background
logotype

Mahkam Mahmudov. Sharqning hukmdor ayollari (1991)

Moskvadagi «Nauka» nashriyotida turk olimasi, Anqara dorilfununi professori Bahriya Uchoqning «Islom davlatlarida hukmdor ayollar» degan kitobi rus tilida nashr etildi. Tarjima muallifi qadimiy tarix bilimdoni, atoqli sharqshunos Ziyo Bunyodovdir.

Ikki og‘iz so‘z kitob muallifi haqida. Doktor Bahriya Uchoq Turkiyaning Trabzun shahrida tug‘ilgan. Istanbuldagi ayollar litseyida tahsil olgan. So‘ng u Istanbul dorilfununi tarix bo‘limiga va davlat konservatoriyasiga imtihon topshirib, fan va san'at dargohlarida o‘qiy boshlaydi. Bundan tashqari, Bahriya Anqara dorilfununiga sirtdan o‘qishga kirib, mashhur olim Fuod Ko‘pruluzodaga shogird tushadi. Uning rahbarligida O'rta asrlardagi turkiy xalqlar va islom tarixini o‘rganadi. Ayii vaqtda, konservatoriyada ingliz professori Ernst Xay rahbarligida ashula sinfida o‘qiydi, So‘ng uch yil Samsun litseyida tarix va musiqa muallimasi bo‘lib ishlaydi.

Bahriya professor Jo‘shqin Uchoqqa turmushga chiqqach, Anqaraga ko‘chib keladi. O'n bir yil litseyda muallimalik qilgach, Anqara dorilfununi ilohiyot fakultetiga assistent bo‘lib ishga kiradi va u yerda «Ilk soxta payg‘ambarlar va ridda» (ya'ni, islomni rad etuvchilar) tarixidan dissertatsiya yoqlaydi. «Islom davlatlarida hukmdor ayollar» kitobi uchun Bahriya dorilfunun dotsentligiga saylanadi. So‘ng «Islom tarixi: Umaviylar va abbosiylar» mavzuidagi ilmiy ishi uchun professorlik unvonini oladi, Mamlakat radiosida va matbuot sahifalarida uning ayollar huquqi mavzuidagi suhbat va maqollari turkumi hukumat,nazariga tushgach, Bahriya Turkiya Buyuk milliy kengashi - Oliy palatasi a'zosi qilib saylanadi. Olti yil davomida u senatorlik vazifasida mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shundan so‘ng, qolgan umrini ijodga bag‘ishlaydi. Bahriya Uchoqning «Islom davlatlarida hukmdor ayollar» kitobi dovyurak, mard, talantli va dono ayollar hayoti haqida hikoya qiladi. Bahriya Uchoq, kitob muqaddimasida, G'arb va Sharq ayollarining ijtimoiy hayotdagi xizmatini ko‘rsatib, tarixdagi mashhur ayollar hayotidan dalillar keltiradi. Sulaymon alayhissalomning sevgilisi, Sabo malakasi Bilqisni, Misr malikasi Kleopatrani, Palmira malikasi Zaynab - Zenobiyani eslaydi. Zenobiya 272-yilda Rimga qarshi janglarda asir tushadi, lekin donoligi va go‘zalligi bilan rimliklarni zabt etadi. Kitob muallifi VII asr - Muhammad payg‘ambar zamonidagi mashhur valiy, karomatgo‘y, lashkarboshi ayol Sajjohni eslaydi. Uning yozishicha, Sajjoh soxta payg‘ambar Musaylima bilan shartnoma tuzib, Muhammad alayhissalom qo‘shinlariga qarshi kurashgan va yengilgan.

Kitobning dastlabki sahifalarida Bahriya Uchoq Eron shohi Kirga qarshi kurashgan massagetlar malikasi To‘marisning qahramonligini yozadi. Eronning kayoniy shohlaridan Isfandiyorning o‘g‘li Baxmanyor o‘zidan so‘ng qizi Humoyni valiahd qilib tayinlagan. Malika Xumoy 32 yil buyuk Eron davlatiga shohlik qilgan. Yana Eronda Xusrav II Parvezning qizi Puranduxt, so‘ng uning singlisi Ozarmiduxt podshohlik qilgan. Arab istilochilariga qarshi kurashda Turonzamin himoyachilaridan So‘g‘d shahzodasi Tug‘shodning onasi Tug‘shoda jasorat ko‘rsatgan. U Samarqand, Buxoro, Omul shaharlari yo‘llarini nazorat qilib, o‘z poytaxti Paykandni Said ibn Usmon Hajjoj va Qutayba qo‘shinlaridan mudofaa qilgan.

Narshaxiyning «Buxoro tarixi» kitobida shu haqda bunday ma'lumot bor:

«Muoviya davrida Qutayba ibn Muslim tomonidan Buxoro fath qilindi va Tag‘shoda (Tug‘shod- M. M.) Qutayba ibn Muslim tomonidan podshoh bo‘lib, o‘ttiz ikki yil hukmronlik qildi...» Narshaxiy yana bir o‘rinda bunday yozadi: «Bidun Buxoroxudot o‘lgan vaqtda undan bir emadigan o‘g‘il bola qoldi; uning nomi Tag‘shoda (Tug‘shod) edi. Bolaning onasi bo‘lgan xotin taxtga o‘tirdi va o‘n besh yil hukmronlik qildi. Uning davrida arablar Buxoroga kela boshladilar; har gal kelganlarida (podsho) xotin ular bilan sulh tuzar va mol berar edi. Aytishlaricha, uning davrida undan ko‘ra donoroq bironta ham kishi bo‘lmagan: u donolik bilan hukmronlik qilar va xalq itoatda edi...»

Nazarimizda, Qutayba ibn Muslim tavsiyasi bilan Buxoroxudotning o‘g‘li taxtga loyiq, deb topilganida, unga vasiylik qiluvchi (regent) onasi o‘g‘li chaqaloq bo‘lsa ham, podsho Tug‘shodning nomi bilan ish yuritganligi e'tiborga loyiqdir. Bu yerda avvalo, shahzodaga oliy hurmat ifodalanadi, ikkinchidan, podsho ayol adolat va kamtarlik yuzasidan o‘z nomidan ish yuritmagan, deb o‘ylash mumkin.

Bahriya Uchoq yozishicha, Chig‘atoy ulusining xoqoni Qora Xulaguning umr yo‘ldoshi Erginaxotin ancha vaqtgacha davlatga rahbarlik qilib, o‘z nomidan tanga zarb ettirgan.

«Johiliya davrida, - deb yozadi Bahriya Uchoq - huquqsiz bo‘lgan, erkaklarning shaxsiy mulki hisoblangan ayollar, Qur'on va Hadislar vujudga kelgach, keng huquq va imkomiyatlarga ega bo‘ldilar». Avtor bu fikrini psbotlash uchun VII-XIV asrlarda o‘tgan buyuk alloma ayollarning ismlarini keltiradi. Mudarrisa, muhaddisa va muallima ayollarni eslaydi. Ba'zi huquqshunos olima ayollar madrasalarda dars berishgan, xalq oldida va'z o‘qishgan va Sittul-quzot, Sittul-ulamo, Sittul-fuqaho (ya'ni, qozilar, olimlar, faqihlar bekasi) degan unvonlar bilan taqdirlangan. Bahriya Uchoq shular orasida Muhammad s.a.v.ning xotinlari Oyisha, mashhur olim Ibn Battutaga madrasa diplomini topshirgan Zaynab bint Kamoliddin Ahmad, Misrda amir Sayfuddin Arg‘un va boshqalarni o‘qitgan Umm Abdulloh bint Shamsiddinlarni ko‘rsatadi.

Xalifa al-Muqtadirning onasi vakolat bergan ayol Sumayl saroy devonbegisi - ministri sifatida, bahsli masalalarni hal etgan. Xorazmshoh Aloiddin Muhammadning onasi Turkon xotin ham muhim davlat ishlarini hal etishda qatnashgan.

Bahriya Uchoq yozishicha, arab olimi al-Mavarziyning «Al-ahkom as-sultoniya» kitobi musulmoncha davlat huquqi sohasidagi asosiy asarlardan biridir. Shu kitobda davlat rahbari bo‘lishning yettita sharti ko‘rsatilgan. Davlat rahbari bo‘y yetgan kishi va erkak bo‘lishi kerak, degan yana ikkita shartni qozi al-Bayzaviy «Tavole ul-anvor» («Nurlar to‘lishishi») va al-G'azzoliy «Ihya ulumud-din» («Diniy ilmlar tirilishi») asarlarida qo‘shimcha qilib keltirishgan. Shunga qaramay, G'arbning buyuk davlatlari Ispaniya, Frantsiya, Angliyadagi singari, sharq davlatlarida ham ayollar ilm-fan, adabiyot, fiqh sohalarida, shuningdek, siyosiy arbob sifatida, jamiyat hayotiga rahbarlik qilishgan.

Nechundir, Bahriya Uchoq o‘z kitobida ba'zan davriy izchilikka amal qilmaydi. U XVI asrda yashagan Akbarshohning murabbiysi Mohim enaga, Jahongirning xotini Nur Mahal yonida Bobildagi osma bog‘larni barpo etgan Semiramida, Vizantiya qirolichasi Feodora, Frantsiyaning mashhur ayollari markiza de Pompadur, madam Dyubarri, Mariya-Antuanetta ismlarini keltiradi. Bundan tashqari, olima Shekspirning «Antoniy va Kleopatra» tragediyasini eslamagani holda, Bernard Shouning shu nomli komediyasini tilga olgan.

Bahriya Uchoq kitobidagi eng noyob sahifalar Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmish va uning qizi Roziya hamda Misr malikasi Shajarat ad-Dur haqidagi hikoyalardir.

Dehli sultoni Qutbiddin Oybek 1210 yilda, chavgon o‘yini paytida, otdan yiqilib o‘ladi. Taxtni uning irodasiz va ichkilikboz o‘g‘li Oromshoh egallaydi. Ammo ko‘pchilik amirlar va raiyat Oromshohni taxtdan ag‘darib, Oybekning kuyovi, lashkarboshi Shamsiddin Eltutmishni sultonlikka ko‘taradilar. Bu vaqt G'azna sultonlaridan Tojiddin Yildiz Dehli sultoniga itoat bildirnb, chopar yuboradi. Ammo, Oybekning boshqa bir kuyovi - Nasriddin Qubacha ko‘pgina viloyatlarni egallab Eltutmishga-Dehli sultonligiga xavf sola boshlaydi.

Xorazmshoh Aloiddin Muhammad esa bu vaqtda G'aznani egallaydi. G'azna sultoni Tojiddin Yildiz u yerdan qochib, Hindikush tog‘larini oshib o‘tib, Nasriddin Qubachadan Uch viloyatini tortib oladi. Bu bilan kifoyalanmay vassallik - tobelik qoidasini buzib, Dehliga hujum boshlaydi. Dehli sultoni Eltutmish harbiy sarkarda sifatida, katta zafarlarga erishgan, ajralib ketgan viloyatlarni qayta fath etib, yirik feodal davlati tuzgan.

1220 yillar boshida Chingizxon qo‘shinlaridan chekinib, Hindistonga kelgan Jaloliddin Manguberdi Dehli sultonligi asosida, Xorazmiylar davlatini tiklashga urindi. Ammo Eltutmish Jaloliddinga goh sovg‘a-salomlar yuborib, goh ochiq jangga kirishib, Dehli mustaqilligini saqlab qoladi. Jaloliddin shundan so‘ng Gruziya va Ozarbayjonni egallaydi. 1229 yilda Bag‘dod xalifasi Mustansir (1226-1241) Eltutmishni Hnndiston sultoni, deb e'tirof etadi va unga «As-sulton al-muazzam Nosir amiral-mo‘‘minin» degan faxriy unvon beradi.

Mard va bahodir, olimlarni va hunarmand ustalarni qadrlaydigan Eltutmish, 1232 yili hindlardan ilgari Oybek tasarrufidagi Gvalior viloyatini qaytarib oladi va u yerga mashhur muarrix va faqih, «Tabaqoti Nosiriy» kitobi muallifi Minhojiddin Juzjoniyni ham qozi qilib tayinladi.

Roziya XIII asrda yashab o‘tgan Dehli sultoni Eltutmishning farzandlari ichida eng salohiyatlisi edi. Shuning uchun Shamsiddin Eltutmish ko‘zi ochiqligida vazirlarni va amirlarni to‘plab, qizi Roziyani valiahd etajagini bildirdi. Vazirlar va amirlar sulton Eltutmishning bu ishiga ajablanib, e'tiroz bildirishdi. Ammo, Eltutmish ahdidan qaytmadi. Amirlarga tushuntirdi:

- O'g‘illarim maishatbozlikka berilgan, faqat o‘z rohat-farog‘atlarini o‘ylaydi, qizim Roziya jasur jangchi, adolatpesha, xalqparvar, davlat ishlarini donolik bilan boshqara oladi, - dedi.

Eltutmish 1232 yilda Panjob jangidan kasal bo‘lib qaytadi va ko‘p o‘tmay vafot etadi. Sulton vafotidan so‘ng, uning o‘g‘illari Rukniddin Feruzshoh va G'iyosiddin  Muhammadshoh o‘rtasida taxt uchun kurash boshlanadi. Bu kurashni shahzodalarning onalari qizdirishardi: Nihoyat, Rukniddin Feruzshohning onasi Shoh Turkon marhum erining boshqa xotinlariga jabr-zulm qila boshlaydi. U, Eltutmishning o‘g‘li Qutbiddinni hibsga oldirib, ko‘zini o‘ydiradi, so‘ng qatl ettiradi.

Bahriya Uchoq yozishicha, Rukniddin Feruzshoh, davlat ishlariga layoqatsiz, maishatparast bo‘lgani uchun uzoq hukmronlik qilolmaydi. Eltutmishga sodiq bo‘lgan viloyatlardagi qo‘shin boshliqlari marhumning oqila qizi Roziya tarafdori edilar. Dehliga kirib kelgan ana shu qo‘shinlar Roziyaga sodiqlikka qasam ichib, uni sultonlik taxtiga ko‘taradilar.

Roziya sultonlik taxtiga o‘tirgach, otasi Shamsiddin Eltutmish davridagi yaxshi an'analarni tikladi, mamlakatda adolatli qonunlar o‘rnatdi. Fuqaroga g‘amxo‘rlik qildi. U «Roziyat ad-dunyo va-d-din» (Olam va din sevgilisi) va «Bilqisi Jahon» deb nom chiqardi.

Bahriya Uchoq kitobida, shuningdek, Yevropa salibbardorlariga qarshi, Quddusi sharifni ozod qilish uchun kurashgan, Misr malikasi Shajarat ad-Dur, elxon Abakaxon davrida o‘tgan Qutlug‘ Turkonxotin (1266- 71); fors qahramoni, Tabriz sultoni Satabeka, Hindiston hukmdorlari Qudsiyabegim, Iskandarbegim, Shoh Jahonbegim va boshqa dono ayollar hayoti haqida ham qiziqarli hikoyalar keltirgan.

Ustod muarrix Ziyo Bunyodov kitobga kamtarona kirish so‘zi yozib, unda Bahriya Uchoq asarining manbalarga boyligini ta'kidlaydi. Kitob mas'ul muharriri, atoqli tarixchi M. S. Meyer so‘ngso‘zida Bahriya Uchoq asarida Muhammad Fuod Ko‘pruluzoda (1890-1966) milliy tarix kontseptsiyasining ta'siri kuchli ekanligini ta'kidlaydi, shuningdek, u, qur'on va ayollar mavqei mavzuida ham qiziqarli fikrlarni bayon etadi.

Bahriya Uchoqning «Hukmdor ayollar» kitobi Sharq tarixi, falsafasi, huquqshunosligi, xususan, O'rta Osiyo xalqlarining qadimiy tarixini o‘rganishda bebaho manbalardan biridir. Ushbu nodir asarni tarjima qilib, kitobxonlarimizga taqdim etgani uchun, ustoz Ziyo Bunyodovga tashakkur bildiramiz.

«Fitna san'ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.