background
logotype

Bekqul Egamqul. Hukm (1991)

1990 yil oxirlarida, ya'ni olti oy burun, ro‘znomalarda O'zbekiston SSR prokurori huzuridagi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi bo‘lib ishlagan Abiddin Aliboev ustidan sud boshlangani xabar qilingan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tdi. Ammo hamon bu sud nihoyasiga yetgani yo‘q.

Xo‘sh, A. Aliboev kim edi? Nega uni olti yildan ko‘proq vaqt sudsiz qamoqda saqlashdi? U shunchalik «katta» jinoyatchimidi? Axir, jumhuriyat va viloyat rahbarining jinoiy ishlarini tekshirish ham bunchalik uzoq cho‘zilmagan-ku! Bu savollarga bugun javob berish qiyin. A. Aliboevning jinoyatchi yoki jinoyatchi emasligini sud aniqlaydi. Ammo bir savolga javob bor. A. Aliboev olti yilu ikki oy nohaq qamoqda ushlab turildi. Jinoyat protsessual kodeksiga ko‘ra, aybdorni ko‘p deganda, shunda ham SSSR Bosh prokurori roziligi bilan, to‘qqiz oydan ortiq hisbda saqlab turish mumkin emas (bu muddat yaqinda bir yarim yilga uzaytirildi). Demak, qonunchilar tomonidan qonunga xilof ish qilindi. Bir fuqaro, bo‘yniga aybi qo‘yilmay turib, olti yildan ko‘proq qamoqxonada saqlandi. To‘g‘ri, bu ish Pop agrosanoat ishlab chiqarish birlashmasining sobiq bosh direktori Ahmadjon Odilov ishi bilan qo‘shib tekshirilgan. Lekin hech bir tergovchi yoki prokurorga tergovni bunchalik cho‘zish huquqi berilmagan. Kezi kelganda, shuni alohida ta'kidlash kerakki, Ahmadjon Odilov ham uzoq yillar qonunga zid ravishda hibsda ushlab turildi. Tergovchilarning aybi bilan katta shov-shuv ko‘tarildi. Matbuotda otdan oldin chang chiqarildi. Shu yo‘l bilan ular sudga ta'sir o‘tkazishga erishmoqchi bo‘ldilar.

Men Ahmadjon Odilov yoki Abiddin Aliboevda mutlaqo ayb yo‘q, degan fikrdan yiroqman, yuqorida ta'kidlaganimdek, ularning aybi bor-yo‘qligini sud, faqat sud aytadi. Lekin negadir tergovchilar matbuotga bergan intervyularida bu shaxslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri JINOYATCHI, deb ataydi. Qonunda bunday deyish mumkin emasligini bila turib, shunday qiladi. SSSR Bosh prokurori huzuridagi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi B. Sviderskiy «Argumentы i faktы» haftaligi muxbiri A. Bineevning «Toshkentda Rashidovning «Yaxshi» nomini oqlash bo‘yicha qandaydir guruhlar tuzilgan, deb eshitdim. Shu to‘g‘rimi?» degan savoliga: «Bunga sira yo‘l qo‘yish mumkin emas. Rashidov va Odilov yagona JINOIY SISTEMA», deb javob beradi. Nima, B. Sviderskiy sovet qonunlarida ko‘rsatilmagan imtiyozga ham egami? Nahotki, qonun himoyachisi bo‘la turib, A. Odilovni hali jinoyatchi deyish mumkin emasligini bilmasa? Biladi. Lekin olti yillik qilgan ishini sud puchakka chiqarib qo‘yishidan qo‘rqadi. Yo‘qsa, bunchalik shov-shuvga berilib ketmagan bo‘lardi. Men bu bilan ma'muriy tashkilotlar va matbuotni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymoqchi ham emasman. Aytilayotgan har bir gap to‘g‘ri bo‘lishi, ob'ektiv fikr bildirilishi tarafdoriman, xolos.

B. Sviderskiy matbuotda bir necha bor chiqish qildi. Har doim A. Odilovni, A. Aliboevni va boshqalarni qoralash bilan shug‘ullandi. Lekin biror marta shu shaxslar qonunga zid ravishda hibsda ushlab turilganini, mahbuslar bir necha bor ochlik e'lon qilganini aytmadi. Vaholangki, tergovchi matbuotda tarozining ikki pallasini teng qo‘yib faqat xolis fikr bildirishi kerak.

A. Aliboev sudi 1990 yilning 7 dekabrida boshlangan edi. O'zbekiston SSJ Oliy sud a'zosi A. V. Popkov raisligida, xalq maslahatchilari I. Inina, Sh. Qahhorov ishtirokida birinchi odil hukm chiqarildi - A. Aliboevning ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, hibsdan ozod qilindi. Lekin sud negadir cho‘zilib ketyapti. Ancha vaqt A. Popkovning tobi qochib qoldi. Bundan tashqari, ko‘pgina guvohlar o‘z vaqtidz sudga kelmayapti. Chunki, ularni tergovchilar chaqiraverib bezor qilishgan. Jinoiy ishdagi ayrim faktlar ham oydinlasha boshladi. Sud jarayonida ko‘pgina guvohlar Aliboevni shaxsan tanimaganligi, u haqda tergovchilardan ko‘p eshitgani, qo‘rqituv yoki aldov yo‘li bilan, shuningdek, ba'zilar (masalan, cho‘pon Shermat Abdurahimov) rus tilini mutlaqo bilmasligidan yolg‘on ko‘rsatma berishga majbur etilganlari ma'lum bo‘ldi. Hatto ko‘pgina guvohlar ochiq sud majlisida tergovchilar tazyiqi ostnda tuhmat qilishganini aytishib, Aliboevdan uzr so‘rashdi. Ayrim guvohlar (jumladan, Nosir Odilov, Sodiq G'afurov) A. Aliboevga qarshi tuhmatdan iborat ko‘rsatmalar berishdan bosh tortgani uchun ularning emizikli bolali xotinlarini ham qamoqqa olishganini aytishganda, sud zali hayajondan qalqdi. Afsuski, bizga «chetdan halollik olib kelmoqchi bo‘lgan» tergovchilar shunday ish bilan ham shug‘ullanishgan. Lekin hech bir qonunda bolasi uchun ota, yoki er uchun xotin javob berishi kerakligi aytilmagan. A. Aliboev sudida o‘tirib, yana bir haqiqatni anglaganday bo‘ldim. Tergovning cho‘zilishidan, markazdan kelgan tergovchilar ko‘proq manfaatdorga o‘xshab ko‘rindi. Ularga qolsa, tergov ishlari iloji boricha uzoq cho‘zilsa, odamlar yillab sudsiz-so‘roqsiz qamoqda yotsa ham mayli. Yuqoridan ijozat olish mumkin. Ularning mantiqi ham to‘g‘ri-da. Ishni tez tugatib Moskvaga ketsa, minglab oddiy odamlardan biriga aylanadi. Nonga, sutga, go‘shtga soatlab navbatda turish kerak. Bu yerda esa hayot, har qalay, o‘zgacha. Olti yil ichida birgina davlat mashinalaridan (asosan, «Volga»lardan) foydalanish xarajatlari, xomcho‘tlarga qaraganda, uch yuz ming so‘mdan oshib ketibdi, bu pullarga SSSR prokuraturasi hisobidan emas, bolalar bog‘chasi va maktablarga mo‘ljallangan mahalliy byudjetdan to‘lanibdi! «Namangan» mehmonxonasining butun bir qavati guruhning azmu ixtiyorida. Yeganing oldingda, yemaganing orqangda. Atrofingda qo‘rqqanidan xushomad qilib, yaltoqlanib, xizmat qilib turgan odamlar bo‘lsa! Moskvada topish amru mahol bo‘lgan noyob mollarni bu yerda oson topish mumkin. Guruhdagi tergovchi Yumashkinning o‘zi bir nechta yapon videomagnitafoniga ega bo‘ldi. Bittasi chayqovda qanchaligini tasavvur eting! «Jiguli», «Moskvich» olganlar ham bor. Bari viloyat hisobidan! Qancha urush va mehnat veteranlari, Qahramon onalar, ko‘pbolali oilalar, mashina, noyob mollarga navbatda turganda, yangi bog‘cha, maktablar qurish, eskilarini ta'mirlash zarur paytda, bu xil hotamtoylik kimlarga kerak bo‘ldiykin?!

B. Sviderskiy guruhining jumhuriyatimizga yuborilganiga yetti yilcha bo‘lib qoldi. Ular hali ham Namanganda faoliyatlarini davom ettiryaptilar. O'nlab odamlarning taqdiri ularning qo‘lida. O'ylaymizki, bu odamlarning ishi tekshirilganda, yuqoridagi kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shunisi qiziqki, tergovchi to‘plagan qurama materiallarning choki birin-ketin so‘kilib boryapti. Olti yil sudsiz qamoqda saqlangan R. Odilov, M. Aslanov ozod qilinib, ishlari tergovga qaytarildi. Demak, tergovda xatoga yo‘l qo‘yilgan, qonun buzilgan. Yana bir misol, A. Aliboev sudi boshlanganda, bir necha jildli materiallar ichida eng muhim hujjat - «aybdor»ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Bu qonunchilikning qo‘pol ravishda buzilishidir!

SSSR Bosh prokurori huzuridagi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi ishi orqaga keta boshlaganidan sal xavotirlanib qoldi. Shuning uchun keyingi intervyularida shashti pasaygani bilina boshladi. Jumladan, u «Literaturnaya gazeta»ning shu yil 2-sonida muxbir I. Maymistov savollariga bergan javobida: «Sudda ko‘rgunga qadar biron bir ma'lumot berish bizning qoidamizga to‘g‘ri kelmaydi. U yoki bu jinoyatlarda aybdorlik darajasini aniqlashga faqat sudninggina haqqi bor», deydi. To‘g‘ri gap. Lekin u uzoq vaqt shu to‘g‘ri gapni aytmay keldi. Pop agrosanoat birlashmasidagi allaqanday zindonlar haqida shov-shuvlar ko‘tarildi. A. Odilov va uning atrofidagilarni jahon ahamiyatiga molik jinoyatchilar qilib ko‘rsatishga harakat qilindi.

A. Aliboev ishi ustidan sud tergovi nihoyasiga yetyapti. Sudda so‘nggi va hal qiluvchi so‘z aytilishiga oz qoldi. Lekin meni bir narsa tashvishga solyapti. Xo‘sh, bordi-yu, A. Aliboev va Pop agrosanoat birlashmasi bo‘yicha qamoqqa olingan boshqa shaxslar aybsiz, deb topilsa, ularning shuncha yil azoblab hibsda ushlabturganlar jazolanadimi? Yoki ularni markaz yana o‘z himoyasiga oladimi? 

«Fitna san'ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.