background
logotype

NUJ: aql bovar qilmas haqiqat (1991)

Hurmatli muharririyat! Keyingi paytda noma’lum uchuvchi jism (NUJ)lar va ular bilan muloqot qilgai kishilar to‘g‘risida matbuotda ko‘p yozilayapti. O‘zga sayyoralardan kelgan shunday «mehmon»lar bilan amerikalik er-xotin Betti va Barni Xillar uchrashgan deyishadi. Bu uchrashuv qachon va qay yo‘sinda ro‘y bergan, oynomangiz sahifasida shu haqda malumot bersangiz.

T. YUNUSOVA, Toshkent shahri

Kurib, muloqotda bo‘lganlarning hikoya qilishicha, noma’lum uchuvchi jismlarning uchuvchilari rostmana odamlar singari bo‘lishar ekan. Bunday kelgindilar bilan oltmishinchi yillarda bo‘lgan bir uchrashuv ancha shov-shuv bo‘lgan edi. Bu haqda hatto Djon Fuller «Amalga oshmay qolgan sayohat» nomli kitob ham yozgan. Bu Betti va Barni Xillarning boshidan o‘tgan voqea tafsilotidir.

Shunday qilib, 1961 yil 19 sentyabrda er-xotin Kanada chegarasidan uylariga— Portsmutga, Nyu-Gempshir shtatiga qaytishayotgan edi. Koulbrukda ular kechki ovqat qilishdi va 22.00da yo‘lni davom ettirib, 2.30dan kechikmay uyga yetib olishni mo‘ljallashdi, chunki ertalab to‘fon bo‘lishi kutilayotgan edi. Voqea Uayt Maunteyns tog‘lariga tutash 3-toshko‘chada ro‘y berdi. Mashinani o‘zidan nur taratib turgan qandaydir ob’ekt ta’qib qila boshladi. Betti durbinni olib, ko‘ziga tutdi va taxtaday qotib qoldi: u birnecha fut balandlikda «tepasi aylanib, chiroqlari o‘chib-yonib turgan ulkan kemani» ko‘rdi. Ob’ekt Xillardan uncha uzoq bo‘lmagan joyga qo‘ndi va undagi ikki qavatli qator oynalar aniq ko‘zga tashlandi. Oyna ortida qandaydir mavjudotlar bor edi! Barni mashinadan tushib, durbin bilan odatdagicha bo‘lmagan kemani tomosha qila boshladi. Uning nazarida, «kelgindilar oynalarga yopishib, avtomobilga tikila boshlashdi». Ob’ekt yerga qo‘ngach, Betti baqirdi: «Mashinaga qayt! Ular seni olib ketib qolishadi!» Barni esa xuddi shol bo‘lganday qimirlamas, o‘zini qandaydir sehrli kuch tutib turganini his etar edi. Lekin bir daqiqa o‘tgach, u chaqirilmagan sehrgarlarni «engdi» va qaytib mashinaga minib, eshikni berkitib oldi.

Birdan Xillar «elektron chiyillashni» eshitdilar, bu tovush avtomobil yukxonasi tomondan kelgandek bo‘ldi. Ancha keyin er-xotin, bu tovush bilan o‘zlarida birdan boshlangan mudroq o‘rtasida qandaydir bog‘lanish bor edi, deyishdi — shu paytdan boshlab ular o‘z holatlarini bilmay qolishdi! Nahotki, Xillarga «elektron gipnozchi» ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa! Anglashlaricha, oradan qandaydir birnecha daqiqa o‘tgan va boshqacha ohangdagi «bi-ip» jo‘rligida ular o‘zlariga kelishgan edi. Er-xotin mutlaqo sokin bir vaziyatda va... uchib borayotgan mashinada o‘zlariga kelishgandi! Yo‘l belgisi Konkordgacha 17 mil qolganligini bildirdi, boshqacha qilib aytganda, ular NUJga duch kelgan joydan 35 mil olisda borishayotgan edi.

Barni, mashinani qanday qilib daraxtga olib borib urmaganliklariga yoki yo‘l chetidagi ariqqa tushirib yubormaganliklariga hayron bo‘lib, rulni zo‘rg‘a qo‘lga oldi va tezlikni pasaytirdi. Er-xotin nihoyatda qo‘rqib ketganliklaridan, nafaslari ichiga tushib, indamay borishardi: ikki soatda ular boshidan qanday voqealar o‘tdi? Uyga kelib yotishdi, lekin hadeganda uyqu kelavermadi. Bo‘lgan voqeani faqat tong saharda unutib, ko‘zlarini yumishdi, lekin o‘sha zahoti qattiq baqirib, o‘z tovushlaridan o‘zlari uyg‘onib ketishdi. Har ikkisining xayolida ularni qayoqqadir sudrab olib ketishmoqchi bo‘lishayotgandi, lekin ular qattiq karshilik ko‘rsatishardi...

Gipnoz seansining qirq besh soatli magnitofon yozuvi xayratga tushgan tadqiqotchilarga er-xotin Xillarda yuz bergan beqiyos, «uchinchi turdagi aloqa» bilan tanishish imkonini berdi. Ular bilan bo‘lgan g‘alati voqealar bunday rivojlangan edi...

Qo‘rqib ketgan er-xotinlarni kemaga bir xilda kiyim kiygan odamsimon qiyofadagi mavjudotlar boshlab kirishdi. Ular orasida faqat bittasining kiyimi boshqacharoq edi va u «harbiy-dengiz kuchlari kapitan»iga o‘xshar edi. Avtomobildan tushib borishayotganda «kapitan» Betti bilan ingliz tilida g‘alati aktsent bilan gaplashdi (Bettining fikricha, frantsuz tilida). Tushirilgan zina yoniga kelishganda ayol qarshilik ko‘rsata boshladi. Bu «kapitanpning jahlini chiqardi. U Bettini itarib: «Yuring, yuring. Qancha ko‘p qarshilik ko‘rsatsangizlar, sizlarni shuncha ko‘p ushlab turamiz. Bizning vaqtimiz oz. Yuring. Keyin o‘z mashinangizga qaytasiz», dedi. Itoat etishga to‘g‘ri keldi.

Kema bortida Xillarni ikkiga ajratishib, shunday deyishdi: «Bizning asboblarimiz faqat bir kishiga mo‘ljallangan». «Doktor» paydo bo‘ldi, u ham ingliz tilida gapirardi. U Bettini kursiga o‘tqazib, viqor bilan ishga kirishdi. Katta linzasi bo‘lgan «mikroskop»ni oldi. Uning yordamida ayolning terisini ko‘zdan kechirdi. Keyin uning bo‘ynini orqaga biroz egib, boshini xuddi tish vrachi kursisida o‘tirgandagidek, osmonga qaratib qo‘ydi. Og‘zini ochishni iltimos qilib, boshini chapga va o‘ngga burib, tomog‘i va tishlarini, quloqlarini ko‘zdan kechirdi. Sochidan bir tutamini qirqib, qutidagi qog‘oz xaltaga soldi. Tirnoqlarini ham shunday qildi. Keyin ayolni yechintirib, stolga yotqizishdi. «Doktor» simlarga tutashtirilgan bir dasta igna olib, Bettining qorni va yelkalariga ura boshladi. U esa og‘riq sezmadi. «Doktorining kuzatuvidan mamnun ekanligi bilinib turardi. Mana, u tashqariga chiqib, uzun... igna bilan qaytib keldi! Betti qo‘rqib ketdi: «Siz nima qilmoqchisiz?» «Doktor» uni tinchlantirib, bu so‘nggi va mutlaqo og‘riqsiz muolija ekanligini aytdi. Shunday so‘zlar bilan u ignani qoringa tiqa boshladi! Betti baqirdi. «Doktor» darhol ignani oldi, «kapitan» esa uning qo‘lini ko‘ziga olib borgan edi, og‘riq qoldi. «Nega bunday qilayapsizlar» — deb so‘radi ayol. «Homiladorlikni aniqlash uchun muolija»,—deb javob berishdi unga. «Kapitan» Bettining stoldan turishiga va kiyinishiga yordam berdi. «Doktor» shundan keyin Barni bila shug‘ullana boshladi.

Muolija to‘la takrorlandi. Lekin endi Xeynekni va bu ajoyib sarguzashtni tekshirgan boshqa kishilarni biroz kuldirgan g‘alati voqea ro‘y berdi...

«Doktor» Barnining tishlarini ko‘zdan kechirayotib, pastki qismini tortdi va... uni qo‘liga oldi. Erining pastki jag‘i sun’iy ekanligi haqida qiziquvchan kelgindilarni ogohlantirish Bettining xayoliga kelmagandi! Ayolning tishlari esa o‘ziniki edi va bu kelgindilarning aqlini biroz shoshirdi. Keyinroq Xeynek hazillashib, ular Iks sayyorasiga qaytishgach, ilmiy anjumanda ma’ruza qilib, Quyosh sistemasiga borganliklarini, u yerda ongli hayotga duch kelib, jag‘i sun’iy qora tanli erkakka va jag‘i o‘ziniki bo‘lgan oq tanli ayolga duch kelganliklarini ma’lum qilishgandir, deb yurdi.

Betti qunishdi va «kapitan» bergan katta kitobni ko‘zdan kechirishni davom etkazdi. Bu tik tortilgan chiziqlar bilan to‘ldirilgan — ingichka, nuqtali va egri chiziqlardan iborat kitob edi. «Kapitan» ayolga aql bovar qilmaydigan muloqot sodir bo‘lganligining isboti sifatida shu kitobni sovg‘a etishni va’da berdi. Betti dadillashdi va ularning qaerdan kelganliklarini «kapitan»dan so‘radi. U esa ayolga, koinot haqida nimalarni bilasiz, dedi. Maktab ta’limi doirasida tasavvurga ega ekanligini bilgach, hayron bo‘lib boshini chayqadi. Shunga qaramasdan, katta albom olib, uni «tutqin» ayolga berdi. Yulduzli osmon xaritasi tushirilgan albom varaqlari sirli usul bilan tayyorlangandi: ular uch o‘lchovli golografik manzarani berar edi! («Xuddi oynaga qaraganday bo‘lasiz»,—deb keyinchalik esladi Betti Xil.) Bitta xarita uni ayniqsa qiziqtirib qoldi; unda yulduzlarni tutashtiruvchi chiziqlar bor edi. «Kapitan», yo‘g‘on chiziqlar savdo yo‘llarini, ingichka chiziqlar — ma’lum vaqtda takrorlanadigan ilmiy safarlarni, nuqtali chiziqlar esa bo‘lajak parvozlarni bildiradi, deb tushuntirdi. «Sizning yulduzingiz qaerda?»—deb so‘radi Betti. «Bu yerda Sizning Quyoshingiz qaerdaligini bilasizmi?»—deb unga qarshi savol berildi. «Yo‘q, bilmayman». «Unday bo‘lsa, biz qaerdan kelganligimizni men qanday izohlab beray?»

Tutqinlarni qo‘yib yuborishdan avval, «kapitan», ekipaj a’zolari ularga muloqotning ashyoviy dalillarini berishga e’tiroz bildirishayotganliklarini aytdi. «Siz yuz bergan barcha voqeani unutishingiz kerak», dedi u Bettiga murojaat qilib. «Yo‘q, yo‘q. Men buni hech qachon unutmayman, hech qachon!—deb e’tiroz bildirdi ayol. — Sizlar buyoqqa yana uchib kelasizlarmi?» — «Bu bizga bog‘liq emas. Ehtimol, biz uchrasharmiz». — «Siz bizni milliardlab odamlar orasidan qanday topasiz?» — «Biz o‘zimizga kerakli odamni hamisha topamiz», deb ma’nodor qilib ta’kidladi «kapitan»...

Benjamin Saymonning klinikalaridagi gipnoz seanslari chog‘ida, tadqiqotchilar-da Bettining xotirasiga asoslanib, NUJda ko‘rsatilgan yulduzlar xaritasini jonlantirish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Xotirani tiklaydigan gipnoz tajribasi bunday kashfiyotlarni biladi. Doktor Saymon hafsala bilan tajriba o‘tkazishga kirishdi.

Muvaffaqiyat kutilganidan ziyoda bo‘ldi. Betti Xill bir necha seansda xaritani chizdi, bunda har gal o‘z sxemasiga qandaydir aniqliklar va o‘zgarishlar kiritar edi. Ish nihoyasiga yetganidan keyin antiqa xaritani ro‘znomada e’lon qilib, mutaxassislarning fikrlarini bilmoqchi bo‘lishdi.

Tugallangan xaritadan shu narsa ko‘rinib turar ediki, faqat To‘rli yulduzlar turkumida yulduzlarning bunday joylashuvini ko‘rish mumkin. Kelgindilar bazasigacha masofa g‘oyat darajada olis edi: o‘ttiz nur yiliga teng! Ular bu yergacha qanday uchib kelishgan? Bu savolga faqat bitta javob bo‘lishi mumkin: nur tezligiga yaqin tezlikda uchishgan. Agar koinot sayyohlari shunday tezlikda uchgan bo‘lsalar, u holda bir tomonga kelishning o‘ziga bir yarim yil sarflashgan. Hozirgi kosmik yutuqlar bilan solishtirganda, bu u qadar ko‘p vaqt emas!

«Avrora» oynomasidan tarjima qilindi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 10-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.