background
logotype

Rustam Shamsiddinov. Erkka chorlagan erksizlik (1992)

Ishchi, askar va dehqon deputatlari Sovetlari o‘lka III s’ezdining materiallari bizgacha to‘liq yetib kelmagan. S’ezd haqida «Nasha gazeta» sahifalarida turli xabarlar chop etilgan. Voqea ishtirokchilarining esdaliklari ham uzuq-yuluq, tugal ma’no bermaydi. Turkistonda Sovet qokimiyatini e’lon qilgan bu s’ezd tarixshunosligimizda kam o‘rganilgan. Harholda, bizgacha yetib kelgan materiallar shundan dalolat bermoqdaki, s’ezd ma’lum darajada buyuk davlat shovinizmi ruhida o‘tgan. V. I. Leninning, markazning milliy masaladagi ko‘rsatmalariga amal qilinmagan. F. Kolesov Leninga yo‘llagan telegrammasida: «Sizning barcha yo‘l-yo‘riqlaringizni amalga oshirishni o‘zimizga vazifa qilib oldik. Bizning qo‘llab-quvvatlashimizga ishonavering» desa-da, ammo teskari ish tutgan. Buni III s’ezdda yo‘l qo‘yilgan qator xatolar, nuqsonlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, unda qabul qilingan «O‘lka hukumatini tashkil etish to‘g‘risidagi deklaratsiya»da tub aholi, ziyoli kuchlar o‘lka turmushi va hayotini yaxshilashda faol qatnashishdan chetlashtirilmasligi, aksincha ular jalb etilishi, ijtimoiy hayotga faol aralashishi e’tirof qilingandi. Ammo deklaratsiyada bu muhim e’tirofni inkor etuvchi boshqa fikr ham mavjud edi. Chunonchi, hujjatda oliy inqilobiy hukumat idorasiga hozircha musulmonlarni jalb etish mumkin emas, chunki mahalliy aholi ishchi, askar va dehqon deputatlari hukumatiga uz munosabatini to‘la va aniq ifodalagan emas. Mahalliy aholi orasida proletar sinfiy tashkilotlari yetilganicha yo‘q deyilgandi. Shu tariqa 1917 yil yozidan boshlab o‘lkadan vujudga kelgan musulmon Sovetlari, musulmon mehnatkashlari ittifoqlari va ularning ishchi, askar va dehqon deputatlari Sovetlari bilan hamkorlikda olib borgan inqilobiy faoliyati inobatga olinmagan. Qolaversa, bu vaqtda inqilobiy kurashda sinalgan mahalliy millatlarga mansub ziyolilar, hatto ishchilar, bolsheviklar guruhi ham mavjud edi. Buni inqilobiy harakatning yirik arboblaridan biri D. I. Manjara ham tan olgan edi: «Turkiston hukumatining birinchi tarkibiga bironta ham o‘zbek, turkman, qozoq yoki qirg‘iz kiritilmaganini qurultoy qatnashchilari orasida munosib nomzodlar yo‘q, degan bahona bilan oqlash mutlaqo asossizdir».

Turkiston jumhuriyati davlat va hukumat tashkilotlariga mahalliy millatlar vakillarini jalb etmaslikdan iborat shovinistik yo‘l so‘nggi yillarda ham davom etdi. Turor Risqulov, Nazir To‘raqulov, Sultonbek Xo‘janov, Abdulla Rahimboev, Qayg‘isiz Otaboev, Inomjon Xidiraliev, Nedirboy Oytaqov singarilar davlat va hukumat boshqaruvi idoralariga 1920 yildan boshlab ko‘tarilgan edi. O‘lkada faoliyat ko‘rsatayotgan Turkkomissiya, Turkbyuro, O‘rta Osiyo byurosi raislari ham faqat yevropalik markazdan jo‘natilgan kishilardan tayinlangan, yerli aholi vakillaridan esa bu vakolatli partiya va sovet tashkilotlariga juda oz sonli odamlar kiritilardi. Bunga esa toqat qilib bo‘lmasdi.

Sovet hokimiyati qaror topgan dastlabki kunlardanoq bolsheviklar Turkistonda milliy siyosat borasida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini boshqa misollarda ham ko‘rish mumkin. 1917 yil — 6-7 dekabrda Skobelev shahrida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona viloyati sho‘rolarining IV qurultoyida hozirgi ahvol, Turkiston muxtoriyatiga munosabat, viloyat hokimiyati, viloyat Sho‘rosi, matbuot nashri, musulmon demokratik kuchlarini viloyat va o‘lka hukumatiga jalb etish, viloyat kengashini qayta saylash, joriy ishlar masalalari qizg‘in muhokama qilinadi, O‘lka Sho‘rolari III qurultoyidagidek, bunda ham bolsheviklar ko‘pchilikni tashkil qilib, eser, menshevik va boshqa partiyalar vakillari fikriga quloq solishmaydi. Shu qurultoyda Xalq Komissarlari Kengashining barcha xalqlar o‘z taqdirini o‘zlari belgilash, hatto Rossiyadan butunlay ajralib chiqish huquqiga egaligi to‘g‘risidagi Petrograddan kelgan telegramma o‘qib eshittiriladi.

Vakil H. Husanboev o‘z so‘zida muxtoriyat yaxshi, ammo unga Ta’sis majlisi orqali erishish kerak, deb aytadi. M. I. Podpolyak: «Men barcha millatlar o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘lish tarafdoriman, binobarin, Toshkentdagi Sho‘rolar hokimiyati Turkiston musulmon mehnatkashlari ommasi manfaatini ifodalay olmaydi, bu ahvolga chek qo‘yilmas ekan, biz yevropaliklar o‘lkaning tashqarisida qolib ketishimiz mumkin», deydi. Menshevik Danishevskiy: «... bolshevizm qo‘yayotgan vazifalarni uddalab bo‘lmaydi, biz bor imkoniyatni bolshevizm sahnadan tushib ketgan chog‘da ham inqilob g‘alabalarini saqlab qolishimiz kerak», deb ta’kidlasa, eser M. Brizgaylov Qo‘qon muxtoriyatini yoqlab chiqib, unga ko‘plab musulmonlarni jalb etish yo‘li bilan bu hukumatni demokratlashgirish mumkin, deydi. Doriomedov ham shu mazmunda gapirib, qurultoy vakillarini Qo‘qon muxtoriyatchilari bilan kelishishga chaqiradi. «Burjuaziya» va «proletariat» iboralari biron narsani tushuntira olmasligi, ular vaziyatni yanada keskinlashtirib yuborishi mumkinligini aytadi. Podpolyak o‘z nutqida Qo‘qon muxtoriyatchilarini himoya qilib, avvalgi «Hokimiyat Sovetlarga» shiori butunlay yo‘q bo‘lib ketdi, biroq muxtoriyat musulmon tashkilotlarining o‘lkani, viloyatlarni, uezdlarni idora etishdagi ishtiroki bilan amalga oshirishi mumkin. Muvaqqat muxtoriyat hukumati musulmonlardan iborat zaminga ega bo‘lmasa ham, rus demokratiyasidan o‘ziga tayanch topishi lozim, deydi.

Ammo bu singari to‘g‘ri fikrlar qurultoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasdan, bolsheviklar va boshqa so‘l kuchlar tazyiqi bilan Qo‘qon muxtoriyatiga qarshi, o‘lka Sho‘rolari III qurultoyi qarorini yoqlab chiquvchi qarorlar qabul qiladi. Musulmon aholisiga ishonchsizlik qurultoyda shu darajaga yetib bordiki, H. Xusanboev qarorning boshi bir guruh musulmon vakillari uchun unchalik tushunarli emas, deb qaytadan ovozga qo‘yishni taklif etganida, unga qarshi Reutov: «Musulmonlarga hech qanday rezolyutsiyani taqdim etishning hojati yo‘q, chunki ular, baribir uni tushunib yetmaydi», deb javob qiladi. Bunday misolni Andijon uezd-shahar ijroqo‘mi tarkibi misolida ham ko‘rish mumkin.

Milliy siyosatda yo‘l qo‘yilayotgan xatolarning sabablaridan biri milliy kadrlar yetishmasligida edi. Chunki keyingi 50 yil mobaynida chor mustamlakachilari yerli aholini siyosiy hayotga, davlat ishlarini boshqarishga jalb etishga aslo yo‘l qo‘ymadilar. Mavjud milliy kadrlarni shovinizm, mustamlakachilik hissiyoti kuchli bo‘lgan yevropalik rahbar kadrlar atay chetlashtirardilar. Mustamlakachilik siyosati boshqacha shaklda — «Sovetlar» niqobi ostida davom etardi.

1919 yil 29 mart kuni musulmon vakillari «Dashnoqtsutyun» arman inqilobiy partiyasi Turkiston ASSR Sovetlarining VII s’ezdi hamda Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, Turkiston MIK nomiga norozilik xati topshiradi. To‘g‘ri, bu hujjatda yerli rahbar xodimlarning dashnoqlar haqidagi mulohazalari aynan emas, sharhlangan holda keltirilgan. Shunday bo‘lsa-da, 1918 yilda kommunistik partiya safiga kirgan, «Qo‘qon mehnatkashlari Ittifoqi» rahbari, Qo‘qon shahar Ijroiya Komiteti va Farg‘ona viloyati partiya komiteti a’zosi Mirzarahmon Musaxonov anjumanda Qo‘qon voqealarining sababchisi armanlar bo‘ldi, chunki ular o‘sha payti nuqul aroq sotish bilan shug‘ullandilar, degan edi. Namanganlik bolshevik Inomjon Nizomboev «Dashnoqtsutyun» partiyasini qurolsizlantirish yo‘li bilangina musulmon aholisini halokatdan qutqazib qolish mumkin, deb hisoblasa, vakil Sadirov: musulmon kommunistlari o‘zlarini himoya qilish maqsadida qal’a sari jo‘naganlarida yo‘lda qizil gvardiyachilar tomonidan o‘qqa tutildi, ikki kommunist o‘ldirildi va o‘lganlar ustiga qalbaki kartochka qo‘yilib, go‘yo ularni bosmachilar yer tishlatganiga ishontirmoqchi bo‘ldilar, deya ta’kidlaydi. Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti hamda jumhuriyat Favqulodda Komissiyasi a’zosi H. Husanboev o‘z so‘zida: «... o‘z qurolimiz bilan o‘zimizni qirmoqdalar, hatto musulmon proletariatining g‘oyaviy kurashchilarini o‘ldirib yuborish uchun dushmanlar qo‘liga tutib bermoqdalar», deydi. Yana bir vakil Qirg‘izboev Namangan yonidagi Baliqchi qishlog‘ida, asosan armanlardan tarkib topgan guruhning tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik qilganini dalillar bilan isbotlashga urinadi.

Dashnoqlarning yerli xalqqa o‘tkazayotgan zo‘ravonligi haqidagi masala boshqa yig‘inlarda ham ko‘tarilgan edi. Namangan Soveti buyrug‘iga ko‘ra, shubhali odamlarni qo‘lga olish uchun Samson Davidyants Qo‘qon voqeasidan ko‘p o‘tmay o‘z guruhini Uchqo‘rg‘onga yetaklab keladi. Ammo u bu guruhi bilan talonchilik qiladi, musulmonlar ustidan zo‘ravonlik o‘rnatadi. Aholining qonuniy talabiga binoan S. Davidyants vazifasidan ozod etiladi, guruhi esa tarqatib yuboriladi. Shundan so‘ng u Andijonga kelib, Andijon Soveti ruxsati bilan yangi bir bo‘linma tuzadi. Bu yerda ham qator noo‘rin ishlarni amalga oshiradi. Uning jinoyatlari fosh etilib, hibsga olish va sudga berishga qaror qilingach, darhol yashirinib, qonuniy jazodan qutulib qoladi.

Shu boisdan Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi V. D. Figelskiy 1918 yil 8 dekabrda Andijon shahar kommunistlari yig‘ilishida qilgan ma’ruzasida Andijon, Namangan, Qo‘qon Sovetlari tarkibida dashnoqlar borligini keskin tanqid qiladi, ularni tez orada Sovetlardan quvish, Sovetlarga arman ishchilaridan jalb etish kerakligini aytadi. Mangeldin o‘z nutqida Namanganda armanlar paydo bo‘lishi hamono o‘zbeklar bilan armanlar o‘rtasida mojaro kelib chiqdi, deydi. Saydisulton Saydaliev Farg‘ona bosmachilar to‘dalari hech qachon g‘azavot e’lon qilganlari yo‘q, bu haqdagi mish-mishlarni armanlar, «Dashnoqtsutyun» partiyasidagilar tarqatmoqdalar, deb izoh beradi.

Turkiston Sovetlari VII s’ezdi millatlar ishi bo‘lmish a’zolarining deyarli hammasi «Dashnoktsutyun» partiyasi, umuman armanlarning barchasi Farg‘onada Sovet hokimiyatiga xoinlik qilib, bosmachi to‘dalari tashkil etib, musulmon aholisining halok bo‘lishiga sababchi bo‘ldi, deb ta’kidlaydilar.

1919 yil aprel oyi boshlarida Andijonning Jome machitida ko‘pming kishilik mehnatkashlar mitingi bo‘lib, unda bosmachilar, dashnoqlar azobidan qutulish masalalari muhokama etiladi. Jumhuriyat Markaziy rahbariyatiga Andijondagi dahshatli voqealarni yetkazish va unga qarshi kurashda yordam talab etish maqsadida mitingda Akbar O‘rozaliev, Muxtor Olimov, Madaminbek Bitbekov, M. Sharifxo‘jaev, Yoqubjon Isaqulovdan iborat komissiya tuziladi. Ular Toshkentga kelib Andijon uezdidagi ahvolni yozma va og‘zaki ravishda yuqori partiya va Sovet organlari rahbarlariga ma’lum qiladilar.

Farg‘ona frontini tugatish, musulmon kambag‘allarini bosmachilar to‘dalaridan ajratib olish va ularni Sovetlar hokimiyati tomoniga jalb etish, buning uchun esa Ergash, Madaminbek, Xolxo‘ja boshliq bosmachilar to‘dalarida ishtirok qilayotgan barcha musulmon mehnat ahliga avf berish, ularning Sovet hokimiyati tarafiga ixtiyoriy o‘tishini ta’minlash, xavfsizligi uchun to‘la kafolat berish, vayron bo‘lgan xo‘jaliklarini tiklab olish uchun moddiy yordam ko‘rsatish zarurligi RKP(b) O‘lka komiteti va O‘lka kommunistlari musulmon byurosining 23 apreldagi qarorida o‘z aksini topgan. Shuningdek, unda Sovet tashkilotlarini yot unsurlardan tozalash, Qizil Armiya qismlarida tozalov o‘tkazish, ularni ig‘vogar, fitnachilardan xalos etish, «dashnoqtsutyun»chilarni haydab yuborish ham belgilangan edi.

1919 yil 9 mayda Turkiston ASSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalq Komissarlari Sovetining «Bosmachilar to‘dalarida qatnashgan Farg‘ona mehnatkash aholisiga avf berish to‘g‘risida»gi murojaati e’lon qilinadi. Andijonlik vakillar talabiga ko‘ra Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Soveti raisi K. Ye. Sorokin (komissiya raisi) millatlar ishi bo‘yicha xalq komissari S. Tursunxo‘jaev, RKP(b) O‘lka Musulmonlar Byurosi raisi T. Risqulov, Turkiston Markaziy Ijroiya komiteti a’zolari H. Husanboev, V. Bilik, Abbosxo‘jaevdan iborat favqulodda komissiya tuziladi.

Komissiya Farg‘ona vodiysida katta faoliyat ko‘rsatib, partiya, sovet va harbiy muassasalarni yot unsurlardan tozalash, dashnoqlarga zarba berish, musulmon aholisi bilan rasmiy hukumat tashkilotlari munosabatlarini yaxshilash, milliy kadrlarni boshqaruv ishiga keng jalb etish borasida talay ishlarni amalga oshirdi. Ular Qo‘qon, Marg‘ilon, Skobelev, Andijon, Namangan, O‘shda bo‘lishib, mitinglar, musulmon kommunistlarining yig‘inlarini o‘tkazib, partiya, Sovet qurilishida, bosmachilar va dashnoqlarga qarshi kurashda katta tashkilotchilik ishlari olib bordilar. Ammo xalqning adolat o‘rnatish borasidagi kurashi shu bilan to‘xtab qolgan emas.

1919 yil 12 mayda Andijon shahar musulmon kommunistlarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib, uning kun tartibiga: 1. Markaziy-o‘lka hukumat vakillari ma’ruzasi; 2. Musulmon Soveti tashkil etish; 3. Partiya drujinasi tashkil etish; 4. Kommunistlar musulmonlar fraktsiyasiga nazoratsiz Markaz va telegraf orqali aloqa bog‘lashga erishish; 5. Qaroqchi to‘dalarni tugatish borasida choralar ko‘rish; 6. Viloyat konferentsiyasiga vakillar saylash; 7. Mitingni belgilash to‘g‘risidagi masalalar qo‘yilgan edi.

Yig‘ilishda notiqlar Farg‘onada, jumladan Andijondagi og‘ir ahvol sabablarini ochishga harakat qildilar. S. Tursunxo‘jaev Sovet hoqimiyati g‘oyasi, bolshevizm mezonlarini tushuntirib, Farg‘onada Sovetlar tarkibida poraxo‘rlar o‘rnashib olgani, oddiy musulmon omma bolsheviklarni bosqinchilar, talonchilar deb bilayotganini aytadi. Bolshevizm niqobini kiyib olib, amalda aholini talayotganlar Sovet idoralaridan quvilmog‘i zarurligini ta’kidlaydi. U: «Sizlarning vakillaringiz Toshkentga kelib, Farg‘onadagi ahvol manzarasini chizib berdilar, musulmon proletariati bilan mahalliy hukumatning o‘zaro munosabatlaridan xabar topgach, biz bu yerda risoladagidek hayot o‘rnatish uchun yetib keldik. Vakillaringiz nima aytgan bo‘lsa, hammasi to‘la haqiqat ekanligiga guvoh bo‘ldik, toki Farg‘ona musulmon proletariati uchun munosib shart-sharoit yaratmagunimizcha biz bu yerdan ketmaymiz. Sizlar kommunistlar tashkiloti sifatida allaqachon bezorilar bilan kurashish chorasini ko‘rishingiz lozim edi, amalda esa Sizlar qog‘ozdagi tashkilotgina bo‘lib qolgansiz», deydi.

S.Tursunxo‘jaevning kommunistlar fraktsiyasi yo‘lto‘sar, qaroqchilarni tugatishda hech qanday ishtirok etmayapti, degan so‘ziga A. O‘rozaliev shunday javob beradi: «Bu borada fraktsiyani ayblash mumkin emas, chunki bir necha bor hukumat a’zolariga bizlarni qurollantirish zarurligini va bosqinchilarga qarshi kurashda ishtirok etajagimiz to‘g‘risida murojaat qilganmiz, ammo bu takliflarimizga hukumat zarracha e’tibor bermadi».

S. To‘xtabekov o‘z so‘zida A. O‘rozalievni ma’qullab, Tursunxo‘jaevning musulmon bolsheviklari bosqinchilik harakatini tugatish uchun choralar ko‘rmayapti, degan fikriga qo‘shilmaydi. Yangi shahardagi bolsheviklar musulmon bolsheviklariga ishonmasligidan, umumiy ofatga qarshi kurashdan to‘laligicha chetlashtirib qo‘yildik, shu boisdan o‘lka komissarining bizga bildirgan ta’nasi o‘rinsizdir, deb aytadi. Ibrohimov ham bu fikrni ma’qullab: «Tursunxo‘jaevning bizga qilgan ta’nasi o‘rinsizdir, biz hukumatga bir necha bor murojaat etib, shakllanib kelayotgan bosqinchilik harakatlarini tugatish uchun choralar ko‘rishni talab qildik. Ammo noma’lum sabablarga ko‘ra, hukumatdagilar biron chora ko‘rmadilar. Yangi shahardagi o‘rtoqlarning bizga ishonmaganligini isbotlash uchun bir voqeani keltiraman. Andijon shahrining katta oqsoqoli Mirali Umarboev mitinglarning birida Qo‘qon qishloqda bosqinchilar tomonidan o‘ldirilgan 170 kishining murdasini topib kelishini aytib, o‘z yigitlarini hukumat qurollantirishini iltimos qildi. Bunga qam hukumatdagilar ishonmadilar, taklif qaytarildi. Bolsheviklarni baynalmilalchilar deb ataydilar, agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, uni oziq-ovqat bo‘limida tekshirib ko‘rish kerak, shundagina baynalmilallikka rioya qilinyaptimi yoki yo‘qmi, bilish mumkin. Bolsheviklar bosqinchi emas, talonchi ham emas, chunki ular safida juda ko‘p insofsiz, yaramas odamlar bor, ular Sovet hokimiyatini himoya qilish bayrog‘i ostida qabih ishlar qilmoqda», deb aytadi. S. To‘xtabekov qaytadan musulmon Soveti yoki inqilobiy qo‘mita tashkil etish zarurligini ta’kidlab, axir Andijon uezdi qishloqlaridagi aholi na bosqinchilarga, na Sovet hokimiyatiga bo‘ysunishni bilmayapti, deb aytadi. (Andijon viloyat davlat arxivi, 196-fond, 2-ro‘yxat, 189-ish, 191—195-betlar). Afsuski, talon-toroj, zo‘ravonlikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotgan xalq bolsheviklarga ishonmay qo‘ygan edilar.

Joylardagi sovet qo‘shinlari shtablari tarkibi ham mutlaq yevropaliklardan iborat edi. Masalan, Andijon shtabida (1919 yil 4 apreldagi holat bo‘yicha) shtab boshlig‘i V. N. Sidorov, shaharni mudofaa qilish boshlig‘i Aleksandrovskiy, kommunist-bolsheviklar fraktsiyasi raisi A. P. Salaev, shtab a’zolari esa Grossman, Aydinov, Kozlov, Korsanov, Visonovlar edi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: o‘lka kimniki o‘zi?

Turkistonda lenincha milliy siyosat buzilishi, mahalliy aholining har jihatdan kamsitilishi, kadrlar masalasida yevropaliklar bilan mahalliy aholi o‘rtasidagi mutanosiblik yo‘qligi Turkiston milliy rahbar kadrlari tomonidan bir necha bor markaziy partiya va hukumat rahbarlariga bildirilgan edi. Afsuski bu gal ham hech qanday chora ko‘rilmagan.

1919 yil 7 may kuni V. I. Lenin hind milliy-ozodlik harakati arbobi, professor Muhammad Barakatulloni qabul qiladi. U Moskvaga afg‘on amiri topshirig‘iga ko‘ra norasmiy vizit bilan kelgan edi. Suhbat RSFSR va Afg‘oniston o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatish imkoniyatlari, Sharqdagi ahvol to‘g‘risida borgandi. Aftidan o‘zaro fikr almashuv chog‘ida Turkistondagi ahvol masalasi ham ko‘tarilgan. Chunki M. Barakatullo Moskvaga borayotib, Toshkent va boshqa shaharlarda bo‘lib, Turkistonda ro‘y berayotgan voqealar bilan ancha qiziqqan. Shu boisdan M. Barakatullo 9 mayda «Turkistondagi keng musulmon ommani Sovet hokimiyati tomoniga og‘dirish maqsadida bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar haqida mulohazalar» yozgan. Uni aynan keltiramiz, chunki bu noyob hujjat ham Turkistonning og‘ir qismatini ma’lum ma’noda ko‘z o‘ngingizda gavdalantiradi.

«O‘rtoq Lenin bilan uchrashgan paytda, men unga Sharq bo‘limining mudiri o‘rtoq Voznesenskiy hamda Turkiston muxtor vakili o‘rtoq Yusupov ishtirokida Markaziy Osiyoning keng musulmon ommasini Sovet hokimiyati tomonga og‘dirish, musulmonlarning Turkistondagi rus hokimiyatiga azaliy ishonchsizligi va Sovet boshqaruvining mohiyatiyu yuksak vazifalarini tushunmaslik oqibatida kelib chiqadigan qayg‘uli voqealardan o‘zimizni asrash uchun nimalar qilish kerakligi borasidagi o‘zimning samimiy fikrlarimni bildirdim.

Komil ishonch bilan aytamanki, tavsiyalarim orqa tomonni mustahkamlash uchun Afg‘oniston, Hindiston, hamda Eronda inglizlarga qarshi faol harakatlar boshlangunga qadar amalga oshirilishi zarur.

  1. Turkistonda etnografik negizda haqiqiy muxtoriyat o‘rnatish zarur. Buning uchun Turkiston jumhuriyati to‘qqiz ichki muxtor viloyatdan iborat bo‘lishi kerak: 1. Kavkazorti. 2. Samarqand, Amudaryo bo‘limi bilan birga, 3. Sirdaryo, 4. Farg‘ona, 5. Yettisuv, 6. To‘rg‘ay, 7. Oqmo‘la, 8. Semipalatinsk, 9. Quyi O‘ral, Bukeev o‘rdasi bilan.
  2. Musulmon aholisining ruslardan ancha ko‘pligi tufayli mazkur viloyatlar Sovetlari tarkibiga hech bo‘lmaganda musulmonlarning ruslar bilan teng darajada kirishiga yo‘l qo‘yish; komissarlarning ham yarmi musulmonlardan bo‘lishi kerak.
  3. Har bir viloyat o‘zining ichki boshqaruvida muxtor bo‘lishi kerak.
  4. Turkistonning Markaziy boshqaruvi va Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti teng ishtirokida tuziladi; yarmi rus, yarmi musulmon.
  5. Hozirgi paytda tuzilgan Turkiston ishlari bo‘yicha komissiya besh kishidan emas, o‘n kishidan iborat bo‘lishi kerak, ayni paytda vakillik nisbati ham saqlanishi zarur; besh rus va besh musulmon (keyingilarning safiga sart, turkman, qirg‘iz va buxorolik tojik — R. Sh.) kirishi lozim.
  6. Shu yilning boshida nodonlik tufayli yoki yovuz tashviqot oqibatida aksilinqilobiy harakatlarda ishtirok etgan Qo‘qon aholisi va turkistonlik yerli aholiga avf in’om etish zarur. Qo‘qonga mazkur avfdan aholini (erli dehqonlar nazarda tutilmoqda — R. Sh.) xabardor etish hamda so‘nggi boshpanasidan ham ayrilgan jabrdiydalar o‘rtasida tarqatish, vayron qilingan xo‘jalikni tiklash uchun biroz pul mablag‘ini (buning uchun zarur mablag‘, fikrimcha, o‘n million so‘mni tashkil qiladi) taqsimlagani maxsus shaxs yuborilishi kerak.
  7. Yuqorida tilga olingan barcha tadbirlarni iloji bo‘lsa, o‘rtoq Lenin hamda Stalinning Markaziy Osiyo musulmonlariga murojaati tarzida tantanali e’lon qilish zarur. Bu ulkan taassurot uyg‘otadi va musulmonlarda qo‘rqinch tug‘diradigan, ularning qalbida Sovet siyosatining samimiyligiga ishonchsizlik urug‘ini sochadigan imperalistik fitnalarga butunlay barham beradi.

Yuqorida bayon etilganlarni qarab chiqishingiz va umumiy ish manfaatida choratadbirlar belgilashingizni iltimos qilaman».

M. Barakatullo 1919 yil 9 may, Moskva.

1919 yil oktyabrida Andijon musulmon yo‘qsillari nomidan Yoqubjon Isoqulov, Sultonmaqsud Xolbotirov, Ilya Grigorevich Smirnov (ijroqo‘m raisi, Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti a’zosi), Latifjon Sodiqboev va boshqalardan iborat vakillar Toshkentga kelib, Farg‘onada, xususan Andijon uezdida yuz berayotgan g‘oyatda og‘ir siyosiy-harbiy, milliy ahvol haqida jumhuriyat partiya va Sovet rahbariyatiga yozma bayonnoma topshiradilar. 1 noyabrda O‘lka partiya qo‘mitasi ijroiya byurosi, Turkiston O‘lka musulmonlari byurosining andijonlik vakillar ishtirokidagi yig‘ilishi bo‘lib, unda bayonnoma keng muhokama etiladi. Unga T. Risqulov raislik qiladi. Yig‘ilish Farg‘onadagi og‘ir ahvolni e’tiborga olib, bu yerda mustahkam siyosiy hukumat yo‘qligi, harbiy hokimiyat mahalliy sharoitni, milliy muhitni hisobga olmasdan o‘zicha salbiy ishlar yuritayotganidan kelib chiqib, favqulodda inqilobiy qo‘mita tashkil etishga qaror chiqardi. Inqilobiy qo‘mita Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarga rahbarlik qilish, Sovet tashkilotlarini nazorat va taftish etish, bu tashkilotlarni, harbiy qismlar safini Sovetlarga qarshi aksilinqilobiy unsurlardan tozalash, sharoit toqazo etsa Sovetlarni tarqatib yuborish harbiy mansabdor shaxslar bilan birgalikda frontni tezroq tugatish, hatto aybdor, bo‘ysunmovchi shaxslar, muassasalarni harbiy sudga, inqilobiy tribunalga berish huquqiga ega edi. Afsuski, favqulodda inqilobiy qo‘mita ham o‘z huquqlaridan tegishlicha foydalana bilmadi. Amaliy natija ko‘plar kutgani kabi chiqmadi. (Qarang: T. Risqulov. Revolyutsiya i korennoe naselenie Turkestana. Tashkent. 1925, 109—110-betlar).

Bosmachilar boshliqlari bilan yarash bitimi tuzish to‘g‘risida olib borilgan muzokaralar va ularning materiallari ham keng ommaga yetkazilishini o‘rinli, deb hisoblaymiz. Chunki ular bilan tanishgan o‘quvchi bizning fikrlarimiz quruq ehtirosdan iborat emasligiga ishonch hosil qiladi. Sovet Armiyasi Markaziy Davlat hujjatgohining 110-fondi, 1-ro‘yxat, 15-ishida Namangan uezd-shahar inqilobiy qo‘mita a’zosi Imomjon Nizomboevning 1919 yil 19 dekabrda Madaminbek bilan olib borgan muzokarasining tafsiloti haqidagi bayonnomasi saqlanmoqda. Uni aynan keltiramiz: «Revkom tomonidan berilgan topshiriqni bajarish uchun besh vakil bilan birgalikda 19 dekabr ertalab Namangandan Jiydakapa qishlog‘i orqali Andijon uezdiga Hojimat eshon huzuriga yo‘l oldik. Daryodagi ko‘prikkacha hech kimni uchratmadik. Qayiqda daryodan o‘tgach, bir necha qurolli kishilarga duch keldik. Ular Boytumanning yigitlari ekan. Ulardan biri Boytumanning ahvolini so‘radi. Yaxshi yuribdi, degan javob olgach, yigitlar bizga Boytuman Parvardigori olamga ishonmaydigan xudosizlarga qo‘shildi, dedi. Salla o‘rab olgan bo‘lsam ham yigitlar shaxsan menga hayvonga qaragandek nazar solishdi. Andijonning u tarafidagi butun qirg‘oq paxta toylari bilan to‘sib tashlangan. Daryodan o‘tgach, Hojimat eshonning huzuriga jo‘nadik, biroq u kishi uyida yo‘q ekan. Yo‘lda uning o‘g‘liga duch keldik.

U bilan boriladigan joyga kunduzi soat 4 larda yetib bordik. Yetib kelib ulovimizni to‘xtatdik, biroq aravadan tushmadik. Machit oldida tumonat odam yig‘ilgandi. Sal fursat o‘tib qurollangan yigitlari bilan qo‘rboshi keldi, uning yonida qandaydir o‘ris ham bor edi. Uni men Namanganda ko‘rmaganman. Bizni machit yonidagi hujraga taklif etishdi. Hujrada o‘tirganimizga yarim soatlar bo‘lganda davrada o‘tirganlar voris kelyapti, deb qolishdi. Tashqarida karnay-surnay chalinardi. Hujradan tashqariga chiqqanimizda qo‘lida yalang‘och qilich tutib olib odamlarga eslarini yig‘ish, imondan ayrilmaslik haqida va’z aytib kelayotgan mulla yigitni ko‘rdik. Uning ortida ot minib Eshon hamda 4-5 nafar afg‘on kelardi. Ularning ba’zilari harbiycha kiyingan; ba’zilari esa chopon kiyib olgan edi. Tantanani ko‘rib bo‘lgach, hujramizga qaytib kirdik. Kelganlar qo‘shni hujraga joylashishdi. Xalq vorisni hamda Eshonni to‘lqinlanib, tiz cho‘kib, ularning xoki poyi, to‘nlarining barini o‘pib kutib olishdi. Eshon bilan birga kelgan kimligini so‘ragan edik, afg‘onistonlik voris degan javob oldik. Machitda shovqin-suron avjiga chiqqan, kuy-navo tinmas edi. Eshonga Namangandan elchi bo‘lib kelganimizni yetkazgach, u kishi bizni hovliga taklif etdi. Salom-alikdan so‘ng u kishiga tashrifimiz boisini anglatib, yaxshilab kengashib olish istagimizni bildirdik. Eshon xoli bo‘lgan zahoti huzurimizga tashrif buyurishini aytdi. U kishi kech soat yettilarda hujramizga kirib keldi. Men u kishiga hozirgi ahvol haqida gapirdim, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bo‘layotganligi, bekorga qon to‘kilayotganini aytdim, kelishdan maqsadimni tushuntirdim.

Sovg‘alarni va revkomning xatini topshirdim. Eshon xatni o‘qib berishni iltimos qildi. Men u kishining iltimosini bajardim. Shundan so‘ng Eshon xatni mendan olib, jvob qilib olib qoldi. Xat o‘qilayotganda Eshon uni diqqat bilan, hatto yig‘lab turib eshitdi. Eshon xatni olib turib menga uning mazmunini tushundim, agar musulmonlar birlashsa nur ustiga nur bo‘lardi, dedi. «Bekning huzuriga boramiz, unga hammasini aytib berasizlar», dedi Eshon. Biz rozi bo‘ldik. Bizga taom keltirishdi. Dasturxon ustida Bek huzurimizga mirzosini yuborganini eshitdik. Eshon bilan bir bor maslahatlashib, borishga qaror qildik. Eshon bizning to‘la xavfsizligimizga kafillik berdi. «Bek sizlarning bir tukingizga ziyon yetkazishdan oldin mening va o‘n ikki o‘g‘limning boshini oladi», dedi Eshon. U kishining maslahati bilan keltirgan sovg‘alarimiz — qo‘y va chitlarimizni olib, ikki yigit kuzatuvida aravada yo‘lga chiqdik. Eshon bilan afg‘onistonlik voris ot minib oldinda ketishdi. Bek Eshon turgan joydan 8 chaqirim narida, Koraterak qishlog‘ida manzil tutgan ekan. Biroq yo‘l loy bo‘lib, qorong‘ida aravada yurish mushkul bo‘lganligi tufayli uning ko‘p qismini piyoda bosib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Manzilga kechasi soat 12 da yetib bordik. Yo‘lda, deyarli har chaqirimda 3—4 qurolli qorovulga duch keldik. Ular har gal bizni to‘xtatib so‘roq qilishdi. Biz yetib kelgan saroyda 40—50 otga ko‘zim tushdi. Ayvonning ichida ancha odam to‘plangan edi, biroq aniq qanchaligini aytolmayman, chunki zimiston edi. Biz Bek yashaydigan bolaxonaga ko‘tarildik, u bizga peshvoz chiqib xonasiga taklif etdi.

Xonada bizdan tashqari Hojimat eshon, afg‘onistonlik voris va yana bir kishi bor edi. O‘tirganimizdan keyin afg‘onistonlik bizning kimligimizni surishtirdi. Bizning mullalar uchovimiz mulla, ikkovimiz boy bo‘lib, Namangan ahlidan vakil ekanimizni aytishdi. Bek: «Hukumatning vakili kim?» deb so‘radi. Men turdim va revkomning raisimisiz degan savolga yo‘q a’zosiman, deb aytdim. Bek keskin, zaharxandalik savollar berdi. Mullalarimiz kelishdan maqsadlarini bayon qilishdi. Men so‘z so‘rab hozirgi ahvol haqida gapira boshladim, biroq Bek so‘zimni kesib, siz musulmonga o‘xshash uchungina salla o‘ragansiz, deb ta’na qildi, gapga usta ekansiz, lekin gapga chechan odamlar bizga emas, bolsheviklarga kerak, deb aytdi. Meni o‘zlaringizga qo‘shilishni, sizlar bilan yarashishni taklif etib kelibsiz, deb davom etdi Bek, shartlaringiz va neki istagingiz bo‘lsa ayting. Men shu kunlarda musulmonlar yaxshi yashayotganligini, oqposhsha davridagi o‘zboshimchaliklar yo‘qligini aytdim. Sho‘rolar yo‘q qilingani, 2 yevropalik va 2 musulmondan iborat revkom tuzilgani, ishlar izga tushayotganini bildirdim. Bek aynan kim revkomga kirganini so‘radi: men birma-bir aytdim. Menga hamroh bo‘lgan mullalar revkomga kirganini, u yerdan juda yaxshi taassurot bilan chiqishgani, o‘zlari bilan xushmuomala, do‘stona va e’tiborli munosabatda bo‘lishganini aytishdi. Revkom shariat buyurganiga qarshi bormasligi va bu masalaga aralashmasligini aytganda, Bek bolsheviklar va’dani ko‘p berishadi-yu, lekin va’dalarining ustidan chiqishmaydi, ana, ular zavod, paxta, mollarni olib qo‘yishyapti, nima, bunga shariat yo‘l beradimi, deb mullalarga murojaat qildi. Mullalar yo‘q deb javob qaytarishdi. Men Bekka juda ko‘p mollar, ot-aravalar, yem va boshqa narsalar tortib olingan, bu oldin bo‘lgan edi, bu ishni hukumatda o‘tirib olgan bezori va jinoyatchi unsurlar qilishgan, undaylar endi hukumatdan badarg‘a qilingan, ularga qarshi o‘zimiz kurash olib boryapmiz, noo‘rin tortib olingan narsalarni qaytarib berayapmiz, bahosini to‘layapmiz, musodara etilgan, tortib olingan narsalarni qaytib berish haqida dekret bor, dedim. Shundan keyin Bek bolsheviklarning kattasi Lenin hibsga olingani, ittifoqdagi 12 davlat bolsheviklarga qarshi yurish qilayotganligi, o‘zlari bu yerdan turib ularga yordam berajagini izhor qildi. Bek Namanganga oziq-ovqat olib borishni taqiqlash haqida buyruq berganligi, uch kun oldin xorijdan shu haqda telegraf orqali topshiriq va ko‘rsatma olgani, ittifoqdagi boshqa davlatlar ham bolsheviklarga hech narsa bermaslikka qaror qilishganini aytdi. Men Turkistonda barcha kulfatlar biz bir-birimizni tushunmayotganligimiz tufayli yuz bermoqda, deb e’tiroz bildirdim. Bek mening bu gapimga mujmal javob qaytardi. U: «Sizlarning Nikolaylaringiz o‘ldi — ularning fuqarolari qaysi partiyaga, qaysi millatga tegishliligidan va boshqa narsalardan qat’i nazar merosxo‘r bo‘lib qoldi. Nikolaydan ko‘p boylik, qurol, aslaha-anjom, to‘p va hokazolar qoldi. Biz bu yerda 95 foizdan ko‘proqmiz, biroq o‘zimizning butun haqimizni so‘rayotganimiz yo‘q ana shu boylikning yarmini bersangiz ham mayli, sizlar o‘z qonunlaringiz bilan yashayvering, biz esa shariat bo‘yicha yashaymiz. Ammo sizlarning qilayotgan ishlaringiz butunlay boshqacha. Axir bir otaning o‘n o‘g‘li bo‘lib, ulardan uchovi aqlliyu qolganlari mayib-majruh bo‘lsa, merosxo‘rlik qoidasiga ko‘ra meros uch o‘g‘ilga emas, o‘niga ham teng bo‘linishi kerak-ku, bolsheviklar esa hammasiga egalik qilishni istayapti, hammasini o‘z qo‘llariga olishyapti. Men o‘rislar va yevropaliklarni o‘ldiraman, deb xayolimgayam keltirmaganman, bunday niyatni xayolimgayam keltirmoqchimasman. Ularning ikki mingdan ortig‘i qo‘l ostimda xizmat qiladi. Askarlaringizga qancha maosh berasizlar?» deb so‘radi Bek. Men aniq bilmayman-u, lekin ming atrofida bo‘lsa kerak, ro‘zg‘or tebratishiga yetadi, dedim. Bek ikki ming to‘lashini aytdi va mendan qancha olasiz, deb so‘radi. Men 1130 so‘m deb aytdim. Bek bunga bir oydan keyin qog‘oz pul bilan emas, tilla tanga bilan to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lishi, hech narsaga muhtoj emasligi, muhtojlik sezgan taqdirda qo‘shni davlatlar istagan miqdorda yetkazib berishi haqida e’tirof etdi. Agar men sizlarga, Sho‘ro hukumatiga qo‘shilsam, sizlar menga qanday huquq berasizlar, dedi-da, davom etdi: axir men sizlarga o‘tgan qo‘rboshilarga o‘xshab bolsheviklarning xizmatkori bo‘lish, ularning etigini artish uchun qo‘shilmayman-ku. Sizlar menga nimani istashlaringizni yozma ravishda bayon eting. Men ham o‘z shartlarimni yozma ravishda yetkazaman. Men shartnoma tuzish uchun emas, suhbatlashish uchun yuborilganimizni aytdim va Bekdan Namanganga o‘z vakillarini yuborishni, ularning xavfsizligi uchun kafillik berilishini aytdim. Bek odam bermasligi va yubormasligini aytdi. Bo‘lib o‘tgan hamma gaplarni revkomga yetkazishimni so‘radi va bizga qo‘shilgan taqdirda qanday huquqqa ega bo‘lishi haqida yozma xabar kutishini bildirdi. «Kommunistlaringiz va yoshlarga ayting, qurolli yoki qurolsiz bizga kelib qo‘shilsin, — deb davom etdi Bek. — Ularni afu etamiz, bordiyu bunga unashmasa oqibati yomon bo‘ladi. Mabodo shaharga borsak, ularni chavaqlab tashlaymiz». Men, yaxshi, yetkazaman, dedim. Afg‘onistondan kelgan vakil tojikchalab, Bekka bolsheviklar bilan musulmonlarning foydasiga bitimga kelishini so‘radi, Bek bunga rozilik berganday bo‘ldi.

Suhbatdan so‘ng Hojimat eshon Bekdan bizni o‘zi bilan birga olib ketishga ijozat berishini so‘radi. Bek mehmon bo‘lib yotib qolishga zo‘rladi, Eshon bunga ko‘nmadi, Bek o‘n otar miltiqni olib kelib, menga ko‘rsatdi. Bu tur quroldan yaqinda 25 mingini olishini, to‘pi bo‘lmasa ham 17 pulemyoti borligi, yaqinda to‘plik ham bo‘lishini aytdi. Ertalabgacha, qolinglar, qo‘limizdagi quroldan qanday otishimizni ko‘rsatamiz, dedi u. Biz tanishib oldik, xudo xohlasa tez-tez uchrashib turishga umid qilamiz, yigitlaringiz bizga tegmasligi uchun yorliq yozib bersangiz, deb iltimos etdik. Bek birortangizga ham tegishmaydi, dedi. Sizlar Eshonning huzuriga kelganda qo‘rboshilar menga xabar yetkazgan va qaytayotganlaringizda ushlash kerakmi, kerak emasmi — so‘rashgan edi. Lekin buyrug‘imsiz sizlarni ushlamasligini tayinlaganman. Bek bizga o‘z muhri bilan erkin yurish huquqini beradigan yorliq berdi. Bek ertalab Nizomiddin Xo‘jaev iltimosi bilan Skobelevga ketayotganligini aytdi. Bek bilan xayrlashib, Eshonnikiga keldik, afg‘onistonlik vakil Beknikida qoldi. Eshonnikiga ertalab soat beshda yetib kelib, sakkizga qadar dam oldik, so‘ng nonushtaga o‘tirdik. Eshon bilan suhbatdan u xolis odam ekanini angladim, biroq Bek 12 ittifoqdosh davlatga ishonib, urush olib bormoqchi. Eshon Bekdan shaharga oziq-ovqat o‘tkazishga ruxsat berishini iltimos qildi. Eshon qaysidir qishloqqa borishga otlanayotgan ekan, mendan hibsga olishmaydimi, deb so‘radi. Men hech kim sizga teginmaydi, dedim. Eshon nonushtadan keyin xayrlashayotib, menga zarbof to‘n kiydirdi. Mullalarga esa ming so‘mdan pul sovg‘a qildi. Qaytishda daryoni kechib o‘tdik va Yangiqo‘rg‘on orqali shanba kuni shomda Namanganga yetib keldik».

Ko‘rinib turibdiki, hujjat «bosmachilar» urush tarafdori emasligini ko‘rsatadi. Ular yurtda osoyishtalik o‘rnatmoqchi. Oddiy insoniy huquqlar tiklanishi tarafdori. Yerli xalqqa o‘tkazayotgan zulmlari uchun Sho‘ro hukumatiga ishonishmayapti. Ayrim bolsheviklarning xatti-harakati yerli aholining g‘azabini qo‘zg‘amoqda. Bu hol quyida keltiriladigan hujjatda ham o‘z aksini topgan.

Farg‘onadagi butun bosmachilar Bosh qo‘mondoni Shermat Sho‘ro Turkistoni rahbariyati bilan sulh haqida muzokara olib borish uchun tashabbus ko‘rsatadi. Sho‘rolar hukumatiga qarshi kurashib kelayotgan Shermatning bu tashabbusi Farg‘ona ahlining haqli talabi natijasi edi. Jumhuriyat rahbariyati uning taklifiga muvofiq Farg‘onaga kelib, Shermat bilan ochiqchasiga muzokara olib boradi, «Farg‘onadagi vayronagarchilik, urush yetarli emasmi? Siz nimani talab etasiz?» degan savolga u shunday javob qaytargan: «To‘g‘ri, biz Farg‘onaning tiklanishi va tinchlik qaror topishi tarafdorimiz. Ammo sizlarning hukumatingiz g‘oyalari Turkiston jumhuriyati uchun yaroqsizdir va mahalliy aholi hayotiga tatbiq qilib bo‘lmaydi». «Turkiston jumhuriyatida tinch hayot qaror topishi uchun sizning fikringizcha nimalar qilish kerak?» degan savolga Shermat birinchi navbatda savdoga yo‘l qo‘yish, joydan-joyga ko‘chish erkinligi, konfiskatsiya va rekvizitsiyalarni taqiqlash, shariat asosidagi sudni joriy etish, vaqf yerlarni egalariga qaytarib berish», deb javob qiladi.

Bu kabi fikrlar yuqori rasmiy doiralarda ham aytilgan, e’tirof etilgan edi. Lekin bolsheviklar boshboshdoqligini tugatishga ommaviy kirishilmadi.

Turkiston vakillari raisi Husain Ibrohimovning 1919 yil 24 noyabrida V. I. Lenin, Ya. M. Sverdlov nomiga yozgan xati ham natijasiz qolib ketgandi. O‘sha xatda RKP(b) Turkiston musulmon byurosi juda qisqa muddatda 200.000 kishilik musulmon qizil armiyasi tashkil etishni o‘ziga vazifa qilib olgani, buning uchun markaz zarur qurolaslaha hamda iloji boricha, musulmonlardan iborat komandirlar bilan ta’minlamog‘i zarurligi aytilgan edi.

Uni Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti ham ijobiy ma’qullagan edi. 12 banddan iborat talabalarni Turkiston vakillari hukumat tomonidan bajarilishini iltimos qilgan edilar. Ular RKP(b) Markaziy Ijroiya komitetining 1919 yil 12 iyuldagi («Turkistondagi rahbar tashkilotlarga musulmon aholisi bilan yevropali aholini mutanosiblik asosida jalb etish» haqidagi) radiogrammasida ilgari surilgan g‘oyalar nazarda tutilgan holda bildirilgan edi.

Sharq xalqlari kommunistik tashkilotlarining II Butunrossiya s’ezdiga, RKP(b) Butunrossiya VII konferentsiyasiga hamda Butunrossiya Sovetlari VII s’ezdiga borgan Turkiston jumhuriyati vakillari — P. Kobozev, H. Ibrohimov, Otarboev, Biserov, H. Husanboev, B. Ivanov, A. Muhitdinov (vakillar kotibi A. Kingi) 1919 yil 15 dekabrida Moskvada turib, RKP(b) Markaziy Komitetiga, V. I. Leninga yozgan bayonnomasida «Bosmachilar — bu Sovetlar VII s’ezdiga qadar Turkiston hukumatining noto‘g‘ri milliy siyosati natijasi o‘laroq shakllangan partizanlardir, deb baholgan edi.

O‘sha xatda Turkistonda milliy masalada yo‘l qo‘yilayotgan qator xatolar ko‘tarib chiqilgan edi. Ulardan biri Turksiton muxtoriyati masalasi edi. «1918 yil 1 mayda millatlar ishi bo‘yicha xalq komissari o‘rtoq Kobozev tomonidan Stalin radiogrammasiga muvofiq Muxtor jumhuriyat e’lon qilindi. Turkiston Sovetlari VI s’ezdida ishlab chiqilgan va o‘sha yilning 15 oktyabrida qabul qilingan Turkiston Konstitutsiyasi RSFSR Konstitutsiyasining deyarli o‘zginasi edi». Bunga ko‘ra, Turkiston muxtoriyati Sovet Rossiyasi Federatsiyasi tarkibidagi jumhuriyat bo‘lib, o‘z faoliyatini Butunrossiya Markaziy Ijroiya komiteti bilan to‘la muvofiqlashtirib ish ko‘rishi kuzda tutilgandi. Turkiston Konstitutsiyasiga esa Butunrossiya Sovetlarining III s’ezdi tasdiqlagan «Rossiyaning mehnatkash va ekspluatatsiya qilingan xalqlari huquqi Deklaratsiyasi» va Butunrossiya Sovetlarining V s’ezdida ko‘rib chiqilgan «RSFSR Konstitutsiyasining umumiy nizomi» asos qilib olingan edi.

1919 yilning may oyidan to oktyabr oyigacha o‘tkazilgan Turkiston Kommunistik partiyasining III va IV s’ezdlari, musulmon kommunistlarining I va II konferentsiyalari, Sovetlarning VII va VIII s’ezdlaridan keyingina Turkiston jumhuriyatini to‘g‘ri yo‘ldan olib borish, mehnatkash ommani RKP(b) shiorlari ostida birlashtirish, RSFSRda hokimiyatni markazlashtirish g‘oyasi amalga oshayotgani aytilgandi. Buning ramzi sifatida Turkkomissiya kelish kuni sharafiga Turkistonni istilo qilgan general Kaufman haykali o‘rnashgan joyda RSFSR bayrog‘i tantanali ravishda ko‘tarildi.

Yuqorida sanalgan s’ezdlar va konferentsiyalarda Sovet xodimlari Turkistonni halok qiluvchi unsurlardan xalos etib, nizolarga barham bergani aytilgan edi. Lekin RKP(b) Markaziy Komitetining 12 iyuldagi vakillar mutanosibligi haqidagi radiogrammasi mahalliy xalq mavqeini uzil-kesil mustahkamladi va shu vaqtdan boshlab, Turkiston jumhuriyati «sog‘lom» yo‘lga chiqdi. Turkistonda Sovet hokimiyati mezonlarini tugatish mumkin emasligiga ishonch hosil bo‘lindi.

Partiya VIII s’ezdida qabul qilingan RKP(b) dasturida mazlum halq mehnatkashlarining Sovet hokimiyatiga ishonchsizligiga chek qo‘yish uchun millatidan qat’i nazar, barcha imtiyozlarni tugatish, millatlarning to‘la tenghuquqligini ta’minlash, mustamlaka va tenghuquqli millatlarning ajralib chiqib, o‘z davlatlarini tuzish, ezuvchi millatlar proletariati tomonidan eziluvchi millatlarga juda ham ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lish, mazlum millatlar mehnatkashlari ommasidagi milliy hissiyot sarqitlariga alohida e’tibor berish kabi vazifalarni Turkistonda amalga oshirish juda og‘ir bo‘lgani e’tirof etilgan edi.

Barcha viloyatlar, uezdlarda bo‘lib o‘tgan anjumanlar, yig‘ilishlar bayonlarida ham yuqorida aytilgan haqsizliklar haqida gap boradi. Buni 1921 yil 13 yanvaridagi Namangan shahar partiyasizlar konferentsiyasida so‘zga chiqqan Nuriddin Qoriev ma’ruzasida ham ko‘rish mumkin. Notiq ta’kidlashicha, musulmon mehnatkashlari eng oddiy huquqlardan ham mahrum bo‘lganlar, turmushning qaysi sohasiga ko‘z tashlamaylik, hamma joyda ikki xil o‘lchov bor: biri yevropaliklar uchun, boshqasi esa musulmon aholisi uchun. Shirkat va oziq-ovqat idoralarida oziq-ovqatlar aksariyat yevropalik aholiga berilgan, musulmonlar ommasi esa to‘q yevropalik aholi ko‘z o‘ngida ochlik azobini tortib o‘lib ketavergan. Maktablar, teatrlar va barcha madaniy muassasalarning aksariyati yevropalik aholi uchun ochilgan va ishlab turgan.

Mustamlakachilik siyosati natijasi o‘laroq tub aholi orasida Sovet hokimiyatiga qarshi kuchli norozilik tug‘ildi. Bundan esa boy va mulkdorlar foydalanib, chekka, uzoq qishloqlarda o‘z atrofiga norozi unsurlarni, qoloq ommani hatto kabag‘allarni to‘plab olib, milliy ozodlik bayrog‘i ostida «bosmachi» to‘dalarini uyushtirdilar (ta’kidlar bizniki — R. Sh.) va avvaliga mayda, keyinchalik esa yirik guruhlarga birlashib, Sovet hokimiyatiga qarshi kurash boshlab yubordilar.

Rustam Shamsiddinov,

tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 3-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.