background
logotype

Anatoliy Yershov. Xiva — qo‘riqxona shahar (1988)

http://ziyouz.uz/images/xiva.jpg

Mo‘jazgina Xiva shahrini ko‘pchilik yaxshi biladi. Bu orasta shaharcha ming-minglab sayohat ishqibozlarini o‘z bag‘riga ohanraboday tortib turadi. Kishilar uni ko‘rish uchun Amerika va Avstraliyadan, Yevropa va Osiyodan, jahonning eng uzoq burchaklaridan kelishadi. Sharq mo‘‘jizasini o‘z ko‘zlari bilan bir bor tomosha qilish uchun qadam ranjida qilishadi.

Men ham bu shaharni bir bor ko‘rish orzusida edim. Yaxshi niyat — yorti mol, deganlari rost ekan. 60-yillarda bu orzuim ushaldi. Keyinchalik Xivada yana bir necha bor bo‘ldim. Lekin ilk taassurotlarim xotiramda bir umrga muhrlanib qoldi. Yigirmanchi asr edi, qo‘shni Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘iridan jasur yigitlar fazoga yo‘l olishayotgandi. Men esa o‘zimni bir mo‘‘jiza bilan o‘n sakkizinchi asrga kelib qolgandek his qildim.

Xivaga turli yo‘llar bilan borish mumkin. Ammo hamma yo‘llar sahrodan o‘tadi — chunki Xorazm vohasi sahro o‘rtasida joylashgan. O‘tmishda bu yo‘llardan faqat tuya karvonlarigina o‘ta olgan. Bizning kunlarimizda esa poezd, avtobus yoki, eng yaxshisi, samolyotda borish mumkin. Samolyot illyuminatoridan pastga qarasangiz, cheki-chegarasi yo‘q qum barxanlarini ko‘rib ko‘zingiz toladi... Nihoyat, yerda nimrang hoshiya — yoblar va yo‘llar bilan chegaralangan ekinzorlar ko‘zga tashlanadi. Yozda ular ko‘m-ko‘k, kuzda za’faron, qish tushar-tushmas — to‘q jigarrang tusda bo‘ladi. Samolyot qayrilib, pastlay boshlaydi. Zum o‘tmay o‘zingizni zamonaviy shahar — Urganchda ko‘rasiz. Avtomobilda o‘ttiz chaqirimcha yursangiz, Xiva shahriga kirib borasiz. Mana shu yerda siz vaqt jihatidan katta tafovutga duch kelasiz: ko‘z oldingizda o‘rta asrda bunyod etilgan, egri-bugri ko‘chalardan iborat bo‘lgan ko‘hna shahar namoyon bo‘ladi.

Shaharning jin ko‘chalaridan yursangiz, o‘zingizni go‘yo daryo tubida yoki kanal ichida ketayotgandek his qilasiz. Qadam tovushi g‘ishtin devorlarga urilib, kuchli aks-sado beradi.

Shahar avvaliga go‘yo kimsasiz, aholisi ko‘chib ketgandek tuyuladi. Faqat ahyon-ahyonda qaerdandir bir gala bolalar paydo bo‘lishadi-da, yana tez g‘oyib bo‘lishadi. Ba’zan yolg‘iz yo‘lovchilar uchrab qolishadi. Ularning kiyinishiga qarab shu yerlikmi yoki begonaligini bilsa bo‘ladi.

Xorazm aholisi azaldan boshga cho‘girma — qora qo‘y terisidan tikilgan yumaloq qalpoq kiyishadi. Bunday bosh kiyimdagi kishiga janubning jazirama quyoshi pisand emas. Ikki sahro oralig‘ida joylashgan vohada quyosh shafqatsiz o‘t purkaydi.

Iqlim hatto odamlar rangiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Xivaning tor ko‘chalaridan shoshib borayotgan dehqonlarning yuzi qoramag‘iz...

Ahyon-ahyonda eshak mingan mo‘ysafidlar ham uchrab qoladi. Ular yo nevara-chevaralaridan xabar olgani yoki keksalarga xos yumushlar bilan borayotgan bo‘ladilar.

Ba’zan boshiga ro‘mol o‘ragan ayollarni ham ko‘rasiz.

Nihoyat, sirli nimqorong‘u tor ko‘cha muyulishida ko‘z oldingizda to‘satdan naqshinkor peshtoqli va mahobatli gumbazli ulug‘vor obidalar namoyon bo‘ladi. Ularning ortida esa zangori osmonda rang-barang tusda tovlanayotgan, asli moviy bo‘lgan Islomxo‘ja minorasi xuddi suzib ketayotganga o‘xshaydi...

Uning ustidan — 50 metr yuqoridan atrofga nazar tashlasangiz, qadimgi Osiyo me’morchiligining mislsiz yodgorligi xuddi kaftdagidek ko‘rinib turadi. Ko‘z o‘ngingizdagi go‘zal manzaraga mahliyo bo‘lib qolasiz. Har bir tuproq, tosh, gumbaz, minora alohida-alohida inshoot bo‘lishiga qaramay, ular ichki bir yaxlitlik va mutanosiblik bilan ajib bir manzarani vujudga keltirgan. Hamma narsa quyosh yog‘dusiga chulg‘angan. Afsuski, hech qanday fotoapparat bunday rang-barang bo‘yoqlar va nurlar zamzamasini qanday bo‘lsa, shundayligicha aks ettira      olmaydi.

Islomxo‘ja minorasiga shaharning ichki qismi — Ichanqal’a inshootlari tutashib ketgan. Bir vaqtlar uning devorlari ichida kulollar, to‘quvchilar, chilangarlarning savdo-hunarmandchilik rastalari joylashgan bo‘lardi... Huv narida shaharning tashqi qismi — Dishanqal’a joylashgan, uning atrofi o‘tgan asrda devor bilan o‘ralgan. Dishanqal’a ortida zamonaviy qurilishlar ko‘zga chalinadi. Undan narida bog‘-rog‘lar va paxtazorlar sahroga tutashib ketgan.

Dishanqal’ada faqat ayrim me’morchilik yodgorliklari, hovuzlar va ko‘hna bog‘lar saqlanib qolgan. Qadimiy me’morchilik durdonalarining asosiy qismi Ichanqal’ada jamlangan.

Ichanqal’aning shimoliy qismida Xiva xonlarining o‘rdasi — Ko‘hna ark joylashgan. O‘rda hovlisidagi inshootlar XVII asrdan boshlab qurilgan. O‘rdada xon saroyi, uning devoni va salomxonasi, haram, yozgi va qishki machitlar, zarbxona, o‘q-dori omborxonasi, turli ustaxonalar, otxona va qorovulxonalar bo‘lgan... Ammo shafqatsiz zamon dastidan ayrim binolargina omon qolgan.

Tabiatdagi hamma narsa muntazam harakatdadir. Vaqt faqat Xiva uchun uch asr davomida to‘xtab qoldi, bu davrda shahar mahalliy xonlarning qarorgohiga aylandi.

1967 yilda O‘zbekiston hukumatining qaroriga binoan Xivaning markazi — Ichanqal’a qo‘riqxona deb e’lon qilindi. Shu tariqa shahar tarixida yangi sahifa ochildi.

Men bugun yana ko‘hna Xivaning tor ko‘chalaridan yurib borayapman. Mashhur geograf V. I. Massalskiy asr boshida shunday yozgan: «Hech qanday obodonchilik ishlari olib borilmayotganligi, loy ko‘chalari, shahar o‘rtasidagi inshootlar va qabrlar yarim vayronaga aylanganligi oqibatida ko‘hna Xiva, mening nazarimda, O‘rta Osiyodagi eng ko‘rimsiz shaharga aylangan». Mana bugun esa ilgari shunday bo‘lganiga ishonmaysan. Xiva o‘zining hozirgi pokizaligi va sarishtaligi bilan kishini lol qoldiradi.

Keyingi davrda Xivadagi o‘nlab me’morchilik obidalari qayta tiklandi va ta’mirlandi. Avval kelganimda ularning ayrimlari omborxona vazifasini bajarardi. Hozir asbob-anjomlardan xoli. Tarixiy markazdagi ko‘chalar qiyofasini simyog‘ochlar buzib turardi. Endilikda ular ham yo‘q. Bu ko‘chalar hozir xuddi o‘tmishdagidek fonuslar (tok bilan yonadigan) bilan yoritiladi.

Polvondarvoza gumbazli dolonining yarim yoysimon rastalarida hunarmandlar ishlashmoqda. Kandakorning mohir qo‘llari obtobalarga naqsh o‘ymoqda. Sal nariroqdagi sovg‘alar do‘konidan shu ustalar yaratgan buyumlarni xarid qilish mumkin.

Qadimiy shahar ko‘chasidan biroz yursangiz, yana bir ustaxonada kulol o‘z charxi bilan loyga «jon kiritayotganini» — asta-sekin nafis kosa paydo bo‘lishini ko‘rasiz...

Xiva ko‘chalarida bundan yuz, ikki yuz, uch yuz yil avval ham kulol charxi xuddi hozirgidek g‘ir-g‘ir aylanar, kandakorlarning mohir qo‘llari misga naqsh o‘yardi... Xivadagi tarixiy manzara har bir ziyoratchiga ta’sir qiladi. Shunda beixtiyor ko‘z oldingizdan «Ming bir kecha» ertaklaridagi epizodlar, bozorga shoshayotgan olomon orasida eshak minib borayotgan Xo‘ja Nasriddin qiyofasi miltillab o‘tgandek bo‘ladi...

Me’mor va ta’mirchilarning muddaosi ham ko‘hna tarix muhitini yaratish edi.

Shahar xuddi jonli organizmdek o‘sib-o‘zgarib bormoqda. Lekin zamonaviy qurilishlar miqyosi ko‘hna Xivaga zarar yetkazmasligi, uning o‘ziga xos qiyofasiga rahna solmasligi kerak. Menimcha, bu yerda ish olib borgan S. Sutyagin boshchiligidagi toshkentlik me’morlar bunga muvaffaq bo‘lishgan. Ular zamonaviy qurilishlar strukturasini muvaffaqiyatli ishlab chiqqanlar. Me’morlar mehmonxona, univermag, madaniy-maishiy binolarning loyihasini yaratishayotganda tarixiy me’morchilikka xos ayrim elementlardan oqilona foydalanganlar. Natijada yangi binolar ko‘hna shaharning qiyofasiga uyg‘unlashib ketgan.

Yangi mikrorayonga asosan ikki qavatli kottejlar qurildi. Bu shaharning o‘ziga xos xususiyatlari, ko‘lamiga (Ichanqal’adagi eski turar-joylarning aksariyati bir qavatli uylardir) zid emas. Qurilishning bunday uslubi yangilik bilan eskilik orasiga rahna solmaydi, aksincha, u o‘tmish va hozirgi zamon uylarining bir-biriga mutanosib bo‘lishiga, bir-birini to‘ldirib turishiga imkon beradi.

Har ikki qavatda ham istiqomat xonalari bo‘lgan kottejlarning ichkari hovlisi bor. Bu — mahalliy aholining azaldan tarkib topgan urf-odatiga mos. Shuning uchun odamlar bunday uylarga bajonidil ko‘chib o‘tmoqdalar.

1985 yil Sofiyadagi amalda joriy etilgan arxitektura loyihalari xalqaro konkursida toshkentlik me’morlarning Xiva shahrida qurilgan uylari loyihasi bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Xiva kelajakda g‘arbiy va sharqiy yo‘nalishlarda, ko‘hna shaharga xalaqit bermaydigan tarzda kengaya boshlaydi. Xullas, kelajakda ham shaharning o‘ziga xos qiyofasini asrash va uni turizmning eng nufuzli markaziga aylantirish uchun barcha ishlar amalga oshiriladi.

Biroq qo‘riqxonaga aylantirilgan shaharlar faqat turizm bilangina yashamaydi. Bunday shaharlarning iqtisodiy taraqqiyoti yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilay olish ham nihoyatda muhimdir. Ular faqat ta’mirchilik ustaxonalari va mahalliy sanoat korxonalari bilangina cheklanib qololmaydi. Masalan, xivaliklarning ma’lum qismi paxta tozalash va tikuvchilik fabrikasida mehnat qilib ro‘zg‘or tebratadi. Shahar atrofida O‘rta Osiyo — Markaz magistral gaz quvuriga xizmat qiluvchi kompressor stantsiyasi qad ko‘tardi. Bundan tashqari yana bir nechta kichik korxonalar, xususan, qo‘lda gilam to‘qish fabrikasi bor. Biroq bular kam edi. Bugungi kunda yirik, zamonaviy, lekin qo‘riqxona-shahar qiyofasiga putur yetkazmaydigan korxona zarur bo‘ldi. Agar bunday korxonadagi ishchi kasblari mahalliy aholining azaliy an’analariga mos tushsa ayni muddao bo‘lardi.

Xiva uchun shunday korxona topishdi — gilam kombinati qurishdi, O‘ylaymizki, bu to‘g‘ri ish bo‘ldi.

Zamonaviy shaharsozlik qoidalariga muvofiq kombinat Xivaning qadimiy markazidan ancha olisda qurildi. Korxonaning birinchi navbati o‘n yil oldin ishga tushirildi. Hozir bu yerda yiliga 2,4 million kvadrat metr mahsulot tayyorlanmoqda. Xiva gilamlarining rang-barang gullari, nafis bezaklari ko‘hna shahardagi koshinkor obidalar jilosi bilan bahslashadi, qadimgi ustalarning bugungi avlodlari go‘zallik yaratish an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirayotganliklaridan guvohlik beradi.

Bu kombinat O‘zbekistondagi mashinalar bilan gilam ishlab chiqaradigan yakkayu yagona korxonadir. Xivaliklar, shubhasiz, o‘z kombinatlari bilan faxrlanadilar, uni maroq bilan mehmonlarga ko‘rsatadilar. Biz, bir guruh toshkentlik yozuvchilar ham yaqinda shu kombinatda bo‘lganimizda, xivaliklarning faxr-iftixorlariga sherik bo‘ldik, yutuqlaridan quvondik.

Kombinatdagi eng yirik va yorug‘ tsexlar, rangli koshinlar bilan bezatilgan hovuzlar, atrofga muzday suv sochayotgan favvoralarni ko‘rib odamning bahri-dili ochiladi. Aytgancha, favvoralar sof texnologik maqsadga ham xizmat qilar ekan. Yigiruv tsexidagi havoni namlab, tola uzilishini kamaytirarkan. Bu yerda ishchilar sog‘lig‘ini saqlash uchun ko‘p ish qilingan. Masalan, asabni tinchlantiruvchi xonalar tashkil etilgan.

Bizga gilam to‘qishdagi barcha jarayonlarni ko‘rsatishdi. Ko‘z oldimizda kulrang-kir jun toylari ingichka rang-barang iplarga aylanayapti. Maxsus mashinalar esa o‘sha iplardan ulkan gilam yuzasida ajoyib va anvoyi bezaklarni zujudga keltirardi.

Kombinatga jun Turkmaniston va Ozarboyjondan, nitron — Navoiy shahridan, kapron va bo‘yoqlar esa Rossiyadan keltiriladi.

Xom ashyo murakkab qayta ishlash jarayonidan o‘tadi. Bundan maqsad junning bebaho tabiiy sifatlarini saqlab qolgan eshilgan ip olishdir. Hamma ishni mashinalar bajaradi. Ular junni tozalaydi, tolani taraydi va eshib, muayyan ranglarga bo‘yaydi. Ishlov berish davomida tola «toliqadi». Shuning uchun ularga alohida kameralarda ma’lum vaqt «dam» beriladi.

Nihoyat eshilgan iplar gilam to‘quv tsexiga keltiriladi. Bu yerda chinakam mo‘‘jiza ro‘y beradi — iplar gilam yuzasidagi gullarga aylanadi. Tomoshabinlarni eng qiziqtiradigani ham rang-barang bezaklar va turfa xil ranglarning qanday vujudga kelishidir. Ma’lum bo‘lishicha, bu ish maxsus tuzilgan va mashinaga solingan programmaga binoan avtomatik tarzda bajarilar ekan. Programmalar esa rassomlar ishlagan eskizlar asosida yaratiladi.

O‘rta Osiyoda gilamdo‘zlik qadimiy an’anaga ega. Bu hunar ayniqsa, turkman qabilalari orasida, Buxoro va Xiva xonliklarida keng tarqalgan.

O‘tmishda gilam turli uzunlik va yo‘g‘onlikdagi dastaklardan iborat oddiy dastgohda to‘qilgan. Ayollar bu san’atga bolaliklaridan o‘rganishgan, qizlar esa 7—9 yoshdan ip yigira boshlashgan. 11—14 yoshdan kattalar bilan gilam to‘qishgan. 30—35 yoshlarida bu hunarni mukammal egallab olishgan. Hozir, mashinada to‘qilayotgan sharoitda kasb mahoratini 10 yil oldinroq egallash mumkin. Biroq boshqa muammo paydo bo‘lib qoldi. Ishchilar bu hunarni endigina yaxshi egallab, qulfidillari ochilib mehnat qilayotganlarida turmushga chiqadilarda, bola-chaqa, ro‘zg‘or tashvishiga o‘ralashib qolib, kombinatga qaytib kelmaydilar.

Qadimda ayollar bir kvadrat metr gilam to‘qish uchun kamida bir oy vaqt sarflashgan. Shuning uchun ular katta gilam to‘qish uchun qarindosh-urug‘larini yig‘ib, guruh-guruh bo‘lib ishlashgan. Bugungi kunda esa kombinatdagi har bir ayol bir smenada 40—45 kvadrat metr gilam to‘qiydi. Bu gilamlar tashqi ko‘rinishidan qo‘lda to‘qilgan gilamlardan qolishmaydi. To‘g‘ri, hozirgi zamonaviy mashinalarda ishlanayotgan gilamdo‘zlar bajaradigan vazifa o‘tmishdagiga qaraganda ancha torroq. Masalan, to‘quvchilar texnologik jarayonlarning aniq bajarilishini kuzatib, uzilgan iplarni zudlik bilan ulab tursalar bas. Qadimda esa gilamdo‘z barcha tayyorgarlik ishlarini: ip yigirish, dastgohni ishga tushirish, eng asosiysi, mavjud an’analarga binoan, gilam bezaklarini yaratish ishlarini o‘zi bajarardi.

Hozir gilam bezaklarini rassomlar tayyorlashadi. Kombinat rassomlari asosan rassomchilik bilim yurtlarini yaqinda tugatgan yoshlardan iborat. Mashinalar programmasiga kiritiladigan bezaklarni tayyorlash uchun faqat ilhom va sof kasb ko‘nikmalarining o‘zigina kamlik qiladi. Rassom gilamdo‘zlik tarixi va uning hozirgi davrdagi ahvoli bo‘yicha maxsus bilimga ham ega bo‘lishi lozim.

Gilamning bezaklari tayyor bo‘ldi deylik. Lekin uni birdan ishlab chiqarishga joriy etib bo‘lmaydi. Buning uchun bezakning xomaki nusxalarini mutaxassislardan iborat maxsus badiiy sovet ko‘rikdan o‘tkazishi shart. Bu Ittifoqning u yoki bu shahrida vaqti-vaqti bilan yangi bezakli gilam nusxalarini ommaviy ishlab chiqarish uchun yo‘llanma beradi.

Bir qarashda hamma ish joyidaga o‘xshaydi. Yuzaga keltirilgan sistema xaridorlar manfaatini qat’iy himoya qiladi. Biroq men «Xiva bezaklari tushirilgan gilamni ko‘rsating», deb iltimos qilinganda kombinat xodimlari yelka qisishganini ko‘rib shubhalanib qoldi. Bunday gilamlarga magazinlarda ham qiziqish katta. Lekin afsuski, sotuvchilar xaridorlarga nima deyishlarini bilolmay qoladilar.

Yaqinda Toshkentda Gilamlar va so‘zanalar muzeyi ochildi. U O‘zbekiston SSR Davlat san’at muzeyining filiali sanaladi. Men shuni eslab: «Ko‘rgazma ekspozitsiyalari orasida albatta shunday gilamni ko‘rarman», deb umidvor bo‘ldim. Xivadan qaytgach ana shu muzeyga kirdim.

— Siz Xiva bezaklari tushirilgan gilamni ko‘rmoqchimisiz? — deb so‘raydi xijolatomuz muzey xodimasi Larisa Tamoeva.— Afsuski, orzuingizni ushata olmaymiz. Bizda mashinada chiqarilgan, hozir Toshkent Markaziy univermagida qalashib yotgan Xiva gilamlariga bir zal ajratilgan edi. Biroq ularning bezagi Xivaniki emas. Shuning uchun uni ko‘rgazmadan olib qo‘ydik. Qo‘lda to‘qilgan ikkita kichikroq gilam bor. Bittasini rassom-to‘quvchi Klavdiya Zarshchikova bezagan. Gilamning bezagi ancha oddiy. Ikkinchisi «Paxta» deb ataladi — turkman gilamining eng yaxshi namunasi.

— Asl Xiva bezagi tushirilgan gilamni qaerda ko‘rishim mumkin?

— O‘rta Osiyo gilamdo‘zligiga oid kitoblarda, oblast muzeylarining omborlarida (odatda barcha gilamlarni namoyish qilish uchun joy yetishmaydi) hamda xivaliklar xonadonida ko‘rishingiz mumkin.

— Nima uchun sizlar oblast muzeylaridan olmaysiz? Ular baribir gilamlarni namoyish qilishmasa...

— Albatta, taklifingiz juda yaxshiku-ya, biroq muzeylar boshqa muassasalardagi ko‘rgazmalar uchun gilamlarini omonatga berishlari qiyin.

Jahon qobusnomasida «Xiva bezagi», «Xiva naqshlari» degan tushuncha bor. Ularni ustalar asrlar mobaynida yaratgan. Biroq O‘zbekiston gilamlar muzeyida asl Xiva gilamining yo‘qligi achinarli hol, albatta, Bu muzey eksponatlari qashshoqligini bildirmaydi. Muzeyda respublikadagi barcha rayonlarning amaliy san’ati yaxshi namoyish etilgan. Shuning uchun ham bu yerga jahonning o‘nlab mamlakatlaridan tomoshabinlar kelayotgani bejiz emas. Bu hozirgi paytda xalq ustalari san’atiga qiziqish zo‘rligini isbotlovchi yana bir dalildir. Shuning uchun o‘zbek gilamlari Nyu-York, Istambul va jahonning boshqa shaharlaridagi muzeylarda namoyish etilayotganiga taajjublanmasa bo‘ladi.

Toshkentda esa Xiva bezagi bilan to‘qilgan asl gilamning biror bir ko‘rgazmada yo‘qligi kechirilmas hodisadir. Zamonaviy gilamdo‘zlik ham Xiva bezaklariga e’tibor bermayapti.

Yosh san’atshunoslar noyob Xiva bezaklari bilan to‘qiladigan gilamlarni yaratishda gilamdo‘zlarga yordam berishga hamisha tayyor. «Biroq ular bizga murojaat qilganlari yo‘q,— deyishadi muzey xodimlari. — Buning ustiga, kim ham bizni Xivaga komandirovkaga yuborardi, keyin kombinat bizning idora qaramog‘ida emas-ku».

Shunday qilib, idoralararo g‘ov borligi oqibatida butun boshli xalq hunarmandchiligi maktabining ajoyib an’analari hayotimizdan asta-sekin yo‘qolib ketmoqda...

Hozir odamlar hayvonlar, qushlar va o‘simliklarning noyob turlarini ko‘z qorachig‘idek asrash kerakligini tushunib qoldilar. Hayvonot va nabotot olami qat’iy nazorat ostiga olingan, bu borada beboshlik qiladiganlarga qarshi jiddiy kurash olib borilmoqda. Shunday ekan, eski hunarmandchilik san’atining sir-asrorlariga loqayd qarash qaysi beboshlikdan kam? U jamiyatimizga juda katta ma’naviy zarar yetkazmoqda. Balki kamyob, yo‘qolib borayotgan xalq hunarmandchiliklarini ham «Qizil kitob»ga kiritish kerakdir?

Xalqning ko‘p asrlik tajribasini avlodlar uchun asrash, kelajak manfaatiga xizmat qildirishdan ham olijanobroq ish bormi? Xiva gilam kombinati ham bunday ishdan chetda turmasligi kerak. Axir bu kombinat korxona manfaatlarini ham ifodalaydi-ku. Zero, ular to‘qiyotgan gilamlarga hozirgi kunda talab susayib ketmoqda. Chunki, ishlab chiqarayotgan mollari, tanqis bo‘lmay qoldi. (Xolisanillo aytganda, bu boshqa gilamdo‘zlik korxonalari uchun ham xosdir). Yangi sharoitda xaridor talablarini o‘z vaqtida payqab, mollar assortimentini doimo yangilash, mahsulot sifatini oshirish, shuningdek, mening nazarimda, xalq ijodiyoti merosidan samarali foydalanish kerak. Xivaliklar bu masalani zudlik bilan o‘ylab ko‘rishlari lozimligini savdo tashkilotlari, jumladan, yuqorida eslab o‘tilgan Toshkent Markaziy univermagidagi ahvol taqozo etmoqda. Markaziy univermag xodimlari menga Xivada ishlab chiqarilgan gilamlarning zapasini ko‘rsatishdi. Xaridorlarning talablari e’tiborga olinsa, bugungi kunda magazinlarda to‘planib qolgan gilamlarni sotib tugatish uchun bir necha yil kerak bo‘ladi. Holbuki, ularning turi, nusxasi boyisa, bejirimligi ortsa ahvol birmuncha o‘zgarishi mumkin.

Xiva bezaklari bilan gilamlar ishlab chiqarishning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bor. Masalan, mashinalar bilan besh xil rangdagi gilamlar tayyorlash mumkin. O‘zbek xalq gilamdo‘zligida esa, odatda atigi ikki-uch xil rangdan foydalaniladi. Tolaga rang berishda o‘simlik bo‘yoqlari qo‘llaniladi.

Buning chorasini xalq ustalari topishdi. Endilikda ko‘pgina mamlakatlardagi ustalar zamonaviy uslubga o‘tdilar. Sanoat chiqarayotgan bo‘yoqlardan foydalanib, yorqin va to‘q ranglar hosil qilishmoqda. Natijada xalq ustalarining mahsulotlari yanada jozibador bo‘layapti. O‘ylaymizki, agar istak bo‘lsa, har qanday qiyinchilikni yengish mumkin.

Hozir faqat Xiva bezaklari bilan gilamlar ishlab chiqarishgina emas, balki xalq amaliy san’atining boshqa turlari taqdiri ham jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Bir vaqtlari gullagan xalq amaliy san’ati maktablari ham so‘nib, asta-sekin yo‘qolib bormoqda. Xalq hunarmandchiligining hozirgi tartibi esa hamma mahsulotlarni bir qolipga solib, «shirpotreb» talablariga moslashtirayapti. Masalan, mabodo qo‘lda to‘qiladigan gilamlar fabrikasining ishchisi ijodiy tashabbus ko‘rsatib, biron-bir yangilik kiritsinchi, tasdiqlangan namunadan chekinganlikda ayblanib, darhol jazolanadi. Bunday ahvolda iste’dodli kishilar, xalq an’analarini ijodiy rivojlantirish masalasi nima bo‘ladi?

Xiva gilam kombinatida bo‘lganimda miyamda shunday noxush fikrlar paydo bo‘ldi.

Xalq ustalarining kelajagi, ularning merosini saqlash va takomillashtirish haqidagi o‘ylar meni qadimiy Xivaning ko‘chalarida, asriy shamollar sayqal bergan, quyosh nuri toblagan, har bir tosh go‘zallik yaratgan kishilar taqdiri haqida so‘zlashga tayyor bo‘lgan joylarda ham tark etmadi. Ularning ko‘pchiligi nomi noma’lumligicha qoldi. Mo‘ysafidlar o‘tgan asrda yashagan ayrim ustalarnigina biladilar.

Shulardan biri — mashhur yog‘och o‘ymakor Ota Polvonovdir. Men Xiva ustalarining otaxoni bilan muxbirlik qilib yurganimda tanishganman. O‘shanda u 100 yoshda edi. Oddiy Xiva xonadonida men munkillab qolgan qariyani uchratdim. Bu shaharda uning birorta ham tengdoshi yo‘q ekan. U to‘rt xonni va ikki jahon urushini ko‘rgan.

Ota Polvonov daraxt ostida, uning tanasiga suyanib o‘tirardi. Tashqi qiyofasidan aynan xivalik oqsoqollarning o‘zginasi, kiyimi ham odatdagidek, boshida qorako‘l terisidan tikilgan an’anaviy cho‘girma.

Usta keksayib qolganiga qaramay o‘z hunari haqida bajonidil so‘zlab berdi, uzoq o‘tmishni esladi. To‘g‘ri, olimlar va jurnalistlar unga ko‘p e’tibor berayotganliklaridan ajablandi. U ham axir oddiy usta-ku!

U o‘n yoshligidayoq qo‘liga iskana olib otasi Polvon Sattorovga yordamlasha boshlagan. Otasi xalq orasida mohir usta sifatida shuhrat qozongan. (U Toshhovli saroyidagi ustunlarning bir qismidagi, Islomxo‘ja madrasasining eshiklaridagi o‘ymakorlik ishlarini bajargan).

Ota Polvonov 16 yoshidayoq mustaqil ishlay boshlagan. Yigirma yoshida esa tajribali usta bo‘lgan. Uni xon saroyiga — eshik, ustun, darvozalarni ishlashga taklif qilishgan.

Keksa usta boshidan o‘tgan bir voqeani eslaydi. Bir kuni u shaharlik mijoziga eshik yasayotganda, xon amaldori bu ishni to‘xtatib, o‘zining buyurtmasini bajarishga amr qiladi. Usta bunday qilolmayman, va’da berganman, deb bosh tortadi. Shunda ustaning hovlisiga navkarlar bostirib kelishadi...

Ota Polvonov keksayib qolgunga qadar mehnat qildi. U Toshkentdagi Navoiy nomli opera va balet teatrini pardozlashda (teatrning kichik foyesidagi eshiklarni yasadi) ishtirok etdi. 85 yoshida Urganch vokzali binosining eshigini ajoyib tasvirlar bilan bezadi, 95 yoshida ko‘rgazmalar va panoramalar ma’muriyatining buyurtmasini bajardi — o‘ymakor eshik va ustun ishlab berdi.

Biroq xivalik ustaning eng mashhur ishi 1937 yilda Parijdagi Xalqaro ko‘rgazmada namoyish qilingan o‘ymakor ustundir, Ko‘rgazma jyurisi bu nodir ish uchun uni Birinchi darajali diplom va «Oltin Yulduz» medali bilan taqdirlagan. Chunonchi, ustaning Navoiy teatridagi yog‘och o‘ymakorligi ishlariga ham SSSR Davlat mukofoti berilgan.

Ota Polvonov nevarasi Xurramboyga ish buyuradi. Ko‘p o‘tmay bola ichkaridan bir dasta bezak trafaretlarini ko‘tarib chiqadi. Bu bobo saqlagan «ish arxivi»ning bir qismigina bo‘lsa kerak. Usta bir vaqtlari mana shu qalin albomdan zarur naqshni tanlab, uni yog‘ochga tushirgan. Sathdagi bezaklar chizig‘i dokaga o‘ralgan kukun orqali trafaretdan o‘tkaziladi.

Ota Polvonovning yog‘ochga o‘ygan naqshlarini lo‘nda qilib aytganda, go‘zal bog‘larning latofatiga qiyoslash mumkin. Uning naqshlarida jonli yaproqlar tasviri, rang-barang gullar namoyon bo‘ladi.

Xivada tabiatdagi rang-barang o‘simliklar tasviri nihoyatda keng tarqalgan. Butun O‘rta Osiyoda ham shunday. O‘lkamizda o‘rta asrlar — XIII—XIV asrlar yog‘och o‘ymakorligi eng gullagan davr hisoblanadi. Keyinchalik ham san’atning bu turi o‘zining yuksak cho‘qqisida turgan. Biroq keyingi ikki asr davomida yog‘och o‘ymakorligi san’atida xivalik ustalar peshqadam bo‘lishdi. Shahar yog‘och o‘ymakorligining chinakam qo‘riqxonasiga aylandi. Endilikda O‘rta Osiyoda bu san’at shahar me’morchiligi qiyofasiga shu darajada uyg‘unlashib ketgan joyni uchrataolmaymiz. Uning har bir ko‘hna ko‘chasidagi, har bir me’morchilik yodgorligidagi eshik va ustunlar haqiqiy san’at namunalari hisoblanadi. Ular o‘ymakor ustalarning bir nechta avlodini kamolga yetkazdi.

Ota Polvonovning bobosi ham mashhur usta edi. Nevarasi uning mahoratini to‘la-to‘kis meros qilib oldi. Oilada yaratilgan barcha gul namunalari ham Ota Polvonovning mulki bo‘lib qoldi.

Keksa usta serajin qo‘li bilan menga bir bezak nusxasini uzatib: «Buni «Aylanma islimiy» bezagi deymiz, Xivada keng tarqalgan», deb tushuntiradi.

Bu naqsh — ma’lum bir tartibga tushirilgan o‘simlik shoxlarining tasviri bo‘lib, u haqiqatdan ham nihoyatda serjoziba, go‘zal va bir-biriga chirmashib ketgan edi.

Suhbatdoshim yog‘ochga o‘yiladigan bezakning dovrug‘ini ko‘rsatuvchi bir hikoyatni eslaydi. Qadimda jasorat ko‘rsatgan askarlarga o‘z xonadoni eshigiga qalqon osishga ruxsat berilgan. Xivaliklar esa, ma’lumki, doimo botir jangchi hisoblangan. Mana shuning uchun ham endilikda har bir eshikda ko‘hna qalqonni eslatuvchi naqsh o‘yilgan.

Xivada yaratilgan o‘simliklar va gullar naqshi namunalari o‘zining jozibasi va rang-barangligi bilan hatto eng yuksak didli tomoshabinlarni ham lol qoldiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu naqshlar O‘rta Osiyo bezaklarining oliy namunasi bo‘lib, Xiva me’morchiligidagi tasviriy manzaralarning asl mohiyatini ifodalaydi.

Ota Polvonov Xiva yog‘och o‘ymakorlarining eng yaxshi an’analariga hamisha sodiq qoldi. San’atshunoslarning ta’riflashicha, uning o‘ymakor naqshlari chiziqlarning go‘zalligi, tuzilishidagi latofat, nur va soyalar o‘yini, bezaklarning favqulodda uyg‘unligi va mutanosibligi, botiq fondagi takrorlanmas bezagi bilan ajralib turadi. Ular haqiqatdan ham asl san’at asaridir!

O‘lkamizdagi Ota Polvonov kabi ustalar haqida Boris Lavrenev shunday deb yozadi: «...ustalar sirli bezaklar, tasvirlar va shakllarning shu qadar murakkab, shu qadar nafis chamanini yaratishga muyassar bo‘ldilar-ki, hali bundan ortiq yorqin bo‘yoqlar to‘lqinini hech bir irq, hech bir zamon san’ati yarata olgani yo‘q».

— O‘ymakorlikdagi eng qiyin ish nima? — deb so‘rayman Ota Polvonovdan.

— Kerakli daraxtni topish, — deydi oqsoqol.

Ustaning aytishicha, qayrag‘ochning yorilmaydigan «korman» navi o‘ymakorlik uchun eng yaxshi daraxt ekan. U ayniqsa ustun uchun juda bop xom ashyo hisoblanarkan. Eng chiroyli eshikni o‘rikdan tayyorlash mumkin ekan. O‘rik yuz yil umr ko‘rsa tanasi qizg‘ish rangga kirarkan. O‘ymakorlar archa, yong‘oq, chinor daraxtlarini ham ishlatishadi...

Odatda ustalar daraxtni bozorda emas, o‘sib turgan joyida tanlaydilar. O‘tmishda bir tup qayrag‘och uchun ikki-uch sigirning pulini berishgan.

Ota Polvonov, o‘z padari va bobosi kabi, yangi kesilgan daraxtga naqsh o‘ymaydi. Daraxt avval selgishi, ba’zan o‘n yilcha yotishi kerak. Bu ishda har bir narsa, hatto daraxtni qanday quritish ham muhim hisoblanadi. Masalan, daraxt tik qo‘yilsa bir tekisda quriydi. Taxta uchun esa bahor oyyda tilinadi va kamida kuzgacha quritiladi.

Ustalarning asboblari turli shakl va hajmdagi o‘ttizga yaqin iskanadan (keskichlardan) iborat. Eng qalini o‘n millimetrlik.

Xivadagi yog‘och o‘ymakorligi, umuman o‘lkamizdagi o‘ymakorlik singari tekis sathga tushiriladi. O‘yma tushiriladigan yog‘ochning qalinligi ikki millimetrdan o‘ttiz millimetrgacha bo‘ladi. O‘ymakorlik naqshlari sayoz va chuqur sathda bajarilishi mumkin. Nuqur o‘ymakorlik odatda bir planda, ba’zan — ikki, kamdan-kam holda uch planda bajariladi. Ota Polvonov aynan mana shunday o‘ymakorlikda shuhrat qozondi.

Ustunni o‘ymakorlikka tayyorlash uchun o‘rta hisobda bir oy, eshikka esa bir yarim oy vaqt ketadi. Tayyorlangan buyumga qizdirilgan paxta yog‘i singdiriladi. Shunday qilinsa u vaqt o‘tishi bilan chiroyli qoramtir tusga kiradi, haroratning o‘zgarishi va yog‘in-sochinga chidamli bo‘ladi. Xivada yog‘och bo‘yalmaydi, nainki daraxt tanasining tabiiy ko‘rinishi yuksak qadrlanadi.

Yog‘och o‘ymakorligining sehrli ustasi men bilan suhbatlashib toliqqan bo‘lishiga qaramay bag‘ri kenglik bilan kulimsiraydi. Nihoyat, biz xayrlashdik. Keyin Ota Polvonov bilan boshqa uchrasholmadim. U 105 yoshida olamdan o‘tibdi. Iste’dodli usta xalqiga o‘zining noyobligi va bekamu-ko‘stligi bilan eng talabchan san’atshunoslarni ham lol qoldiradigan nafis ishlarini meros qoldirdi.

O‘ymakorlarning otasi hayotdan ketdi, Endilikda ustalardagi kasb-korni avloddan avlodga meros qilib qoldiruvchi rishta uzilib qolmasmikan, degan xavf paydo bo‘ldi. Baxtimizga bunday ko‘ngilsizlik ro‘y bermadi. Mashhur usta o‘zidan keyin munosib shogirdlar qoldirdi. Ulardan biri Safo Bog‘bekovdir. U o‘ymakorlik san’atining sir-asrorlarini bir guruh yoshlarga o‘rgata boshladi. Xiva me’morchilik qo‘riqxonasiga aylanganligi munosabati bilan shaharda kandakorlik, ganch, tosh o‘ymakorligi va boshqa hunarlar bo‘yicha ham shunday o‘ziga xos maktablar tashkil etildi.

Tarixiy obidalarni ta’mirlashda keksa ustalarning tajribalari bebaho ahamiyatga ega bo‘ldi. Masalan, «musulmon» g‘ishtlari pishiriladigan xumdonlar tayyorlashda o‘tmishdagi ustalar tajribasidan foydalanildi. Chunki o‘rta asrlardagi inshootlar aynan shunday g‘ishtlardan qurilgan. Ayniqsa sirli koshinlar tayyorlashning allaqachon unutilgan usulini qayta tiklash nihoyatda mushkul bo‘ldi. Bu ishda Davlat Bekjonov jonga oro kirdi. Keksa usta bunday ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun munosib tuproq konini izlab topdi. Shu maqsadda Amudaryoning butun quyi oqimini kezib chiqdi. Nihoyat, o‘rta asrlarda xom ashyo qazib olingan joyni izlab topdi. Keksa usta koshin pishirish rejimini aniqlash uchun ko‘p kuch va vaqt sarflardi. Unga bu ishda o‘g‘li Kamol bilan Omon yordam berdi. Barcha qiyinchiliklar shunda ediki, endilikda ota-bobolarimizning koshin tayyorlash usulini to‘la-to‘kis tiklashning iloji yo‘q edi, bunga ortiq zarurat ham sezilmasdi. Masalan, hozir xumdonlarda pista ko‘mir o‘rniga suyuq yoqilg‘i ishlatiladi. Zamonaviy pechlarda koshinlarni pishirish uchun qanday joylashtirish kerak? Harorat qanday bo‘lishi lozim? Mana shunga o‘xshash savollarga tajriba o‘tkazish yo‘li bilan javob topishga to‘g‘ri keldi.

Shak-shubhasiz ta’mirchilarga faqat oqsoqol ustalargina emas, kimyogarlar, injenerlar, sharqshunoslar, arxeologlar, tarixchilar ham faol yordam berishdi. Umumiy sa’y-harakat tufayli ko‘hna qurilish materiallarini tayyorlash jarayoni aniqlandi.

Xivadagi me’morchilik yodgorliklarini qayta tiklash ishi bilan O‘zbekiston SSR Madaniyat ministrligi huzuridagi ta’mirlash bo‘yicha maxsus ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti shug‘ullanadi. Mamlakatimizda bunday institutlar kam. Unda katta yea jiddiy ishlar olib borilyapti. Har bir sohada bo‘lganidek, mazkur institut ishlarida ham muayyan kamchiliklar bor.

Hozirgi vaqtda tarixiy inshootlardan zamonaviy ehtiyojlar uchun foydalanish odat tusiga kirgan. Xiva shahri ham bundan xoli zmas. Masalan, yuz hujrali Muhammad Aminxon madrasasi antiqa mehmonxonaga aylantirildi. Bu madrasa nihoyatda qulay yerda — Ichanqal’aga kiraverishdagi Otadarvoza yonida joylashgan. Ikki qavatli bu binoning tashqi qiyofasi yangilash natijasida deyarli o‘zgarmadi. (Eski uslubda pardozlangan choyxona hovli ichiga joylashtirilgani ma’qul bo‘ldi). Biroq bino ichidagi xonalarni obodonlashtirish, zamonaviy injenerlik tarmoqlari o‘rnatishda tarixiy yodgorlikka ancha zarar yetkazildi. Yerning cho‘kishi natijasida binoning ayrim qismlarida avariya holati yuzaga keldi.

Restoranga moslashtirilgan qo‘shni madrasaning burchagi yiqildi. Albatta, uni qaytadan tiklashdi. Lekin bu ishni amalga oshirish natijasida madrasa hovlisining usti yopib qo‘yildi. Bu tom so‘zanaga tushgan bo‘z yamoqdek unga yopishmay, ko‘hna yodgorlik turkumidagi soxta inshootdek ko‘zga xunuk ko‘rinib turibdi.

Hovli ustidagi tom (quyosh tig‘idan saqlanish uchun) tufayli timga aylantirilgan Olloqulixon karvonsaroyining oldi to‘silib qoldi.

Qo‘riqxona tasarrufidagi ko‘hna inshootlarni turizm ehtiyojlariga xizmat qildirish butun territoriyadan foydalanish tartibining o‘zgarib ketishiga sabab bo‘ldi. Chunki sayyohlarga xizmat ko‘rsatish zarur maishiy va madaniy ob’ektlarni barpo ztishni taqozo qiladi. Shu munosabat bilan ko‘hna qal’a ichida, masalan, yozgi kinoteatr tashkil etildi. To‘g‘ri, bu ish ancha ehtiyotkorona amalga oshirilgan bo‘lsa-da, biroq qo‘riqxona ichidagi kinoteatr, har holda begona inshootdir.

Xiva, shuningdek boshqa qadimiy shaharlar tajribasidan shunday xulosa chiqadiki, quruvchilar me’morchilik qo‘riqxonasida biron-bir ish qiladigan bo‘lishsa o‘ta ehtiyotkorlik ko‘rsatishlari kerak. Bu o‘rinda xalqning «Yetti o‘lchab, bir kes», degan dono maqoliga amal qilish lozim. Agar biz faqat pul ishlab qolish, foyda haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, bu yaxshilikka olib bormaydi. Faqat ma’naviy jihatdangina emas, balki oxir-oqibatda iqtisodiy jihatdan ham katta zarar ko‘rishimiz mumkin. Nainki yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish doimo qimmatga tushadi.

Turistlar uchun quriladigan madaniy-maishiy inshootlar masalasiga kelsak, yetakchi me’morlarning fikriga ko‘ra, ularni tarixiy yodgorliklardan tashqarida qurish mumkin. Menimcha, bu fikrga qo‘shilsa bo‘ladi.

Sayohatchilar Xivadan xotira sifatida turli yodgorlik buyumlari va fotosuratlar olib ketishadi. Suratni ular o‘zlari olishadi yoki shu yerdagilar xizmatidan foydalanishadi. Mahalliy suratkashlar esa ishning ko‘zini biladigan odamlardir. Xivalik foto ustalari surat «bozori» chaqqon bo‘lishi uchun tuya ham asraydigan bo‘lishdi (tulum zmas, haqiqiy tuya). Ekzotika ishqibozlarining esa quvonchlari olamga sig‘maydi — endilikda ular qarindosh-urug‘lari va yoru-birodarlariga o‘zlarini qadimiy Sharqda safarda bo‘lganliklarini ko‘z-ko‘z qilish uchun sahro «kema»sida mag‘rur o‘tirgan suratlarini ko‘rsatishlari mumkin.

Ekzotika ishqibozlari va ko‘hna yodgorliklarning shaydolari orasida ancha xatarli ishlar bilan shug‘ullanadiganlari ham uchrab turadi. Bu o‘rinda men me’morchilik obidalaridan ayrim tosh, yog‘och, marmar parchalarini esdalik uchun olib ketishni odat qilganlarki nazarda tutayapman.

Shu munosabat bilan bir afsona yodimga tushdi. Yunoniston mustaqilligi uchun olib borilgan kurash yillarida Akropolda qamalib qolgan turklar, o‘q-doriga ishlatish uchun qadimgi toshlarni sindirib, ularni jipslashtirib turuvchi qo‘rg‘oshinlarni ola boshlaydilar. Greklar buni sezib qolib, elchi yuboradilar. U turklarga shunday taklifni aytadi: «Biz sizlarga o‘q-dori yuboramiz, faqat Akropolni vayron qilmanglar?» Ehtimol, bu afsonadir. Biroq uning ma’nosi bizga ham taalluqli. Tarixning jonli guvohi bo‘lgan har bir tosh biz uchun ham qadrlidir.

Albatta, arxitektura yodgorligidan biror bir toshni ko‘chirib olgan turist har qanday tanbehga sazovordir. Biroq shunisi taajjublanarliki, ba’zan bunday shaxslar tarixiy yodgorliklarni asrashga da’vat etilgan kishilar — ta’mirchilar orasida ham uchrab turadi.

Ha, ta’mirchilar ham har xil bo‘ladi. Ba’zan ko‘hna inshootlarni mustahkamlash bahonasida, uning tashqi qiyofasi butunlay o‘zgarib, hammayoqni beton plitalar bosib ketadi. Ko‘pincha bunday tubdan ta’mirlashga hech hamday hojat yo‘q. Faqat inshootlarning ayrim qismlarinigina ta’mirlash, uni buzilmaydigan qilib qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Biroq bunday ish nihoyatda

mashaqqatli, murakkab bo‘lib, hajm jihatidan unchalik ko‘zga tashlanmaydigan bo‘lgani uchun kam daromadlidir. Ming afsuski, keyingi yillarda ta’mirchilarning mehnati quruvchilarniki singari hajmiga qarab baholanadigan bo‘ldi. Muayyan ish hajmini bajarsanggina, ma’lum miqdordagi daromadga, mukofotga ega bo‘lasan. Mana shuning uchun ham qayta tiklash va ta’mirlash ishlariga tor amaliyotchilik, rasmiyatchilik bilan yondoshiladi, sifati pasaytirib yuboriladi.

Masalan, ganch o‘ymakorligini olaylik. Ganchkorlarning fikricha, ganchdagi gullar qay darajada ingichka, nafis bo‘lsa, u shu darajada chiroyli chiqadi. Bu fikrning to‘g‘riligini sobiq Buxoro amiri saroyining Xonai Safididagi, Toshkentda amaliy san’at muzeyi joylashgan me’morchilik obidasidagi ganch o‘ymakorligi klassik namunalari to‘la isbotlaydi. Afsuski, keyingi yillarda ganchkorlar mehnatiga haq to‘lashda, ular faoliyatining bu nozik tomoni hisobga olinmayapti. Ustalarga bajarilgan ishning kvadrat metriga qarab haq to‘lanyapti. Natijada respublikada kishiga hech qanday estetik zavq bermaydigan ganch o‘ymakorligi «asarlari» yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘paymoqda.

Hatto bizda «uzluksiz ta’mirlash» iborasi paydo bo‘ldi. Ayrim arboblar bunday ta’mirlashni yutuq deb hisoblamoqdalar. Go‘yoki shunday qilganda me’morchilik yodgorliklarining holatini doimo kuzatib turish mumkin emish. Aslida buning mohiyati shundayki, binoga sirli koshinlarni yopishtirish davom etaveradi, ammo uning birinchi qatori darz ketadi yoki ko‘chib tusha boshlaydi! Xullas, hamma ishni yana boshqatdan boshlash kerak bo‘ladi. Vaholanki, quruvchilarning shundoqqina yonida xalq ustalari yuz yillar muqaddam o‘rnatgan koshinlar moviy osmonday yarqirab turadi.

Men zamonaviy ustalarning hammasini yomon otliq qilmoqchi emasman. Ularning ko‘pchiligi halol, ta’mirlashning sifati uchun jon kuydiradigan sofdil kishilardir. Hamma gap ta’mirchilik ishlarini to‘g‘ri tashkil eta bilishdadir. Uning hozirgi ahvoli, aftidan, taraqqiyotimiz talablariga javob berolmay qolyapti. Bu sohada ham yuksak fikrlash, xo‘jalik mexanizmining samarali usullarini izlab topish vaqti yetdi.

Ta’mirchilik sifati faqat Xivaga taalluqli muammo emas. U Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va respublikaning boshqa qadimiy shaharlari uchun ham nihoyatda muhimdir.

Keling, yaxshisi Xiva misolida ochiq-oydin gaplashib olaylik. Masalan, Toshhovli saroyidagi obidalar turkumini olib ko‘raylik. Saroy yaxlit holda o‘zining ulug‘vorligi bilan odamni lol qoldiradi. Bu yerda nihoyatda yaxshi ta’mirlangan mavzelar oz emas. Ammo shunday joylar ham borki, ularni yana qaytadan tiklash lozim. Ko‘hna ark qo‘rg‘onida ham xuddi shunday ahvol ko‘zga tashlanadi.

Pahlavon Mahmud maqbarasi turkumidagi yodgorliklarni ta’mirlashda moskvalik arxitektorlarning fikriga ko‘ra, ustalar shu qadar jonbozlik ko‘rsatishganki, natijada binoning eski joyi qaysi-ku, yangisi qaysi bilish qiyin, ular orasidagi chegarani aniqlab bo‘lmaydi.

Nima uchun ko‘hna inshootlarning darz ketgan ayrim qismlarini shundoqligicha qoldirish mumkin emas? Nima uchun ko‘hna toshlar, darzlar va yoriqlarni o‘ziga o‘xshatib ishlash mumkin emas? Zero, bularning hammasi qadimgi davr muhitini tiklashga yordam bergan bo‘lardi.

Mening nazarimda, yodgorliklarning tevarak-atrofini tozalash ancha bahsli masaladir. Bu ishlar go‘yoki yodgorliklarni har tomondan yaxshi ko‘rinadigan qilish, go‘zalligini namoyon etish uchun qilinadi.

Men bu boradagi mulohazalarimni arxitektura doktori Iosif Isaakovich Notkinga aytdim. U mening fikrlarimni ma’qulladi.

— Ko‘hna ansambllarning tevarak-atrofi tozalangandan keyin har tarafdan ko‘rish mumkin, u tomoshabin oldida xuddi maketdagidek bo‘lib qoladi, — deydi suhbatdoshim, — Biroq bunda miqyos yo‘qoladi, avvaldan shakllangan taassurotlar sirasiga putur yetadi. U esa o‘ylab qilingan, biz bugun tasavvur qilganimizga qaraganda ancha murakkabroq bo‘lgan, kutilmagan nuqtai nazar o‘rniga, kontrastli ko‘rinishlar asosiga qurilgan. Ansambllar atrofida o‘rgimchak uyasidek bo‘lib ketgan yo‘llarning doimiy maydonlari bo‘lgan. Samarqanddagi Registon buning yaxshi misolidir. Qadimiy me’morchilik ansamblining tevarak atrofi tozalangach, uni aylanib ko‘rish mumkin bo‘lib qoldi. Bu yer zamonaviy tarzda obodonlashtirildi, yangicha xiyobonlar barpo etildi. Biroq, qandaydir muhim bir narsa yo‘qolganday, yodgorlikning ko‘hnaligiga, avvalgi ulug‘vorligiga andak putur yetgandek tuyuladi. Menimcha, bunday ahvol ta’mirchilik ishlariga jo‘n yondashish tufayli ro‘y bermoqda.

Natijada ota-bobolarimizning yashagan uy-joylari yo‘qolib ketmoqda. Vaholanki, bu ko‘hna binolar nodir inshootlarga ma’lum darajada ko‘rk va salobat-bag‘ishlab turgan.

— Ko‘hna turar-joylar oddiy boshpanagina emas, — deb hikoya qiladi, suhbatdoshim,— ular qurilish san’atining haqiqiy namunasi, tarixning jonli guvohi, bugungi kun bilan o‘tmishni bir-biriga ulab turuvchi rishta hisoblanadi.

Xivadagi uylarning asosini bir qatorli yog‘och sinchli devorlar tashkil qiladi. Uning orasiga xom g‘isht terilgan. Bunday tipdagi uy-joylar o‘lkamizda keng tarqalgan. Biroq ular Buxoro, Samarqand yoki Farg‘onadagi turar joylardan farqli ravishda yozgi, qishqi xonalarining tuzilishi, joylashuvi, hajmi, pardozi jihatidan o‘ziga xosdir. Xivadagi har bir uyda ustunli ayvonlar bo‘lib, ularning bir tomoni — shimoliy qismi ochiq bo‘ladi.

Ayvon baland quriladi. Bu bino ichida quyosh nurining mo‘‘tadil tarqalishiga va havoning yuqoridan kelib turishiga imkon beradi. Shuning uchun ham Xivadagi uylarning ichkari xonalari yozning issiq kunlarida ham salqin bo‘ladi.

Ayvonlardagi o‘ymakor ustunlar va eshiklar, panjaralar hovlilarga alohida ko‘rk bag‘ishlab turadi. Ayrim uylarning tashqi devorlaridagi derazalar eshikli darchalar bilan bezatilgan.

Agar siz Xivadagi har bir mo‘‘jaz hovliga kirsangiz (ular shaharda yer tanqisligi tufayli zich joylashgan) nihoyatda bejirim ishlangan o‘ymakor ustunlarni albatta uchratamiz. Bu nodir eksponatlarni Ermitaj, Luvr va jahondagi har qenday yirik muzey jon-jon deb odamlarga namoyish qilgan bo‘lardi. Biroq afsuski, bu ustunlar moy bo‘yoq bilan bo‘yab yuborilgan yoki unga kir yoyiladigan chilvirlarni bog‘lash uchun mix qoqilgan bo‘lishi mumkin. Uy egalari baxtga qarshi atroflaridagi o‘zlari ko‘nikib ketgan buyumlarning haqiqiy bahosi haqida hamisha to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmaydilar.

Xivadagi ko‘hna uylarning ichki tuzilishi o‘z davri uchun oqilona edi. Biroq hozirgi turmush talablariga to‘la javob berolmay qoldi. Chunki odamlar XX asr oxiridagi qulayliklarning barchasiga ega bo‘lishni istaydilar. Tabiiyki, bunda o‘tmishdagi bebaho merosni saqlab qolish ham lozim.

Vazifa murakkab va bir qarashda hal etilishi mushkulday tuyuladi. Bu yerda kanalizatsiya, isitish tarmoqlari, vodoprovod masalalari bor. Masalan, isitishni olib ko‘raylik. Xivadagi xonadonlarda hamma asrlarda o‘choq yoki mo‘ri bo‘lgan. Endilikda ayrim uylarda pechlar paydo bo‘la boshladi. Lekin masalani hal etish kerak — XX asr nuqtai nazari bilan qaraganda, yashash uchun faqat yozda qulay bo‘lgan uyni yaroqli deb bo‘lmaydi.

Ayrim keskin chora ko‘rish tarafdorlari mana shu uylarning hammasini, o‘ymakor ustunlari-yu eshiklari bilan qo‘shib, buldozerlar bilan surib tashlashga tayyor. Bu ish amalga oshsa, Xiva shahri ship-shiydon bo‘lib, u qadimgi jozibasini batamom yo‘qotadi.

— Xo‘sh, boshqacha yo‘l bormi?

— Ularni qayta qurish lozim — deydi Iosif Isaakovich Notkin.— Bunda har bir uyga alohida yondoshish lozim. Biroq bu ishning qiyinchilik tomoni shundaki, har bir uy — shaxsiy mulkdir. Agar uy egasining imkoniyati ko‘tarsa, turar joyini zamonaviy talablarga moslashtiradi, imkoniyati bo‘lmasa — uy to‘kilib tamom bo‘ladi. Bu o‘rinda ikki yo‘l bor. Birinchisi, uni sotib olib, nima ishni munosib ko‘rsak shuni qilishdir: buzib tashlash yoki jamoat ehtiyojlari uchun moslashtirish mumkin. Ikkinchi yo‘l — ayrim g‘arb va sotsialistik mamlakatlar tajribasidan ibrat olib, ko‘hna uylarga muhofaza yorlig‘ini berib, joriy remontini nazorat qilishdan, uni amalga oshirishda yordam berishdan iborat. Uy avvalgidek shaxsiy mulk bo‘lib qolaveradi, biroq uning old tomonini ta’mirlashga oid muayyan cheklanishlar joriy etiladi.

Yashashga yaramay qolgan yoki yaqinda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzib tashlagandan keyin qadimgi shaharni yaydoq qoldirib bo‘lmaydi. I. I. Notkinning fikricha, bo‘shagan maydonlarda xalq me’morchiligining an’anaviy usulida qaytadan sinchli uylar qurish lozim. Bu uylarga sovg‘a-buyumlar ishlab chiqaradigan ustaxonalarni yoki turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni joylashtirish mumkin.

Xalq me’morchiligi ijodiyotini saqlash muammosi faqat Xiva uchungina dolzarb emas. Respublika shaharlari va qishloqlarida qurilish va qayta tiklash ishlari keng quloch yoyganligi oqibatida o‘zbek xalq me’morchiligining ajoyib namunalari nobud bo‘lmoqda. Bu masalani O‘zbekiston yozuvchilari va olimlari bir necha bor ko‘tarib chiqdilar. Biroq bu ishda tub o‘zgarish sodir bo‘lmadi.

Tarixiy obidalarning tolmas tadqiqotchisi, O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining akademigi G. A. Pugachenkova bir maqolasida shunday deb yozgandi: «Sof amaliyotchilik asosiy narsaga putur yetkazmasligi kerak: xalq dahosi bilan yaratilgan narsalar, eng avvalo, estetik tarbiya maqsadlariga xizmat qilishi, milliy g‘urur hissini ko‘tarishi, zamonaviy me’morlar, rassom-monumentalistlar va amaliy san’at ustalarini yangi, ota-bobolari yaratganidan go‘zalroq narsalar ijod qilishga ilhomlantirishi lozim».

Biz bolalarimiz va nabiralarimizga o‘tmishdagi ustalarning mehnati va zakovati bilan yaratilgan merosni ko‘z qorachig‘idek asrashga o‘rgatishimiz kerak. Ana shunda bu bebaho yodgorliklar yana ko‘p avlodlarga quvonch bag‘ishlaydi. Mo‘‘jizakor maskan — tuproq, tosh va yog‘ochdan yaratilgan go‘zal g‘azal bo‘lgan Xiva ham avvalgidek butun dunyo sayyohlarini o‘ziga mag‘rur chorlayveradi.

Rus tilidan Abduvohid Mullamuhamedov, Yo‘lchi Ahmedov tarjimasi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 7-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.