background
logotype

Boymirza Hayit. Turkiston — Ikkinchi jahon urushi yillarida (1987)

http://n.ziyouz.com/images/turkiston-legioni.jpg

(Anqara universitetining «Dunyo va turklik» mavzuidagi simpoziumida 1987 yil 21—28 aprelda o‘qilgan nutq)

1935 yil oxirigacha Turkiston turklari Sovet Armiyasiga safarbar etilmas edi. 1935 yilda qabul qilingan «Sovet Armiyasiga safarbarlik» qonuniga asosan 1935-38 yillar ichida Qizil Armiya xizmatlariga turkistonliklar oz miqdorda olingandi. 1939 yil so‘ngida Sovet Ittifoqi bilan Finlyandiya orasida urush borganligi sabab bo‘lib turkistonliklardan Qizil Armiyaga askar olish orta bordi. 1941 yil iyun oyida Sovet Ittifoqi bilan Olmoniya orasida boshlangan urushning dastlabki yillarida (1941-43) Qizil Armiyada taqriban 4.847.775 turkistonlik bor edi. 18 bilan 65 yosh orasidagi turkistonliklar jabha xizmatiga safarbar qilindi. Turkistonliklar 1939-45 yillar orasida uzluksiz ravishda Qizil Armiya xizmatiga olinishidan oldin, Sovet rejimi Turkistondagi dastlabki siyosatining «mevasini» totayotgan edi. Stalinning «Davlat va kommunistik partiya idoralarini xalq dushmanlaridan va millatchilardan tozalash»ga oid ko‘rsatmasi bilan Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti qabul qilgan qaror asosida 1937-39 yillarda turkistonliklardan taqriban 2 millionga yaqin kishi qamoqqa olingandi. Bunday terrorlardan keyin, qo‘rqinchli yillar ta’siridagi turkistonliklar endi Qizil Armiya xizmatiga olinayotgan edi.

Ikkinchi jahon urushi paytlarida Qizil Armiyaga safarbar etilgan Turkiston turklarining sanog‘i to‘g‘risida to‘la ma’lumot yo‘q. Lekin, «Milliy Turkiston» Birlik Qo‘mitasining 1942-43 yillarda Olmoniya tomonida jabhada bo‘lgan «Turkiston legioni»ning askarlariga berilgan savollarga olingan javoblardan urush davrida Qizil Armiyada bo‘lgan turkistonliklarning sanog‘i borasida haqiqatga yaqin ma’lumot olish mumkin bo‘lgandi. To‘plangan ma’lumotlarga qaraganda, 1943 yilda Qizil Armiyaning 6 harbiy qismida, ya’ni, Minsk, Kiev, Moskva, Leningrad, Uzoq Sharq, Shimoliy Kavkazda 1.179.802 turkistonlik askar bor edi. Faqat Minsk va Kiev qismlarida 997.802 nafar edi. Sovet Ittifoqining boshqa harbiy qismlarida bo‘lgan turkistonliklarning sanog‘i haqida ma’lumot olishning iloji bo‘lmagan. Olmon urushi doiralarining tarqatgan ma’lumotlariga ko‘ra, Sovet Ittifoqi bilan Olmoniya orasidagi urushning ilk yillarida (1941-42) Sovetlarning G‘arbiy jabhasida taqriban 2 millionga yaqin turkistonlik askar bo‘lgan. To‘rg‘ay shahrida joylashgan Olmon harbiy asirlari Boshqarmasining 1943 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, urushning ilk yillarida (1941-42) Sovet Armiyasidan 1.700000 ga yaqin turkistonlik olmonlar tomonidan asir olingandir.

Olmon-Sovet urushidan oldin, Sovet Armiyasiga chaqirilgan turkistonliklarning ko‘pi Ukraina va Polshada xizmat qilayotgan edi. Finlyandiya — Sovet Ittifoqi urushida ma’naviy va moddiy kuchlaridan ayrilgan Qizil Armiya Olmoniyaning Polshadagi urush borayotgan chegaralariga yuborgan askarlarini na qurol jihatdan, na-da ma’naviy jihatdan ta’minlagan edi. Olmon Armiyasi bilan yuzma-yuz kelgan turkistonlik sovet askarlarining ko‘pchiligi qo‘llarida miltiqqa o‘xshagan taxta parchalarini ko‘tarib borishardi. Olmonlar birinchi bo‘lib chegarada turgan sovet askarlaridan turkistonliklarga og‘ir zarba bergandilar. Shu sababli turkistonliklarning bir qismi yoppasiga halok bo‘ldi. Ko‘pchiligi esa nemislarga taslim bo‘lgan va ular tomonga o‘tgan edi. Sovet Armiyasi tarkibida xizmat qilayotgan turkistonliklarning faqat ozgina qismi orqaga chekindi. Lekin bularning ham aksariyati nemis armiyasi tomonidan asir olindi va o‘ldirildi.

http://n.ziyouz.com/images/boymirza_hayit.jpgIkkinchi jahon urushi davrida Sovet Armiyasida bo‘lgan turkistonlik askarlarning «Sovet Vatani» deb atalgan, aslida «Rus vatanparvarligi» ruhida yashayotgan Sovet Ittifoqining g‘arbiy mintaqalaridagi tuproqlarini mudofaa qilish uchun ma’naviy kuchlari yetarli emas edi. Hech kimsa 1937-1939 yillardagi stalinizm-bolshevizm terrorining ta’siridan qutulolmagan edi. Ustiga ustak turkistonlik askarlarning ko‘pchiligi rus tilini bilmaganlari uchun, ularga «ikkinchi darajali askar» nazari bilan qaralardi. Shunday bo‘lsa ham turkistonliklar o‘z Vatanlaridan yiroq jabhalarda urushayotgan edilar. Har bir turkistonlik sovet askarining xayolida «men nega bu yerdaman?» degan savol bor edi. Shuning bilan birga Sovet Armiyasida Turkiston Milliy Ozodligi uchun Rusiyaga qarshi general Mirshakar boshchiligida tashkil etilgan yashirin bir tashkilot Minsk shahrida joylashib, turkistonlik sovet askarlarining Olmoniyaga qarshi jiddiy jangga kirmasliklarini tashviq etayotgan edi. Qizil Armiya qo‘mondonligi 1944-45 yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jabhada urush olib borayotgan turkistonlik sovet askarlarining ozgina qismi Olmoniyaga sig‘inganlar edi. Nemislar tashviqotining xatosi ham Sovet Armiyasiga yordamchi rolini o‘ynadi. Nemis armiyasi bilan birga turkistonlik askarlar Sovet Armiyasiga qarshi jabhada ishtirok etayotgan bo‘lishlariga qaramay, nemis targ‘ibot organlari «Bolshevizmning asosiy manbai mo‘g‘ullar va osiyoliklardir» deb jar solishdan voz kechmadi. Bunday xatoli targ‘ibot hammasidan oldin turkistonliklarni qo‘rqitmoqda edi. Nemislarning Sovet Armiyasidan olgan asirlari va Sovet Armiyasidan qochib Olmon armiyasiga o‘tgan sobiq sovet askarlariga nisbatan olib borgan bunday yomon muomalalari sovet askarlarida nemislarga qarshi ishonchsizlik tuyg‘usini vujudga keltirdi. Sovet Armiyasida ikki millionga yaqin turkistonlik turk va musulmon askarlarining bo‘lganligi, Turkistonning urush davridagi inson potentsiyasi oqimining darajasini ko‘rsatmoqda edi. Ikkinchi jahon urushi, Turkiston turklarining an’anaviy urush qobiliyatlarining saqlanib qolganini ko‘rsatdi. Turkistonliklar urushga qo‘rqmay otilib kirardilar. Turkiston, Sovet Ittifoqining urush yillaridagi iqtisodiy ehtiyojlarini ta’minlagan markaz bo‘lgandi. Bunga Turkistonning boy ma’dan konlari va ziroati imkon bermoqda edi. Masalan, 1945 yilda Sovet Ittifoqi ko‘mir rezervining 26,7 foizi, benzin rezervining 32 foizi, misning 76 foizi, jivaning (alyuminning) 100 foizga yaqini, ruh va qo‘rg‘oshinning 86 foizi, vismutning 100 foizi, xromning 90 foizi va marganetsning 95,5 foizi Turkistonda edi. Ikkinchi jahon urushidan oldin sovet mutaxassislari bildirgan ma’lumotga ko‘ra, yolg‘iz Qarag‘andadagi ko‘mir koni Sovet Ittifoqi ko‘mir ehtiyojlarini 120 yilgacha qoplay oladigan darajada boydir. Qarag‘andadagi ko‘mir konida urush yillarida har kuni 31.314 tonna ko‘mir chiqarilgandi. Urush yillarida 150 temir-ma’dan konlari kashf etilgan. Jezqazg‘an marganets-ma’dan koni Ukraina nemislar tomonidan ishg‘ol etilgandan keyin Sovetlarning Krivoy Rog ma’dan koni o‘rniga ishga solingandi. Sovet Ittifoqining g‘arbiy mintaqalari (Ukraina, Belorussiya kabi) ishg‘ol etilgandan keyin, sovetlarning konga va nonga bo‘lgan ehtiyojlarini Urol, Sibiriya va Turkiston ta’minlagandi. Olmon-Sovet urushidan oldin Sovet Ittifoqida chiqarilgan temirning 68 foizi, po‘latning 58 foizi, alyuminiyning 60 foizi g‘arbiy mintaqalardan olinardi. Lekin urush bunga barham berdi. Sovet hukumati 16 avgust 1941 yilda Urush Iqtisodiyoti Planini qabul qildi va favqulodda o‘laroq G‘arb mintaqalaridagi qutqarib qolish mumkin bo‘lgan sanoatini Turkiston, Urol va Sibiriyaga joylashtirdi. Ukraina, Belorussiya, Moskva va Leningraddan 1941 yil iyul-noyabr oylarida 1563 fabrika (bulardan 1360 tasi harbiy sanoatga oid), Sovet Ittifoqining sharqiy mintaqalariga ko‘chirildi. Bulardan 250 dan ortig‘i Turkistonga yuborilgandi. Ukrainaday boy bir mamlakatning Olmoniya tomonidan ishg‘ol etilishi munosabati bilan, Sovet Ittifoqi, harbiy ehtiyojlari yukining katta qismini Turkiston zimmasiga ortdi. Turkiston Qizil Armiyani oziq-ovqat, paxta, jun, ipak, meva, sabzavot, go‘sht, non va shakar bilan ta’minlab turdi. Turkistonning yerosti ma’dan boyliklari, ziroati va chorvachilik imkonlari haqida bu yerda bahs yuritishning hojati yo‘q. Chunki bular haqida «Turkistonning iqtisodiy muammolari» («Die Wirtschafts - Probleme Turkestans», Turk madaniyati tadqiqotlari Instituti nashr etgan 32, VII seriya, A I sonli risola, Anqara, 1968, 244-bet) nomli asarimda ma’lumotlar berishga harakat qilganman. Shuni ham ochiq aytishimiz kerakki, Turkiston temir yo‘llari, Ikkinchi jahon urushi yillarida Sovet Armiyasi uchun beqiyos xizmatlar qildi. Masalan, Ashxobod temiryo‘li 1942 yilda 100 ming vagon askar tashigan edi. Urush uchun kerakli bo‘lgan sanoat va ziroat mahsulotlarini jabhaga tashish va jabhani Turkistonga bog‘lash masalalarida Toshkent, Ashxobod va Turksib temiryo‘llari muhim rol o‘ynagandilar.

Urush davrida Sovet Ittifoqining G‘arbiy mintaqalarida 3 millionga yaqin kishi Turkistonga ko‘chirib yuborildi. Bulardan 2 million 300 mingi Qozog‘iston Sovet Jumhuriyatida, 716 ming kishi O‘zbekiston Sovet Jumhuriyatida, qolgan qismi Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston Sovet Jumhuriyatlarida joylashtirildi. Turkiston aholisi bularni uy-joy, oziq-ovqat va boshqa hayot ehtiyojlari bilan ta’min etdi. Yetim qolgan bolalarning ko‘pchiligi ham Turkistonga jo‘natildi. Bular bilan Turkistonning turk aholisi insonparvarlik ruhida muomala qildi. Masalan, toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmud o‘g‘li va uning xotini Bahri aya Toshkent yetim bolalar uyidan 16 nafar, 16 millat va qavmdan kelgan yetim bolalarni o‘z himoyasi va tarbiyasiga oldilar. Har bir bola uchun turk-musulmon ismi berib, ularni turk-o‘zbek lahjasida va musulmonlik ruhida ulg‘aytirdilar va bolalarga Shomahmudov familiyasini berdilar. Otasining ismi Shoahmad, onasining ismi Bahri deb yozdirdilar. Bu bolalar turli millatlardan kelgan oilalarning bolalari bo‘lganlarini faqat keyinchalik bildilar. Lekin shungacha Shomahmudov oilasi an’analariga bog‘liq holda yashadilar va ishladilar.

Turkiston umuman Sovet Ittifoqining urush davri iqtisodiyotida muhim rol o‘ynadi. Buni Stalin 1943 yilda quyidagi fikrlar bilan bayon etgan edi: «O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Sovet Jumhuriyatlari, Qizil Armiyaning eng muhim qurol ombori bo‘ldi.»

Stalin birinchi marta O‘rta Osiyo va Qozog‘iston atamasini ishlatgan Sovet kommunist rahbari bo‘lgan edi. Shu narsani ochiq qayd etishimiz kerakki, Stalinning atamachilik borasidagi bu «ruhiy meros»ini hozirgi kungacha G‘arbda ham ishlatib yurganlar talaygina.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Turkiston bir tomondan Sovet Armiyasining askariy potentsialida ahamiyatli rol o‘ynagan bo‘lsa, boshqa tomondan iqtisodiy imkonlari bilan Sovet Ittifoqi harbiy iqtisodiyotiga oid talablarini qondirishga majbur etildi. Bu esa Sovet Ittifoqining urushda yengib chiqishida muhim negizlardan biri bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi ayni choqda Turkiston milliy masalasini o‘rtaga ko‘ndalang qilib qo‘ydi.

Olmon-Sovet urushi boshlangan yillarda Olmoniyada bo‘lgan turkistonlik ziyolilar, 1939 yilda Olmoniya ila Sovet Ittifoqi orasida Polsha taqsim etilganidan keyin Turkiyaga ko‘chdilar. O‘sha yillarda Parijda yashagan Mustafo Cho‘qay va Berlinda turgan Vali Qayumxonday ikki turkistonlik ziyoli, Sovetlar Ittifoqi hokimiyati ostida yashab kelgan turk qavmlarining muhojir ziyolilarining vakillari ila o‘z mamlakatlaridan kelgan harbiy asirlarning anketalarini tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. 1941 yil dekabrida Mustafo Cho‘qay vafot etdi. Yozuvli bo‘lmagan (ya’ni og‘zaki) ma’lumotlarga qaraganda, Sovet Ittifoqida turk qavmlarining Olmoniyadagi muhojir rahbarlari, asirlarni ishlashga jalb qilmoq uchun anketalar tuzishga kirishgandilar. 1942 yil boshida ahvol o‘zgardi. Avval Sovet Rusiyasi hokimiyati ostida bo‘lgan, hozirda esa Olmoniyada turgan g‘ayrirus millatlarining bir qismini legionlarga qabul qilish masalasi ko‘rildi. Shu tariqa Olmoniya hokimiyati ostiga kirgan yerlarda Armani, Gurji, Shimoliy Qofqoz, Ozarboyjon, Idil-O‘rol va Turkiston legionlari barpo etildi. «Turkiston legioni»ning birinchi partiyasi 2 may 1942 yilda Bryansk o‘rmonlarida Sovet Armiyasiga qarshi jangga kirdilar. 1942 yil avgustida Vali Qayumxon raisligidagi «Turkiston Milliy Birlik Qo‘mitasi» tuzildi va ayni zamonda «Milliy Turkiston» jurnali nashr etildi. Jurnalning birinchi soni (15.8.1942) «Bizning yo‘l» nomi bilan chiqdi va «Bizning yo‘l otalar yo‘lidir, mustaqillik yo‘lidir» deya bayonot berdi. Olmon Davlati, milliy qo‘mitaning bu siyosiy yo‘lini o‘rganib chiqdi, ammo uning siyosiy niyatiga qarshi chiqmadi.

«Turkiston legioni»ning jabhadagi askar va zobitlarining miqdori 1944 yil oxirida 181.402 kishi edi. Bularga ilova o‘laroq harbiy forma kiygan va legionga mansub bo‘lgan ishchi birliklari (rabochiy personal) bor ediki, ularning sanog‘i 85 mingdan ziyoda edi. 1944 yil oxirida esa «Turkiston legioni»da 267 mingdan ortiq turkistonlik xizmatda edi. Askariy qo‘mondonlik Olmon armiyasi tomonidan tayin etilardi. Turkistonliklardan batalon va polk qo‘mondonlari, rota komandirlari juda ko‘p edi. Legionning siyosiy va milliy ishlari Milliy Turkiston Birlik Qo‘mitasi tomonidan idora etilardi. Har bir askar va zobitning (legionda xizmatda bo‘lgan olmon asir va zobitlarning ham) so‘l qo‘lida «Turkiston, Olloh biz bilan» tamg‘asi bor edi. Askariy ont, Qur’oni karim qarshisida ikki qilich birlashtirilib, Turkiston bayrog‘i ostida qabul qilinardi.

Olmoniyada tashkil etilgan Ozarboyjon, Shimoliy Qofqoz, Idil-O‘rol va Turkiston legionlarining tarixi bugungi kunga qadar yozilmadi. Faqat «Turkiston legioni» haqida ba’zi manbalarimiz bor. Lekin bularning nashrlarida harbiy kuchlar (askarlar miqdori) va ularning faoliyatlari borasida ma’lumot hamon yo‘qdaydir.

Turkiston legioni, Sovet Rusiyasining qo‘shinlariga qarshi jiddiy janglar olib bordi. Ruslar, Turkiston milliy askarlaridan asir olmas, ularni «qora fashistlar» deyishardi. Olingan asirlarni joyida o‘ldirishardi. Hatto, yarador milliy askarlarni ham ayab o‘tirishmasdi. Turkiston legioni 1944 yilning oxiriga qadar taqriban 65 ming shahid bergandi, 900 ga yaqin legioner, Sovet partizan Birliklariga qochgandilar. Legionerlar, olmon askar va suboylari (zobitlar, ofitserlar) bilan umuman yaxshi anglashardilar. Ba’zan oralarida anglashmaslik hollari ham bo‘lardi. Turkiston legioni o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik qavmlaridan iborat edi. Ular sovetlarning yillar davomida olib borgan parchalash va bir-biriga qarshi qo‘yish siyosatiga qaramay, turkistonliklarning «Turklik birligi»ni ko‘rsatib qo‘yish qobiliyatlarini ham isbot etgandilar. Tabiiyki, sovet targ‘iboti Turkiston legionini ichidan buzish uchun ko‘p ishladi. Lekin Turkiston Milliy Birligini buzolmadi.

Olmon davlati 24 mart 1945 yilda Turkiston legionini TURKISTON MILLIY ARMIYASI, Turkiston Milliy Birlik Qo‘mitasini TURKISTON MILLIY HUKUMATI sifatida rasmiy bir vasiqa bilan tanidi. Milliy hukumatga Olmoniya va unga do‘st davlatlar bilan diplomatik munosabatlarda bo‘lish huquqini ham bergandi. Olmoniyaning bu tadbiri biroz kechikkan bo‘lsa ham, tarixiy bir hodisa sifatida, shunday bir tanish qarorining vasiqasi ham o‘sha davrning Turkiston milliy masalasiga bir munosabat sifatida ahamiyatlidir.

Ikkinchi jahon urushidan keyin olmonlarning himoyasi ostida tutilgan turkistonlik asirlarning va Turkiston Milliy Armiyasining askar va suboylari hayotida achchiq bir davr boshlandi. Ittifoqchi davlatlar Amerika, Angliya va Sovet Ittifoqining davlat boshliqlarining Yalta shahridagi 1945 yil fevral anglashma (shartnoma)siga ko‘ra, har bir davlat urushdan keyin o‘z vatandoshlarini qaytarib olishi kerak edi. Bunday shartnoma ozod vatanga ega bo‘lgan davlat vatandoshi uchun g‘oyat tabiiy bir masala edi. Ammo, Sovet Ittifoqi uchun bunday qarorga kelishilgani ko‘p kishilarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Yalta shartnomasi asosida, Amerika, Angliya va Frantsiya armiyasining mintaqalarida bo‘lgan turkistonlik askarlar va milliy askarlar zo‘r bilan Sovet Ittifoqiga jo‘natila boshlandi. Sovet Ittifoqidan kelgan turklarning aksariyati, shu jumladan 200 mingdan ortiq turkistonlik Sovet Ittifoqiga ketishdan bosh tortdilar. Ittifoqchi davlatlarning suboylari, rus suboylari bilan birga qaerdaki bir sobiq sovet askarini, asirini yoki olmonlar bilan birga Sovet armiyasiga qarshi jang qilgan askarlarni ko‘rsalar, darhol Sovet ofitserlariga taslim qilib berardilar. Amerikadagi armanilar o‘z armanilarini qutqarish uchun bemalol, muvaffaqiyat bilan ishladilar. Sovet Ittifoqiga ketishni istamagan turklarga yordam beradigan bir davlat izlanardi. Olmoniyada bo‘lgan ikki turk talabasining himmati bilan 1945 yilda Turkiya Arkon-i Harbiya-i Umumiyasining Bavariyadagi Amerika armiyasi naznidagi tamsilchisi Yuzboshi Ehson Unasan (1966 yilda vafot etdi) bilan tanishdim. Undan yordam so‘radim. U, o‘z navbatida turklarning anketasini hozirlashimni iltimos qildi. Ehson Bey anketalarning bir nusxasini o‘zi oldi, boshqa bir nusxasini esa maxfiy yo‘llar bilan Anqaraga jo‘natdi. Ehson Bey o‘tirgan uchoq Yugoslaviya ustida o‘qqa tutildi va uchoq urib tushirildi (uning jomadonidagi anketalar yo‘qoldi). Jo‘natilgan ikkinchi nusxa esa Anqaraga kelgan, Anqarada mas’uliyatli xizmatchilar bu anketalar asosida Olmoniyadan 100 mingga yaqin turkning Turkiyaga keltirilishi masalasini muhokama qilganlar. Oralarida «Agar bularning orasida 10 ming Sovet josusi bo‘lsa nima qilamiz?» savoli tug‘ilgan va «Qabul etilmasin» deya qaror qilganlar. Turkiyaga bosh urgan buncha insonning 10 ming tugul yuz kishisi ham josus bo‘lmasligini ko‘ra bilmaganlar. Yordamsiz qolgan turklar, 1945 yil noyabriga qadar, Sovet Ittifoqiga qurol kuchi ila (zo‘rlik bilan) taslim etilganlar. 1945 yil noyabrida Eyzenxauerning «Rusiyaga biron odam zo‘rlik bilan jo‘natilmasin!» degan amriga asosan, 6—7 ming turk, shu jumladan taqriban 800 turkistonlik jonlarini qutqazib qola oldilar. Sovet Ittifoqiga zo‘r bilan jo‘natilgan turkistonliklarning ofitserlari Sovet Jazo qonuni, urush payti qoidalari asosida darhol o‘qqa tutilganlar. Qolganlar esa, 20—25 yil davomida jazo uylarida, xususan, Sibiriya surgunlarida bo‘lganlar, sog‘ qolganlari so‘ngra vatanlariga qaytishga muvaffaq bo‘lganlar. Ittifoqchi davlatlar, bugungi kunga qadar Sovet Ittifoqiga jo‘natilgan sobiq sovet askarlari haqidagi arxivni nashr etganlari yo‘q.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi Turkistonning Sovet Harbiy hayotiga qo‘shgan hissasi haqida Sovet Ittifoqida yozilgan bir qancha asarlar bor. Turkistonliklarning olmonlar ila birga Sovet Rusiyasiga qarshi janglari haqida Sovet Ittifoqida yozilgan talaygina asarlar, shu jumladan romanlar, maqolalar va xotiralar bor. Olmoniyada Sovet Ittifoqidan kelgan turklarning ikkinchi jahon urushi yillarida milliy ozodlik da’vosi, davom ettirgan kurashlari, janglari haqida ba’zi asarlar yozildi. Lekin bular turkistonliklarning harakatini to‘la va to‘g‘ri ifoda etmaganlar. Ikkinchi jahon urushi yillarida turkistonliklarning ikki jabhada, sovetlar va olmonlar tarafidagi janglari va Turkistonning u yillardagi ahvoli haqida bu kunga qadar milliy tuyg‘u va halol manbalar asosida yozilgan asar yo‘q, bunday asar yaratilmagandir.

Ikkinchi jahon urushi davrida Olmoniya bilan birga urushgan Turkiston Milliy Armiyasining tarixda qoldirgan ba’zi muhim izlari bor. Bularni quyidagi nuqtalarda bayon eta olamiz:

1. Turkistonlik besh qavm vakillaridan iborat bir Turkiston o‘rdusi (Armiyasi)ning qurilishi, Turkistonda milliy turk tuyg‘ularining o‘lmaganligini isbot etdi.

2. Turkistonliklardan hali Sovet kishilari, Sovet millati yaratilmaganligi tasdiq etildi. Chunki Turkiston milliy o‘rdusida Sovet hokimiyati xizmatida bo‘lgan barcha ijtimoiy guruhlar (o‘qituvchilar, partiya va davlat idoralarida ishlagan shaxslar, ofitserlar, kommunistlar, hattoki, siyosiy komissarlar, talabalar, ishchi va dehqonlar) bor edi.

3. Turkiston legioni, so‘ngra Turkiston Milliy Armiyasi, Sovet Armiyasidagi turkistonliklarga ruhiy jihatdan ta’sir ko‘rsatdi. Shuning natijasida Sovet davlati, 1926 yildan beri O‘rta Osiyo Harbiy Okrugi ismini tashigan okrug ismini TURKISTON HARBIY OKRUGI deb o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

4. Turkiston Milliy Armiyasida Islom diniy ta’limotining va jabhada ham Islom marosimlarining davom ettirilishi va Sovet Armiyasida bo‘lgan turkistonliklarning ota-onalarining talablariga binoan, Sovet davlati ilk bor Turkistonda Islom Diniy Tashkilotining tuzilishiga va Sovet Armiyasida Islom janoza marosimiga izn bermakka majbur bo‘ldi.

5. Olmoniyada ma’lum bo‘lgan manbalardan bilamizki, turkistonlik legionerlar va keyingi Turkiston Milliy Armiyasi, askarlari sanog‘ining ko‘pligi bilan Olmoniyada tashkil etilgan barcha milliy qo‘mitalar, jumladan Ozarboyjon Legioni va Milliy Qo‘mitasi, Ozarboyjon nomidan Yorboy Fotihali Yudon Bey va Turkiston nomidan Bendeniz, Olmon Piyoda Kuchlari Qo‘mondonligining «Turkiya Olmoniyaga qarshi jabha ochsa, Turkiston va Ozarboyjon askarlari «Turkiyaga qarshi jabhaga kira oladimi?» savoliga keskinlik bilan: «Yo‘q, Turkiyaga qarshi jabhaga kirolmaymiz» deya javob bergandilar. Bu bilan turkligimizning yo‘li tayin etilgandi. Holbuki, Olmon urushi qo‘mondonligi, bizning Turkiyaga qarshi jabhaga kirishimizga rozi bo‘lgandi.

6. Turkistonda urush paytida va urushdan keyin Milliy Armiyaning ruhi asosida yangi bir milliyatchilik oqimi yuzaga keldi. Shu sababli Sovetlarning, urush yillarida, turkistonliklarning Olmoniya bilan birga So‘vet Rusiyasiga qarshi jabhaga kirishlarining sabablaridan ko‘z yumishi va milliy harakatni ta’sirsiz va ahamiyatsiz qilib ko‘rsatish niyatida olib borgan tashviqoti ham yangi milliyatchilarning ko‘payishiga imkonlar berdi.

Sovet Armiyasi 1979 yil oxiridan e’tiboran Afg‘onistonni ishg‘ol qilgan ilk oylarda, bu ishg‘olchi armiya orasida turkistonliklar ko‘p edi. Turkistonlik sovet askarlari, Afg‘oniston mujohidlariga qarshi berilgan buyruq asosida harakat qilmadilar. Bular hattoki, Sovet Armiyasini ma’nan buzdilar. Shuning uchun Sovet Harbiy Qo‘mondonligi ochiqchasiga Afg‘onistondan ko‘p miqdorda turkistonliklarni qaytarib olishga majbur bo‘ldi.

Afsuski, G‘arb o‘lkalarida bu kunga qadar Turkistonning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi (1939—1945) umumiy masalalari tadqiq etilmagan. Turkistonning urush yillaridagi umumiy savash manzarasini (insoniy va moddiy potentsiallari va milliy ozodlik harakatini) o‘rganish uchun hech bo‘lmaganda Sovetlarning asarlari tanqidiy ko‘z bilan tadqiq etilishi kerakdir.

Miraziz A’zam nashrga tayyorlagan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 3-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.