background
logotype

Boymirza Hayit. XX asrda Turkistondagi milliy va sovet davlatlarining xarakteri (1986)

(Turk tarix Qurumi muassasasinnng X qurultoyida 1986 yil sentyabrda o‘qilgan ma’ruza)

XIX asr o‘rtalarida G‘arbiy Turkistonda Buxoro, Xeva (Xorazm), Qo‘qon xonlik davlatlari va Sharqiy Turkistonda Yoqubbek davlati mavjud edi. Bulardan Buxoro, Xeva va Qo‘qon davlatlari XVI asrning boshida temuriylar davlatiga barham bergan o‘zbek-turk-shayboniyxon sulolasi davlatining XVII—XVIII yuzyilda parchalanishi sababli maydonga kelgan davlatlardir (Buxoro, Xeva va Qo‘qon xonliklari va milliy davlatlarning tarixi yuzasidan, misol uchun, quyidagi asarlar va maqolalar katta ahamiyatga egadir:

V. Bartold, Moskva, 1963, Sochineniya, II, I, 268-292 b;

Velidov, Zeki «Nekotorыe dannыe po istorii Ferganы XVIII stoletiya». Protokolы zasedaniy i soobideniya chlenov Turkestanskogo krujka «Yubtalay Arxeologiya», Tashkent—1915, 2-kitob, 68-118 b;

Z. V. To‘g‘on. «Bu kungi Turkiston va yaqin tarixi», 2-nashri, Istanbul — 1981,198-237b;

P. P. Ivanov. «Ocherki po istorii Sredney Azii. XU1-seredina XIX v. Moskva — 1958, 178-213 b;

V. P. Nalivkin. «Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva». Kazan — 1886;

P. Lerch. Khiva oder Khorezm. Petersburd 1978;

Gens/Grof von Helmersen. Nachrichten uber Chiwa, Buchara, Chokand und den nordwestlichen Theil des chinesischen Staates. Petersburg 1839;

N. V. Xanikov. Opisanie Buxarskogo xanstva. Peterburg 1843;

D. N. Lagofet. Buxarskoe xanstvo pod russkim protektoratom. Peterburg — 1911;

Arminius Vambery. History of Bukhara from the earliset period down to the present, composed for the first timeafter oriental known and unknown historical manuscripts. London 1873 (2 nded);

Oie Dlufsen. The Emir of Buykhara and his country. Copenhagen-London, 1911;

Spuler, Bartold. Geschiente Mittelasiens. Leiden/Koln 1966, 253-275 betlar;

Strong, John W., Russian relations with Khiwa, Bukhara and Kokand, 1800-1858 va boshqalar.

Sharqiy Turkiston 1877 yilda davlatlik sifatidan ajralishga majbur bo‘ldi. 12 noyabr 1933 yilda tashkil etilgan Sharqiy Turkiston Jumhuriyati esa 16 aprel 1934 yilda Xitoy va Rusiyaning faoliyatlari ila tugatildi. G‘arbiy Turkistondagi davlatlardan Qo‘qon xonligi bugungi Turkistonning uchdan ikki qismini idora etayotgan, o‘z davrining qudratli bir davlati edi. Rusiya Turkistonning sahrolarini (Katta, O‘rta va Kichik juzlarni) XVIII asrning o‘rtasidan XIX asr boshiga qadar istilo etgandan keyin, Qo‘qon davlatini o‘z hokimiyati ostiga olish faoliyatini boshladi. Rus armiyasi, 1852 yilda Qo‘qon xonligining Orol dengizi atrofidagi Oqmachit istehkomiga hujum etdi va uni ishg‘ol etgandan so‘ng, Qo‘qon xonligining butun yerlarini egallamoq uchun harakatini davom ettirdi. Rusiya bilan Qo‘qon orasida 1852—1876 yillarda davom etgan 24 yillik urush natijasida Rusiya Qo‘qon davlatini yo‘q qilishga erishdi (Qo‘qon xonligining tarixi bugungi kunga qadar yetarli darajada tadqiq etilmagan. Turkistonning uchdan ikkisini tashkil etgan va XIX asr oxirida Rusiya istilosi ila davlat mavjudiyatidan ajralgan bu xonlikning tarixini tadqiq etmoq turk tarixchilarining vazifalaridan biridir). Bu xonlikning bir parchasi bo‘lmish Oloy Havzasining (Oloy Havzasi, Pomir va Zarafshon tog‘lari bilan bog‘langan Oloy tog‘ining uzunligi g‘arbdan sharqqacha 130 kilometr, kengligi 8—12 kilometr, sathi 1712 kilometr kvadratdan iboratdir. Balandligi 3000 metrdir) hukmdori Qurbonjon Dodho Xonim Rusiya hokimiyatini tanidi, lekin daxldorlik masalalarida mustaqil kichik bir Oloy davlatini qurdi (Qurbonjon Dodho — Qo‘qon xonligi armiyasining Bosh qo‘mondoni Alimqulning rafiqasi, 1876 yilda Rusiyaning Qo‘qon xonligiga barham bergan vaqtidan e’tiboran Oloy Havzasining hukmdori o‘laroq bu mintaqani mustaqil idora etdi). O‘zi 1811 yilda tug‘ilgan edi, 1907 yil 1 fevralda vafot etdi. Rus askarlari uni 1876 yilda asir olib, general Skobelevning huzuriga keltirdilar. Skobelev rus askarlariga qarshi urushni to‘xtatishni talab etdi. Qurbonjon Dodho Xonim, unga doxiliy ishlarda mustaqil qolmoq sharti bilan urushni to‘xtatajagini bildirdi. Skobelev bu talabni qabul etdi. Oloy Havzasi yarim mustaqil holda 1922 yilgacha, faqat Qurbonjon Dodhoning o‘limidan keyin rus idorasining ta’sirli kontroli ostida yashadi. Qizil Armiya qo‘shinlari 1923 yilda bu havzani ishg‘ol etdilar. Qurbonjon Dodhoning xususiyatlari, jasurligi, janglari va ruslarga qarshi ko‘rsatgan qahramonliklari haqida Ivan Yuvachevning «Qurbonjon Dodho, Xarakteristika tsaritsы Alaya» nomi ostida «Istoricheskiy vestnik» jurnalidan — Peterburg, 1907 yil, 110-bet va 945—980-betlardan ma’lumot olish mumkin. (Yana B. Hayitning "Turkestan im XX Johrhundert", Darmstadt 1956, 20 b. va "Turkistan Rusya ile Cin arasinda" 90-91 b. kitoblariga ham qarang). Rusiya, Qurbonjon Dodhoning 1907 yilda o‘limidan keyin bu yarim mustaqil davlatning doxiliy ishlariga aralasha boshladi. Qizil Armiya 1922 yilda Oloy mintaqasini ishg‘ol etdi.

Rusiya, 1865 yilda Buxoro davlati hududlarini ishg‘ol qilishni boshladi. Rusiya bilan Buxoro orasidagi (1865—1868) urush so‘ngida, Buxorodavlati mag‘lubiyatga uchradi. 23 iyun 1868 yilda Rusiya bilan Buxoro orasida imzolangan sulh bitimi ila Buxoro davlati o‘zining Xo‘jand, O‘ratepa va Jizzax shahar va viloyatlarini Rusiyaga berishga majbur bo‘ldi. Rusiya bilan Buxoro orasida 28 sentyabr 1873 yilda 18 moddadan iborat yangi bir bitim imzolandi. Buxoro Amirlik davlati, Xiva xonligining mag‘lubiyatidan keyin tashqi siyosatdan voz kechmoqqa majbur bo‘ldi va Rusiyaning kontroli ostidagi davlat shaklini oldi. Buxoro davlatining tuproqlaridan bir qismi Rusiyaga qo‘shib olinganda, uning tuproqlari taqriban 245.000 kvadrat kilometrdan iborat edi. Amirlik 1920 yilgacha 28 beklik vositasi ila idora etildi. Amir, davlatning mutlaq hokimi edi. Divon-i Bek va yo Qushbegi (Bosh Ministr) hukumat ishlarini idora etardi. Davlat hayoti va huquqchilik, Islom shariati asosida davom ettirilmoqda edi. Ta’sirli dindorlar davlat hayotini din hayotining bir qismi, deb bilardilar. Ular, maktab va madrasalarda zamonaviy fanlarning o‘rgatilishiga ruxsat berishmasdi. Buxoro Amiri armiya hayotiga ahamiyat bermagandi. Uning fikricha, armiyani modernlashtirishga luzum yo‘q edi. Chunki Rusiya Buxoro uchun himoya garantiyasini bergan edi. XX asrning boshida Buxoro amirligida «yangilashish» (jadidchilik) jarayoni boshlandi. «Yangilashish» g‘oyasining tarafdorlari, milliy ta’lim-tarbiyani va davlat idorasini zamon talablari asosida tashkil etish fikrida edilar. Buxoro davlati 1920 yilgacha Amirlik rejimi ostida milliy va diniy asoslarda yashashini davom ettirdi.

Sovet Rusiyasi, 1919 yildan beri Buxoro Amirligida Sovet hokimiyatini tashkil etmoq uchun turli tashabbuslar bilan o‘rtaga chiqmoqda edi. Shu maqsadda Buxoro amirligidan qochib, Samarqand, Chorjo‘y va Toshkent shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Buxoro jadidchilarining bir gruppasi bilan birgalikda ish ko‘rmoqda edi. 25 sentyabr 1918 yilda Toshkentda Buxoro Kommunistik partiyasini tashkil etgan «yosh buxoroliklar» (kommunist bo‘lsin, bo‘lmasin) amirlik rejimini yo‘qotishni niyat qilgandilar. Sovet Rusiyasi davlati va uning Turkiston jabhasi qo‘mondonligi, shuningdek, Turkiston komissiyasi, Buxoro davlatida Sovet hokimiyatini qurmoq uchun hozirlik ko‘rardilar. Lekin, Buxoro Amirligining Qizil Armiya tomonidan ishg‘ol payti sog‘lom va oshkora yo‘sinda tayyorlanmagan edi. Rusiyaning Turkiston Jabhasi Qo‘mondonligi 1919 yilning oxirida Buxoro safariga hozirlik qilish amrini olgan edi. Faqatgina Buxoro davlatini ishg‘ol etmoq, «Buxoro ixtiloliga yordam beringiz!» niqobi ostida amalga oshirilishi kerak edi. Turkiston Jabhasining Qo‘mondoni M. V. Frunze o‘zining harbiy rejalarida «avval ixtilol, so‘ngra qo‘shinlar harakati»ning lozimligini ilgari surmoqda edi. Buning uchun, buxorolik bir guruhning «ixtilol boshlandi, yordam beringiz» deya bayonot berishi yetarli edi.

Sovet Rusiyasining, Toshkent, Samarqand, Kogon, Chorjo‘y shaharlarida «Buxoro ixtiloliga yordam beringiz» deyishi mumkin bo‘lgan 15—20 kishiga yaqin buxorolik va yo Rus imperatorligining boshqa turk musulmonlari bor edi. Frunze, 12 avgust 1920 yilda Turkiston jabhasining armiyasiga bergan buyrug‘ida, Buxoro Amirligini ishg‘ol etmoq rejalarini tayin etgandi. Frunzening 25 avgust 1920 yilda bergan buyrug‘ida 28 dan 29 ga o‘tar kechasi Qizil Armiyaning Buxoroga yurishi boshlanajagi bildirilgandi. Bu tayin etilgan vaqtda Rusiyaning 10000 ga yaqin askari, 38 to‘p, 53 tank, 172 pulemyot, 8 zirhli avtomobil (bronevik), 5 zirhli qator (bronepoezd) va 11 samolyot bilan Buxoro davlatiga hujum etdilar. Qizil Armiya qo‘shinlari 1 sentyabr 1920 yilda Buxoro amirligining poytaxti Buxoro shahrini ishg‘ol etdilar. Ayni kunlarda Bokuda Sharq xalqlari qurultoyi to‘plangan va «Imperializmga qarshi» munozaralar bo‘layotgan edi. Qizil Armiyaning zafari «Buxoro ixtiloli» deb e’lon qilindi. Bu fikr bu kunga qadar davom etmoqda (Sovetlar tomonidan «Buxoro ixtiloli» deb atalgan bu voqeani o‘rganmoq uchun, masalan, O. Eshonovning «Pobeda narodnoy Sovetskoy revolyutsii v Buxare» kitobiga, Toshkent— 1957; «K desyatiletiyu Buxarskoy i Xorezmskoy revolyutsiy» nomli maqolalar to‘plamiga, Toshkent — 1930; I. M. Mo‘minovning «50 let Buxarskoy narodnoy Sovetskoy revolyutsii» risolasiga, — Toshkent, 1972, qarang). Sovet Rusiyasi qo‘shinlari 200 yildan ortiq milliy va islomiy asoslarda yashagan Buxoro Amirligi idorasiga barham berdi. Sovet Ittifoqida nashr etilgan asarlarda, Buxoro davlatida Sovet Rusiyasi armiyasining istilo harakatlari inkor etilmoqda (qarang: O, Eshonov, «Buxarskaya Narodnaya Respublika». Toshkent— 1969; J. P. Sharopov, «Buxarskaya operatsiya sovetskix voysk v 1920», «Uchenыe zapiski», Moskva universiteti — 1964, № 167, 3—24-bet; M. V. Frunze. Sobranie sochineniy, 1-jild. Moskva—Leningrad, 1929).

6 oktyabr 1920 yilda Buxoro Amirligi Buxoro Xalq Jumhuriyati deb e’lon etildi, Na Sovet qo‘shinlari, na-da Amir rejimining dushmanlari orasida «yosh buxoroliklar»ning shoshilinch ravishda Buxoroda Sovet rejimining hokimiyatini tamsilan idora etajaklaridan bahs yuritilgandi. Buxoro Xalq Jumhuriyatining hukumati Yosh buxoroliklarga berildi. Ammo hukumatni, Sovet qo‘shinlari va Rusiyaning Buxorodagi siyosiy vakillari kontrol etardilar. Xalq Jumhuriyati e’lon etilgandan keyin ham Qizil Armiya Buxoro davlati hududidan chiqarilmadi. Rusiya Sovet Sotsialistik Federal Jumhuriyati bilan Buxoro Xalq Jumhuriyati orasida Moskvada 4 mart 1921 yilda Ittifoqdoshlik Shartnomasi imzolandi. Bu shartnomaning I moddasida, Sovet Rusiyasi davlati, Buxoro Xalq Jumhuriyatini mustaqil bir davlat sifatida tanigandi (RSFSR bilan Buxoro Xalq Jumhuriyati orasida imzolangan shartnomani o‘rganish uchun quyidagi asarlarga qarang: «Sovetskiy dogovor mejdu Rossiyskoy Sovetskoy Respublikoy i Buxarskoy Sovetskoy Respublikoy — Ofitsialnыy tekst. Moskva — 1921, B. Hayit. Die Turkvolker in der Sowjetunion noit 1917, nashr etgan: «Die Orientierung» jurnali, Myunxen — 1968. Ayni muallif. «Turk dunyosida Rus imperializmining izlari», II nashri, Istanbul, 1978, 127—133-sahifalar). Shunga qaramay, Sovet Rusiyasi Buxoro davlatining ichki ishlariga aralashishda davom etardi. Buxoro hukumati esa, davlatni milliy va islom dini asoslarida idora etishga intilardi. Lekin 1923 yildan e’tiboran Buxoro Xalq Jumhuriyatining muhim maqomlari Buxoroli va yo Rusiya hokimiyati ostidagi musulmonlar orasidan yetishtirilgan kommunistlar vositasi ila idora etilardi. Buxoro Kommunistik partiyasi yagona partiya o‘laroq davlat hayotini boshqarardi. A’zolari 1200 dan ortiq bo‘lmagan bu Kommunistik partiya fevral 1922 yildan e’tiboran Rusiya Kommunistik partiyasining bir bo‘lagi o‘laroq qabul etildi. Buxoro Kommunistik partiyasiga Rusiya Kommunistik partiyasining «Viloyat Komiteti» huquqi berilgandi (A. M. Bogoutdinov. «Istoriya Kommunisticheskix organizatsiy Sredney Azii». Tashkent — 1967. 684-bet). Shu tariqa Buxoro Kommunistik partiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rusiya Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining O‘rta Osiyo Byurosiga itoat ettirildi («Ocherki Istorii Kommunisticheskoy partii Uzbekistana» to‘plamida nashr etilgan R. H. Aminovaning maqolasiga qarang: Toshkent 1974, 172 b.). Bu partiya esa, Buxoro davlatida Sovet Rusiyasining va kommunizmning quroli sifatida qo‘llanilmoqda edi. Buxoro Hukumati, Buxoro jumhuriyatining sovetlashtirilishiga ahamiyat bermas edi. Buxoro Xalq Jumhuriyatini sovetlashtirish siyosati esa Moskvadagi va Toshkentdagi kommunist rahbarlar uchun jiddiy bir masala edi. Masalan, 23 iyun 1923 yilda Buxoroga Rusiya Kommunistik partiyasining komissiyasi keldi. Bu komissiya, Buxoro jumhuriyati hukumatini sovetlashtirish jarayoniga yetaqchilik qilish bilan shug‘ullangandi. Rusiya Kommunistik partiyasining O‘rta Osiyo Byurosi, Buxoro Kommunistik partiyasi ichidagi millatchilarga qarshi jiddiy bir kurash tayyorlangani to‘g‘risida 4 iyul 1923 yilda qaror chiqargandi (qarang: B. Hayit. Sowjetrussische Orientpolitik am Beispiel Turkestans, Koln 1962, 107 b.) Sovet Rusiyasi davlati, Buxoro Jumhuriyatini faqat sovetlashtirish bilan kifoyalanmay, ayni zamonda bu davlatga barham berish yo‘lini ham izlayotgan edi. Buning uchun 1920 yildan beri Turkiston Muxtor Sovet Jumhuriyati, Buxoro va Xorazm Xalq Jumhuriyatlari tuproqlarida yangi Sovet Jumhuriyatlari tashkil etmoq loyihasini muhokama etayotgan edilar. Rusiya Kommunistik partiyasining Markaziy Komiteti 31 yanvar 1924 yilda bu loyihani yangitdan tilga oldi va O‘rta Osiyo Byurosi Raisi Rudzutakka, Buxoro, Xorazm va Turkiston Muxtor Jumhuriyati vakillarini to‘plab, yangi Sovet Jumhuriyatiga taqsim etmoq masalalarida gapirish va bu sohada tadbirlar ishlab chiqishni topshirdi. 25 fevral 1924 yilda Buxoro Kommunistik partiyasining Markaziy Komiteti Buxoro Xalq Jumhuriyatini bekor qilish to‘g‘risida qaror oldi. Buxoro Kommunistik partiyasi sentyabr 1924 yilda Umumbuxoro xalq Qurultoyini chaqirdi, faqat qurultoy vakillaridan ko‘pi o‘qish-yozishni bilmaydigan va siyosiy terminlardan xabarsiz dehqonlardan iborat edi. Qurultoyda, Buxoro Xalq Jumhuriyatini Buxoro Sotsialistik Jumhuriyati deb e’lon qildilar. Ayni qurultoyda, Buxoro tuproqlarining yangitdan tashkil etilajak O‘zbekiston va Turkmaniston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatlariga aralashtirilishiga qaror berdilar. 27 oktyabr 1924 yilda Buxoro Sovet Sotsialistik jumhuriyatining barham topganligi rasman e’lon etildi. Buxoro davlatining tuproqlari uchga taqsim etildi. Bu uch qism, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondan tashkil topgani ko‘rsatilib, Sovet Sotsialistik Jumhuriyatlar Ittifoqiga qo‘shildi. Endi hozirgi paytda faqat Buxoro viloyati mavjuddir (Buxoro viloyati 143200 kvadrat kilometr kattalikda bo‘lib, O‘zbekiston SSRning 3,2 foizini tashkil etadi. Viloyatning markazi Buxoro shahridir. Viloyatda 15 tuman va 9 shahar bor. Qarang: «Uzbekskaya Sovetskaya Sotsialisticheskaya Respublika», K. A. Zufarov tahriri ostida, Toshkent—1981, 468-bet).

Turkistonning boshqa bir parchasi bo‘lmish Xeva (Xorazm) xonlik davlati Qo‘qon va Buxoro davlatlari singari Rusiya tajovuzi bilan yuzma-yuz kelib qoldi. Rusiya, Xeva davlatini ishg‘ol etish uchun 156 yil harakat qildi (B. Hayit, «Turkiston Rusiya ila Chin orasida». Istanbul — 1975, 100-bet). Rusiya, oxiri 3 dekabr 1872 yilda Xeva xonligini ishg‘ol etishga qaror qilgandi. 1873 yilning fevralida Rusiyaning 12.300 dan ortiq askari, 56 to‘p bilan xonlik tuproqlarini zabt eta boshladi. («Istoriya Xorezma s drevneyshix vremen do nashix dney», Toshkent, 1976 yilda nashr etilgan kitobda I. Mo‘minov maqolasiga qarang, 122-bet). 29 may 1873 yilda Turkiston general-gubernatori fon Kaufmanning qo‘mondonligi ostidagi 6965 rus askari, xonlikning poytaxti Xeva shahrini ishg‘ol etdilar. Von Kaufman Xeva xonini 12 avgust 1873 yilda 18 moddalik bir shartnomani imzolashga majbur etdi. Zabt etilgan 76000 kvadrat kilometrlik yer Rusiyaning mulki deb e’lon etildi. Xeva xonligi ichki ishlarida mustaqil davlat holida Rusiyaning nazorati ostidagina yashay oladigan nizomnomani qabul qilishga majbur etilgandi. Shunday holat, 1920 yilgacha davom etdi. Rusiyadagi 1917 yil fevral inqilobidan keyin Xeva xonligidagi ba’zi milliy kuchlar Rusiyaning Xevadagi iqtidorini tanimaslik harakatida bo‘ldilar. Bularning orasida Yovmit-turkmanlarning raisi Junayidxon muhim rol o‘ynayotgan edi. Xevadagi milliy kuchlar, 1917 yil oktyabr inqilobidan keyin ham Rusiya hokimiyatidan qutulish uchun olib borayotgan kurashlarini davom ettirdilar. Xeva shahridagi garnizonlarda turgan 300 ga yaqin rus askari «Askarlar Sho‘rosi»ni tuzdilar, Rusiya hokimiyatini saqlab qolmoqqa qaror qildilar. 1918 yilning oxiri va 1919 yilning boshlarida Junayidxonning askarlari bilan Rusiya Qizil qo‘shinlari orasida jiddiy janglar bo‘ldi. 1919 yil 9 aprelda Turkiston Muxtor Jumhuriyatining vakillari, Rusiya va Junayidxonning vakillari orasida sulh shartnomasi imzolangandi. Sovet Rusiyasi davlati shartnomaning ikkinchi moddasida, Xeva xonligi xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashi huquqini tan olgan edi. (Nepesov G‘oyib. «Iz istorii Xorezmskoy revolyutsii, 1920—24». Toshkent— 1962, 125-126-betlar). Sovet Rusiyasi bu shartnomani Xeva xonligini kelajakda itoat ettirmoq uchun eng qulay shartnoma sifatida ko‘rayotgan edi.

1919 yil 22 dekabrda Sovet Rusiyasining «Turkiston Jabhasi Inqilobiy va Harbiy Sho‘rosi» ila Sovet Rusiyasining «Turkiston komissiyasi», «Xeva Xonligidagi mehnatkashlarni» qutqarmoqqa qaror qildi. Qizil Armiya qo‘shinlari 25 dekabrda Xeva Xonligini istilo etishga kirishdi va dastavval Xeva shahrini 1920 yil 25 yanvarda istilo etdi. Qizil Armiyaning bu zafari «Xeva xalqining inqilobi» deb e’lon qilindi. 1920 yil fevralida xonlik idorasiga barham berildi va Xorazm Xalq Jumhuriyati e’lon etildi. Hukumat 1918 yil iyulidan beri Urganch shahrida Sovet Rusiyasi bilan birgalikda ish olib borayotgan «yosh xevaliklar»ning Inqilobiy Komiteti tomonidan qurildi. 1920 yil 13 sentyabrda RSFSR bilan Xorazm Jumhuriyati orasida 24 moddalik shartnoma imzolandi. Sovet Rusiyasi hukumati, shartnomaning birinchi moddasida Xorazm Jumhuriyatining mustaqilligini tanidi, Chor Rusiyasining Xeva xonligidagi ta’sislari va boshqa imtiyozlaridan voz kechdi. (RSFSR bilan Xorazm Xalq Jumhuriyati orasidagi shartnomani o‘rganmoq uchun qarang: «Sobranie uzakoneniy i rasporyajeniy rabochego i krestyanskogo pravitelstva» № 29, 24.7.1921. «Dokumentы vneshney politiki SSSR». Moskva—1959, III j. 178—185 b. «Istoriya Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy Respubliki». Sb. dokumentov. Toshkent—1976, 56—61 b. Jozef Kastagne. «Le Turkestan depuis la Revolution Russe 1917—22», «Revue du Monde Muselman» 50 m. 208—1 2 b. va boshqalar). Xorazmning mustaqilligini tanimoq, bu mintaqada Sovet ta’siridan voz kechmoq ma’nosini bildirmas edi. Sovet Rusiyasi Xorazmda ish yuritish uchun avvalo Xorazm Jumhuriyatida kommunistik partiya tuzishga kirishdi. Xorazm, Qizil Armiya tomonidan ishg‘ol etilguncha, bu mintaqada bironta ham mahalliy kommunist yo‘q edi. «Yosh xevaliklar» orasidan kommunizmga xayrixoh odamlar chiqa boshladi va 28 mayda kommunistik partiya tuzilganligi bildirildi va shu tariqa Xorazmni sovetlashtirish jarayoni boshlandi. Xorazm kommunistik partiyasi, milliy tuyg‘ular bilan davlatni idora etmoqqa harakat qilayotgan milliy hukumatga qarshi faoliyat ko‘rsatib, hamma ishlarga aralasha boshladi. Xorazm Hukumati, 1921 yilda ilk bora kommunistlarni tutib, qo‘lga ola boshlagan edi. Xalq Jumhuriyatining hukumati bilan Sovet Rusiyasining bu jumhuriyatdagi tamsilchilari orasida hech qachon do‘stlik ruhi maydonga kelmagandir. Xorazm davlatining hukumati, davlatni milliy manfaatlar doirasida idrok etmoq orzusida bo‘ldi. Sovet Rusiyasi esa Xorazmda Sovet kommunistik rejimining talablarini yoymoq yo‘lidagi faoliyatlarini davom ettirardi.

Qoraqum cho‘llarida, Xorazmda, Sovet Rusiyasi hokimiyatiga qarshi janglarini davom ettirayotgan Junayidxonning askarlari, 1924 yil yanvarida Xeva shahrini qamal qildilar. Shahardagi 15000 ga yaqin kishi ham qo‘zg‘olonga ishtirok etdi. Sovet Rusiyasi rahbarlari, bu vaziyatning tahlikasini yaxshi anglab, Rusiya kommunistik partiyasining O‘rta Osiyo byurosi kanali orqali 6 yanvar 1924 yilda «Xorazmda antisovet qo‘zg‘olonning bostirilishi uchun» askariy bo‘linmalar jo‘natilishiga qaror berdi. Rusiyaning qattiq qurollangan 4-nchi va 812-nchi otliq polklari 4 fevral 1924 yilda Xeva shahrini yangitdan ishg‘ol etdilar. Xorazm jumhuriyatida harbiy harakatni idora etmoq uchun 1924 yil fevralida I. S. Kutyakov qo‘mondonligi ostida Xorazm jabhasi tashkil etildi. Xeva (Xorazm) xonligini 1920 yilda ishg‘ol etgan Sovet harbiy qismlarining qo‘mondoni N. A. Shaydakov, Xorazm xalq jumhuriyatining Armiya Raisi (Harbiy ministri) etib tayinlandi. Qizil Armiya 1924 yil fevral oyining oxirigacha Xorazmning butun shaharlarini ishg‘ol etdi (I. Mo‘minov. «Istoriya Xorezma...» — yuqoridagi izohga qarang. O‘sha kitob, 174 bet).

Sovet Rusiyasi rahbarlari va ularning Toshkentdagi vakillari 1924 yil mart oyidan e’tiboran Xorazm Jumhuriyatiga barham berish masalasi bilan jiddiy mashg‘ul bo‘ldilar. Rusiya kommunistik partiyasi, O‘rta Osiyo byurosining tamsilchisi Mejlauk, 1924 yil mart oyida Xorazm Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining yig‘ilishida, Xorazm Jumhuriyatiga barham berilishini talab etgandi. Xorazmdagi kommunistlar 1924 yil iyuldan beri Xorazmni qavmlarga parchalamoq tashviqotini yuritayotgan edilar. Sovet Rusiyasi so‘nggi marta 1924 yil sentyabr oyida Xorazmni qavmlar orasida taqsimlashga qaror berdi. 20 sentyabr 1924 yilda Xorazm qurultoyini to‘pladilar. Sovet Rusiyasining Xorazm Jumhuriyatidagi siyosiy vakili I. B. Bik, qurultoy binosi atrofiga rus askarlarini keltirdi va qurultoy minbaridan «Sovet hokimiyatini taniysizmi yo tanimaysizmi?» deya baqirdi. Uning ovoziga tashqaridagi askarlar qurollaridan o‘q uzib hamdamlik qilib turdilar. Shu tariqa qurultoy qo‘rquv bosqini ostida qolib, Xorazm davlatining tugatilishiga qaror berishga majbur bo‘lgan edi.

Xorazm Xalq Jumhuriyati 20 oktyabr 1924 yilda Xorazm Sotsialistik Sovet jumhuriyati sifatida e’lon etilgandi (H. Inoyatov nashrga tayyorlagan «Istoriya Xorezmskoy Narodnoy Sovetskoy Respubliki. 1920—24» kitobiga qarang: Toshkent, 1976, 269-bet). Ayni choqda bu jumhuriyatning SSJIga qaram etilgani haqida ham qaror chiqarilgandi. («Istoriya Buxarskoy i Xorezmskoy Narodnыx Sovetskix Respublik». Nashrga tayyorlovchilar: P. V. Volobuev va boshqalar. Moskva — 1971, 176-bet). So‘nggi marta 30 oktyabr 1924 yilda o‘tkazilgan «Xorazm qurultoyinda Xorazm yerlarini o‘zbek, turkman va qoraqalpoq qavmlari orasida taqsimlashga qaror qilingandir. Shunday qilib Xorazm davlati yo‘q qilindi. Milliy ruhga ega bo‘lgan Xorazm davlatining rahbarlari Xorazm davlatiga barham berayotgan Sovet rejalariga qarshi norozilik bildirib turdilar va Xorazmning mustaqil davlat bo‘lib yashashini istadilar. («Istoriya kommunisticheskix organizatsiy Sredney Azii». Toshkent—1967, 733-bet) Lekin Sovet Rusiyasining rahbarlari ularning istaklariga ahamiyat bermadilar. Xorazm tuproqlari O‘zbekiston, Turkmaniston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatlari va Qoraqalpoq avtonom viloyatlariga taqsim etilib, bularning vositasi bilan SSJIga qaram etildi. Xorazm degan nom bu kunga qadar faqat bir viloyat sifatida qolib kelayotir. (Xorazm viloyati, O‘zbekiston SSJda 4500 kvadrat kilometr hududga ega, 9 tuman, 3 shahardan iboratdir. Markazi Urganch shahri).

Rusiyada kommunistlarning inqilobidan keyin, Buxoro va Xorazm milliy davlatlari yonida 1917 yil oxirida Turkiston (Qo‘qon) va Qizil O‘rda milliy muxtoriyat davlatlari tashkil etilgandi. Turkiston milliy rahbarlari 12 dekabr 1917 yilda Qo‘qon shahrida (sobiq Turkiston general-gubernatorligi tuproqlarida Turkiston Milliy Muxtor jumhuriyatini va 26 dekabr 1917 yilda Orenburg shahrida Qizil O‘rda Muxtor Jumhuriyatini (sobiq Step general-gubernatorligi tuproqlarida) e’lon etdilar. Bular, o‘zlarining parlamentlari, hududlari, adliyalari va hukumatlari ila milliy davlat xususiyatiga ega edilar. Ammo bu davlatlarning yashashiga belshevik ruslar monelik qildilar. Turkiston Muxtor Jumhuriyati, Toshkentdagi Sovet Rus Komissarligi qarori ila Qizil Armiyaning hujumiga duchor bo‘ldi. 20 fevral 1918 yilda Qizil Armiya qo‘shinlari va armanilarning Dashnoqsutyun partiyasining qurolli kuchlari Qo‘qon shahrini ishg‘ol etdilar. Shaharda 10000 dan ortiq turkistonli o‘ldirildi. (A. Shoma’diev. «Ocherki istorii grajdanskoy voynы v Ferganskoy doline». Toshkent— 1961, 54 bet. B. Hayit. Soviet Russian Colonialism and imperialism in Turkestan, Cologn 1955, 22 bet. Colonel R. T. Etherton. In the Heart of Asia. London 1925, 154-betda «1400 dan ortiq musulmonlarning o‘ldirilgani»dan bahs yuritilgandir.) Shu tariqa Turkiston Milliy Muxtor jumhuriyatiga barham berilgandi. Omsk shahridagi antisovet belorus hukumati 22 oktyabr 1919 yilda Qizil O‘rda hukumatining faoliyatini taqiqlagan edi. Shunga qaramay, Qizil O‘rda ishini davom ettirardi. Sovet Rusiyasining Qirg‘iz-Qozoq inqilobiy qo‘mitasi ham 9 mart 1920 yilda Qizil O‘rda faoliyatlarini taqiqladi. 1920 yilning dekabrida Qizil O‘rda hukumati va uning harbiy qo‘shinlari (qismlari) Sovet Armiyasiga taslim bo‘ldilar. Turkiston va Qizil O‘rda Muxtor Milliy davlatlarining tashkil etilishi, Turkistonlilarning milliy davlatchilik idorasining hali so‘nmaganligini ko‘rsatardi va u davlatlarning Sovet Rusiyasi qurolli quchlari vositasi bilan yo‘qotilishi milliy ozodlik masalasida kommunistik rejim ila milliy tuyg‘u va istaklar o‘rtasida hayot-mamot kurashi boshlanishiga sabab bo‘ldi. (Hurmatli ustozlarim, professor, doktor Frents Taychner va professor, doktor Gothard Jaske rahbarligi ostida 1950 yilda Qo‘qon muxtoriyati va Qizil O‘rda muxtoriyatining qisqa tarixi bilan «Die nationaten regierungen v. Kokand und der Alasch Orda» nomli doktorlik dissertatsiyam orqali birinchi bo‘lib G‘arbiy Ovrupo ilm dunyosini tanishtirishga muvaffaq bo‘ldim. Sovet Ittifoqida bu milliy davlatlarni qoralovchi ko‘p asarlar va maqolalar nashr etildi. Bularning bibliografiyasini tayyorlash muhim bir ilmiy vazifadir. Qo‘qon va Qizil O‘rda milliy davlatlari haqida Sovet Ittifoqidan tashqarida bildirilgan fikrlarni o‘rganmoq uchun qarang: Z. V. To‘g‘on. «Bu kungi Turkiston». Yuqoridagi kitob, 364—78 b.; J. Castagne. O‘sha asar. 46—52 b., V. NauM. B. Hayit. Turkestan im XX... 59—70 b. yana: «Turkistan Rusya ile Cin arasinda». 245—259 b. Alexander A. Park. "Bolshevism in Turkestan 1917-1927". New York 1957, 19—22 b. Hasan Orantay. "The Alash Movement in Turkestan". "Central Asian Survey", Oxford 1985, vo/ 1, 4, № 2, 41-58 b.). 1918 yilning fevralidan to 1934 yilga qadar davom etgan Turkiston milliy ozodlik harakati, Sovet terminologiyasida «bosmachilik» deb ko‘rsatilgan hurriyat janglari, tarixda unutilmas bir manzara bo‘lib qolajak. Shunday qilib Turkiston Muxtoriyatining yo‘qotilishi — 16 yillik qonli urushning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan edi.

Milliy-ozodlik harakatining bir muvaffaqiyati sifatida, Turkiston milliyatchilarining vakillari tomonidan 15—20 aprel 1922 yilda Samarqand shahrida tashkil etilgan qurultoyni ko‘rsatish mumkin. Qurultoy 20 aprel 1922 yilda Turkiston Turk mustaqil Islom Jumhuriyatini e’lon qilgandi. 36 moddadan iborat davlat nizomnomasi jumhuriyatning vaqtinchalik konstitutsiyasi tabiatiga ega edi. («Turkiston musulmonlarining ikkinchi qurultoyida qabul qilingan qarornoma». «Yas Turkistan» jurnali Paris-Berlin 1932. № 29, 9—17-betlar. B. Hayit, « Turkistan...» 204—209-betlar). Bu jumhuriyat faqat uch oygina yashay oldi.

Sovet Rusiyasi va uning Turkistondagi, xususan, Toshkentdagi vakillari 1917 yildan beri Turkistonda Sovet xarakteriga ega bo‘lgan bir davlat tashkil etishga harakat qilayotgan edilar. Rus Sotsial Demokratlari va Sotsial Inqilobchilar partiyalarining rasmiy kishilari, 19 noyabr 1917 yilda sobiq Turkiston general-gubernatorligini Sovet rejimi asosida idora etish uchun ruslardan iborat 36 komissar tayinladilar. O‘z hokimiyatlarini butun Turkistonda o‘rnatmoq uchun jon-jahdi bilan ishlagan rus komissarlari, 1918 yil aprelidagi Sovetlarning s’ezdida Turkistonning davlat sistemasi masalasini muhokama qildilar. 30 aprel 1919 yilda Turkiston Muxtor Sovet Jumhuriyatining tashkil etilgani to‘g‘risida bayonot berdilar. Rusiya Sovet Federativ Sotsialistik jumhuriyati tarkibiga kirgan deb e’lon etilgan bu Sovet Muxtor Jumhuriyati Turkiston milliy manfaatlariga uyg‘un bir davlat emasdi. Buni isbotlovchi ko‘p dalillar bor. Masalan, 1918 yil aprelidagi Sovetlarning s’ezdida Turkiston uchun Millatlar Komissarligi ta’sis etilgandi. (A. A. Gordienko. «Tvorcheskaya rol Sovetskogo gosudarstva i prava v sotsialisticheskom preobrazovanii Turkistana». Toshkent—1959, 137-bet. Turkistonli Turor Risqul, Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining davlat raisi bo‘lgandan so‘ng, 1920 yilning boshida Turkiston Millatlar Komissarligini bekor qildi. Sovet Rusiyasi davlatining Turkiston Komissariatining buyrug‘i ila bu komissarlik 1921 yilda yangitdan tashkil etilgandir.) Turkistonning tarixiy egalari bo‘lmish turk musulmonlari uchun alohida bir komissarlikning tashkil etilishi, Sovet davlatining g‘ayrimilliy tabiatga ega ekanligini ko‘rsatayotgan edi. Moskvadan Toshkentga bosh komissar sifatida jo‘natilgan A. P. Kobozev, jumhuriyatning davlat raisi va 1917 yil noyabridan buyon Toshkentda Sovet Komissarlar Sho‘rosining raisi bo‘lgan Kolesov ham bosh ministr sifatida saylangandilar. Bu sovet Muxtor Jumhuriyatining «salohiyatli» vakillari sotsial masalalarda hali turkistonlilar bilan ruslarning huquqlarini bir xil deb ko‘rish darajasida ham emasdilar. Zero, 1919 yilda Qo‘qondagi sotsial yordam do‘konlarida, non, ishsiz ruslarga 80 tiyindan, ishsiz turkistonliklarga 1 so‘m 70 tiyindan sotilgandi (A. A. Gordienko. «Sozdanie Sovetskoy vlasti natsionalnoy gosudarstvennosti v Sredney Azii». Moskva — 1959, 83-bet).

Sovet Rusiyasi davlati 1920 yilning o‘rtasiga qadar Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining idoraviy shakllari va huquqlari to‘g‘rioida aniq bir qaror berolmagan edi. Rusiya Ijroiya Qo‘mitasi 27 avgust 1920 yilda «Turkiston Jumhuriyati haqida» bir qaror sifatida «Turkiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyati» RSFSRning muxtor bir mintaqasi bo‘lganini bildirgandi (Shavkat O‘razaev. «Turkestanskaya ASSR — pervoe sotsialisticheskoe gosudarstvo v Sredney Azii». Moskva—1961, 62-bet). 1920 yilning sentyabrida bu Sovet Jumhuriyatining yangi konstitutsiyasini qabul qildilar. 1921 yil aprelida Sovet Davlati Moskvada bu konstitutsiyani tasdiq etdi.

Toshkentda ish olib borayotgan Sovet Muxtor Jumhuriyatining hukumati va askarlari Turkistonda Sovet hokimiyatini muayyanlashtira oladigan ahvolda emasdilar. Turkiston milliy ozodlik harakati (bosmachilik) Turkistondagi Sovet hokimiyatini yo‘q qila oladigan darajaga kelgandi. Sovet Rusiyasi rahbarlari Turkistonda Sovet hokimiyatini saqlab qolmoq uchun ko‘p tadbirlarni ishga soldilarki, bulardan ikkitasi katta ahamiyatiga ega bo‘ldi. Birinchisi, 11 avgust 1919 yilda Rusiyaning Turkiston jabhasi va ikkinchisi, 1919 yil oktyabrida Rusiya davlati va Kommunistik partiyasining Turkiston Komissiyasi tuzganligidir. Bu komissiyaga Turkistonda diktatorlik bilan ishlashga izn berilgandi. Komissiyaning faoliyati 2 fevral 1925 yilda to‘xtatilgandir. (Sh. O‘razaev. «V. I. Lenin i stroitelstvo Sovetskoy gosudarstvennosti v Turkestane». Toshkent— 1967, 481-6.) Turkiston Jabhasining qo‘mondoni Frunze 14 avgust 1919 yilda bergan farmonida «Armiya harakatining asosiy maqsadi, butun Turkistonni ishg‘ol etmoqdan iboratdir», deya ma’lum qilgan edi. Bu jabha Turkistonni yangitdan ishg‘ol etishda. Buxoro va Xeva davlatlarini sovetlashtirishda katta kuch sarflaganini hamma yaxshi biladi. Turkiston jabhasiga 4 iyun 1926 yilda barham berildi va uning vazifalarini O‘rta Osiyo Harbiy Okrugi davom ettirdi («Grajdanskaya voyna i voennaya interventsiya v SSSR». Entsiklopediya. Moskva — 1983. 605-bet).

Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Jumhuriyati RSFSRning bir qismi sifatida 1924 yilning oxirigacha yashadi. 1924 yildan e’tiboran Sovetlar Ittifoqi davlatining Turkiston siyosatida va Turkiston tarixida birinchi marta, qavmlarni bir-biridan ayirish yo‘lida Sovet Jumhuriyatlarining tuzilishiga ahamiyat berildi. Sovet Rusiyasi 1920 yildan beri Turkistonda yangi davlat ma’muriyatlari tashkil etish rejalarini ilgari surardi. Sovetlarning xizmatidagi turkistonlilar bunday planni Turkistonni parchalash siyosati sifatida qabul qildilar. Qizil Armiya 1923 yilning oxirigacha Turkiston tuproqlarida uzil-kesil g‘alaba qozonolmagandi, faqat 1924 yilda Buxoro va Xorazm davlatlarining milliy borliqlariga barham berilgandi, xolos. Turkiston Muxtor Sovet Jumhuriyatida Sovet rejimining ta’sirlarini orttirish harakatlari shiddat ila davom ettirilayotgan edi. Sovet davlati, Turkistonni o‘zi xohlagan usulda idora eta olishiga ishongandan keyin Turkistonni qavmlarga bo‘lib parchalashni tezlashtirdi. Turkiston Sovet jumhuriyatining Rudzutak raisligidagi hukumati 27 sentyabr 1920 yilda Turkistonni qavmlarga ayirmoqqa qaror qildi. Sovet rejimi, Turkistonda yagona turk millatining borligini tanimayotgan edi. Turkistonli kommunist tarafdorlari 1920 yilda Turkiston Turk Jumhuriyatining qurilishiga qaror bergandilar. Sovet Rusiyasi Turkiston Komissiyasining Raisi Yan Ernestovich Rudzutak 1920 yilda Turkiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining bir majlisida «men turk jumhuriyatining tashkil etilishiga qarshiman. Haqiqatda, faqat bir turk millati mavjud emas. Lekin turkmanlar, qozoqlar, qirg‘izlar va o‘zbeklar bor» deya ta’limot bergandi. (G. F. Dakshleyger. «Istoriografiya Sovetskogo Kazaxstana». Olma-ota, 1969, 20-21 b.)

1924 yilning oktyabrida Turkiston Muxtor Sovet Jumhuriyati, Buxoro va Xorazm jumhuriyatlariga barham berildi. Ularning tuproqlari va aholisi O‘zbekiston va Turkmaniston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatlariga, O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lgan Tojikiston Muxtor Sovet jumhuriyatiga, Qora Qirg‘iz Muxtor viloyatiga va Qirg‘iz (Qozoq) Muxtor Sovet jumhuriyatlariga taqsim etildi; bulardan O‘zbekiston va Turkmaniston 13 may 1925 yilda SSJI tarkibiga kiritildi. 5 dekabr 1929 yilda Tojikistonga Sovet Sotsialistik Jumhuriyati nomi berildi va uning tuproqlarini ham SSJIga qo‘shdilar.

26 avgust 1920 yilda RUSIYA SOVET FEDERATIV JUMHURIYATI idorasi ostida tashkil etilgan Qozog‘iston Muxtor Sovet Jumhuriyati esa 5 dekabr 1936 yilda Sovet Sotsialistik jumhuriyati sifatida SSJIga qo‘shib olindi. Qora Qirg‘iz (1926 yildan beri Qirg‘iz deb atalardi) Muxtor Viloyati, 1 fevral 1926 yilda Sovet Muxtor Jumhuriyati, 5 dekabr 1936 yilda Sovet Sotsialistik Jumhuriyati nomi bilan SSJI tarkibiga kiritildi. 1924 yilning oktyabrida tashkil etilgan Qoraqalpoq Sovet muxtor viloyatiga 25 dekabr 1936 yildan e’tiboran bu «sovet» mintaqasi O‘zbekiston idorasi ostidadir. Shunday qilib, Turkiston tarixida ilk bora qavmlarining ismlarini tanigan, Sovet terminologiyasida «millatlar» deya nomlangan, Sovet rejimi xarakterini tashuvchi davlat tashakkullari maydonga keltirildi. Bular Sovet falsafasida «Sotsialistik milliy mustaqil davlatlardir». Bularning hatto so‘zda konstitutsiyalari, «Oliy Sovet» degan parlamentlari, hukumatlari, davlat chegaralari va adliya organlari ham bor. Bular davlat xarakteriga egadirlar, ammo, bular xususiyatlari bilan Sovet Ittifoqi davlatining istagan paytida istagancha ishlata oladigan jumhuriyatlari sifatida planlashgandirlar. Buni 1977 yilda Sovet Ittifoqi Konstitutsiyasidan va Turkistondagi Sovet Jumhuriyatlarining konstitutsiyalaridan o‘rganish oppa-osondir. SSJI Konstitutsiyasining 72-moddasida «har bir ittifoqdosh jumhuriyat o‘z xohishi bilan SSJIdan chiqish huquqiga ega» deb yozilgan. Konstitutsiyaning 76-moddasida esa «SSJIning tuproqlari bo‘linmasdir (yaxlitdir)» deyilgan. Sovet qonunlarida Sovet jumhuriyatlarining qaysi yo‘l yo muassasa orqali SSJIdan ajralib chiqishi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Sovet huquqchilari zotan «SSJIda parallel hukmron bo‘lgan mustaqil davlat hokimiyati yo‘q» shaklidagi bir ifodani ko‘p ishlatadilar («Sovetskoe gosudarstvo i pravo» jurnali. Moskva — 1976, № 7, 32-6.)

Turkistonda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman nomlari bilan atalgan Sovet Jumhuriyatlari Sovet davlatchiligi nazariyasining umumiy fikrlarini aks ettiradilar. Bular davlatlar shaklida ko‘rinadilar. Lekin Sovetlarning «milliy mustaqil sotsialistik davlatlari» tom ma’nosi ila Turkiston milliy xususiyatlariga zid faoliyatlar bilan mashg‘uldirlar. Sovet jumhuriyatlari Turkistonda millatsiz yangi bir Sovet millatini yuzaga keltirishning vositasi rolini o‘ynash majburiyati ostida yashayotirlar. Bunday fikrni bayon etish uchun bizga quyidagi Sovet manbalari va nuqtai nazarlari asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

1. Sharq xalqlari Mehnatkashlari Kommunistik Universitetining rektori Broydo 1925 yilda shunday yozgandi: «Kommunistik jamiyatning yuzaga kelishi natijasida insonlar milliy borliqlari va munosabatlarini unutajaklar. Shu tariqa, millat o‘lajakdir.» (G. J. Broydo. «Millat masalasi». Moskva — 1925, 11 bet. 25 may 1961 yilda «Qizil O‘zbekiston» gazetasi yozgandi: «Kommunizmda milliy farqlar yo‘qoladi. Oxir-oqibatda kommunizmning g‘alabasidan keyin millatlar faqat bir millat bo‘lib maydonga chiqadilar. Bu «Sovet millati» demakdir.)

2. Sovet Ittifoqida jiddiy va rasmiy ravishda «Sotsialistik millatlarning bir-biriga yaqinlashuvi (sblijenie) va bir-biriga qo‘shiluvi (sliyanie, ya’ni assimilyatsiya qilish siyosati davom ettirilmoqda. Shunday siyosatning yakuni haqida Sovetlarning rasmiy bir jurnali quyidagi fikrni o‘rtaga qo‘ydi: «Millatlarning o‘zaro qo‘shiluvi (assimilyatsiya bo‘lishi) milliy tuproq muxtoriyatlarini, hatto ittifoqdosh jumhuriyatlarni millatsizlantiradi». («Sovetskoe gosudarstvo i pravo» jurnali, 1961, № 12, 25 bet. Abdurrahman Avtorchanov. Das kommunistische Program zur Entnationalisierung der Nationalitaten der UDSSR, Munchen 1964, 28 betdan olingan jumladir.

3. Sovet davlatchiligi «Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat» siyosati asosida yashamoqdadir. Bunga ko‘ra Turkistondagi Sovet jumhuriyatlarining hukumatlari hech qachon o‘zlarining milliy madaniyat siyosatini yurgiza olmaydilar. Bunday «shaklan milliy madaniyat» siyosatining bir qismi o‘laroq ruslashtirish siyosati jiddiy ravishda davom ettirilmoqda. Oliy va o‘rta o‘quv yurtlarining ko‘pchiligida darslar ona tilida emas, rus tilida berilmoqdadir.

4. Turkistondagi Sovet mintaqalarida rus aholisining sanog‘ini orttirish siyosati o‘z natijalarini bermoqdadir. Masalan, 1979 yildagi nufus hisobiga ko‘ra, Qozog‘iston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatida 1979 yilda 5991205 rus va 5289349 qozoq yashar edi. («Naselenie SSSR», Moskva — 1980, 28 bet. Qozog‘iston SSR 1979 yildagi nufusining 36 foizi qozoq turklari, 40,8 foizi ruslardir.)

5. Sovet Ittifoqida nashr etilgan manbalarga asoslanib shuni ayta olamizki, Sovet jumhuriyatlari milliy va mustaqil bir iqtisodiy siyosat yuritish haqqiga ega emaslar. Bu jihatdan bu Sovet davlatlari Sovetlarning tabiiy boyliklar o‘chog‘i holida yashamoqda.

6.Turkistondagi Sovet davlatlarining eng muhim sohalarini ruslar idora etmoqdalar. Davlat «raislarining», «bosh ministrlarining», «ministrlarining» yordamchilari, Davlat Xavfsizlik Qo‘mitalari, temir-yo‘llar va Bosh pochtamt mudirligining tamsilchilari, Harbiy Okruglarning Qo‘mondonlari, Kompartiya Markaziy Qo‘mitalarining ikkinchi sekretarlari, og‘ir sanoat boshliqlari faqat ruslardan tanlab qo‘yiladi.

Yuqorida qisqacha ifoda etilgan asoslarga ko‘ra Turkistondagi Sovet davlatlarining hech biri, na milliy, na-da mustaqil davlat maqomiga egadirlar.

Miraziz A’zam nashrga tayyorlagan

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 3-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.