background
logotype

Hamid Ismoilov. Go‘zal go‘zaldir so‘lgan chog‘da ham... (1989)

She’riyatimiz tarixida qismati fojeali kechgan siymolardan biri Abdulhamid Cho‘lpondir. «Shoirlar sardori», «o‘zbek tili sandig‘ining pokiza xazinaboni» degan sharafli sifatlarga juda erta noil bo‘lgan bu zakovatli shoir dastlab o‘n yilga mahalliy «RAPP»chilarining zug‘umiga duchor bo‘ldi, nihoyat, mash’um 1937 yilda «o‘zbek sovet adabiyotidagi jahon burjuaziyasining millatchi josusi» degan «yorliq» bilan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Usmon Nosirlar qatori qatag‘on qilindi va otib o‘ldirildi.

1956 yilga kelib, garchi Cho‘lpon rasmiy ravishda oqlangan bo‘lsa-da, o‘limidan keyingi uning fojiasi tirikligidan ko‘ra dahshatliroq kechdi. Yaqin-yaqingacha goho shoirning ijodiy merosini o‘rganuvchi komissiyalar tuzildi, so‘ng yana sababsiz ravishda tarqalib ketdi, «millatchi» degan «yorliq» Cho‘lponning el ichra e’zoz topmog‘iga monelik ko‘rsatib keldi.

Abdulhamid Cho‘lpon haqida so‘z yuritilar ekan, u o‘zbek sovet badiiy tarjima maktabining asoschisi ekanligini, xalqini jahon, avvalo rus adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishtirishda «qon-qonigacha yo‘qsilparvar» madaniyatning har qanday vakilidan ko‘ra salmoqliroq ishni amalga oshirganligini uni «millatchi» sifatida ayblaganlar, shu qarashga xayrixohlar tan olmasligi g‘ayri tabiiy bir holdir. Holbuki, siz Cho‘lpon tarjimalarining uncha ham mukammal bo‘lmagan ro‘yxatiga bir e’tibor qiling-a: Shekspirning «Hamlet», K. Gotsining «Malikai Turondot», Molyerning «Xasis», E. Potyening «Baynalminal», A. S. Pushkinning «Boris Godunov», «Dubrovskiy» asarlari, Xitoy shoirlari, Hayne, Sayyod Navo, T. Shevchenko, A. Blok, E. Verxarn, Lohutiy she’rlari, Gogol, Turgenev, Chexov nasridan namunalar, Gor’kiyning «Ona» romani, S. Tretyakovning «Ingragil, Chin» A. Faykoning «Jomadonli kishi», V. Yanning «Hujum» pesalari...

Cho‘lpon she’riyati musiqiyligi, quymaligi, serjilo va tabiiyligi bilan alohida ajralib turishini anglab yetgan har bir kishi shubhasiz, u amalga oshirgan badiiy tarjimalar nechog‘li salmoqli va jozibador ekanligidan ko‘z yummaydi.

Ushbu maqolada shoir tarjimalarining yuksak badiiyatini isbotlash imkoniga egamiz, binobarin, u tarjima qilish barobarida so‘z san’ati rivoji uchun kurashdi, butun mahorati, xassosligini ishga soldi, har qanday yetuk san’atkor singari ijodidagi «oq dog‘lar» ni tarjimalari sharhi mag‘ziga singdirar ekan, demak, tarjimalari uning shaxsi va bizning qiziqishlarimiz oralig‘idagi ko‘prik bo‘lib qoladi. Zero, Cho‘lponning o‘zi ham R. Tagor ijodiga bag‘ishlangan «Ulug‘ Hind» maqolasida badiiy tarjima oltin ko‘prik ekanligini e’tirof etadi: «Rus tilida uzoq mutolaa qilgach, qadrdon xalqimni bu buyuk zot ijodiyoti bilan tanishtirmoq qat’iyatiga mubtalo bo‘ldim. Birrov qo‘lim titradi, birrov yurak o‘ynoqladi... Men qadrdon xalqim uchun Sharq va G‘arbni tutashtirib turuvchi oltin ko‘prikni qurib bitkazmakka chinakamiga bel bog‘ladim».

Agar ana shu maqola va unga ilova qilingan tarjimalarni Cho‘lponning professional tarjimonlik faoliyati debochasi deb qarasak, uning bu ishga qo‘l urish davri ham shoir sifatida shakllangan kezlariga to‘g‘ri kelganligini anglaymiz. Shungacha bo‘lgan vaqt ichida yaratgan asarlari (saqlanib qolganlari, albatta) uning merosi asosini tashkil etgan «Yosh o‘zbek shoirlari», «Uyg‘onish» va «Buloqlar» to‘plamlariga salmoq bag‘ishlab turibdi.

Asrimiz boshlarida Andijondagi rus-tuzem maktabida ta’lim olgan Cho‘lpon keyinchalik madrasada arab, fors tillarini ham qunt bilan o‘rganadi, inqilobiy harakatga qo‘shilish istagi tufayligina u madrasani tark etadi. «O‘zbek milliy yozuvchisi bo‘lib yetishish qat’iyati meni mudarris bo‘lishdan voz kechishga undadi, nihoyat, otam va mullalardan qochib Toshkentga kelib qolishimga sababchi bo‘ldi», — deb eslaydi u taniqli rus yozuvchisi V. Yan bilan suhbat chog‘ida. U «Okno TurkROSTA», «Ishtirokiyun», «Turkiston» kabi kommunistik gazetalar idorasida xizmat qiladi, qator maqolalari bosilib chiqadi, ilk p’esalarini yaratadi. O‘sha suronli yillarda keyinchalik Turkiston Jumhuriyatining Gimni sifatida qabul qilingan E. Pote «Baynalminal»ini ham tarjima qiladi u.

«Ulug‘ hind» maqolasini Cho‘lpon Moskvaga otlanish arafasida yozadi. Ma’lumki, 1925—1927 yillarda Vaxtangov nomidagi teatr qoshida tashkil etilgan o‘zbek dramstudiyasiga rahbarlik qiladi. O‘sha kezlar yaratilgan «Shohnomaning turkiy tarjimasi», «Jorj Dandin» «Malikai Turondot» kabi qator maqola va xabarlar shundan dalolat beradiki, G‘arbu Sharq madaniyati sintezi muammolari Cho‘lponning diqqat markazida turar edi.

Moskvada kechgan bir necha yil ichida Cho‘lpon ko‘zga ko‘ringan qator rus adiblari, shoirlaru tarjimonlar bilan do‘stlashdi, ijodiy hamkorlik qildi. V. Yan, G. Shengeli, Ye. Lann, S. Tretyakov, P. Oreshin shular jumlasidandir. Ayni paytda Cho‘lpon keyinchalik dramstudiyada qo‘yilajak pesalarni tarjima ham qiladi. Cho‘lpon bu asarlarning tomoshabinga ta’sirini kuchaytirish niyatida mavjud an’anaviy imkoniyatlarga tayanadi. S. Tret’yakovning «Ingragil, Chin» pesasini tarjima qilar ekan, u V. Yanning «Hujum» pesasidagi kabi sharqona ruh mujassam sahnayu qo‘shiqlar bilan asarni boyitadi. Professor G. Shengeli va Ye. Lann bilan ijodiy hamkorlik jarayonida Cho‘lpon badiiy tarjima nazariyasiga chuqurroq kirib boradi va o‘zining favqulodda musharrihlik iqtidorini parvarish etadi.

Yozuvchi V. Yan ta’kidlagani kabi, Cho‘lponning bosgan izi Moskvadayoq ta’qib qilina boshlanadi, «uni hasadgo‘ylari bo‘lmish mahalliy «averbaxlar» zaharlay boshladilar». 1926 yildan toki 1934 yilga qadar sanoqda to‘rtinchi hisoblanmish «Tong sirlari» bilan oxirgi she’riy to‘plami «Soz» chop etilgan vaqt ichida shoirning latif asarlari matbuot yuzini deyarli ko‘rmadi, ya’ni Cho‘lponni bosmay qo‘yishdi.

1930 yil «Alanga» jurnalining birinchi sonida G. Shengelining «Badiiy tarjima texnikasi»degan maqolasi bosiladi, bizningcha, o‘zbek tiliga uni Cho‘lpon tarjima qilgan. Chunki maqola nihoyasida E. Verxarnning «More» — «Dengiz» she’riy tarjimasi G. Shengeli va Cho‘lpon sharhlari bilan ilova qilingan.

Professor Shengeli badiiy tarjima muvaffaqiyat bilan amalga oshirilishi uchun quyidagi asosiy shartlarga amal qilish zarur deydi: birinchidan — o‘z ona tili va xorijiy tilni bilish, shuningdek til ilmini chuqur egallash; ikkinchidan — adabiyot tarixi bilan mufassal tanish bo‘lish; uchinchidan — yozuvchi mahorati sirlarini ilg‘ash; to‘rtinchidan — asar asli bilan tarjimasini muqoyasa qila bilish lozim.

O‘ttizinchi yillarning boshlarida Cho‘lpon tarjimon sifatida yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Ona tiliga u o‘girgan asarlar ruhi xaloskoriga aylanganini his etish qiyin emas, shoir qalbini larzaga solgan Hamletona ishtiboh va qismat chigalliklari tarjimada ham teran, o‘zbekona ifodasini topgan.

O‘sha murakkab yillarda Ye. Lann bilan hamkorlikda Cho‘lpon Shekspirning«Hamlet»day ulug‘vor tragediyasini tarjima qilgan.

Yo o‘lim, yo qolish, gap shunda.
Ajabo, qaysi biri sharaflik va oliyjanob:
dilozor falakning zarbalariga chidashmi,
yoki balolar dengiziga qarshi bel bog‘lab
ularga qarshi qo‘zg‘alib, ularni barham berishmi?

1934 yil «Hamlet» Yevgeniy Lanning sharhlari va tahriri bilan alohida kitob holida chop etildi.

O‘zbek shoirlari amalga oshirgan «Hamlet»ning qator tarjimalari ichida Cho‘lpon tarjimasi o‘ziga xos qadr-qimmatga ega. D. G‘ulomova «Hamlet» tarjimalari» maqolasida shunday deydi: «Mutarjimning ziddiyatlarga to‘la, murakkab qismati «Hamlet»ni o‘zbekchaga tarjima qilish uchun botiniy ehtiyojini qo‘zg‘agan deb dadil aytishimiz mumkin».

«Hamlet» tragediyasiga oid bo‘lgan Yevgeniy Lann sharhlari ham asarning o‘zbekcha tarjimasi qatori davlat arxivlarida saqlanib kelinadi. Shu narsa ravshanki, Cho‘lpon G. Shengeli badiiy tarjimaga qo‘ygan talablarga uyg‘un tarzda ish tutgan.

Cho‘lpon amalga oshirgan ishlarga byrdan baho berish qiyin. O‘sha paytlar she’riyatimiz aqlni lol qoldirguvchi darajaga erishgan bo‘lsa-da, nasr unchalik an’analarga boy bo‘lmaganligini e’tirof etish kerak. O‘sha kezlar Cho‘lpon Pushkinning «Dubrovskiy», «Boris Godunov», Gogolning «Shinel», «Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tgan nizolar hikoyati», Turgenevning «Cho‘ri qiz» hikoyasini, Chexovning «Qochoq», «Ovloqda», «Vanka», «O‘rmon qorovuli», «Bo‘yindagi tumor», Gorkiyning «Ona» romani, shuningdek, bir qator boshqa asarlarni ona tilimizga o‘girdiki, bular vaqtida xalqning ma’naviy mulkiga aylandi. Cho‘lpon umumjahon madaniyati durdonalaridan o‘zbek kitobxonini bahramand etish bilan cheklanmasdan, rus xalqi ruhini, xarakteri va axloqi, a’molini tushunib yetish orqali inqilob va o‘lmas g‘oyalarni targ‘ib qilar ekan, u tanlagan So‘zga ixlosimiz ortib boradi.

Ayni o‘sha yillar adabiyotning yosh bo‘g‘inlari «yo‘qsil madaniyati yaratuvchi»larning tazyiqiga uchrar, chunki moziy, inqilobgacha bo‘lgan hodisalar eskilik sarqiti deb hisoblanar edi, bunday nuqsdan bir qator yozuvchilar, madaniyatarboblari keyinchalik ham qutula olmadilar, tarixga biryoqlama yondashish umumiy xastalikka aylandi. Adabiy hayotimizda muhim voqea bo‘lgan Nvoiyning «Farhod va Shirin» dostoni asosida yaratilgan (1944 yil) instsenirovka haqida K. Yashin shunday yozadi: «Butun boshli saroy adabiyoti, Farhod va Shirinni ham yo‘qsullar sahnasiga chiqarib-chiqarmaslikni chuqur o‘ylab ko‘rishimiz kerak».

1930 yil «Shinel» qissasini tarjima qilar ekan, Cho‘lpon Gogolning kishini o‘ziga mahliyo etadigan dilbar tili, uslubiy tuslanishi muqobilini yaratish maqsadida mavjud imkoniyatlardan mahorat bilan foydalanadi: «vechniy titulyarniy sovetnik» — «adabiy unvon inog‘i», «vitsmundir» — «mansab jomasi» va hokazo.

Rus adabiyotiga, qolaversa, madaniyatiga muhabbat — Cho‘lpon ijodining har bir qirrasida namoyon bo‘ladi, u bir burda non topish ilinji tufayli emas, balki har qanday vaziyatda ham o‘ziga marg‘ub va ma’qul mumtoz obidalardan, insonparvar g‘oyalardan ma’naviy oziq olmoqni ishraf deb bilgani uchun ham shu yo‘lni tutdi. Zero, adabiyotning yosh bo‘g‘inlari uchun bu nasriy tarjimalar Abdulla Qodiriyning qo‘sh romani singari o‘ziga xos ijodiy tarbiya va maktab xizmatini o‘tadi.

Cho‘lponning rahnamolik iqtidori ilk tarjimalaridayoq o‘z aksini topgan. I. S. Turgenev «Cho‘ri qiz»da ruslarning mo‘ltonilarga nisbatan iliq munosabatini o‘ziga xos yo‘sinda ifoda etadi, Cho‘lpon buni saqlagan holda asos o‘zagi ruscha bo‘lgan pochtavoy, cho‘ri qiz kabi so‘zlar sharhiga muayyan o‘rin ajratadiki, bundan o‘quvchi ehtiyojini qondirish ko‘zda tutilgani anglashiladi.

«Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oralarida bo‘lib o‘tgan nizolar hikoyati»ning ilk tarjimasi haqida ham shunday deyish mumkin. Cho‘lpon qissa tarjimasini bajarishda bir qator izohlarni ilova etadi. Chunonchi: «Buriy» sifati to‘la ruscha-o‘zbekcha so‘zlikda o‘zbekchaga «qora mat» shaklida tarjima qilinar ekan, men esa shunda turkiy shevalar qomusidan foydalanib, bu sifatning «ko‘rrang» degan muqobilini topishga muyassar bo‘ldim». «Ivan Nikiforovich o‘zining eski miltig‘i bilan «ikki pulga qimmat bema’nigarchilik» mubtalosiday kuymanishini ham Cho‘lpon asliyatga baqamti, yuqorida aytib o‘tganimiz kabi, tarjima qilsa-da, lekin izohda: «asliyatga yaqin turish istagi ustivor edi, garchand, bu xil vaziyat tabiatini o‘zimizda «temir taroqqa yopishganday» qadimiy ibora bilan saqlab qolish, o‘qimishli qilish ham mumkin edi», deyiladi. Ivan Nikiforovichning ajrim sudida yozgan arizasi matniga munosabat bildirib yozadi: «Ushbu so‘rov boshdan oyoq, ayniqsa, ayni satrlargacha favqulodda savodsiz yozilgan, uning ma’nosini tuyqus tushunish ancha qiyin. Shuning uchun biz ham shunga ergashishga majbur bo‘ldik. Bois, bunda nuqtalardan bo‘lak biron-bir tinish belgisini ishlatishga botina olmadik».

Ana shu arznoma tarjimasida o‘zbek ma’muriy-tarixiy-tabaqaviy tili qatlamining adadsiz takrorlar va aravani quruq olib qochishga moyil, qayta-qayta chalkashliklar va kinoyalarga boy nutqi to‘kis ifodasini topgan.

Cho‘lpon qalami vositasida Chexovning mumtoz asarlari birinchi marotaba o‘zbek tilida jonlandi. Zero, I. Razzoqov o‘girgan «Jonginam» hikoyasi tarjimasi Cho‘lpon tahriri ostida nashr etilishining o‘zi ham uning tarjimonlik salohiyati naqadar yuksak bo‘lganligini anglatadi.

Cho‘lpon hikoyalari, «Yov» qissasi, «Kecha va kunduz» dilogiyasida o‘zi amalga oshirgan nasriy tarjimalar ta’siri seziladi, binobarin, Cho‘lpon buni rad qilmagan, aksincha, rus klassik adabiyoti namunalaridan ko‘p narsa o‘rganganligini xolisona aytgan. Zero, ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi.

Cho‘lpon «Ona» romani tarjimasi xususida to‘xtalib: «Kamina M. Gorkiyning eng asl va mukammal asari «Ona» romanini tarjima qilishga musharraf bo‘lipman. Tarjimaning iqtidori to‘g‘risida, keling, o‘zgalar so‘zlasin, men esa faqat asosiy bir muhim tajribani qayd qilmoqchiman. Men Gorkiy domladan nasriy tilni o‘rgandim, o‘zi ishlayotgan tilni jon-dilidan e’zozlaydi, ana o‘sha tilni biron-bir kamu ko‘stsiz ko‘rgisi keladi. «Ona» romani tili — taroshlangan, dilgir til. Har bir nutqi sayqallangan «Ona» romani mendek oddiy bir qalamkash uchun ulug‘ bir maktab. «Kecha va kunduz» ismli asarim ustida ishlarkanman, bu ulug‘vor uslubning ruhbaxsh ta’sirini ich-ichidan his qilar edim». Adabiy hayotda «Ona» romanining tarjima qilinishi diqqatga sazovor voqea bo‘ldi. Tarjimon hayotligida ham, uning nomi xalq dushmani sifatida eslatib turiladigan yillarda ham tarjima qayta-qayta nashrlarga dosh bera oldi. 1950 yil Abdulla Qahhor tahriri ostida bosilgan nashrda esa tarjimon ism-sharifi tushirib qoldiriladi. Tarjima matni esa Cho‘lponning avval boshda aytilgan fikrlarining tasdig‘i kabi andak zamonaviylashtirilgan va yengillashtirilgan edi. Chunonchi, agar Cho‘lpon asarning birinchi jumlasidagi «robochiy slobodku» so‘z birikmasini «ishchilar qo‘rg‘onchasi» deya qoyilmaqom tarjima qilgan bo‘lsa, qayta tahrirdagi variantda ushbu «ishchilar posyolkasi» deyilgan, «muskuli» so‘zi asli «mushaklar» deya tarjima qilingan esa-da, nechundir endi qayta boshdan «muskullar» ga aylantirilgan. Ha, aynan shu yillarda Cho‘lponni o‘z tarjimalaridan begonalashtirish kabi mahdudlik boshlanadi.

Cho‘lpon tarjimalarining gultoji bo‘lmish «Boris Godunov» tragediyasi ham qayta-qayta nashr etilar ekan, afsuski, mutarjimga shunday munosabat takrorlandi.

Gorkiyning «Tong», «Kamarcha andarmonligi» kabi asarlari tarjimasini ko‘zdan kechirar ekanmiz, bor-yo‘g‘i ikki sahifadan iborat Tolstoy vafoti haqidagi hikoya mag‘ziga ikkita xalq to‘rtligi singdirilganligini ko‘ramiz, Cho‘lpon ularni shu qadar mahorat bilan o‘girganki, mabodo tarjimon ismi-sharifi tushirib qoldirilsa, bu misralar o‘zbek xalq alyorlari deb o‘ylaysiz.

Go‘zal go‘zaldir
So‘lgan choqda ham.
Bizlar sevamiz
O‘lgan choqda ham.

Cho‘lponning nasriy tarjimalari haqida so‘z yuritarkanmiz, o‘quvchi ko‘ngliga tegmasin degan andisha bilan ma’lum bir jihatlarga yopishib olishdan voz kechdik. Cho‘lpon-mutarjimning mahorati va badiiy tarjima bobida o‘zi amal qilgan printsiplarni ko‘zdan kechirishga u o‘girgan poetik asarlar ham cheksiz imkon tug‘diradi. Biz Pushkin asarlarini tarjima qilish xususida bahslashishar ekanmiz, yukimiz biroz yengillashadi.

«Boris Godunov» dramasi tarjimasining tahlilini dastur qilib shuni dadil aytish mumkinki, Pushkin va Cho‘lpon mavzui uning rus madaniyatiga munosabati haqida qilish mumkin bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar orasida eng qiziqarli va manbalarga boyidir. Cho‘lpon Pushkin asarlarini tarjima qilish bilan cheklanmaydi, balki u qoldirib ketgan mavzularni yanada boyitdi. Uning she’riyati motivlarini to‘ldirdi. Ulug‘ rus shoirining ijodiy dahosiga va she’riy barkamollik mujassam siymosiga qayta-qayta murojaat etishni o‘zi uchun sharaf deb bildi. O‘zining «Bilim» jamiyati nomiga 1924 yilda Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyini tantana qilish munosabati bilan yozgan murojaatnomasida Cho‘lpon Pushkin misolida: «Bizning vatandoshlarimiz bo‘lmish ruslar har besh yilda zo‘r tantana qiladigan yubileylardan o‘rnak olishimiz kerak», deb taklif kiritadi. Oradan yillar o‘tib Cho‘lponning o‘zi ham burjua shoiri sifatida ta’qiblarga duchor qilingan vaqtlarda uni Pushkin bilan qiyoslay boshladilar. Oybek o‘zining «Shoirni qanday taftish qiladilar?» («Qizil O‘zbekiston» gazetasi 1926 yil 17 may) maqolasida haqqoniy ravishda quyidagicha yozadi: «Ruslar Pushkinni e’zozlaydilar. Pushkin inqilobdan keyin ham barchamiz uchun Pushkinligicha qolgan». Maqola davomida badiiyat va sinfiy mahdudlikni bir-biridan farqlash lozimligini ta’kidlab ko‘rsatarkan, muallif shunday savolni ko‘ndalang qo‘yadi: «Nima uchun endi o‘zbek xalqi o‘zi e’zozlaydigan Cho‘lpon ijodiyotiga shunday yondashishi mumkin emas?» Bu savolga o‘sha paytlarda adabiy rahbarlardan biri bo‘lmish R. Majidiy shunday javob qilgandi: «Pushkin oramizda yo‘q, Cho‘lpon esa hali hayotdir».

O‘shanda hamma gap bor-yo‘g‘i shu tafovutdangina iborat bo‘lganida ehtimol, adabiy rahbarni tinchlantirish mumkin bo‘lardi, zero, Cho‘lpon Boris Godunov tragediyasini tarjima qilar ekan, o‘z taqdiridagi mash’um yechimni oldindan ko‘rgan edi. U mazkur satrlarda xuddi o‘zining dardalamini ifodalaydi:

Muhlat yaqin tezdan so‘nib bitajak chiroq, —
Yana bitta eng oxirgi rivoyat qoldi.

«Boris Godunov» Cho‘lpon tarjimalari orasida so‘nggi cho‘qqi bo‘lib qoldi. Toju taxt, hokimiyatni mag‘zi-mag‘zigacha ochib tashlagan Pushkin dahosimi bu yoki tragediyani solnoma tarzida emas, shohid kishining hikoyasiday jonlantira olgan Cho‘lpon dahosimi bu, ehtimol bu, deyarli afsonaviy qudrat bilan hayotni qanday bo‘lsa shundayligicha qamrab olgan she’riyatning o‘z dahosidir, har qalay o‘z zamonining hayqirig‘iga aylangan quyidagi satrlarni ichki bir titroqsiz o‘qish mumkin emas.

...U o‘zi ham mudhish Ivanday
podsholik qilayotir (tushga kirmasin!)
Durust, bizda oshkora o‘ldirishlar yo‘q
qonli qoziq tepasida, el-xalq oldida.
Biz Isoga yig‘lamaymiz, shafoat tilab;
kuydirish yo‘q zo‘r maydonda bizni, shoh o‘zi
o‘z xassasi bilan cho‘g‘in kavlab turmaydi.
Lekin ojiz hayotimiz xavfdan iminmi?
Bizni har kuni podshoning qahri kutadi.
Zindon, Sibir, kulox-janda, yoki kishanlar
undan nari ochdan o‘lish, yoki bir sirtmoq.
Oramizda dong chiqargan avlodlar qani?
. . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . . .
zindonlarda, surgunlarda, qiynoq-azobda.
Shoshmay turing: u kunlarni siz ham ko‘rarsiz.

yoki:

Asir: Unda sendan gapirishga hamma qo‘rqadi.
Yo tilini kesadilar, yo kallasini:
zamonaning talabi shu! Har kuni jazolash.
Zindonlarga odam to‘lgan. Biroq maydonda
Uch-to‘rt kishi to‘plandimi — chaqimchi tayyor...

Bu tarjimaning tarixi ham bevosita Cho‘lpon tarjimai holi va taqdiri bilan chambarchas bog‘liqdir. Ma’lumki, 1937 yilda Pushkin vafotining 100 yilligi munosabati bilan o‘zbek adabiyotida shoir asarlari ko‘plab tarjima qilindi. Mirtemir shoirning lirikasini, X,amid Olimjon «Suv parisi» dostonini, Oybek «Yevgeniy Onegin» she’riy romanini o‘zbekchaga o‘girishdi — Cho‘lpon ham o‘z navbatida bu sana arafasida «Dubrovskiy» va «Boris Godunov» tarjimasini amalga oshirdi. Pushkin o‘ldirilgan o‘sha yovuz yildan bir asr o‘tgandan so‘ng yana o‘sha qora yilda Cho‘lponning ham o‘limi mash’um bir tasodifday tuyuladi.

Ulug‘ shoirlar o‘z qismatlarini oldindan bashorat qiladilar, degan gap bor. Agar shu rost bo‘lsa, ushbu «yolg‘onchi shoh» xronikasi bo‘lmish aynan ana shu tarjimani tanlagan ekan, unda mutarjim yozdig‘ini bashorat qilguvchi taqdir muhri bosilgan edi. Zero, bu so‘zlarni kundalikka bitilgan tilovat singari o‘qiysiz:

Yana bitta, eng oxirgi rivoyat qoldi.
Shundan keyin kitobim ham tamom bo‘ladi.
Men gunohkor bandasiga xudo topshirgan
Burch o‘taldi. Shuncha zamon, shuncha ishlarga
Xudoyimning meni shohid qilib qo‘yishi,
Xat bitishni o‘rgatishi bejiz emasdi;
Bir kun kelib mehnatsevar birorta monax
Seriktihod, lekin benom ishimni topib,
Menga o‘xshash chirog‘ini yondiradi-da,
Safhalardan yuz yillarning changini silkib,
Bu haqqoniy vuquatni qaytib yozadi,
Barsin, Ona vatanimning to‘g‘ri dindagi
Avlodlari o‘tmishlardan xabardor bo‘lsin;
Ish ko‘rsatgan, sharaf topgan, yaxshilik qilgan
Buyuk-buyuk chorlarini eslashib tursin:
Qora yuzli va gunohkor chorlari uchun
Xudoyimga yolvorishsin ma’rifat tilab,
Qariganda men yangidan yashay boshladim,
O‘tgan zamon ko‘z oldimda yasov tortadi:
Vuquati mo‘l kechmishning, Oqyanus kabi
To‘lqinlana-to‘lqinlana o‘tgani qachon?
Kechmish endi indamaydi, sukutga botdi:
Ko‘p kishilar xotiradan faromush bo‘lgan,
Menga yetib kelgan so‘zlar uncha ko‘p emas,
Qolganlari qaytmas bo‘lib ketdilar butun...
Muhlat yaqin, tezdan so‘nib bitajak chiroq, —
Yana bitta eng oxirgi rivoyat qoldi.

Tarjimon sifatida Cho‘lpon mahoratining lol qoldiradigan jihati shundaki, bir tomondan poetik bayonning zamonaviyligini qariyb to‘la ta’minlagan. Ikkinchi tomondan esa Pushkin yoki aniqrog‘i Godunov davrining ruhi va kalomini saqlab qolgan. Bunga u bir jihatdan asarni o‘zbek tilida nihoyatda tabiiy ohanglarda jaranglatish, ikkinchi jihatdan esa o‘zga til tabiatini asrab qolish orqali erishgan. Xo‘sh, bu samaraga u qay yo‘sinda erishdi? Mana Shuyskiy monologlaridan biri:

Iqror qilay, u vaqtda Boris o‘zini
Vazmin olib, ko‘rilmagan bezbetlik bilan
Haq kishiday ko‘zlarimga baqrayib oldi.
Tafsilotni so‘rashtirib, yaxshi tergadi,
So‘ngra qancha noqaq so‘zni shipshitdi menga.
Men ham uni el oldida takrorlab berdim.

Avvalo, o‘zbek tili uchun xarakterli bo‘lgan (xuddi nemis tilidagiday o‘zbek tilida ham fe’l va fe’l shakllari jumla oxirida keladi) fe’l gruppalarini mutarjim sintaktik inversiya vositasida jumlaning boshiga olib chiqadi, bu esa voqeani oldindan ta’kidlab ahamiyat kasb etadi. Bunda so‘z birikmalari o‘zbek tili tabiatiga mansub bo‘lmagan tarzda qo‘llanadi: «iqror qilay», «o‘zini vazmin olib», «ko‘rilmagan bezbetlik bilan», «ko‘zlarimga baqrayib oldi» va hokazo. Til tabiatidan chetga chiqish — bu nomutanosib so‘z siyosati bo‘lmaydi, — o‘zbek tili tamoyilidan kelib chiqib «iqror bo‘lmoq» «vazmin tutib» «mislsiz bezbetlik», «baqrayib qoldi» deyish o‘rinli bo‘lganida ham, bu xil qoidadan chekinishlar o‘zga tilning semantik ko‘rinishlarida o‘z aksini topadi, qariyb shartli chekinishga aylanadi, asar garchand o‘zbek tilida jaranglayotgan bo‘lsa-da, rus boyonini o‘zbek xoniga o‘xshab qolishdan saqlab qoladigan imkoniyat yaratish bilan tilning yangidan-yangi qirralari kashf etiladi. Mening fikrimcha, ruscha matnga murojaat qilish chog‘ida hadeb o‘zbekcha muqobillarni tiqishtiraverib rus voqeligini o‘zbek hayotidan olingan voqeliklar bilan o‘rnini almashtirib qo‘yib rus boyonini o‘zbek bekiga, podshohni sultonga barobar qayta yaratishdan ko‘ra, yuqorida ta’kidlangan til hodisasida ko‘proq adabiy haqiqat saqlangan ko‘rinadi. Aynan va so‘zma-so‘z bo‘lmagan tarjimaning chuqurligi va aniqligi boshqa bir yozuvchining asarini tarjima qilish chog‘ida tarjimon «men»ining to‘la namoyon bo‘lishi «Boris Godunov» tragediyasining Cho‘lpon hayotligidagi jurnal nashridan olingan bir baytdan iborat hikmatomuz parchada o‘z ifodasini topgan:

Haq hukmidan qochish mumkin bo‘lmaganiday,
Xalq xukmidan qochishing ham mumkin bo‘lmaydi.

Asliyatda buni Pushkin quyidagicha yozgan edi:

И не уйдешь ты от суда мирского,
как не уйдешь от божьего суда.

Misralarning o‘rin almashinishida Cho‘lpon amalga oshirgan nafaqat ikki tilning o‘ziga xosligi, balki ikki shoir taqdiri — Pushkin peshonasiga bitilgan Haq hukmi, undan ham fojialiroq — odamlar qo‘lida taqdir jomi sindirilgan Cho‘lpon aziyati mujassamdir.

«Boris Godunov» tragediyasi tarjimasi Cho‘lpon jasoratidir. Zero, bu bilan u Pushkindan to Dostoevskiygacha: «o‘z farzandlariga ziyon-zahmat yetkazishga asoslangan saltanatni ma’naviy-axloqiy saltanat deb atash mumkinmi axir?» degan rus adabiyotining ulug‘vor tajribalari bag‘ridan sitilib chiqqan nolavor qudratli savolni qo‘llab-quvvatladi, hamda «biron-bir shoiri azob-uqubatga duchor qilingan zamonani ma’naviy-axloqiy zamona deb atash mumkinmi, axir?, degan savolni ko‘ndalang qo‘yishga jazm etdi.

Cho‘lpon qalbi ijodiy kuch-quvvat va niyatlarga to‘liq edi. Bilmadim, shoirning yetukligi haqida so‘z ochish o‘rinli bo‘ladimi yoki yo‘q. Zero, kamolot aslida shoirning taqdiridir. Azaldan shunday, o‘zgacha bo‘lishi mumkin emas. Lekin shuni dadil aytish kerakki, o‘zbek kitobxoniga, o‘zbek xalqiga u o‘zi tiklayotgan «oltin ko‘prik» orqali tarjimon sifatida ham yana bir qancha durdonalarni yetkizgan bo‘lur edi. Cho‘lponning o‘zbek adabiyoti ravnaqi uchun qo‘shgan ulug‘ hissasini chinakamiga va adolat bilan baholashning mavridi keldi. Uning asarlariga tayanib yoshlarning ijodiy qarashlarini ishkllantirish, Pushkinona «umumjahoniy hamdardlik»ni tarbiyalash, o‘z ona tilimizga ulkan mehr va boshqa tillarga ardoqni parvarishlash vaqti yetdi. Keling, bahamjihat bo‘lib Cho‘lpon ma’naviyati mulkiga yetkazuvchi oltin ko‘prikni tiklaylik, zero shoirning o‘zi programm she’ri bo‘lmish «Soz»ning ushbu satrlari bilan bizni o‘z bag‘riga chorlayotir:

Chechaklar o‘skusi ko‘z yoshlarimdan,
Bo‘g‘inlar ungusi o‘yloshlarimdan...

Rus tilidan Barnobek Eshpo‘latov tarjimasi.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 9-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.