background
logotype

O‘tkir Hoshimov. "Menga nima?!" (1992)

(O‘ylashga erinadigan olomon falsafasi)

Bir kuni Afandi ko‘cha eshigi tagiga chiqib, nos cheke-e-eb o‘tirsa, bir odam hovliqib kelib qolibdi.

— Mulla Nasriddin! — debdi. — Ko‘cha boshida bir arava kelyapti. Ichi to‘la noz-ne’matlar!

— Menga nima? — debdi Afandi pinagini buzmay.

— Qiziqmisiz? — debdi boyagi odam. — O‘sha noz-ne’matlarni hokim to‘ra sizga yuboribdi!

— Unda senga nima?! — debdi Afandi...

Bu-ku, bir latifa. Lekin «Menga nima?», «Senga nima?» degan falsafa ayrimlarimizning qonimizga shu qadar singib ketganki, ba’zan dod deb yuborging keladi. Qachondan boshlab 6u qadar loqayd bo‘lib qoldik? Kecha-mi? Bugunmi?

Kim bilsin! Iskandar Zulqarnayn lashkarlari yurtimizni bosib olganida, Spitamenning boshi xiyonatkorona kesilib, dushmanga tantanavor taqdim etilganida ham «Menga nima?» deb, bir chekkaga chiqib turganlar oz bo‘l-magandir...

Ehtimol arab bosqinchilaridan o‘z Vatanini himoya qilgan Muqannaning safdoshlari orasida «Menga nima?» deb pana-panaga urib ketganlar ham yo‘q emasdir.

Yarim yovvoyi mo‘g‘ullar gullagan vohalarni pakana otining tuyog‘i ostida toptaganini ko‘rib turib, chekkaga chiqqanlar qancha bo‘lganiykin? Tarixning guvohlik berishicha, dushman qo‘liga tushib qolgan bir ayol sahroyi bosqinchilardan jon saqlash umidida iltijo qilgan ekan. «Agar meni o‘ldirmasanglar bir sirni aytaman. Men yarim jahonga teng gavharni yutib yubordim. Sabr qilsanglar...» Shunda mo‘g‘ullar faqat o‘sha bechora ayolning emas, atrofdagi jamiki xotin-xalajning qornini yorib, gavhar izlashgan ekan. O‘sha pallada «Menga nima?» deb chetga chiqib turgan va bu ham yetmagandek, o‘z xalqiga xiyonat qilgan Mahmud Yalavochlar qancha bo‘lganiykin?

O‘n to‘qqizinchi asrning o‘rtalarida Rossiya askarlari Oq machitni zabt etdi, degan xabar kelganida Qo‘qon xoni saroyida bazmi jamshid qilib o‘tirgan a’yonlar «Olsa olibdi-da, shu bilan yerimiz kamayib qolarmidi?» deb qo‘l siltab qo‘yishganiga ishonmay iloj yo‘q. Aks holda Toshkentda bosqinchilarga qarshi qonli janglar ketayotganida, uyog‘i Qo‘qon, buyog‘i Marg‘ilonu Andijondan kelgan sarbozlar harbiy aslahalari jihatidan tengsiz raqibga qarshi jon olib, jon berayotganida Buxoro amirligi Qo‘qon xonligi bilan jiqqamusht bo‘lmasdi.

Qandingni ur, amir! Barakalla, xon! Ofarin, beklar! O‘rtacharoq yo‘talsang, ovozing sarhad narisiga chiqib ketadi-yu, har biring o‘zingcha «shahanshoh» bo‘lging kela-di! O‘zingni osmonda sezasan! To‘g‘ri qilasan! Bir-bi-ringni ur, o‘ldir, bir-biringning go‘shtingni xomligicha yeb yotaver! Senga nima?

Qodiriy domlaning Yusufbek hojisi «Ostonang ta-gida kimlar payt poylab turibdi-yu, senlar bir-biriigning go‘shtingni yeyishdan bo‘shamaysan, esingni yig‘sangchi, nodon olomon», deb ingraganida naqadar chuqur haqiqat bor edi.

Yana guvohlik berishlaricha, Toshkentni bosib olgan Oqposhsho askarlari shaharga «mujdika chalib» kirib kelganmish. Takyaxonada yonboshlab yotgan bangi: «Voy-voy-ey, bachchag‘arni karnay chalishini qarang, odamni sel qilib yuboradi-ya, otangga rahmat-e!» deb xitob qilgan emish... Sizlarni bilmadim-ku, men bu gapga ham ishonaman. Takya-xonada sasib yotgan bir bangiga yurt g‘amini o‘ylashga ne hojat? Bir chimdim nasha, bir damlam ko‘knor kifoya. Unga desa shahar vayron bo‘lmaydimi? El qirilib kst-maydimi?

Astag‘firullo! Nahot hammamizning vujudimizda oz-mi-ko‘pmi bangilik qoni oqsa?!

...Bundan bir necha yil ilgari Sochiga dam olishga bordim. Meva-cheva xarid qilish niyatida bozorga kirdim. Shlyapa kiygan, bo‘yinbog‘ taqqan ziyolinamo xaridor sa-vatga solib qo‘yilgan zarg‘aldoq shaftolini barmog‘i bilan shoshmay ezg‘iladi.

— Qanchadan sotyapsan? — dedi bepisandlik bilan.

Sotuvchi ozarmi, armanimi, gurjimi (har qalay, kav-kazlik) xaridorning qo‘liga tushirib qoldi.

— Tort qo‘lingni! — dedi g‘azab bilan. — Birinchidan, men sening ukang emasman, sansirama! Ikkinchidan, shaftolini mehnat bilan yetishtirganman. Duch kelgan isloqi ezg‘ilashiga yo‘l qo‘ymayman!

Ajab, xaridor darhol hushyor tortdi. Uzr so‘radi...

...Sochida magnoliya degan daraxt o‘sadi. Gullari chinni piyoladek, nimpushti, nafis... Olga Berggolts «Kunduz-gi yulduzlar» kitobida uni «jannat guli» deb ta’rif-laydi...

Sanatoriyda meni davolagan keksa o‘ris do‘xtir ko‘pni ko‘rgan, sobiq jangchi ekan. Ustiga-ustak yigirmanchi yillar oxirida Toshkentga kelib, bir necha yil yashagan ekan. Qadrdon bo‘lib ketdik. Hatto Sochi televideniesida . birgalashib suhbat ham qildik.

Uyga qaytayotganimda do‘xtir o‘z bog‘idan bir dona magnoliya gulini sovg‘a qildi. Bolalaringga olib bor, dedi.

Ertasiga Adler aeroportida meni Toshkentga uchadigan samolyotdan tushirib yuborishlariga bir bahya qoldi. Qonun bo‘yicha Sochi nabototini olib chiqib ketishga hech kimning haqi yo‘q ekan!

Shu yil ayni qulupnay pishig‘ida Toshkent halqa yo‘lidan borayotib, qatorlashib to‘xtab turgan mashinalarga ko‘zim tushdi. Qarasam, katta yo‘lning o‘ng tomoni — qulupnay paykallari. Dehqonlar shundoq paykaldan qulup-nayterib chiqib, sotyapti. Havasim keldi. Yaqin bordim... Lab-lunjini bo‘yagan, yuziga bearmon «shpaklyovka» surkagan, chapanicha aytganda, «qulog‘idagi sirg‘asi kallasidan o‘n hissa qimmat» xonimcha yoshi taxminan men tengi dehqon bilan savdolashyapti.

— Ey, babay! Qulupnaying necha so‘m?

— Oling, sestra, oling, yigirma so‘m! — dedi «boboy» iljayib.

— Yigirma beshdan olaman. Bir soatdan keyin samo-lyotga chiqishim kerak. Ammo tanlab olaman.

— Pajalista! Sizdek chiroyli barishnya olaman dey-di-yu men yo‘q deymanmi? •— Qulupnaychi kapgircha bilan taroziga endi qulupnay solayotgan edi, «barishnya»ning ipdek qoshi tahdidli chimirildi.

— Qo‘lingni tort! — dedi jerkib. — O‘zim tanlay-man. — Shunday deb eng sara qulupnaylarni bitta-bitta-lab taroziga qo‘ya boshladi.

Qonim qaynab ketdi.

— Hoy, inson! Qizingiz tengi xonim sizni nega «sen» deydi-yu, siz nega uni «siz»laysiz? Oriyat degan narsa bormi o‘zi?

«Boboy» kipriklarini pirpiratdi. ,.. — Taka bo‘lsin, sut bersin, domla! Yigirma beshdan olyapti-ku!

...Yig‘lagim keldi... Nima desam bo‘ladi bu odamga? Hoy, baraka topkur! Chayqovchi bo‘lsang-ku, aytardim: ha, endi chayqovchi besh so‘m uchun imonini sotmasa, chayqov-chiligi qayoqda qoldi, derdim. Sen dehqonsan-ku, inson! Xudo bergan aql-idrok degan ne’matni ishlatsang-chi! Uch chaqirim narida shaharda yashaydigan singlingning bolala-ri, akangning farzandlari qulupnayga og‘zi tegdimi? Yo‘-o‘-o‘q! Senga baribir! Besh so‘m ortiqroq haq berganning tovonini yalaysan! Taka bo‘lsin, sut bersin!..

Xonimcha savatini to‘ldirib jo‘nab qoldi.

— Menga besh kilo! — dedim g‘azabimni arang bosib.

— Iigirma beshdan, domla... — Qulupnaychi tag‘in kipriklarini pirpiratdi. — O‘zingiz ko‘rdingiz, odamlar yigirma beshdan olyapti...

...«Shahar bedarvoza emas», degangapbor. Bir zamonlar Toshkentning o‘n ikki darvozasi bo‘larkan.

Hozir ham O‘zbekiston bojxonasi xodimlari kirdi-chiqdini tartibga solish uchun urinib yotishibdi. Lekin bir eshikni yopsang, ming teshigi ochiladi. «Boboy» deh-qon har kilo qulupnayiga ortiqcha besh so‘m olgani uchun og‘zi qulog‘ida. Vokzal, aeroport, avtovokzal degan darvo-zalarda goho shundaylar ham uchraydiki, birov qo‘liga ming so‘m tutqazsa, million so‘mlik ne’matni bemalol yuklab beradi! Unga nima! Kissasiga choychaqa tushsa bas!

Xo‘pmayli... Bu — masalaning moddiy tomoni. Ma’-naviy jihatdan-chi?

Yaqinda bolalikdan birga o‘sgan do‘stim Salohiddin o‘g‘lini uylantirdi. Kaminaning «xizmati» shu bo‘ldiki, xoli bir xonaga kirib o‘rtog‘imning qaynotasi bilan uzoq suhbatlashdik.

Yoshi yetmishdan oshgan otaxonning qismatini bafurja eshitsangiz, butun boshli kitob yozish mumkin. Mungli va dahshatli kitob...

— Otam mashhur ko‘nchi bo‘lganlar. «Quloq» qilish boshlanganida bor bud-shudimizni davlatga topshirdilar.

Terilar, otlar, tuyalar... O‘shanda to‘rt-besh yoshlardagi bola edim. Hech esimdan chiqmaydi. Bitta qo‘zichog‘im bo‘lardi. Ishonsangiz, yonimda olib yotardim. Meni ko‘rsa, dikir-dikir sakrab, chopib kelardi. Qo‘zichoqni olib ketishayotganida dod solib yig‘ladim. Yodimda bor, ko‘klam edi, yomg‘ir yog‘ib turuvdi, ko‘chaga chiqqanda «selsovet amaki»ning etagiga osilib yalindim. «Jon amaki, qo‘zi-chog‘imga tegmang», dedim. Selsovet: «Yo‘qol, unsurning bolasi!» dedi-da, yoqamdan olib uloqtirib yubordi. Loyga shaloplab tushdim. (O‘sha «amaki» o‘zbek edi.) Qo‘shnilar bu hangomani bamaylixotir tomosha qilib turishardi...

Qozon shahriga «visilka» qilindik... Falakning gardishi bilan qaytib kelgach, maktabda o‘qidim. A’lochi edim. «Eski turmush illatlari»ga qarshi faol kurashishni shior deb bilardim, «Boy-feodal» oilamiz adolatli jazolanganiga chippa-chin ishonardim. O‘sha kezlari davlat arboblari, yozuvchi va shoirlarga qarshi «vos-vos» bosh-landi. Maktabda miting bo‘lib, «Xalq dushmanlariga o‘lim!» degan qiyqirikdar yangradi. Men ham kuchim yetgan-cha chinqirdim. Faqat bitta odam — adabiyot muallimimiz bir chekkada rangi o‘chib turardi. Hech esimdan chiqmaydi. Indamay turdi-turdi-da, «yolg‘on, tuhmat, ishonmayman», deb ingrab yubordi... Oradan ko‘po‘tmay muallim to‘satdan g‘oyib bo‘lib qoldi...

Oqsoqolning gapiga nimayam qo‘shish mumkin? Hammasi haqiqat. Achchiq va alamli haqiqat... Mustabid tuzum odamlarning og‘zini bog‘lab tashlagani, g‘iring desang xonumoning kuyib ketishi, «xalq dushmanlari» ustidan olib borilgan «sud» mohiyatini tushunib yetgan va iztirob bilan ingragan adabiyot o‘qituvchisining bir kechada g‘oyib bo‘lishi...

Lekin... Besh yashar bola «Qo‘zichog‘imni tashlab keting, jon amaki», deb yolborayotganini ko‘rib turgan qo‘shnilar o‘z hamqishlog‘i, tobutkashi bo‘lmish «selsovet amaki»ga bir og‘iz aytishi mumkinmidi? «Qo‘ying endi, birodar, bir yerdagi odammiz, shu norasidani chirqillatmang», desa bo‘larmidi? Bilmayman... Nazarimda, o‘sha pallada ham «Menga nima?» degan aqida ustuvor bo‘lgan esa ajabmas.

Chamasi, bu o‘rinda zulm mashinasining oddiy mexaniz-mi ishga tushgan. «Dohiy» Lenin «payg‘ambarona» bashorat qilgan: «Biz ushbu jamiyatning oddiy vintchalarimiz!» Dohiyning yana bir bashorati, to‘g‘rirog‘i, bashoratomuz iborasi bor: «Vaysaqi intelligentlar...»

Qarang, naqadar oddiy haqiqax. Sho‘rolar yurtida har kim — vintcha. Inson emas, temirtak! Muttasil aylanib turadi. Xohlasang — u yoqqa, xohlasang — bu yoqqa. Ora-chora moylab tursang — bas. Aylangisi kelmaganini uloqtirib yuborasan. Bizda nima ko‘p — vintlar ko‘p. Ziyolilar esa vintcha bo‘lishni unchayam xohlamaydi. Olim, yozuvchi, shifokor, muallim, injener... o‘ylaydi. Sho‘roga esa o‘ylaydigan «vintcha» kerakmas. O‘ylamaydigani, «menga nima», deydigani kerak!

Totalitarizmning ko‘hna tarix cho‘ntagidan tushib qolgan eski «hunari» bor. Vaqti-vaqti bilan «rejali ra-vishda» «kalla olib» turmasa, xumori tutadi. (Maqsad ayon: hammani qo‘rquv iskanjasida ushlash.) Bu masalada sho‘roning oldiga tushadigani yo‘q edi. Mustabid tuzumning o‘tgan asr saksoninchi yillaridagi so‘nggi hamlasi o‘zbekning chekiga tushdi. Bu ham obdon o‘ylangan «o‘yin» edi.

Navbatdagi qatag‘on qurboni sifatida aynan O‘zbekis-ton tanlangani bejiz emas. Birinchidan, paxta makkajo‘xori emas, qimmatbaho strategik xom ashyo. Ikkinchidan, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng nufuzli, obro‘li respublika. Odatda, oiladagi hurmatli «bola»ni jazolasalar, boshqalari yurak oldirib qo‘yadi. Uchin-chidan, o‘zbek xalqi andishali...

Shunday bo‘ldi! «Paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan «asr sensatsiyasi» dunyoga doston qilindi. O‘zbek «qo‘shib yozuv-chi» bo‘ldi, «poraxo‘r» bo‘ldi, «boqimanda» bo‘ldi... O‘sha kezlari «qo‘shib yozishlar» bo‘lganmidi. Bo‘lgandi! Ammo bu «hunar» faqat O‘zbekistonda emas, sobiq Ittifoqning hamma respublikalarida avj olgandi. Modomiki osmon baravar plan «yuqoridan» belgilanarkan, qo‘shib yozmay iloj yo‘q edi. Rejani bajarmagan xo‘jalik rahbaridan tortib, tuman va viloyat kattasigacha javobgar bo‘lardi. Avval rejani bajarmagani uchun jazoga mustahiq qilingan bo‘lsa, endi bajargani uchun qamoqqa tiqila boshladi. Yetmishinchi yillar o‘rtasida hamma davralarda aytila-digan bir latifa urf bo‘lgandi. Arman radiosidan so‘rabdilar: «Nima uchun armanning uch yulduzli konyagi xalqaro konkursda medal oldiyu, besh yulduzlisi shimil-diriq ham ololmadi, besh yulduzli konyak uch yulduz-ligidan yaxshi bo‘ladi-ku?» Arman radiosi javob beribdi. «Va-a-ah, o‘zimiz ham hayronmiz, ikkalasi ham bitta bochkadan quyilgan edi-ku!» Buning oti ko‘z bo‘yamachilik bo‘lmay nima?

Shunday bo‘ldi! Olisdan «ishning ko‘zini biladigan», «kristalldek toza» mutaxassislar keldi. Biri Toshkentdek shahri-azimga boshliq bo‘lib oldi. Umrida dalaga kirmagan, paxta deganda «vata»ni tushunadigan tag‘in birovi raykom, obkom kotibi bo‘lib, o‘zbek dehqoniga «dars bera boshladi». Satin, Didorenko, Ogorok, Neste-renko va yana allakimlar «aynib ketgan» O‘zbekistonda «tartib o‘rnatish»ga kirishdi. Ayniqsa Gdlyan, Ivanov degan «qonun himoyachilari»ni ayting! Birinchi kundanoq «bizga cheklanmagan huquqlar berilgan», deb o‘nlab, yuzlab, minglab begunoh odamlarning xonumonini kuydi-rishga kirishdi. Holbuki, dunyoning biron yerida biron kimsaga «cheklanmagan huquq» berilgan emas. Cheksiz hu-quq faqat Parvardigordagina bo‘lishi mumkin. Qo‘li bilagigacha qonga botgan bu zolimlar to‘dasi ko‘ngliga siqqanicha noma’qulchilik qildi. Falonchiga qarshi «pokazanie» bermasang, umringni turmada chiritaman, degan do‘q-po‘pisalar, urib-so‘kishlar bilan inson huqu-qini poymol qildi. «Qurug‘i»dan faloncha uzatsang, eringni (o‘g‘lingni, akangni, ukangni) chiqarib yubora-miz», degan yolg‘on va’dalar bilan hibsga olinganlarning oilasini talon-taroj qildi.

«Uchta diplomat qo‘lga kiritildi. Bittasida — tilla tangalar. 50 — 100 so‘mlik sovet pullari, zargarlik buyumlari... Ikkinchisida — zargarlik buyumlari, tilla tangalar. Uchinchi diplomat katta summadagi zayom obli-gatsiyalari bilan to‘la». (Gdlyanchilar guruhi to‘ldirgan aktdan.)

Huquqshunoslikning ko‘chasiga yaqin kelmagan odamda ham savol paydo bo‘ladi. Yurist degan jonivor rasmiy hujjatni shunaqa to‘ldiradimi? Tilla tangalar qancha edi? Pul necha so‘m edi? Zayom qancha so‘mlik edi. Zargar-lik buyumlari nimalar edi va kimdan olindi? Bu vij-donsizlar, hatto sakson yoshga borgan kampirlarning ke-linligidan qolgan momo meros bilaguzugigacha sitib olib, jazmaniga hadya etdi. Bu yoqqa bitta diplomat ko‘tarib kelib, u yoqqa odamlardan zo‘ravonlik bilan tor-tib olingan, hech qanday rasmiy ro‘yxat — «opis» qilin-magan bir vagon boylikni o‘marib ketdi! Poraxo‘r menmi yoki senmi, tekinxo‘r msnmi yoki senmi, degan savolga javob yo‘q!

Gdlyanchilar qilgan xunrezliklarning aqalli bir chekkasini tekshirgan odamning qoni qaynamay iloji yo‘q! Moskvalik taniqli, vijdonli adliya xodimi Viktor Ilyuxinning «Oborotni» («Jodugarlar») kitobidagi bir-biridan jirkanch dalillar lol qoldiradi kishini. («Toshkent, «O‘zbekiston» nashriyoti, 1993 yil.)

Muallif bu to‘daning «ish uslubi» 30- va 50-yillardagi qatag‘onlarning aynan takrori ekanligini, ba’-zan esa «jallodlik usullari» yanada dahshatli tus olga-nini qayd etadi. Guruh ishi taftish qilingan dastlabki paytdayoq Gdlyan qamoqqa olgan 200 kishidan faqatgina 40 nafari aybdor bo‘lgani, qolgan 160 kishi esa uzoq muddat begunohdan-begunoh azob chekkanligi aniqlanadi.

Gdlyan qo‘lida ishlagan tergovchi A.Xolodov iqrorida:

«Tergovchilar guruhida o‘zimiz «to‘tsmotslar» deb laqab qo‘yib olgan bir guruh bor edi. Dastlabki ma’lumotlarni qo‘lga kiritish bilan shug‘ullanuvchi bu «to‘qmoqlar» guruhi tarkibiga Kartashyan, Mavlonov, Abdurahmonovlar... kirar edi. Shuni aytishim kerakki, ular guvohlardan o‘zlariga ma’qul ma’lumotlarni hammadan ko‘proq olar edilar».

Tahqirlanishlar, inson nafsoniyatini oyoqosti qilishga qaratilgan Gdlyan guruhida tergov olib borishning vahshiyona usullari ko‘plarni o‘z joniga qasd qildirdi. Toshkent viloyati Qibray tumanining sobiq ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i A.Hojimurodovning o‘zini o‘ldirish oldidan respublika Bosh Prokurori va o‘sha paytdagi O‘zkompartiya Markazkomiga yozgan xatidan:

«1985 yilning 23—24 dekabr’ kunlari meni SSSR DXK va Prokuraturasi vakili Kartashyan DXK binosiga taklif qildi. Men kelsam u bilan yana bir kishi bor ekan. Ular ikkovlashib meni haqoratlashib, so‘roq davomida bo‘g‘ib qiynadilar. Ular birgina meni emas, butun boshli xalqimizni haqoratladilar. Nuqul «O‘zbeklarning hammasi qo‘y, bosmachi, fashist», deb so‘kinishardi... Men bu azob-uqubatlardan qutula olmasligimni, bu yirtqichlar hali yana ancha vaqt meni tahqirlashini ko‘nglim sezib turibdi...

Gdlyanning «o‘ng qo‘li» Kartashyan «bayonotidan:

«O‘zbekistonni tikanli simlar bilan o‘rab, minoralariga soqchilar qo‘yib qo‘yish kerak. Chunki bu yerda o‘g‘rilar va poraxo‘rlar yashaydi».

Uzoq hibsda yotgan T.Qahramonov xotirasidan:

«Agar qaysarlik qilaversang, peshonangga siyoh surkaymiz-da, qoq miyangdan otib tashlaymiz! dedi Ivanov dag‘dag‘a qilib».

Keyinchalik O‘zbekiston Oliy sudi olib borgan taftish paytida tasdiqlangan hujjatdan:

«Shaxsan Gdlyanning topshirti bilan 75 yoshli Turkmenov, 70 yoshli Jo‘raev, 83 yoshli Jumaniyozova, 91 yoshli kampir Ibrohimova urib-so‘kib tergov qilingan... Emizikli bolasi bor A.Kamolova 1988 yil 2 iyundan 5 iyungacha to‘xtovsiz so‘roq qilingan. Kechalari bolani ataylab chirqillatib yig‘latganlar va emizishga bermaganlar».

1984 yil 22 martda hibsga olingan Buxoro viloyatining sobiq DAN xizmati alohida divizion komandiri Vidodil Izzatov xotirasidan:

«Ivanov to‘planganlarga qarab: «Tanishing, o‘rtoqlar, mana bu turklarning yovvoyi hayvoni, «ish» vaqtida unga hech qanday rahm-shaftsat qilinmasligi kerak», dedi... Yana bir safar navbatdagi do‘pposlashdan keyin Ivanov aytdi: «Yigitlar, agar u aybini bo‘yniga olmay, hech nima yozib bermasa, uni uchinchi qavatdan tashlab yuboringlar, keyin o‘zini o‘zi tashladi, deb akt tuzib qo‘yamiz».

O‘zbekiston Oliy Sudi tomonidan keyinchalik oqlangan Hikmatov ko‘rsatmasidan:

«Tergovchi Ivanov menga bunday dedi: «Siz Yeltsin bilan Jabborovga pora bermagan bo‘lsangiz ham pora berganman, deb qo‘l qo‘yib bering. O‘zbeklarning hammasi poraxo‘r ekanligi bizga yaxshi ma’lum».

Rad javobini olgach, Ivanov yana o‘z gapini ma’qullab bunday dedi: «Biz sudni ham majbur qilamiz. Sudlar biz nima desak, shuni qiladi!»

Homilador ayol Nurimbetova Avajon xotirasidan:

«Seni hozir turmaga olib ketadilar, sen bolangni o‘sha yerda tug‘asan», deb qo‘rqitdilar.

Jumaniyozova Zuhra xotirasidan:

«So‘roq vaqtida tergovchi bunday dedi: «Agar Ismoilovga qarshi guvohlik berishga rozi bo‘lmasang,qizlaringni zo‘rlaymiz...»

Bunday misollarni ancha davom ettirish mumkin. Albatta, nohaqlikka qarshi isyon ko‘targanlar ham, o‘zining joniga qasd qilganlar ham bo‘ldi. Ammo ularning ovozi qayoqqacha yetib borardi?

Eng o‘kinchlisi, o‘sha paytdagi ayrim «yurt ota»lari jur’at topib, «hoy, baraka topgurlar, bir hovuch nopok «qo‘shib yozsa» ularning dastidan butun xalq badnom bo‘-lishi kerakmi?» deyolmadi. O‘zbekiston nomiga bo‘lsa-da, suveren respublika, shunday ekan, ayb qilgan odamlari-mizni o‘zimiz jazolaylik, nega ularni boshqalar bun-chalik xor-zor qilishi kerak», deyish ham qo‘llaridan kelmadi. Qaysi es-hushi joyida odam xato yoki gunoh qilgan bolasini qo‘shnining oyog‘i tagiga tashlab tepkilatadi? Buning otini loqaydlikning qaysi moddasiga kiritish kerak? Rahbari loqayd bo‘lgan yurtning fuqarosini top-tashdan osoni bormi?!

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan adolatsizliklar har qanday chegaradan chiqib ketgach, SSSR Prokuraturasi xunrezlik qilayotgan gdlyanchilarning «hurmacha qiliqlari»ni ko‘rib chiqishni lozim topdi.

K.A.Pirtsxalava degan ashaddiy jallod «o‘zbek ishi»ni tekshirish borasida shu qadar ko‘p jinoyatlarga yo‘l qo‘yadiki, taftishlardan so‘ng SSSR Prokuraturasi uni hibsga olishga majbur bo‘ladi. Shunda g‘alati «tomoshalar» boshlanadi. Gdlyan tarafdorlari oyoqqa turadi. Hat-to Gruziya Parlamenti ham «bechora» Pirtsxalavani o‘z panohiga olishga shoshiladi!

Gruziya bosh prokuroridan kelgan norozilik xati:

«...K.A.Pirtsxalava zudlik bilan qamoqdan ozod qilinsin! Unga nisbatan qilinayotgan jinoiy ta’qiblar to‘xtatilsin... Bunda keltirilgan talablarning rad etilishi respublikadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni jiddiylashtiribgina qolmay, balki bu hol... respublika huquqni himoya qilish organlari tomonidan SSSR Prokuraturasi rahbarligiga qarshi bir qator norozilik harakatlarining boshlanishiga sabab bo‘lishi ham nazarda tutilsin».

Qarang-a! Gruziya prokuraturasi SSSR Prokuraturasiga dag‘dag‘a qilayapti! Agar shuncha begunoh insonlar qonini ichgan jallod darhol ozod qilinmasa Gurjis-tonda «siyosiy vaziyat keskinlashib» ketarmish! Savol tug‘iladi. Gurji huquqshunoslari qonunni bilganda o‘zbek adliya xodimlari bilmasmidi? Bilardi! Ular orasida ro‘y berayotgan ashaddiy qonunbuzarlikdan norizo bo‘lganlar ham, bunday harom-xarishga aralashishidan bosh tortganlar ham, xuddi o‘sha Pirtsxalavalar qo‘li bilan qamoqqa tiqilganlar ham bor edi. Afsuski, ular vaqtida qovusha qolmadilar. (Eski «kasal») Butun boshli millatni haqoratlash, xo‘rlash, fashistdan battar zulm qilish O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirib yuboradi, deb hayqirishga jur’at yetishmadi... Vujudimizning bir burchida hamon o‘sha noahillik, loqaydlik, «menga nima»chilik bor edi...

Ayting-chi, «o‘zbek ishi» degan «sensatsiya»ni o‘ylab topganlar «armani ishi», «gurji ishi» yoki deylik «la-tish ishi» degan tuhmatomuz kampaniya qilishi mum-kinmidi? Men bunga ishonmayman...

Pichoq borib suyakka qadalgach, SSSR Oliy Sovetining bir guruh deputatlari bu masalani jiddiy ko‘rib chi-qishni qat’iy talab qildilar. Natija nima bo‘ldi?

«SSSR Oliy Sovetining Farmoni ...SSSR xalq deputatlari T.X.Gdlyan va N.V.Ivanovlarning SSSR Oliy Sovetini, ba’zi xalq deputatlari va yuqori lavozimdagi shaxslarni obro‘sizlantirishga qaratilgan asossiz murojaati qoralansin...

...SSSR Bosh prokurorining SSSR xalq deputatlari T.X.Gdlyan va N.V.Ivanovlarni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berish to‘g‘risidagi taqdimnomasi rad etilsin». SSSR Oliy Soveti raisi A.Lukyanov.

Ana sizga «adolat tantanasi!» Sih ham kuymaydi, kabob ham...

Faqat 1989 yili Islom Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib saylanganidan keyingina vaziyat haqiqiy adolat tomonga o‘zgardi. Islom Karimov markazdagi kazo-kazolarning qutqusidan cho‘chimay, xalq himoyasiga otlandi.

Respublika rahbari sifatida o‘tkazgan birinchi maj-lisidayoq xalqning dilini o‘rtab yotgan masalani — «paxta ishi», «o‘zbek ishi» masalasini ko‘tardi. Unga butunlay boshqacha — adolat nuqtai nazaridan qarashni talab qildi. Oradan hech fursat o‘tmay respublika rahbariyatining xalqqa murojaati e’lon qilindi.

«Iftixor bilan aytish mumkinki, jahon xalqlari oldida bo‘lganidek, Vatan oldida ham o‘zbek xalqining yuzi yorug‘, ko‘ngli pokiza!» («Mehr rishtalari uzilma-sin!» murojaatnomasidan.)

O‘zbekiston Prezidenti 1990 yil iyul oyida bo‘lgan KPSS XXVIII s’ezdi minbaridan turib, «o‘zbek ishi» bahonasida O‘zbekiston poligonga aylantirilganini, minglab begunohlar hech qanday asossiz azob chekkanini barala aytdi. Buning uchun katta jasorat kerak edi.

Yaratganga shukronalar bo‘lsin: Mustaqillikka erishdik! Nohaqlik jabrdiydalari yengil nafas oldi...

Shunaqa-ku... Ruhimizning allaqaysi burchida mudrab yotgan, tomirimizning qaysi bir nuqtasida aylanib yurgan loqaydlik balosidan butunlay xalos bo‘ldik, deya ola-mizmi?

...Bir umr Vatan Mustaqilligi, Turkiston qayg‘usi bilan yashagan alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy bilan bog‘liq bir voqeani eshitganim bor.

Kunlardan birida Sog‘uniy domla nabirasi bilan nahorgi oshga boribdi. Hali tong otmagan, odamlar qator-qator bo‘lib to‘yxonaga kirib ketayotganmish. Sog‘uniy domla uzoq qarab turibdi-da shunday debdi:

— Qaniydi-ya, o‘zbek hamma masalada ham nahorgi oshga uyushganchalik birlashsa! Bundan ulug‘ xalq bo‘lmasdi!

Hayotning pasti-balandini ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan mo‘‘tabar allomaning bu gapida naqadar teran haqiqat bor!

Xalqimizning ajoyib fazilatlari behisob! Har birini dunyoga doston qilsak arziydi. Biroq besh qo‘l baravar emas. Afsuski, ayrim millatdoshlarimiz qoniga singib ketgan loqaydlik degan illatni e’tirof etmaslikning ham iloji yo‘q. Zero kelgusi avlodlarga bizning barcha fazilatlarimiz o‘tsin, qusurlarimiz yuqmasin deb o‘ylashga burchlimiz.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.