background
logotype

Said Ahmad. Ijod va jasorat (2000)

O‘zingga yaqin va kadrdon odam haqida biron gap aytish shunchalar qiyin bo‘lishini bilmas ekanman. Har kuni ko‘rishadigan, necha martalab gaplashadigan do‘stingning fazilatlari senga juda oddiy bir narsa bo‘lib qolarkan. U saxiymi, baxilmi, bag‘ri kengmi, fe’li tormi, do‘stiga vafodormi, birovning qayg‘usiga qayg‘udoshmi, negadir e’tibor bermas ekansan. Bu hammaga xos odat-da, deb qo‘yaqolarkansan.

Iste’dodli, allaqachon xalq mehriga sazovor bo‘lgan yozuvchi O‘tkir Hoshimov to‘g‘risida bir nima yozay, deb shuncha urinaman, qani biron satr yozolsam.

Bir donishmand agar azamat chinorni bo‘y-basti bilan ko‘ra-man, desang sal naridan turib qara, agar yonidan qarasang, uning faqat bir bo‘lagini ko‘rasan, uzoqdan qarasang butun salobati bilan ko‘rasan, degan ekan. Bu juda dono gap. Rassom ham yaratayotgan asarini necha martalab, orqaga bir-ikki qadam chekinib kuzatadi.

Men ham O‘tkirni sal naridan turib ko‘rmoqchi bo‘ldim... Ana shundan keyin mo‘‘jizaga o‘xshagan bir holatni sezdim. Men unchalik pisand qilmagan, ba’zan nazarimga ilmagan yozuvchi bola ko‘z oldimda yuksalib, chinakam san’atkorga aylandi.

Endi men uni bor bo‘yi bilan, jami fazilatlari bilan, o‘zbek adabiyoti rivojiga, mustaqil jumhuriyatimizning kamoliga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan aniq ko‘ra boshladim.

O‘tkir qanday kitoblar yozgani to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha. Ular o‘zbek va qardosh xalqlar mulkiga aylanib ketgan. Shundoq bo‘lsa ham bu iste’dodli adibning asarlarini tilga olmaslik insofdan bo‘lmas. «Bahor qaytmaydi», «Qalbingga quloq sol», «Nur borki, soya bor», «Dunyoning ishlari», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar», «Ikki karra ikki — besh» kabi qissa va romanlari, yuzdan ortiq dilbar hikoyalari, komediya va fojialari xalq orasida juda mashhur bo‘lib ketgan.

Totalitar tuzumning oqovasi bijg‘ib, oqib turgan bir paytda «O‘zbek ishi», «Davlat siri», «Do‘stlik hurmatdan boshlanadi» kabi o‘nlab maqolalarni yozish uchun katta jasorat kerak edi. O‘tkir har qanday zarbadan, hujumlardan qo‘rqmay, ba’zan, hatto hayotini xavf ostida qoldirib, xalq dilida tug‘yon urib turgan gaplarni ochiq-oshkora ayta oldi.

Moskva matbuoti tarqatayotgan tuhmat va haqoratlardan sabr kosasi toshgan O‘tkir Hoshimov sobiq Kompartiyaning XXVIII s’ezdi minbaridan turib baralla ovoz bilan ularni fosh qildi.

«O‘zbek ishi» degan gapni kim o‘ylab topdi? Nima uchun «arman ishi», «moldavan ishi» emasda, aynan «o‘zbek ishi»? O‘zbek nima yomonlik qildi? Qo‘shib yozishlar boshqa joyda yo‘qmi? «O‘zbek ishi» tufayli armiyadagi qanchadan qancha yigitlarimiz nobud bo‘lyapti. Temir tobutlar faqat Afg‘onistoidan emas, Sovet Ittifoqining turli chekkalaridan ham kelib turipti. Bizning farzandlarimizga «bosmachi», «qo‘shib yozuvchi», «poraxo‘r» deb qarashyapti va ochiqdan-ochiq o‘ldirishyapti. «O‘zbek ishi» degan haqoratli gapni o‘ylab topganlar hali tarix oldida javob beradilar».

Qarshisida oltin pogonli generallar, marshallar shop-shalopi bilan tikilib turgan bir paytda, ularning ko‘ziga qarab turib, shu gaplarni aytish uchun hech yengib bo‘lmas iroda, jasorat kerak edi. O‘tkir bu obro‘li shaxslar oldida esankiramadi, cho‘chimadi, xalq dardini bor ovozi bilan ayta oldi.

Ona xalqining dardiga hamdard, quvonchiga sherik bo‘la oladigan, har qanday mushkul sharoitda ham uni himoya qila oladigan ijodkorgina mehrga, izzat-hurmatga sazovor bo‘ladi.

«Sharq yulduzi» jumhuriyatimizda nashr qilinadigan adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy jurnallar ichida eng mashhur — ommaviy jurnaldir. O‘tkir shu jurnalning bosh muharriri sifatida aktiv faoliyat ko‘rsatdi.

Ulug‘ bobomiz Amir Temur shaxsiga toshlar otilayotgan bir paytda O‘tkir u haqda qator maqolalar e’lon qila boshladi. Hujumlardan, do‘q-po‘pisalardan cho‘chimagan bosh muharrir buyuk sarkarda faoliyatini izchil yoritishda davom etdi. Bir vaqtlar badnom qilingan «Temur tuzuklari», «Zafarnoma» «Kecha va kunduz» asarlari shu jurnalda e’lon qilindi. Jurnalda Qur’oni karimning o‘zbekcha tarjimasi osonlikcha bosilgani yo‘q. Bu savobli ishga shaxsan Yurtboshimizning o‘zi rahnamolik qilgani va jurnal tahririyati sa’y-harakati bilan Alloh Kalomi ikki yildan ortiq vaqt ichida nashr etilgani jiddiy voqea bo‘ldi.

Undan oldinroq esa O‘zbekiston televideniesida tashkil etilgan «Bahs» ko‘rsatuvini O‘tkir Hoshimov qariyb o‘n yil boshqardi. «Bahs»da hayotimizdagi ijtimoiy mavzulardan tashqari, oila va muhabbat masalalari keng va qamrovli yoritildi. Hammani qiziqtirgan masalalar unda dadil va hozirjavoblik bilan aytildi. Bu yerda ham O‘tkir Hoshimov kimgadir yoqmasligi mumkin, degan andishaga bormay, millionlab teletomoshabinlar dilidan tiliga chiqolmay turgan, chirsillagan gaplarni dadil ayta oldi.

Bu ko‘rsatuvlar O‘tkir Hoshimovga katta obro‘ keltirdi. Teleekran oldida o‘tirgan millionlab kishi uni adolat uchun kurashuvchi, jasur ijodkor deb baholadilar.

Agar siz uning kitoblarini diqqat bilan o‘qisangiz, ijodi xalq hayoti bilan naqadar hamohang ekaniga, sahifalar qatidan nechalab insonlar taqdiri bosh ko‘tarib chiqishiga guvoh bo‘lasiz. Uning yozganlari afsona ham, ertak ham emas. Sof haqiqat. Kitobxon unda yo otasi, yo akasi va yoki yaqin bir kishisi bilan uchrashadi. Ularning kurash va mehnatda o‘tgan tarixlariga ro‘baro‘ keladi.

Olamdan nom-nishonasiz o‘tib ketgan, ammo shon-sharaf bilan yashagan kishilar ko‘z oldimizda paydo bo‘ladi. Ularning quvonchlaridan ko‘ksimiz qalqib-qalqib ketadi, g‘amu anduhlaridan ko‘zlarimizdan yosh to‘kiladi.

«Ikki eshik orasi» romani qayta-qayta nashr qilinganiga qaramay kitob do‘konlarida turib qolmadi. Talash bo‘lib ketdi.

Romanda urush va urushdan keyingi yillardagi qishloq hayoti, urushning jami og‘irliklarini, mahrumliklarini azamat yelkasida ko‘targan, o‘zi yemay topganini jangchilar og‘ziga tutgan, fidoyi dehqonlar jasorati madh qilingan. Nikoh kechasining ertasiga kuyovini jangga jo‘natib kelinlik libosini ish kiyimiga almashtirgan chillali kelinlarning og‘ir, mashaqqatli mehnatlari, ota o‘rniga ketmon ko‘tarib dalaga chiqqan norasida go‘daklar, o‘g‘li o‘rniga yer chopgan bukchaygan chol-kampirlar ko‘z oldingizda paydo bo‘ladi. Siz ularning ovozini eshitasiz, saraton jaziramasida terlagan serajin yuzlarini ko‘rasiz.

Ularning qaddini tik ushlab turgan kuch g‘alabaga ishonch edi. Urush yo‘llariga nigoron ko‘z tikkan chol-kampirlar tong otguncha: e, Xudo, o‘qlar tagida yurgan bolaginamni o‘z panohingda asra, deya duo qilardilar. Ochlik, yupunlik, ayriliqlar, erta xazon bo‘lgan muhabbat alamlari, judolik, qarg‘ish, yig‘i, g‘azab — hamma-hammasi romanda nihoyatda ishonarli tasvirlangan.

«Ikki eshik orasi» romani o‘zbek adabiyoti xazinasidan o‘z o‘rnini topgan asarlardan biri bo‘lib qoldi. Bu asar xalqlar boshiga kulfat solgan ikkinchi jahon urushi to‘g‘risida yozilgan achchiq va alamli yilnomadir.

O‘tkir Hoshimov xalqimizning fidoyi, rostgo‘y yozuvchisi sifatida hamisha o‘z mavzui bo‘lib kelgan xalq hayotini uzluksiz kuzatadi va undan aytish nihoyatda zarur bo‘lgan nuqtalarini qalamga oladi.

Vatanimizning mustaqillikka erishishi adib ijodi uchun yangi imkoniyatlar berdi. Sho‘ro zamonida yozilmagan qonun bor edi. «Sovet adabiyoti va dramaturgiyasida komediya yozish mumkin, drama yozish mumkin, ammo tragediya yozish mumkin emas. Chunki sho‘ro hayotida fojia yo‘q!» Holbuki fojia har qadamda bor edi. Saksoninchi yillarda markazdan kelib O‘zbekistonda qirg‘inbarot o‘tkazgan Gdlyan va Ivanov degan qalloblar qilgan xunrezliklar ham borib turgan fojia edi. O‘tkir Hoshimovning «Qatag‘on» tragediyasi «o‘zbek ishi» degan bo‘hton va uning qurbonlari haqidagi shiddatli asar bo‘ldi. Tragediya bugungi yosh avlodni ota-bobolaring boshiga tushgan kechagi fojialardan ogoh bo‘ling, istiqlolning qadriga yetinglar, deb ogoh qilayotgan xitobga o‘xshaydi.

Istiqlol yillarida yozilgan «Tushda kechgan umrlar» romani esa yetmish yil davom etgan adolatsizliklarni, toptalgan qismatlarni ro‘yirost, badiiy teran aks ettirgan asardir.

Pishib yetilgan anorni kaftingizga qo‘yib, yaxshilab tikilganmisiz? Donalari po‘stini turtib turadi. Sal vaqt o‘tsa, shu qalin po‘stlar ichki turtkilarga dosh berolmay, yoriladi.

O‘tkirning ixchamgina «Tushda kechgan umrlar» romanida ham voqealar shunchalik zichki, muqovasini yorib yuboraman, deb turganga o‘xshaydi.

Romanning anchagina boblarida afg‘on urushi tasvirlanadi. Adib bu adolatsiz urushning butun fojiasini, g‘ayriinsoniyligini ro‘yirost tasvirlaydi. Mina portlaganda qo‘li bir tomonga, boshi bir tomonga uchib ketgan yigitning jon taslim qilishi, yurtini sog‘ingan askarning nuqul o‘limni tush ko‘rishi, himoyasiz afg‘on qishloqlarining kuli ko‘kka sovrilishi manzaralari o‘quvchi qalbini larzaga soladi.

Roman qahramonlaridan biri Rustam o‘z «internatsional» burchini o‘tayotganidan mamnun edi. Biroq u bu qonli manzaralar qarshisida o‘yga toladi. Bu urush xalqlarga faqat kulfat olib kelishi mumkinligini tushunib qoladi. Biroq... u o‘z jonini saqlash uchun qon to‘kishi shart. Aks holda uning o‘zi qurbon bo‘ladi. U begunoh afg‘on ayolini otib qo‘yganda qanchalar gunohga botganini anglaydi. Iztirob, alam otashida yonadi. Uning fojiasi bu bilan tugamaydi. Og‘ir yaralanib uyiga qaytganda yana bir dahshatli fojia ustidan chiqadi. Bir umr mehnatdan boshi chiqmagan, partiya qaerga tashlasa o‘sha yerni mehr bilan gullatgan, qo‘sha-qo‘sha ordenlar olgan otasini «qo‘shib yozuvchi» sifatida qamashganini eshitib, hayronu lol bo‘lib qoladi. Dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ketadi. Rustamning adolat qidirib, yelib-yugurishlari behuda ketadi. Hech kim uning arz-dodiga e’tibor qilmaydi. Qaytaga «Zo‘ravonligingni afg‘onga borib qil, bu yerda ketmaydi», deb ermak qiladilar. U ikki yil yo‘liga intizor ko‘z tikkan sevgilisi Shahnozaga uylanganida butun hayoti fojiaga aylanganini biladi. U afg‘ondan «yaroqsiz» er bo‘lib qaytganini sezadi. Rustam sevgan qizini baxtli qilishdan mosuvo bo‘lgan. Yigit kishi uchun bundan ortiq fojia bo‘lishi mumkinmi?

Otasini tuhmatlardan qutqarishga ojiz, sevgilisini baxtli qilishdan ojiz Rustam o‘z joniga qasd qilishdan boshqa iloj topolmaydi.

Yozuvchi fojialarning ildizlari chuqur, hamma gap mustabid tuzumning mohiyatida ekanini ochib tashlaydi. Romandagi komissar obrazi orqali so‘nggi ellik yil ichida yuz bergan zolimliklar namoyon bo‘ladi. Kollektivlashtirish yillaridagi surgunlar, 37 va 50-yillardagi qatag‘onlar, afg‘on urushi, pa nihoyat «o‘zbek ishi» degan jirkanch tuhmat, biz sig‘ingan tuzum adolatsizlik va zulm poydevori ustiga qurilgani va nurab, yer bilan yakson bo‘lish arafasida oxirgi nafasini olayotgani juda ishonarli tasvirlanganiga iqror bo‘lamiz.

Komissar ham o‘zi suyangan tuzum bilan barobar nurab borayapti. Roman oxirida g‘alati bir epizod bor. Komissar farrosh Qurbonoy bilan shunchaki gaplashib qoladi. Bu ayolning boshiga yog‘ilgan kulfatlarga shu odam sababchi. Bir vaqtlar eshon deb bobosini, xalq dushmani, deb dadasini qamatgan. Onasini zo‘rlagan. Onasi nomusga chidolmay, o‘zini osgan. Qurbonoyning bu maraz kimsani ko‘rarga ko‘zi yo‘q.

Ular orasida shunday suhbat bo‘lib o‘tadi:

«— O‘zingiz tuzukmisiz? — dedi Qurbonoy boshqa gap topolmay.

— Menmi? — Komissar kuldi. — Xex-xex-xex! Qachon o‘lasan, demoqchimisan? Ovora bo‘lasan! Men o‘lmayman. Xex!..»

Nazarimda bu gap tagida juda katta ma’no yashirinib yotibdi. Yozuvchi bizni ogoh qilyapti. Yetmish yillik umrimiz-ku qo‘rqinchli tush kabi o‘tdi. Zulm va mustabidlikka asoslangan tuzumning komissarlari hali osonlikcha jon taslim qilmaydi, o‘g‘ri mushukdek payt poylab yotadi, hushyor bo‘laylik, Vatan mustaqilligini niyati buzuq, yomon ko‘zlardan asraylik, demoqchi.

O‘quvchi bu asarni qoqinmasdan, turtinmasdan, diqqati susaymasdan o‘qib chiqadi. Bir necha sahifa o‘qiganingizdan keyin ko‘nglingizga qandaydir mungli kuy kirib qolganini, bu kuy to oxirgi sahifalargacha sizni ta’qib qilayotganini sezmaysiz. Asar qahramonlari tirik insonlardek ko‘z oldingizdan o‘tadi. Ovozlarini ham eshitayotgandek bo‘lasiz. Biriga muhabbat qo‘yasiz, biridan nafratlanasiz.

Bunday asarlar kitob javonida yotib qolmaydi. Juda tez qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. «Tushda kechgan umrlar» romani 75 ming nusxada bosilib, juda tez tarqab ketgani ham bu gapimni tasdiqlaydi.

O‘tkir — so‘z san’atkori. Yuqorida tilga olganimiz romanlarida xalq tili shunchalar ravon, shunchalar ifodaliki, har bir satri she’rday ravon oqadi.

O‘tkirning atigi uchta asarini tilga oldim, xolos. Televidenie orqali necha martalab namoyish qilingan, millionlab tomoshabinlarga manzur bo‘lgan «Bahor qaytmaydi», «Nur borki, soya bor», «Inson sadoqati» kabi asarlari, o‘nlab dilbar hikoyalari tomoshabin va kitobxonlar mehrini qozongan.

Ayniqsa, «Dunyoning ishlari» asarini qissa emas, doston deb atashni istardim. U qo‘shiqday o‘qiladi. Uni o‘qib turib, o‘z onalarimizni o‘ylab ketamiz. Shu mushfiq, shu jafokash onalarimiz oldidagi bir umr uzib bo‘lmas qarzlarimizning aqalli bittasini uza oldikmi, degan bir andisha, bir savol ko‘z oldimizda ko‘ndalang turib oladi. Qissa bizni insofga, insonni qadrlashga, hurmat qilishga chaqiradi.

O‘tkir faqat talantli yozuvchigina emas, ajoyib dilbar inson hamdir.

Men u bilan jumhuriyatimizning hamma viloyatlarini, tumanlarini necha martalab aylanib chiqqanman. Qaerga bormaylik, uni odamlar o‘rab oladi, kitoblaridan olgan taassurotlarini to‘lib-toshib gapirib beradilar va albatta u bilan do‘st-qadrdon bo‘lib qoladilar. Uning suhbatiga orzumand bo‘lganlar doirasi borgan sari kengayib boraveradi. Esdalik uchun suratga tushish niyatida fotochini chaqirib keladilar. Ayniqsa, yosh kitobxonlarning shundoq mashhur yozuvchi bilan suhbatlashganlaridan ko‘zlari yashnab ketadi.

Har galgi safarimizda do‘stlarimiz qatoriga do‘st qo‘shiladi. Ular Toshkentga kelib uning uyida mehmon bo‘ladilar. O‘z yurtlaridagi yangiliklardan gapirib beradilar. Va shu bilan birga yozuvchining yangi e’lon qilingan asarlaridan olgan taassurotlarini ham to‘lib-toshib aytib beradilar.

Bir yili O‘tkir shoir Erkin Vohidov bilan Qashqadaryo viloyati tumanlarida kitobxonlar bilan uchrashuvga boradi. Shunday uchrashuvlardan biri Miroqida bo‘ladi. Qo‘llari mehnatda qadoq bo‘lib ketgan bir kolxozchi ayol o‘rnidan turib, yig‘lab-yig‘lab shunday deydi:

— Hozir Xudodan vahiy kelsayu, «sening peshanangda yana yigirma yil yashash bor, mabodo umringning qolgan qismini birovga berishga tayyormisan», desa o‘sha yigirma yil umrimni shu ukalarimga bo‘lib berishga tayyorman, deb javob qilardim.

O‘sha ayolning qo‘lida muqovalari qiyshayib, sahifalari sarg‘ayib ketgan «Dunyoning ishlari» qissasi bor edi. Aftidan u qissani shu bugun o‘qib tugatgan. So‘nggi sahifalarni o‘qiganu yig‘inga kelgan.

...Quva tumanida kitobxonlar bilan uchrashuv bo‘lgandi. O‘shanda Musharrafxon degan qora kiyingan bir ayol o‘rnidan turib O‘tkirning oldiga keldi.

— Bolam, men hu anavu maktabda farroshman. Go‘daklar ivirsitgan sinflarni yuvib, tozalayman. Sening onang Poshsha opa ham farrosh bo‘lgan ekanlar, iloyo joylari jannatda bo‘lsin. Buni men maktab kutubxonasidan olgan manavu kitobni o‘qib bildim. — U qo‘lida ushlab turgan «Dunyoning ishlari» kitobini ko‘rsatdi. — Insonning boshi toshdan bo‘lar ekan, bir o‘g‘lim afg‘on urushida nobud bo‘ldi, chidadim, chidamay ilojim qancha. Kel bolam, o‘g‘lim o‘rniga o‘g‘il bo‘l. Yozuvchi o‘g‘lim bor, deb yupanib yuray...

U shunday deb nimchasining qo‘ynidan marg‘ilonnusxa do‘ppi olib, ko‘zida yosh bilan, iloyo boshing omon bo‘lsin, deb O‘tkirga kiydirdi.

Bir necha yil avval Farg‘ona vodiysi tumanlarida kitobxonlar bilan uchrashuvlar bo‘ldi. «O‘zbekiston» tumanining markazi Yaypandagi uchrashuvda «G‘aniobod» davlat xo‘jaligining pilla brigadasi boshlig‘i Ja’farali Payg‘amov degan yigit ham so‘zga chiqib O‘tkirning asarlarini sevib o‘qishini, kitoblarining hammasini avaylab saqlashini aytdi.

U bir adabiyot muxlisi sifatida O‘tkir uchun rejadan tashqari yana bir quti pilla qurti boqishga jamoa oldida so‘z berdi. Oradan ikki oy o‘tib Ja’faralidan O‘tkirga bir xat keldi. Konvertda xat bilan O‘tkir nomidan Tinchlik jamg‘armasiga pul o‘tkazgani to‘g‘risida pochta kvitantsiyasini ham yuborgan edi.

Men O‘tkir Hoshimovni jasoratli, qo‘rqmas, haqiqatni har qanday sharoitda ham ayta oladigan yozuvchi deb atadim. Bu ta’birimni ikkilanmay har yerda dadil ayta olaman.

Bor bo‘yini ko‘rmoq uchun sal orqaga chekinib turib O‘tkirga qaradim. Shunda necha yillar birga ijod qilgan, birga safarlarda yurgan qadrdonimni bo‘y-basti bilan, o‘zini ardoqlagan xalqiga qilgan xizmatlari bilan aniq ko‘rdim. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlaridek shu paytgacha menga oddiy yozuvchi bo‘lib ko‘ringan bu ijodkor to‘g‘risida shuncha gap bilarkanman, bilganlarim shunchalar ko‘p ekanki, sizga faqat bir shingilnigina gapirib berdim, xolos.

Xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti sovrindori, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi O‘tkir Hoshimov qo‘lidagi kichkinagina, ammo tog‘larni qo‘porishga qodir qalami bilan ona xalqiga, mustaqil yurtimiz xizmatiga doim shaydir.

2000 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.