background
logotype

Hamid Ziyoyev. Chorizm istilosi (1990)

http://ziyouz.uz/images/vereshagin1.jpg

XVI asr boshlarida temuriylar davlati yemirilganidan to XIX-asrning 60-70-yillarigacha O‘rta Osiyoda uchta — Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari hukm surdi. Bu orada O‘rta Osiyo Afg‘oniston, Hindiston, Arabiston va Xitoy bilan qadimiy siyosiy-iqtisodiy aloqalarini davom ettiraverdi. Vaqt o‘tgan sari Rossiya bilan bunday aloqalari kuchayib bordi.

Chorizm XVI-asrning ikkinchi yarmidan boshlab Ashtarxon, Qozon, Sibir va Qrim xonliklarini bosib olgach, rus davlati O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga qo‘shni bo‘lib qoldi. Natijada rus davlati o‘zbek xonliklari bilan bevosita barcha sohalarda munosabatga kirishish imkonini qo‘lga kiritdi. U o‘z qaramidagi chet o‘lkalarning gazlama, kiyim-kechak va boshqa turli-tuman mollarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida savdoni rivojlantirishga qaratilgan muhim choralarni amalga oshira bordi. O‘z navbatida o‘zbek xonliklari Sibir, Volga va O‘rol bo‘yida yashovchi xalqlar bilan tijorat ishlarini kuchaytirishdan manfaatdor edilar. Chunki u yerlarda o‘zbek mollariga talab katta edi. Bu esa har uchala xonlikda hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Rus davlati birmuncha ilg‘or va qudratli bo‘lganligi uchun o‘zining siyosiy-iqtisodiy rejalarini ustalik bilan ro‘yobga chiqara bordi. U savdo-sotiqni, chegara xavfsizligini ta’minlash bayrog‘i ostida asta-sekin Qozog‘istonning ichki tomoniga siljiy boshladi. Bunda, 1731 yilda Kichik juz, 1731—1740 yillarda esa Katta juz qozoqlarining aksariyati rus davlatining tobeligiga o‘tishi juda qo‘l keldi. Xuddi shunday bo‘lishini bir zamonlar Pyotr I orzu qilgan edi. «Sharq bilan aloqada, — degan edi u, — Qozog‘iston tasarrufi kalit va darvoza hisoblanadi. Shuning uchun millionlab so‘m sarflansa ham Qozog‘istonni bo‘ysindirish yoki hech bo‘lmasa u yerda Rossiya ta’sirini o‘rnatish zarurdir»[1].

Shu nuqtai nazardan rus davlati Qozog‘istonda ko‘plab shahar va qishloqlar barpo etdi. Masalan, Semipalatinsk, Petropavlovsk, Ust-Kamenogorsk, Orenburg, Troitsk va boshqalar ana shu siraga kiradi.

XVIII asrda Qozog‘istonda 46 ta harbiy qal’a va 96 kichik qal’alar qurilgan edi. Ruslar egallagan joylarda ovrupocha turarjoylar, savdo markazlari, korxonalar va kon sanoati vujudga keldi. Pirovardida ular rus hukumatining o‘zbek xonliklariga harbiy yurish qilishida muhim tayanch vazifasini o‘tadi.

O‘zbek xonliklarini zabt etish niyati ochiqdan-ochiq Pyotr I davrida boshlangan edi. 1717 yili A. Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida yaxshi qurollangan, uch yarim mingdan ortiq askarlik qo‘shinini Xivani bostirishga yuborgan, biroq badniyat qo‘shin Xiva xonligi tomonidan tor-mor qilingan edi. 1830 yili Orenburg general-gubernatori Perovskiy qo‘mondonligidagi qo‘shin Xiva xonligini bosib olish uchun yo‘lga chiqadi. Ammo istilochilar safardagi og‘ir sharoitga bardosh berolmay orqaga qaytgan edilar.

XIX asrning o‘rtalaridan boshlab chor hukumati o‘zbek xonliklari tasarrufidagi joylarni bosib olishga kirishadi. Chunonchi, 1847 yili Sirdaryoning Orolga quyilish joyi egallanib, Orol harbiy qal’asi barpo etiladi. Bu vaqtlarda Oq machit (Qizil O‘rda), Turkiston, Chimkent, Avliyoota, Pishpek, To‘qmoq va boshqa mavzelarda Qo‘qon xonligining harbiy istehkomlari mavjud edi. 1852 yili chor qo‘shini Oqmachitga hujum qiladi, lekin uni qo‘lga kiritolmaydi. 1853 yilda general Perovskiy boshchiligidagi ikki ming askardan ortiq qo‘shin yana Oqmachitga hujum uyushtiradi. Istehkom mudofaachilari general Perovskiyning taslim bo‘lish haqidagi taklifiga «Bizlar bir dona porox va ko‘chada bir kesak qolguncha, hamma qurollarimiz tamoman sinib bitguncha kurashamiz», deb javob qaytaradi[2]. Darhaqiqat, general Perovskiyning o‘zi keyinchalik istehkom himoyachilari oxirgi imkonlariga qadar qahramonona jang qilganini tan oladi. 22 kunlik qurshov va jangdan so‘ng chor askarlari istehkomni tor-mor etishga muvaffaq bo‘lganlar. Qal’a himoyachilaridan bor-yo‘g‘i 74 kishi tirik qolgan, xolos. Chor qo‘shinlaridan esa 25 kishi halokatga uchragan va 46 kishi yarador qilingan. Istehkom o‘rnida «Perovskiy forti» degan nom bilan rus harbiy qal’asi bunyod etildi. Oqmachitdagi mag‘lubiyat Qo‘qon xonligini qattiq tashvishga soladi. Darhol Toshkentda kuch to‘planib, hokim Sabdalxo‘ja boshchiligida 8 ming askarlik qo‘shin va ko‘ngillilar Oqmachitni egallash uchun yo‘lga chiqadi. Qirg‘in-barot jangdan so‘ng ular 192 kishini yo‘qotadi va yaradorlarni 92 tuyaga ortib ortga chekinadilar.

1853 yilning dekabr oyida 13 ming kishidan iborat qo‘shin Yoqubbek qo‘mondonligida Oqmachitga kelib dushman bilan to‘qnashadi. Natijada yurt himoyachilaridan ikki mingga yaqin kishi o‘ldiriladi va yarador qilinadi. Chor qo‘shinlaridan 55 kishi nobud bo‘ladi. Biroq, bunday ketma-ket mag‘lubiyatlar umidsizlikka olib kelmadi. 1855 yil yanvarida 1500 kishilik qo‘shin va ko‘ngilli qasoschilar yana Oqmachitga otlanadi, lekin ular dushman saflariga yangi kuch qo‘shilganligini eshitib, orqaga qaytadilar.

1860 yilda Pishpekda ham dushman qo‘shini bilan to‘qnashuv bo‘ladi. Bu joyni egallash uchun chor qo‘shinlari 954 ta snaryad va 13 mingga yaqin o‘q otganlari ma’lum. Himoyachilardan ancha kishi o‘ldiriladi va yarador qilinadi. Shu yili To‘qmoq qal’asi ham chor qo‘shini tomonidan zabt etiladi, bu hol butun xonlikni katta tashvishga soladi. O‘zbek, qozoq va qirg‘izlar Toshkent hokimi Qanaotshoh boshchiligida urushga otlanishadi. Ularning umumiy soni 20 mingga borar edi. Pishpek ostonasida har ikki tomon o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz berib, himoyachilar qahramonona jang qiladilar, Mudofaachilarga qarshi dushman tomonidan 2051 ta snaryad, 31879 ta o‘q va 63 ta to‘p o‘qi otilgan. Bu jangda Qo‘qon qo‘shinlaridan va olomondan 1500 kishi o‘ldiriladi va ko‘pi yaralanadi. Dushman askarlaridan atigi 13 kishi o‘ldiriladi va 29 kishi jarohatlanadi. 574 himoyachi asirlikka olinadi. Shuningdek, istehkomda 82 savdogar, 92 ayol va bolalar bor edi. Chor qo‘shinlari 1864 yil may oyida Avliyoota ostonasida 1500 kishilik Qo‘qon qo‘shinlari va xalq qasoskorlari bilan yana to‘qnashadi. Bu safar ham himoyachilar mag‘lubiyat alamini tortadilar: ulardan 307 kishi o‘ldirilib, 390 tasi yarador bo‘lgan edi.

1864 yilning iyun oyida Turkistonda ham chor hukumati o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Bu suronli jangda mahalliy xalq vakillaridan yuzlab kishi halokatga uchraydi va jarohat topadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, chor qo‘mondoni agar shahar taslim bo‘lmasa, Ahmad Yassaviy maqbarasiga to‘p otilishini ma’lum qilgan. Shundan keyingina himoyachilar urushni to‘xtatishga majbur bo‘ladilar.

Avliyoota va Turkistonning dushman tomonidan zabt etilishi butun Qo‘qon xonligini oyoqqa turg‘azdi. Toshkent chorizm bosqinchilariga qarshi kurash markaziga aylandi. Bu yerga Marg‘ilondan Yusufbek, Xo‘janddan Mirza Ahmad Qushbegi qo‘mondonligida qo‘shinlar, shuningdek Andijon, Namangan, O‘sh va boshqa joylardan harbiy qismlar keltirildi. Qo‘shin va xalq qasoskorlariga Qo‘qon xonligining lashkarboshisi Alimqul boshchilik qilib, Toshkentdan tong otar paytida, har bir mahalla oldida to‘xtab, xalqdan duo-fotiha oladi-da, Chimkent tomonga yo‘naladi. Ularni shahar aholisi yaxshi niyat va yig‘i-sig‘i bilan kuzatib qolgan.

Chimkentda bir kecha-kunduz davomida har ikki tomon o‘rtasida to‘plardan otishuv bo‘ladi. «So‘ngra to‘rt tomondan, — deb yozadi o‘sha zamon voqeanavislaridan biri Muhammad Solih qori o‘zining «Tarixi jadidi Toshkand» asarida, — askarlar otdan tushdi va karnay sadolari ostida rus askarlariga qarshi hujumga o‘tildi. Himoyachilar 2—3 ming qadam yugurgach, dushmanning to‘p va miltiqlaridan yomg‘irdek yog‘ilgan o‘qlar ostida qoldilar»[3]. Natijada, 12 ming kishi halok bo‘ladi va yaralanadi. Biroq, general Chernyaev boshchiligidagi chor qo‘shini urushni davom ettirishga botina olmay Turkistonga jo‘naydi. Jinay degan joydagi urushda ham himoyachilarning qo‘li baland keladi. Shundan keyin Alimqul urushni davom ettirish maqsadida tayyorgarlik ishlarini ko‘rayotgan bir paytda Qo‘qonga Buxoro amiri Muzaffarxon hujum qilganligi haqida xabar oladi. Natijada lashkarboshi Alimqul Chimkentda qo‘shinning katta bir qismini qoldirib Qo‘qonga qaytadi. Bu, o‘z-o‘zidan ayonki, Chimkentda dushmanga qarshi harakatning susayishiga olib keldi. Vujudga kelgan vaziyatdan foydalangan general Chernyaev 1864 yilning 21 sentyabrida Chimkentni jang bilan egallashga muvaffaq bo‘ldi. Anchagina mudofaachilar esa qirib tashlandi.

Qattol Chernyaev so‘ng Toshkentni istilo etish payiga tushib, 1864 yil 27 sentyabrida yo‘lga chiqadi. Bu vaqtda Toshkent mudofaasi umumxalq harakatiga aylangan edi. Shahar aholisi ona yurtini himoya qilishni o‘zining muqaddas burchi deb hisoblaydi. «Shahar g‘ariblari, fuqarolari va qariyalari, — deb yoziladi o‘sha manbada, — ibodatu namozdan ko‘ra qo‘llaridan kelguncha yordam berish afzalroq, savob deb askarlarga suv, oziq-ovqat tashib turdilar». O‘sha zamonda Toshkent qalin va baland devor bilan o‘ralgan bo‘lib, 12 ta darvozasi bor edi. Devor ustidan ikki otliq kishi bemalol yurishi mumkin edi. Chor qo‘shinlari shahar yaqinidan turib to‘plardan o‘qqa tutadilar. O‘z navbatida javob o‘qlari ham otiladi. Bosqinchilarning bir guruhi shahar devori atrofida qazilgan zovurga tushib oladi. Himoyachilarning uyushgan hujumiga chor askarlari dosh bera olmaydi. Dushman 72 kishini yo‘qotadi va bu holni ko‘rgan general Chernyaev Chimkentga qaytishga majbur bo‘ladi.

1865 yilning 28 aprelida Chernyaev Chirchiq yonidagi Niyozbek qal’asini jang bilan ishg‘ol etadi. Toshkentlik bir xoinning maslahatiga ko‘ra Chernyaev Kaykavus arig‘i to‘g‘onini buzib, uni Chirchiq daryosiga burib yuboradi. Natijada, toshkentliklar suvsiz qolib, og‘ir ahvolga tushadi. Shunga qaramay, aholi mudofaani mustahkamlashga kuch-g‘ayratini ayamaydi. Ko‘p o‘tmay Ko‘qondan lashkarboshi Alimqul qo‘shini bilan madad bergani keladi. Bu toshkentliklar ruhini ko‘tarib yuboradi. Ular qo‘qonliklarni zo‘r xursandchilik bilan qarshilaydi. Bu to‘g‘rida «Tarixi jadidi Toshkand»da shunday bayon etilgan: «Toshkand amaldorlari, sardorlari, ulamo, shayxlar, g‘ariblar, gadolar, erkak-ayollar aralash ularning istiqboliga chiqib, shod-xurram kutib oldilar[4]».

Alimqul shahar saroyida o‘tkazilgan yig‘inda Toshkent ahli fuqarolarining ko‘rsatgan g‘ayrat-shijoat va qahramonliklarini aytib, ularga o‘z minnatdorchiligi va xursandchiligini izhor qilgan, bir tomchi qoni qolguncha kurashishini bayon etgan. Shuningdek, u Buxoro amiri Muzaffarxonni qoralab, uning chor qo‘shinlariga qarshi kurash ishiga putur yetkazayotganligini ta’kidlagan.

Chernyaev qo‘shini bilan himoyachilar o‘rtasidagi kurash Salor arig‘i atrofida davom etadi. Chernyaevchilar himoyachilarga qarata to‘plar va miltiqlardan o‘q yog‘diradi. Lashkarboshi Alimqul boshchiligidagi qo‘shin va xalq olomoni dushmanga hujum uyushtirib, istilochilarni chekinishga majbur etadi. Bu g‘alaba shaharda katta xursandchilik bilan qarshi olinadi, g‘alaba sharafiga karnay-surnay sadolari yangraydi. Shahar xalqi «Yetti yoshdan yetmish yoshgacha erkak-xotin, yoshu qari xizmat kamarini bellariga bog‘lab pishgan taomlarni boshlarida ko‘tarib, qatiq, sut, sharbat, issiq nonlar, shirin mevalarni savatlarga solib, askarlar turgan joylarga olib kelib iltijo, tavallo va dildorlik qilib, ko‘zlaridan hasrat yoshlarini oqizib, ko‘z yoshlari suvi bilan askarlarning yuzlaridagi chang-g‘uborni yuvib, artib, ko‘zguday tozalab, ovqatlarni yeyib bitirishlarini iltijo qildilar[5]». Bu satrlar voqealar shohidi bo‘lgan Muhammad Solih qalamiga mansub bo‘lib, u keng mehnatkash ommaning vatanparvarlik harakatlarini juda jonli va yorqin bayon etgan. Shahar himoyachilari Sho‘rtepaga joylashib olgan chor qo‘shinlariga hujum qiladi. O‘sha jangda Alimqul qattiq yaralanib safdan chiqadi, ko‘p o‘tmay halok bo‘ladi. Bu holat himoyachilar ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ustiga-ustak suvsizlik va tashnalik himoyachilar va umuman, aholining tinka-madorini quritadi. Toshkentliklar Buxoro va Xiva xonliklariga yordam so‘rab elchilar yuboradilar. Ammo ular bu iltimosni inobatga olmaydilar.

Bayon etilgan og‘ir vaziyatdan xabar topgan Chernyaev 1865 yilning 14 iyunida o‘z qo‘shini bilan shahar ichkarisiga yorib kirishga muvaffaq bo‘ladi. Himoyachilar uylar va do‘konlar ichiga kirib olib, dushmanga qarshi urushni davom ettiraveradilar. Hatto machitlarda ham jang bo‘lganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Har bir mahalla jang maydoniga aylanib ketadi. Ayniqsa, Qiyot mahallasining jangchilari qahramonona kurashadilar. Abdurahmon Yasovul boshchiligidagi ko‘ngillilar guruhi kunbo‘yi dushman hujumini daf etib turadilar. Miryusuf Mirsulton bog‘bon o‘g‘li, Normuhammad hamda Mulla Sher merganlar, Mullajon Musa Muhammad Ali podachining o‘g‘li va boshqalar katta jasorat ko‘rsatadilar.

Bu vaqtda chor qo‘shini ayrim kishilar ko‘magida shahardagi o‘q-dori omborini topib, uni portlatishga erishadilar. Bu shahar taqdirini hal qilgan omillardan biridir. Nihoyat, 1865 yil 17 iyulda toshkentliklar dushman hujumiga bardosh berolmay taslim bo‘lishdan o‘zga chora topolmaydilar.

Chernyaev Shayxontohur, Beshyog‘och va boshqa xalq gavjum yashaydigan joylarga to‘plarni o‘rnatib, darhol sulh tuzilmasa, shaharni yondirib, kultepaga aylantirishini e’lon qiladi. Toshkent chor Rossiyasi tomonidan tamoman bosib olinadi.

Shundan keyin Chernyaev shaharning Hakim Xo‘ja qozikalon, Abulqosimxon eshon, domulla Solihbek oxun singari nufuzli kishilari bilan majlis o‘tkazadi. Muzokara natijasida sulh tuzilib, har ikki tomon ahdnomaga imzo chekadi. Bunda savdogarlar va harbiy kishilar ham qatnashadi. Ahdnomada shahar xalqining o‘z dinida qolishi va barcha ishlar «shariat» asosida olib borilishi ko‘rsatiladi. Shuningdek, hovli, bog‘ va maydonlar avvalgidek o‘z egalari qo‘lida qoldiriladi. Ahdnomaga har to‘rt — Shayxontohur, Beshyog‘och, Sebzor va Ko‘kcha mavzelarining muhrlari bosiladi. Shuni aytib o‘tish lozimki, Chernyaev o‘zboshimchalik bilan Toshkentga yurish qilib, uni egallagan. Bu g‘alaba Peterburgda zo‘r mamnuniyatlik bilan qabul qilinsa-da, lekin davlat ishlaridagi bunday o‘zboshimchalik hukumatning ayrim vakillari noroziligiga sabab bo‘lgan. Ustiga-ustak Toshkentning bosib olinishi xalqaro matbuotda shovqin-suron ko‘tarilishiga sabab tug‘dirdi. Shu boisdan Chernyaev o‘z harakatini oqlash maqsadida go‘yo Toshkent ixtiyoriy ravishda rus qo‘shinlariga bo‘ysunganligi haqida xat uyushtirishga kirishadi. U shahar kattalarini to‘plab, aholi nomidan quyidagi mazmunda xat tayyorlashni buyuradi: «Necha zamonlar va yillardan beri Turkistonda Farg‘ona xonlari hukmronlik qilib fuqarolarga ko‘p jabr-zulm o‘tkazgan. Ular zakot xirojlarini shariat asosida olmasdan ortiqcha olganlar va hech qachon marhamat qilmaganlar, qadimgi urf-odat, taomildan voz kechib, ko‘p yillar mansab uchun katta kishilarni o‘ldirib, fitnachi va ig‘vogarlar so‘ziga amal qilganlar. O‘rtada nohaq qonlar to‘kilib, ular shariatga va ulamolar so‘zlariga amal qilishdan bosh tortdilar. Farg‘ona va Turkiston zaminida ko‘p vaqtlar va ko‘pincha qipchoq, qozoq va qirg‘iz avboshlari va beboshlari hukmronlik qilib keldilar. Shuning uchun fuqaro va mamlakat tinchligi uchun tamomila ixtiyorimiz va rag‘batimiz bilan rus askarlarini olib kelib ularga shaharni topshirdik»[6].

Ko‘rinib turibdiki, toshkentliklar bo‘lib o‘tgan jang va dahshatli voqealarni inkor etib, ixtiyoriy ravishda chor askarlariga buysunganliklarini «tan olishlari» lozim edi. Ushbu xat mazmuni bayon etilgach, shahar kattalari hayron qolib turgan paytda Solihbek oxun shunday javob qaytargan: «Bizlar voqea va hodisalarni bekitmasdan ma’lum qilamizki, Toshkentdan Oqmachitgacha va bu yerdan G‘uljagacha bo‘lgan shahar va qal’alar — Toshkentga qarar edi. Bu joylarni rus askarlari urush va talash bilan qo‘llariga kirgizdilar. Urush to‘satdan muhlatsiz va so‘zsiz olib borildi. Toshkent shahri zulhijja oyining yarmidan boshlab safar oyining o‘n ikkinchisigacha, ya’ni qirq ikki kun davomida suvsiz, ovqatsiz qoldirildi. Mulla Alimqul lashkarboshi shahid bo‘lgandan keyin sardorsiz qoldi. Buxoro, Xorazm, va farg‘onaliklar yordam bermadilar. Toshkent fuqarosi vatanlari va din uchun qattiq turib, urush-talashni davom ettirib, seshanba kuni yarim kecha o‘tgandan keyin saharga yaqin rus askarlari xiyobon darvozasi va qal’aning devori ustidan kirdi. Shundan keyin yana urushga kirishib payshanba kungacha ikki-kecha kunduz urushib turdilar. Bu o‘rtada ko‘p imoratlar, do‘konlar va uy-joylarga o‘t tushib, och-tashna, suvsiz yakkama-yakka urush bo‘lib, oxirida yarashish sulhi tuzildi»[7].

Mavjud haqiqiy ahvolni aks ettiruvchi bu javob general Chernyaevni g‘azabga keltiradi. U domla Solihbek oxun so‘ziga qo‘shiluvchi kishilarning bir tarafga o‘tishlarini buyuradi. Shahar kattalaridan yetti kishi, jumladan, Halimboy, Berdiboy, Azimboy, Fozilbachcha, mulla Mirzaolim oxun, mulla Muzaffarxo‘ja va mulla Fayzilar domla Solihbek oxun so‘zini qo‘llab-quvvatlashadi. Domla tarafdorlari shu zahoti chor askarlari tomonidan o‘rab olinib, qamoqqa jo‘natiladi. Ko‘rilgan choralar shahar kattalariga ta’sir etgan bo‘lsa kerak, ular general Chernyaevning ahdnomasiga rozilik bildiradilar. Bu ahdnomani «bezash» va «tuzish» Abdusattor Qorabosh o‘g‘li degan kishiga topshiriladi. Ahdnomaga majburiy suratda shahar kattalari qo‘l qo‘yib, muhr bosishgach, general Chernyaevga topshiriladi. General Chernyaev domla Solihbek oxun va uning hamrohlarini Sibirga surgun qiladi. General Chernyaev qalbaki ahdnomani Abdusaid va Hodixo‘ja ismli savdogarlar qo‘liga tutqazib, Peterburgga eltib podshoga topshirishni buyurgan. Rus hukumati bu ahdnomani o‘zining bosqinchilik siyosatini bo‘yash va xalqaro matbuotdagi shovqin-suronni bartaraf qilish maqsadida chet mamlakatlarga tarqatadi. Jumladan, Turkiyadagi rus elchixonasi qalbaki ahdnoma nusxalarini ko‘paytirib, Istambuldagi ko‘chalarga, bozorlarga, do‘konlarga, umuman ko‘zga tashlanadigan joylarga yopishtirib chiqqan. Bosqinchi general sulh shartlari va haqiqiy ahvolni buzib ko‘rsatuvchi hamda mustamlakachilar siyosatiga xos bo‘lgan qalbaki hujjatni ana shu tarzda tuzishga erishgan.

1866 yil yanvar oyi oxirida general Chernyaev Jizzaxga hujum boshlaydi. Lekin himoyachilarning qahramonona qarshiligi tufayli orqaga qaytadi. Bu yerda himoyachilar soni 8—9 ming kishiga borar edi. Chor qo‘shinlari va xonlik o‘rtasidagi navbatdagi jang Sirdaryoning chap qirg‘og‘ida joylashgan «Sassiqko‘l» degan joyda kechadi. Bu yerda 100 ming kishilik xon qo‘shini va xalq qasoskorlari tor-mor etiladi. 1866 yilning 11 oktyabrida chor qo‘shini general Krjijanovskiy boshchiligida yana Jizzaxni qurshab oladi. Jizzaxdagi jang shu darajada dahshatli bo‘lganki, to‘kilgan odam qoni bamisoli ariq suviga o‘xshab oqqan. Himoyachilarning qahramonligi va jasoratini hatto chor qo‘shinlari ham tan olgan. Bu jangda himoyachilardan 2 yarim ming kishi o‘ladi va ko‘plab kishilar yarador bo‘ladi. Pirovardida Jizzax dushman tomonidan egallanadi.

1866 yilning avgust oyida Toshkent rus davlati tarkibiga kiritilganligi haqida rasmiy Farmon e’lon qilinadi.

Shuni ko‘rsatib o‘tish lozimki, mahalliy yuqori tabaqaning ayrim vakillari o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini o‘ylagan holda chor qo‘shinlarining bosqinchilik yurishlariga ko‘maklashgan. Ular orasida savdogarlar, amaldorlar va hatto din peshvolari bor edi. Ana shu toifa sirasida toshkentlik boy savdogar Saidazimboy Muhammad o‘g‘li jonbozlik ko‘rsatgan. Rus ma’muriyatining ta’riflashicha, Saidazimboy «xalq orasida o‘zining boyligi bilan ajralib turgan, xonlik vaqtida mahkamada maslahatchi bo‘lib, keyin ig‘vo va makr yo‘li bilan hokimiyatni olish va obro‘ orttirishga intilganligi uchun mahkamadan chetlatilgan»[8].  Shuni ta’kidlash lozimki, Chor Rossiyasi tarafdorlarining hamda ulardan siyosiy-iqtisodiy manfaatdorlik kutgan bir guruh shaxslarning xatti-harakati aslo xalqning istaklarini ifoda etmaydi. Ma’lumki, muayyan mamlakatga chet el bosqinchilari bostirib kirganda mahalliy yuqori tabaqaning ayrim vakillari o‘z vataniga xoinlik qilishi tabiiy holdir. Bunga jahon tarixidan ko‘plab misollar keltirish mumkin.

1867 yili chor hukumati bosib olgan joylarda hamda Qozog‘istonda tashkil topgan Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari tarkibida Turkiston general gubernatorligi barpo etiladi. Bu mansabga general K. P. Kaufman tayinlanadi. Toshkent shahri general-gubernatorlik markazi bo‘lib qoladi.

General K. P. Kaufman bayon etilgan joylarda rus davlati mavqeini mustahkamlash va qonli urushlarni niqoblash maqsadida bir guruh mahalliy tabaqa vakillarini, ya’ni rus davlati tarafdorlarini markaziy hukumat bilan kelishgan holda Peterburgga yuborishga qaror qiladi. Bu vakillar asosan «rus davlatiga sodiq, rus qo‘shinlariga har tomonlama yordam bergan» kishilardan tashkil topgan edi. Vakillar ro‘yxatiga shayx ul-islom Nosir Mulla Isoq (Turkistondan), Qozi Mirza Talashpan (Chimkentdan), oqsoqol Amin Suni Shayxov (Iqon qishlog‘idan), Duglat qabilasining biyi mayor Xudoybergan (Avliyootadan), qora qirg‘iz qabilasining biyi Baytiq Kanap (Avliyootadan), Saidazimboy Muhammadboev (Toshkentdan), Eshonxon Imomxonov (Toshkentdan), qozikalon Yusufxo‘ja Abdullaxo‘jaev (Xo‘janddan), oqsoqol Abdug‘affor Sarimsoqov (Jizzaxdan) va boshqalar kiritilgan edilar.

Turkiston vakillari 1867 yilning mart oyida Peterburgga yetib keldilar. Bu yerda ular izzat-ikrom bilan qarshi olinadilar. Tuzilgan rejaga binoan hukumat nozirliklarida, imperator saroyida, Ermitajda, xalq kutubxonasida, muzeylarda, Fanlar Akademiyasida, zoologiya bog‘ida, Petropavlovsk qal’asida, fabrika va zavodlarda, savdo birjasi, magazinlarda, teatr va tsirkda, kasalxonalarda, Imperator bog‘ida (Sarskoe selo) va boshqa diqqatga sazovor joylarda bo‘ladilar.

Ko‘rinib turibdiki, reja keng, mazmunli tuzilib, vakillarga rus davlati haqida katta taassurot va tushuncha berishi lozim edi. Bu bilan ularning ko‘z oldida rus davlati qudratini namoyish qilish edi. Hatto Turkiston vakillarini zo‘r ehtirom bilan shaxsan imperator Aleksandr II qabul qilgan. Ular imperatorga go‘yo Turkiston aholisining rus davlati tobeligiga olinganligidan baxtiyorligini, mangu sodiqligini izhor etuvchi maktubni topshiradilar. Bu maktubga Toshkent, Turkiston, Xo‘jand, Chimkent va boshqa joylarning kattalaridan 59 kishi imzo chekkan va muhr bosilgan edi. Vakillar o‘z vazifalarini ado etgach, vatanlariga qaytganlar.

Chor hukumati ana shu taxlit Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi aholi go‘yo o‘z ixtiyori va istagi bilan rus davlati fuqaroligiga o‘tganliklari hamda bundan mamnun ekanliklarini xorijiy mamlakatlar ko‘z o‘ngida namoyon etishga urindi. Amalda esa u qonli urushlarni davom ettira bordi. Chunonchi, 1867 yilning 7 iyunida Jizzax va Samarqand o‘rtasida joylashgan Yangiqo‘rg‘onda 45 ming kishilik Buxoro qo‘shini va xalq ko‘ngillilarini qattiq jang bilan mag‘lubiyatga uchratadi. 1868 yil 1 mayida esa Samarqand shahri ostonasidagi Cho‘ponota tepaligida beayov urush bo‘ladi. Bu chorpilchorda himoyachilardan ko‘p kishilar qirib tashlanadi va yarador qilinadi. Chor askarlari ertasiga Samarqand shahriga bostirib kiradilar. Vahimaga tushgan yerlik aholi dushmanga qarshi tura olmaydi. Bundan xabar topgan Amir Muzaffar qattiq dahshatga tushib, xabarchini «shum so‘zlari» uchun darhol osib o‘ldirishga farmon beradi. Uning vasvasasi asta-sekin yig‘iga aylanib «Xudo meni Samarqanddan mahrum qilgandan ko‘ra jonimni olgani yaxshi edi», deb nola chekadi. Amirning noshudligi va mag‘lubiyati xaloyiq orasida yurt sohibiga qarshi norozilik va g‘azabni yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, uning Chor hukumati bilan sulh tuzishga moyilligi vaziyatni o‘ta keskinlashtiradi. Natijada, Buxoro atrofidagi ahli jamoa amirdan «qanday bo‘lmasin urushni davom ettirishni» talab qilib qo‘zg‘olon ko‘taradilar. Amir Muzaffar xalq qo‘zg‘olonining butun Zarafshon vodiysiga tarqalib ketishidan qo‘rqib, darhol chorizmga qarshi harbiy yurish uyushtiradi. Cho‘li Malik degan joy qo‘zg‘olon markaziga aylanadi. Bu yerda oybolta, so‘yil, nayza va shunga o‘xshash oddiy narsalar bilan qurollangan qo‘zg‘olonchilarning asosiy kuchlari to‘plangan edi. Biroq qo‘zg‘olon tor-mor etilib bostiriladi.

Talvasaga tushgan amir nima qilarini bilolmay o‘z atrofidagi beklar bilan kengash o‘tkazib sulh tuzish yoki urushni davom ettirish masalasini muhokamaga qo‘yadi. Kengashda birinchi bo‘lib so‘z olgan lashkarboshi Usmonbek shunday deydi: «Xonlik xalqi urushni davom ettirishni talab etayotgan bir paytda kofirlarga kontributsiya (tovon)[9]  to‘lagandan ko‘ra bir tomchi qon qolguncha kurashish afzalroqdir». Bu fikrni kengash qatnashchilari bir og‘izdan qo‘llab-quvvatlaydilar. Shundan keyin 15 ming otliq, 6 ming piyoda va 14 ta to‘pdan iborat Buxoro qo‘shini Zirabuloq tepaligiga kelib o‘rnashadi. Qo‘shinni ruhlantirish va g‘alabaga chorlash niyatida amir Muzaffar ularga quyidagicha murojaat qiladi: «Sodiq musulmon fuqarolari! Sizlarning zahmatlaringiz uchun rahmat, sizlarni ishontiramanki, g‘alaba biz tomonda bo‘lg‘ay. Samarqand va Kattaqo‘rg‘onning qo‘ldan ketishi biz uchun unchalik katta yo‘qotish emas. Biz temuriylar avlodimiz, biz o‘z yerimizni qanday qilib qaytarib olishni ko‘rsatib qo‘yamiz. Musulmonlar! Men dinimiz va Vatanimiz uchun musulmon ahlining qahramonona jang qilishini kofirlar ko‘z o‘ngida namoyon etishingizga umid qilaman. Xalq bizdan g‘alaba kutayapti, u jangdan so‘ng sizlarni qarshi olganida din va Vatan himoyasi uchun kurashgan va yerimizni kofirlardan tozalaganlar deb aytishsin. Zirabuloq jang maydonida halok bo‘lganlar sharafiga shonli yodgorlik o‘rnatiladi. Musulmonlar! Turkiston general-gubernatori talab qilayotgan 125 ming tilla (500 ming so‘m) sovg‘a sifatida sizlarga beriladi. Ishonchim komilki, sizlar mening umidlarimni ro‘yobga chiqarib, samarqandliklar to‘nidagi qora dog‘ni yuvasizlar. Musulmonlar, sizlarga zafar yor bo‘lsin!» Ushbu murojaat to‘p o‘qlari ovozi ostida o‘qib eshittiriladi. 1868 yil 2 mayda general K. P. Kaufman qo‘mondonligidagi qo‘shin va himoyachilar o‘rtasida jang boshlanadi. Buxorolik mudofaachilar «Olinglar, olinglar axir...» deyishgancha dushmanga qarshi hujum qiladilar. Ammo ko‘p talofat ko‘rib mag‘lubiyatga uchraydilar. Bu haqdagi xabar butun Buxoro xalqi g‘azabini yanada kuchaytiradi. Amir qo‘rqib Qizilqum tarafga qochib ketadi. Zirabuloqdagi jang vaqtida Samarqandda chorizmga qarshi xalq qo‘zg‘oloni boshlanadi. Yurt himoyasiga shahar atrofidagi qishloq va ovullardan minglab kishilar kelib qo‘shiladilar. General-gubernator K. P. Kaufmanning yozishicha, Kattaqo‘rg‘ondan to Samarqandgacha bo‘lgan yerlarda kishilarni kam uchratgan. Bunga sabab naymanlar, qoraqalpoqlar, xitoyqipchoqlar, qirq juzlar va boshqa qabilalar Jo‘rabek va Bobobek boshchiligida Shahrisabzdan kelayotgan 20 ming kishilik qo‘shin va qasoskorlarga qo‘shilib, Samarqanddagi qo‘zg‘olonchilar safini to‘ldirgan edilar. Natijada Samarqand chorizmga qarshi umumxalq kurashining o‘chog‘iga aylanadi. Bir necha ming kishilik qo‘zg‘olonchilar shahar qal’asida o‘rnashgan chor qo‘shinini qurshab olib jangga kirishadilar. Ammo Shahrisabz beklari chor qo‘shinlariga yordamchi kuchlar kelayotganidan xabar topib, Samarqandni tashlab chiqadilar. «Shundan keyin, — deb yozadi K. P. Kaufman, — shahar ahli qishloqlardan kelgan xalq ko‘ngillilari bilan birgalikda qal’aga hujum qilishni davom etirdilar[10]». Bu vaqt ichida har ikki tomondan ko‘plab kishi qurbon bo‘ladi va yarador qilinadi. 8 iyunda general K. P. Kaufman boshchiligidagi qo‘shinlar shaharga bostirib kirib qo‘zg‘olonni shafqatsizlik bilan bostiradi. Ular shahar bozorini, savdogar va hunarmandlar do‘konlarini o‘tga tutadilar. Qo‘zg‘olon qatnashchilaridan 19 kishi o‘limga va 19 kishi Sibirga umrbod surgunga hukm qilinadi. Buning ustiga qo‘zg‘olonchilarning aksariyati jangda halokatga uchragan. Chor qo‘shinlaridan esa 275 kishi o‘ldiriladi va yarador etiladi. Boshqa joylarda bosqinchilardan bunchalik ko‘p kishi talofat ko‘rmagan edi. Shuning uchun general K. P. Kaufman «Samarqand qal’asidagi talofatni juda katta yo‘qotish»[11], deb baholaydi. Bu vaqtda amir Muzaffarning obro‘ va mavqei tobora tushib taxtda zo‘rg‘a ilinib turardi. Amir Karmanaga kelib, o‘z amaldorlari ishtirokidagi kengashda chor hukumati bilan sulh tuzishdan bo‘lak chora qolmaganini ma’lum qilib: «Endilikda barcha qo‘shin va qurol-aslahalarni, to‘plarni oq podshohga topshirib, menga Makkaga hajga borishga ruxsat berilishini undan so‘rayman. Sezib turibmanki, mening o‘limim yaqin, taqdirim va hayotim xalqning qo‘lida»[12].

1868 yilning 23-iyunida amir Muzaffarning elchilari Samarqandga, K. P. Kaufman huzuriga kelib, sulh tuzishga rozilik bildiradilar. Sulhga ko‘ra Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va Zarafshon daryosining yuqori qismi xonlikdan ajratib olinib, Rossiya tarkibiga kiritildi. Amir tovon sifatida 500 ming so‘m tilla pul to‘lashga va xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil ravishda aloqa o‘rnatmaslikka rozilik beradi. Shuningdek, Rossiya savdogarlariga xonlik tasarrufida bemalol savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanishga hamda karvonsaroylar qurishga ijozat etildi. Ular to‘laydigan savdo bojlari miqdori buxoroliklar to‘laydigan bojlardan oshmasligi kerak edi. Xullas, shartnoma tuzilgandan so‘ng Buxoro amiri urushni rasman to‘xtatib, rus davlatiga tobeligini tan oladi. Bu esa vatanparvar, hur fikrli odamlarning qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Hatto amirning o‘g‘li Katta to‘ra va bir necha nufuzli beklar birlashib, Muzaffarxon va chorizm istilochilariga qarshi kurashni davom ettirdilar. Ular amirning taxtdan mahrum etilganini e’lon qilib, Shahrisabz va Kitobda katta kuch to‘pladilar. Shahrisabz beklari Katta to‘rani xon deb e’lon qiladilar. Natijada amir Muzaffarning ahvoli nihoyatda og‘irlashadi. Ota-bola qo‘shinlari o‘rtasida Samarqand yaqinidagi Jom qishlog‘ida sodir bo‘lgan jangda amir sarbozlari yengiladi. Shundan so‘ng amir chor ma’muriyatiga harbiy yordam so‘rab murojaat qiladi. Buni inobatga olgan general Abramov 1870 yilda Shahrisabz va Kitobda Jo‘rabek va Bobobek boshchiligidagi qo‘shin va olomonni yengib, u joylarni amir Muzaffar ixtiyoriga topshiradi. Bundan ilgari, ya’ni 1868 yilda chor qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Qarshi shahri ham amirga qaytariladi. Bu bilan chor hukumati amir Muzaffarning rus davlatiga yanada qullarcha itoat etishini mustahkamlay bordi. Amir esa sulh shartlarini og‘ishmay bajaraverdi.

Chor hukumati Xiva xonligini bosib olish uchun katta tayyorgarlik ko‘rdi. Vaholanki, Xiva xonligida 1869 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 1500 kishidan iborat muntazam armiya bo‘lib, harbiy texnikasi nihoyatda past darajada edi. Shunga qaramay, chor hukumati xonlikka qarshi uch tarafdan, ya’ni Turkiston general-gubernatorligi, Orenburg va Kaspiy dengizi tomonlaridan o‘z harbiy kuchini tashlaydi. Qo‘shin yaxshi qurollangan 12 ming kishidan iborat edi. Hatto qo‘shinga imperator xonadonidan buyuk knyaz Konstantin Konstantinovich va knyaz Yevgeniy Maksimilianovich Romanovskiy ham qo‘shiladi. Aftidan, bu bilan harbiy yurish mavqeini yanada oshirish mo‘ljallangan bo‘lsa kerak. Qo‘shinga general K. P. Kaufman umumiy qo‘mondonlik qiladi. Chor qo‘shinlari uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tib, Xiva xonligi chegarasiga yetib keladilar. 1873 yilning may oyida yo‘lma-yo‘l xivaliklar qarshiligini yengib borgan chor istilochilari 28 mayda Xiva shahri ostonasiga kelib to‘xtaydilar. Bu vaqtda Said Muhammad Rahimxon qochishga ulgurgan edi. Qo‘shin general Verevkin boshchiligida Xiva shahriga hujum boshlaydi. Pirovardida urush to‘xtatiladi va general P. K. Kaufman Said Muhammad Rahimxonni qaytadan taxtni egallashga da’vat qiladi. Shundan so‘ng Muhammad Rahimxon Xivaga kelib, rus davlatining vassali sifatida o‘z taxtini egallaydi. 1873 yil 12 avgustda o‘zaro sulh tuzilib, Xiva xonligi o‘z siyosiy mustaqilligini yo‘qotadi. Shuningdek, u tovon to‘lashni va Rossiya savdogarlariga xonlikda bemalol ish yuritish uchun sharoit yaratib berishni bo‘yniga oladi. Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i Rossiya ixtiyoriga o‘tkazilib, u yerda general gubernatorlikning Amudaryo bo‘limi tashkil etiladi.

Shunday qilib, Buxoro va Xiva xonliklari o‘z mustaqilliklarini qo‘ldan boy berib, chor Rossiyasi tarkibiga kiradi. Garchand xonlik saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ular rus davlati manfaatlari doirasida ish yuritishi lozim edi. Chor hukumati minglab kishilarning yostig‘ini quritgani va nogiron qilgani yetmagandek, urush xarajatlarini undirish uchun Buxoro xonligini 500 ming so‘m, Xiva xonligini esa 2 million 200 ming so‘m tovon to‘lashga majbur etadi. Bu og‘ir jarima mehnatkash ommaning mushkul hayotini yanada og‘irlashtiradi. Biroq, ikki xonlik jarimani vaqti bilan to‘lab bordi.

Chor istilochilarining galdagi niyati Qo‘qon xonligini tugatish edi. Ular Turkiston, Chimkent, Toshkent va boshqa joylarni bosib olib, Qo‘qon xonligiga qattiq zarba bergan edi. Qo‘qon xoni Xudoyorxon qo‘rqoq va tadbirsiz bo‘lganligi uchun vatan himoyasi yo‘lida biron arzigulik ish qilmadi. Aksincha, chor hukumati panohida o‘z taxtida o‘tirishni o‘ylardi, xolos. U 1868 yili chorizm bilan sulh tuzib, amalda Rossiyaga qaram bo‘lib qoladi. Uning itoatkorligini taqdirlagan chor hukumati Xudoyorxonni Rossiya davlati ordeni bilan mukofotladi va unga «Aslzoda» degan faxriy unvon berdi. Xudoyorxonning mazkur siyosati aholining g‘azabini toshirib yubordi. Buning ustiga xonning zulmi tobora kuchayib bordi. Natijada, 1872 yilda xalq qo‘zg‘oloni ko‘tarildi va u 1876 yilgacha davom etdi. Xalq nafratiga uchragan Xudoyorxon o‘zining boy xazinasini 40 ta aravaga yuklab, Xo‘jandga qochib ketadi. Bu yerdan u Toshkentga yuboriladi. General Kaufman uning boyliklarini hukumat foydasiga musodara qilib, o‘zini Orenburgga surgun qiladi[13].

Qo‘zg‘olonchilarga xonlikdagi hukmron doiralarning vakillari ham qo‘shilib, chor hukumatiga qarshi kurash olib bordilar. Bu harakat shu darajada keng quloch yoydiki, butun Farg‘ona vodiysini qamrab oldi. Qulay fursatni kutayotgan chor hukumati 1875 yil 6 avgustida Farg‘ona vodiysiga bostirib kiradi. Qo‘zg‘olonchilar bu bosqinchiliklarga qarshi qattiq jang qiladilar. Shafqatsiz dushman qo‘shinlari bir necha aholi turarjoylarini yer bilan yakson etadi va minglab odamlarni qirib tashlaydi. Birgina Andijondagi jangda qo‘zg‘olonchilardan 20 ming kishi yovuzlarcha yer bilan yakson etiladi. Bu fojia general Skobelevning buyrug‘i va bevosita ishtirokida ro‘y beradi.

Xalq qo‘zg‘oloni shafqatsizlik bilan bostirilib, 1876 yil 16 fevralda Qo‘qon xonligi tugatiladi. Shunday qilib, chor hukumati 1853—1876 yillarda, o‘zbek xonliklariga qarashli shahar va qishloqlarni birin-ketin bosib olib, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning hokimi bo‘lib qoladi. Minglab oddiy xalq vakillari bolta, tayoq bilan qurollanib, o‘zidan har jihatdan bir necha barobar kuchli va yaxshi qurollangan chor qo‘shinlariga qarshi mardonavor kurashadi. Ular askarlarning to‘plar va miltiqlardan otilgan o‘q yomg‘irlariga ko‘kraklarini tutadilar. O‘zbek xonlari esa mamlakat mudofaasini mustahkamlash va harbiy texnikani takomillashtirish o‘rniga o‘zaro kelishmovchilik va urushlar bilan ovora edilar. Ayniqsa, Buxoro xonligining Qo‘qonga nisbatan olib borgan dushmanlik siyosati chor hukumati uchun katta foyda keltiradi. Urush harakatlari shuni ko‘rsatdiki, uchala xonlikning hukmdorlari harbiy jihatdan mutlaqo savodsiz kimsa bo‘lib chiqdi. Bundan Qo‘qon lashkarboshisi Alimxon mustasnodir. U chor hukumatiga qarshi kurashda o‘zining yuksak harbiy mahoratini namoyish etib, qo‘shinga va xalq qasoskorlariga bilimdonlik va jasorat bilan boshchilik qildi. U jo‘shqin zatanparvar va qahramon shaxs sifatida jang maydonida halok bo‘ladi.

O‘zbek xonliklari yerlarining bosib olinishi chor Rossiyasining yuqori tabaqasi tomonidan zo‘r xursandchilik bilan qarshi olindi. Rossiya moliya ministri Vishnegorodskiy bu joylarni «rus tojidagi eng qimmatbaho dur» deb baholagan edi.

Turkiston general-gubernatorligining chegarasi vaqt o‘tishi bilan kengayib bordi. Pirovardida Sirdaryo, Farg‘ona, Yettisuv va Kaspiy orti yerlarini o‘z qaramog‘iga kiritdi.

Buxoro amirligida 28 beklik-viloyat bo‘lib, Chorjo‘y, Karmana, Ziyovuddin, Nurota, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog‘, G‘uzor, Boysun, Qorategin, Denov, Hisor, Darvoz, Boljuvan, Sho‘g‘non, Ro‘shon, Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa, Qobodiyon, Sherobod, Halif, Kerki, Burdaliq, Qarshi va Norizim singari joylarni o‘z ichiga olgan.

Xiva xonligi esa Pitnak, Hazorasp, Xonqa, Urganch, Qo‘shko‘pir, Xozavot, Qiyot, Shohobod (Shovot), Toshhovuz, Ombar, Manoq, Gurlan, Mang‘it, Qilich, Niyozboy, Qipchoq, Porsu, Ilyoli, Ko‘hna Urganch, Xo‘jayli, Shumanay va Qo‘ng‘irot degan joylarni qamragan.

Binobarin, ikki xonlikning ilgarigi chegarasi ancha toraydi. Chor hukumati O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning boy va bepoyon yerlarida mustamlakachilik siyosatini o‘rnatib, keng mehnatkash ommani qattiq ezdi hamda tabiiy boyliklarni ayovsiz taladi. U milliy tillar va madaniyatning rivojlanishiga doimo to‘sqinlik qildi. Ulkan, boy bir o‘lka Rossiyaning xomashyo manbaiga va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirildi. Shuning uchun ham V. I. Lenin «Turkiston mustamlakachilikning eng yorqin namunasidir», deb aytgan edi.

Hamid Ziyoyev,

tarix fanlari doktori, professor

“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 8-son

_____________

[1] B. P. Vejevskiy, L. I. Neplyuev. «Orenburgskiy kray», Qozon, 1897 y. 1-jild, 136-bet.

[2] Turkestanskiy sbornik. 58-jild, 22-bet.

[3] O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma fondi, 474-bet.

[4] O‘sha asar, 487-bet.

[5] O‘sha asar, 501-bet.

[6] O‘sha asar, 13-bet.

[7] O‘sha asar. 18-betning orqasi

[8] Uning otasi asli qorateginlik bo‘lib, keyin Toshkent shahriga kelib o‘rnashgan ekan.

[9] Sulh tuzilgan taqdirda Buxoro xonligi Chor hukumatiga tovon sifatida 500 ming tilla pul to‘lashi kerak edi.

[10] O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi, F. 715, op. 1, d. 37, 11-bet.

[11] O‘sha joyda, 13-bet.

[12] Turkiston to‘plami, 52-jild, 434-bet.

[13] Ayrim ma’lumotlarda ko‘rsatilishicha, Xudoyorxon Orenburgda bir xususiy uyda yashab, ot savdosi bilan shug‘ullangan. Kunlarning birida bir qozoq kishi yordamida g‘oyib bo‘lib, Afg‘oniston, Hindiston, Arabiston va hatto Londonga borgan. Bu yerda u Angliya hukumat vakillari bilan suhbatlashgan hamda xonlikni tiklash uchun yordam so‘ragan, so‘ngra Afg‘onistonga qaytib, ko‘p o‘tmay vafot etgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.