background
logotype

Asad Asil. Hayotiy zarurat (1989)

Lyubov Yegorovna Gorbulicheva o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida G‘azalkent shahrida yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib, topgan boyligi – shogirdlari ardog‘i va el mehri bo‘ldi. O‘zbek sinflariga mukammallashtirilgan rus tili va adabiyotidan dars berayotgan Lyubov Yegorovna bilan Komarov nomli 3-o‘rta maktab jamoasi ham faxrlanadi.

Bo‘stonliqda ekologiya tarafdorlari bilan zavod qurilishi tashabbuskorlari orasida qizg‘in tortishuvlar borardi. Respublika rahbarlari odilona yo‘l tutib, masalani Bo‘stonliq tumani aholisining o‘zi hal qilsin, degan to‘xtamga keldilar. Ko‘pchilik qatori Komarov nomli 3-o‘rta maktab jamoasi ham shu muammo muhokamasiga to‘plandi. Lyubov Yegorovna ham betaraf qololmadi. So‘z so‘radi.

– Bo‘stonliq tumani tabiatida yil sayin buzilishlar sodir bo‘lyapti, – dedi muallima, chehrasi jiddiylashib. – Chirchiq shahridagi kaprolaktam tsexi ishga tushgandan so‘ng ahvol ayniqsa og‘irlashdi: zaharli yomg‘irlar ekinlarimiz, bog‘ va polizlarimizni qovurib tashlayapti. Bo‘stonliqning oldingi shirin-shakar mevalari, uzumlari, sabzavotlari qani? Zavod qurgandan ko‘ra, tevarak-atrofni zaharlab yotgan korxonalarni modernizatsiyalash, zararsizlantirishni o‘ylash kerak! Ahvolning shu alfozda davom etishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bundan buyon har qarich yer, har nafas havo, har qultum suv ifloslanishi uchun emas, tozalanishi uchun kurashaylik!

Tumanda salkam ellik millat vakillari yashaydi. Shu so‘lim go‘shani o‘z uyim, Vatanim deganning hammasi ona tabiat muhofazasi tarafdori. Bo‘stonliq xalqining fikri ham, talabi ham bitta: atrof-muhit ifloslanishiga bundan buyon yo‘l qo‘yish mumkin emas! Uning havosi, suvi, Chirchiq, Toshkent, qolaversa, butun respublikamiz xalqi uchun hayotiy zarurat.

Davr taqozosi bilan Chirchiq daryosi sohili bo‘ylab bir paytlar huda-behuda qurib tashlangan katta-katta zavodlar endilikda tabiatga ta’sir qila boshladi. Turg‘unlik yillari ayrim rahbarlar zavodlarni yoshartirish, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash kabi dolzarb vazifalarni o‘ylab ko‘rmadilar. Loaqal bundan buyon yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga kirishish lozim edi. Afsuski, ayrim sanoat ishboshilari kutilmaganda yangi faoliyat boshlab yubordilar. Atrof-muhit zaharlanayotgani ularni zarracha tashvishga solmadi.

Bo‘stonliq xalqi tabiat muhofazasiga tegishli gaplarga ishondi, ruhlandi. Biroq ayrim sanoatchilar shu ishonch-e’tiqodga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan qaltis harakatlardan o‘zlarini hamon tiya olmayaptilar. Chirchiq shahrining “Uzbekximmash” zavodi turg‘unlik yillari chiqarilgan qarorni ro‘kach qilib, Bo‘stonliq bag‘rida ulkan korxona qurish uchun million-million mablag‘larni sarflab yubordi. Pillachilik sovxozi va o‘rmon xo‘jaligiga qarashli bu 52 gektar maydondagi yosh nihollar, gurkiragan bog‘lar kesildi. O‘rniga kichik bir filial tiklanarmish degan yolg‘on gaplar tarqatildi. Korxona barpo etilayotgan maydon go‘yo Chirchiq shahri hududiga qarashli emish.

Bo‘stonliqni Respublika mehnatkashlarining oromgohiga, milliy boqqa aylantirish haqida hamma joyda gapirildi, matbuotda yozildi. Biroq bugungi kunda uning tabiati tang ahvolda. Hududida yuzlab dam olish va davolanish muassasalari mavjud, ammo ularning birontasida gigiena talablariga mos kanalizatsiya yo‘q. Sanatoriy, dam olish uylari tevarak-atroflaridan tashqari oqin suvlarni ham bulg‘ab yotibdi. Iflosliklarga to‘yinib olgan suv esa to‘ppa-to‘g‘ri Chirchiq daryosiga quyilmoqda! Bu ham yetmagandek, ekologiya zarariga ishlayotgan o‘sha muassasalarning barchasi shartnomada belgilangan qonun-qoidaga mutlaqo rioya qilishmaydi: istaganlaricha yer maydonini egallab olishgan, daraxtlarni ayovsiz kesishyapti, ko‘ngli tusagan joyga turli qurilishlarni qalashtirib tashlashyapti. Tuman rahbarlari bilan jumboqli masalalar xususida hisoblashayotgani yo‘q: “erni sotib oldikmi, demak, egasi ham o‘zimiz” deb his qilishyapti.

Yana bir muammo. Tumanga har yili boshqa viloyatlardan tog‘lar osha haydab yoki vagonlarga ortib kelinayotgan necha o‘n minglab qo‘y va echki podalari eng manzarali qir-adirlarni taqir qilib qo‘yyapti. O‘simlik hamda hayvonot olamiga zarar yetkazmoqda. Qayta qurish va oshkoralik o‘zining avj pallasiga kirgan hozirgi davrda mahalliy rahbarlar eskicha tartib – qoidalarni qayta ko‘rib chiqishga nega shoshilmayaptilar?

“Sovet O‘zbekistoni” gazetasi,

1989 yil iyun soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.