background
logotype

Abdulaziz Abdurahmonov. Axloqiy tarbiya va milliy qadriyatlarimiz (1990)

Millatlarning gullab-yashnashi va o‘zaro yaqinlashishi, ularning qo‘shilib, baynalminallashib ketayotganligi, iqtisodiy, madaniy, siyosiy va g‘oyaviy jihatdan manfaatlari bir bo‘lgan sovet xalqining vujudga kelganligi to‘g‘risidagi havoyi, puch gaplarni zo‘r berib takrorlay berish turg‘unlik yillarida odatga aylangan edi. Aslida Sovet Ittifoqidagi ko‘pgina millatlarning boy madaniy merosidan foydalanishda katta to‘siqlar, g‘ovlar yuzaga keltirilgan bo‘lib, bu g‘ovlarni ozgina bartaraf etishga urinish ham millatchilik, milliy cheklanganlik sifatida baholanar, milliy o‘ziga xoslikni birinchi o‘ringa qo‘yish baynalminallikka hurmatsizlik sifatida qoralanar edi. Xalqlar va butun-butun millatlar o‘z o‘tmish madaniyatining qonuniy vorisi sifatida undan foydalanish imkoniyatlaridan ko‘p hollarda mahrum qilingan bo‘lib, hamma millatlar deyarli bir xil andozada, milliy o‘ziga xoslikdan iloji boricha uzoqlashtirilgan holda tarbiyalandi va rivojlandi. Buni O‘rta Osiyo xalqlari, jumladan o‘zbek xalqi taqdirida ham kuzatish mumkin. Masalan, keyingi yetmish yil mobaynida bizda milliy madaniyatning muhim vositasi bo‘lgan imlo uch marta o‘zgartirildi. Natijada xalqimiz boy madaniy merosini o‘rganish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Maktablarda yaqin vaqtlargacha ham xalqimiz tarixi o‘qitilmadi. Bir qator tarixiy shaxslarimiz faoliyatiga noto‘g‘ri, biryoqlama baho berib kelindi. Bu, hech so‘zsiz, milliy madaniyatimiz taraqqiyotiga va yoshlarimizning axloqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘ylaymizki, nisbatan ancha uzoq davom etgan bu noto‘g‘ri tendentsiya hozirgi oshkoralik sharoitida o‘zining munosib bahosini olganicha yo‘q.

O‘zbek milliy axloqiy tarbiyasi ma’lum odob va e’tiqod, ishonch va mehr-muhabbatning majmuasi bo‘lib, kishi o‘zini qanday tuta bilishida namoyon bo‘ladi. Jumladan, ilgari yoshlar maktabni tugatish bilan barobar biror bir kasbni (masalan, o‘g‘il bola ota kasbini, qiz bola ona kasbini yoki boshqa bir kasbni) egallash an’anasi bo‘lgan. Boshqacha aytganda, kasb o‘rganish tarbiyaning uzviy qismi hisoblangan. Xo‘sh, hozir qanday? Endilikda o‘rta maktabni tugatgan yoshlar, agar biror bir o‘quv yurtiga kirmasalar, hech narsaga yaroqsiz bo‘lib, ishsizlar safini to‘ldiradilar. Maktablarda o‘quvchilarni kasblarga qiziqtirish g‘oyat sustligi natijasida ular o‘rta maktabni bitirganlaridan keyin ham qaysi kasbni egallashlarini bilmay ancha vaqt ikkilanib yuradilar. Yoshlarda o‘qishga, kasb o‘rganishga qiziqishning yuqori emasligi ulardagi ustozga nisbatan hurmat-ehtiromni susaytirdi. Bu esa milliy an’analirimizga ziddir. Bu yerda tarbiyaning hamma jihatlarini izohlash imkoniyati yo‘q. Ammo ota-onaga, ustozga, el-yurtga, xalqqa bo‘lgan hurmat milliy tarbiyaning ajralmas qismi bo‘lganligini alohida ta’kidlash kerak.

Tarbiyada muhitning ahamiyati katta. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, biz barkamol insonni vujudga keltirishimiz uchun uni shunga muvofiq keladigan muhitda tarbiyalashimiz kerak. Yaxshi muhitda yaxshi odam, yomon muhitda yomon odam shakllanadi. Biroq buni mutlaq haqiqat hisoblash ham qiyin. Yaxshi muhitda o‘sayotgan bola ota-ona nazoratidan chetda qolsa, yomon odam bo‘lib o‘sishi ham mumkin.

Milliy tarbiyada moddiy va ma’naviy asosning o‘rni katta. Sababi, moddiy ta’minlangan oilalardagi farzandlar ko‘p hollarda yaxshi ta’lim va tarbiya oladilar. Ammo hayotda buning aksi ham bo‘lib, moddiy ta’minlanganlik bolani ishyoqmas, tanbal qilib qo‘yishi ham mumkin. Buning aksicha, kam ta’minlangan oilalarning bolalari mehnatsevar, odobli va xushfe’l bo‘lishi ham mumkin.

Keyingi 60-70 yil davomida mamlakatimizda barcha xalqlardagi milliy tarbiya bir xil andoza — ovro‘pacha pedagogika asosida olib borildi. Bu tarbiya sohasida har bir millatda asrlar mobaynida shakllangan an’analardan ma’lum darajada voz kechishga, ularning unutib yuborishga olib keldi. Ovro‘pa pedagogika fanida tarbiyaga xos ko‘pgina umuminsoniy bilimlar mujassamlashganligini inkor etmagan. Yan Amos Komenskiy, Ushinskiy, Makarenkolarning ilmiy merosiga hech bir e’tirozimiz yo‘qligini ta’kidlaganimiz holda, har bir millatda ham bizdagi Beruniy, Forobiy, Imom Ismoil Buxoriy, At-Termiziy, Navoiy, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori singari ma’lum va mashhur muallimlari ham bo‘lganligini unutmasligimiz kerak. Yoshlarimiz uzoq muddat bu allomlarning boy merosidan bahramand bo‘lmadilar.

Yoki boshqa bir an’anamizni olaylik. Xalqimizning yaxshi odatlaridan biri «gap» yeyish bo‘lib, yoshlar yurish-turishni, muomalani ana shunday gap-gashtaklarda, o‘ziga xos mehmondorchilik (ulfatchilik)larda o‘rganishgan. Bu odatimiz qam unutilib ketayozdi yoki mohiyatini o‘zgartirib, ichkilikbozlik vositasiga aylanib ketdi.

Qadimdan milliy tarbiya maskanlaridan biri bo‘lgan, o‘tmishda xalqning o‘ziga xos klubi vazifasini o‘tagan choyxonalarga ham turg‘unlik yillari qattiq hujumlar bo‘lib, mahallalarda ularni yoppasiga yopib qo‘yish hollari yuz berdi. Garchi keyinchalik bu jarayon to‘xtagan bo‘lsa ham, lekin hali ko‘p choyxonalarimiz o‘zining asl milliy qiyofasiga ega bo‘lganicha yo‘q. Sababi, hozir choyxonalar ko‘proq moddiy foydani ko‘zlab tashkil etilayapti, uning ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati esa e’tiborga olinmayapti.

Restoran, qahvaxona, bar, turli salonlar, ayniqsa videosalonlardan milliy tarbiya uchun naf yo‘q. Aksincha bu maskanlar milliy tarbiyaga katta putur yetkazib, hozirgi holatida insonni buzuqlikka, mayparastlikka moyil qilib qo‘yadi.

O‘zbekistondagi barcha restoranlarda faqat ruscha va ajnabiy xalqlarning kuy va qo‘shiqlarini ijro qilish va aytish odatga aylangan. Ularda milliy kuy va qo‘shiqlar yangragan damlar juda oz bo‘ladi. Restoranlarning aksariyat xizmatchilari ham ovro‘paliklardir. Shunday bo‘lgach bu maskanlarda milliy tarbiya haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Oktyabr inqilobiga qadar o‘zbek xotin-qizlari asosan uy yumushlari va farzandlar tarbiyasi bilan band bo‘lishgan. Ehtimol, bir jihatdan shuning uchundir, yoshlarimiz orasida o‘g‘ri, kazzob kam bo‘lgan, ular mehnatkash, halol bilan haromning farqiga boradigan insonlar bo‘lib o‘sishgan. Inqilobdan keyin esa xotin-qizlarni ozod qilish bahonasida ularni «ijtimoiy foydali mehnatga» jalb etish harakatini boshlab yubordik. Xotinini ishlatmagan, jamoat ishlariga jalb etmagan kommunistlar, rahbar xodimlarni ishdan olish, firqadan o‘chirish hollari ham ro‘y berdi. Shunday qilib «ozod bo‘lgan» xotin-qizlarimiz yelkasiga ilgarigidan ikki baravar ko‘p vazifani yuklab qo‘ydik. Bu esa yoshlar tarbiyasining ancha oqsab qolishiga olib keldi. Boshqacha aytganda, biz farzandlar tarbiyasi ayol kishining eng muhim ijtimoiy burchi ekanligini unutib qo‘ydik.

Oila qurish va turmush kechirishdagi milliy an’analarning buzilishi natijasida yoshlarimiz orasida millatimizga xos bo‘lmagan salbiy odatlar (mayparastlik, giyohvandlik, buzuqlik, oilaga yengiltaklik bilan munosabatda bo‘lish) kabi hollar kuchaydi. Oilada ayol kishining ham iqtisodiy, ham huquqiy jihatdan erkak bilan tenglashuvi umuman ijobiy hodisa bo‘ldi deyish mumkin. Ammo to‘la tenglik sharoitida ayrim ayollar o‘z erlarini hurmat qilmay qo‘yganliklari ham hozir ko‘z o‘ngimizda yuz berib turgan hodisadir. Bu esa oilaviy turmushning beqarorligini, qo‘ydi-chiqdini va buning oqibati sifatida tirik yetimlarni ko‘paytirdi.

Yana bir ajoyib udumimiz — o‘zbekning salomi to‘g‘risida ikki og‘iz gapirish joyizdir. O‘ylab qaralsa, o‘zbekning «Assalomu alaykum» degan kalomida bir olam ma’no borligini ko‘rish mumkin. Albatta, salom berish va mehmondo‘stlik barcha millatlarda ham ozmi-ko‘pmi bor. Ammo tanishga ham, notanishga ham salom berish, tanishni ham, notanishni ham o‘rni kelganda uyga taklif etib, bir piyola choy, boshpana berish faqat bizning millatimizga xos bo‘lgan go‘zal odat edi, desak noto‘g‘ri gapirmagan bo‘lamiz. Afsuski, turg‘unlik yillarida bir qator byurokrat mansabdorlar xalqimizning bu go‘zal odatlarini o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida suiiste’mol qildilar. Natijada xalqimizga tuhmat, malomat toshlari otildi, izzat-nafsi yerga urildi. Turg‘unlik yillaridagi salomlarda ham, mehmondorchiliklarda ham mayda mulkchilik psixologiyasi — amaliga, mavqeiga, cho‘ntagidagi puliga qarab turlicha salom berish va turlicha mehmondo‘stlik ko‘rsatish hollari paydo bo‘ldi. Boshqacha aytganda, bu borada ham manfaatdorlik birinchi o‘ringa chiqib qoldi. Hozir bu hatto kelin-kuyov tanlashlarda ham o‘z aksini topayapti.

Tanish-notanishga salom berish, mehmondo‘stlik ko‘rsatish asli inson qadr-qimmatini yuqori qo‘yish natijasida kelib chiqqan odatdir. Endilikda shu go‘zal odatlarimiz ham darz ketganligini, ming tilloga arzigulik odam manfaatparastlik oqibatida bir tiyinga arzimas holga tushib qolayotganligini ko‘rib ensang qotadi.

Biror joyga bormoqchi bo‘lsangiz, tayyora va poezdga bilet topa olmay qiynalasiz. Ammo olibsotarga murojaat qilsangiz, bir yarim-ikki baravar qimmatiga topib beraveradi. Qanday bedodlikki, peshtoqiga «mehmonxona» deb yozib qo‘yilgan binolardan o‘zga shahardan kelgan mehmonga joy topilmasa. Mehmon uchun mehmonxonada joy bo‘lmaslik — mantiqsizlikdir. Agar bunday binolarda muntazam joy yo‘q bo‘laversa, peshtoqidagi yozuvni olib tashlash kerak. Xo‘sh, mehmonxonalarda nega bunday yaramas holat «surunkali» tus olib ketgan? Bizningcha buning bitta sababi mehmonxona xodimlariga ular odam qabul qilsalar ham, qilmasalar ham maosh to‘lanaverishidadir. Boshqacha aytganda, ular mehmonxonada o‘rinlar band bo‘lishidan manfaatdor emaslar. Natijada bor joyni ham yo‘q deb, mehmonlardan nimadir undirishga odatlanib qolganlar. Bu ta’magirlarni xursand qilishni bilgan odam istagan paytida joy topib keta oladi.

Qisqasi, stalinizm va uning uzluksiz davomi bo‘lgan turg‘unlik yillarida milliy urf-odatlar, an’analarga putur yetdi. Masalan, xalqimizga xos bo‘lgan xushmuomalalik, andishalilik, bolajonlik, kattani hurmatlash, kichikka muruvvat ko‘rsatish singari odatlarimizga, to‘y-ma’rakalarimizdagi aslida inson qadr-qimmatini yuqori tutish natijasida kelib chiqqan rasm-rusmlarimizga nazar-pisand qilmay qaraldi. Ularni diniy yoki o‘tmish sarqiti, hatto feodal tuzum belgilari deb e’lon qilindi. Bu odatlar o‘rnini ko‘plab sun’iy, turmushimizdan hamon keng o‘rin ololmagan yangicha «urf-odatlar» — armiyaga kuzatish, ishchilikka, jamoa xo‘jaligiga a’zo qilish, pasport topshirish, qizil to‘ylar, komsomol to‘ylari, ZAGSda (nikoh paytida) fata kiyish kabi ko‘r-ko‘rona taqlid oqibatida kelib chiqqan odatlar egalladi.

O‘zbeklarda bolalarni tarbiyalashda dasturxon atrofi eng qulay joy sanalgan. Bu yerda kattalar yoshlarga pand-nasihatlar qilib, nima yaxshiyu, nima yomonligini uqtirib borishgan. Bundan tashqari bizda milliy tarbiya asrlar mobaynida diniy tarbiyaga qo‘shib olib borilganligi ham sir emas. Ota-ona nasihatini bajarmaslik katta gunoh hisoblangan, shuning uchun bolalar nima qilib bo‘lsada uni bajarishga intilganlar. Yoshlar oqar suvni bulg‘amaslikni, daraxt o‘tqazishni, non-oshni to‘kmay, isrof qilmay yeyishni, jonivorlarga ozor bermaslikni ota-onalaridan o‘rganishgan.

Tarbiyada ota-onaga munosabat alohida o‘rin tutgan. Masalan, otaga tik boqma (u qiblagoh), oxirating kuyib ketadi; ona volida, uni rozi qilish kerak, deb uqtirib borilgan.

Hozir esa ota-ona va bolalar o‘rtasidagi «parda» ancha ko‘tarilib qoldi. Uni bundan 60-70 yil avvalgisiga qiyoslab bo‘lmaydi. Ota-onasini faqat undan moddiy va ma’naviy manfaat ko‘rayotganliklari uchun hurmat qiladigan yoshlar tobora ko‘payib borayapti. Ota-onaga yuzsizlik qilish, ularni xo‘rlab, qarovsiz qoldirish bugungi kunimizning oddiy hodisasiga aylanib qoldi.

Islom dinini tanqid qilamiz deb u bilan chirmashib ketgan umuminsoniy qadriyatlarni ham, din umuminsoniy madaniyatning tarkibiy qismi ekanligini ham rad qildik. Turmushimizning barcha sohalarida ruslarga va Ovro‘pa madaniyatiga ko‘r-ko‘rona taqlid boshlandi. Buning oqibatida mamlakatdagi aksariyat ittifoqdosh jumhuriyatlarda bo‘lganidek, bizda ham milliy o‘ziga xosligimiz jadallik bilan yo‘qola bordi. Ahvol shu darajaga bordiki, rus tilini bilmaganlarning eng kichik davlat idoralarida ham ishlashlari qiyin bo‘lib qoldi.

Turmushimizda milliy urf-odatlar, an’analarning «chekkaga» surib qo‘yilishida urushdan keyin mamlakatda keng miqyos olgan noo‘rin migratsiyaning ta’siri ham katta bo‘ldi. Bu davrda Markaziy Rossiyada yuzlab qishloqlar odamsiz huvillab qolgan bir sharoitda ruslarning boshqa jumhuriyatlardagi sanoat markazlariga ko‘chib borib joylashishi avj oldi. Masalan, hozir rus millatiga mansub bo‘lgan har 5 sovet fuqarosidan bittasi Rossiya federatsiyasidan tashqarida yashaydi. 1979 yilda ittifoqdosh jumhuriyatlar aholisi tarkibida yashovchi rus qardoshlarimiz qo‘yidagicha foizda bo‘lgan: RSFSRda — 82,6, Ukrainada — 21,1, Belorussiyada — 11,9, O‘zbekistonda — 10,8, Qozog‘istonda — 40,8, Gruziyada — 7,4, Ozarboyjonda — 27,9, Litvada — 8,9, Moldoviyada — 14,2, Latviyada — 32,8, Qirg‘izistonda — 25,9, Tojikistonda —10,4, Armanistonda — 2,3, Turkmanistonda — 12,6, Estoniyada — 27,9. Jumhuriyatlarning beshtasida (Ukraina, Estoniya, Latviya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda) aholi tarkibidagi ruslarning miqdori 21,1—40 foizgachadir...

O‘zbekiston aholisining soni 1926-1979 yillarda 3,5 milliondan 10,6 million kishiga, ya’ni taxminan 3 baravar ko‘paydi. Rus qardoshlarimiz esa O‘zbekistonda 1926 yilda 0,2 million bo‘lsa, 1979 yilda 1,7 millionni tashkil etib, 8,5 marta ko‘paydi.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, Estoniya jumhuriyatlarining shahar aholisiga nisbatan taqqoslaganda ruslarning joylashishi quyidagichadir: «...Ruslar 1970 yilda Qozog‘istonda shahar aholisining 54,4 foizini, Qirg‘izistonda — 51,4 foizini, O‘zbekistonda — 30,4 foizini, Tojikistonda — 30 foizini, Turkmanistonda — 29 foizini, Estoniyada — 33,9 foizini tashkil etdi. Mazkur jumhuriyatlarda sanoat korxonalari qurildiyu, lekin milliy ishchi kadrlar tarbiyalashga durust ahamiyat berilmadi»[1].

Biz mamlakatimiz xalqlarining og‘a-ini bo‘lib yashashiga, baynalminallikka qarshi emasmiz. Bag‘ri keng rus birodarlarimizni chuqur hurmat qilamiz. Biroq boshqa narsani ham ta’kidlash kerak. Yetmish yil baynalminallik haqida gapirdik. Aslida bu sohada amaliy ishdan quruq gap ko‘proq bo‘ldi. Baynalminallikka barcha millatlarning moddiy va ma’naviy manfaatlari qo‘shilib ketishi sifatida qaralmay, balki millatlarning bir-biriga qo‘shilib, qorishib, bir xillashib, kelajakda millat sifatida yo‘qolib ketishi sifatida qaraldi. Mana bu siyosatning natijasi: «1926 yildagi rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, bizda 194 millat bor deb hisoblangan. 1979 yilga kelib esa 101 millat qoldi. Qolgan 93 millat qayoqqa yo‘qoldi? Ular boshqa millatlar bilan mexanik tarzda qo‘shilib ketishdi»[2].

Xulosa shuki, bugungi kunda milliy munosabatlarda bo‘layotgan noxush holatlarda qayta qurish tashabbuskorlarining mutlaqo aybi yo‘q. Bu ayrim kishilar o‘ylaganidek markscha-lenincha nazariyaning ham kamchiligi bo‘lmay, aksincha bu nazariyani qo‘pol ravishda buzish, materialistik dialektikaning qonun va kategoriyalarini mensimaslik va fikrimizcha, siyosatni falsafa va iqtisodiyotdan ustun qo‘yish, sub’ektiv fikrlash oqibatidir.

Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik degan tezis ham o‘sha qatog‘on yillarining mahsulidir. Materialistik dialektikaning mazmun va shakl kategoriyasiga tayangan holda shuni aytish mumkinki, shakl ham, mazmun ham aynan bir narsada bo‘ladi. Madomiki shunday ekan, milliy madaniyat shaklan milliy (ya’ni o‘z madaniyatida) bo‘lib, uning mazmuni boshqa baynalminal millatlar madaniyatida (sotsialistik) bo‘lishi mumkin emas. Ya’ni o‘zbek milliy madaniyatining shakli o‘zbeklarda, O‘zbekistonda bo‘lib, mazmuni Ryazandagi ruslarda, Kievdagi ukrainlarda, beloruslarda yoki estonlarda bo‘lishini qanday tushunish kerak?

Mazmun va shakl makonda ham, zamonda ham bir-biridan ajralmasligi tufayli har bir milliy madaniyat shaklan va mazmunan faqat shu millatgagina xosdir. U shaklan ham, mazmunan ham milliydir. Chunki bir millatdagi shakl va mazmun boshqa bir millatda takrorlanmaydi. Biroq barcha millatlar madaniyatida ham umuminsoniy tomonlar borligi tufayli u mazmunan emas, balki o‘zgarib turuvchi mohiyat jihatidan sotsialistik bo‘lishi mumkin.

Inqilobdan keyin rus xalqi mamlakatimizdagi barcha xalqlarga ustozlik qildi. Lekin shogird millatlarning ham madaniyat darajasi bir xil bo‘lmay, ba’zilari ancha rivojlangan, ba’zilari qoloqroq edi. SSSRdagi o‘tmishda kapitalizmni chetlab o‘tgan ko‘pgina millatlar (jumladan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari) 70 yildan ortiqroq muddat davomida ham shogirdlikdan chiqib, ustoz bo‘la olmadilar. Boshqacha aytganda, millatlarning bir-biridan o‘rganishi, biri birini boyitishi bir tomonlama bo‘lib keldi.

Bu singari nuqsonlar ayniqsa milliy tarbiya sohasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, O‘rta Osiyo xalqlarida begona ayol u yoqda tursin, hatto o‘z qonuniy xotinini ham ko‘pchilik oldida o‘pish axloqsizlik, andishasizlik sanaladi. Lekin keyingi yillarda mana shu nobop odat komsomol to‘ylari orqali bizning xalqimiz orasiga ham «o‘rmalab» kirib kela boshladi.

Yoki Ovro‘paga ko‘r-ko‘rona taqlidchilik orqali 1989 yilda O‘zbekistonda ham o‘tkazilgan «Go‘zallik konkursi»ni olib ko‘raylik. Bu konkursdagi eng asosiy nuqson shundaki, unda milliy madaniyat va tarbiyaga xos «mezon» — o‘lchov tushib qolgan va qo‘pol ravishda buzilgan. Materialistik dialektika ta’lim berib o‘rgatadiki, narsa va hodisalarga, odamlarga baho berishda ularning tashqi ko‘rinishiga, shakliga yoki yuzada ko‘rinib turgan hodisaga qarab emas, balki ichki mazmunga, mohiyatga qarab baho berish zarurdir. Hodisa tashqarida yashaydi, ko‘rinib turadi, mohiyat esa yashiringan bo‘ladi. Hodisaga, shaklga ishonib ish ko‘rish nazariyada qo‘pol chalkashliklarga olib keladi.

Tashqi go‘zallik bu — shakldir, hodisadir. Ichki go‘zallik esa mazmundir, mohiyatdir. Tabiat va jamiyatda, inson tafakkurida va butun jabhada mazmun shaklni, mohiyat esa hodisani belgilashligini unutmaslik kerak. Mazmun va mohiyat shakl va hodisani belgilaydi. Albatta, shaklni mazmundan ajratib, uni ahamiyatsiz narsa deyish mumkin emas. Biroq mazmun birlamchi va belgilovchi, shakl esa hamma vaqt ikkilamchidir.

Sharq xalqlari tushunchasi bo‘yicha husnini bozorga solish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish odobsizlik sanaladi, oq bilak tannozlar, oyna oldida soatlab o‘tirib pardoz-andoz qiluvchi, o‘ziga oro beruvchi ayollarni xalq hurmat qilmagan. Sharq xalqlarining tushunchasi bo‘yicha haqiqiy go‘zallik mehnatda, shirinsuxanlikda, ichki, keng ma’naviy boylikda, odobli va axloqli bo‘lishdadir.

Albatta, milliy madaniyatni va tarbiyani mutlaqo o‘zgarmay turadigan narsa deb tushunish yaramaydi. Makon va zamondagi barcha o‘zgarishlar tarbiyaga, umuman madaniyatga ham taalluqlidir. Ammo bunda milliy o‘lchovni unutmaslik kerak...

Shunday qilib millatlararo munosabatlardagi hozirgi muammolar haqiqiy ijtimoiy jarayonlarga to‘g‘ri baho bermaslik bilan bog‘liq. KPSS Markaziy Komitetining sentyabr (1989 y.) Plenumida milliy masalaga bag‘ishlab qabul qilingan harakat dasturida bu haqda shunday deyilgan: «Milliy o‘ziga xoslikka beparvolik, ko‘pgina ijtimoiy muammolarning hal etilmaganligi milliy ongda og‘ir aks etdi, ranj-alam tuyg‘ularini keltirib chiqardi, bundan ko‘pincha vaziyatni keskinlashtirish uchun foydalanildi, milliy ekstremizm uchun hayotbaxsh muhit vujudga keldi. Bularning hammasi mamlakatning bir qancha mintaqalarida milliy muammolarni keskinlashtirib yubordi, bu sohada to‘planib qolgan ziddiyatlar boshlangan qayta qurish jarayonini chigallashtirdi».

Milliy jumhuriyatlar tashkil etish bahonasida O‘rta Osiyo xalqlarini bo‘laklarga ajratib yuborib, aslida ilgarigi yagona O‘rta Osiyoning bir butunligiga raxna solindi. Bu esa bugungi kunda kelib O‘sh, Farg‘ona voqealari singari noxush hodisalarning paydo bo‘lish sabablaridan biridir.

Qayta qurish barcha millatlar madaniyatidagi oyoq-osti qilingan qadriyatlar, urf-odatlar, an’analarni qayta tiklashga yo‘l ochdi. Endilikda bu imkoniyatlardan qay darajada samarali foydalanish har bir millatning uquvi va idrokiga, hissiyotlarga ortiqcha berilmay, amaliy tadbirlar belgilay bilishiga bog‘liq.

Har bir xalqning rivojlanishida fanning roli alohida ahamiyatga egadir. Fanning kelajagi esa yosh avlodning qanday tarbiyalanishiga va qanday o‘qitilishiga bog‘liq. Bunda birinchi navbatda maktab ishida ilgari yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga asosiy e’tiborni qaratish kerak.

Eski yozuvda bitilgan tariximizni, yozma merosimizni qiynalmay o‘qiydigan yoshlarimiz qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi.

Albatta, keyingi 70 yil mobaynida tarbiya sohasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish qiyin. Ammo bu xato va kamchiliklarni tuzatish uchun hozirdan g‘ayrat bilan kirishish muhimdir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 12-son

_______________

[1] Djunusov M. S. Vvedenie v marksistsko-leninskuyu teoriyu natsii. Ashxobod. «Ilыm» nashriyoti. 163-164, 275-betlar. 1988 yil.

[2] «Sovetskaya kultura» 4-bet. 1989 yil 2 sentyabr.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.