background
logotype

Said Ahmad. Tog’ay Murodning qo’shiqlari (1994)

Kechagina yosh yozuvchi, boshlovchi yozuvchi, deb yurgan qalamkashlarimiz endilikda nasrimizning yetakchi ijodkorlari bo‘lib qoldilar.
Tog‘ay Murod ana shu ijodkor avlodning talantli vakilidir.
Tog‘ay Murod adabiyotga tutab emas, yonib kirdi. 
Tog‘ay Murod qissalari sof milliy o‘zbek qissalari. Tog‘ay Murod qissalarida tasvirlangan odamlarga boshqa xalq libosini kiydirsangiz ham o‘zbekligi bilinib turadi. Ularning xulq-atvori ham boshqa xalqqa aslo o‘xshamaydi.
Shu vaqtgacha qiyofasi noaniq, bir-biridan farq qilmaydigan, shapka kiydirsang rus, qorako‘l papax kiydirsang ozarbayjon, telpak kiydirsang qozoq, yoqasiga kashta tikilgan ko‘ylak kiydirsang ukrain bo‘lib ketaveradigan taxminiy odamlar qissalarimizning asosiy qahramonlari bo‘lib keldi. Bu o‘z xalqining milliy urf-odatlarini, his-tuyg‘ularini bilmaslikdan bo‘ldi, so‘qirko‘ngillik, so‘qirko‘zlikdan bo‘ldi.
Biz Abdulla Qodiriyni salkam yetmish yildirki, boshimizga ko‘tarib kelamiz. Bunga sabab, Qodiriy milliy qahramonlar yaratdi. Otabek ham, Yusufbek hoji ham, Oftob oyim ham, Solih maxdum ham aslo takrorlanmas obrazlardir. Bu kishilar to‘g‘risida Qodiriy ta’kidlamasa ham o‘zbekligini bilamiz.
Turgenev, Gogol, Tolstoy rus xalqini butun bor bo‘yi bilan tasvirlagan buyuk ijodkorlardir. Nexlyudovga do‘ppi kiydirsang, Kareninaga paranji yopintirsang, o‘zbek bo‘lib qolmaydi. Tolstoy ularni qon-qoni bilan, o‘y-xayollari bilan, gap-so‘zlari bilan rus qilib yaratdi.
Bunday asarlar yaratish uchun adib rassomdek ranglarni bir-biridan farq qiladigan, bastakordek tovushlarni tiniq eshitadigan bo‘lishi kerak.
Tog‘ay Murod ana shunday rassom adibdir, ana shunday bastakor adibdir.
Mana, u "Ot kishnagan oqshom"da otni qanday tasvirlaydi:
"Birodarlar, o‘zi, Bo‘z ot qanday bo‘ladi? Surpday opioq bo‘ladi. Bordiyu ajdodida bo‘lsa, to‘qqizga to‘lganda Tarlon bo‘ladi. To‘qqiz yoshida Bo‘zning badanida xolday-xolday qora donalar paydo bo‘ladi. Shundan boshlab u Bo‘z emas, Tarlon ot bo‘ladi. Tarlon — xol xol ot! Tarlon otlar sarasi.
Birodarlar, To‘riq otning yuzdan biri yaxshi bo‘ladi, Tarlon otning yuzdan biri yomon bo‘ladi!
Birodarlar, ot tanimasang, Tarlon ol!.."

Talantli adib qalamidan to‘kilgan ushbu satrlarni o‘qirkanman, xayolimdan bir gap o‘tdi.
"Dom"da yashab umrini o‘tkazgan shaharliklarni o‘yladim. Inson bolasining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilgan bu jonivorni faqat tsirkda, kinoda ko‘rgan shaharlik ukalarimizga adibning bu so‘zlari qanchalik ta’sir qilishini bilaman. Shahar bolalarining tabiatdan, jonivorlardan kanchalik uzoqlashib qolganliklariga achinib ketaman.
Tog‘ay Murod otni shu qadar mehr bilan ta’riflaydiki, adib qo‘shiq aytayotibdi, deb o‘ylaysiz. Adib ko‘ngli kitobxon ko‘ngliga ko‘chib o‘tadi. Ot minib adirlarda yelday uchgingiz, ot yollarini silagingiz keladi.
"Birodarlar, mashina deganlari temir! Joni yo‘q! Joni yo‘q temir odamga el bo‘lmaydi! Temirning yuragi yo‘q-da! Ot odamga el bo‘ladi! Boisi, otning joni bor, yuragi bor-da!"
Tog‘ay Murod tasvirlagan chavandozlar xiyonat ko‘chasiga kirmagan, odamlarga faqat yaxshilik ravo ko‘radigan asl o‘zbeklardir.
Tog‘ay Murodning Tarloni Tolstoyning Xolstomeri, Aytmatovning Gulsarisi qatoriga kelib qo‘shildi.
Bu gapimga ba’zi bir tanqidchilar jindek g‘ashlik qilar. Na iloj, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deydilar...
Tog‘ay Murod o‘z ona tilini benihoya yaxshi biladi. Bilgandayam butun ranglari bilan, ohanglari bilan biladi. Shu bois, sof o‘zbekcha bitadi.
Tog‘ay Murod o‘zbek tilini kuylatdi. O’zbek tilining jami jilvalarini oftobga solib ko‘rsatdi.
"Ayo Tarlon, sen mening akamsan. Uka desa degulik mendayin ukang bor, aka desa degulik sendayin akam bor, nima g‘amim bor?
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan. Mening birodarim sensan.
Ayo Tarlon, sen mening birodarimsan, qiyomatlik birodarim..."

Ushbu satrlarni o‘qib bo‘lgach, xayolga tolasiz. Hozirgina mungli bir qo‘shiq tinglagandek bo‘lasiz.
Bu qo‘shiq olis yo‘l bosib, O’zbekistonimizning qaynoq, janub Surxonidan uchib keldi.
Men Tog‘ay Murodning "Yulduzlar mangu yonadi" qissasida Bo‘ri polvon, Tilovberdi polvon, Abil polvonlarning kurashlarini zavq-shavq bilan tomosha qildim. Surxon polvonlarining halolliklari, mard, tantiliklarini ko‘rib g‘ururlanib ketdim. Ana, o‘zbek polvonlari, ana, deya g‘ururlandim.
Tog‘ay Murod tasvirlagan Surxon polvonlari chinakam o‘zbek polvonlaridir.
Sharqning buyuk dostonlari "Layli va Majnun", "Farhod va Shirin"lar, "Tohir va Zuhro"lar necha yuz yillardan beri yashab keladi. Ularda bir-biriga yetisholmay, muhabbat yo‘lida jon bergan baxtsiz oshiq-ma’shuqlar tasvirlanadi.
Tog‘ay Murod ham doston yozdi. Otini "Oydinda yurgan odamlar" qo‘ydi.
Qissa nomini o‘qishingiz bilanoq sizni allaqanday sirli-sehrli oydin kecha bag‘riga oladi. Ichingizga ajib bir nur o‘rmalab kiradi. Dil-dilingizni yoritib yuboradi.
Qissada Qoplon bilan Oymomo farzand ilinjida tunni tongga, kunni oyga, oyni yilga ulab yashaydi. Qoplon xotinini Momosi, desa, Oymomo erini Bobosi, deb chaqiradi. Ular yo‘q bolaning bobosi, yo‘q bolaning momosi bo‘lib, yillarni yillarga ulaydi. Bir-biriga mo‘ltirab yashaydi. Ular uchramagan doktor, ular ko‘rinmagan tabib qolmaydi. Ammo na doktordan, na tabibdan naf ko‘radi.
Tog‘ay Murod chol-kampir hayotini g‘oyat nozik, g‘oyat shoirona tasvirlaydi. Chol-kampirning o‘zaro mehr-muhabbatini qo‘shiqdek kuylab beradi.
Tog‘ay Murod bir-birini Bobosi, Momosi, deya atab umr o‘tkazayotgan bir juft pokiza insonni oydindagi oy nuriga o‘rab tasvirlaydi. Oqibat, ushbu juftning o‘zi ham, so‘zi ham, turish-turmushi ham oyning kumush nurlariga yo‘g‘rilib ketadi.
Tog‘ay Murodning kuyib, yonib, o‘rtanib bitgan, ba’zan faryod urib bitgan "Oydinda yurgan odamlar" qissasini "Muhabbat qo‘shig‘i", deb atagim keldi.
"Momo-Yer qo‘shig‘i" boshqa qissalardan farq qiladi. Tog‘ay Murod bu qissasida boshqacha yo‘ldan boradi. O’z yo‘lidan adashib, oyog‘i yerdan uzilib, G’arb adabiyoti soyasi bo‘lib qolgan ijodkorlarning tipik obrazini yaratadi. Shu ijodkor obrazi tufayli qissaga mayda-chuyda toshlar otildi. Asar yutuqlaridan ko‘z yumib o‘tildi. Axir, qaysi soya ijodkor o‘ziga oyna olib qaraydi deysiz? Masalan, qissada original bir obraz bor, badiiy baquvvat bir obraz bor. Men serjant Orziqulov obrazini nazarda tutyapman. Serjant Orziqulov o‘zbek adabiyotida mutlaqo yangi obraz.
Nazarimda, Tog‘ay Murod qissa bitmaydi, nazarimda, bor ovozi bilan qo‘shiq aytadi. Bu qo‘shiqda avj pardalar bor, nolishlar bor, savt bor.

SAID AHMAD,
O’zbekiston Qahramoni,
O’zbekiston xalq yozuvchisi.
1994.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.