kam suv talab qiladigan ekinlar, sug‘oriladigan yerlarga ko‘p suv talab qiladigan ekinlar ekilgan. Shu yo‘sinda yer va suvning tabiiy muvozanat saqlangan. Mana shu asriy tartibning bekor qilinishi xalqning butun hayot tarzini, barcha mavju, munosabatlar va tasavvurlarni yo‘qqa chiqardi. Shunday qilib, dalalardan paxtadan boshqa ekinlarni surib chiqarish boshlandi. Hozir bu hodisa paxta yakkahokimligi deb atalib, turg‘unli davrining illati sifatida baholanayapti. Bu esa tarixan to‘g‘ri xulosa emas. Aslida paxta yakkahokimligi mustamlakachilik illatidir.

O‘tgan asrda o‘lkaning bosh yer boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan, Rossiya imperiyasining Turkistondagi manfaatlarini zo‘r berib himoya qilgan A. Krivoshein hukumat uchun tayyorlagan ma’ruzalaridan birida shunday so‘zlarni yozgan edi: «Rossiya o‘zining yangi mulki — Turkistonga qanday qaraydi? Bu masala o‘lka uchun, mening qat’iy ishonchimga binoan, markaziy masalalardan bo‘lib uning bitta emas, uchta qirrasi bor. Bitta qirrasida, endilikda rus ijtimoiy fikrini mahliyo etayotgan «paxta» so‘zi bo‘rtib turibdi. Ikkinchi qirrasiga «sug‘orish» so‘zi, hozircha oshkor qilinmayotgan, lekin hammasidan muhimi bo‘lgan uchinchi qirrasida esa «ruslarni ko‘chirib keltirish» so‘zlari yozilgan».

Rossiya imperiyasining moliya vaziri I. A. Vishegradskiy esa Turkistonni «rus tojidagi olmos», deb atadi. Shu yo‘sinda quyoshli o‘lka boyliklari Rossiyaga daryo bo‘lib oqa boshladi.

Oktyabr inqilobi mamlakatdagi barcha xalqlarning chinakam ozodligini va tengligini ta’minlashdek yuksak maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan edi. Afsuski, amalda bunday bo‘ldi, deyish qiyin. Sovet davrida mamlakatning paxta mustaqilligini ta’minlash uchun qancha paxta kerakligini hech kim aniq bilmagan sharoitda, paxta vasvasasi kuchaytirildi. Agar 1881 yilda Turkistondan Rossiyaga 58 ming pud paxta olib ketilgan bo‘lsa, yuz yil o‘tgach, uning miqdori 5 million tonnaga yetdi. Cho‘llarni o‘zlashtirish avjiga chiqishi natijasida Orol dengizi quridi.

* * *

SSSRdagi qayta qurish — buyuk tarixiy hodisadir, chunki u ommaning aqidaparastlikdan, karaxtlikdan qutulib, chinakam aql-idrok bilan ish tutishga o‘tishi bo‘layapti. U jamiyatdagi barcha ma’naviy kuchlarni harakatga keltirib, ongni o‘ziga va atrofdagi barcha narsalarga tanqidiy qarashga majbur etdi.

Yaqin kelajakda planli-taqsimlash iqtisodiyoti o‘rnini bozor munosabatlari olishi kerak. Xo‘jalik yuritishning bu ikki usuli o‘rtasidagi farq yer bilan osmonchadir. Tovar munosabatlari yoki hozirgi ibora bilan aytadigan bo‘lsak, bozor munosabatlari shunday bir mexanizmki, u jamiyatning barcha iqtisodiy hayotini qat’iyat bilan boshqarib boradi. Iqtisodiyotga ma’muriy yo‘l bilan aralashish uzoq yillar uning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchlari o‘rnini bosib keldi. Endilikda jamoat mulki xukmronligi bekor qilindi va turli shakldagi mulklarning mavjud bo‘lishi qonunlashtirib qo‘yildi. Bu demak, bundan buyon bozor ijimoiy hayot hodisalari sodir bo‘ladigan asosiy maydonga aylandi.

Asrimiz boshida bozor munosabatlarining mana shu axloqiy tomoni, uning «shafqatsizligi, rahmsizligi» inqilobga sababchi bo‘lgan edi. Lekin endi ma’lum bo‘lishicha, xo‘jalik yuritishning bu tabiiy sistemasidan yuz o‘girish ijtimoiy hayotning barcha tomonlari inqirozi bilan tugar ekan. G‘arbdagi rivojlangan kapitalistik mamlakatlarning tajribasi esa aynan tovar munosabatlarining «shafqatsizligi» bizning hozirgi hayotimizda umuman unitilayozgan mehr-shafqat singari qadimiy va tabiiy hodisaning qayta jonlanishiga sharoit yaratishini isbotladi.

Biz ertaga mamlakatimizda yuzaga keladigan davlatlar ittifoqida bir-birini ayab o‘tirish degan narsa bo‘lmasligini yaxshiroq anglab olishimiz uchun ham bozor munosabatlarining bu ma’naviy tomoniga alohida e’tibor berishimiz zarur. Bu yerda faqat bir qonun — raqobat qonuni hukmronlik qiladi. Shu boisdan mustaqil jamiyatning kelgusidagi farovonligini ta’minlash, bozor iqtisodiyoti sharoitida yashash uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rish lozim.

* * *

Bugungi kunda O‘zbekistonda hayot sharoiti o‘zgardi: barcha jumhuriyatlarda bo‘layotganidek, jamiyatda yangi, erkin, suveren holat yuzaga kelayapti. Bundan buyon avvalgi o‘lchovlar bilan yashab bo‘lmaydi.

Bozor munosabatlarining yangi sharoitida O‘rta Osiyo jumhuriyatlari va Qozog‘istonning tashqi dunyodan uzoqligi noqulaylik tug‘diradi. Iqtisodni ravon rivojlantirish uchun esa jumhuriyat chet mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishi kerak. Buning uchun eng qulayi suv yo‘lidir. Hozir esa biz uchun dengizga chiqadigan yo‘l uzoq. Chegaradan kirish-chiqish tartibi qattiqligi sababli janub orqali tashqi dunyo bilan bog‘lanish mumkin emas. Bu ahvol bundan buyon ham davom etsa, o‘lkaning Rossiyaga muteligi saqlanib qolaverishi mumkin.

Xo‘sh, mavjud ahvoldan qutulishning qanday yo‘li bor? Birinchi navbatda Ittifoqqa birlashadigan jumhuriyatlar o‘rtasidagi munosabatlar yangicha asosda, ya’ni 1991 yil 23 iyulda kelishib olingan yangi Ittifoq shartnomasi printsiplari asosida bo‘lishi lozim. Unda: «Shartnomada qatnashuvchi har bir jumhuriyat — mustaqil davlatdir», deyilgan. Agar shu so‘zlarga amal qilinadigan bo‘lsa, ittifoqdosh jumhuriyatlar butun jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida o‘z milliy g‘ururlarining tan olinishiga — mustaqil sub’ekt bo‘lish, ya’ni o‘z mustaqil davlatlarini tuzish imkoniyatiga egadirlar. Ammo mustaqillikni e’lon qilish boshqayu, Sovet Ittifoqi singari federativ davlat sharoitida uning amalga oshishiga erishish boshqa narsa. Xalqlar irodasini juda qudratli kuchlar chambarchas qilib bog‘lab tashlagan, tarixiy ko‘nikmalardan voz kechishning o‘zi bo‘lmaydi. Shunga qaramasdan ozodlikka, jamiyatning normal holatiga qaytishning dastlabki umidbaxsh kurtaklari paydo bo‘ldi, desak bo‘ladi.

Amaldagi mustaqillik esa ko‘plab mutlaq zaruriy holatlardan iborat bo‘ladi. Bu Turkiston o‘lkasi uchun birinchi navbatda jahon savdosida ishtirok etishga imkon beradigan sharoit yaratishdan, qulay yangi savdo yo‘llarini tanlash huquqidan iboratdir.

Mamlakatda siyosiy vaziyatning o‘zgarishi eng muhim narsani — iroda erkinligini beradiki, bu mustaqil jumhuriyatlar o‘rtasida bozor munosabatlariga qaytish zaruratini yuzaga keltirgan sabablardan biridir. Ilgarigi ittifoqdagi jumhuriyatlar qandaydir bir yasama tusda edilar, ularda inon-ixtiyor yo‘q edi. Ular uchun hamma narsani Davlat plan komissiyasi, Davlat ta’minoti va boshqa ko‘plab ittifoq idoralari hal qilar edi. Shuning uchun ham jumhuriyatlarning jahon hamjamiyatidagi hozirgi holati achinarli ahvoldadir. Qozog‘iston hududi Frantsiyanikidan besh baravar katta bo‘lishiga qaramay, dunyoda shunday jumhuriyat borligini birov bilsa, birov bilmaydi. Ukraina, O‘zbekiston, Gruziya, Tatariston singari yirik milliy davlatlar ahvoli ham xuddi shundaydir. Bu vaziyat Ittifoq jumhuriyatlariga yangicha qarashni, jahon hamkorligidagi ularning haqiqiy o‘rnini tahlil etishni taqozo etadi.

Turkiston o‘lkasining tashqi dunyo bilan mustaqil aloqalari shu paytgacha deyarli bo‘lmagan, endilikda eshiklarni ochib qo‘yish zarur, desak, ichki hayotimizni chuqur mushohada etib, isloh qilish lozim bo‘ladi. Jumladan, Turkiston o‘lkasining uzoq vaqt tashqi dunyodan ajratib qo‘yilganligi, faoliyat erkidan mahrum etilganligi o‘z asoratini qoldirgan.

* * *

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, hozirgi Turkiston o‘lkasi jahon bozoriga faqat Rossiya orqali chiqishi mumkin. Hozir mollarimizni chet elga olib borib sotishimiz uchun temir yo‘l orqali Leningradga yoki Odessaga eltib, kemalarga ortish kerak bo‘ladi. Har ikki holatda ham yuk Rossiya hududi orqali o‘tadi.

Aslida Turkiston o‘lkasi jahon okeaniga, uning eng gavjum joyiga yaqin joyda joylashgan. Unga chiqish uchun esa Eron yoki Turkiya orqali o‘tish mumkin.

Xalqaro munosabatlar tajribasida tranzit yuklar nafaqat yaqin yo‘llar, balki yuk olib o‘tiladigan davlatning ichki hayotiga dahli bo‘lmagan marshrutlar bilan olib o‘tilishi kerak. Ya’ni tranzit yuklar yangi qurilgan temir yo‘llardan olib o‘tilishi lozim. Shu bilan birga, yangi bunyod etiladigan xalqaro tranzit yo‘llar, ular o‘tgan joyda iqtisodiy vaziyatning o‘zgarishiga olib keladi, nainki yangi katta mintaqalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yadi. Shu boisdan tranzit yo‘l masalasi xalqlar istiqbolida katta ahamiyatga ega bo‘lib, diqqat bilan o‘rganishchi taqozo etadi.

Barcha transport yo‘llari singari temir yo‘llar — har bir mintaqa iqtisodiy hayotidagi qon tomirlaridir. Xalqaro hamkorlik kengayayotgan sharoitda turli mamlakatlarni go‘yo bir o‘zaro bog‘liq iqtisodiy sistema sifatida qarash kerak. G‘arbiy Ovro‘pada shunday sistema allaqachonoq yuzaga kelgan. Sovet Ittifoqining janubiy qo‘shnilari bilan munosabatini esa bunday deb bo‘lmaydi, aksincha ular chegaradagi o‘tib bo‘lmas qattiq tartib bilan ajratib tashlanganlar. Davr esa bu ahvolga chek qo‘yishni taqozo etmoqda. Qo‘shni mamlakatlar zarur iqtisodiy aloqada bo‘lishlari kerak, kelajakda shunday bo‘ladi ham, chunki munosabatlardagi siyosiy ahvol qanday shart-sharoitlar bilan belgilanmasin, ertadir-kechdir, xalqlar o‘rtasida yagona oqilona munosabat — iqtisodiy aloqalarga joy bo‘shatib beradi.

Turkiston o‘lkasini tashqi olamdan ajratib qo‘yish so‘nggi yuz yil mobaynida juda xunuk shaklga ega bo‘ldi, shu boisdan janubdagi qo‘shnilarimiz bilan ko‘ngildagidek munosabatlarni tiklash muhim vazifadir. Bu xalqaro munosabatlarning birinchi navbatdagi talabi bo‘lishdan tashqari, bobolarimiz ruhi, kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimizdir.

Yangi Ittifoq shartnomasi loyihasi Turkiston o‘lkasining biz taklif etayotgan tashqi iqtisodiy aloqalarini bo‘lajak yangilangan Ittifoq doirasida amalga oshirish imkonini beradi, deb umid qilishimizga asos bo‘la oladi.

* * *

Xo‘sh, xalqaro huquqiy normalar Turkistonning chet el bilan temir yo‘l yoki dengiz orqali savdo qilishiga imkon beradimi? Beradi. Ma’lumki, qit’a ichidagi davlatlarning xalqaro qoidalari alohida bo‘lib, ular dengiz sohilida joylashgan davlatlarnikidan farq qiladi. Sababi, qit’a ichidagi davlatlar qo‘shni davlatlar bilan qurshalgan bo‘lib, bevosita okeanga chiqish imkoniyatiga ega emaslar, bu esa ularga xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishda birmuncha noqulayliklarni yuzaga keltiradi. Jahonning Avstriya, Afg‘oniston, Boliviya, Botsvana, Vengriya, Laos, Zambiya, Lyuksenburg, Chad, Chexoslovakiya, Shveytsariya, Markaziy Afrika Jumhuriyati kabi mamlakatlari ana shunday davlatlar sirasiga kiradi. Ular go‘yo o‘z qo‘shnilariga abadiy qaramday bo‘lib qolganlar. Xalqaro aloqani yo‘lga qo‘yish uchun ular qo‘shni mamlakat hududidan o‘tib, dengiz sohiliga chiqishlari va u yerdan kemalarda yana yo‘lni davom ettirishlari kerak. Xalqaro huquqiy munosabatlarning mohiyati shundaki, har bir davlat o‘zicha bir dunyo bo‘lib, boshqa davlatlar oldida mustaqildir va ular o‘rtasida hech qanday hakam yo‘q.

Biroq bizning zamonamizda qit’a ichidagi davlatlar bilan savdo yo‘li o‘tishi kerak bo‘lgan davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalar ishlab chiqilgan. Ular shundan iboratki, jahon hamjamiyati bunday davlatlarning o‘ziga xos noqulay ahvoliga tushunib munosabatda bo‘ladi va ular insoniyatning boshqa qismi bilan baravar rivojlanishi uchun teng sharoitlar yaratish zarurligini tan oladi.

«Tranzit» — lotin so‘zi bo‘lib, «o‘tish» degan ma’noni, mollar va io‘lovchilarni oraliq mamlakat orqali ikkinchi mamlakatga olib o‘tishni bildiradi.

Sanoat jadal rivojlanishi bilan qit’a ichidagi davlatlar muammosi tobora jiddiy tus ola boshladi. Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan rezolyutsiya qabul qilib, unda dengizga tutash bo‘lmagan davlatlarga xalqaro savdo yo‘llariga chiqish uchun zarur shart-sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

1964 yil 23 martdan 16 iyungacha Jenevada BMTning savdoni rivojlantirishga bag‘ishlangan konferentsiyasi bo‘lib, unda qit’a ichidagi davlatlar savdosiga daxldor bo‘lgan bir qator qoidalar qabul qilindi. Bular quyidagilardir:

1.  Qit’a ichidagi har bir davlat dengizga erkin chiqish huquqiga ega;

2.  Dengiz sohilidagi davlatlar dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan davlatlarga erkin va cheklanmagan miqdorda yuk olib o‘tish imkonini berishi kerak;

3.  Bunda tranzit mollardan bojxona solig‘i olinmaydi;

4.  Tranzit transport vositalarida chet el yuklarini tashiganligi uchun soliq solinmaydi;

5.  Tranzit har qanday sharoitda va barcha mol turlari uchun amalga oshirilishi mumkin;

6.  Belgilab qo‘yilgan mazkur huquqlar davlatlar o‘rtasida o‘zaro tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

* * *

Qit’a ichida yashaydigan xalqlarning dengizga chiqishi — buyuk tarixiy voqeadir. Bu mazkur xalqning turmush tarzini, madaniyatini o‘zgartirib, millat sifatida kamolga yetkazadi. Shu boisdan bu ishga kirishishdan avval o‘zgalar tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunday xalqaro tajriba esa bor. Qit’a ichidagi davlatlarning savdo yo‘llari o‘tadigan davlatlar bilan munosabati natijalari umuminsoniy munosabatlarning eng muhim, zaruriy qismidir. Bu masala qanday hal etilayotganligiga qarab o‘zaro aloqadagi davlatlarning xalqlari madaniy darajasi haqida so‘z yuritish mumkin. Umuman qit’a ichidagi barcha taraqqiy etgan davlatlar o‘zlarining alohida jug‘rofiy holatlari muammosini allaqachonoq hal etganlar, ayni paytda kam rivojlangan mamlakatlar bu muammo bilan jiddiy shug‘ullanganlaricha yo‘q. Bu shu fikrni tasdiqlaydiki, jahon okeaniga chiqishga bo‘lgan ehtiyoj jamiyat taraqqiyotining ma’lum bosqichida yuzaga keladi. Muammoning hal etilishi esa jamiyat taraqqiyoti jarayonini tezlashtiradi.

Jumladan, Avstriya Sen-Jermen shartnomasi va Vengriya Trianon shartnomasiga binoan o‘zga mamlakat hududidan molini erkin olib o‘tib, Adriatika dengiziga chiqish va erkin port zonasiga ega bo‘lish huquqiga ega.

Chexoslovakiya Oder, Elba va Dunay daryolari orqali dengizga chiqib, Gamburg va Shtettin portlaridan yuklarini dunyoning istalgan joyiga jo‘natish huquqiga ega. Bu mamlakatning mazkur shaharlardagi portlarda o‘z erkin zonalari bor.

Lotin Amerikasidagi Boliviya davlati 1904 yilda Chili bilan tuzilgan shartnomaga binoan mazkur mamlakat hududidan yuklarini muntazam va istalgan miqdorda dengiz yo‘liga olib chiqish ququqiga ega.

Nepal 1950 yilda Hindiston bilan tuzilgan shartnomaga binoan qo‘shni mamlakat hududidan yuklarini cheklanmagan miqdorda dengiz yo‘liga olib chiqish huquqiga ega.

Bunday xalqaro tajribaning mavjudligi Turkiston o‘lkasi uchun katta ahamiyatga ega. O‘lka jamoatchiligida xalqaro huquq asoslari bo‘yicha bilimlarning yo‘qligi esa uning bu kamchiligidan xalq ichidagi millatning chuqur tarixiy manfaatlarini sotadigan kishilarga o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanish imkoniyatini berishi mumkin.

Qit’a ichidagi davlat ochiq dengizga chiqqach, portda o‘z maydoniga ega bo‘ladi. Xalqaro huquq qoidasiga binoan sohildagi bunday maydonlar erkin zona hisoblanadi. Uning vazifasi qit’a ichidagi davlatlar bilan dengiz ortidagi davlatlar o‘rtasida to‘g‘ri savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishga sharoit yaratishdan iborat.

Qit’a ichidagi davlatlar erkin zonalarda boshqa mamlakatlar bilan xuddi o‘z mamlakatidagidek mol ayriboshlaydi, bu ish mustaqil davlatning bojxona ma’murlari ishtirokida amalga oshiriladi. Boshqa hamma ishlarda esa sohil bo‘yi davlatining qonun-qoidasiga amal qiladi. BMT Konventsiyasining 8 moddasida shunday deb ko‘rsatilgan.

Tranzit maqsadida tashkil etilgan erkin zona kengaytirilib, iqtisodiy zonaga aylantirilishi ya’ni o‘z doirasiga sohilbo‘yi iqtisodiyotini qamrab olishi ham mumkin. Sababi, erkin zonalar muhim jahon savdo yo‘llarining markaziy nuqtalaridir, shu boisdan yangi iqtisodiy mintaqalarni qamrab olib, ularning moddiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu demak, Bibliyadagi «bersang, ega bo‘lasan», degan ramziy ibora shu yerda ham o‘z tasdig‘ini topadi. Darhaqiqat, sohilbo‘yi davlatlari qit’a ichidagi davlatlarga molini olib o‘tish imkonini berib, kam foyda ko‘rmaydilar. Ehtimolki, zamonaviy erkin iqtisodiy zonalar g‘oyasining o‘zi qit’a ichidagi davlatlarning dengizga erkin chmqish ehtiyoji tufayli yuzaga kelgandir.

Qayta qurishga qadar Sovet davlati jahon hamjamiyati oldida yagona, jipslashgan davlat singari edi. Hayot esa u bunday emasligini ko‘rsatdi. Sovet Ittifoqi bundan buyon mustaqil davlatlar ittifoqi bo‘ladi, ular o‘rtasidagi munosabatlar bozor iqtisodiyoti asosiga quriladi. Bu vaziyat uning davlat tuzilishi borasidagi holatini o‘zgartirib yuboradi va buning oqibati sifatida Turkiston o‘lkasining qit’a ichidagi davlat sifatida tan olinishi zarurati yuzaga keladi. Shuni ham aytish kerakki, «qit’a ichidagi davlat» tushunchasi faqat iqtisodiy asosga ega, boshqa asosga ega emas. Shu boisdan Turkiston o‘lkasi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boshqa ko‘pgina vazifalar qatori xalqaro hamjamiyatning qit’a ichidagi davlat statusini olib, uning imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishga erishish vazifasini hal etishdan iboratdir.

* * *

Jahon okeaniga chiqish g‘oyasi Turkiston o‘lkasi uchun faqat moddiy jihatdangina emas, balki jamiyat taraqqiyoti sifatiga ta’sir ko‘rsatish jihatidan ham tobora muhim bo‘lib borayapti. O‘ziga xos rivojlanish sur’ati bo‘lgan har bir mamlakat tarixida shunday paytlar bo‘ladiki, bunda u faqat qo‘shnilari bilan bo‘ladigan iqtisodiy aloqalar bilan kifoyalanmay, jahon savdosida qatnashish, buning uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash ehtiyojini his etadi. Bu yo‘ldagi birinchi qadam dunyo okeaniga chiqishdan iborat bo‘lishi kerak, chunki busiz xalqaro savdoni tasavvur etib bo‘lmaydi.

Jumladan, Pyotr I shohlik qilgan davrining boshidanoq dunyo okeaniga chiqishni Rossiyaning birinchi va eng katta vazifasi qilib qo‘ydi. Boltiq dengiziga chiqqach esa Rossiyaning Ovro‘pa bilan tashqi iqtisodiy aloqalarini kuchaytirib qisqa davrda mamlakatning iqtisodiy va madaniy jihatdan gurkirab rivojlanishini ta’minladi.

Jamiyat qancha rivojlanib, sanoati qudratli bo‘lgan sayin uning faoliyatida tashqi iqtisodiy aloqalarning ahamiyati ortib boradi. Xalqlar katta, mo‘may foyda olish mumkin bo‘lgan joylarga tomon intiladilar.

Hozirgi adabiyotda dengizning insoniyatga nisbatan tortish kuchi borligi to‘g‘risidagi fikrlarga duch kelish mumkin. Haqiqatda xalqlarning joylashuvini tahlil etganda insoniyat qit’a ichkarisidan dengiz va okeanlarning sohillari tomon «sirg‘alib» borayotganligini kuzatish mumkin. Mutaxassislarning xulosasicha, hozir dunyo aholisining yarmidan ortig‘i jahon okeanlari sohilidan 200 kilometrgacha bo‘lgan uzoqlikda yashar ekan. Bu jarayon tobora kuchaymoqda va tasodifiy emas. Insoniyatning XV asrdagi buyuk jug‘rofiy kashfiyotlar bilan chinakamiga boshlangan sohillarni o‘zlashtirishi butun yer sharini qamrab olgan mehnat taqsimoti jarayonini tezlashtirdi. Darhaqiqat, dunyo okeani tobora jipslashtiruvchi ahamiyat kasb etayapti va jahon taraqqiyotining yagona mumkin bo‘lgan xususiyati sifatida nomoyon bo‘layapti.

Ha, Turkiston qonuniy jahon jarayonidan chetda turmasligi kerak. Dengizga intilish o‘lkaning tarixiy taraqqiyotida tub burilishga, sifat o‘zgarishiga olib keladi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 11-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.