background
logotype

Halima Xudoyberdiyeva. Nur tashuvchi quyoshlarimiz (1989)

http://ziyouz.uz/images/pero.jpg

Yaxshi kunlar, mazmunli kunlar, ko‘ngildagiday yashab, yayrab ishlaydigan kunlar tobora yaqinlab kelayotganday, ezgulik epkinlari tobora ishonchliroq esayotganday tuyuladi mdnga.

Bular ora-sira uchrayotgan bo‘lsa-da ruhga quvvat, ko‘ngilga malham beruvchi epkinlardir. Shunday ishonch ruhi, yengish ruhi katta, davlat miqyosiga ega ishlarimizda ham ko‘zga tashlanib turibdi.

Bir misol. Ertalab telefon jiringlab qoldi. Simdagi ovoz do‘stlarimdan biriniki. U sevinchdan yuragi yorilguday chaqnab qo‘ng‘iroq qilardi:

— Meni tabriklang, bugun bu dunyoda mendan baxtli odam yo‘q. Bugungi kunni men ko‘ngildagiday nishonlashim kerak. Devzira guruchdan shunday bir palov yasayki... Xullas bugun eriyman Sizga.

— Qanaqa kun ekan o‘zi bugun?— qiziqdim men ham.

— Qani o‘zingiz toping-chi,— jarangladi uning ovozi.

— Tug‘ilgan kuningiz... asaringiz chiqqan, Sizni tushunishdi...

— To‘xtang, mana shu oxirgisi sal haqiqatga yaqinroq, bizni tushunishadi shekilli.

Keyin u menga bugun qanday "xushbaxt kun" ekanligini aytib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni bundan buyon imzosiz xatlar ko‘rilmasligi haqida maxsus qaror chiqqan va bu qaror gazetalarda e’lon qilingan ekan.

— Qarorni yaxshilab qirqib olib ish stolimdagi oyna tagiga qo‘yib qo‘ydim. Har ko‘zim tushganda bahra olaman deng. Eshigimdan mo‘ralagan har bir kishidan suyunchi olayapman...

Xullas, biz shu kuni bu "olamshumul g‘alabani nishonladik". Do‘stim menga o‘z boshidan kechirgan ba’zi bir voqealarni gapirib berdi. Men uning bu qarordan bu qadar hayajonlangani, quvonshnining ma’nisiga yetganday bo‘ldim.

— Ijodni-ku "yig‘ishtirib" qo‘ygandim,— dedi u og‘ir xo‘rsinib,— bunga na kayfiyat bor, na imkon. Ertalab 10 dan kechqurun 7 gacha mixlanganday joyimdan jilmay ishga "sho‘ng‘iganman". Qanday qilib bo‘lsa-da ishni ozgina jonlantirish, ishga ijodiy tus berish kerak. Bu sohaga yaqinroq odamlarni ishxonaga taklif qilaman, suhbatlashaman. Orqamdan tegishli joyga kollektivga yaxshilik istovchi "xolis odam" nomidan yumaloq xat boradi: "Ertadan kechgacha ishxonaga o‘z yaqinlarini yig‘ib chaqchaqlashib o‘tiradi, ishxona unga ko‘ngil ochar joymi?" Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi, kasal bo‘lib ishga borolmay qolgan paytlarim bo‘ladi. Yana yumaloq xat, "nomiga kasallik varaqasi olib asarini yozadi, yil davomida to‘rt marta statsionarga tushdi..." Bir marta tushgan bo‘lsangiz kifoya, yoniga uchni qo‘shishadi-da yumaloq xatni yumalatishaveradi.

— Nega bunday, tekshirib ko‘rishlaringiz oson-ku,— jig‘ibiyron bo‘laman, tegishli joyda men bilan suhbat qilgan odamga,— Statsionarga bitta telefon bilan yolg‘onni bilsalaringiz bo‘ladi-ku.

— Bilamiz, Sizning kimligingizni bilmasak Sizga u joyni ishonib topshirib qo‘ymagan bo‘lardik, lekin ko‘rmaysizmi, oralaringizda bor ekan-da shundaylar, ehtiyot bo‘lish kerak. Qo‘yingchi, yumaloq xatlar hayotimizning bir qismiga aylanib qolgandi... Ishxonadagi faoliyatingizdan "yozishadi", xuddi shunday xatlar shaxsiy hayotingiz haqida, shunday xatlar qarindoshlaringiz haqida...

Iqtidorli shoir Shavkat Rahmon aytganiday:

Kimgadir qo‘lingni cho‘zganing uchun,
Kimdandir yo‘lingda o‘zganing uchun.
Tag‘in biroz g‘amgin ko‘zlaring uchun
Yog‘ila boshlaydi yumaloq xatlar...

Bu endi hech kimning mushugini "pisht" demay "silliq" yurgan paytlaringizda. Agar bir odam bilan orangizdan tariqcha gap o‘tgan bo‘lsa bormi, "xolis niyat"lilar o‘sha odamni qidirib yerning tagidan bo‘lsayam topishadi. O‘zlarining butun tirikchiliklarini yig‘ishtirib qo‘yishib uni senga qarshi shunday xafsala bilan tayyorlashadiki, qachon qanday qilib, uning otasini o‘ldirgandan qattolroq dushmaniga aylanib qolganingni o‘zing ham bilmay qolasan. Va haligi "tariqcha" gap xatdan xatga, tashkilotdan tashkilotga o‘tib borgan sari kattalashib, shishib boraveradi...

Menimcha, bu ig‘vogarlik ishlari bilan ahyon-ahyonda shug‘ullanuvchilar (payt-payti bilan o‘sha xolis niyatlilarning ta’siriga beriluvchilar) va yil bo‘yi, to‘rt fasl boshqa hech qanday ishlarga chalg‘imay, og‘ishmay faqat shu ish bilan shug‘ullanuvchilar bo‘ladi.

Bular iste’dodsiz bo‘lmay kim bo‘lsin, axir odam bir ish bilan shug‘ullanadi-da, uning uchun ham vaqt, temirday asab kerakdir. Osonmi birovning yuz yil oldin o‘tgan avlod, ajdodlarining go‘rigacha ag‘darib ko‘rish... Menimcha, bunday odamlar ijod sohasiga adashib sirib qolishgan-u, o‘zlaridan hech vaqo chiqmagach, birovlarni orqavorotdan titkilashga tushishgan. Bundaylarga rahming ham keladi ba’zan. Ular qaysidir qidiruv organlarida ishlaganlarida jamiyatimizga foydaliroq odamlar bo‘lisharmidi? (Ijobiy ma’nodagi qidiruv organlarimizga bu gapning dahli yo‘q).

Har bir tashlangan qadamdan ko‘zlangan maqsad bo‘ladi to‘g‘rimi? Bu "xolislar" ham mardlik bilan senga unga nima kerak bo‘layotganini o‘z tili bilan aytsa, shunga qarab ish tutsang, qo‘lingdan kelsa u talab qilgan narsani topib, qo‘liga tutqazib qutulsang...

Do‘stim bilan suhbatdan keyin men ham ko‘p narsalarni o‘ylab qoldim. Qachongacha elning mehru-muhabbatiga sazovor, Erkin Vohidov aytganiday "Devonayi haqgo‘yning to‘ni yelkasida", qachongacha jaholatning qo‘li ustun keladi? Xalq xalq bo‘libdiki uning butun sho‘rishlariga mana shu adovatu-g‘ayriliklar sabab emasmi?!

Bobokalonimiz Yassaviyning qushlari chug‘urlab, gullari barq urgan yer yuzi jannati bahridan o‘tib, tarki dunyo qilib, yer ostini o‘ziga makon tutganini Siz qanday tushunasiz? Mirzo Boburning kindik qoni tomgan yerlardan oh urib, bosh olib chiqib ketishi, Furqatning fig‘onlarini-chi? Ozor chekmagan, chorasiz qolmagan qush o‘z inini tark etadimi?! Mohlaroyimday chin oyim — Nodirabegimni, devonai haqgo‘y — Mashrabday tirik vijdonlarimizni kimning qo‘llari dorga tortdi?!

Ko‘rolmaslik, hasadu-kinning, jaholatning qo‘llari emasmi? O‘ttiz yettinchi yil voqealari-chi, bu qo‘llar bugun ham tinib o‘tirgani yo‘q, bundan keyin ham tinmaydi.

O‘zlaricha "to‘dachalar"ga birlashadilar, o‘zlariga ishonganlarni yakkalash, "ihotalash" yo‘llarini qidiradilar, zarba berishning turli ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan turlarini topadilar. Lekin bularning bari hurmatli yozuvchimiz O‘tkir aka aytganlariday kurashning "g‘irrom" usullari. G‘irromlik bilan esa uzoqqa borib bo‘lmaydi. Bugun davr boshqa, talab boshqa.

Partiyamiz, davlatimizning birgina o‘ttiz yettinchi yil voqealariga munosabatidan biz bugun qaysi yo‘ldan, qanday borayotganimizni tushunish mumkin. Biz bugun kech bo‘lsa-da, bir vaqtlar tarix g‘ildiragini aylantirgan g‘ayirlikning qo‘llari bilan —"ovozi o‘chirilgan", "uxlatilgan" elning ishonchli farzandlari ruhini ardoqlab "Siz"lab uyg‘otayapmiz. Bu menga savob ishday, tariximiz yo‘llaridagi xatolarimiz tufayli qulatilgan chinorlarimizni tiklashday taassurot qoldirayapti.

Bir kun kelib avlodlar nafrati, malomatlariga duchor bo‘lmaslik, bizning tuzatib bo‘lmas xatolarimizni tuzatib yurmasliklari uchun ham har birimiz o‘z ichimizdagi goh-goh bo‘lsa-da "o‘zim bo‘lay" deb bosh ko‘taradigan, o‘zgani yo‘ldan siqib chiqarishga urinib g‘imirlab qoladigan xoin tuyg‘ularimizni har lahza o‘ldirib borishimiz, partiyamizning bugungi mehru-shafqat printsiplariga asoslangan oshkoralik siyosatini til uchidagina emas, dildan quvvatlashimiz kerak bo‘ladi.

Bugun gap ildiz masala — insonning insoniyligi, ma’naviyatini yuksaltirish ustida borayapti. Insonlarning ma’naviyati yuksalmay, dunyoqarashlarida keskin, ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmay turib erishgan har qanday yutuqlarimiz tasodifiy bo‘lib qolaveradi.

— Tulporni emas, yo‘lni o‘zgartirish kerak,— deydi Rasul Gamzatov. Darvoqe, ishdan chiqib, yaroqsiz qolga kelib qolgan yo‘l o‘zgarmas ekan, u har qanday uchqur tulporni qam ko‘pga yetkazmay ishdan chiqaraveradi.

Haqiqatan ham bugun xalqimizning vijdon sadosi bo‘lib ishlab turgan katta talantlarimiz barmoq bilan sanarli o‘zi. Bunday qora ishlarga o‘rgangan talantsiz odamlarga shunday taklifimiz bor. Qandingizni urib, kuningizni xush o‘tkazib yuravering, talantlilarning Siz bilan shug‘ullanishi uchun vaqti ham, imkoni ham, ular uchun bu ishning qizigi ham yo‘q. Faqat Siz ularga tegmang. Kunduz demay, tun demay Siz bergan ozorlarga chap berib, o‘z huzur-halovatlari, sog‘liqlari hisobiga Siz bilan bizning hayotimizga nur, mazmun, surur tashiyotgan zahmatkash quyoshlarimizga loy chaplashga urinmang. Uringaningiz bilan foydasiz. O‘zimizning qo‘limizdan nur tashish kelmagandan keyin hech bo‘lmasa ularga xalaqit bermaylik, kelar yo‘llariga muz to‘shab, aro yo‘lda qoldirmaylik ularni.

Men ba’zan o‘ylab o‘yimga yetmayman. Nimani talashishadi o‘zi? Har kimning o‘z uyi, o‘z kuyi... deganday. Men kuni kecha shu xususda kichkina bir she’r mashq qilgandim. So‘zimni shu she’r bilan tugatsam.

TASALLI

Har kimning o‘z quyoshi, o‘z ufqi bor, hoynahoy

Muhammad Iqbol

Qo‘rqma, mendan bul qadar qo‘rqishing bekor, g‘anim,—
O‘rash-so‘rashlarimiz, she’rimiz bo‘lak-bo‘lak.
 
Axir sening dalangga, yo‘q-ku nazar solganim,
Don sochib undirguchi yerimiz bo‘lak-bo‘lak.
 
Baraka top, mehmoning qayga o‘tqazsang o‘tqaz,
Poygaklarimiz boshqa, to‘rimiz bo‘lak-bo‘lak.
 
O‘ylab yurgan o‘yingni qorovullab charchama,
Zamon fikr so‘rasa, derimiz bo‘lak-bo‘lak.
 
Ming dardimning biridan xabaring yo‘q-ku axir,
Yuvmoqqa yetar manglay sho‘rimiz bo‘lak-bo‘lak.
 
Gapimning indallosi, bir vaqtda o‘lmagaymiz,
Xotirjam bo‘l, bo‘lgusi go‘rimiz bo‘lak-bo‘lak.

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.