background
logotype

Enver Xurshut. Abdulla Qodiriy va tarixchi Hakimxon to‘ra (1987)

Atoqli adib Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» kabi Qo‘qon xonligi davridan hikoya qiluvchi tarixiy romanlari muallifning keng ko‘lamli tarix bilimdoni ekanidan darak beradi.

Yozuvchi yana «Amir Umarxonning kanizi» nomli uchinchi tarixiy roman yozishni ham niyat qiladi, lekin bu niyat ro‘yobga chiqmay qoladi. Ma’lumki, Abdulla Qodiriyning bu romanni yozish fikri 1929—30 yillarda tug‘iladi. Roman uchun zaruriy material, o‘sha davrga oid juda ko‘p tarixiy voqeanomalarni o‘rganish, turli kishilar bilan suhbatlashish va yozilajak asar voqealari sodir bo‘ladigan joylarni borib ko‘rish orqali to‘planadi.

Abdulla Qodiriy shu maqsadda bir necha bor Qo‘qon, Farg‘ona, Namangan va boshqa shaharlarda bo‘ladi. Bu shaharlarda u keksa kishilar bilan suhbatlashadi, o‘tgan zamon voqealarining shohidi bo‘lgan kishilarning so‘zlarini yozib oladi.

Yozuvchi shu tariqa qariyalar xotirasidan hali o‘chib ketmagan tarixiy voqealar haqidagi og‘zaki ma’lumotlarning dastlabki to‘plovchisi va sharhlovchisi bo‘ladi. Tarixiy voqealarning yaxshi izohi, hikoyalarsiz yozuvchi mazkur asarni tasavvur qilolmasdi. Binobarin, adib uchun tarixiy ma’lumotlarning o‘zigina emas, balki mazkur o‘tmish voqealari xalq xotirasida, uning hikoyalarida, afsona va naqllarida qay tarzda ifodalanganini bilish ham muhim edi.

«Men bir asar yozishdan avval, shu yozmoqchi bo‘lgan narsam haqidagi materiallarni puxta o‘rganib chiqaman. Biror joy to‘g‘risida asar yozmoqchi bo‘lsam, o‘sha joyni necha marotaba ko‘rgan esam-da, yaya borib tekshirib, yaxshiroq o‘rganib kelaman», — deb yozgan edi A. Qodiriy 1935 yili «Qizil O‘zbekiston» gazetasida.

Shunday qilib, yozuvchi ham yozma, ham og‘zaki materialga ega bo‘lgan. Roman yozish uchun bu tarzda material to‘plashni mashhur frantsuz adibi Emil Zolya o‘zining «Romannavis huquqi» degan maqolasida shunday bayon qiladi: «Har safar roman yozishga chog‘langanimda, meni qiziqtirgan masalaga doir jami kitoblarni to‘plab olaman, bu masalaga daxldor bo‘lgan barcha bilimdon kishilar bilan suhbatlashaman, joylarni borib ko‘raman, mazkur mamlakat, o‘lka bilan tanishaman, odamlari va ularning urf-odatlari bilan tanishaman».

Mazkur o‘rinda Abdulla Qodiriy romannavis-yozuvchi sifatidagina emas, balki tadqiqotchi-olim sifatida ham ish ko‘rishi darkor edi.

Yozuvchi yangi romani uchun zarur material to‘plagan bo‘lsa-da, lekin uning yaratilishi orqaga surilib ketdi va oqibatda yozilmay qoldi. Birinchidan, ma’lum sabab va sharoitlarga ko‘ra, avval «Obid ketmon» qissasini yaratishga kirishadi, shuning uchun mazkur roman ustidagi ish, tabiiyki, keyinga suriladi. Ikkinchidan, Abdulla Qodiriy to‘plangan materiallarni tarixiy ma’lumotlar bilan qayta tekshirib chiqish kerakligini yaxshi bilardi. Habibulla Qodiriy otasining «...tarixiy asar yozganda biror shaxsning xoh og‘zakidir, xoh yozmadir bergan shohidligiga darhol ishonaverish bo‘lmaydi, uni obdan tekshirib, mantiq andozasiga solib, so‘ng asarga kiritish kerakkim, kitobxonda e’tiroz, shubha tug‘ilmasin...» degan so‘zlarini eslaydi o‘zining «Otam haqida» degan kitobida.

Bu so‘zlar yozuvchining halolligidan, o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchanligidan darak beradi.

Demak, muallif aytmoqchi, to‘plangan materialning haqqoniyligini yaxshilab tekshirish zarur edi. Buni esa faqat ishonchli yozma manba asosidagina amalga oshirish mumkin. Xo‘sh, Abdulla Qodiriy shunday manbaning borligini bilarmidi? O‘g‘lining so‘zlariga qaraganda bunday manbadan yozuvchi xabardor bo‘lgan: «Dadamning shunday deganlari yodimda: «Romanga kerakli materiallar yetarli bo‘lib qoldi. Endi, Toshkent Sharq kutubxonasida Umarxonning ukasi (yanglishmasam, shunday degan edilar shekilli. — H. Q.) yozgan, o‘sha davr tarixiga oid nodir bir qo‘lyozma bor ekan, shu kitobni ham biror oy o‘tirib o‘qib chiqsam va Buxoroga bir borib kelsam, bas. Uy-ro‘zg‘or ishlaridan xotirjam bo‘lib olib, bir qish qattiq o‘tirsam, romanni yozib bitiraman...» (197-bet).

Bu so‘zlar Abdulla Qodiriyning o‘sha zamon voqealari to‘g‘risida bayon qiluvchi ishonchli manba borligini bilishiga hech qanday shubha qoldirmaydi.

Qodiriy o‘sha qimmatli manbani shoir G‘ayratiy tilidan yana bir karra shunday eslaydi: «Qo‘qonda Abdulla akamning Mirzoyi Ho‘qandiy nomli taniqli bir oshnalari bor ekan. O‘zi ancha keksa, lekin tetik, o‘qimishli, shoirnamo, ko‘pni biluvchi, yanglishmasam, u Jome masjidining mutavallisi bo‘lib ishlar ekan... Xotiramda, bir kuni Mirzoyi Ho‘qandiy bizni bir kishining uyiga mehmonga boshlab bordi. Bu kishi ham keksaroq yoshda, ko‘p tarixlarni biluvchi... keyingi choqlarda chamasi kitobfurushlik bilan shug‘ullanar ekan. Abdulla akam bu kishi bilan uzoq so‘zlashib o‘tirdilar. Kitobfurush sandig‘ini ochib, undan ikkita foto rasm va bir qo‘lyozma kitob olib ko‘rsatdi. Bu kitob amir Umarxonning jiyani bo‘lmish O‘ratepa hokimi Hakimbek to‘ra tomonidan yozilgan tarixiy xotira bo‘lib, unda Umarxon va Madalixon davrlari tasvirlangan ekan. Biroq u (Abdulla akamga ko‘rsatilgan) kitob — qo‘lyozmaning asli emas, aslidan birmuncha qisqartirib ko‘chirib olingan nusxa edi. Asli esa Toshkent Sharq kutubxonasida saqlanar ekan.

Toshkentda to‘liq nusxasi borligi uchun bu kitob (meningcha yuqorida yozganimdek, «Toshkent kutubxonasida bir kitob bor, shuni o‘qisam»... deb dadam shu kitobni aytmadilarmikin? — H. Q.) Abdulla akamni uncha qiziqtirmadi» (198—199-betlar).

Shunisi diqqatga sazovorki, H. Qodiriy otasi va G‘ayratiy tilga olib o‘tgan qo‘lyozma kitobning har ikkisi ham ayni bir kitob ekanini, garchi bu sohada mutaxassis bo‘lmasa ham, to‘g‘ri belgilaydi. Lekin G‘ayratiyning esdaliklarida bir nuqson bor. Avvalo, mazkur qo‘lyozma kitob muallifi goh «Umarxonning ukasi», goh «Umarxonning jiyani» deb noto‘g‘ri aytilgan. Ikkinchidan, «O‘ratepa hokimi Hakimbek to‘ra» degan so‘zlar ham to‘g‘ri emas.

Xo‘sh, shunday qilib, «o‘sha davr tarixiga oid nodir bir qo‘lyozma»ning nomi qanday ekan? Uning muallifi kim? «Amir Umarxonning kanizi» romani uchun to‘plangan materiallar yo‘qolib ketgan. Buning ustiga, hali aytilganiga ko‘ra, mazkur nodir qo‘lyozma muallifining nomini yozuvchi ham, uning o‘g‘li H. Qodiriy ham o‘z esdaliklarida tilga olishmagan.

Biz bu xususda olib borgan tekshirishlarimizga suyanib yuqoridagi savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Abdulla Qodiriy o‘zining niyat qilgan «Amir Umarxonning kanizi» degan yangi tarixiy romanini yaratish yo‘lida olib borgan dastlabki tayyorgarlik ishlarida, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, o‘sha zamonga oid fors, o‘zbek tillarida yozilgan juda ko‘p qo‘lyozma manbalarni ko‘zdan kechirgan. Ular orasida eng nodiri va mukammali bo‘lmish «Muntaxab at-tavorix» kitobi, shubhasiz, yozuvchining alohida diqqatini o‘ziga jalb qilgan. Bu manbaning muallifi bo‘lmish Hakimxon to‘raning ismi G‘ayratiy tomonidan tilga olinganligi ham bu fikrimizni tasdiqlaydi.

Xo‘sh, Hakimxon to‘ra kim o‘zi?

Muhammad Hakimxon to‘ra 1806 yilda Qo‘qonda o‘z zamonasining hur fikrli ilg‘or kishisi bo‘lmish Ma’sumxon oilasida dunyoga keladi. O‘zining taraqqiyparvar siyosiy qarashlari uchun Hakimxon to‘ra Qo‘qon xoni tomonidan mamlakatdan badarg‘a qilinadi. Uning ko‘p umri sayohatlarda, sarson-sargardonlikda o‘tadi. Bu jahongashtalik yillari Hakimxon kema halokatini, qaroqchilar bosqinini, turma azoblarini, suvsiz sahro azobini, bir necha bor o‘lim xavfini boshidan kechiradi.

U Rossiya, Turkiya, Suriya, Falastin, Misr, Arabiston, Eron va Afg‘oniston mamlakatlarini kezib chiqadi.

Hakimxon to‘ra uzoq sayohatdan qaytgach, avval Buxoroda, keyin O‘ratepada yashaydi. (Bu vaqtda O‘ratepa hokimi uning do‘sti Muhammad Rahim devonbegi edi. Hakimxon O‘ratepa hokimi edi, degan mulohaza to‘g‘ri emas). Shuningdek, u Shahrisabzda ham ancha vaqt istiqomat qiladi.

Hakimxonning otasi Ma’sumxon Qo‘qon xoni Olimxonning tug‘ishgan singlisi Oftob oyimning eri edi, demak, Hakimxon xonga jiyan edi.

Hakimxon to‘ra o‘zi yashab turgan xon zamoni to‘g‘risida, saroyga yaqin tarixiy shaxslarning hayoti va o‘sha davrning diqqatga sazovor siyosiy voqealari to‘g‘risida «Muntaxab at-tavorix» nomli ajoyib asar yozadi. Bu asar XIX asr o‘zbek adabiyotining eng yaxshi namunalaridan sanaladi.

Bu tarixiy asar muallifi Abdulla Qodiriy o‘z romanida aks ettirmoqchi bo‘lgan davrga zamondosh bo‘libgina qolmay, balki unda kechgan jami voqealarning faol qatnashchisi ham edi. Buning ustiga u Abdulla Qodiriyning bo‘lg‘usi romani qahramonlari bilan shaxsan tanish edi.

Shu aytilganlarga ko‘ra, adib roman uchun material to‘plar ekan, tarixiy manbalar orasida «Muntaxab at-tavorix»ni alohida ajratib, unga suyanib ish ko‘rgan bo‘lishi tabiiy. Bu kitob yozuvchiga eng qimmatli hujjatli materiallar manbai bo‘lib xizmat qilgan.

Markazlashgan davlatning vujudga kelishi, Rossiya bilan savdo-sotiq ishlarining jadallashishi va shu singari bir qator omillar XVIII-XIX asrlarda Qo‘qon xonligida ma’naviy va madaniy hayotning o‘sishiga olib keldi. Bu davr ichida Qo‘qon xonligida bir qancha tarixiy asarlar bitildi. Bular jumlasiga mulla Yunus dodxohning «Xadoiq al-anvar» («Nur bo‘stonlari»), Mirza Qalandar Isfarag‘oniyning «Shohnomayi Umarxoni» («Umarxonning shohnomasi»), Ziyovutdin xo‘ja Andijoniy To‘ra xo‘janing «Mir’at al-futuh» («G‘alabalar ko‘zgusi») kabi asarlarini kiritish mumkin.

Qo‘qonda yaratilgan asarlar orasida XIX asrning birinchi yarmi oxirida yaratilgan «Muntaxab at-tavorix» asari alohida ahamiyat kasb etadi. Bu haqda bizga rus va sovet olimlarining asar to‘g‘risidagi mulohazalari yaqqol dalolat berib turadi. Jumladan, Ye. Kal, A. A. Semyonov, V. V. Bartold kabi olimlar mazkur asarni O‘rta Osiyo xalqlari tarixini yorituvchi juda muhim manba deb bilganlar.

Hakimxonning bu asari umumtarixiy asarlardan bo‘lib, dunyoning vujudga kelgan vaqtidan boshlab, XIX asrning yarmigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. «Muntaxab at-tavorix»ning birinchi qismi XVIII asrning o‘rtalaridan XIX asrning o‘rtasiga qadar bo‘lgan davrdagi Buxoro amirligi tarixiga taalluqlidir. Bu qismda avtor Buxoro amirlarining yagona markazlashgan davlat qurish uchun olib borgan kurashlari, ularning Xiva va Qo‘qon xonlari hamda mustaqil O‘ratepa va Shahrisabz o‘lkalari bilan bo‘lgan aloqalari haqida hikoya qiladi.

Asarning ikkinchi qismi esa Qo‘qon xonligi tashkil topganidan boshlab (XVIII asr) XIX asrning yarmiga qadar bo‘lgan tarixni o‘z ichiga oladi. Bu yerda ham xuddi oldingi qismdagi singari Hakimxon Qo‘qon xonligining tashkil topish tarixi, uning qo‘shni davlatlar bilan aloqalari, shu jumladan Xitoy bilan munosabatlarini batafsil hikoya qiladi.

Asarning uchinchi qismi, oldingilaridan farqli o‘laroq, muallif sayohatlarini tashkil etadi.

Ko‘rinib turibdiki, Hakimxonning «Muntaxab at-tavorix» asari O‘rta Osiyo xalqlari va unga qo‘shni bo‘lgan davlatlar tarixi haqida muhim manbalardandir. Bu asar mehnatkashlarning ahvoli, ommaviy harakatlar haqida juda ko‘p materiallarni qamrab olganligi bilan boshqa tarixiy asarlardan alohida ajralib turadi.

Asarning yana bir diqqatga sazovor yeri shundaki, muallif saroy tarixchilaridan bo‘lgan emas. Aksincha, u o‘zining demokratik e’tiqodi uchun Qo‘qon xonligidan haydab chiqarilgan va butun umrini darbadarlikda o‘tkazgan.

Hakimxon o‘z davrining mashhur shoirlaridan bo‘lgan Hoziq, Nodira, Sultonxon Adolar bilan shaxsan tanish edi. U o‘z asarida yuqorida nomlari tilga olingan o‘zbek shoirlarining hayoti va faoliyati haqida qimmatli materiallar berib, ularning bir qancha she’rlaridan namunalar keltiradi.

Yana shuni qayd etish kerakki, Hakimxon afg‘on xalqining ingliz kolonizatorlariga qarshi kurashini boshqargan Afg‘oniston hokimi Do‘st Muhammadxon bilan ham shaxsan tanish bo‘lgan.

Hakimxon asarida yuqorida ta’kidlab o‘tilgan muhim mulohazalarni yozish jarayonida, o‘z hayotini ham ta’riflab o‘tadi. U XIX asrning birinchi choragidayoq rus tilini bemalol gaplasha olish darajasida o‘rganib olgan birinchi o‘zbeklardan sanalardi.

Hakimxonning «Muntaxab at-tavorix» asari o‘zbek klassik adabiyotining yirik namunalaridan biridir.

Yuqorida keltirilgan faktlar Hakimxonning yirik tarixchi, geograf, adabiyotchi, ma’rifatchi bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Enver Xurshut,

tarix fanlari kandidati.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1987 yil, 4-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.