background
logotype

Haydarbek Bobobekov. Isyon (1989)

http://ziyouz.uz/images/vereshagin2.jpg

O‘tmishga tarixiy mas’uliyat hissi bilan va tarixiy haqiqat asosida baho bermoq kerak.

M. S. Gorbachyov

O‘rta Osiyoning tarixida eng uzoq davom etgan xalq harakatlaridan biri Po‘latxon qo‘zg‘oloni hisoblanadi. Ammo unga baho berishda shu kunga qadar tarixchi olimlar va yozuvchilar o‘rtasida hamfikrlik yo‘q.

Birlari uni «xalq harakati» desa, ikkinchilari «reaktsion harakat», uchinchilari «milliy ozodlik kurashi», to‘rtinchilari «o‘zaro feodal urush» deb ataydilar. Beshinchilari esa bu haqda lom-mim demaslikni ma’qul ko‘radilar.

Xo‘sh, Po‘latxon qo‘zg‘oloniga (1873—1876 yillar) bunday har xil qarashning sababi nimada? Fikrimizcha, buning boisi qo‘zg‘olonning ma’lum bosqichida chor Rossiyasi mustamlakachilariga qarshi g‘azovot e’lon etilishidadir. Ayrim olimlarimiz musulmonlar tug‘i ruslarga qarshi ko‘tarilgan deb qarashdi. G‘azovot ruslarga qarshi emas, balki chor Rossiyasi mustamlakachilariga qarshi edi.

Qo‘qon xonligi fuqarosi juda ayanchli ahvolda edi. O‘zaro feodal urushlar tez-tez bo‘lib turardi. Buning ustiga, chor Rossiyasi qo‘shinlari 1853 yili Oq Machitni, 1864 yili Turkiston va Chimkentni, 1865 yili esa Toshkent va uning atrofidagi shaharu qal’alarni bosib oldi. 1867 yili qaram o‘lkada Turkiston general-gubernatorligi tashkil etildi. Natijada, Qo‘qon xonligi yerlari keskin ravishda qisqardi. Xonlik xazinasiga tushayotgan daromad cho‘g‘i pasayib qoldi. Shuning uchun Xudoyorxon mehnatkashlar zimmasiga qo‘shimcha soliqlar yukladi. Xalq qashshoqlashib ketdi, norozilik kuchaydi.

Qo‘qon xonligining Andijon va Namangan viloyatlarida ayrim qo‘zg‘olonlar bo‘ldi. Bir guruh boy-feodallar bu vaziyatdan foydalanish niyatida xonzoda qidira boshladilar.

«Ansob as salotin va tavorixi al Xavoqand» nomli qo‘lyozmada bunday ma’lumot beriladi: «Xon davlatidan putur ketdi. Kundin-kun atrof va javoniblardin fitna paydo bo‘ldi. Andog‘kim, to ba’zida munduz jamoasidin Ma’mur degan qirg‘iz bir necha qaroqchilarnn hamroh aylab, zakuvotga borgan mulozimlarni tutub o‘ldurub, pullarini olib sarf qilib, odam yig‘ib, jamoat bo‘lub Jalolobod va Xonobod qishlog‘ini chofib va taroj qilg‘onida Xudoyorxon Andijonda turub, Andijon askariga farmoyish qildi. Ersa sur’at birla borib maqobil bo‘lub, urushub qirg‘izlarni qochirdilar. Jamiyatlari parishon bo‘lub bir nechasi o‘lub va bir nechasi bandi bo‘lub qo‘lga tushdi. Tavba va siyosat uchun barchasini o‘ldurdilar. Ma’mur tirik qochib ketdi. Va bir necha vaqtdin so‘ng yana o‘g‘ri qirg‘izlarni jam qilib va bir necha biylarni vasvasa qilib, jamoat bo‘lub O‘zgant qo‘rg‘oniga kirib kurash boshladi. Xudoyorxon Iso Avliyoni Shahrixon askari birla, Xolnazar turkni turk askarlari birla buyurdi. Bular sur’at birla borib, urushub qochurdilar. Yana bir necha biylar va kalonshavandalari bandi bo‘lub tushti. Ersa arziyalari maqbul bo‘lib, bandilarg‘a mehribonlik qilib, sarupo berib va nasihatlar aylab ozod qilib yubordilar. Hanuz bul munoqishlari saranjom tobmay, O‘sh ustidagi qirg‘izlar jamoat bo‘dub, Arobon kelib o‘rdani bosib va bir necha asbob va olotlarini olib toqqa chiqib ketdi.

Abulqosim jinni hokim erdi. Anburdin chiqib qochib qutuldi. Ersa Xudoyorxon voqif bo‘lub, Marg‘ilon hokimi Sulton Murodbek ukosig‘a Abdurahmon oftobachini qo‘shub, ko‘b askar birla buyurdi. Bular borib urushub qochurdilar. Qirg‘izlar parishon bo‘lub kettilar. Bir necha biylar, chunonchi Umarbek, Abdurahmon shayton va Qoraqul biy va Sulaymon o‘g‘ri va bir necha qirg‘iz biylar birla qo‘lga tushti, ko‘p obro‘ birla kelib xonni ko‘rub, muloqat qilib, duo ayladilar. Filjumla xotirjam bo‘ldilar. Ersa Musulmonqul degan qirg‘iz-qipchoq urushdin qochub, bir necha qirg‘izlar maslahat aylab xonzoda topmoq uchun Buxoro tarafiga borib, Po‘latxon valad Murodxonni oldig‘a borib vasvasa qilib ekan. Po‘latxon qabul qilmabdur. Andin noumid bo‘lub, O‘rganjg‘a — Mahammad Alixon o‘g‘li Muzaffarxonning oldig‘a borib necha kun turub vasvasa qildikim, hamma xaloyiq ittifoq birla sizni xon qilib, ota taxtiga o‘lturg‘uzmoqqa fotiha o‘qubmiz, sizga buyurdilar, hamma xaloyiq sizga muntazir turubdirlar, debdi.

Muzaffarxon aytibdiki: «Siz qirg‘iz xalqining e’tiborlaring yo‘qtur. Qalandarxon akamni ham olib borib, Murg‘zor qishloqda o‘ldurub qo‘ydinglar. Alhamdulillo avqot bahuzur».

Musulmonqul noiloj qaytib Toshkandga keldi. Ersa Muhsinboyning o‘g‘li Mullo Abdulmo‘minning hovlisiga qo‘nub erdi. Unda bir mullo Ishoq degan qirg‘iz bola Nomdong degan mavzuida nosfurushlik qilur ekan. Abdulmo‘min aytdiki: «Ey, ahmoq qirg‘iz, shul qirg‘iz bolani Po‘latxon deb olib borgil, ish saronjom topkanda Burxon — Tohur», dedi.

Ersa ma’qul bo‘lub, o‘shal qirg‘iz bolani olib Ablig‘ ustidin oshib, Chust ustig‘a kelib qo‘shung‘a qo‘shuldi. Qirg‘izlar xursand bo‘lub, shodiyona qo‘ydilar, oq kiygizg‘a solib xon ko‘tordilar». (O‘z. FA Sharqshunoslik instituti, qo‘lyozma, inv. № 3753, 156—158-varaqlar).

Mullo Ishoq Mullo Hasan o‘g‘li 1844 yilda Marg‘ilon shahriga yaqin O‘hna qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Marg‘ilondagi Oq madrasada mudarrislik qilgan. Dastlabki ma’lumotni Mullo Ishoq uyda olgan. Keyin Qo‘qondagi Tunqotar madrasasida o‘qigan. 1867 yili o‘qishni tashlab, So‘x atrofidagi ko‘chmanchi qirg‘izlar orasida ikki yil yashagan. So‘ngra o‘z qishlog‘ida, keyin Andijondagi masjidlardan birida imomlik qilgan, savdogarlik bilan ham shug‘ullangan. U Toshkentda Abdulmo‘min dodxoh bilan tanishadi va shu yerda qoladi. Yuqorida aytilganidek, mullo Ishoqning soxta Po‘latxon bo‘lishini taklif etadilar. 29 yoshli Ishoq esa rozi buladi.

10 mingga yaqin qo‘zg‘olonchilar Chotqoldan Olabuqa darasi orqali o‘tib Kosonni bosib oladilar. Ularga qarshi xon qo‘shinlari yuboriladi. To‘raqo‘rg‘on atrofida jang bo‘ladi. Bu jangda Musulmon qirg‘iz halok bo‘ladi, qo‘zg‘olonchilar mag‘lubiyatga uchraydi. 300 ga yaqin qirg‘izlar asirga olinadi, Po‘latxon (Mullo Ishoq) toqqa qochadi, boshliqlardan biri bo‘lgan Mo‘min esa Chotqolga qaytadi va u yerda rus qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olinadi...

Keyin yana bir necha marta janglar bo‘ldi va qirg‘izlar mag‘lubiyatga uchradi, Po‘latxon esa Said Bobobeknikiga yashirindi. G‘alaba qozongan Xudoyorxon, qo‘zg‘olonni bahona qilib, aholiga maxsus soliq soladi. Natijada norozi bo‘lgan 1700 qirg‘iz oilasi ruslar tomoniga o‘tib ketdi. Qo‘qon xonligining bir necha joylarida g‘alayonlar bo‘lib turdi, ammo muvaffaqiyat qozona olmadi. Buning asosiy sababi, ko‘chmanchi qirg‘izlar o‘troq aholi bilan birlashmadi. Shunga qaramay, o‘troq aholi qo‘zg‘olonchilarga xayrxoh edi.

1873 yilning bahorida boshlangan qo‘zg‘olon kuzga kelib vaqtincha to‘xtadi. Po‘latxon kuch yig‘ish bilan shug‘ullanadi: qipchoq, o‘zbek va tojiklar bilan bitim tuzishga intildi. Qirg‘izlar Po‘latxonni xavfdan saqlashga harakat qilishardi —ular zo‘rg‘a topilgan xonzodadan ajralib qolishni istamasdi.

1874 yilning bahorida yana g‘alayonlar boshlandi. Qo‘qon xonligining turli viloyatlarida ommaning chiqishlari va ayrim to‘qnashuvlar davom etdi. Po‘latxon tarafdorlari ular bilan aloqa o‘rnatishga urinishdi.

1874 yil 7 noyabr kuni Qo‘qonga rus diplomati A. A. Veynberg kelib, 20 kun davomida qo‘zg‘olon sabablarini o‘rgandi. So‘ngra, Toshkentga qaytib hisobot yozdi. Uning fikricha, qo‘zg‘olonga olov yoqayotgan kimsa — mashhur Musulmonqul mingboshining o‘g‘li Abdurahmon oftobachi bo‘lib, o‘zi qo‘zg‘olonda ishtirok etmay, qulay fursatni poylab turgan emish.

Veynbergning yozishicha, mehnatkashlar, millatidan qat’iy nazar, qo‘zg‘olonchilarga hamdardlik bildirmoqda ekan. Nizo asosan qabila boshliqlari o‘rtasida, ya’ni boy-feodallarning o‘zaro lavozim va mansab talashishlari natijasida paydo bo‘lmoqda...

1874 yilgi «Sankt-Peterburgskie vedomosti» gazetasining 268-sonida berilgan xabarga qaraganda, 1874 yilgi «qo‘zg‘olon deyarli umumiy bo‘lib qoldi: u qirg‘iz va qipchoqlarni birlashtirdi, hattoki xon qaramog‘idagi o‘troq xalq ham qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘ta boshladi».

Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1874 yilgi qo‘zg‘olon noyabr oyining oxiriga borib vaqtincha to‘xtaydi. Buning sababi bor edi, albatta.

Qo‘qon xonligi asosan agrar mamlakat bo‘lganligi tufayli dalalardagi hosilni yig‘ib olish kerak edi. Bundan hamma birday manfaatdor edi. Agar ming-minglab erkaklar (ya’ni, asosiy sog‘lom ishchi kuchi) jang bilan ovora bo‘lsa, ko‘p ekinzorlar payxon qilinsa, albatta, daromad ancha kamayardi. Buni qarama-qarshi tomonlar juda yaxshi tushunardi.

1875 yilning bahorida qo‘zg‘olon yana boshlandi. Qorategin chegarasida qo‘zg‘olonchilar tomonida Xudoyorxonning nevarasi Nazarbek, O‘zgant atrofida esa Po‘latxon qo‘shinlari paydo bo‘ldi. Ularga Qarshi xon qo‘shinlari jo‘natildi. Abdurahmon oftobachi, Iso Avliyo va Sarimsoq Eshikog‘asi qo‘shinga boshliq etib tayinlangan edilar. 1875 yil 17 iyul kuni Abdurahmon oftobachi va Iso Avliyo o‘z qaramog‘idagi qo‘shinlari bilan qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tib ketishdi.

Shu kunlari Qo‘qonda polkovnik M. D. Skobelev bilan A. A. Veynberg bor edilar. A. A. Veynberg Xudoyorxon huzuriga kirib, u bilan suhbatda bo‘ldi. Suhbat chog‘ida rus diplomati Turkiston general gubernatorining Xudoyorxondan nisbatan noroziligini aytdi. Buni eshitgan xon o‘zini noqulay sezib, bir necha bor K. P. Kaufmanni hurmat qilishini takrorladi. Kerak bo‘lsa, undan qo‘zg‘olonni bostirish uchun yordam so‘ramog‘ligini bildirdi.

Vaziyat qaltisligi uchun A. A. Veynberg 1875 yil 18 iyulda Nasriddinbek boshliq qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tganligi va O‘sh, Namangan, Andijon, Asaka shaharlari bosib olinganligi haqida Qo‘qonga xabar keldi. 20 iyulda esa Sulton Murodbek (Xudoyorxonning ukasi) qo‘zg‘olonchilar safiga qo‘shildi va ular Marg‘ilon shahrini egallab, Oltiariqqa yaqinlasha boshlaydilar.

Ko‘plab tarixchi olimlaru yozuvchilarni Po‘latxon qo‘zg‘oloniga baho berishda ikkilantirgan va chalkashtirgan hodisalardan biri — yuqori tabaqadagi feodallarning qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tganligidir. Bu hodisani sharhlashda bir narsaga e’tibor berish lozim. Ular Xudoyorxon mag‘lubiyatga uchrashiga ishonch hosil qilib, o‘z mavqelarini, jonlarini saqlab qolish va imkoniyat bo‘lib qolsa, qo‘zg‘olonni o‘z manfaatlariga bo‘ysundirib, qo‘g‘irchoq xonzodani taxtga o‘tqazish niyatida edilar. Ularning asl niyatlaridan xalqning xabari yo‘q edi. Boz ustiga, o‘sha yillari omma «odil» xon topilishiga ishonardi. Abdurahmon oftobachi, Iso Avliyo, Nasriddinbek va Sulton Murodbeklar qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tayotganlarida Po‘latxonni «valiahd» deb tan oldilar, hali uning soxta «xon» ekanligini bilmasdilar.

Xudoyorxonning ahvoli juda ham og‘irlashdi, Buni tushungan holda u Turkiston general-gubernatoriga yordam so‘rab, 1895 yil 20 iyul kuni xat yozdi: «...Qiyin va baxtsiz damlarda eng ishonarli deb o‘ylagan odamlarim, jumladan, Mullo Iso Avliyo, Abdurahmon oftobachi va Haqnazar parvonachi o‘z qo‘shinlari bilan mening dushmanim bo‘lmish isyonchi qirg‘izlarga qo‘shilishib, menga qarshi urush qilishdi. Sizdan, Oliy hazratdan shu kunga qadar ko‘p yaxshiliklar

Ko‘rdim. Siz bu safar ham haqiqiy yordam berib, meni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb umid qilaman. Men o‘zimni va Ko‘qon xonligini Oliy hazratlari, janob Imperator himoyasiga topshirdim. Sizga do‘stona iltimos bilan murojaat qilaman; Qo‘qon shahriga rus armiyasini va artilleriyasini tezda jo‘natib, isyonchilarning maqsadini puchga chiqaring. Umid qilamanki, Siz bu iltimosimni bajo etasiz...» (O‘zSSR MDA, f. I-715, op, 1 yed. xr. 63, 48 b.)

Lekin rus qo‘shinlarining tezda Qo‘qonga yetib kelishiga ishonchi bo‘lmagan Xudoyorxon Toshkentga qochmoqchi bo‘ladi.

22 iyul (1875 yili) kuni ertalab ma’lum bo‘ldiki, xonning ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbek 4000 navkar bilan qo‘zg‘olonchilar tomoniga o‘tibdi va Abdurahmon oftobachining ilg‘or qo‘shinlari Qorovultepaga yaqinlashib qolibdi.

Ertalab soat o‘nlarda Xudoyorxon o‘rdadan chiqib, shahar aholisi uning qochayotganini bilib qolmasligi uchun Katta G‘oziyog‘lik darvozasi tomoniga bormay, qarama-qarshi tarafda joylashgan Mo‘y Muborak darvozasi tomon ravona bo‘ldi. So‘ng Beshariq tomonga jo‘nadi. A. A. Veynberg, M. D. Skobelev va ular yonidagi kazaklar ham Xudoyorxonga qo‘shilishdi. Ular Xo‘jand tomonga qochishdi. Bundan xabar topgan qo‘zg‘olonchilar ularni quvlab ketishadi, ammo yetolmaydilar. Faqatgina 30 aravani qo‘lga tushirishadi. Aravalardan birida xon arxivi bor edi. Uning ahamiyatini bilmagan omma ko‘p hujjatlarni yoqib tashladi.

Xudoyorxonga uning kichik o‘g‘li O‘rmonbek, Otabek noib, mullo Ma’ruf, bir nechta qarindoshlari, jami — 643 nafar kishi, shu jumladan, 350 qurollangan askarlar hamroh edi.

Xudoyorxon Toshkentga kelib Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman bilan uchrashadi. Ikkinchi kuni esa Xudoyorxon Orenburgga jo‘natiladi. Xudoyorxon keyinchalik Orenburgdan qochib Hindiston orqali Makkaga hajga boradi va Qo‘qonga qaytmoqchi bo‘lib, maxfiy yo‘lga chiqadi. Ammo yo‘lda kasalga chalinadiyu 1884 yili Afg‘onistonda vafot etadi.

Qo‘qon taxtiga Nasriddinbek xon qilib o‘tqaziladi. Bu haqda «Tarixi Farg‘ona» nomli qo‘lyozmada shunday jumlalarni o‘qiymiz: «Marg‘ilonda Sulton Murodbekni Ho‘qandg‘a xon qilmoqchi bo‘lub ahdu paymon qilib turg‘onda Nasrullodin odam borub oftobachig‘a ellik ming tilloga shart qilib, Nasrulloni xon qilmoq muddaosida bo‘lub, zohiri g‘azot botini fasod Nasriddinxonni o‘rdaga xon qilib qo‘yub, o‘zi Russiyaga urushmoqchi bo‘lub Mahramga bordi» (O‘z. FA Sharqshunoslik instituti, qo‘lyozma, inv. № 10117, b. 72).

Bundan xabar topgan Po‘latxon g‘azablanadi va ularga qarshi kurash olib boradi. Mehnatkash xalq uni qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada grajdanlar urushi boshlanishiga ozgina qoladi. Xonlikdagi vaziyatni tushungan holda Abdurahmon oftobachi Turkiston general gubernatorligiga qarshi chiqadi, Qo‘qon xonligining eski chegarasini tiklash bahonasida g‘azovot e’lon qiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — xalqni bir bayroq ostiga birlashtirib, tashabbusni o‘z qo‘liga olish va Po‘latxonni siyosiy maydondan chetlatib undan qutulish edi.

Shu bosqichda Po‘latxonning dunyoqarashida tub o‘zgarish bo‘ldi. Katta lavozimdagi feodallar xalq manfaatini mensimasdan, faqat o‘z manfaati uchun ming-minglab mehnatkashni qurbon qilishga tayyorligini tushundi.

Po‘latxon (Mullo Ishoq) Toshkentga qarshi yurish boshlaganda rus qo‘shini kuchliligini yaxshi bilardi. Ammo mavjud vaziyatda Po‘latxon g‘azovotga qarshi chiqa olmas edi. Chunki aholi islom kuchi bilan g‘ayridinlar ustidan g‘alaba qozonamiz, deb o‘lardi.

Po‘latxon g‘azovotga qarshi bo‘lsa-da, lekin uni rasmiy ravishda ma’qullashga majbur bo‘ldi: dastlabki oylarda u sust harakat qildi va janglarga o‘z qo‘shinini olib kirmadi. Chunki safdoshlarini saqlab qolishi shart edi.

Qo‘qonliklar avval Qurama uezdini ozod qilmoqchi bo‘ldilar: o‘sha tomonga 2000 qurollangan kishini jo‘natdilar. Ulardan 1000 nafari Abliqqa, 500 tasi Bo‘kaga, qolgan 500 nafari Qoraqiyaga keldi. Bulardan tashqari, yana bir necha otryadlar Oqcha qishlog‘idan Parkentga o‘tmoqchi edi; Qo‘shrabot yuqorisida ham qurolli navkarlar shay bo‘lib turishardi.

7 avgust (1875) kech soat 5 da bu haqda general Golovachyovga xabar berishadi. Abliq qishlog‘ining oqsoqoli esa qo‘qonliklarning soni 10 mingga yaqin edi, deb taxmin qiladi. Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman bu xabarni bilib, tez sur’at bilan 1-o‘qchi batalonni, 4-otliq artilleriya bilan 400 kazakni qo‘qonliklarga qarshi jo‘natadi. Bundan keyin Sankt-Peterburgga telegramma yuboradi. 10 ming qo‘qonlik Turkiston general-gubernatorligiga hujum qildi, deb ta’kidlaydi va qo‘qonliklarga qarshi urush olib borish uchun 200 ming so‘m pul qarz olishga ruxsat so‘raydi. Telegrammani Rossiya imperatoriga ko‘rsatishadi. U esa 10 ming raqamining yoniga: «Ehtimol bo‘rttirilgandir», 100 ming so‘mning yoniga esa: «Bajarish kerak», deb yozib qo‘yadi. Bu esa urushga rasmiy rusxat edi.

9 avgust (1875 yili) kuni K. P. Kaufman buyruq chiqaradi, rasmiy urush boshlanadi. Chor Rossiyasi qo‘shinlari bilan qo‘qonliklar o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar ro‘y beradi. Birinchi jiddiy jang O‘rg‘ozi darasida bo‘ladi. U yerda 800 qo‘zg‘olonchi turardi. Polkovnik Yegashtin 100 askar bilan hujum qilib, 500 kishini halok etadi, tirik qolganlar esa qochib qutulishadi.

13 avgustda (1875 yili) Turkiston general-gubernatori, general-ad’yutant K. P. Kaufman qo‘qonliklarga murojaatnoma yuboradi. Unda: «Sizlarning boshliqlaringdan biri ruslarga qarshi urush boshladi. Bu urushdan nima chiqqanini bilasizlar. Aslida, men sizlarni jazolashim kerak. Lekin agarda siz qo‘qonliklar qipchoq va qirg‘iz xalqining dushmani bo‘lmish buzg‘unchi oftobachini ushlab menga topshirsalaring, men sizlarning gunohlaringdan o‘taman. Faqat shundagina men sizlarga to‘la «omonlik» e’lon qilaman» (O‘z. SSR M. D. A., f. I-715, op. 1, yed. xr. 63, l. 160) deyilgan.

Biroq murojaatnoma hech qanday ta’sir qilmaydi. Aksincha, barcha shahar va qishloqlar qo‘zg‘olonchilarga qo‘shiladi. Oftobachi xalqqa tug‘ va nishonlar beradi, qurollantiradi.

14 avgustda Abdurahmon oftobachi qo‘shinini Sarimovich qo‘mondonligidagi otryadga qarshi olib chiqib, 4 soat davomida jang qiladi. Qo‘qonliklar mag‘lubiyatga uchraydi.

16 avgustda esa Ajabek bilan Rustambek yigitlariga rus ofitseri Gerua 60 kazak va 800 qirg‘iz askarlari bilan hujum qiladi. (O‘z SSR M. D. A. f. I-715, or. 1, yed. xr. 63, l. 227.)

Rus qo‘mondoni qo‘qonlik qo‘zg‘olonchilarga qarshi ko‘rash davomida qirg‘iz yigitlaridan «unumli» foydalangan edi. Ayniqsa, Shabdon Jontrev o‘z yigitlari bilan jonbozlik qo‘rsatgan. Ular Po‘latxon qo‘zg‘olonini bostirishda faol qatnashadilar. Bu haqda to‘liq ma’lumotni SSSR Geografiya jamiyati arxivida saqlanayotgan hujjatlarda ko‘rishingiz mumkin (Geograficheskoe obshestvo SSSR, f. 65, op. 1. yed. xr. 11, l. l. 581—588).

22 avgustda (1875 yili) Mahram qal’asi ostonasida juda qattiq jang bo‘ldi. Ko‘plab qo‘zg‘olonchilar o‘ladi, bosqinchilar tomonidan bir shtab ofitseri (A. P. Xoroshxin), 5 oddiy soldat,

1 yigit halok bo‘ldi, yana 1 shtab ofitseri (polkovnik Skobelev) va 7 soldat yaralanadi.

So‘ngra rus qo‘shinlari Qo‘qon tomon yurish qildilar, jangsiz shaharga kirishadi. Abdurahmon oftobachi 31 avgustda K. P. Kaufmanga xat yozib, undan omonlik va tinchlik so‘raydi. Ammo general undan o‘zi kelib taslim bo‘lishini talab qiladi, bunga oftobachi rozi bo‘lmaydi.

Toshkentda yashovchi qozoq biylari Kaufmanni g‘alaba bilan tabriklab adres jo‘natdilar, uning oxirida 12 ta imzo turar edi (SG8IA SSSR, f. 1393, or. 1, yed. xr. 81, l. 522).

General-gubernator K. P. Kaufman marg‘ilonliklarga xat yo‘llab, Po‘latxonni ushlab rus qo‘mondoniga topshirishni talab qildi, ammo bu talab bajarilmaydi, chunki Po‘latxon Marg‘ilondan uzoqqa ketgan edi.

Kaufman qo‘l ostidagi barcha qo‘shinlarini otliq artilleriya bilan birga Abdurahmon oftobachi orqasidan jo‘natadi. Ular qo‘zg‘olonchilarga Mingtepa qishlog‘i yonida yetib olishadi va shiddatli jang bo‘ladi: Qo‘zg‘olonchilar soni 5000 nafar edi. Ular mag‘lubiyatga uchraydi, ko‘pchilik halok bo‘ladi, tirik qolganlari qochib ketadi. Abdurahmoi oftobachi 25 kishi bilan O‘zgantga qochadi. Shu munosabat bilan K. P. Kaufman shunday deb yozgan edi: «Oftobachi qochishga majbur bo‘ldi, unda qo‘shin yo‘q va shuning uchun uning ortidan qo‘shin bilan quvlashning hojati yo‘q. Uning yaqinlari va oz-moz bo‘lsa ham ta’sir etadigan odamlari oldimga bo‘yin egib keldilar» (GPB im. Lenina, otdel rukopisey, f. 169, op. 65, yed. xr, 26, l, 1). K. L. Kaufmanning so‘ziga qaraganda, unga eng yaqin yordam ko‘rsatgan va qimmatli maslahatlar bergan shaxs Mirzo Hakim parvonachi bo‘lgan. Shuning uchun rus imperatoridan unga general-mayor unvoni berishni iltimos qiladi.

21 sentyabr (1875 yili) K. P. Kaufmanga Marg‘ilon shahrining qozi-raisi Mullo Muhammad Ali va Boqi Muhammad dodxo xabar berishadiki, Po‘latxon 400 kishi bilan tog‘da turgan emish aa turli joylarga ishonchli odamlarini jo‘natib, aholiga qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilishni taklif etishmoqda ekan.

Abdurahmon oftobachining mag‘lubiyatga uchraganiga sabab — u Po‘latxondan yuz o‘giradi, Nasriddinbekni xon qilib ko‘tardi. Natijada qo‘qonliklarning kuchi ikkiga bo‘linib qoldi va bir-birlarini g‘ajiy boshladilar.

22 sentyabr (1875 yili) Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman Marg‘ilon shahriga Nasriddinxonni chaqirib, 22 moddadan iborat bitimga imzo chektiradi. Bunga binoan Qo‘qon xonligining Sirdaryoning o‘ng sohilidagi barcha yerlari, shahar va qishloqlar Turkiston general-gubernatorligiga o‘tdi. Shu munosabat bilan yangi chegara belgilab chiqildi. Bundan tashqari, Qo‘qon xonligi har yili 500 ming so‘mdan tovon to‘lashi shart edi. Bitimda bir necha kamsituvchi shartlar bor edi. Bu ham kamlik qilganday, qo‘shimcha shartnoma tuzildi, rus qo‘shinlari Marg‘ilonga yaqinlashayotganda Abdurahmon oftobachi 10 ming qurollangan kishilar bilan shahar yonida turganligini, marg‘ilonliklar esa ularga qarshi chiqmaganliklarini bahona qilib, Marg‘ilon viloyati aholisiga qo‘shimcha 125 ming tillo (500 ming so‘m) jarima solindi. Oqibatda mehnatkash xalqning sabr kosasi to‘ldi. Xalq Po‘latxon atrofiga jipslashdi. Rus qo‘shinlari ketishi bilanoq marg‘ilonliklar qo‘zg‘olon ko‘tardilar.

Abdurahmon oftobachi Po‘latxonning «xon»ligini tan olib, u bilan yarashdi va o‘z tarafdorlari bilan qo‘zg‘olonchilarga qo‘shildi.

General M. D. Skobelevning so‘ziga qaraganda, shu vaqtda ikki kuch birlashib, ruslar «bosib olgan xonlik yerlarini» qaytarib olmoqchi bo‘lishadi. Bundan yaqqol ko‘rinib turibdiki, qo‘zg‘olonning yangi bosqichi milliy ozodlik xarakteriga ega bo‘lib, u mo‘stamlakachilarga qarshi» urush edi, deb aytishadi va uni «reaktsion» deb baholashadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Chunki chor Rossiyasi amaldorlariyu general Trotskiy ham xuddi shunday fikrni ilgari surgan edilar.

Arxiv ma’lumotlarga qaraganda, Po‘latxon bilan Abdurahmon oftobachi birlashgandan so‘ng, andijonliklar Nasriddinxonga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradilar. O‘sha paytda Aidijon shahrida rus vakillaridan A. L. Kun va Petrovskiy bor edilar. Shuning uchun general Trotskiy: «Qo‘zg‘olon rus vakillariga qarshi ko‘tarildi», degan bahonada Andijonga hujum qilmoqchi bo‘ladi. Aslida esa, A. L. Kunning guvohlik berishicha, «Bu g‘alayonning, mening komil ishonchimga ko‘ra, bizga dahldorligi va hech qanday aloqasi yo‘q edi» (A. L. Kun. Ocherk Kokandskogo xanstva, otdelniy ottisk iz Izvestiy IRGO, SPB., 1876, t. XIS s. 3).

Andijon shahrida o‘zbek, qirg‘iz va qipchoqlar yig‘ilishib, «shaharni oxirgi kuchimiz qolguncha himoya qilamiz», deb qasamyod qilishadi.

Marg‘ilon shahrining aholisi iltimosiga binoan, Po‘latxon 1000 otliq askarni Marg‘ilon shahriga jo‘natadi. Marg‘ilon to‘rasi esa ularga o‘zining 2000 otliq yigitlarini qo‘shib, Sulton Murodbek qo‘shiniga qarshi yuboradi. Ikki qo‘shin o‘rtasida jang bo‘ladi. Qo‘zg‘olonchilarning omadi kelmaydi. Lekin 2—3 kundan keyin Sulton Murodbek qochishga majbur bo‘ladi, qo‘shini esa tarqalib ketadi, bir qismi esa Po‘latxon tarafiga o‘tadi.

1 oktyabr kuni (1875 yili) ertalab soat 8 da general-mayor Trotskiy Andijon shahrini zabt etadi. Jangda rus askarlaridan 2821 kishi qatnashadi (Toshkentni bosib olishda 1952 kishi qatnashgan edi). Hujum payti rus qo‘shinlaridan 7 kishi halok bo‘ladi, 59 kishi esa yaralanadi.

Rus qo‘shinlari kunduzi soat 2 da shahardan qaytib chiqishadi.

Qo‘qon shahrida ham qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rilmoqda edi. Bundan xabar topgan K. P. Kaufman 2 oktyabrda (1875 yili) Nasriddinxonga xat yozadi. Qo‘zg‘olon boshliqlaridan savdogar  Mirolim, xazinachi Mirzaolim shig‘ovul, Mullo Abdullo Karim va Mahmudxon udaychini hibsga olib, lozim topilsa, «ularni qatl etishga buyruq» berish taklif etiladi. Nasriddinxon Mirolim va Mullo Abdullo Karim shig‘ovulni hibsga oladi. Mahmudxon to‘rani esa akasi Muhammad Saidxon bilan birga K. P. Kaufman ixtiyoriga jo‘natadi va general-gubernatorga: «Xohlasangiz Sibirga jo‘nating, istasangiz qatl eting», deb xat yozadi (SGA UzSSR, f. I-715, op. 1, yed. xr, 64, ll. 58—73). Bundan Qo‘qon aholisi norozi bo‘ladi.

9 oktyabr (1875 yil) kuni zrtalab Qo‘qon shahrida qo‘zg‘olon boshlanadi. Qo‘zg‘olonchilar xon o‘rdasiga hujum qilishadi. Bu hujum 3 soat davom etadi. Nasriddinxon o‘rdadan qochib ketishga majbur bo‘ladi. Qo‘zg‘olonda shahar atrofidagi qishloq aholisi ham faol ishtirok etadi. Jangda Otabek noib halok bo‘ladi. Sulton Murodbek asirga olinadi, Mirza Hakim parvonachining uyi talon-taroj qilinadi va yondirib tashlanadi.

Shunday qilib, Po‘latxon Qo‘qon xonligiga yagona hokim bo‘lib qoladi. U iloji boricha Qo‘qon xonligi va Turkiston general-gubernatorligi o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishga intiladi, Ammo K. P. Kaufman buni xohlamas edi. Bunga 1875 yil 19 avgustda sodir bo‘lgan voqea yaqqol misol bo‘la oladi.

Turkiston general-gubernatorligiga qarashli qirg‘izlar 19 avgustda Qo‘qon xonligiga tobe yaylovdagi qirg‘iz-qipchoqlarga hujum qilib, ularning tuya va otlarini, 28 o‘tovini olib ketishadi. Qirg‘iz-qipchoqlar Po‘latxondan madad so‘rab murojaat qilishadi. Po‘latxon volost boshliqlari bo‘lmish Karimbek, Dehqonboy, Ahmadbek, Sodiqboy, Karim Mirzo, To‘tibekboy va Nanaylarga xat yozib, o‘g‘irlangan narsa va buyumlarni, tuya va otlarni topib egalariga qaytarishni so‘raydi. «Bunday ahmoqona ishlar ikki davlat o‘rtasida nizo chiqarishi mumkin», deb yozadi. Xat nusxasini Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufmanga ko‘rsatishadi. U: «Oqibatsiz qoldirilsin», deb o‘z qo‘li bilan rezolyutsiya qo‘yadi. (SGVIA SSSR, f. 1393, op. 1, yed. 85, l. 616).

Po‘latxon obro‘si kundan-kun osha boradi. Hattoki Turkiston general-gubernatorligi volostlarida ham qo‘zg‘olonchilar tarafdori ko‘payadi. Ayrim joylarda qurolli chiqishlar bo‘lib, Po‘latxon tomoniga o‘tadilar. Bunga mastchohliklar yaqqol misol bo‘la oladi.

Ayrim tarixchi olimlar Mastchohdagi qo‘zg‘olonni Po‘latxon qo‘zg‘oloniga hech qanday aloqasi yo‘q, u reaktsion xarakterda edi, deb aytishadi. Bu noto‘g‘ri va xato fikrdir.

8 noyabr (1875 yili) kuni mastchohliklar Qo‘qon xonligidagi qo‘zg‘olonga qo‘shilishga qaror qildilar. Ular volost boshqaruvchisi Mirzo Hakimni asirga olib, Qo‘qonga jo‘natishadi va Pildiroq qishloq qozisi Mullo Xo‘jani ham hibsga olishadi. Mastchohliklar Qalandar Miroxunni o‘zlariga boshliq qilib saylaydilar va Po‘latxon nomi bilan Fan, Yag‘nob, Falg‘ar, Qo‘shtut, Mog‘iyonda qo‘zg‘olon ko‘tarishni topshirishadi. Dastlab Mamtich, Vishob, Shabotkibolo, Shabotkipoyon, Darxo‘tchog‘ar va Patut qishloqlari aholisi qo‘zg‘olonga qo‘shilib, pul va oziq-ovqat yuborishadi. Qalandarning obro‘si ayniqsa 12 noyabrdan keyin ko‘tarilib ketadi. Shu kuni Po‘latxon unga to‘qsoba unvoni berganligi haqida yorliq hamda 1200 so‘m pul, 200 ta chopon, 6 ta ot yuborgan edi.

Zarafshon okrugida A. Abramovning buyrug‘iga binoan shtabs-kapitan Arandarenko boshliq jazo otryadi tuzilib, Mastchoh qo‘zg‘olonini bostirishga jo‘natiladi. Ular qarshilik ko‘rsatgan qishloqlarni yer bylan yakson qiliiiadi, aholisini esa yoshu qarini demay ayamasdan o‘ldiradilar.

Masalan, 18 noyabr (1875 yili) kuni ertalab soat 7 da Pichugin boshchiligidagi jazo otryadi Ashaba qishlog‘iga hujum qiladi. Arxiv materiallariga qaraganda, Ashaba aholisi qattiq qarshilik ko‘rsatadi, ular kechirim ham so‘rashmasdan qo‘llarida qurol bilan halok bo‘ladilar, ayollari esa pichoq bilan rus soldatlariga tashlanadilar, ularga tosh otadilar. Aholi yoppasiga, shu jumladan, go‘dak va qariyalar ham o‘ldiriladi, qishloq yoqib tashlanadi (SGA UzSSR, f. I-715, op. 1, yed. xr. 66, l. 201).

19 noyabrda polkovnik Pichugin Asht orqali Oqjarga qaytadi. Mastchohdagi qo‘zg‘olon yana bir necha oy davom etadi, qattiq janglar bo‘lib turadi. 1876 yil 19 dan 20 yanvarga o‘tar kechasi Mastchoh qo‘zg‘olonchilarining boshlig‘i Qalandarbek Madrushka qishlog‘ida asirga olinadiyu tinchlik o‘rnatiladi.

Qo‘qon xonligida esa kurash davom etmoqda edi.

20 noyabrda (1875 yili) Po‘latxon dushmanga qarshi 400 kishini Oqjarga yuboradi, 21 noyabrda esa Mullo Qo‘shay shtabs-kapitan Ionov va unter ofitser Danilovni asirga oladi.

General Skobelev esa 30 noyabrda Go‘rtepa qishlog‘iga hujum qilib, 1500 ga yaqin qo‘zg‘olonchini qochishga majbur etadi, qishloq yoqib tashlanadi.

2 dekabrda Botir to‘raning otliq qo‘shini tor-mor etiladi. Umuman olganda, noyabr-dekabr oylari Pichugin va Meller-Zakomelskiy boshliq jazo otryadlari Namangan va Xo‘jand o‘rtasidagi yerlarni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lishadi va ikki shahar o‘rtasida muntazam pochta aloqasi o‘rnatiladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Po‘latxon 14 dekabr kuni (1875 yili) Qo‘qon shahriga keladi. Mezang qishlog‘idan xon o‘rdasigacha bo‘lgan yo‘lga gilamlar to‘shalib uni kutib olishadi. 31 yoshli sarkardani xalq olqishlaydi.

General Golovachyov To‘raqo‘rg‘onni shafqatsizlarcha bosib olgani haqida «Tarixi Farg‘ona» nomli qo‘lyozmada ma’lumotlar berilgan. Bu qo‘lyozmaning muallifi o‘shanda 15 yoshda bo‘lib, qonli voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. (O‘z. FA Sharqshunoslik instituti, qo‘lyozma, inv. № 10117, b. 74—75.)

General M. D. Skobelev tashabbusi bilan qo‘zg‘olonchi qipchoqlarga qarshi qishki «Ikki suv orasi operatsiyasi» ishlab chiqiladi. «Ikki suv orasi operatsiyasi» asosan qipchoqlarga qarshi qaratilgan bo‘lib, yana bir marta Andijonga hujum qilib, ularning asosiy kuchlarini tor-mor etish ko‘zlangan edi.

General M. D. Skobelev yo‘lida uchratgan barcha qishloqlarni vayronaga aylantirib, 8 yanvar kuni (1876 yili) Andijon ostonalariga yetadi. Qattiq va shiddatli jangda andijonliklar 20 ming odam yo‘qotib mag‘lubiyatga uchraydi. M. D. Skobelev Asaka va Marg‘ilongacha hujumni davom ettirishga ruxsat oladi. 13—18 yanvarda ayrim to‘qnashuvlar bo‘ladi. Ayniqsa, Abdurahmon oftobachi qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda katta talafot ko‘riladi. 19 yanvarda rus qo‘shinlari Andijonga qaytadi.

Po‘latxon qo‘shinlari Marg‘ilonda turgan edi, ammo hech qanday jangda qatnashmaydi. Rus qo‘shinlari ham u bilan jangga kirishmadi.

19 yanvarda (1876 yili) Rossiya harbiy ministri D. Milyutin general-ad’yutant K. P. Kaufman nomiga o‘ta maxfiy telegramma jo‘natadi. Unda Qo‘qon xonligi taqdiri asosan hal qilingan edi. Jumladan, uni bosib olib, Rossiyaga qo‘shishga imperator ruxsat berganligi haqida aytilgan edi. Bundan ilhomlangan Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman barcha kuch-g‘ayratini Qo‘qon xonligini bosib olishga sarflaydi. Ammo telegramma mazmunini hammadan, hattoki o‘z o‘rnida vaqtincha Turkiston general-gubernatori bo‘lib qolgan general Kolpakovskiydan ham sir saqlaydi. K. P. Kaufman esa Sankt-Peterburgga — Rossiya podshosining tug‘ilgan kunini nishonlashga ketgan edi. Uning maqsadi — Qo‘qon xonligini podshoning tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilmoq edi. Shunday ham bo‘lib chiqdi.

20 yanvarda esa Abdurahmon oftobachi o‘z elchilarini jo‘natadi, o‘zi 24 yanvarda safdoshlari bilan rus qo‘mondoniga taslim bo‘ladi. O‘z qaramog‘idagi qo‘shinni esa tarqatib yuboradi. Bu hol qo‘zg‘olon tanazzulga yuz tutganini bildirardi.

Po‘latxon bundan xabardor bo‘lib, nihoyatda g‘azablanadi va Abdurahmon oftobachining yaqin qarindoshlarini qatl etadi.

Rus qo‘mondoni Po‘latxon Uchqo‘rg‘onda ekanligini biladi, tezda u yerga kapitan Kuropatkin otryadi yuboriladi. Ular kechqurun soat 10 da manzilga yetib borishadi: qorong‘ilikdan foydalanib, to‘satdan hujum qiladilar va qo‘zg‘olonchilarni tor-mor etadilar.

Oyog‘i singan Po‘latxon 10 kishi bilan qochishga muvaffaq bo‘ladi.

29 yanvar kuni (1876 yili) rus qo‘shini Uchqo‘rg‘ondan Andijonga qaytadi.

2 fevralda (1876 yili) K. P. Kaufman Toshkentga telegramma jo‘natadi va Qo‘qon xonligini bosib olish hamda markazi Farg‘ona bo‘lgan oblast tashkil etish haqida ko‘rsatma beradi. O‘sha kunlari qo‘qonliklar Nasriddinbekni yana xon qilib taxtga o‘tqazadilar. Telegrammadan xabarsiz general M. D. Skobelev yangi xonni tabriklaydi. Bu hol yangi xonni tan oldi degan gap edi. General Kolpakovskiy sarosimaga tushib qolib, K. P. Kaufmanga telegramma jo‘natadi, Nasriddinbek xon bo‘lganligi haqida xabar beradi. 4 fevralda K. P. Kaufman qaytadan telegramma jo‘natib, buyruqni bajarishni talab qiladi, buyruqning nusxasini M. D. Skobelevga ham yuboradi. Natijada rus qo‘shinlari Qo‘qon xonligiga hujum qiladi. 7 fevralda (1876 yili) Yakkamulla qishlog‘ida Nasriddinga bu haqda aytishadi. U esa dushmanga hech qanday qarshilik ko‘rsatmaydi.

8 fevral kuni (1876 yili) rus qo‘shini Qo‘qon shahriga kiradi, 9 fevral kuni esa Botirto‘ra va Abdumo‘minlar hibsga olinadi. 19 fevralga o‘tar kechasi Po‘latxon qirg‘izlar tomonidan asirga olinib, rus qo‘mondoniga topshiriladi.

19 fevralda (1886 yili) harbiy ministr D. Milyutin Qo‘qon xonligi Rossiyaga qo‘shib olinib, o‘rnida Farg‘ona oblasti tuzilganligi haqida rasman e’lon qiladi.

1 mart kuni (1876 yilda) esa Marg‘ilon shahrida 33 yoshli xalq ozodlik qo‘zg‘olonining namoyandasi Mullo Ishoq Hasan o‘g‘li (Po‘latxon) dorga osib o‘ldiriladi.

Po‘latxon qatl ztilgandan keyin qo‘zg‘olon tarqoq holda bo‘lsa-da davom etaverdi. Qo‘zg‘olonchilardan ma’lum qismi (nisbatan kamchilik bo‘lsa ham «Oloy malikasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan qirg‘iz ayoli — Qurbonjon dodxo va uning to‘rt o‘g‘li boshchiligida mustamlakachilarga qarshi to 1876 yilning oxirigacha kurashdilar. Noyabr oyining oxirida general M. D. Skobelev Qurbonjon dodxo bilan shaxsan uchrashadi va bu ayolning talablariga rozi bo‘lgandan keyingina Qurbonjon dodxo kurashni to‘xtatadi. K. P. Kaufman yanvarda (1877 yili) Sankt-Peterburgga Farg‘ona oblastida tinchlik o‘rnatilganligi haqida telegramma jo‘natadi.

Umuman olganda, Po‘latxon qo‘zg‘oloni progressiv xarakterga ega milliy ozodlik harakati bo‘lib, uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi mehnatkash omma edi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 11-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.