background
logotype

G’affor Hotamov. Ular ko‘zyoshlarga ishonmaydilar (1990)

Yomg‘ir tinmay yog‘di kun bo‘yi,
Yomg‘irli kun kabi ezildi dardim.
Yaydoq ko‘chalarda jim yurgan ko‘yi
Sening izlaringni axtardim...

Yomg‘ir hech mahal bunchalar - na kecha, na kunduz tinmasdan yog‘magan, hech mahal inson dardi bunchalar ezilishi mumkin ekanligiga shohid bo‘lmaganman. Bog‘ bag‘ridagi bu qishloqqa ta'ziya uchun ham kelmagan edik aslida.

Osmon tund, qir-adir, hatto maysalar ham yomg‘ir zahridan ezilib ketgan edi go‘yo. Zax tortgan paxsa devor olisdan qorayib ko‘zga chalinar, undan sal berida qora chopon kiygan, qaddi dol erkaklar hasrat to‘la ovozda nola qilishar, ularning fig‘oni nainki falakni, hatto tog‘u toshlarni ham titratar, tosh qotgan diydalarni tilkalab, qon qilib yuborar edi:-Jigarim-o-ov, jiga-ri-im! jigari-im! Jigarim-e-ey, jigari-im!

Judolik hasrati silqqan nolai zor hali tinmasidan, aytib yig‘layotgan ayollar dardu ohi lovvullab ko‘kka o‘rlaydi: - Kelinchakning qo‘lin tutmay kuyib ketgan bolam-ey-y!..

Biz enish yo‘lakdan bir-bir bosib, motamsaro hovliga tushdik va udumga ko‘ra,- ovoz berayotganlar ro‘parasiga,- supaga qo‘yilgan temir o‘rindiqqa borib o‘tirdik, unsiz, yuzimizga fotiha tortgach, turdik; ta'ziyaga kelganlar besaranjon, qirdagi og‘och kursilarda o‘tirishar, ora-sira yo‘lga qarab qo‘yishar, aftidan, nimanidir kutishar edi.

Hammaning yuzi tund, hammaning dili xufton.

- Nima bo‘lgan ekan o‘zi?

- Tok urgan emish.

- Urgutdan ham birini «tok urdi»ga chiqarishgan ekan, tobutni ochishsa pichoqlangan!..

- Shuning uchun ham, o‘zimizning do‘xtirlarga ko‘rsatish kerak, keyin armon bo‘lib yurmaydi, to‘g‘rimi?

- To‘g‘ri.

Jamoa shu fikrda edi, lekin...

Kishilar go‘yo dardlashar, aslida bizga qilinayotgan hasrat edi bu, ular - dalaning odami, suruv boqish, ketmon chopish bo‘lsa ekan, mana bundoq bo‘ladi, deb ko‘rsatib qo‘yishsa; yo‘q, bo‘lak masala bu, juda jiddiy, har qancha bosh qotirishmasin, qandaydir nosog‘lom, shubhali hodisalar ro‘y berayotganligini ehtimol anglar, biroq nega, nima uchun shunday bo‘layotir - buni tushunib yetishmaydi. Bu bilan aslida ham ziyolilar, ularning haq-huquqini himoya qiluvchi mas'ul shaxslar shug‘ullanishi lozim. Rost, qachonlardir, qaylardadir o‘zlari ham «Vatan oldidagi farzandlik burchlarini o‘tab qaytishgan». Eslarini tanishgandan buyon shu hol: Er yetgan yigit borki, harbiy xpzmatga chaqiriladi, hayotning hech kim buka olmaydigan temir qonuniga aylangan bu. Bag‘ringdan uzib olingan jigaringni harbiy komissariatga qadar kuzatib borasan, shu bilan bas, u yog‘i sening inon-ixtiyoringdan tamomila tashqarida. Chekiga tushgan joyda u xizmat qiladi: Qurilish batalonidami va yoki Afg‘onistonda, Mo‘g‘ulistondami va yoki Olmoniyada... O'zlarining xohish-irodasiga itoat etmagan holda, ular Tbilisida, Bokuda, Farg‘onada... qon to‘kishdi, o‘z ko‘yicha tinchgina kun ko‘rayotgan afg‘onlarning uyini buzishdi. Biz esa bu qilmishni to‘rpardadek bezovchi, biroq metindek mustahkam siyosiy iborani o‘ylab topdik: «internatsional burch»! Ha, istaysizmn, yo‘qmi, bu sohada stalincha aqidalar, muqim yashab kelayotir, ehtimol, shuning uchundir, farishtadek begunoh, beozor yigitlarimiz xizmat burchini o‘tay turib nogahoniy o‘limga duchor bo‘lishmoqda?! Zero, bugun mahv etilayotgan stalincha sirli shafqatsizliklarni eslatmaydimi bu sizga?!

... Kerosin sepilgan olov kabi, nolai fig‘on alanga olib birdan ko‘kka o‘rladi: Tibbiy yordam ishorasi tushirilgan sarg‘ish mashina qiya yo‘ldan enib kelayotgan edi. G'ildiraklari maysalarni ezib-yanchib bordi-da, qo‘nqayib turgan uyning biqinida to‘xtadi. Halidan beri aytib yig‘layotgan ayollar endi uni mushtlashgancha qaqshashar, ularning ohu faryodiga sira chidab bo‘lmasdi. Taloto‘p ichida mashina deyarli ko‘rinmay qoldi. Nihoyat, miqtigina o‘zbek leytenant ming tavallo bilan to‘dani xiyol orqaga surdi, shundan so‘nggina mashinaning orqa eshigi ochildi va rangi quv uchgan katta leytenant, bir emas, ikkita askar yigit, tag‘in allakim - u sipoyi kiyingan edi - tushib kelishdi. Rost, ular bilan birovning zig‘ircha ishi bo‘lmadi, barcha birdek  mashina ichiga talpinar edi. Kishilar butun vujudi bilan intilgan narsani avaylab ko‘targancha olib maysalar ustiga qo‘yishdi: Qizil mato bilan o‘ralgan tobut edi u!..

Nimalar kelmaydi shunda xayolga?!

Katta leytenant boshini solintirgan ko‘yi bizga yaqinlashdi, avval zimdan sinovchan nazar soldi, so‘ng muruvvat qo‘zg‘ovchi siniq ovozda: - Chekishdan bormi, yigitlar? - deb so‘radi.

- Uning ichidagi nima? - dedi unga javoban Farhod Bobojonov, men uning hamisha sokin yuzida silqib turgan qahrni ko‘rdnm, yonoqlari ham pir-pir uchayotgan edi.

- Marhum.- Katta leytenant bu gapning chuvalashishini istamasdi, shuning uchun bo‘lsa kerak, shosha-pisha, juda xokisor ohangda izoh berdi: - Baxtsiz hodisa, boyaqishni tok urgan - 380 kilovatt. Ochiq yotgan kabelni... - Uning gapiga hech kim ishonmadi: Dafn marosimiga yig‘ilgan kishilar baribir temir tobutni ochib, jasadni qayta tiibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni talab qilishdi, askarning otasi: «Bir natija chiqarmikan?», deya paysalga solgan edi, «Toshkentdan manavi kishilarni xudo yetkazdi, shular ham biz bilan birga borishadi», deyishdi. Biz rozi bo‘ldik.

Saidahmad Mirzatoev jasadi solingan temir tobut tag‘in sarg‘ish mashinaga ortildi. Mushtipar onaizor jngarbandining hatto o‘ligi ham qo‘lidan chiqib ketayotganligini ko‘rib, yer mushtlab qolaverdi. Ko‘rgulikning achchiq musibati kammidi unga? Shuncha sitam yetmay turganmidi? Lekin nachora?

Odessa viloyatida joylashgan harbiy qismda o‘tkazilgan ilk tibbiy tekshiruv xulosasi ko‘ngilda shubha va gumon tug‘dirgan, ustiga-ustak, keyingi paytda o‘ligi kelgan urgutlik, ishtixonlik, poyariqlik askar yigitlarning deyarli barchasini «tok urgan!». Qismatdoshlar ko‘rguligi zamirida qandaydir nosog‘lom, pinhoniy sa'y-harakat yashirin bo‘lib tuyulmaydimi sizga?

Kirov nomidagi xo‘jalikning «G'allakor» qishlog‘idan toki Poyariq nohiya markaziga qadar ozmuncha yo‘l emas: tag‘in loygarchilik, uylarni, ko‘prik va yo‘llarni sel yuvib ketgan. Qolaversa, o‘sha yakshanba jumhuriyat xalq deputatligiga qayta saylovlar bo‘layotgan kun edi. Poyariqda bo‘sh o‘rin bo‘lib, unga da'vogarlar ichida birinchi kotib Sa'dulla Boyzoqov nomzodi ham bor. Ehtimol, kattayu kichik rahbarlar saylov uchastkalarida, shuning uchun ham tibbiy tekshiruv o‘tkazuvchi hakimni topa olamizmi-yo‘qmi, deb tashvishda edik. Yo‘q, nohiya firqa qo‘mitasi birinchi kotibi qabulxonasida uch-to‘rt mas'ul xodim, kotiba qiz teleko‘rsatuvni tomosha qilib o‘tirishgan ekan. Ularga tashrifimiz sababini aytdik, biroq jumhuriyat televideniesining purma'no ko‘rsatuvi, fikri yodlarini tamomila band etganmi, zig‘ircha z'tibor qilishmadi ham. Ehtimol, bizning tashvishimizni tushunishmagandir, o‘zi shunday-ku, axir, tanimaganni siylamaydilar, siylanmaganning gapi esa yerda qoladi. Birinchi kotibni yo‘qlagan edik, u kishi chiqib ketgan, deyishdi. Tibbiy tekshiruv o‘tkazuvchi hakimni topishda yordam so‘ragan edik, bugun dam olish kuni bo‘lsa, kim qaerda yuribdi, biz qayoqdan bilaylik, deya yelka qisishdi. Shundan keyin Hamroqul Asqar sekin bordi-da, avval televizorning unini o‘chirdi, so‘ng kechirim so‘rab, aytdiki, shundoq ikki qadam narida bir askar yigitning o‘ligi turibdi, uning qarindosh-urug‘i turibdi, qishlog‘ida bularni kutib eli turibdi! Ular imdod tilab kelishgan sizga! Jilla qursa, shuni hurmat qiling!

Hamma narsa kech tushuniladi. Inson taqdiri hal bo‘ladigan shunday nozik damda bu idoradagilar nechun vazmin sukut saqlashganligini men keyin angladim, nazarimda, ular barchasini besh qo‘ldek bilar, hatto bizga qorong‘i bo‘lgan sirdanda voqif, shuning uchun ham, bexayr bu ishga aralashishni sira-sira istashmas edi. Qolaversa, qo‘llarida bu yumush bilan shug‘ullaning degan ko‘rsatma ham yo‘q, bu xildagi masalalar ularning vazifa doirasiga kirmaydi, xullas, shunday deb hisoblashadi. Shunga odatlanishgan. Biz esa ularning tinchini buzdik. Holbuki, temir tobutda oqib kelayotgan jasadlar yangilik emas! Azaliy aqidalar va hamon davom etayotgan eskicha qarashlar.

Ha, ularning bepisand muomalasidan shu anglashilar ediki, har qancha uringan taqdirda ham, bu sa'y-harakatdan hech bir natija chiqmaydi. Yuragim siqilib ketdi, yashirib nima, bunday paytda kishi hatto shunday ishga o‘ralashib qolganligingdan pushaymon bo‘lasan, zero, qandaydir bir yigit: «Qo‘lingdan nima ham kelardi?» degan kabi ich-ichidan kulib qarasa, tinglashni ham istamasa va keyin sen u qanday kuchga tayanayotganligini sezsang, shu kuch qoshida o‘zingning chindan ham ojiz ekanligingni his etsang, alam qilmaydimi?!

Sekin ko‘chaga chiqdim. Osmon qovog‘ini solib olgan, to‘zg‘ib yurgan uvada bulutlar goho chak-chak tomchilar, ko‘klamning so‘nik quyoshi kunbotar sari siljiy boshlagan edi.

Sarg‘ish mashinaning orqa eshigi ochildi-da, qora chopon kiygan aftodahol qariya tushib, mening yonimga keldi; keyin bilsam, marhumning tog‘asi ekan u, yoshi - oltmishda, ismi - O'roqboy. Uch o‘g‘li oy borib, omon qaytibdi, to‘rtinchisi hozir xizmatda ekan.

- Endi uka-a, nima bo‘lsayam bir yordam qilingizlar! - o‘tindi u. - Buyog‘ini tezlashtirishsin, iltimos. Ta'ziyaga kelgan jamoa tarqab ketadi, axir!

Shundagina men masalaning nozik bir jihatini his etdim: Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmay turib, hech bir odam qaytib marhumni o‘sha - yer mushtlab, qon qaqshayotgan ayollar, yo‘limizga ko‘z tikib o‘tirgan kishilar qoshiga olib bora olmaydi. «Shunday ekan, nega endi uzzu-kun o‘likni ovorai sarson qildinglar?» degan ta'na-malomot har bir qarashda aks etishi muqarrar. Har bir ko‘ngilda toabad juda noxush asorat qoldiradi bu. Shuning uchun ham shartta izimga qaytdim, qabulxonaga chiqsam, Hamroqul haliyam telefon qo‘ndog‘ini qulog‘iga bosgancha raqam terar, xonadagilar esa xushlamaygina uni hamon kuzatib o‘tirishar edi. Banogoh u tetiklandi; quduqqa umidvor qichqirayotgan kabi iltijo bilan dedi:

- Alo-o! Alo-o! Menga o‘rtoq Abdurahmonov kerak edilar!

Viloyat firqa qo‘mitasi birinchi kotibining ismu sharifini eshitgach, o‘tirganlar birdan sergak tortishdi va shu paytgacha o‘zlari e'tibor qilmagan odam yuzidagi har bir o‘zgarishni diqqat-e'tibor bilan kuzata boshlashdi.

- Alo-o, Po‘lat Majidovich, salomalaykum, men Yozuvchilar uyushmasidan, Odil Yoqubovning yordamchisiman. Bir qator shoiru yozuvchilar Poyariqqa kelgan edik, hech kutilmaganda, noxush bir hodisa ustidan chiqib qoldik. Shu desangiz, bugun bir askar yigit... Shunday, shunday Po‘lat Majidovich!.. Shunday! Rahmat Sizga, mingdan ming rahmat, Po‘lat Majidovich. - U telefon qo‘ndog‘ini joyiga qo‘ydi, nazarimda, shu lahzadan boshlab, qo‘mita tomirida to‘ng‘ib qolgan qon tag‘in ko‘pirib oqa boshladi. Men «xo‘sh nima bo‘ldi buyog‘i?» degan ma'noda unga savolchan nazar soldim.

- Hozir komissiya tuzib jo‘nataman, shaxsan o‘zim oxirigacha nazorat qilaman, dedilar.

Yelkamizdan tog‘ qulab tushgandek edi go‘yo. Rutubatli xonani tark etib, qo‘mita hovlisiga chiqdik. Har bir lahzasi hisobda bo‘lgan vaqt o‘tib borar edi. Yo‘q, oradan bir piyola choy ichgulik fursat o‘tmayoq Sa'dulla Boyzoqovning o‘zlari ham kelib qoldi. Tafsilotlardan xabar topgach, u kishi qattiq afsuslandi.

- Po‘lat Majidovich ertalab nohiyada bo‘lgan, lekin u kishiga bu haqda aytmagan ekansizlar.

- Ayrim qishloqlarni suv bosdi, uylarni suv yuvib ketdi, shu bilan ovora bo‘lib desangiz... E-e, attang, attang!

- U kishi bu masalaga jiddiy qarayotir. Sa'dulla Boyzoqov ham ko‘rsatma berdilarki, tibbiy tekshiruv o‘tkazuvchi hakim, nohiyaning bosh hakimi, prokuror va ichki ishlar bo‘limi boshlng‘i zudlik bilan topib kelinsin! Tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun shuncha rasmiy tashkilot rahbari jalb etilishi zarurligi yetti uxlab tushimga ham kirmagan edi. Oradan biron soat vaqt o‘tgach, shu hol oydinlashdiki, hali bu holva ekan. Birinchi kotib hakimlarga va shaxsan prokurorga «o‘lim sabablarini aniqlaysiz, natijasini shaxsan menga ma'lum qilasiz, lozim bo‘lsa, jinoiy ish qo‘zg‘ash haqida xat yozasiz», deya ko‘rsatma berdi. Shundan keyin, hech kutilmagan parokandalik sodir bo‘ldi. Gap nimada ekanligini hali biz anglab yetmasdan, O'roqboy oqsoqol halloslab qoshimizga keldi-da: - Vaqt ketib qoldi-ku, a? - dedi ezilib.

- Hozir. Buyog‘i ko‘z ochib-yumguncha hal bo‘ladi, oqsoqol.

- E-e, sizlar eshitmapsizlar-da, a? Axir, prokuror ukamiz, bo‘lmaydi, bunday qilishga mening haqim yo‘q, dedi-ku? Ana, u ketyapti, ko‘rdingizmi?

Oqsoqolning joniqqanicha ham bor: Chindan ham, qora plashch kiygan rangpargina prokuror yigit tumshaygancha ketib borar edi. Ertalabdan buyon uzluksiz davom etayotgan sansolorlik yuraklarga to‘kilib ketganligi uchun ham, shartta uning yo‘lini to‘sib chiqdik.

- Xo‘sh?

- Mening haqim yo‘q.

- Nega? Nima uchun haqingiz bo‘lmas ekan, qachonki birinchi kotibning shaxsan o‘zi ko‘rsatma bergan taqdirda?

- Baribir, haqim yo‘q mening.

U - Bahodir Sa'dullaev - yigirma sakkiz yashar yigit, aytishicha, jasad harbiy qismda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan, qayta ko‘rik qilish uchun esa viloyat miqyosida nufuzli komissiya tuzilishi, komissiyaning ishga kirishishi haqida u qaror qabul qilishi lozim ekan. Shu qarorni men chiqara olmayman, deydi prokuror ukamiz. Nega desangiz, hali komissiya kelmagan, nega desangiz, uning haqi yo‘q emish, bugun yakshanba va hokazo, va hokazo. Tog‘dek vaj-karson. Yengib o‘tish mahol bo‘lgan rasmiyatchilik. Nima ham deya olasan kishi? Lekin, shunga imonim komilki mening, mabodo shu yigitning, deylik, biron jigarbandi harbiy xizmatga chaqirilgudek bo‘lsa, shubha yo‘qki, na kechasi, na kunduzi tinim nima - bilmaydi u. Har qanday qonunni chetlab o‘tib, joniachir kishisini jumhuriyat hududida qoldirishga urinadi, qoldiradi ham. Biroq nazarida oxir-oqibati u qadar xayrli tuyulmagan adolatli va savob ishdan zo‘r berib o‘zini chetga olib qochadi.

Zo‘rning zug‘umi bilan nohiya kasalxonasiga Bahodirjonni ham surgalab bordik, lekin shundan keyin ham qani endi u bir zum tinchlik bilsa deng, hali bosh hakimni, hali tibbiy tekshiruv o‘tkazuvchini, hali ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ini chetga tortadi, uyi kuygan odamday besaranjom, tashvishlana-tashvishlana bir nimalarni uqtiradi ularga.

O'n beshinchi aprel kuni o‘zim shohid bo‘lgan jamiki tafsilotni batafsil yozishdai maqsad, men o‘ylaymanki, o‘sha - anchayin vajlarni ro‘kach qilayotgan, o‘zlarini har yonga tashlayotgan mahalliy tarmoq rahbarlari bevosita javobgar shaxslardirlar, askarlar o‘limi bunday tus olishida ular ham jinoyatni sodir etayotganlar bnlan teppa-teng aybdorlar. Agar, har bir fojia asorati o‘z vaqtida izchil o‘rganilsa, o‘limga olib kelgan sabab oydinlashsa, birinchidan, chindan baxtsiz hodisa ro‘y bergan bo‘lsa, buni bilgach, ota-onalar yuragidagi hovur va alam bosiladi, xalq ichida qahru g‘azab, norozilik ildiz otmaydi; ikkinchidan, qotillik sodir bo‘lgan taqdirda, gunohkor aniqlansa, u jinoiy javobgarlikka tortilsa,- to‘g‘ri, bu sa'y harakat na juvonmarg bo‘lgan yigitning o‘rnini bosadi, na ota-ona yuragidagi dog‘u hasratni, - biroq jinoyat yuzasidan berilajak jazo faqat shuning uchungina emas-ku, axir, jamiyatning har bir a'zosi, millatidan qat'i nazar, teng qadr-qimmatga ega ekanligi, uning haq-huquqini muhofaza etadigan qonun mavjudligini anglatmaydimi bu!? Adolatsizlikni bartaraf etish, o‘zgalarni hushyorlikka undash, binobarin, keng quloch otishi mumkin bo‘lgan zulm va jaholatning oldini olish emasmi bu?!

«O'tgan yili nohiyadan yuzlab yigit harbiy xizmatga chaqirildi. Shu yilning o‘zidayoq bir necha tobut keltirildi, 34 nafar yigit nogiron bo‘lib qaytdi, - jumhuriyat Oliy Sovetining o‘tgan sessiyasida Ishtixon nohiya firqa qo‘mitasining birinchi kotibi, deputat To‘raqul Yo‘ldoshev shunday dedi. - Komi ASSRda bir yigitimizni kaltaklashdi... Frunze shahrida yigitlarimizdan biri nom-nishonsiz yo‘qoldi...»

Biroq ularni xizmatga uzatgan, demak, birinchi navbatda himoya qilishi lozim bo‘lgan nohiya, viloyat harbiy komissariatlari jim, yiliga 430 tobut kelsa-yu, o‘zlariga buning hech bir daxli yo‘q kabi, ular sukut saqlashsa?! Jon-jahdlari bilan birinchi tibbiy tekshiruv xulosasini himoya qilishsa, yopiq tobutning yopiqligicha ko‘milishi uchun jonlarini jabborga berishsa? Buni qanday tushunmoq kerak?

Favqulodda tadbirkorlik? Jur'atsizlik? Va yoki xiyonatmi bu?..

Toki temir tobut o‘likxonaga eltib, temir stol ustiga qo‘yilmaguncha katta leytenant Sergey Savenko birmuncha xotirjam, barchani badgumonlikda ayblash bilan ovora edi Biroq tobut ochilishi aniqlangach, avvaliga u besaranjon bo‘la boshladi. Keyin kelib, bizga o‘tindiki, harbiy qismdagi yelkadosh do‘stlari Saidahmadjonning dafn marosimida ishlatsinlar uchun, ya'ni ota-onaning og‘irini yengil qilish niyatida, picha pul jamg‘arishgan, bir ming to‘rt yuz so‘m, shuni biz yo uning qarindosh-urug‘iga va yoki otasiga topshirsak!

Alamingni chandon o‘rtaydigan taklif. Unga javoban nima ham deya olasan kishi? Sening xayriyangga zormidi ular?

Viloyatdan kelishi kutilayotgan tibbiy tekshiruv o‘tkazuvchi bosh hakim va komissiyadan hamon darak yo‘q, quyosh zsa xiyol qizargancha mag‘rib ufqiga og‘a boshlagan edi. Uzzu-kun tik oyoqda turgan kishilarning toqati toq bo‘lgan nazarimda, shuncha yelib-yugurish, barcha-barchasi birdan o‘z ahamiyatini yo‘qota boshlagan edi.

- Ochsa, ochib qo‘ya qolishmaydimi! - dedi O'roqboy aka hom horg‘in tovushda. Qarindosh-urug‘i, sizlar, kattalar shu yerda bo‘lsa! Yoki shuncha odamning gapi hech qaerga o‘tmaydimi, a?!

- Moskva ko‘zyoshlarga ishonmaydi-da. O'roqboy aka, tushunmadim, degan kabi xiyol engashib, menga quloq tutdi.

- Million odam yig‘ilib, da'vo qilgandayam o‘tmaydi oqsoqol. Hujjat bo‘lishi kerak, rasmiy hujjat!

- O'lib ketgan kishi uchun hujjat nima kerak?

- O'lganlar uchun emas, tiriklarni himoya qilish uchun, oqsoqol...

Hamroqul Asqar asabiy, idora tomon yurdi va bir ozdan so‘ng xiyol chehrasi yorishib ichkaridan chiqib keldi: - yo‘lga chiqishganiga ancha bo‘libdi.- Shu chog‘ Sergey Savenko allaqanday xira suratlarni bizga uzatdi, beton ustida yotgan, yo‘g‘onligi bilakday keladigan, mayishgan joyi esa titilib ketgan kabel tasviri...

- Nima bu?

- Mirzatoev bosib olgan kabel.

- Bosib olganida oyoqyalang bo‘lganmi u?

Sergey Savenko bizga mo‘ltirab qaradi, aftidan, kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ygan edi.

- Bilasizlarmi, - dedi u hech kutilmaganda, - keyin uni massaj qilishgan, ayrim joylari shunda ko‘kargan ham.

- 380 kilovat tok uradiyu odam bolasi sog‘ qoladimi, a? Jizg‘anagi chiqib ketgandir, ahir?

U bizni deyarli eshitmas, garangsib qolgan kabi nuqul g‘uldirar edi: - Oyog‘i... chap oyog‘i...

- Hali dafn marosimi bo‘ladi, borib xalqning oldida so‘rovchilarga shu gaplarni aytasiz, Sergey Fedorovich?

- Tushunsangizlar-chi, mening aybim nima, bormayman, deb xudoning zorini qildim, baribir jo‘natishdi. Menga oson tutasizlarmi? Xex, o‘sha...

- Oyog‘iga nima qilgan?

- Tizzadan pasti... suyaklari singan. Nihoyat, tobutning temir qopqasi olindi.

Sakson to‘qqizinchi yilning 12 dekabrida harbiy xizmatga ketgan o‘n sakkiz yashar yigit hozir uzilgan gulday bo‘lib tobutda yotar edi. Egnida askarlik kiyimi, oyoqyalang, oyoqlari ustida - yulduzcha qadalgan furajka. Go‘yo hozir joni uzilganu shu bo‘yi qotirib qo‘yishgan. Faqat kimdir obdon burnini ezg‘ilagan, ha, darvoqe, yuzlari xiyol sarg‘aygan, burishgan lablarida, ha, ha, lablarida beomon og‘riqdan ingranish asorati iz qoldirgan, iyagida, yonog‘ida, manglayida zaxa yeb, qotib qolgan qonni eslatuvchi qop-qora dog‘lar. Unga ko‘zi tushgan zahoti sho‘rlik ota o‘krab yubordi:

- E-voh! Bolam bechorani urib o‘ldirishibdi-ku! Nima gunohi bor edi uning, xudoyim?!

Men hakim emasman, shuning uchun ham ortiqcha so‘z «aytishdan o‘zimni tiyaman, biroq o‘z ko‘zim bilan shuni ko‘rdimki, chindan ham marhumning o‘ng bilagida ikkita botib ketgan qontalash iz, tirsakdan yuqori va chap qo‘lida, o‘ng oyog‘ining to‘piqdan yuqori qismida ko‘kargan joylar mavjud edi, chap oyog‘i tizzadan pastdan singan, terining biron qarichi tikilgan bo‘lib hamon qontalashib turar edi.

«Kabelni bosib olgan» tovonlarda esa hech bir asorat sezilmas, zohiran kuyish, paylarning tortishpb qolish alomatlari yo‘q edi: Tekshiruv o‘tkazgan hakim buning barchasini qayd etdi, faqat xulosaviy hukm chiqarishga shoshilmadi, nufuzli komissiya kelishini kutdi. Bu paytga kelib Sergey Savenko ham, boshqa harbiylar ham ketib bo‘lishgan edi.

- Qilsa bo‘lar ekan-ku?! - dedi kimdir cheksiz bir nadomat bilan. Men tovush kelgan tarafga yuzlandim. Ellik yoshlardagi vazmin bir kishi ariq boshida cho‘nqayib o‘tirar, g‘am to‘ngan ko‘zlarida armon va hasrat aks etar edi. - Bolamning o‘ligini shu yerga ham, bo‘lak joylarga ham olib bordim, yo‘q, qayta tekshiruv o‘tkazishga jur'atlari yetmadi. Yozmagan joyim, qilmagan sa'yi harakatim qolmadi, uka. O'zimdan o‘tganini o‘zim bilaman, ayolimni aytmaysizmi, qo‘ygan narsasini joyidan topa olmaydi, hamon xayoli joyida emas, e-e nimasini aytasiz...

U - Fayzulla Ro‘ziqulov - Narimonov nomidagi qarorgohda yashaydi, kasbi - shofyor. O'g‘li - Ziyodullo Ro‘ziqulov xizmat qilaturib, 442-gospitalga tushgan va bultur birinchi avgust kuni vafot etgan. Shundan besh kun burun Fayzulla aka ayoli bilan Leningrad viloyatiga borgan va o‘g‘lini ko‘rib qaytgan. Ikkinchi avgust kuni telegramma olganki...

- Ertasi kuniyoq biz yetib bordik, - deydi u. - Go‘yo o‘g‘lim kimyoviy tarzda zaharlangan emish. Ishongim kelmadi. Axir, u olti kun kasalxonada yotgan-ku, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish nahotki shuncha qiyin bo‘lsa? Nega endi ko‘zi tirikligida bizni chaqirishmadi? Nega tibbiy tekshiruv o‘tkazilayotgan paytda ichkariga bizni kiritishmadi? Jasadni ming mashaqqat bilan olib kelgach, udumga ko‘ra, yuvish uchun uni temir-tobutdan olayotgandagina barchasi ravshan bo‘ldi. Ana Mamarajab Nugaev, Himmat Ergashev - urush qatnashchilari, shular guvoh. Norjigit Sanoqulov, Qulmamat Xidirov - oqsoqollarimiz, shular guvoh, qirq ikki nafar kishi - tibbiyot xodimlari deysizmi, huquqshunoslar deysizmi, ziyolilar deysizmi, shular guvoh, shular o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi: Yonog‘i ko‘kargan, o‘ng o‘mrov suyagi singan, naq yuragi ustidan pichoq sanchilgan... Boshimni urmagan tosh qolmadi, uka, qay biriga kuyarimni ham bilmayman: O'n to‘qqiz yoshida juvonmarg ketgan jigarimgami yoxud yosh boladay aldashmoqchi bo‘lishganigami?.. Bu «imtiyoz»dan kelib chiqib, o‘sha qattollar bundan besh battarini qilishmasmikin? Qaytib bordim, rota komandiri Yeroshkindan, polk komandiridan, shtab boshlig‘idan: «Agar, sizlarning farzandingizniyam shunday qiynab o‘ldirishsa, nima qilgan bo‘lur edingiz?» deb so‘radim, tumshayib yerga qarashdi ular. SSSR Bosh prokuroriga uch marta, SSSR xalq deputati marhum akademik A. D. Saxarovga, Leningrad harbiy garnizoniga, Harbiy Bosh prokurorga ikki marta, SSSR Mudofaa ministriga, SSSR Sog‘liqni saqlash ministriga murojaat qildim, ulardan ham shundan ortiq javob ololmadim... Judolik sitami. Unga xayrixoh, hamdard bo‘lish boshqa, ko‘rgulik boshga tushganida, yurakdan shu sitamni kechirish boshqa. Bu dunyoda farzand dog‘idan ko‘ra musibatliroq kulfat bo‘lmasa kerak.

Teraklar uchiga ilinib qolgan quyosh, shoir aytmoqchi, shart uzilgan boshga o‘xshab, quyiga ena boshladi. Xuddi shu payt darvoza lang ochildi-da, tibbiy tekshiruv bo‘yicha viloyat bosh hakami ichkariga kirib keldi. Daf'atan, u harbiy qismda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruv xulosasi bilan tanishib chiqdi va aytdiki, bu qonuniy kuchga ega emas, negaki, tok urgan taqdirda terining jarohatlangan qismi kesib olinadi va maxsus tarzda, yetti kun mobaynida tadqiq etiladi, so‘ng tekshiruv yakuni qayd etilgan joyga qo‘yiladi. Ashyoviy bu dalil yo‘q, qolaversa, askarning o‘limidan buyon atigi uch kun o‘tibdi, xolos. Demak...- U shunday dedi-da, temir tobut turgan xonaga qarab yurdi...

Qora xuftonda motamsaro qishloqqa kirib bordik... So‘zlashgulik holimiz qolmagan, biroq mashinadan tushishimiz bilan, kishilar, ertalabdan buyon tuz totmagan, betoqat, bizning yo‘limizga ko‘z tikkan kishilar sel kabi toshib, to‘rt tarafdan ustimizga yopirilib kela boshlashdi. Shundagina men xalq deb atalmish asov bu kuchning qudratini ilk daf'a ich-ichimdan his etdim, xudo ko‘rsatmasin, agar g‘azabga mingudek bo‘lsa, shunday bir beomon to‘fonga aylanadiki, hech bir tazyiq uni daf eta olmaydi. Hozircha u betoqatlik bilan bir narsani, faqat bir narsani bilishni istar edi, xolos: Harchand achchiq bo‘lsa-da, bor HAQIQATNI!..

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.