background
logotype

Erkin Vohidov. Ustoz G‘ayratiyni eslab (1987)

Ellik birinchi-ellik ikkinchi yillar edi. Biz oltinchi-ettinchi sinf o‘quvchilari Labzakdagi Ostrovskiy nomli pionerlar saroyiga qatnashib yurar edik. Saroyning katta maydoni ayniqsa yozda gavjum bo‘lardi. Drama to‘garagi qatnashchilari siektakllar qo‘yishar, futbol, voleybol, shaxmat musobaqalari o‘tkazib turilardi. Usta Mahmud Usmonovning ganchkor shogirdlari ishi hammaning diqqatini tortardi.

Yosh adabiyotchilar to‘garagini shoir G‘ayratiy boshqarar edi. Bu nuroniy, vazmin, muloyim, mehribon ustozning siymosi mening ko‘z oldimdan sira ketmaydi. U bizning ilk ibtidoiy mashqlarimizni diqqat bilan eshitar, avval o‘rtoqlarimizning fikrini so‘rar, oxiri o‘zi yakun yasab yozganlarimivning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatar edi. Bu bilan ustoz bizni faqat she’r, hikoya yozishgagina emas, har bir asarning badiiy qimmati haqida fikr qilish, bu fikrni bayon qila olishga ham o‘rgatardi. G‘ayratiy klassik she’riyatning zukko bilgichlaridan bo‘lgan. Fors tilida, qadimiy turkiy tilda bitilgan juda ko‘p g‘azal, ruboiylarni yod bilar, bizga o‘qib berib o‘tirardi. Mana, yillar o‘tib o‘z-o‘zimga savol beraman. O‘sha vaqtda-ku bizlar kattamiz o‘n besh-o‘n oltida, kichkinamiz o‘n bir-o‘n ikki yoshda bo‘lgan bolalar edik. Sa’diy, Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliylarning hozirgi kunda ham lug‘atsiz anglash mushkul bo‘lgan baytlarini ustoz G‘ayratiy bizga nega o‘qib berardi? Biz axir u baytlardagi falsafaning, majozlarning‘ mingdan birini ham ilg‘ab ololmasdik.

Chuqurroq o‘ylasam, shoir G‘ayratiy katta pedagog ham ekan. Biz o‘sha vaqtda buyuk sharq allomalarining nozik badiiy obrazlarini tushunib yetmagan bo‘lsak ham, murg‘ak xayolimizga sehrli she’riyatning shu’lasi tushgan ekan. Aqlimiz bilan anglamasak ham shuurimiz bilan shunday yuksak, samoviy, mo‘‘jizaviy she’riyat olamda borligini sezgan ekanmiz.

Ustoz G‘ayratiy hech qachon hech birimizga «sen» deb murojaat qilmagan. U bolaligimizdan bizni o‘zaro hurmatga, bir-birovni qadrlashga o‘rgatdi. «Shoir qavmi, — der edi u, — bir-biriga o‘xshamagan bo‘ladi. Ko‘nglida hech qachon boshqasini tan olmaydi. Lekin iste’dod egasida mavjud bo‘lgan aql, farosat unga doim bir narsani uqdirib turadi: adabiyotga bir xilda fikrlaydigan adiblar kerak emas. Shoirlar o‘zlarining har xilligi bilan qadrli».

Ustozning yana bir o‘giti qulog‘imdan ketmaydi: «Adabiyot halol, pok odamlarning dargohi. Unga shonu shuhrat tama’ qilib kirgan, qalam haqidan keladigan boylikni o‘ylagan kishi hech narsaga erisha olmaydi. Aksincha, oqibatda beobro‘ bo‘ladi. Sizlar o‘qishni, o‘rganishni, qunt bilan mehnat qilishni biling. Siz orzu qilgan hamma narsa o‘zi eshigingizni qoqib keladi».

O‘sha yillar shoir G‘ayratiy uchun qiyin yillar edi. U nohaq ayblanib adabiy davralardan chetga surilib qolgan, g‘arib, aftoda bir holda edi. Shoir o‘zining yosh do‘stlari bilan ovunar, ko‘nglidagi gaplarini biz bilan o‘rtoqlashardi. U mushkul davr keyinroq shoirga katta baxt bo‘lib qaytdi, ustozlik baxti, shogirdlarning kamolini ko‘rib quvonish baxti bo‘lib qaytdi.

1965 yilda shoirning 60 yillik to‘yi (Hamza nomli akademik teatrda) o‘tkazilgani hech esimdan chiqmaydi. Biz uning shogirdlari — Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansur, Sayyor, To‘lqin, Anvar Isroilov, Anvar Yusupov, Anvar Eshonov, Tamilla Qosimova, Matluba Islomova va boshqalar ustoz haqida o‘z dil so‘zimizni aytgan edik. Ustoz kiprigida yosh qalqib turardi.

Men G‘ayratiyni faqat ustoz sifatida esladim. Lekin shoir G‘ayratiy adabiyotimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, uning asoschilaridan biri hisoblangan yozuvchi edi. «Onamga xat», «Jinasta», «G‘urbatda Furqat» kabi dostonlari, qator dramatik asarlari, she’rlari adabiyotimiz fondidan munosib joy olgan. Uning xotirasi minnatdor qalblarimizda uzoq yashab qoladi.

1987

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.