background
logotype

Halima Xudoyberdiyeva. Kuyinib qaragan g‘ussa barqaror (1989)

http://ziyouz.uz/images/paxta.jpg

Matbuotda ("Literaturnaya gazeta", 1989 yil 25 yanvar) respublikada paxta masalasi bo‘yicha qamalgan yuzlab odamlarning begunohligi... aniqlanganligi va qamoqdan bo‘shatilganligini o‘qib bilganimda yuragim orqamga tortib ketdi. Suyunaymi, kuyunaymi?!

Suyunishim, ne adashuvlar, ne do‘zaxiy azoblardan keyin bo‘lsayam adolat qaror topdi. Faqat, bu adolat ularning insonga bir martagina beriladigan tongday toza hayotlariga qora dog‘ tushgach, ularning g‘amdiyda ayollari bir etak bola bilan qolib, bu nohaqliklardan, bu hayotdan bezdim, deb faryod solib uch-to‘rt yil ichidayoq tosday qop-qora sochlari oppoq oqarib ketgach va yana turli kasalliklarga chalingach, o‘tdan, suvdan qaytmaydigan jasur bolalarining tuhmat balosi oldida murg‘akkina boshlari solingach va yana shunday allaqancha g‘am-alamlardan keyingina qaror topdi!

Bu ruhiy azob, yo‘qotishlarning xunini kim to‘laydi? Demak yana gazetalar yozganiday "xato qildik". Bu xatoni kimlar qildi, maqsadlari nima edi, ularning? Yo‘l qo‘ygan xatolari uchun qanday jazo choralari ko‘rilayapti? Mana shu savollar javobsiz qolaverar ekan, biz navbatdagi xatolarga yo‘l qo‘yaveramiz.

Nega adashaveramiz, xatoga yo‘l qo‘yaveramiz? Inson hayoti bilan o‘ynashmaslik, unga muqaddas deb qarash borasida o‘ttiz yettinchi yil bizga yetarli saboq bermaganmidi? Adabiyotda birgina Abdulla Qodiriyni, Usmon Nosirni yoki Cho‘lponni oling. Ular o‘sha yillar adabiyotining chaqnab turgan yulduzlari emasmidi?! Nega ularning o‘zlari bilan barobar, meroslarini ham bizdan yashirib, yo‘qotib ulgurishdi?

Qaerdadir, qatl qilingan besh nafar dekabristlar haqida Aleksandr Ivanovich Gertsenning fikrini o‘qigan edim: "Bu to‘fonda qanchalab aqllar g‘oyib bo‘ldi".

Har bir sohani tirik, hur fikrli, oldinga harakatlantiruvchi ilg‘or kuchlaridan shunday beshafqatlik bilan mahrum qilingach, o‘sish qayoqdan bo‘lsin?

Tafakkuridan o‘t chaqnaganlar o‘qqa uchdi, qamaldi. Ularning yaqinlari badnom etildi. Shunday paytda ularning o‘rniga kimlar kelganini (ular orasida printsipial, adolat uchun kurashuvchilar bo‘lmagan, degan fikrdan yiroqmiz) tasavvur qilish qiyin emas. Yarim qo‘rqoq, yarim e’tiqodlilar. Shamolning esishiga qarab turlanuvchilar. Turg‘unlik yillaridagi qo‘rqoqlik, mutelik, byurokratlik kabi turli illatlarning ildiz sabablarini men o‘sha yillarga borib taqalganini ko‘raman. Ammo... afsus ozmuncha qora ko‘z yigitlarimiz ko‘ksi to‘la armon, Magadan tuprog‘ida ayqash-uyqash quchoqlashib yotibdilarmi? Ozmuncha bizning (faqat bizninggina emas) oqil, dono, dovyurak bolalarimiz biz uchun o‘rganish bo‘lmagan Sibir sovuqlariga dosh berolmay, boshlari, es-hushlarini sovuqqa oldirdilarmi?

Bu Vatanning, millatning gullari o‘rnini to‘ldirish mumkinmidi? Aslo.

Yana to‘nkalgan ayblarni qarang. Axir ulug‘ Pushkin, Lermontovni dastlab o‘zbekcha qo‘ng‘iroqday jaranglatgan Usmon Nosir bo‘lsa, qanday qilib uni millatchilikda ayblash mumkin? Onam Qarshigul Xolnazar qizi hanuz, hali qirqqa ham yetib ulgurmagan o‘z otasi, mening bobom Xolnazar chavandozni militsiya xodimlari uyidan eski o‘zbek tili, arab imlosidagi kitob chiqqani uchun, kitobni namoyishkorona qo‘ltiqlatib olib ketishgani, yo‘l-yo‘lakay bobom yiqila-surina bir poy maxsisini kiygani, bir poyini ruxsat bo‘lmagani uchun kiyolmay qo‘ltig‘iga qisganicha chiqib ketganini aytib yig‘laydi. Shu-shu bobom bedarak ketgan. Bitta, kichkinagina Qayirma qishlog‘idan o‘sha yillarda shunday bedarak ketganlar — o‘n yetti kishi! Yorab, qabohatiga olsa insonning chivinchalik qadri qolmas ekan-da!

Darvoqe, eski o‘zbek tili, arab imlosi haqida ikki og‘iz so‘z. Bizning ming yillik tariximiz, dunyoga kimligimizni bildiruvchi sig‘ingan merosimiz hammasi shu tilda bitilgan bo‘lsa xalqni o‘tmishidan bag‘ritoshlik bilan uzib olib boshqa imloga o‘tkazish fikri qanday zaruratlar asosida yuzaga kelganligi haqida men ko‘p o‘ylayman.

Ulug‘larimizni aslidan tushunmaslik — dil og‘rig‘im mening.

"Eski hamma narsalar eski, eskirgan, hamma yangi narsalar yangi, ular taraqqiyot uchun xizmat qiladi deb aytolmaymiz", deganida O‘ljas Sulaymonov yuz marta haq. Har holda bu menda xalqning ming yillik ganju xazinasi ustidan parda tortilganday noxush taassurot uygotadi. Hayriyatki, karaxt boshlarimiz qayta qurish shamollarida seskanib o‘zimizga kelayapmiz, fikrlashga o‘rganyapmiz, tilga kirayapmiz. Kuch topib "xavfli zona" hisoblangan bulbul zabon bobolarimiz qoldirgan xazinalar ustidan tortilgan tuproqni sidirayapmiz. Ochayapmiz. Ko‘rayapmizki, bu ganjinalar orasida olamni portlatib yuborishi mumkin bo‘lgan gap yo‘q. Bitta yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatishga kirishgunimizcha, tushunib yetgunimizcha, ikki avlod bo‘y yetibdi. Bu orada qanchalab oltin boshlarni boy berdik. Qanchalab yuraklar iztirob, alamdan suv bo‘lib oqdi.

Bebaho tafakkur tojlari oyoq osti bo‘lgan, poymol etilgan bir sharoitda insoniy qadr-qimmat haqida gap bo‘lishi mumkinmi? Biz Vatanni ona deb ulug‘laymiz. Uning maysasini ko‘zga surtamiz, havosida yayraymiz ko‘zimizga suyumli, tabarruk bo‘lib qolishi uning bag‘rida yashaydigan, ish ko‘radigan va ayniqsa ular orasidagi xalqni boshlovchilar, rahbarlarga naqadar bog‘liqligi haqida o‘ylayman.

Bugun bir ayol, bir ona sifatida dilimdagi, tilimdagi tilovatim, duom budir:

— Vatanim, xalqim, umid ko‘zlaringni tikib bosh ustingga ko‘targan bolalaring ilohim, noqobil chiqmasinlar. Noqobil chiqar ekanlar, o‘zlarining telba-teskari qadamlari bilan ular Seni shudgor qiladilar. Seni g‘orat qiladilarki oqibatda Sening bag‘ringda parokandalik boshlanadi. Sen badnom bo‘lasan.

Jafokash xalqim, qay bir farzandlaringga nazaring nuri tushib, hayotingni unga inonar ekansan, ilohim bu farzandlaring farosat, sadoqat, oqibat tuyg‘ulariga, insof, adolat va ayniqsa jasorat tuyg‘ulariga begona bo‘lmasinlar. Yo‘qsa ular yurib o‘tgan yo‘llarda gullagan bog‘lar emas, qovjiragan sahrolar qoladi. Bu yo‘llarda tili burro, ko‘ngli to‘q, jo‘mard bolalar emas, mute, xotirasiga o‘t ketgan, kelajagidan noumid, har qadamini jovdirab, hadiksirab bosadigan yoki qadami yetgan joyni zo‘r bilan, zar bilan olishiga ishonchi komil, qasamxo‘r to‘dalar qoladi.

Bugungi kun har bir insonning ko‘nglini topish, qadr-qimmati, nomusini tiklash yo‘lidagi g‘oyalari, urinishlari bilan (garchand bu yo‘lda hali yutuqlarimiz juda kam bo‘lsa-da) bizni umidlantirmoqda. Shaxsga sig‘inish davri esa buning mutlaq aksi bo‘lib tarixga kirdi. Ijodida antisovetizm g‘oyalari bilan proletar adabistiga begonalikda ayblangan yonar so‘zli rus shoirasi Anna Barkova umri davomida uch marta qamoqda o‘tirdi. Uning bor aybi hayotni chinakam ko‘rgani, bo‘yamay keskin yozganligida edi:

Safro shimar, qon shimar, qo‘ymas,
Hayotimiz, ishimiz mudom.
Bo‘ri nafsi singari to‘ymas
Nafs bergan bizlarga xudo.

Umrining gullagan 25 yilini qamoq azoblari, kaltaklari ostida o‘tkazgan ayol umri qamoqda o‘tgan hamma yolg‘iz odamlar singari hayotining oxirgi yillarini ham g‘arib, mashaqqatli yashadi. Kechirgan qora kunlarini qayta kechirdi. Qamoqdagi hayot dahshatli tushday kechgan ediki, u bir marta o‘ngida ham uchinchi qavatdan halloslab yugurib tushdi. Zinapoya oxirlaganda yuz tuban yiqildi. "Hammomga olib ketilayotgan mahbuslardan orqada qolib ketdim", deb zorlandi (Qarang: Leonid Toganov. "Noma’lum shoira". "Ogonyok", 1988 yil, 33-son).

Betakror, tansiq ne’mat — umrni mana shunday it azobida kechirgan odamning she’rlarida:

Ko‘rdik, bor ko‘rgulik o‘tdi yurakdan
Kaltak va o‘q yedik, shunday pishdik biz.
Shuncha tuban ketdi, bu yovuz Vatan
Bolalari shunda bo‘lmasmi yovuz?!

kabi satrlarni uchratganda ajablanish mumkinmidi?! Shunday. Bizda esa ajablanardilar. Jahllari chiqardi. G‘azabga olardilar.

"Turg‘unlik yillari" atamasi o‘z-o‘zidan kelib chiqmadi. Biz bu jarlik yoqasiga birdaniga kelib qolganimiz yo‘q. Biz bu chegaraga juda ko‘p so‘qmoqlar, jamiyat taniga singishib ketgan jaholat, hukmronlik, shaxsga sig‘inish, qo‘rqoqlik, beshafqatlik kabi sonsiz yo‘llar orqali keldik. Nohaqlik oldida tiz bukmagan rost so‘zli Anna Barkovaning ijodi, umri shu bequt yo‘llarda xazon bo‘lgan umrlardan, ijodlardan biridir.

Repressiya, stalinizm ruhi hukmron bulgan shaxsga sig‘inish davri, mansab kursisi baland, qo‘li uzun odamning hammavaqt, hamma joyda oshig‘i olchi, qora mehnat odamlarining sho‘ri bo‘lgan turg‘unlik yillari bizning bundan buyongi yashashimizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz uchun yetarli saboq beradi. Faqat rostlik, rostlik orqali!

Mushtdayligimizdan bizga o‘rgatishganiday: "Men baxtiyor, hur qizman. Ko‘ksi to‘la yulduzman", kabi zo‘rma-zo‘raki maqtovlar, notabiiy, yasama quvonchlar bilan emas. Rostini, borini yozish bilan.

Ravon yo‘l, quyoshli, quvonchli yo‘llarimiz haqida o‘n yillab kim o‘zarga kuyladik. Holbuki, bugun sergak tortib, o‘girilib qarab, bosib o‘tgan hayot yo‘llarimizda chappar urib o‘sib yotgan quvonch gullarini kam ko‘rdik. Nihoyatda kam.

Holbuki, turg‘unlik yillaridan chiqishimizda ilg‘or, adabiyotning jamiyatni oldinga siljituvchi kuchlaridan biri sifatida xizmat qilgan rus shoiri Ye. Yevtushenko aytganday:

Goho saodatda befahmlik bor
Sarosar soladi kuruq va yengil.
Kuyunib qaragan g‘ussa barqaror
Chuqurroq ko‘radi kayg‘uli ko‘ngil.

Yuqorida eski o‘zbek tili xususida to‘xtalgan edim. Bugun ham til muammosi kun tartibida juda jiddiy masala bo‘lib turibdi. Munosabat doirasi torayib, ro‘zg‘or tili, bozor-o‘char tiliga aylanib borayotgan til hech qachon kuchga to‘lgan daraxtday gurkiramaydi, ildiziga ozug‘ yetishmayotganday so‘liy-so‘liy bir kun quriydi. Biz axir ajdodlarimiz, otamiz, onamizning davomi bo‘lib dunyoga kelamiz. Shunday. Muqaddas ONAmizning tilini bor tarovati bilan saqlab qolish biz uchun ham qarz, ham farz. Rasul Hamzatovning bir she’rida o‘layotgan qahramoni qulog‘iga aytilgan dog‘istoncha SO‘Zdan qayta ko‘z ochadi. So‘nayotgan insonga hayot baxsh etishga qodir Ona so‘z, Ona til himoyasida oyoqqa turmagan farzand farzandmi?!

O‘zini bilgan har bir xalq farzandini u rusmi, qirg‘izmi, tojikmi, o‘z ona tili himoyasiga mana shunday, jon chekib kirishmogini men juda tabiiy hol deb bilaman va ularga ko‘nglimda ehtirom saqlayman. Adolat yuzasidan ham respublika aholisining taxmnnan 75 foizini o‘zbeklar tashkil etar ekan, til xaqidagi qonunning tezroq va to‘la amalga oshishi uchun jonbozlik ko‘rsatishimiz kerak.

Endigina qaldirg‘ochday chug‘urlab (ayniqsa shaharlarda) na aniq o‘zbek tili, na rus tili, aralash, arosat bir lahjada tili chiqayotgan go‘daklarimiz ertaga padari buzrukvori, onaizori so‘zlariga tushunmay, yelka qisib tursalar bundan katta fojia bormi?

Unda bizni bugungi xayrli harakatlarimiz, inju donalariday har joy, har joyga tushib qolgan, unutilgan, bugun esa bittama-bitta qidirilayotgan xalq qo‘shiqlari, aytishuvlar, xalq dostonlarimizni izlab, to‘plab yurishimizdan ne murod?!

Biz bugun aholiga meditsina, madaniy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha, aholi jon boshiga go‘sht, sut, sabzavot, iste’mol qilish bo‘yicha, yashash tarzimiz, kitob o‘qishimiz kabi turli ko‘rsatgichlar bo‘yicha oxirgi o‘rinlardamiz.

Bu hamma sohalardagi past ko‘rsatkichlar shu qadar zanjirday bog‘liqki, ular birlashib bizni bolalar o‘limi bo‘yicha Ittifoqda eng yuqori o‘rinlardan biriga chiqardi. Ayollar, onalar kasalliklari bo‘yicha ham ahvolimiz maqtangulik emas.

Juda ko‘p urinishlardai keyin (butifosning taqiqlanishi bunda asosiy rol o‘ynadi) bolalar orasidagi o‘lim ko‘rsatkichi sal-pal kamaydi. Bu juda katta yutuq. Bu, ayniqsa, biz ayollarning yutug‘i. Biroq bu hali kam. Hayot, o‘lim o‘rtasida turib, jonu jahoni bir tutam bo‘lib, ming o‘lib, ming tirilib dunyoga keltirgan go‘dagini qo‘lidagi qushini uchirib qo‘yganday, turli kasalliklarga oldirgan, hamon oldirib qo‘yastgan mushfiq ayollar hayotlaridagi bor ko‘ngilsizlikning ildiz sabablari "paxta monokulturasi"ga borib tutashayotganini ko‘rib, tushunib turgan, qo‘li ishga bormayotgan bir paytda paxta hukmronligini "xalqning kulfati", — deb yozayotganimiz to‘g‘ri-ku, lekin bu yozganlarimiz gapligicha, qog‘ozda qolayotgani, amaliy qadam tashlash qiyin bo‘layotgani yomon.

Axir paxta planini ham, xarid narxini ham odamlar belgilaydi-ku! Xalqimiz tabiatan vazmin, ko‘ngli to‘q, qanoatli xalq. Lekin uning bu — tug‘ma xususiyatlarini suiiste’mol qilmaslik kerak. Oila boshliqlari, erkaklarimizni paxta mehnatidan oladigan daromadi ozgina qanoatlantirsa edi, u rayonma-rayon tashkilotma-tashkilot izg‘ib yurib o‘ziga boshqa ish qidirmas, xudoning bergan kuni ishdan (10—15 kilometr masofaga qatnab ishlab) uyiga bolalari uxlagan payt, xuftonda qaytib kelmas edi.

Bizda so‘nggi yillargacha avval paxta, plan, keyin odam, uning sog‘lig‘i, yashash sharoiti qaqida o‘ylandi. To‘g‘ri, biz paxtaga ixtisoslashganmiz. Paxta kerak. Men qam paxta tarafdoriman. Lekin ko‘proq odamning, uning oltinga topib bo‘lmas sog‘ligi, yashash tarzi darajasini oshirish, ma’naviyatini ko‘tarish tarafdoriman. Axir shu jafokash odamning boshi omon bo‘lsa, ko‘ngli butun bo‘lsa paxta bo‘ladi-da.

Tag‘in, shu odamning paxtadan keladigan daromadi yetarli bo‘lsa edi "oila pudrati" unga bu qadar o‘ng‘ay usul bo‘lib tuyulmas, yetmish yoshli otasidan tortib yetti yoshli bolasigacha gektar yozdirib olib yashash uchun oddiy shart-sharoitlari ham yo‘q dalani ikkinchi uyiga aylantirib olmas edi.

Shularning hammasini ko‘rib turib, o‘nlab yillar ortiq miqdorda sepilgan turli ximiyaviy dorilar sabab charchagan, ishdan chiqqan kamhosil yer, shular sabab tob tashlayotgaya sog‘liq... deqqonning yildan-yilga og‘irlashib borayotgan ahvolini tushunib, kuzatib turib, amaliy qadamning tashlanishi sust, judayam sust kechayapti.

Qishloqda meditsina xizmatining saviyasi past. Tug‘ruqxonalar kam. Joylar yetishmasligidan qanchalab ayollarda tug‘ruq noqulay joylarda, hayotlari xavf ostida kechadi. Koridorlarda haftalab qolib ketib chaqaloqlarini shamollatadilar, o‘zlari yangi bo‘shangan, turli kasalliklar orttiradilar.

O‘zbek ayolining tolib borayotgani, ezilib, vaqtdan ilgari qarib borayotganining ildiz sabablarini faqat tug‘ishdangina emas, oiladagi yetishmovchilik, ulgurmaslik, ishdagi zo‘riqishlardan qidirish kerak bo‘ladi.

Yolg‘on! Ayolning joni qirqta deb kim aytgan bo‘lsa ham, yolgon! Uning ham bittagina, titrab turgan joni bor. Shu oila, er, bolalarga tug‘ma g‘amxo‘rlik hissi, mehru muhabbat hissi, bu qadim yer yuzida o‘zidan keyin avlodlari yashab qolishi uchun tug‘ma kurashish hissiyotigina uni shu zaifgina jonini mustahkam qalqonga aylantirsa ajabmas. Oilani eplash, bolalarning, erning ko‘nglini olish, kiyim-kechagiga qarash va bunga qo‘shimcha ertadan kechgacha dalada yoki davlat idoralarida ishlash...

Ayolga yaratuvchilik sehri, qudratini ato etgan Ona tabiatga tashakkurlar bo‘lsin!

Ammo biz bir kun bo‘lsa ham oldinroq toliqib borayotgan ayollarga, qishloq ayollariga yordamga shoshilishimiz kerak. Har yili respublikada 250—270 ayol o‘zini yoqayotgani sir emas. Buning bosh sababi — o‘sha o‘zbek dehqonining (chunki o‘zini yoqish hodisasi asosan qishloqlarda ro‘y bermoqda) hayot-mamotiga aylangan paxta mehnatining had-hududsizligi, qadrsizligi, yashash tarzining nochorligi, deb Odil Yoqubov juda asosli bong urayaptilar. Ogohlantiryaptilar.

Umr bo‘yi bola-chaqasi bilan oftob tig‘ida qop-qorayib ishlab biri ikki bo‘lmagan va bundan keyin ham hayotining o‘nglanib ketishidan umid uzgan ayolga arzimas bahonalar sabab bo‘lishi mumkin.

Televideniening "Hayot quvonchlari va tashvishlari" ko‘rsatuvlaridan birida berilgan, o‘zini yoqqan Olmaxon Mamatova dugonasining so‘zlari yodingizdami?

— Mana shu sharoitda, Olmaxonning o‘rnida siz bo‘lganingizda qanday yo‘l tutardingiz, siz ham o‘zingizga o‘t qo‘yarmidingiz?

Muxbirning bu savoliga qiz shunday javob bergandi:

— Ha, uning o‘rnida bo‘lganimda men ham shunday yo‘l tutgan bo‘lardim. Chunki mening ham orqamda ishonadigan odamim yo‘q...

Bu javob yurakni zirqiratadigan, o‘zing, o‘zgalar xususida o‘yga toldiradigan javob. Afsus, ming afsuski biz hali so‘zimiz, amaliy ishimiz bilan oddiy mehnat kishisining ishonchiga kira olganimiz yo‘q.

"Saodat" sahifalarida, ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, "Erkaklar tarbiyaga muhtoj emasmi?" sarlavhali maqola chop etildi. Ehtiromli erkaklarimiz bizni avf etsinlar. Hayotiy tajribalardan kelib chiqib aytish mumkinki, ular orasida ham tarbiyaga muhtojlar ko‘p ekan. Biz hamma tarbiya, tashviqot ishlarimizni asosan shusiz ham band ayolga qaratdik.

"Ayol hammaning — qaynota, qaynona, qaynag‘a deganday, zug‘umi, tahdidini ko‘tarishi mumkin,— deb yozadi jizzaxlik keksa pedagog Dulkina o‘sha maqolada,— ammo ernikini ko‘tara olmaydi. U eri tomonidan ham shunday zarbaga duch kelsa, bu unga oxirgi zarba bo‘ladi va u ikkilanmay so‘nggi yo‘lni tanlaydi. Biz munis ayollar o‘limida shu xonadan erkaklari, qolaversa rahbar xodimlarimizni ayblaymiz".

Bu fikrga qo‘shilmay iloj yo‘q. Ular bo‘lib o‘tgan bu mudhish "favqulodda hodisa"larning tafsilotlarini yig‘ish, qarorlarga tirkab qo‘yish bilan cheklanmoqdalar. Ammo bu holat — "Favqulodda hodisa"mikin? Yilma-yil, kunma-kun yig‘ilib borgan turmush qiyinchiliklari, ko‘ngil iztiroblari, nohaq yetkazilgan ozorlar, adolatsizliklar kabi turli jiddiy sabablar oqibati emasmi bu?!

Shoir Rauf Parfi aytganiday — voqea bo‘lib o‘tgandan keyin nomigagina ish ko‘ruvchi tekshiruvchi komissiyalar emas, o‘rganuvchi komissiyalar tuzilishi maqsadga muvofiq. Bu komissiyalar tarkibiga mediklar, sotsiologlar, psixologlar, yuristlar kiritilib, ular bu voqealarni chuqur tahlil qilishlari, asl kelib chiqish sabablarini aniqlashlari, yetarli ta’sir kuchiga ega chora-tadbirlar belgilashlari kerak deb o‘ylaymiz.

Shu yerda sud, prokuratura va qonun ishlab chiqaruvchi organlarga bizning e’tirozimiz bor. Yiliga yuzlab ayollar o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ydi. Bir insonning o‘limini tasavvur qilib ko‘ring. O‘zbekda "Tumanni turtsang, bilmaydi",— degan maqol yuradi. Organlarimiz bu ishlarga jiddiyroq kirishishlari, haqiqiy aybdorlar aniqlangan sharoitda ularni hushyor torttiradigan qandaydir qonun ishlab chiqarishlari kerak... Mehru shafqat qo‘llarining kuchi yetmaydigan ba’zi erkaklarga jazo qonunlarining qudratli qo‘llari bas kelarmidi, degan fikrdamiz. Axir ikki yilda 500 dan ortiq ayolning barbod bo‘lgan hayoti nahotki bitta ta’sir kuchiga ega qonun ishlab chiqarish uchun yetarli material bermasa, shunday qonun yaratishga arzimasa?!

Biz ularning barchasidan qat’i nazar o‘z joniga qasd qiluvchilarni yoqlamaymiz. Har qanday sharoitdaham odam o‘zini qo‘lga ola bilishi, o‘zini o‘ylamagan taqdirda o‘zgalarni o‘ylashi kerak. Agar odam o‘zini o‘zi ko‘tara olmasa, uni hech qanday tashviqot, madad ko‘tara olmaydi. Orqasida chirqirab qolayotgan uch-to‘rt go‘dak, ohu fig‘oni yeru ko‘kni titratayotgan, ayriliq, g‘am yukidan ikki bukilib qolgan keksa ota-ona, jigarlar... qolaversa, odam dunyoga ikki marta kelmaydi, bir boragina beriladigan kapalak umriday qisqa umr... ularning hammasini yiqqaningda nahot o‘sha sho‘rtumshuq bitta erkakka qarshi ko‘tarilgan isyonga (kimga, nimaga, qarshi ko‘tarilgan bo‘lishidan qat’i nazar) bas kelmasa...

...Yana xato qilmaslik uchun, yana "favqulodda" qay bir titrab junbushga kelgan munis jondan qolgan bir hovuch kulgagina ega bo‘lib o‘tirmaslik uchun bugun nimadir qilish kerak. Bu mening quvvai ojizamga kelgan fikrlar. Boshqalardan jo‘yaliroq fikrlar chiqar balki, har holda harakat qilishimiz, yo‘l topishimiz kerak. Toki, bu yo‘l erkakni aqlga, insofga keltirsin, ayolni esa bu dahshatli yo‘ldan qaytarsin.

Ko‘ksiga endi-endigina shamol tegayotgan oddiy mehnatkash xalqimiz qatori ezilgan, turg‘unlik yillari “paxta monokulturasi”ning asosiy yuklari zalvaridan ezilgan qishloq ayoli hayotiga ham bugun qayta qurishning shifobaxsh epkinlari, nur qatimlari kirib borayotganday. Bu qatimlarni ko‘paytirishga har birimiz masulmiz. Qissadan hissa, bu uzun yo‘llarda qayta-qayta aylanib yurishimdan maqsadim ham bu fikrni yana bir bor ta’kidlash edi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.