background
logotype

Miraziz A’zam. Alifbomiz ufqlari (1992)

Alifbo masalasi eng oldin otam haqida onamning hikoyalaridan qulog‘imda qolgan.

— Adang til-adabiyot o‘qituvchisi edi. Keyin birdan tarix fakultetiga kirish uchun Dorulmualliminga hujjat topshirdi. «Nega unday qivossiz?» desam, «Alifbo o‘zgaraverishi jonimga tegdi. Endi ko‘nikkanda boshqasiga o‘taveramiz», degandi.

«Nimaga alifbe o‘zgararkin?» deb o‘ylardim o‘sha paytlarda. Endi-endi otam 1912 yilda tug‘ilgani, 7 yoshdan 28 yoshgacha 5 marta alifbo islohini ko‘rganini ko‘z oldimga keltiraman va u avlod vakillariga qiyin bo‘lganiyu amalda savodsizlikka mahkum etilganini o‘ylab, mustamlakachilik siyosatining qing‘ir ishlari, shumliklariga yana bir nafratim ortadi. «Shu islohotlar kerakmidi?» deb tushunishga harakat qilaman.

Men o‘zim hozirgacha joriy alifbomizdagi bir qusurga duch kelaman. O‘rta maktabda ham, dorulfununda ham va hatto hozirgi ishimda ham xoh o‘quvchi bo‘lsin, xoh o‘qituvchi, xoh talaba bo‘lsin, xoh professor, xoh oddiy xizmatchi bo‘lsin, hali biron marta «h» bilan «x»da hech xato qilmaydigan bironta sof o‘zbek (turk) bolasini ko‘rganim yo‘q. Maktabda «dumli «h»mi, dumsizmi» degan savolni eshitasiz. Kirish imtihonlarida maktabni oltin medal bilan bitirgan bolalar ham «x» o‘rniga «h», «h» o‘rniga «x» yozib yuboradilar. Men talabalik chog‘imda domlamiz, tilshunos olim Shavkat Rahmatullaev oldiga shu savolni qo‘ygan edim. «Tilimizda, ayniqsa Toshkentda «x» bilan «h»ning farqi yo‘q. Shundoq ekan alifbega ham bitta «x» olinishi kerak» deb javob bergandi domlamiz. Men «hil-hil» va «xil-xil» singari so‘zlarimiz bor, ishora qo‘ymasa mazmun aniq chiqmaydi, desam, «Ammo bunday so‘zlar o‘ntaga ham bormaydi, olti-ettita, xolos, boring, ana o‘ntayoq deylik, o‘n so‘zning farqi to‘fayli ikki harf qabul qilish shart emas. Ma’noni kontekst orqali bilib olish mumkin. Barcha millatlarning amaliyotida bunday misollar ko‘p uchraydi», degandi domlamiz. Men bu fikrga qo‘shildim. Keyin, yaqin-yaqinlarda ham bu «h» va «x» masalasida matbuotda ko‘p olishuvlar bo‘ldi. Ba’zi bir olimlar, bu ikki harf alifbomizda qolishi shart, degan fikrni olg‘a surishdi. Men o‘zim yana bu muammoni o‘rganishga kirishdim. Qarasam, turkiyalik turklar ham bitta «h»ni («H») qabul qilishgan ekan. Men, o‘z lug‘atlarimizdan «x» bilan «h»ni farqlash zarur bo‘lgan yettita so‘z topdim:

H

1. ham (forsiy) — bog‘lovchi va yuklama vazifasida keladi.

2. har (forsiy) — belgilovchi olmosh vazifasida keladi.

3. hiyla (forsiy) — aldashda ishlatiladigan yo‘l, makr, firib.

4. hil-hil (forsiy) — «pishib yumshab ketmoq» ma’nosida.

5. hirs (arabiy) — zo‘r istakni, shahvoniy tuyg‘uni bildiradi.

6. hol (arabiy) — vaziyat, holat, jismoniy-ruhiy ko‘rinish, avzo va yana gap bo‘lagi ma’nolarida ishlatiladi.

7. hush (forsiy) — kishining biror ta’sir yoki hodisani sezish, idrok etish, anglay olish qobiliyatini bildiruvchi so‘z.

X

1. xam (forsiy) — «pastga egilgan», «quyi solingan» ma’nosida ishlatiladi.

2. xar (forsiy) — «eshak» ma’nosida.

3. xiyla (arabiy) — «ma’lum darajada», «birmuncha», «ancha» ma’nosida.

4. xil-xil (arabiy) — «turli-tuman» ma’nosida.

5. xirs (forsiy) — «ayiq» ma’nosida.

6. xol (forsiy) — badandagi tug‘ma qora dog‘, bezak uchun qilingan belgi, biror iarsaning go‘zal joyi ma’nolarida ishlatiladi.

7. xush (forsiy) — «yaxshi», «yoqimli», «yarashib turadigan» ma’nolarda ishlatiladi, shuningdek, mayl, ishtiyoq, xohishini ham bildiradi.

Hozir tilimizda ishlatilib turganlari shular, xolos. Agar klassik adabiyotimizni kuzatsak, yana boshqa so‘zlar ham qo‘shilishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bu so‘zlarning orasida kelib chiqishi jihatdan turkiy bo‘lgan bir so‘z ham yo‘q.

Arab va fors tillarida «h» bilan «x»ni farqlamasa, yer bilan osmonchalik farqlar chiqishi muqarrar. Ammo bizning turk tilimizda «h» bilan «x»ning farqi yo‘q. O‘sha yuqoridagi 5—10 so‘z uchun alifbomizga ikki harf olishimiz to‘g‘ri emas. Bu, mening amaliy hayotda chiqazgan hozirgi alifboga oid bir xulosam, xolos. Balki, tarixda ham shunday xulosa chiqargan kishilar o‘tgandir. Turkistonda o‘n asrdan ziyod hukm surgan arab alifbosini o‘zgartirishga ehtiyoj bo‘lgandir. Nega bunday deyotganimning sababi shundaki, men til-adabiyot kulliyotida o‘qidim va arab alifbosini o‘rganayotganimizda ko‘pchiligimizni bu alifbodagi turli xususiyatlar hayratga solgan edi. Avvalo har bir harfning har joyda har xil yozilishi kishini tong qoldirardi. Bir harfning o‘zi so‘z boshida bo‘lakcha, o‘rtasida boshqacha va so‘ngida o‘zgacha yozilardi. Albatta, qunt bilan bu pog‘onadan o‘tish qiyin emas edi. Ammo alifboda aksar unli tovushlarning yozilmasligi va ba’zi harflarning turli tovushlarni ifodalashi va arab tilidagi bir qator tovushlar turk tilidagi bir tovushni ifodalashini o‘zlashtirish mushkul edi. Arabcha — sinuvchan til bo‘lsa, turkcha — qo‘shimchali til. Arabchada unsiz tovushlar hokim bo‘lsa, turkchada unli tovushlarning ahamiyati katta. Arabchadagi «ho», «xi», «ha» belgilari turkchada bitta «he» belgisi bilan o‘z ifodasini topadi. «Vov» harfi «v»ni, «u»ni va «o‘»ni bildiradi. «Va» o‘rnida ham ishlatiladi. «Sin», «sod», «se» tovushlaridagi farqlar ham bizning tilimiz uchun tushunarsizdir. Biz faqat bitta «s»ni ishlatamiz. Xuddi shuningdek «t»ning «te» va «to» bilan, «z»ning «zol», «zayn», «zo» va «zod» bilan to‘rt xil ifodalanishi turkcha so‘zlarning bu alifboda ifodalanishini chigallashtiradi. Unli tovushlarning yozilmasligi tufayli, masalan yonma-yon yozilgan «br» harflarini «bar» — etakmi, «bor» — buyruqmi, «bir» — son, raqammi, — bilolmaysiz. Yoki «be», «vov», «re» harflari yonma-yon kelsa ularni «bur» deb o‘qish kerakmi, «bo‘r» debmi va yo «b va r» debmi? — bularni aniqlash uchun matnni qayta o‘qimoq, jumla ma’nosini aniqlamoq darkor bo‘ladi, ya’ni talay vaqtingiz va zehningizni sarflashingiz kerak. Holbuki, bunday pauzalarga yuzlab, minglab bora duch kelaverasiz.

Mana, hozirgi kunlarda Navoiy, Mashrab, Nodira, Xorazmiy nashrlaridagi yuzlab xatolar ma’ni ahllarini xunob qilib kelmoqda. Chunonchi, zakiy adibamiz Kibriyo Qahhorova Mashrabning tanlangan asarlarida yo‘l qo‘yilgan yuzlab xatoliklarni ko‘rsatib, matbuotda qayta-qayta chiqdilar. Holbuki, bu to‘plamlarni klassik adabiyot bilimdonlari, filologiya fanlari nomzodlari tayyorlashgan edi. Navoiyning «Mukammal asarlar to‘plami»da ham xatolar ko‘pligi og‘izlarda afsona bo‘lib yuribdi. Bu nimadan kelib chiqqan? Faqatgina Arab alifbosining o‘qilishidagi qiyinchilikdan kelib chiqqan.

Balki, bu — bizning chalasavodligimiz, 70 yil davomida o‘z alifbomizdan uzoqlashib ketganimiz sababli yuz berayotgandir? Balki, birgina men, balki birgina guruh bilimsizlar bu masalaga duch kelgandirmiz, dunyoning boshqa ma’rifatli turk millatlari uchun o‘rtada bunday qiyinchilik yo‘qdir? Ammo, unday desam, tarixda, ayniqsa XIX asrning II yarmidan beri, arab alifbosini isloh qilishga urinishlar bo‘lib kelganini nima bilan izohlash mumkin?

Turk olimasi, filologiya fanlari doktori, professor Zaynab Qo‘rqmazning dalolat berishicha, 1303 yilda Qora dengiz shimolidagi Qipchoq bo‘zqirlarida, qipchoq turklariga atalgan «Kodeks Komanikus»ning lotin harflari bilan yozilgan bo‘limlari bor. Bu davrlarda gotik va lotin harflari bilan ifoda etilgan Yunus Emro she’rlari borligi ham aniqlandi. Lekin, bular turk madaniyati tarixida alifbo o‘zgarishi jihatdan keng tarqalmagan namunalardir.

Boshqa bir turk olimi, tarix jamiyatining a’zosi Bilol N. Shimshirning yozishicha, ozarbayjon dramaturgi va shoiri Mirza Fathali Oxundzoda, 1857 yilda birinchi marta turkcha so‘zlarni to‘g‘ri o‘qish uchun arab alifbosini isloh qilib, lotin alifbosidagi kabi yozishni tavsiya etgan. «1863 yilda, — deb yozadi Bilol N. Shimshir, — Mirza Fathali Istanbulga kelgan. Usmonli sadra’zami (boshi raisi, ya’ni hukumat boshlig‘i) Fuot Poshoga «Harflarning islohi» degan bir loyiha tavsiya etgan. Bu loyiha «Jamiyati Ilmiya-i Usmoniya»da ikki marta muhokama etilgan. Muhokamalarning birida Mirza Fathali ham ishtirok etgan. Oxirida Usmonli hukumati, Mirza Fathaliga ishlaridan qat’i nazar bir taqdirnoma bilan bir Majidiya Nishoni bergan. Bundan tashqari, p’esalarining Turkiya turkchasida bosilishini qarorlashtirgan. Ammo Mirza Fathalining alifbo islohini u kunlarda qabul qilishning iloji bo‘lmagan».

Ammo M. F. Oxundzodaning fikrlarini Turkiyada mingboshi Umar Bey, Ozarbayjonda yozuvchi-publitsist Mehmet Og‘a Shoxtaxtinskiy, Qofqozli yozuvchi Mirza Riza Xon singari ziyolilar qayta-qayta ko‘tarib chiqdilar.

Mustafo Kamol Otaturk do‘sti va safdoshi Mazhar Mufitning qayd daftariga kelajakda qiladigan ishlari haqida 1919 yil 7 iyuldan 8 iyulga o‘tar kechasi besh niyatini yozdirib qo‘ygan edi.

«Zafardan keyin hukumat shakli jumhuriyat bo‘ladi...

...Lotin hurufi qabul etilajak», deyilgandi unda.

Ammo bu ish amalga oshirilmadi.

1923 yilda bu masala katta bir anjumanda muhokama qilinganda hay’at raisi Kozim Qorabakir Posho «Lotin harflarini qabul etolmaymiz», deb javob bergandi.

Barcha turkiy xalqlar arab alifbosida yozib turgan bir paytda bir turk jumhuriyati lotin alifbosiga o‘tishni ep topmasligi tabiiy edi.

Ammo Sovet Sotsialistik jumhuriyatlari birinchi bo‘lib arab alifbosini isloh qilishni boshladilar, so‘ng lotinga o‘tish masalasini muhokama qildilar.

1926 yilning mart oyida Bokuda I turkologlar Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda tatar, boshqurt, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, turkman, chuvash, yoqut deb nom olgan turklar arab alifbosi o‘rniga boshqa alifboni qabul qilish masalasini ko‘rdilar. Rus alifbosiga o‘tish kerakmi, yo lotin alifbosigami, degan masala ko‘tarildi. Rus alifbosi ustida ko‘p to‘xtalindi, ammo bu alifbo turk tovushlarini ifoda etishga noqulay ekanligi ayonlashdi. Lotin asosida yaratilgan bir qator alifbolar qabul qilindi. Bu voqeadan keyin Turkiyada ham alifbo tabdili masalasi katta bahslar mavzuiga aylandi.

1926 yilning 28 martida Istanbulda chiqadigan «Oqshom» gazetasi «Lotin alifbosini qabul qilish kerakmi, yo etish kerakmasmi!» sarlavhasi ostida munozara ochdi. Ko‘pchilik lotin alifbosi qabuliga qarshi chiqdi. Zaki Validiy To‘g‘on «Lotin hurufotining lisonimizga tadbiqi imkonsiz» deb hisobladi. M. Fuot Ko‘pruli «Harf masalasi» nomli maqolasida bu muammoni chuqur mulohaza bilan tahlil etdi. Bu maqoladagi fikrlar hamon ko‘pchilikning xayolini band etayotganligi uchun undan kattaroq bir parcha keltiraman:

«...Nomiq Kamol Beyning... «Isloh-i huruf masalasi» nomli maqolasi hozirgacha qiymatini yo‘qotmagandir.

Nomiq Kamol qiymatli bir vasiqa mohiyatida bo‘lgan bu maqolasida, harf masalasining, bir millatning taraqqiysida juda katta ahamiyati bo‘lmasligini amin bir qat’iyat va sarohat ila darmayon etadiki, buning aksini isbot etmoq hanuz g‘ayri mumkindir. Filhaqiqa xarf masalasi millat uchun hayotiy emas, bil’aks mohiyat e’tibori ila tole masalasidir. Turli sabablar bilan, ko‘pdan beri bizda bu bilan shug‘ullanayotganlar bo‘lib turibdi. Afsuski, Mashrutiyat ketidan bu masala yana o‘rtaga qo‘yilgan, harflarimizning islohi uchun turlicha shakllar taklif etilgandir. Zoe ketadigan bu urinishlar bu kun ham mo‘ljalini bir oz o‘zgartirib davom ettirilmoqda, yana ishlatib turgan harflarimizdan voz kechib, lotinni qabul qilish masalasi bahs mavzui bo‘lmoqda. Lotin harflarining qabuliga tarafdor bo‘lganlar g‘arb madaniyatiga shu yo‘l bilan tez va oson erisha olamiz deb hisoblamoqdalar. Holbuki, g‘arb madaniyatiga yetishmoq harflarimizning tabdili va lotin harflarining qabuli bilan qobil bo‘lolmaydi... Harflarning tabdili (o‘zgartirilishi) tahmin etilgani qadar oson emas.

Harflarni o‘zgartirishni istaganlar, bu ishni mantiq masalasi holida muhokama etmay, ayni choqda ilm masalasi suratida tadqiq etsalar, buni taslim etmoq majburiyatida qoladilar.

Turk lisoni tarixi ko‘rsatadiki, turklar hozirgacha turli alifbolarga molik bo‘lganlar, ya’ni bir necha marta alifbo o‘zgartirganlar. Faqat bu alifbo tabdilida qanday omillar ta’sir ko‘rsatdi? Buni anglamoq uchun turk tarix va filologiyasining bir qancha sahifalarini nozikdan nozik tadqiq etmoq, o‘rganmoq lozimdir. Masalan, bir millatning harflari o‘zgartirilishi uchun, u madaniyatdan mahrum bo‘lishi va juda ibtidoiy holda bo‘lishi lozim. Holbuki, turk millati juda qadimiy madaniyatga molik bo‘lgani kabi, ibtidoiy millat ham emas. Uyg‘ur alifbosi tark etilib, arab harflari iste’mol qilina boshlaganda, o‘sha zamon turk madaniyati bu kungiga nisbatan juda ibtidoiy bo‘lishiga qaramay, — bu harflar, yana turklar orasida juda qiyinchilik bilan o‘rnashdi. Hatto arab alifbosi uyg‘ur alifbosiga qaraganda turk lisoniga muvofiqroq bir alifbo edi. Shunda ham arab alifbosi qabul qilingandan keyin uyg‘ur harflari darhol tushib qolmadi, aksincha uzun muddat qo‘llanildi. Bu, bu bobda ilgari suriladigan eng kichik misoldir, bu misollar, agar istanilsa, davom ettirilishi mumkin. Bu misollar oldida bir tilda harflarning osonliqcha o‘zgartirilishiga oid da’vo, qay darajada kuchga egaligini ko‘rsatadi. Mantiq va muhokama bilan qo‘lga kiritilgan nazariyalar, hayot sohasida katta bir tadbiq qobiliyatini namoyon qilolmaydi. Ijtimoiy hodisalar borasida ta’sir o‘tkazmoq uchun qat’iy suratda ijtimoiy dasturlarga asoslanmoq majburiyati bordir. Bu dasturlarga begona qolganlargina faqat lotin harflarining qabuliga tarafdor bo‘ladilar.

Lotin harflarining qabuli masalasi yolg‘iz madaniyat va tarix masalasi ham emas. Buning iqtisodiy va asta-asta ta’sir ko‘rsatuvchi jihatlari ham bor. Faqat iqtisodiy sabablarning o‘zi ham lotin harflarining qabuli bizni samarasizlikka mahkum etishini anglamoq kerak.

Ixtisosga hurmatimizni oshirishimiz lozim bo‘lgan bu davrlarda bunday muhim xususot bilan har kimning mashg‘ul bo‘laverishi bir anarxiyani boshlamoqdan o‘zga narsaga yaramaydi». (Hasan Eren. «Tilda birlik, yozuvda birlik» maqolasidan olindi. Qarang: «Til va alfoba uzerinda go‘rushlar». 4—7 betlar).

Bu o‘rinda muhtaram professor Hasan Erenning mazkur maqolasidan yana bir ma’lumotni bayon etib o‘tish, masalaga ancha oydinlik kiritadi.

1851 yilda Qrimda tug‘ilgan va Gaspirali nomi bilan shuhrat qozongan Ismoil Bey, 1883 yilda Bog‘chasaroyda «Tarjimon» degan bir gazeta chiqara boshlagandi. Bu gazeta barcha turkiy xalqlarning uyg‘onishida katta rol o‘ynadi. «Tarjimon» gazetasi «Tilda, fikrda, ishda birlik» shiorini o‘rtaga tashladi. U barcha turkiy tillarning soddalashtirilgan bir bichimini yaratish uchun kurashdi. Turli shevalarga ayrilgan turli turk tarmoqlari orasida yagona bir yozuv tili yaratish g‘oyasini olg‘a surdi. Bu yagona yozuv tili dunyodagi eng yirik turk shahri Istanbul lafziga juda yaqin bo‘lishi kerak edi. Uning bu g‘oyasi barcha turkiy xalqlarning ziyolilarini o‘ziga jalb etdi.

U paytlarda Qozonda, Turkistonda va Qofqoziyadagi gazeta va jurnallar arab alifbosida mahalliy sheva va lafzlarda chiqardi. Ismoil Gaspiralining «Tilda, fikrda, ishda birlik» shiori, garchi «yozuvda birlik» ma’nosini bildirmasa ham, amalda barcha turklar yozuvda birlikka intilayotgandilar.

O‘sha Bokuda 1926 yilda bo‘lgan I turkologlar Kongressidan keyin, arab alifbosini o‘rtadan qoldirish bahonasi bilan, turklar orasida «yozuvda birlik» harakati barham toptirildi.

Sovet jumhuriyatlarining lotin alifbosiga o‘tish taraddudi M. Kamol Otaturkni ham bu borada tayyorgarlik ko‘rishga majbur etdi. U, endilikda bu masalani qoldirib bo‘lmasligini ko‘rdi. M. Kamol Otaturk buyuk davlat odamlariga xos ilg‘or bir sezgi bilan Sovet Jumhuriyatlarida amalga oshirilayotgan bu islohotlarning asl maqsadini darhol anglagan edi.

Shunday qilib, eng oldin Yoqutiston, so‘ng boshqa Sovet Jumhuriyatlari, keyin Turkiya ham lotin alifbosiga ko‘chdilar. Bu voqea 1928 yilda ro‘y berdi.

1926 yilda yozuv islohotiga qarshi chiqqan F. Ko‘pruli, bu islohotning o‘n yilligi munosabati bilan, 1938 yilda «Alfoba inqilobi» degan bir maqolasini e’lon qildi va mardlik bilan lotin alifbosiga o‘tish katta ahamiyatga molik bo‘lganini tan oldi. Xo‘sh, nima uchun shunday bo‘ldi? Chunki hayot bizning turk tilimiz uchun arab alifbosi yetarli imkonlarga ega emasligini, lotin harflari esa, tilimiz tabiatiga to‘g‘ri kelishini isbot etib berdi. Endi bu fikrga e’tiroz bildirish qiyin edi. Qanday qilib e’tiroz bildirish mumkinki, arabchada birgina «alif» harfi «a»ni ham, «e»ni ham, «i»ni ham bildirib tursa, birgina «vov» harfi ham «u»ni, ham «o‘»ni, ham «v»ni bildirib tursa?! Arab alifbosida yozilgan turkcha matnni to‘g‘ri o‘qiy olish uchun turk tilini puxta bilish zarur bo‘lsa?! Qanday qilib e’tiroz bildirish mumkinki, tilimiz uchun bir qator «z»lar, «s»lar, «t»larga ehtiyoj yo‘qligi haqqast rost bo‘lsa?! «Ayn» va «hamza» degan harflarga ehtiyoj yo‘qligi haqqast rost bo‘lsa?! Qisqa unli tovushlari yozilmaydigan arab alifbosidan, zer-zabari bo‘lmagan taqdirda, turkcha so‘zlarni qanday qilib to‘g‘ri o‘qish va anglash mumkin? Bir so‘z qaysi ma’noda ishlatilganini aniqlamoq uchun bir jumlani necha bora o‘qish kerak?! Atoqli va turdosh otlarni bir xil yozadigan arab imlosidan bularni ayirib olishga nechun vaqt sarflash kerak?! Arabchada harflar oldinda, o‘rtada va oxirida har xil yozilgani yetmaganday, ba’zi harflar hech bir harfga qo‘shilmaydi, ba’zi harflar o‘ngdan, ba’zilari so‘ldan harfga qo‘shiladi. Imlo tartibotida so‘zlar orasida tegishli masofa yo‘q. Turkcha matnlarni shu tariqa o‘qish ma’noni anglab olishga monelik qilishi turgan gap-ku! Arab alifbosida yozilgan eski asarlarning har biri har xil uslubda yozilgan. Har bir usulni o‘rganishga yana talay vaqt sarflanadi. Va, eng muhimi, noshirlik sohasida muttasil qiyinchilik tug‘diradigan bir xusus: turk alifbosida ustiga yo ostiga belgi qo‘yiladigan harflar besh-oltitagina. Arab alifbosida esa 17 ta har xil nuqtali harflar bor: bir nuqtali, ikki nuqtali, uch nuqtali... 4 harf uch nuqtali, 12 harfning nuqtalari ustida, 5 harfniki ostida... Yana tag‘in 6 dona harakat belgilari bor. Xullas, bu alifboda 28 harf, 23 ta nuqta va ishora bor. Bunday alifboni yozish, o‘qish va nashr etish qanchalik murakkab va qiyin ekanligini yodda tutmasligimiz mumkinmi? Hozirgi tezkor zamonamizda gazeta-jurnal, kitob chiqarish ham tezkorlikka asoslanadi. Biz jahon taraqqiysi sur’atidan ortda qolaversak, yana dini islomimizni ham, millatimizni ham qoloqlikka mahkum etmaymizmi? Biz istaymizmi-istamaymizmi, lotin dunyoda pochta va ayniqsa, telegraf alifbosi bo‘lib shakllanib qoldi. Hatto eng yetakchi islom mamlakatlari — Saudiya Arabistonida ham, Pokistonda ham musulmonlar telegraf ishlarida lotin alifbosidan foydalanadilar.

Bizning Turkistonda so‘nggi uch-to‘rt yildan buyon, ayniqsa 1991 yil 31 avgust kuni O‘zbeksitonning Davlat mustaqilligi Qonuni e’lon qilingandan keyin alifboni o‘zgartirish masalasi ko‘tarilmoqda. Lekin odamlar ikkiga bo‘lindi. Ziyolilarning bir qismi qaytadan arab imlosiga ko‘chish tarafdori bo‘lsa, ikkinchi qismi lotin alifbosini yoqlab chiqmoqda. «O‘zbekiston adabiyot va san’ati», «Xalq so‘zi», «Turkiston», «Erk», «Islom nuri» gazetalari, «Sharq yulduzi», «Fan va turmush» jurnallari muntazam bo‘lmasa-da, xalqimizning diqqatini milliy alifbo masalasiga jalb etmoqdalar. Ammo o‘rtaga qo‘yilayotgan asoslar har xil. Ularning ba’zilariga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunonchi, shoir Asqar Mahkam «Erk» gazetasida «Erkinlik sadaqa qilinmaydi» sarlavhali maqolasini e’lon qildi. («Erk», 12-son, 1992 yil 1—7 aprel). Bir qarashda uning barcha gaplari rostga o‘xshaydi. Ammo masalaning ildiziga kirib borilsa, u o‘rtaga qo‘ygan dalillar bir qadar bahsli ekanligi darhol ko‘zga tashlanadi.

«...Ular lotinlashtirishning ertasigayoq qatag‘onni boshlab yuborishdi...

...imperiya, buryosi ostidan aqalli bir dona arab yozuvidagi varaq chiqqan xonadonni qatag‘on qilaverdi», deb yozadi Asqar Mahkam.

Holbuki, «ular» 25 oktyabr 1917 yildayoq hokimiyat tepasiga qatag‘on bilan kelishgandi.

Ularning dohiysi millionlab begunoh odamlarni otishni, ko‘proq otishni talab qilardi.

Keyingi dohiy ishni oldingisini uy qamog‘ida saqlashdan boshladi. U, lotin alifbosiga ko‘chishdan oldin qatag‘onni boshlagan edi.

...«Ular» uyidan arab yozuvidagi varaq chiqqan xonadonnigina emas, gurji va armani yozuvi chiqqan xonadonni ham, rus yozuvidagi varaq chiqqan xonadonni ham qatag‘on qilavergan. Ho‘l-quruq baravar yongan.

«Ular» faqat 14 asr mobaynida nimaiki yaratilgan bo‘lsa, o‘shanigina emas, o‘z tillarida, o‘z yozuvlarida bitilgan millionlab kitoblarni ham turmalarda, lagerlarda, zindonu shudgorlarda yoqishdi. Bu masalada lotinga ham, kirilga ham, arab yozuviga ham shafqat qilingani yo‘q.

Asqar Mahkam: «Kiril bizni Ovrupoga Moskov ko‘priklari orqali eltgan bo‘lsa, lotin Istanbul qayiqlari orqali eltadi. Farq shu!» deb yozadi.

Yo‘q, kiril bizni Moskov ko‘priklari orqali Ovrupoga eltmadi. Kiril Moskov bilan Ovrupo orasida Berlin devoriga o‘xshash devorlar qurdi. Hech qanday ko‘prik hech qachon bizni Ovrupoga eltgani yo‘q. O‘rta Osiyo, Qofqoz va Kichik Osiyodagi siyosat to 1989 yilgacha Afg‘onistonda, Ozarbayjonda, Gurjistonda, O‘zbekiston viloyatlarida davom etdi.

Asqar Mahkam: «Biz Sharq xalqlarimiz!» deydi. Ha, biz sharqlikmiz. Ammo bu bizga olam tsivilizatsiyasidan orqada, itning keyingi oyog‘i bo‘lib, sudralib yurish huquqini bermaydi.

«Har bir musulmon erkak va ayol Chingacha borib bo‘lsa ham ilm olishi farz». Buni unutgan har bir musulmon unutmasinki, u, Ahmad Donishning maslahatlarini kulgi qilgan Buxoro mutaassiblari kuniga tushishi muqarrardir.

Asqar Mahkam: «150 million turkiy xalqlar bir milliarddan ziyod yer shari musulmonlari kabi muqaddas Qur’oni karim hurufini qabul qilsalar mudhish tarixiy xato isloh qilingan bo‘lardi», deb yozadi.

«150 million turkiy xalqlar» muqaddas Qur’onning buyruqlariga rioya etishsa xato qilmaydilar. Gap harfda emas, kalom ila amal birligidadir. Harfini bilib, so‘zini bilib, unga amal qilmay, Islom birligi, millat birligi o‘rniga, ixtilof yo‘lidan borganlarning joyi qaerdan bo‘lishini Asqar Mahkam yaxshi biladi, deb o‘ylayman.

Asqar Mahkamning: «Arab alifbosi 1400 yillik madaniyatimiz bilan bog‘laguvchi yagona najot yo‘lidir», «birlik va hamjihatlikning eng so‘nggi garovi ham yozuv emas, balki imon», degan fikri esa ma’qul. Shunchaki ma’qul emas, juda ma’qul.

Tag‘in shuni ham ta’kiddash lozimki, biz imlo borasida bahs yuritishda ba’zan idoraviy usullarni ishlatayotirmiz. Bunisi bilan aslo kelishib bo‘lmaydi. Chunonchi, Movaraunnahr musulmonlarining qurultoyi: «Biz arab alifbosiga o‘tishimiz kerak» degan qarorga keldi. Qurultoyda o‘qilgan ma’ruza va qaror shak-shubhasiz biror matbuot sahifasida o‘z o‘rnini topishi kerak. Bu missiyani «Islom nuri» gazetasi o‘z zimmasiga oldi. Ammo jarida xizmatchilarining dalolat berishicha, ba’zi sabablarga ko‘ra bu ishlar amalga oshmay qolayotibdi.

Endi bir ovoza xususida to‘xtalib o‘taman. Chunki bu gap ham alifboga aloqador. «Turk kinolarini ko‘rdik. Yalang‘och xotinlar, buzuqliklar tasvirlangan. Turkiyalik turklar ovrupolashib, musulmonlikdan chiqib ketishganga o‘xshaydi. Biz lotin alifbosiga ko‘chsak, ularga o‘xshab islomdan uzoqlashib, dinimizni unutib qo‘yamiz», degan bir gap tarqaldi. Qaysi kino, nima haqda, bilmadim. Lekin, nima bo‘lganda ham, menimcha, bu noto‘g‘ri tasavvur. Masalan, bizning «O‘zbekfilm» kinotasvirlarini ko‘rib, ular ham biz haqda turli xayollarga borishadi: «Turkistonliklar buzilib ketishdi. Millat istiqloli uchun jonini ayamagan ota-bobolarini «bosmachi» deb ko‘rsatishdi. «Bosmachi» deb ko‘rsatgan kishilari islom dinini saqlab qolish uchun jang qilishgan-ku?! O‘zbeklar allaqachon kofir bo‘lib ketgan», deyishadi. Ammo bu to‘g‘rimi? «O‘zbekfilm» bizning milliy hayotimizdan uzoq bo‘lsa, bunga xalqimiz aybdormi? Birinchidan, unday filmlar qachon, qanday davrda olingan — buni unutmaslik kerak. Ikkinchidan, aslida eng vahshatli kunlarda ham, har qancha cheklanishlarga qaramay Islomdan toymagan imonli kishilarimiz ozmidi?

Men Turkiyaga borib keldim. Ularning bari musulmon, islomga rioya qilishadi, namoz o‘qishadi. Undan tashqari, lotin alifbosida islom diniga oid kitoblarni shu qadar ko‘p chiqarishganki, odamning havasi keladi. Anqarada kattaligi jihatdan dunyoda ikkinchi o‘rinni oladigan muhtasham bir jome qad ko‘tarib turibdi. 50 ming kishilik. Shahar va qishloqlarda muazzin azonlari besh mahal sado taratadi. Lotin, davlat alifbosi sifatida qabul qilingan bo‘lsa ham, ayni choqda arab alifbosining o‘rgatilishi va o‘rganilishiga hech bir monelik yo‘q. Oliy o‘quv yurtlarida ilohiyot fakultetlari ishlab, jahonga kerakli asarlarni yetkazib berib turibdi. Ilohiyot dunyoviy ilmlar bilan bir qatorda keng miqyosda o‘rgatilmoqda. Shaxsan men o‘zim Turkiyadan kelgan islomiy kitoblardan oltitasini lotin alifbosidan kiril alifbosiga o‘girdim. Ular noshirlarimiz tomonidan nashrga qabul qilib olindi. Demak, gap musulmonlikning mazmunida. Kim qaysi alifboda yozishida emas, balki qalbida, bilimida, imonida, islomiylikning mavjudligida ekan.

Menimcha, yurtimizda lotin alifbosi qabul qilingan taqdirda ham, arab harflarida vaqti-vaqti bilan ko‘p manbalarni nashr etib turish mumkin. Xususan, Qur’onni, hadislarni, arab tili va fors tili darsliklarini, xrestomatiya, qo‘llanma, taqvim va taqdimlarni «Islom nuri» jaridasini, «Mavorounnahr musulmonlari» jurnalini chiqarib turish foydadan xoli bo‘lmaydi. Umuman, e’tiqod, milliy axloq uchun qiladigan kitoblarni kim chiqarishga qodir bo‘lsa, qarshilik ko‘rmay faoliyat ko‘rsata oladi, deb o‘ylayman.

Maqolam so‘ngida jurnalxonlar e’tiboriga bir muhim hujjatni havola qilishni lozim topdim. Gap shundaki, 1991 yil 18—20 noyabr kunlari Turkiyadagi Marmara Dorilfununining Turkiyot tadqiqotlari ilmgohida «Hozirgi zamon turk alifbolari» mavzuda bir simpozium bo‘lib o‘tdi. Unda barcha turk davlatlarining, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining ham vakillari qatnashdilar. Uchrashuv oxirida quyidagi xulosalarga kelindi:

1)Simpoziumda turli turk mintaqalaridan kelgan olimlarning hammasi, turk qavmlarida lotin harflariga o‘tish fikri vujudga kelganligini ma’lum qildilar.

2) Simpoziumda katnashgan olimlar, lotin alifbosidagi ayni harflar ayni tovushlarni ifodalashi printsipi ustida bir fikrga keldilar.

3) Simpoziumda qatnashgan olimlar barcha turk qavmlarining lotin aslli bir alifboga o‘tishlari madaniy birlikning kuchayishida bebaho unsur bo‘ladi, degan bir xil xulosaga keldilar.

4) Simpozium turk qavmlari uchun lotin aslli quyida ko‘rsatilgan alifboning asos qilib olinishini tavsiya etdi:

a (o)     b (b)     c (j)     ç (ch)     d (d)     e (e)

ä (a)     f (f)      g (g)     ğ (g‘)     h (h)     x (x)

ı (ы)     i (i)         j (j)      k (k)      q (q)      l (l)

m (m)  n (n)     ŋ (ng)   o (o‘)      ö (o‘)     p (p)

r(r)       s(s)       ş (sh)    t (t),      u(u)      ü (u)

v (v)    w (v)      y (y)     z (z)[1]

5)Simpoziumda qabul qilingan qarorlar turk davlatlarining matbuot organlariga tavsiya etildi.

Simpozium ishining samarasi sifatida shuni aytish mumkinki, 1992 yilning 4—5 yanvarida Ozarbayjon parlamenti lotin aslli turk alifbosiga o‘tish to‘g‘risida qonun qabul qildi. O‘zbekistonda «Xalq so‘zi» va «Erk» gazetalari simpozium qarorini e’lon qildilar. Boshqa ishlar hali oldinda.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 10-son

---------------------------------

[1] Bu loyiha bo‘lib, har bir turk qavmi o‘z tovushlariga mos belgilarni qabul qilishi mumkin.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.