background
logotype

Begali Qosimov. Yangi tafakkur: izlanishlar, mashaqqatlar (1989)

http://ziyouz.uz/images/jadidchilar.jpg

Yaqinda taniqli faylasuflardan I. Jabborovning «Ruhiy olam: jaholat va kamolat» degan kitobi qo‘limga tushib qoldi. O‘tgan yili chiqqan. Hajmi salkam 22 bosma taboq. Ruhiy olamning ikki qutbi olinibdi-da, degan o‘y bilan varaqlay boshladim. Sarlavhalarga ko‘zim tushdi: Janglarda sinalgan g‘oyalar; antikommunizmning zaharli nashtari va mafkuraviy kurash; tafakkur chirog‘i va xurofot; jaholatdan sotsial taraqqiyot va ma’rifatga... Hayratim oshdi. Avvalo, ruhiy olam nahotki birgina shu ikki rang — jaholat va kamolatdan iborat bo‘lar?! Unday bo‘lsa, nimasi olam?!

Ikkinchidan, kitob ateistik mavzuda edi. Binobarin, din bilan bog‘langan hamma narsani jaholatu unga qarshi har qanday fikrni kamolat deb bo‘larmikan?!

Afsuski, kitobda shu ruh hukmron edi. Undagi ayrim xulosalarga 3—4 yil oldin chidash mumkin edi. Hozir chidab bo‘lmas. Masalan, muallif fikricha, «Azroil, Jabroil, Iblis, Shayton, Munkar Nakir», «mehnatkash ommani qo‘rqitib, itoatgo‘ylikka chorlash maqsadida to‘qilgan» (!) (84-bet). Bugun haqida gap ketganda esa, u O‘rta Osiyo, Ozarbayjon va Shimoliy Kavkazdagi mahalliy aholining dafn marosimlarida dnndorlikning o‘sishini (49-bet) ko‘radi.

Oq:qora tasvir kapitalistik va sotsialistik taraqqiyot yo‘llariga o‘tganda yanada keskinroq tus oladi. Sotsializmdan gap ochilganda, faqat «misli ko‘rilmagan sur’atlar» gapiriladi. Burjuaziya esa, «ommani o‘ziga ergashtira oladigan sotsial idealni ilgari surishga mutlaqo qodir bo‘lmay qoldi» (12-bet) deyiladi. Bu fikr-mulohaza shu kuylarda yetakchi mutaxassislarimizdan biri tomonidan aytilayotganini xotirga olsangiz, o‘ylanib qolasiz. So‘z va tushunchalar inflyatsiyasi hali ham o‘sha esqi sur’atlar bilan davom etmayaptimikin?! Mana, yaqinda keyingi besh yillik rejalarining loyihasi e’lon qilindi. Biz ularni uncha-buncha emas, «Respublika aholisining farovonligini yuksaltirish programmasi» deb atadik. Farovonlik deyilganda, hamisha to‘kinchilik tushunilganku! «Farovonlik»ni yuksaltirish uchun avvalo o‘sha «farovon»likning o‘zi bo‘lishi lozim emasmi?!

Tabiatda shunday hodisalar borki, ularni hozirgi fan-texnika imkoniyatlari bilan ham tushuntirish qiyin. Yashil odamchalar, uchar likopchalar, Bermud uchburchagi, qor odam va hokazolar haqidagi bahslarni eslang. Ruhiy jarayonda bu xil hodisalar bundan ham ko‘p. Eng oddiysi, biotok, telepatiya kabi gaplarni oling. Shoir dunyoni «sirli xilqat» der ekan, shularga ham ishora bor. «Ruhiy olam» tadqiqotchisi bularni tushuntirishga, izohlashga shoshmaydi. Uning bunday masalalarda tayyor qolip, andozalari bor. Bular — uydirma. Eng osoni — shu. Taassufki, adabiyot masalalarida ham uzoq muddat mana shunday ish tutildi. «Og‘irning ustidan, yengilning ostidan» o‘tib kelindi.

Tasavvufni olaylik. Bir vaqtlar Yevropa adabiyotshunoslik fani o‘rta asrlar Sharqi adabiyotini uchga bo‘lib tekshirgan edi: qahramonlik eposi, saroy poeziyasi, mistik she’riyat.

To‘g‘ri, bu qarash allaqachon eskirib ketgan, lekin, e’tibor qilaylik, Bertels gumanizmni xuddi mana shu mistik she’riyatdan qidirgan edi. Yoki uning tasavvuf asarlari haqidagi mana bu fikrini ko‘ring:

«Bu yerda so‘ngroq o‘rta asrlar Yevropasini hayajonga solgan barcha muammolar allaqachon qo‘yilgan va ularga aristotelchilikni shunchaki qayta ishlash deb qarash mutlaqo mumkin emas. Agar IX—XIII asrlar Yevropa madaniyati tarixidagi eng tushkun davr ekanligini esga olsak, ayni mana shu Sharq faylasuflarining asarlari Yevropa xalqlarini xalta yo‘ldan olib chiqdilar va ularning keyingi taraqqiyotiga yo‘l ochdilar, degan xulosaga kelmaslik mumkin emas» (Ye. E. Bertels, Sufizm i sufiyskaya literatura, M., 1965, str. 27)

Mana shu tasavvuf Sharq adabiyotining, shu jumladan o‘zbek adabiyotining ming yildan ortiqroq tarixida birga kelayotgan, balki uning qon-qoniga singib ketgan bir falsafadir. Tasavvuf she’riyati, tasavvuf adabiyoti degan tushuncha, istilohlar bor.

Mutaxassislar uni o‘z davrida — VII—VIII asrlardan feodallashib borgan islom jamoasidan, hokimiyatidan norozilik sifatida maydonga kelgan deb hisoblaydilar. Va, aytish mumkinki, u butun takomili davomida shu maqsadga xizmat qildi. Yakka-yolg‘izning armon-g‘amidan el-ulusning, toifa-xalqning katta-katta dard-hasratlarigacha ifodalay oldi. Shu ma’noda u zamonni, uning hodisalarini aks ettirdi va unga faol munosabat bildirdi.

Sarbadorlar naqshbandiylik bilan, 1898 yilgi Dukchi eshon qo‘zg‘oloni so‘fiylarning XVIII—XIX asrlardagi eng ommaviy diniy jamoasi qalandarlik bilan bog‘lanishda bo‘lgan. Chor hukumati 1898 yildan keyin Turkistonda bekorga qalandarlikni ta’qib etgan emas.

Biz ko‘pincha adabiyotdan davr haqida juda ochiq bahoni, oshkor munosabatni talab qilamiz. Uning obrazlar, timsollar, hatto ishoralar bilan ish ko‘rishini diqqatdan soqit qilamiz. Bu, to‘g‘ri emas. Lenin juda ko‘p xalq harakatlari dastlabki davrlarda diniy parda ostida kechganini uqtiradi. Engels XVI asrda Germaniyada maydonga kelgan «Xudo — bizning panohimiz!» degan qo‘shiqni «XVI asrning Marselezasi» deb ataydi. Bizchi?! Biz o‘tmish shoirdan salkam xudosizlikni talab qilib keldik. Ilohiyotning aksariyat maqsad emas, vosita bo‘lganini tan olishni istamadik.

Tasavvuf haqida shu paytga qadar bizda birorta ko‘zga ko‘rinadigan ish yo‘q. Marhum akademigimiz Vohid Zohidovning Navoiy haqidagi «Ulug‘ shoir ijodining qalbi» kitobida berilgan, so‘ng 5 tomli «O‘zbek adabiyoti tarixi»ga ko‘chirib bosilgan maqola bugungi kun talablariga javob bera olmaydi.

Natija shu bo‘lib turibdiki, Yassaviy, Hakim ota, So‘fi Olloyor, Huvaydo, Sadoiy, Majzub Namangoniy, Haziniy, Saryomiy singari shoirlarimiz haliga qadar o‘z bahosini ololmay keladi. Baho nimasi, ularni iloji boricha, xalqdan uzoqroq tutishga urinamiz. Sababi:

1. «Xudo»si bor har qanday asardan cho‘chib qolganmiz.

2. Izohlay olmaymiz.

Mashrabni Mashrab qilgan narsani ko‘rsata olmaymiz. Bizning «ilmiy» talqinlarimiz bilan xalqning «jaydari» talqinlari orasida ziddiyat chiqib qolmoqda. Go‘yo ikki tilda gapirayotirmiz. Huvaydoni qarang. Xalq orasida mashhur. Qancha g‘azallari hofizlarimiz tomonidan qo‘shiq qilib kuylanib kelingan. Qancha rivoyatlar to‘qilgan. Toshkentning ko‘chalaridan biri Huvaydo nomida. Shoir nomida mahalla bor. Darvoqe, o‘tgan yili shaharning qay bir konkursida uch mahalla g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi: Huvaydo, Miskin, Avloniy.

Xo‘sh, mana shu shoir haqida xohlagan maktab o‘quvchisidan so‘rang-chi, nima bilarkin? Imonim komil, hech narsa bilmaydi. Qulog‘iga ham chalingan emas. O‘rta maktab darsliklarida nomi ham yo‘q-da. Bolalarni qo‘ying, kattalar-chi?!

Bir tomondan, g‘azalxon xalq, mana 2 asrdirki, sevib kuylasa, ikkinchi tomondan, bugungi avlod uni tanimasa, buni qanday izohlaysiz?

Yassaviy-chi?! O‘n-o‘n besh yildan buyon adabiyotshunoslikda g‘alati bir vaziyat hukm surib keladi. Biz ayrim ijodkorlarni adabiyotdan chiqarishga harakat qilamiz, qo‘shni respublikalarda esa aksincha, kiritishga uriniladi. Yassaviy bizda mistik, qozoqlarda — klassik. «Qissai Rag‘buziy»ga ham munosabat bizda deyarli shunday. Qozoqlarda esa dunyoviy adabiyot namunasi deb talqin qilinadi. Uning poetikasi haqida dissertatsiya yoqlangan. Shunday misollarni tatar adabiyotidan ham topish mumkin. Nima, bizda metodologiya ikki xilmi? Yo‘q, albatta. Yondashish ikki xil. Va ikkalasida ham bir yoqlamalik bor. Bizningcha, talant bilan yozilgan va g‘oyaviy zararli bo‘lmagan har qanday adabiy-badiiy asar o‘quvchiga qaytarilishi lozim.

To‘g‘ri, Yassaviy, Mashrab, Huvaydo va yuqorida nomlari sanab o‘tilgan va sanab o‘tilmagan yana bir qator shoirlar ijodi murakkab. Ularni yakrang baholab bo‘lmaydi. Bu turkum shoirlar adabiyotshunoslikda yillar davomida yasab kelingan qoliplarga tushavermaydilar. Biz dunyoni asosan oq-qora rangda ko‘rib kelganmiz. Boshqa ranglarni ko‘rmaslikka, ulardan ko‘zni olib qochishga harakat qilganmiz. Bu hol bir guruh shoirlarni adabiyotdan surib chiqarishga olib keldi. Ma’lum va mashhur shoirlarimizdagi sufiyona ohangni esa xaspo‘shlashga sabab bo‘ldi. Buning keyingi yillardagi eng yorqin misoli «Xamsa»ning qisqartirib berilishidir. Holbuki o‘sha qisqartirilgan «hamd», «na’t» va «munojot»larda Navoiyning tumanistik kontseptsiyasi o‘zining betakror ifodasini topgan edi.

Xulosa shuki, masalani keng, chuqur, malakali, kompleks o‘rganish kerak. Til-adabiyot institutimiz qoshida bir ilmiy markaz tashkil qilinib, masala atroflicha o‘rganilsa. Shundagina o‘zbek tasavvuf adabiyoti haqida keng va asosli fikr yuritish mumkin bo‘ladi. Faqat tasavvuf adabiyotini emas. Navoiy, Ogahiydan Muqimiy — Furqatgacha bo‘lgan adabiyotimizning bag‘rini ko‘tarib turgan muhim bir qanotini belgilash va izohlash mumkin bo‘ladi.

Madaniy merosga yangicha nuqtai nazar kerak. Gap uni bugungi sharoitimizga tatbiq etish, takomillashtirish ustida ketyapti. Oshkoralik, adabiyotshunoslik uchun, adabiy merosni o‘rganish uchun ham suv va havodek zarur bo‘lib turibdi.

Bir vaqtlar adabiyotshunoslik ijodkorning ijtimoiy kelib chiqishiga alohida urg‘u bergan edi. So‘ng ijodi ziddiyatli qalamkashni aylanib o‘tishga yo‘l izladi. Klassiklarimizni bir qadar tanib-tanitib olganimizdan keyin esa ularni silliqlashga tushdik. Bu hol muayyan psixologiyani ham maydonga keltirdi. Klassiklarimiz, ayniqsa ularning mashhurlari ijodidagi ayrim ziddiyatlar haqida gapirish shakkoklikday qabul qilindi. Chinakam iste’dod hamisha murakkab bo‘lishini, har qanday ijodda ham ayrim muvaffaqiyatsizliklar ehtimolini, jahon adabiyotida buning misollari to‘lib-toshib yotganini nazardan soqit qildik. Masalan, sotsialistik adabiyotining asoschisi, hayoti ham, ijodi ham xalqimiz uchun benihoya muhim va qadrli bo‘lgan Hamzaning inqilobga kelish yo‘li adabiyotshunoslik ishlarimizda bir qadar jo‘nlashtirib berildi.

Uning «Mukammal asarlar to‘plami» sifatida tayyorlangan jildli akademik nashrini oling. Ikkinchi tomga kiritilgan, «qo‘lyozmasi saqlanmagan», toshbosmasi asos qilib olingan «Milliy ashuvlalar uchun milliy she’rlar majmuasi»dan birinchi bo‘limdagi «olti dona» she’r beshtaga keltirildi. Noshirlar hech bir izohsiz «Yig‘la, yig‘la Turkiston!» she’rini tushirib qoldirdilar. «Darmon istariz» musaddas edi, muxammasga «aylantirildi»— band oxirida takrorlanib keluvchi ikki satrning biri («Ey musulmonlar, kelinglar, hukmi qur’on istariz!») va 2 bandi «qisqartirildi». Berilgan 5 she’rning uchtasida - jami 34 satr tashlab ketildi. Bu, tomliklardan joy olgan bitta kichkina, atigi 6 she’rlik to‘plamcha misolida ko‘ringan kamchilik. Va gap hozircha faqat «qisqartish», shu orqali «qaltis» joyini «silliqlash» ustida.

Xo‘sh, shunday holda uni «Mukammal asarlar to‘plami» deb bo‘larmikan?!

Mana, shoir asarlarining besh tomligi chiqdi.. Bu —ikkinchi akademik nashr. Mutasaddilaridan biri matbuotda u haqda «nodir nashr» deb kafolat berdi: «Bu nashrning nodirligi shundaki, — unda — Hamza nima yozgan bo‘lsa, u mukammalmi, yo chalami, g‘oyaviy-siyosiy xatomi yoki shaxsiy, oilaviy hayotiga doir hujjatlarmi, biror so‘zi yoki harfi o‘zgartirilmasdan, grammatik shakli buzilmasdan" aynan berildi» («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», gaze-tasi, 1989, 9-son).

Afsuski, bunday emas. To‘g‘ri, u 4 tomlik «mukammal» nashr andozalari bilan baholansa, unga nisbatan mukammal, lekin joriy akademik nashr talablariga javob bera olmaydi. Keling, kuzatishni yuqorida tilga olingan «majmua»ning o‘sha «birinchi bo‘limi»dagi olti she’r misolida davom ettiraylik. Avvalo shuni aytish kerak, besh tomlikka har olti she’r kiritilgan. Bu — yaxshi. Lekin qanday kiritilgan? «Yig‘la Turkiston!...»ni ko‘ramiz «Shunday kechsa holimiz, nelar bo‘lg‘uvsi?!» deb boshlanadigan band tushib qolgan. «Mozorida tek yotur ixvat o‘rgatgan» yozadi Hamza. «Firorinda (?) tik (!) yotur...» o‘qiydilar noshirlar. «Shar’» (shariat) yozadi Hamza. «Sharm» (uyat) o‘qiydilar noshirlar. «Darmon istariz»da «biz» — «bir»ga, «aroda ro‘zimiz» — «aroda so‘zimiz»ga, «billoh, olim» — «boshda olim»ga, «hukmi qur’on» — «xatmi qur’on»ga aylangan. «Oqibatsiz Turkiston»da «suhulat» (engil) «sahvalat» o‘qiladi. «Yahudiylar» 3 joyda «nobakorlar» deb «tuzatiladi». 4 tomlikda u «eng muttaham» deb «tahrir» qilingan edi.

Shunchadan keyin ham uni «so‘zi», «harfi», «hatto» grammatik shakli» o‘zgartirilmay «aynan berildi» deb bo‘ladimi?!

Bu eskicha yondashish emasmi?!

Axir, bularning hammasini izohlash mumkin ediku!

Afsuski, shoir ijodidagi ayrim murakkabliklar, mahorati bilan bog‘liq ba’zi notekisliklar, hatto u haqda yozilgan asarning saviyasi haqida bildirilgan har qanday e’tiroz salkam Hamzaga otilgan toshdek qabul qilindi. Yomoni shundaki, bu munosabat mohiyatan hozir ham o‘zgargani yo‘q, faqat tusini o‘zgartirdi. Hozir ko‘pgina redaktsiyalar bu xil «qaltis» gaplarni benihoya mamnuniyat bilan qabul qilishadi, fikringizga qo‘shilishadi, shunday ishlar juda kerakligini, markaziy matbuotda bu narsa yaxshi yo‘lga qo‘yilganini aytishadi, sizni maqtashadi, lekin chiqarishmaydi. «Qaltis» gapning qaltis tomonlaridan kelishadi, yuz issiq, rozi bo‘lib ketaverasiz.

Buning nimasi qayta qurish?!

Hamzani zamonaviylashtirish kerak emas, izohlash kerak. Bu bilan uning qadri tushmaydi, aksincha haqqonpyligi oshadi. Undagi ayrim davriy cheklanganlikni chetlab o‘tishga, andavalab ketishga bo‘lgan har qanday urinish shubhaga, demakki soxtalashtirishga yo‘l ochadi. Bu g‘ayriilmiylikdan tashqari xatarli hamdir.

Adabiyotdagi «silliqlashtirish» tendentsiyasi Furqatga oid tadqiqotlarda ham ko‘zga tashlandi. Masalan, Furqat dunyoqarashini zamonaviylashtirishga moyillikda, jumladan uni ikki Rossiyani anglab yetgan, 1892 yilgi Toshkent qo‘zg‘olonining salkam g‘oyaviy liderlaridan biri sifatida ko‘rsatishga urinishda men shu holni ko‘raman.

Boy klassik merosga ega bo‘lgan respublikamizda tekstolog kadrlarimiz yetarli emas. Ular borgan sayin kamayib borishyapti. Ularni muntazam tayyorlab borish yo‘lga qo‘yilgan emas. Shunday kadrlarni tayyorlab berishi lozim bo‘lgan universitetlarda bu masalaga yetarli e’tibor qilinmaydi. Masalan, Toshkent davlat universitetida bir necha yil oldin mutaxassis tekstologlar tayyorlash masalasi planlashtirilgandek bo‘lgan edi. Ora yo‘lda qolib ketdi. Hozirda ahvol shundayki, filologiyada o‘qiydigan student eski yozuvni bilmaydi, Sharq fakultetida o‘qiydigan student o‘zbek adabiyotidan bexabar qoladi. Bu ketishda 5—10 yildan keyin tang ahvolda qolamiz. Shoshilinch tadbirlar kerak. ToshDUning filologiya yoxud Sharq fakulteti qoshida tekstolog mutaxassislar tayyorlovchi gruppa ochish kerak. Hozircha buni qayd etishdan nariga o‘tmayapmiz.

G‘afur G‘ulom nashriyotining o‘ttiz jildli «O‘zbek adabiyoti bo‘stoni» nashrini boshlagani juda yaxshi bo‘ldi, albatta. Lekin uni hozirgi saviyada, bugungi talab darajasida chiqarish kerak. Afsuski, bir qator jildlar qo‘pol faktik, tekstologik xatolar bilan chiqdi. Masalan, «Nosiriddin Rabg‘uziy» gapsiz-so‘zsiz «Burhoniddin Rabg‘uziy»ga aylandi. «Qutb» to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorazmlikka aylantirilib, «Qutb Xorazmiy» qilib berildi. «Qissai Rabg‘uziy», XVI asr qo‘lyozmalari o‘zimizda turgan holda eng suqutli manba — 1911 yilgi Toshkent nashri asosida bosmaga tayyorlandi. Tavalludining 800 yilligi 1983 yilda nishonlangan Qul Alining «Qissai Yusuf»i «Chingiz istilosidan keyingi» «badiiy adabiyot» namunasi sifatida taqdim qilindi. Holbuki, mo‘g‘ullar Bulg‘orga kirib borgan mash’um 1236 yilda u vafot etgan edi.

Mayli, bular — dastlabki jildlar va ular haqida matbuotda aytilgan edi. Eng keyingi jildlardan birini, masalan, bu yil nashrdan chiqqan «Shay-boniynoma»ni olib ko‘raylik.

Asarda shunday bir joy bor. Shayboniyxon Buxorodan Hisorga Xisravshoh ustiga otlanish oldidan «bag‘ri qarolar bisyor» Qarshi «tuz»larida ov qilmoqchi bo‘ladi. Shikorga — Bobur ta’rif etgan «murg‘aki Qarshi»ga qiziqib, Qashqadaryoning etagiga «Qasbi degan manzil»ga borib qoladi. Shu hangomda otdan yiqilib, qo‘l-oyog‘i shikast topadi. Muhammad Solih uning shu munosabat bilan yozgan g‘azalini ham keltirgan.

Qarshining 40 km g‘arbida joylashgan bu qadim manzil ko‘pgina tarixiy asarlarda uchraydi. Akademik V. V. Bartold fikricha, u XVI asrlarda Qarshidan ham katta bo‘lgan. 1568 yilning boshida Buxoro xoni Abdullaxon Xurosonga yurish oldidan o‘z qarorgohini shu yerga tikkan...

Mana shu mavzening nomyni noshirlar «Kaspi» deb beradilar (uni 30 yil muqaddam nashr qilgan A. Ibrohimov «Kasbi» deb to‘g‘ri ko‘rsatgan edi) va «Kaspiy dengizi bo‘ylaridagi yerlar» (328-bet) deb izohlaydilar. Buxorodan Hisorga (hozirgi Dushanba atrofi) yurish oldidan Kaspiy dengizi bo‘yiga ovga borib kelish qanday xayolga keldi ekan?!

Bunday misollarni, afsuski, deyarli istagan tomdan topish mumkin.

Mana, nashrlarimizning daraja-saviyasi.

Mutaxassislarga ayonki, XIV asrda Volga bo‘yidagi Saroy shaharlarida (Botusaroy va Berkasaroyda maydonga kelgan «Oltin O‘rda madaniyati» ko‘pgina turkiy xalqlarning mushtarak madaniyatidir. Bunda, ayniqsa ko‘p asrlardan buyon o‘troq turmush qechirib kelayotgan va Saroy shaharlarini bunyod qilishda birga ishtirok etgan o‘zbeklar va tatarlarning dahli ko‘proq. Ammo, bu yodgorlik namunalarini ajratib olishga urinish, masalan, faqat o‘zbek xalqigagina dahldor, tatarlarga aloqasi yo‘q deyish yoki aksincha hal qilish g‘ayriilmiy yondashish bo‘lib, o‘quvchilarni chalg‘itadi. Holbuki, «Qutb Xorazmiy» deyilganda shu tendentsiya ko‘zga tashlanadi. Gap shundaki, shoir Qutbni «Xorazmiy» deb ko‘rsatuvchi biror manba shu paytga qadar topilgan emas ekan. Shu sababli Qutb haqida monografiya yozgan tatar tadqiqotchisi X. Yu. Minigulov ayrim o‘zbek hamkasblarimiz «orzuni haqiqat o‘rnida taqdim etmoqchi bo‘ladilar» deb istehzo qilgan edi. E’tiroz o‘rinli. Lekin biz bu xatoni 1986 yilda yana takrorladik. To‘g‘ri, tatar hamkasblarimizning o‘zlari ham bunday yondashishga ko‘p-da rioya qilmaydilar. Masalan, 1983 yilda, hali nomi tilga olingan Qul Alining «Qissai Yusuf»i sof tatar yodgorligi sifatida taqdim qilindi. Holbuki, akademik Krimskiydan Ko‘pruluzodagacha bo‘lgan olimlarning hammasi unda Xorazmning ta’siri katta bo‘lganini qayd qiladilar. XVIII asr tatar tarixchisi Tojiddin Yolchig‘il o‘g‘li esa Qul Alining 45 yil Xorazm madrasalarida tahsil olganini xabar qilgan edi. Ko‘rinib turibdiki, masalani kengroq doirada hal qilish, chunonchi SSSR xalqlari adabiyoti tarixini o‘rganishning regional kengashini chaqirish va O‘rta Osiyo hamda Volgabo‘yi xalqlari adabiyotlari mutaxassislari ishtirokida muhokama qilish vaqti allaqachon kelgan. Shuningdek, ayrim asarlar talqini, muallifligi, so‘zlar, iboralarning o‘qilishi singari juda ko‘p masalalarda ham har xilliklar bor. Bularni tartibga solish, nazorat qilish, boshqarish uchun e’tiborli bir sovet kerak. Bunday Sovet ilmiy-tadqiqot institutlarimiz va yetakchi oliy o‘quv yurtlari zaminida yo «Fan», yo G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti qoshida bo‘lmog‘i kerak.

Bizda klassik meros bilan bugungi o‘quvchi orasida uzilish bor. Bugungi o‘quvchi klassik adabiyotni bilmaydi. Undan bahramand bo‘lolmaydi. Men mutaxassisni emas, o‘quvchini nazarda tutyapman, buni tan olish kerak. Navoiy dostonlarining nasriy bayonlari ham yordam bermayapti. Klassikadan uzilishning ma’naviy saviyaga ta’sir etmasdan iloji yo‘q. Chinakam internatsionalizm har bir kishining o‘z xalqini sevishidan, o‘z tilini, o‘z madaniyatini mukammal egallashidan boshlanadi. Hozirda maktab va oliy o‘quv yurtlari islohi ketayotganda, programma va darsliklar yangidan tuzilayotganda shuni hisobga olgan holda muayyan o‘zgartishlar kiritish kerak.

Adabiy merosni o‘rganishda ko‘zga tashlanayotgan eng katta kamchiliklardan biri professionalizmning yetishmasligi bo‘lib turibdi. Taassufki, bu narsa tajribali mutaxassislarimizda ham uchrab qolyapti. Masalan, E. Karimov «Demokratik adabiyotda realizm» (1986) nomli, umuman olganda, qiziqarli kuzatishlari bo‘lgan kitobida Furqatning «Jannatning gullaridan gulzoringiz chiroylik, Huru pari yuzidan ruxsoringiz chiroylik» degan satrlarida «kufrona ohanglar» ko‘rib hayratga tushadi. Holbuki, bunday obraz-tashbihlar adabiyotimizda 1353 yilgi «Muhabbatnoma»dan buyon keladi. Yo bo‘lmasa, asrlar osha ma’shuqaning rahmsiz, jallod ko‘zlarini ifodalab kelgan «nomusulmon», «tarso» so‘zlaridan go‘zal xristian qizining ko‘zlarini axtarishini oling. Bu narsa goho xulosalarga ham ta’sir etadi. Sh. Yusupov «Furqat yo‘llarida» (1984) nomli qiziqarli kitobida shoir hayoti va ijodi bilan bog‘liq bir qator masalalarga yangicha yondashishni taklif qiladi. Masalan, shoirning chet eldan yozgan «Sabog‘a xitob» she’riy maqtubidagi nomlar bilan qiziqib, Furqat chor hukumatiga qarshi oppozitsiyada bo‘lgan «qudratli to‘da»ning yirik vakillaridan edi. Uning chet elga ketishi va umrining oxirigacha vataniga qayta olmasligi chor ma’murlarining puxta rejasiga muvofiq amalga oshirilgan degan fikrni ilgari suradi. Dunyoqarashidagi ma’lum cheklanganliklarni ko‘rsatuvchi asarlar sifatida qaralib kelingan «Qasida» va «Masarratnoma» yuqoridagi nuqtai nazaridan qayta baholanadi.

Bu — Furqat hayoti va ijodi talqinida yangi kontseptsiya. Furqatday zabardast shoirimizga bunday yangicha yondashish har qanday kishini quvontiradi. Lekin gap shundaki, bunday yangi nuqtai nazar isbotlangandagina mazmun va ahamiyatga ega bo‘ladi. Hozircha tadqiqotda xuddi mana shu jihat oqsaydi. Muallif suyangan fakt va dalillar orasida tagi bo‘shlari ko‘p. Ayrimlarida, masalan, «qo‘yga bo‘rini posbon etdi», «zamonida boqar qo‘ylarin bo‘ri» kabi iboralarni adolat emas, adolatsizlik timsoli sifatida talqin qilish) an’anaviy poetika qoidalaridan kelib chiqmaslik hollari mavjud. Kitobdagi jurnalistik-publistik uslubga moyillik bu kamchiliklarni yanada chuqurlashtirgan. Shu jihatdan, kitob haqidagi A. Abdug‘afurov, X. Rasul, Z. Shodiev, E. Karimovlarning e’tirozlari asosli. Ammo, tabiiyki, "asarni boshdan oxirigacha soxta faktlar, g‘ayri ilmiy xulosalar asosiga qurilgan deb bo‘lmaydi. Aksincha, unda bir qator qiziqarli, ko‘pchilikning diqqatidan chetda qolgan faktlar, materiallar, e’tiborga loyiq kuzatishlar, mulohazalar bor. Ular Furqat ijodini, holatini o‘rganishda, ayrim faktlarga oydinlik kiritishda foydalanilmog‘i kerak. Umuman, esa Furqat ijodini o‘rganishda malakasizlik unga qancha ziyon yetkazsa, monopolistik munosabat ham shuncha zarar yetkazadi.

Bugun biz jadidizm hodisasini halol, ob’ektiv tekshirish va baholash imkoniyatiga egamiz.

Xalqimizning milliy-ijtimoiy uyg‘onishida bu hodisaning naqadar katta ahamiyatga ega bo‘lganini, o‘ylaymanki, gapirib o‘tirishga hojat yo‘q. Maktab-maorifning yangilanishi, yangi adabiyotning vujudga kelishi, o‘zbek milliy teatri, matbuotning tug‘ilishi hamma-hammasi bevosita mana shu jadidchilik harakatining samaralaridir. U birgina maorifchilik, shunchaki madaniy-oqartuv harakati emas, siyosiy harakat ham edi. To‘g‘ri, tatar hamkasblarimiz, xususan I. Z. Nurullin Tataristonda jadidizm 1905 yilgacha ma’rifatchilik bilan birga edi, keyin ularda ajralish yuz berdi, deb hisoblaydi. Ozarbayjonda ham uni, ehtimol shunday bir bosqichlarga bo‘lish mumkindir. Lekin bizda ulardan farqli ravishda bu harakat Oktyabr inqilobi arafalarigacha aralash kechdi. Negaki, o‘sha davr Turkistoni Kavkaz va Volgabo‘ylaridan qiyos qilib bo‘lmaydigan darajada orqada edi..

Lekin zamon shunday shiddatli ediki, unga inqilob ham sig‘di, aksilinqilob ham. Garchi jadid — yangi-yu, jadidchilik — yangiliklardan urfga aylantirish shaklida boshlangan bo‘lsa-da, u shunchaki «yangi» va «yangilik»dan hayotni, turmushni yangilashgacha bo‘lgan doiraga yoyildi. Shu ma’noda u madaniygina emas, siyosiy hodisa ham edi. Binobarin, u yakrang emas. Shuning uchun u bir xil baholanishi mumkin emas. «Jadid» iborasi juda keng doirani qamrab olgan. Masalan, Hamza ham jadid, Avloniy ham jadid. Mashhur inqilobchilar Fayzulla Xo‘jaev, Nizomiddin Xo‘jaevlar ham jadid. «Qo‘qon muxtoriyati»ning asoschisi va rahbari, olaylik, Mustafo Cho‘qaev ham jadid. Jadidlarning ijtimoiy-siyosiy qarashlarida ham bir xillik yo‘q edi, idorai mashrutachilik (konstitutsion monarxiya)dan jumhuriyatchilik (respublika)gacha bor edi. F. Xo‘jaev Buxoro jadidlarini Turkiston jadidlaridan farqlash lozimligini uqtiradi. Negaki, ular ikki sharoitda yashadilar. Ular bir xil narsani ko‘tarib chiqqanlarida ham ikki sharoit uchun ikki xil ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun masalaga daxldor har bir faktga konkret yondashish kerak.

«Dinchiman» deb da’voda yurganlarning o‘ndan sakkizi imonsiz faqat din o‘g‘rilarigina, «taraqqiychiman» deb og‘iz ochib yurganlarning o‘ndan to‘qqizi taraqqiylarvar ismini pichratqon milliy xuliganlar bo‘lib chiqadi», — deb yozgan edi 1917 yilda M. Shermuhamedov. Haqiqatan ham asosiy mezon shior emas — ish, faoliyat. Shunga qaramasdan, jadidchilik xalqimizning uyg‘onishi, ijtimoiy-madaniy ko‘tarilishi uchun asosiy ma’naviy omillardan bo‘lib xizmat qildi. Shu ma’noda u bizda — Turkistonda marksizmgacha bo‘lgan asosiy revolyutsion ideologiya deb qaralmog‘i kerak. Fanimizdagi «mark-sizm Turkistonda o‘tgan asrning oxirlaridan yoyila boshladi» degan hozirgacha hukmron kelayotgan nuq-tai nazar bir-ikki tasodifiy faktga qurilgan bo‘lib, haqiqiy ahvolni soxtalashtirishdan boshqa narsa emas. Marksistik g‘oya, bizningcha, mahalliy xalqqa, uning ham avangard qismiga Oktyabr arafalaridagina yetib keldi.

Jadidizmni yaxlit, tashkiliy ustav-programmasiga ega bo‘lmagan deyishadi. Bunday bo‘lishi mumkin ham emas edi. Axir uning o‘zi har xil edi-ku! Lekin, bu unda ma’lum uyushmalar yo‘q, degani emas. Hatto partiyalar bor edi («Yosh buxoroliklar», «Yosh xivaliklar»).

Avloniy o‘z tarjimai holida qiziq bir faktni keltiradi:

«Shul zamonda (1894—1904 yillar ko‘zda tutiladi — B. Q.) yerli xalqlar orasida eskilits-yangilik (jadid-qadim) janjali boshlandi. Gazit o‘qituvchilarni mullalar «jadidchi» nom bilan atar edilar. Men ham shul jadidchilar qatoriga kirdim. 1904 yilda jadidlar to‘dasida ishlay boshladim. 1904 yilda «jadid maktabi» ochib, o‘qituvchilik qila boshladim. Mullolar jadidchilarni munofiq, mufsid, zindiq, dahriy so‘zlari bilan xalq orasinda propag‘anda va ag‘itatsiya qila boshladilar. Va bularning qilg‘on bul harakatlari bizning-da qonimizni qaynatub, boylarning yoniga mullolarni ham qo‘shub, mullolarga qarshi jadidchilarning ham dushmanliklari orta bordi. Mullo va boylarga qarshi hamda eski turmush bilan qat’iy suratda kurasha boshladuk. O‘z oramizdan mullolarga qarshi uyushmamiz ham vujudga chiqdi. 1905 yilgacha shul holda sinfiy kurashda davom qilduk. Boy va ulamolar «jadidchi»larga qarshi kurashib keldi. 1904 yilda rus-yapun urushi chiqib, bu urush butun Rusiya ishchilarin ko‘zin ochg‘ondek, bizning ham ko‘zimiz ochildi. 1905 yildagi Rusiyada boshlangan inqilob to‘lquni bizg‘a ham zo‘r ta’sir qildi. Bizning tashkilotimiz siyosiy maslaklarg‘a tushunib, birinchi navbatda qora xalqni oqartirmoq va ko‘zin ochmoq chorasig‘a kirishdi. Bu maqsadg‘a erishmoq uchun gazit chiqarmoqni munosib ko‘rub, uyushmaning harakati bilan o‘zbek tilida gazetalar chiqorildi. 1906 yilda «Taraqqiy», «Xurshid» gazetalari chiqub, eski hukumat tomonidan to‘xtatilg‘ondan so‘ng — 1907 yilda men o‘z muharrirlig‘im bilan hamda temir yo‘l ishchilarining sotsial-demokrat firqasining aloqa va yordami bilan «Shuhrat» ismindagi gazitni Safyorniy ko‘chada chiqardim» («Tarjimai hol»dan).

Yuqorida tilga olingan uyushmadan 30 ga yaqin kishi 1918 yildayoq partiya safiga o‘tishib, sovet idoralarida ishlashgan.

Aksariyat jadidlarning faoliyatlari fidoyilik namunalari bo‘lgan edi. Ularning orasida «kofir»lik tamg‘asini olmagani juda kam. 1905—1917 yillarda (80-yillarda emas, sotsializmda emas) ularning himmat va g‘ayratlari bilan o‘nlab xayriya jamiyatlari ochildi. Eldan pul yig‘ib, shular hisobiga kambag‘al bolalar uchun maktablar, yetimxonalar tashkil qilindi. Qolaversa, ularning asosiy qismi mana shu yangi jamiyatning, yangi madaniyatning bunyodkorlari edilar.

Jadidizmga ko‘pincha ikkita ayb qo‘yib keldik:

1. Millatchilik (panturkizm, panislomizm).

2. Oktyabr revolyutsiyasini e’tirof etmaslik.

Umuman olganda, millatchilik, Oktyabrni tushunib yetmaslik, uni hatto rad etish o‘sha davr bir qator ijodkorlarimizda yo‘q emas! Aslini olganda, buning ajablanadigan joyi yo‘q. Uning o‘z sabablari bor. Jumladan, millatchilik chor kolonial siyosatiga, velikorus shovinizmiga aks-sado sifatida qaralishi kerak.

Bir fakt. Ismoilbek Gaspirinskiy 1881 yilda «Rusiya musulmonlari» degan kitob chiqardi. Unda madrasalarni isloh qilish, dunyoviy fanlar o‘qitish, rus tilini o‘rgatish masalasini ko‘taradi.

Toshkentda Turkiston o‘qituvchilar seminariyasida shu munosabat bilan 1882 yilda bo‘lgan yig‘ilishda o‘qituvchi M. A. Muropiev «G‘ayrirus — musulmonlar maorifining asoslarini qanday bosh printsiplar tashkil etmog‘i lozim» degan mavzuda doklad qilydi va shunday fikrni ilgari suradi:

«..agar tavsiya qilingan loyiha qabul qilinsa, shu paytgacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini tiriltirgan va u orqali qo‘ynimizda ilonni asragan bo‘lamiz...

Shunday qilib, musulmonlarimiz maorifi uchun asos qilib olinishi shart bo‘lgan birinchi bosh printsip ularni ruslashtirishdir...

...Ikkinchi printsip... islomni buzish... umuman diniy jihatlarini buzishdir...» (Turkestanskiy sbornik, t. 361, str: 145).

1916 yilda esa Farg‘ona gubernatori Ivanov askarlariga qarata «Bir ming sart bir o‘ris soldatining etigining poshnasig‘a arzimaydir» (Qarang, «Yer yuzi» j., 1925 y., 11-son, 10-bet) degan ekan.

Endi ezilgan millatdagi millatchilikni ko‘raylik.

Abdulla Javotbekning Ismoilbek Gaspirinskiy bilan yozishmalaridan:

«Biz har shiydan avval turkmiz, so‘ngra musulmonmiz, so‘ngra odam bolasimiz... Butun millatlarning afrodi manim qardoshlarimdir, manim a’zolarim kabidur. Faqat turk qavmi manim qalbimdur. Man tabibman. Har ovruvni dorulamoq manim burchimdur. Faqat manim otam, bobom, bolalarim xasta bo‘lsa, har kimdan ilk onlar bilan mashg‘ul bo‘lurg‘a bir quvvai g‘oyiba mani majbur etadir» («Vaqt» g.1914., 1586-son).

Buni millatchilik ham deb bo‘lmas. Bu millatparastlik, to‘g‘rirog‘i, millatparvarlik. Yana bir misol. 1912 yilda Rusiya musulmonlariga panislomizm aybi qo‘yiladi. Duma deputati Sadri Maqsudiyning Duma minbaridan bergan javobida shunday gapga duch kelamiz:

«...Takror aytamak afandilar, bizda davlatga qarshi hech bir fikr, hech bir harakat yo‘q. Faqat bizda bir tilak borki, ulda Ulug‘ Rusiya imperiyasining komil huquqli hur grajdani bo‘luvni tilovdan iborat...

Men o‘ylaymanki, bizning milliy turmushimiz ila Rus davlati orasinda bir-birisina xilof kelurlik ish yo‘q. Biz har vaqt Rusiya davlatining olg‘a boruvini, zo‘rayuvini tilovchi Rusiya grajdani o‘laroq mamlakatning umumiy ishlarida birga yurajakmiz. Lekin o‘zimizning oila va millatimiz ichinda aslofamizning bizga vasiyat etub qoldirg‘on muqaddas narsalarini saqlag‘on holda dunyoda yasharg‘a, asrlardan berli uyushqon milliy ruhimiz tilagan ravishda dunyoda yasharg‘a bizga erk bering» («Vaqt» g. 1913 y. 955-son),

Aytish kerakki, revolyutsiyadan keyin ham birdaniga hammasi yo‘lga tushib ketgani yo‘q. Leninning o‘lka kommunistlariga 1919 yildagi xati bekorga yozilgan emas, Dohiyning «Velikorus imperializmining izlarini yo‘qotishni chin ko‘ngildan istaganligimizni ularga ish bilan isbot qilishingizni... sizlardan juda iltimos qilaman» deb uqdirishi bejiz emas. «Turkkomissiya» (1919), «Turkbyuro» (1920) tasodifan yuzaga kelmagan. «Eski bolsheviklar» degan ibora bekorga tug‘ilgan emas. Sovet Turkistonining o‘sha davrdagi ayrim rahbarlari (ular hammasi yevropaliklar edi) mahalliy mehnatkashlarning vakillarini Sovet hokimiyati organlariga tortishga qarshi chiqqanlari mutaxassislarga ma’lum.

Buning asoratlari ko‘pgina sohalarda anchagacha saqlanib qoldi. A. Ikromovning O‘zKP(b) MKning 1927 yil martdagi Plenumda aytgan so‘zlarini eslaylik: «Ikki mingdan ziyodroq studenti bo‘lgan O‘rta Osiyo universitetida o‘zbek atigi 80 tani, boshqa kichik millatlar esa 64 tani tashkil etarkan. Bu O‘rta Osiyo universiteti emish. Moskvadagi oliy o‘quv yurtlarida o‘quvchi o‘zbeklar Toshkentdagidan ko‘proqdir» (1-tom, 1972, 260-bet).

20-yillarda Fitrat va Cho‘lpon ijodida hazinroq ohanglar uchrasa, ajablanmaslik kerak.

Yana bir masala.

Jadidizm ijtimoiy tengsizlikdan ko‘z yumdimi, uni chetlab o‘tdimi? Unga ko‘pincha shunday ayb qo‘yilib keladi. Ma’lum va mashhur bir faktni keltiramiz.

Fotih Amirxon jadidchilik harakatining otasi hisoblanmish Gaspirinskiy vafoti munosabati bilan «Ulug‘ millatchi to‘g‘risida kichkina bir xotira» maqolasida unga «sotsialist»lik haqida savol berganini yozadi va Ismoilbekning javobini keltiradi. U shunday javob bergan ekan:

«O‘g‘lim, siz yoshsiz, tajribangiz kam. Shu uchun keragidan ortiq katta iboralar iste’mol etasiz. Sizning kabi qizg‘in ruhli yoshlarimiz millatga xizmat etib, aning madaniy darajasin o‘stirsalar, ul vaqtda biz sinfiy ixtiloflar to‘g‘risinda so‘ylashurmiz, fikr yuritishurmiz. Madaniyati yo‘q bir millatning sanoati bo‘la olmas. Modomiki ul yo‘q ekan, hali sinfiy nizolarga erta. Bizning bugungi vazifamiz hozircha madaniy o‘suvdan va shunga yo‘llar hozirlovdangina iborat. Undan keyingisini bizdan keyingilar qilarlar...»

F. Amirxon xulosa qiladi:

Millat va madaniyat bobosi og‘zindagi bu so‘zlar ham ishonchli, ham ulug‘ yangraylar edi («Ong» j. 18-son 1914 y. 332—333-betlar).

Endi inqilobga munosabatni olaylik. F. Xo‘jaev yozadi:

«Muvaqqat hukumatning ag‘darilganligi haqidagi xabar birinchi paytlarda «yosh buxoroliklar»ni qattiq tushkunlikka tushirdi. Rossiyada nima voqealar bo‘layotganligini hech kim aniq bilmasdi».

U buni asoslash uchun shunday dalil keltiradi:

«Bu davrda bolsheviklar tashkiloti bo‘lmagan yangi Buxorodagi temir yo‘l ishchilari orasida aksil-inqilobchilar katta ig‘vogarlik ishlari olib borar edilar. Bolsheviklarni nemislar foydasiga josuslikda, inqilobga xiyonat qilganlikda va hokazo va hokazolarda ayblar edilar».

Agar Fitrat Oktyabrni «yurt qayg‘usi» sifatida kutib olgan bo‘lsa, «Rusiyada yangi bir balo bosh ko‘tardi, bolshevik balosi» deb yozgan bo‘lsa, mana shu xil sabablari bor. Poltoratskiydek inqilobchilar yashagan Yangi Buxorodaki ahvol shunday bo‘lsa, Eski Buxorodagi vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas.

Qolaversa, inqilobning tabiati g‘oyat murakkab bo‘lgani kichik taqdirlar emas, katta taqdirlar misolida ham o‘z isbotini topmoqda.

Bunga keyingi yillarda kashf etilayotgan «yangi kishilar» shohid. Jadidizmning muhimligi ham, murakkabligi ham shunda. Uning butun ruhi, mazmuni, badiiy adabiyotga ham o‘tdi va u jadid adabiyoti degan nom oldi.

So‘nggi 20 yilda g‘alati bir yo‘l tutdik. Shu paytgacha jadid deb kelingan adiblarni biz, garchi u o‘zini jadid degan bo‘lsa-da, aslida, undaymas, qilgan ishlari boshqacha, masalan unday bo‘lgan, bunday bo‘lgan, hamisha xalq tarafida turgan, deb sun’iy ajratib ola boshladik. To‘g‘rirog‘i, bu o‘sha 30-yillarda, Hamzani oqlab qolishdan boshlangan. Hozirda 15—20 tachasi ajratib olindi. Kim qoldi? — Behbudiy, Munavvar qori. Mana Behbudiy haqida ham yoza boshladik. Yaxshi. Lekin, shu to‘g‘ri yo‘lmi? Bizningcha, to‘g‘ri emas. Harakatning o‘zini oqlash kerak. U 30-yillar stalinizm siyosatining qoliplari bilan baholanib kelgan edi. Bu qoliplar uni burjua-millatchilik ideologiyasi sifatida ko‘rsatishga qaratilgan qoliplar edi.

Biz undan marksizmni talab qildik. Uning revolyutsion-demokratik ideologiya ekanligi bilan hisoblashmadik. Turqistonda marksizmgacha bo‘lgan bosqich ekanligi bilan hisoblashmadik. Afsuski, bu hol keyingi paytlargacha davom etib keldi. 4 tomlik «O‘zbekiston SSR tarixi»ning ikkinchi tomida shunday fikrga duch kelamiz:

«Jadidlar rus burjuaziyasi bilan teng huquqda bo‘lishni, O‘zbekistonda (?) kuchli va favqulodda oxranani bekor qilishni, o‘lkaga rus dehqonlarini ko‘chirib keltirishni to‘xtatishni, aholidan o‘lpon olishni cheklab qo‘yishni va hokazolarni talab qildilar.

Burjuaziya bu talablarni ilgari surar ekan, o‘zini butun o‘zbek aholisining umummilliy manfaatlari uchun kurashayotgandek qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldi» (381-bet). Tabiiyki, bu e’tirozni o‘qitaningizda, so‘ng bu talablarning qaysi biri «o‘zbek aholisining umummilliy manfaatlariga» zid ekan, degan haqli e’tiroz tug‘iladi.

Yo bo‘lmasa, Behbudiyga qo‘yiladigan aybni oling. Uning siyosiy qarashlari haqida gap ketganda, 1906 yildagi kadetlarni qo‘llab, sotsial-demokratlarni rad etgan fikrini keltirishni xush ko‘radilar. Buni Behbudiy qismatini hal etuvchi dalil deb bo‘ladimi, axir. Avvalo, sotsial-demokratlar programmasiga ko‘shilmaslik unga qarshi kurash olib borish emas, aksincha uning butun faoliyati diniy-she’riy jihatini hisobga olmasa, umumdemokratik xarakterdagi jumhuriyat yo‘lida kechdi. Qolaversa, butun umri, tushuncha e’tiqodi islom bilan shakllanib tarbiya topgan bir kishidan marksizmni talab qilishning o‘zi to‘g‘ri emas.

Shular ko‘zda tutilsa, bu boradagi so‘nggi siljishlar, tabiiyki, hammani quvontiradi. Men bilganim, keyingi ikki yilda bu masalaga bag‘ishlangan uch yig‘ilish bo‘ldi. Shundan ikkitasi respublika doirasida, bittasi — regional — O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston olimlari ishtirokida. Afsuski, ular matbuotda yoritilmadi. Chamasi, rahbariyat fikr almashuv bir xulosaga kelgandan so‘nggina beradiganga o‘xshaydi. Agar shunday bo‘lsa, bu to‘g‘ri emas. Avvalo, bahsning bag‘ri torayadi. Ikkinchidan, nega uni jamoatchilikdan berkitish kerak?

Regional yig‘ilish shuni ko‘rsatdiki, mazkur masala bilan eng kam shug‘ullanayotgan, bu haqda aniq bir nuqtai nazariga, plan-programmasiga ega bo‘lmagan respublika biz bo‘lib chiqdik. Bu masala tatarlar va ozarbayjonlarda ma’lum ma’noda hal qilingan. Ularda hozir jadid tushunchasi yo‘q: ma’rifatchilar bor, burjua ideologlari bor. Tojik hamkasblarimiz jadidizmni o‘rganish bo‘yicha yaxlit, puxta kontseptsiya bilan keldilar. Lekin biz uni ma’rifatchilikdan nariga siljitolmay turibmiz.

Buni o‘rganish kerak. Alohida-alohida emas, yaxlit, birgina respublikamiz doirasida emas, Kavkaz, Tatariston va Boshqirdiston hamda tabiiyki, butun O‘rta Osiyo bilan uzviy bog‘liqlikda, birlikda o‘rganish kerak.

Uni o‘rganish, ayniqsa shu kunlarda har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi. Negaki, qayta qurish tufayli demokratiya, millatlar tenghuquqligi respublikalar mustaqilligini ko‘zda tutuvchi federatsiya kabi shu paytga qadar balandparvoz so‘zlarga chirmab, real hayotdan uzib qo‘yilgan tushunchalar bugun ma’no kasb etmoqda. Tarixni qayta qurmoqdamiz, qayta baholamoqdamiz. Ilgari gapirish u yoqda tursin, eshitishga ham yurak betlamaydigan savollarga javob izlamoqdamiz.

Yashirishning hojati yo‘q, O‘rta Osiyoning Rossiya tarkibiga kiritilishi masalasida yaqin yillargacha «qo‘shildi» degan nuqtai nazar ustivor edi. Hatto, 60-yillarda uning 100 yillik tantanalariga tayyorgarlik boshlangan edi. Chamasi chetda gap-so‘z ko‘payib ketgach, to‘y qoldirilib «qo‘shildi» — «qo‘shib olindi»ga o‘zgartirildi. Mana, nihoyat u o‘z oti bilan «bosib olindi» deb aytiladigan bo‘ldi. O‘ylaymizki, endi bu voqealarni shu nuqtai nazardan yoritgan adabiyot materiallari, jumladan, Bayoniy, Shavqiy, Umidiy—Havoiy kabi shoirlarimizning tarix va dostonlari ham dunyo yuzini ko‘radi.

Til, milliy munosabatlar-chi?

Yaqin-yaqingacha ham biror millatning ona tili haqida gap ketsa, uning falon foizi rus tilini o‘z ona tili deb hisoblashini g‘urur va faxr bilan tilga olar va bu bilan o‘z ona tilida ikki so‘zni bir-biriga juftlay olmaslikni oqlar edik. Bugun angladikki, u madaniyat emas, aksincha madaniyatsizlik ekan. Lekin bu jarayon qanchalar qiyin va og‘riqli kechmoqda? Umuman, ijtimoiy qarashlarimizdagi inertsiya qonunidan yaqin o‘rtada xalos bo‘lish mumkinmikin?

Mana, respublikamizdagi milliy munosabatlarga doir «Milliy manfaatlar va milliy muammolar» maqolasidan bir parcha:

«Milliy madaniyatlar, urf-odatlar, an’analar har tomonlama rivojlantirilishi, bir-birini boyitishi zarur. Rus, ukrain, xalqlari turmush tarzida, an’analarida, tabiatida, psixologiyasida uchraydigan bir qancha progressiv xususiyatlar o‘zbek va boshqa xalqlarning ma’naviy olamini ajralmas qismiga aylanib ketdi. O‘zbeklarning ba’zi bir ijobiy milliy xarakterini, ma’naviy boyligini ruslar ham ukrainlar ham qabul qilishdi» («Sharq yulduzi» j. 1988, 12-son). (Ta’kid bizniki—B. Q.).

Muallif keltirgan ma’lumotga ko‘ra respublikada ruslar jami aholining 10,8, o‘zbeklar 68,7 foizini tashkil etadi. Diqqat qilaylik: Mana shu 10,8 foizning «bir qancha progressiv xususiyatlar»i 68,7 foiz «ma’naviy olamining ajralmas qismi»ga aylanib ketgan. Aksincha 10,8 foiz, 68,7 foizning «ba’zi bir ijobiy» tomonlarini «qabul qil»gan. Muallif «ham» orqali bu ma’no-mazmunni yana kuchaytiradi. Qabul qilmadi emas, qabul qildi-ku, degandek bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Nima, bu 10,8 foizning imtiyozini e’tirof etishmi?

Holbuki maqola muallifi bugungi qayta qurishning respublikamizdagi eng e’tiborli va eng fidoyi namoyandalaridan.

Bu savollarning ko‘pchiligi xalqimizning milliy, ijtimoiy uyg‘onishida juda katta rol o‘ynagan jadidchilik harakatining asosiy muammolaridan bo‘lgan edi.

Binobarin, inqilob davom etmoqda.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 5 avgust

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.