background
logotype

Ikrom Rasulov. Qayta qurish va muallim (1988)

http://ziyouz.uz/images/maktab_uquvchilari.jpg

O‘qituvchiga bo‘lgan munosabatni hech paysalga solmay va ikkilanmay, qat’iy ravishda tubdan o‘zgartirmoq kerak. U ikir-chikir vasiyliklardan xalos etilsin, ularning izlanishlari va yangi topgan usullariga shubha-gumon bilan qarashga chek qo‘yilsin. Muallimlik mehnatiga to‘g‘ri kelmaydigan vazifalardan ozod qilinsin, uning vaqti va kuchi asosiy ish uchun imkoni boricha bo‘shatib berilsin. Pedagogikadagi novatorlik yo‘llarida qo‘yilgan hamma to‘siq va to‘g‘anoqlar olib tashlansin, o‘qituvchining ijodiy mehnati uchun munosib moddiy sharoitlar yaratib berilsin.

M. S. GORBACHEV

Ilgari o‘qituvchining hurmati baland edi. Hamma o‘qituvchining kiyinishiga, ma’lumotiga havas qilardi. Keksa, veteran pedagoglarning aytishlaricha, kolxoz raislari, raykom sekretarlari muallimni ko‘rganda otdan tushib, so‘rashib o‘tishar ekan. Hozir esa qishloqda ham, shaharda ham ziyolilar istagancha topiladi, shuning uchun o‘qituvchini hurmatini joyiga qo‘yishga uncha zarurat qolmadi shekilli, deyishadi ba’zan. Yo‘q! Gap boshqa yoqda. Nazarimda biz biroz ma’naviy qashshoqlashib qoldik.

Aytaylik, siz 4-sinf o‘quvchilariga adabiyotdan dars berayapsiz. Ona-Vatanga hurmat, vijdon, burch, or-nomus, halollik, to‘g‘risida tushuncha bera boshlaysiz. Musaffo qalbli bola sizning ko‘zingizga tik boqib, so‘zlaringizga mahliyo bo‘ladi. Ezgulik tushunchalari yosh qalbda mustahkam o‘rnashib boradi. Ammo yillar o‘tib, bola yuqori sinfga ko‘tarila borgani sayin siz — muallim ishonchni yo‘qotasiz. Yillab sarflagan mehnatingiz sarobga aylana boradi. Kimdir broyler fabrikasida, kimdir kolxoz omborida, yana birov savdoda ishlaydi, tovuq o‘g‘irlaydi, don o‘g‘irlaydi yoki mehnatkash haqiga xiyonat qiladi. Qilinayotgan bu o‘g‘irliklar, mehnatsiz daromadlar bolaning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi. Hatto ayrim oila a’zolari o‘rtasida yulg‘ichlik fazilat qilib ko‘rsatiladi. O‘g‘rilarni to‘rga chiqarishadi. Uning «toparmon-tutarmon»ligi uchun maqtashadi. Shundan keyin bola o‘qituvchisiga ishonsinmi yoki ota-onasiga?!

Har qalay bola diyonatsiz bo‘lib ketmaydi, unga berilayotgan ta’lim ozmi-ko‘pmi o‘z kuchini ko‘rsatadi. Hech bo‘lmaganda ota-onasining qilayotgan ishi noto‘g‘riligini, uydagi noxush holatni ko‘chaga olib chiqish nomus ekanligini bilib oladi.

Ustiga ustak, oilada «o‘zingni bil, o‘zgani qo‘y» qabilida tarbiya berishga harakat qilinadi. Biz hamma ota-onalarni diyonatsizga chiqarib qo‘ymoqchi emasmiz. Ammo mehnatsiz daromadga o‘rgangan oilalar tarbiyaviy ishimizga putur yetkazayotganligi haqiqat.

Biz pedagoglar chiqarilayotgan qarorlardan va uning ijrosi izchil nazorat qilinayotganidan g‘oyat xursandmiz. Necha yillar vijdonimiz qiynaldi, asablar qaqshadi, ko‘nikib ham qolayozgandik, ko‘plarimizning missiyamiz o‘zgargandi ham. Ammo qayta qurish kelajakka ishonchimizni, kasbga muhabbatimizni tikladi. Hayotda katta xatoliklar yuz bersa ham deyarli ko‘pchilik o‘qituvchilar halol yashadi, bolaga to‘g‘ri tarbiya berishda davom etdi.

Hozirgi o‘qituvchilarni to‘la ma’noda ma’rifatchi deb atay olmaslikning sababi juda ko‘p, menimcha.

Avvalo, bu tanish-bilishchilik va kadrlarning nihoyatda bo‘sh tayyorlanishi bilan izohlanadi. Keyingi o‘n-o‘n besh yillar davomida faqat maorifdagina emas, boshqa sohada ham o‘z mutaxassisligini chala-chulpa egallagan kadrlar nihoyatda ko‘paydi.

Birinchi sentyabr kuni dars boshlandi deylik. Ertasigayoq paxtaga chiqish haqida xabar keladi. Besh-o‘n kun bola 6 soatdan dars tinglaydi va darsdan so‘ng paxtaga chiqa boshlaydi. So‘ng, darslarni qisqartirmasak bo‘lmaydi, deb 7-10 sinf o‘qituvchilari yig‘ilishi o‘tkaziladi, 45 minutlik dars 30 minutlikka tushadi. Oradan 2-3 kun o‘tgandan keyin bo‘lsa yana yangi gap chiqadi: asosiy darslar o‘tilsa bo‘ldi, hamma dalaga chiqishi kerak. Dalada 8-9 soat ishlagan bola endi mutlaqo dars tayyorlay olmaydi. Ko‘p bolalar darsda mudrab o‘tiradi. Paxtaga chiqib ketgan o‘qituvchilarning bir qismining quyi sinflarda darslari bo‘ladi-ku, dersiz. Nima bo‘lardi, quyi sinflardagi darslar o‘z-o‘zidan qolib ketaveradi. Ana shunday qilib uyog‘ini o‘zingiz tushunasiz. O‘quvchilarning asosiy o‘qish davri uch oyga — yanvar, fevral, mart oylariga to‘g‘ri keladi. Aprel, mayga kelib yana dala yumushlari boshlanib ketadi.

Xuddi mana shu ahvol uzoq yillar hukm surib keldi. O‘quvchilarning bilimsiz, ma’naviy qashshoq bo‘lib qolishlarining eng asosiy sabablaridan biri shunda emasmi, axir?..

Ahvol shu tarzda bo‘lgandan keyin qanday qilib hozirgi o‘qituvchilarni tom ma’nodagi ma’rifatchi deb atay olamiz? O‘qituvchilar ma’rifatchi emas, bolalarga turli yumushlarni bajartiradigan brigadir yordamchilariga aylanib qolishgan edilar-ku...

QOG‘OZBOZLIK KASALINI KIM DAVOLAYDI?

Ochig‘ini aytganda, keyingi yillarda ko‘p hamkasabalarimiz o‘z mahoratlarini oshirishga yuzaki qaraydigan bo‘lib qoldilar. Buning sabablari oddiy. O‘qituvchi faoliyatini baholashda ham rasmiyatchilik avj oldi. O‘qituvchining ishi uning texnik mehnatlariga qarab o‘lchandi. Kabinetini kelinchak uyidek bezatgani, xo‘jalik, dala ishlarini yaxshi tashkil etgani, maktab rahbarlarining chizgan chizig‘idan chiqmagani, hujjat va yozuv-chizuv ishlarini do‘ndirganiga qarab baholandi.

Holbuki, o‘qituvchi o‘z mahoratini qanday oshiryapti, o‘quvchilarga qay yo‘sinda g‘oyaviy-siyosiy tarbiya beryapti, bolalarning grajdanlik tuyg‘ularini qanday kamol toptiryapti, bolaning kelajakda kim bo‘lishi haqida qanchalik qayg‘uryapti — bu bilan hech kimning ishi yo‘q edi. Bundan ikki yil oldin SSSR Maorif ministrligining «Maktab va o‘qituvchi faoliyatini baholash to‘g‘risida»gi Nizomi e’lon qilindi. Shunga qaramay ko‘p joylarda ish hamon eskicha yuritilayapti.

Men Uychi rayonidagi 22-maktabda adabiyotdan dars beraman. 1986-87 o‘quv yilida maktabimiz oblONO tomonidan kompleks tekshirilishi kerak edi. Shunga ko‘ra, rayONOning o‘nlab inspektorlari maktabda bir haftadan ortiqroq bo‘lib o‘qituvchilarga amaliy yordam berishdi. Ayrim kabinetlar qaytadan jihozlandi, zallar bezatildi, tashqi ko‘rinishni yaxshilashga alohida e’tibor berildi. Bu ishlar o‘qituvchilarni dars o‘tishdan qoldirish hisobiga bo‘lsa-da bajarildi.

Dars sifati va samaradorligi, o‘quvchilarni tarbiyalash borasidagi ishlar, o‘qituvchining sinfdan tashqari faoliyati, pedagogik mahorat masalalariga hech kim e’tibor bermadi.

Hayron qolasan kishi: axir maorifda dabdababozlik, qog‘ozbozlik, rasmiyatchilik — o‘qituvchini haqiqiy ishdan chalg‘itadigan narsalar qachongacha «ilg‘or metod» hisoblanarkin?!

Men bu haqda maorifdagi o‘rtoqlarga bir necha bor aytib ko‘rdim. O‘qituvchi asosiy siymo, u asosiy figura sifatida qanday faoliyat ko‘rsatyapti, masalani mana shu tomoniga ko‘proq e’tibor berish kerakligini ta’kidladim. Ammo maorif mudiri «O‘qituvchi siymo, figura nima degani, birinchi navbatda kabinetni jihozlash kerak», dedi.

Mudirning shu qadar sayoz fikrlagani kishini taajjubga soladi. Kabinet degani 4—5 yozuvchi portretini ilib qo‘yish emas-ku?! Unda o‘qituvchining yillab to‘plagan ish tajribasi tomchida quyosh aks etgandek ko‘rinishi kerak-ku. Tekshirish davomida oblONO ish uslubining qashshoqligi, oblONO inspektorlari maktab va o‘qituvchi faoliyatini chuqur tahlil qila olmagani sezilib turdi. Ochig‘ini aytganda, hali maorif organlaridagi kadrlar qayta qurish talabi darajasida emas. Ular puxta ish uslubini egallab olmaganlar.

IZLANISHNI KIM TAQDIRLAYDI?

Men 2—3 yil mobaynida qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston respublikalarida bo‘ldim, muallimlar, maorifga aloqador kishilar bilan suhbatlashdim. Suhbat jarayonida bizning respublikamiz maorif ishida qo‘shni respublikalardan ayrim jihatlardan orqada ekanligini yaqqol ko‘rdim. Shundan keyin maorif ishidagi muammolar to‘g‘risida fikrlashish uchun O‘zbekiston SSR Maorif ministri O. Abbosova huzuriga kirdim. Ministr betob ekan. Maqsadimni ministr qabulxonasida qog‘ozga tushira boshladim. Meni kuzatib turgan mas’ul xodimlardan biri (ayol kishi): «Ha, bu yerda bemalol o‘tirib olib insho yozyapsizmi? OblONO mudirlari bu tabarruk dargohga xijolat bilan qadam bosadi-yu, oddiy bir o‘qituvchi o‘z uyingizday bu yerda o‘tirishingizni qarang!» deya menga dashnom berdi.

— Nima bu yerda o‘tirish uchun kamida oblONO mudiri bo‘lishim kerakmidi? — dedim.

Ministrlikdagi mas’ul xodimlarning fikrlashi shu xilda bo‘lgandan keyin biz qayta qurishni qanday qilib amalga oshirishimiz kerak.

Maorif ministri mening xatim bilan tanishibdi. Lekin qizig‘i shundaki, men uning fikrini bila olmadim.

O‘QITUVCHINING OBRO‘SI O‘Z QO‘LIDA

Men bunga aminman. Respublikamizda zukko, davr talabini to‘g‘ri tushunib, uni amaliyotda qo‘llayotgan o‘qituvchilar anchagina topiladi. Ammo o‘z kasbini faqat tirikchilik manbai deb qaraydigan, kasb mahoratini oshirmaydigan chalasavod o‘qituvchilar (aslida, ularni o‘qituvchi deb atashga tiling bormaydi) ham oz emas. O‘qituvchining obro‘sini to‘kayotganlar asosan ana shular. Men maktab islohoti haqidagi qaror chiqqandan so‘ng ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida oblastimizdagi oltmishdan ziyod maktablarda bo‘ldim. Yuz soatdan ortiq dars tahlil qildim. Uch yuzdan ortiq til va adabiyot muallimlarining davra suhbatlarini uyushtirdim, yuqori sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashdim, boshlang‘ich ta’lim ishi bilan tanishdim. Shuni afsus bilan aytish kerakki, ko‘p o‘qituvchilar izlanmaydilar, dars o‘tish metodlari qashshoq, qolaversa, ularning o‘quvchilari ham o‘ta passiv, mustaqil fikrlay olmaydilar. Buning isboti uchun muloqotlarimdan ayrimlarini aytib o‘tmoqchiman.

Uchqo‘rg‘on rayonining Yangiobod kolxozidagi 22-o‘rta maktabda Ortig‘ali O‘tanov 5—10-sinflarga adabiyotdan dars beradi. Namangan Davlat pedagotika instigutini bitirgan, 42 yoshda, ayni qirchillagan, oqu qorani tanigan payti.

— Yuring, ichkariga kiraylik, — taklif qildi Ortig‘ali. — Mana, adabiyot kabinetimiz, yaqinda adabiyot o‘qituvchilarining rayon seminarini o‘tkazdik.

— Yaxshi, mahoratlaringni o‘rtoqlashibsizlar-da. Adabiyot o‘qitish mavzuida suhbatlashsak rozimisiz? — so‘radim.

— Bemalol, — dedi O. O‘tanov.

— Matbuot bilan munosabatingiz qanday? Gazetalarga xat-xabarlar yo‘llab turasizmi?

— Yozay-yozay deyman-u, tag‘in xato yozib qo‘ysam, gap-so‘zga qolmay deb...

— «Namangan haqiqati» gazetasida berilgan «Saviya ham shunday bo‘ladimi?» maqolasini ko‘rdingizmi?

— Yo‘g‘-a, ko‘zim tushmabdi, — xomush javob berdi u.

— «Literaturnaya gazeta»ga obuna bo‘lganmisiz?

— Yo‘q. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»ga obuna bo‘lib, hamma sonlarini yig‘ib qo‘yganman...

Mana, boshqa bir maktabda o‘zim guvohi bo‘lgan jonli misol. O‘qituvchi «Jontemir» poemasini tahlil qilyapti. Bolalar o‘qituvchining zerikarli va hissiz bayonidan loqayd o‘tirdilar. So‘ng poemani o‘quvchilarga navbatma-navbat o‘qitildi. Bolalar ham o‘z navbatida ustozlari singari she’r tekstini buzib o‘qiy boshladilar.

— O‘zingiz kichikroq bir she’rni yoddan o‘qib bersangiz, — iltimos qilamiz domladan.

— Endi shu masalada oqsoqroqmiz, — deydi u.

— «O‘tgan kunlar»ni o‘qiganmisiz?

— Ancha ilgari bir o‘qiganmiz.

— «Rus xarakteri»ni-chi?

— Yo‘q, o‘shani ko‘rmagan ekanmiz.

— «Bo‘tako‘z», «Birinchi muallim»ni-chi?

— Yo‘q, — deydi u endi astoydil xijolatga tushib.

— Bu asarlarni bilmay turib, bolalarni adabiyot olamiga olib kirib bo‘lmaydi-ku!

— Endi o‘qib olamiz.

Mana, o‘ttiz yillik pedagog stajiga ega bo‘lgan muallim bilan muloqot. Shunday bo‘lgandan keyin qanday qilib, bolalarning bilimi puxta bo‘lsin! Shunday o‘rinli savol tug‘iladi, ahvol shu darajaga borib qolgan ekan rayONO va oblONO, qolaversa, Maorif ministrligi e’tiborni nimaga qaratyapti ekan? Maktabning shu ahvolga tushib, umuman o‘qituvchilarning ma’naviy qashshoq bo‘lib qolishida maorif organlaridagi mas’ul o‘rtoqlarning ham hissasi borligi, ta’lim-tarbiya ishi ustidan nazorat nihoyat darajada bo‘shashtirib yuborilgani sabab emasmi?

OLIMLAR MAKTAB HAYOTINI BILADILARMI?

Umuman bugungi kunda olimlar va maktablar hamkorligiini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozimga o‘xshaydi. Shu o‘rinda men o‘z hayotimda kechgan bir-ikki voqeani aytib o‘tmoqchiman.

1968 yilning kuzi edi. Pochtalon qo‘limga xat tutqazdi. Ochib o‘qisam meni Andijonga — konsultatsiya punktiga chaqirishibdi. O‘sha paytlari ToshDUning sirtqi bo‘limida filologiya fakultetining to‘rtinchi kursida o‘qir edim. Shu bilan birga Uychi rayonidagi Narimonov nomli 14-o‘rta maktabda (hozirgi Furqat nomli 28-o‘rta maktab) o‘zbek tili va adabiyotidan dars berar edim. Andijonga bordim. U yerda o‘qituvchilarim filologiya fanlari kandidatlari S. Fuzailov va A. Hojiahmedov bilan uchrashdim.

— Shogirdimizning darsini kuzatgani Namanganga bormaymizmi? — dedi Anvar aka hamrohiga.

— Juda soz, — dedilar S. Fuzailov.

— Borsangiz boshim osmonga yetadi, — dedim xursand bo‘lib. Jurnalistika fakultetining domlasi V. Abdullaev ular bilan birga ekan, to‘rtovlon yo‘lga tushdik. Ularga qo‘shilib boshqa domlalar ham — 10 chog‘li kishi darsga kirishdi. Unda men bor mahoratimni ishga solishga harakat qilgan bo‘lsam-da, tajribasizligim sezilib turardi. Masalan, men bolalarga nazariy jihatdan ko‘proq ma’lumot berib, praktik mashg‘ulotlarni kamroq uyushtirar ekanman. Uch olim uch tomonda turib darsni halol, juda odil baholashdi, darsning yutuq va kamchiliklarini ilmiy asosda chuqur tahlil qilishdi. Ular faqat darsni kuzatibgina qolmay, pedagogik faoliyatim bilan ham atroflicha tanishishdi, kelajak rejalarim qay tarzda bo‘lishi kerakligi haqida maslahatlar berishdi.

Olimlarning o‘sha tashrifi menga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatganini hali-hali minnatdorchilik bilan eslayman. Mana, o‘shanga ham 20 yil bo‘lyapti.

1986 yilda O‘zSSR Maorif ministrligi, respublika malaka oshirish instituti, Uychi rayon xalq maorif bo‘limi va shu rayondagi A. V. Suvorov nomli 22-o‘rta maktab til va adabiyot o‘qituvchilari hamkorligida adabiyot o‘qituvchilarining ilmiy-amaliy seminarlarini uyushtirdik. Shu munosabat bilan universitet olimlari ikkinchi marotaba rayonimizga tashrif buyurdi.

Ba’zan xayolga tolaman. Hozirgi kunlarda nega olimlar o‘z talabalari taqdiri bilan durustroq qiziqmaydilar. Ular maktablarga tez-tez chiqib turishsa, matbuotda ijobiy yoki tanqidiy chiqishlari bilan qatnashsa foydadan xoli bo‘lmasdi-ku. Adabiyot muallimlarining darslarini nafaqat olimlar, yozuvchilar, jurnalistlar, munaqqidlar ham vaqti-vaqti bilan kuzatib borishsa yaxshi bo‘lardi.

Oldingi yili Yangiqo‘rg‘on rayonida oblast xalq maorifi bo‘limi, oblast malaka oshirish instituti va Namangan Davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan oblast adabiyot o‘qituvchilarining ilmiy-amaliy konferentsiyasi bo‘ldi. Umuman olganda konferentsiya pedagogik jarayonni tahlil qilish nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Biroq konferentsiya ishi adabiyot o‘qituvchilarining dolzarb vazifalarini belgilab bera olmadi. Shu konferentsiyada pedagogika institutidan vakil bo‘lib qatnashgan O‘zSSRda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, adabiyot kafedrasi muallimi, dotsent T. G‘oziboevga shunday savol bilan murojaat etdik:

— Namangan Davlat pedagogika instituti adabiyot kafedrasi olimlari bu dargohni bitirib ketgan talabalari taqdiri bilan qiziqadimi? Olimlar va maktablar hamkorligi masalasiga kafedra qanday qaraydi?

— Biz bu ishni bundan ikki-uch yil ilgari boshlaganmiz, — dedi u, — o‘tgan yili Norin rayonidagi 34-maktabda bo‘lgan edik, Ammo bu yil hozircha hech qaerga chiqa olganimiz yo‘q.

Avvalo institutning bu tashabbusini ma’qullash kerak. Ammo javobdan qoniqmadik. Sababi, adabiyot kafedrasida kamida 10-15 muallim ishlasa kerak. Ular bir yilda birgina maktabda emas, grafik asosida ko‘proq maktablarda bo‘lishni planlashtirsalar yaxshi emasmi?

Namangan oblastida 509 ta maktab bor. Har yili faqat birgina maktab o‘rganilsa biz islohotni qachon durustroq yo‘lga qo‘yamiz. Aslida oliy ta’lim ministrligi olimlar va maktablar hamkorligi masalasini o‘ylab ko‘rsa maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

NEGA SAVODXONLIK DARAJASI PAST?

Hozir Namangan oblastida bolalarning savodxonligi eng tashvishli masalalardan biri bo‘lib turibdi. Buning sababi keyingi o‘n yillar mobaynida oblast maorifi tashqi bezakka, qog‘ozbozlikka zeb berib, maktabning ichki ahvolini yetarli tahlil qilmaganligi bilan izohlanadi. Juda ko‘p maktablarda o‘quvchilarning savodxonligi nihoyatda past, 7—8-sinflarda o‘qiyotgan o‘quvchilar orasida hatto harf tanimaydiganlari ham uchraydi. Bu gapga ishonish qiyin, ammo fakt!

Bu narsa na rayONO, na oblONO rahbarlarini tashvishga solyapti.

Namangan oblastida savodxonlikni yoppasiga ko‘tarish uchun barcha o‘qituvchilar baravariga harakat qilishmas ekanlar, buni faqat til va adabiyot muallimlarining o‘z kuch-g‘ayratlari bilan amalga oshirib bo‘lmaydi.

Xuddi shu maqsadda oblast adabiyot o‘qituvchilarining anjumanida Namangan Davlat pedagogika institutidan vakil bo‘lib qatnashgan til kafedrasining o‘qituvchisi, filologiya fanlari kandidati T. Iminovga shunday savol bilan murojaat qildik:

— Oblastimizdagi til va adabiyot o‘qituvchilarining ko‘pchiligi negadir «Yagona orfografiya va punktatsiya haqidagi Nizom» dan yaxshi xabardor emas. Institutda ana shu Nizom haqida tushuncha beriladimi o‘zi?

U kishi ham Nizomdan bexabar ekan shekilli, yangi imlo qoidalari haqida gapira boshlagan edi, savolning mohiyatini qaytadan tushuntirdik. Shundan keyin bu mavzuni oblast malaka oshirish instituti adabiyot kabinetining mudiri H. Qirg‘izov shunday izohladi:

— Savol juda o‘rinli. Bir paytlar Maorif ministrligi tomonidan ana shu Nizom tayyorlangan edi. Shu kunlarda bu Nizom haqiqatda hech qaysi maktabda yo‘q. Men uni topib, ko‘p nusxada choplatib, oblastdagi barcha maktablarga tarqataman.

Qirg‘izov gapining uddasidan chiqib, yo‘q bo‘lib ketgan Nizomni tikladi, uni barcha rayonlarga tarqatdi. Ammo bu Nizom bugungi kungacha ham rayONOdagilarning mas’uliyatsizligi tufayli ko‘p maktablarga yetib borgani yo‘q va u yuzasidan amaliy ish boshlangani yo‘q. Nizomda har bir o‘qituvchining savodxon bo‘lishi kerakligi, savod bo‘yicha fan o‘qituvchilari, til va adabiyot muallimlari, ilmiy bo‘lim mudirlari va hokazolarning alohida-alohida vazifalari belgilangan. Biroq, bugungi kunda u Nizom ancha eskirib ham qoldi. Namangan oblasti maorifini bugungi ahvoldan kelib chiqib, Nizomni qaytadan ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Yana shuni alohida ta’kidlab aytamizki, maktabda yagona orfografiya va punktatsiya rejimi ishlab chiqilmas ekan, savodxonlik haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

LOKAYDLIK OQIBATI

Fan-texnika jadal sur’atlar bilan rivojlangan bugungi kunda ko‘p maktablarda darslar texnik vositalarsiz uyushtirilyapti. Chunki maorif mudirlari va shu ish bilan shug‘ullanadigan boshqa o‘rtoqlar o‘zlariga yaqin bo‘lgan direktorlarning maktablarini texnik vositalar bilan ta’minlaganlar, yo‘g‘ida hozir ham yo‘q. Ayniqsa adabiyot darslarini texnik vositalar bilan tashkil qilishning ahamiyati juda katta. Qani endi adabiyot kabinetida videomagnitofon, rangli televizor, magnitofon, filmoskop, 4—5 dona binokl va boshqalar bo‘lsa. Adabiyot darslarida va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda bolalar o‘rni bilan qo‘shiq aytishni, raqsga tushishni, muzika asboblaridan foydalanishni, rasm chizishni bilsalar, ularning badiiy zavqlari, didlari o‘sgan bo‘lardi. Shu maqsadda katta bir anjumanda oblast xalq maorifi bo‘limi mudiri E. Ahmedovga shunday savol berdik:

— Oblastimiz maktablarida texnik vositalar kamchil, ayniqsa, deyarli ko‘pchilik adabiyot kabinetlarida vositalar yo‘q. OblONO shu masalada yangi tadbirlar belgilaganmi?

— Oblast xalq maorifi bo‘limi maktablarni texnik vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha shug‘ullanmaydi, bu haqda tadbir ham yo‘q, qolaversa, Uychida bir qancha texnik vositalar chang bosib yotibdi. Bu savolni bu yerga ko‘tarib kelmay, o‘sha yerning o‘zida hal qilsanglar bo‘lmaydimi, — dedi E. Ahmedov Uychi rayon xalq maorifi bo‘limining mudiri Yu. Darveshovga yuzlanib.

— To‘g‘ri, o‘zimizda hal qilinsa bo‘lardi, — dedi rayONO mudiri oblONO mudiri fikriga qo‘shilib.

Maktablarning moddiy bazasi bilan oblONO mudiri shug‘ullanmasa, rayONO mudiri qiziqmasa, kim bu ishga jon kuydiradi? Allaqaerlarda sanqib yuradigan daydi sayyor otarchilarning qo‘lida 4—5 ming so‘mlik videomagnitofon. Xo‘sh, o‘sha videomagnitofonlar adabiyot kabinetlarida bo‘lsa, «O‘zbekfilm» kinostudiyasi darsliklarga moslab, yozuvchi faoliyatini aks ettiruvchi monografik xarakterdagi qisqa metrajli filmlarni yaratsa bo‘lmaydimi? Yoki zamonaviy fotoapparatlar maktablarga berilsa, o‘quvchilarning ilmiy tafakkurini o‘stiruvchi sayohatlarda ana shu fotoapparatlardan foydalanilsa yomonmi? Hamma yaxshi narsalar — bolalarga, ular bizning kelajagimiz, ertangi o‘rinbosarlarimiz deymizu, amalda ko‘pincha o‘z so‘zimizning uddasidan chiqmaymiz.

Hozirgi kunda maktablar uchun chiqarilayotgan o‘quv-texnika vositalarining turi va foydalanish samaradorligi bugungi kun talabidan juda orqada.

Bolalarni tarbiyalashda ularning ilmiy tafakkurini o‘stiruvchi sayohatlarni uyushtirishning ahamiyati mislsiz. Ammo bunga hamma joyda va hamma o‘qituvchilar ham ijodiy yondashyapti, deb bo‘lmaydi. Kimdir shunga yo‘l qidirib, fursat topib o‘quvchilarning ilmiy tafakkurini o‘stiruvchi sayohatlarni uyushtiryapti, kimdir esa ortiqcha tashvish orttirib, boshimni qotirib o‘tiramanmi, deyapti. Burnog‘i yili Toshkentda qo‘qonlik bir hamkasbimning o‘z ortidan 15 nafar bolani ergashtirib yurganini ko‘rdim. Inomjon Otaboev ismli bu o‘qituvchi bolalarni poytaxtning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirish maqsadida olib kelibdi. Bolalar birinchi kun o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Markaziy instituti yotoqxonasida tunashdi. Ikkinchi kuni esa mumkin emas, degan gap bilan ularni yotoqxonadan chiqarib yuborishdi. Aslida yotoqxonalar bo‘sh, institutda mashg‘ulotlar siyraklashgan payt edi. To‘g‘ri, yuridik jihatdan institut ma’muriyati haqdir, ammo masalaga har vaqt ham ob’ektiv, insoniy qalb bilan qarashimiz kerak. O‘sha qishloq o‘qituvchisi bolalarni sayohatga osonlikcha olib chiqmagan. Avvalo ota-onalar bilan suhbat uyushtirgan, maktab va rayONOdan ruxsat olgan, mehnat otpuskasidan shunga vaqt ajratgan, qolaversa, orada moliyaviy masalalar ham bor. Kimdir tarbiyaviy ishlarga chin dildan kirishadi, kimdir uning mehnatiga loqayd qaraydi.

Aslida bu masala bilan yuqori maorif organlari jiddiyroq shug‘ullanishlari, maktablar uchun sayohat byurolarining grafigini tashkil qilish kerak emasmi?

OLTIN MEDAL XUSUSIDA

Oltin medal kimga beriladi? Buni yaxshi bilamiz. Ammo hamisha ham o‘quvchining iqtidori oltin medalga loyiqmi-yo‘qmi, bunga durustroq e’tibor berilmayapti. Oltin medalga yozilgan insholarni tekshirish komissiyasi a’zosi sifatida bir necha yil ishtirok etdim. Ochig‘ini aytganda, oltin medal olish o‘quvchilar qobiliyatining emas, o‘qituvchilar «qobiliyati»ning namoyishiga aylanib ketyapti. Ko‘p hollarda o‘quvchilar tayyor shpargalkalardan ko‘chiryaptilar. O‘quvchining chiroyli yozish, tayyor manbadan ko‘chirish san’atiga qarab medal berilayotgani, oliy o‘quv yurtida ham ana shu mahorat ish berayotgani sir emas.

Mana, qo‘limda o‘quvchining oltin medalga tavsiya qilingan «Men sevgan adib» degan temadagi inshosi. Sahifalarga ko‘z yugurtirar ekanmiz, A. Qahhor haqida qachonlardir yozilib, endi siyqasi chiqqan tanish jumlalarga duch kelamiz. Grammatik xatolar ham ozgina emas — yigirma oltita.

— Domla, bu insho medalga arzimaydi-ku, — deymiz mazkur o‘quvchining inshosiga baho qo‘ygan o‘qituvchiga.

— Keling, o‘tkazib yuboraveraylik, — deydi domla iltimos bilan. Chunki domla ham oltin medalga yozilgan insholarning tekshirish komissiyasi a’zosi sifatida biz bilan birgalikda hakamlik qilayotgan edi. Qolaversa, bu o‘qituvchi oddiy domlalardan emas, unvonli o‘qituvchi edi.

Umuman, o‘quvchining ijodiy fantaziyasini aniqlashning bir usuli bo‘lgan insho yozdirish metodini takomillashtirish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmoq kerak emasmikan?

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim: og‘aynilarimizdan biri qizini respublikamizning katta shaharlaridan biriga o‘qishga olib bordi. Uning akasi o‘sha shaharda yuqori lavozimda ishlar ekan. Gaplashib o‘tirgandik, ittifoqo uning qo‘shnisi — pedagogika instituti til kafedrasining mudiri chiqib qoldi. Voqeadan xabar topgan olim «shu xolosmi, qizni o‘qishga joylash kerakmi, to‘g‘rilaymiz, to‘g‘rilaymiz», dedi. Holbuki, unga «to‘g‘rilash» haqida hech kim og‘iz ochmagan edi.

— Hech hojati yo‘q, qiz maktabni a’loga bitirgan, o‘z kuchi bilan kirib ketadi, — dedi uy egasi.

— O‘z kuchi bilan kirish oson ekanmi, shpargalkalardan g‘amlab qo‘yish kerak, — dedi olim.

O‘z ko‘zing bilan ko‘rib turganing bu voqea kishini taajjubga solmay iloji yo‘q. Hukumatimizning shu kunlardagi qarori qayoqda-yu, bu odam, olim, kafedra mudiri qayoqda?! Bu holda biz qayta qurishni, oliy ta’lim va maktablardagi islohotni qachon amalga oshiramiz? Aslida ana shu xildagi «pedagog»lardan qanchalik tez voz kechsak, ishimiz shunchalik tezroq oldinga bosadi. Xo‘sh, bunday kishilarni muxoliflardan qanday farqi bor? Bundaylar biz bilan yonma-yon yashaydi, qiyofasi ham madaniy, hatto o‘zini minbarlarda qayta qurishning faol a’zosi qilib ko‘rsatadi, amalda esa haligidaqa qing‘ir yo‘llarga boshlaydi. Ana shunday ustomonlardan maorifni poklamas ekanmiz, ishimiz olg‘a bosishi qiyin.

BAHO NORMASI: QO‘SHIB YOZISHMI YOKI KO‘ZBO‘YAMACHILIK!

Hunar-texnika maktabining o‘qituvchisi To‘lan Aliboev shunday deb qoldi: «Bolalarning bilimi turlicha, yo o‘ta zo‘r, yo o‘ta past. Shunday o‘quvchilar borki, ular bilim jihatidan ayrim domlalarimizni shoshirib qo‘yishadi, yana shundaylari ham borki, ular biror sahifani durustroq o‘qib berolmaydilar, hatto harf tanimaydiganlari bor».

— Keyingilarini qanday baholaysizlar?

— Nimasini aytasiz, bir dona «3» ni ayamay qo‘ya qolamiz-da.

— O‘sha bolalarni o‘zinglar qabul qilganmisizlar?

— Kabulda haqiqat bor, deb o‘ylaysizmi?.. — Ammo Soliev degan adabiyot o‘qituvchimiz bor. Bola «ikki»ga bilsa — «ikki», «uch»ga bilsa — «uch» qo‘yadi. O‘zining printsipialligi bilan doim boshiga balo orttirib yuradi. Baho to‘g‘risida pedsovetlarda so‘kish eshitgani eshitgan. Chunki u tutgan ishni hech qaysi o‘qituvchi tutmaydi-da, — dedi haligi suhbatdoshimiz.

— O‘sha printsipial o‘qituvchi haqida shaxsiy fikringiz qanday? — so‘raymiz T. Aliboevdan.

— Aslida uning printsipialligi menga unchalik ma’qul kelmaydi. To‘g‘ri, o‘ta savodsiz bolalar bor. To‘rt qator she’r ayt, senga «4» baho qo‘yib beray desangiz, og‘zini ocha olmaydiganlari

ham bor. Lekin baribir oshpazlikmi yo qassobliknimi egallayotgan u bolalar uchun adabiyotning nima keragi bor? Soliev haqiqat qilaman, deb «direktorlikni, zavuchlikni talashyapti» degan gapga ham qolgan. Lekin aslida u amalga qiziqmaydi. Shunday bo‘lsa ham uning orqasidan kulishadi, bolalarga ham yomon ko‘rinadi.

Soliev haqmi yoki ma’muriyat bilan murosago‘ylikka ko‘nikib qolgan hozirgi suhbatdoshimizmi?

Suhbatdan shunday xulosaga kelish mumkin. O‘sha o‘quv dargohida sog‘lom muhit bo‘lsa H. Soliev yakkalanib qolmagan, uni himoya qiladigan va qo‘llaydiganlar topilardi. Harfni tanimagan o‘quvchiga «3» baho qo‘yishni qanday tushunsa bo‘ladi. Bu ko‘zbo‘yamachilikmi yoki maorifdagi o‘ziga xos qo‘shib yozishmi? Albatta, har ikkisi ham.

Avtobuslarda, bekatlarda, ko‘chalarda, ishxonalar va jamoat joylarida turfa odamlarga istarasi issiq, muomala madaniyati yuksak, qobil kishilarga yoki aksincha turqi sovuq, qo‘pol, madaniyatsiz kishilarga duch kelasiz. Dilkash odamni ko‘rganingizda qalbingizda ezgu hislar to‘lib toshadi. Aksincha tovlamachi, g‘irromlarni uchratganingizda o‘yga tolasiz. Shular ham qachonlardir maktabda yoki boshqa joyda adabiyotdan saboq olishgan-ku. Ana shu saboqlarning qaysidir o‘rinda bo‘sh berilganligining ta’siri emasmikan? Men shunday faraz qilamanki, adabiyotni sevgan, ezgulik haqidagi she’rni yod bilgan kishi har vaqt muloyim, xushfe’l bo‘ladi, o‘zgalarni o‘rinsiz ranjitmaydi.

Isloh qarorlarida protsent ketidan quvish, oshirib baho qo‘yish qoralangan. Biz buni qachon amalda qo‘llaymiz? Qachongacha adolat yuzasidan ish tutayotgan muallimlar yuziga qora chaplaymiz? Maorifdagi mas’ul o‘rtoqlar qo‘shib yozishga chek qo‘ying, deyish o‘rniga qachongacha nega qo‘shib yozmaysiz, qabilida ish tutiladi??! Kadrlarning pishiq-puxta bo‘lishi uchun kurash barcha muallimlarning vazifasi emasmi? To‘g‘ri, kadrlar siyosatini yaxshilash uchun bolalarning bilimini halol baholashning o‘zi kifoya qilmaydi. Avvalo o‘qituvchi o‘zi nazariy va siyosiy jihatdan puxta qurollangan bo‘lishi va har bir darsini yuksak saviyada uyushtirishi, bolalarga chuqur bilim berishi kerak. Quruq shiorlar, formulalarni yodlatish bilangina emas, bolalarni yurakka yetib boradigan qalb so‘zlari bilan tarbiyalash kerak. Ochiq aytamiz: qilinayotgan o‘g‘irliklar, mehnatsiz daromadlar, jinoiy bezoriliklar, g‘irromliklarning barchasi pedagoglarimizga ham daxldor. Bola qalbiga, agar shunday taqqoslash mumkin bo‘lsa, yuz foiz imkoniyatdan qaysidir o‘qituvchi 70, qaysidir muallim 15 foiz ta’sir qiladi. Qaysidir o‘qituvchi esa umuman dars davomida bola ongini teskarisiga zaharlab chiqadi. Bolaga kim qanday ta’sir o‘tkazyapti, buni o‘rganadigan, analiz qiladigan, o‘qituvchi faoliyatini baholaydigan o‘rtoqlar esa allaqaerdagi qog‘ozbozlik, rasmiyatchilik uchungina qilinadigan ishlar bilan band bo‘lmoqdalar. Aslida maorifdagi rahbarlarni chuqur attestatsiyadan o‘tkazadigan payt keldi. Bizningcha maorif rahbarligiga saylash, tayinlash yo‘li bilan emas, konkurs yo‘li bilan qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Chunki ta’lim jarayonini boshqarish ishi hamma sohadan ham ko‘ra mas’uliyatliroq, nozikroq.

ATTESTASIYA RASMIYATChILIK UCHUNMI?

Ilgari o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish ishi rasmiyatchilik uchungina bajarilardi. Hatto attestatsiyadan o‘tadigan o‘qituvchi qay tarzda o‘tganligini ham bilmay qolardi, o‘zi haqida to‘ldirilgan attestatsiya varaqasiga nima yozilganidan baxabar bo‘lardi. Hozir-chi? Hozir o‘qituvchilar attestatsiyadan qanday o‘tkazilyapti? Isloh, bugungi qayta qurish talablari asosidami yoki yana rasmiyatchilik hukmronmi? Yaxshisi bir maktabda o‘tgan, o‘zim guvohi bo‘lgan attestatsiya haqida gapira qolay.

Majlislar zalida barcha o‘qituvchilar yig‘ilgan, attestatsiya o‘tkazish komissiyasi a’zolari prezidiumdan o‘rin olgan. Komissiya sostavida rayONO vakili ham bor.

Attestatsiyadan o‘tayotgan matematika o‘qituvchisiga rayONO vakili ketma-ket savol beryapti.

— Xo‘sh, domla, nechta shogird yetishtirdingiz?

— Juda ko‘p. Shogirdlarim ishlab chiqarishning turli sohalarida mehnat qilyapti.

— Qanday jamoat topshiriqlarini bajargansiz?

— Maktab rahbarlari nimani buyurgan bo‘lsa, hammasini bajaraverganman, biz gap qaytarishni bilmaymiz.

— Domlaga savollar bormi? — rayONO vakili majlis qatnashchilariga murojaat qildi.

— Domla juda mehnatkash, sobiq o‘quvchilar yaqinda domlani yigirma yillik yubiley o‘tirishiga taklif qilishdi. Bu ham domlaning yaxshiligidan, — dedi kimdir.

— Juda yaxshi, — dedi ilmiy bo‘lim mudiri, — attestatsiyadan o‘tdingiz, ishingizga omad tilaymiz.

Navbat ikkinchi bir o‘qituvchiga — til va adabiyot muallimiga keldi.

— Qani, domla, qilayotgan ishlaringiz haqida gapiringchi, — so‘radi vakil.

Til va adabiyot muallimi darslarni, sinfdan tashqari ishlarni qay tarzda uyushtirayotganligi, jamoatchilik faoliyati haqida qisqacha gapirib berdi.

— Bu kishini, — dedi ilmiy mudir, — metodist o‘qituvchi unvoniga tavsiya qilganmiz. Maktabimiz zallarida domlaning butun ishlari ko‘zga tashlanib turadi. Domlaning darsini ham kuzatganman, bolalar she’r o‘qishni juda boplashadi.

Shuningdek komissiya a’zolari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi haqida ham ijobiy fikrlarni bildirib, uni katta o‘qituvchi unvoniga tavsiya qilishdi.

— Bu ikki domlani nafaqat maktabimiz, balki rayonimiz, oblastimiz miqyosida ham faoliyati ibratli ekanligini hisobga olib, «Respublikada xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» unvoniga tavsiya qilish kerak, — dedi komissiya a’zolaridan biri.

— Aslida menga hech qanday unvonning keragi yo‘q, attestatsiya munosabati bilan ba’zi ishlarim haqida gapirgan bo‘lsam, buni maqtanchoqlikka yo‘yib yurmanglar, — til va adabiyot muallimi biroz xijolat bo‘lib joyiga o‘tirdi...

Mana, bir maktabda o‘tgan attestatsiyaning tafsiloti. Xo‘sh, shu tariqa o‘tayotgan attestatsiyani haqqoniy deb bo‘ladimi? Attestatsiyadan o‘tadigan o‘qituvchi faoliyatini yil davomida o‘rganib borilsa, darslarni pedagogik kollektiv tomonidan bir necha bor kuzatilsa bo‘lmaydimi? Kim bu masala bilan qiziqadi? Maktab direktori, rayONO mudiri, oblONO nega bu masalada aniq pozitsiyaga ega emas. Holbuki, attestatsiyalarni puxta tayyorgarlik bilan o‘tkazishning yosh o‘qituvchilar uchun katta tarbiyaviy ahamiyati bor-ku. O‘qituvchi mehnati qanday qadrlanyapti, unga munosabat qanaqa, ilg‘or tajriba qay tariqa paydo bo‘ladi, yosh o‘qituvchi bu haqda mulohaza yuritadigan, kelajak istiqbolini o‘ylab ko‘radigan bo‘ladi-ku.

Men boshlig‘imning chizgan chizig‘idan chiqqan emasman, nima buyursa shuni bajarganman, degan matematika o‘qituvchisining gapini qanday tushunsa bo‘ladi? Bordiyu boshlig‘i ham o‘zi singari mo‘mintoy, u ham boshliq oldida bo‘ynini qisib turadigan, o‘z mustaqilligi bo‘lmagan odam bo‘lsachi?

Bordiyu boshlig‘i darsni tashla, bolalarni o‘n-o‘n ikki soat dalada ishlat, paxta brigadirning so‘zidan chiqma, bola manfaatini ko‘zlayman, deb tag‘in brigadir va raislarga qattiq so‘zlab yurma, degan bo‘lsa-chi? Shumi boshliqning so‘zidan chiqmaslik! U holda matematika o‘qituvchisining grajdanlik pozitsiyasi qaerda qoldi? O‘zicha mustaqil ish tutmabdi-da. Tarbiyaviy ishda uning tashabbuskorligi qani?

Boshlig‘i mana bu «2»ni tuzat, degan bo‘lsa-chi?

Bunday o‘qituvchining vijdoni qaerda qoldi?

Ha, kerak paytda o‘qituvchi o‘z qadr-qimmatini, izzat-nafsini biladigan, o‘z-o‘zini himoya qilaoladigan, aniq grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxs bo‘lmog‘i lozim. Aslida mana shunday pozitsiyasiz kishilar o‘qituvchi obro‘sini to‘kadilar, o‘zgalarning muallim deb atalmish buyuk unvonga bo‘lgan e’tiqodini so‘ndiradilar.

Biz shunday taklif qilardik. Ilg‘or, bilimi puxta, pedagogik jarayonni chuqur tahlil qila oladigan, ijodkor o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazayotganda rayONO vakilidan tashqari, oblONOdan, kerak bo‘lsa maorif ministrligidan, markaziy malaka oshirish institutlaridan, pedagogika fanlar akademiyasidan, pedagogika institutlaridan, matbuot organlaridan vakillarni taklif qilish kerak. Yoki ana shunday til va adabiyot muallimlarini attestatsiyadan o‘tkazayotganda shoirlarni, jurnalistlarni, pedagogika institutlari til va adabiyot kafedralaridan vakillarni, o‘qituvchining iqtidorli shogirdlarini taklif qilish mumkin. Shunda haqiqiy o‘qituvchi o‘z bahosini olgan va ziyokorning qadr-qimmatini oshirgan bo‘lamiz. Maorif ministrligidagi o‘rtoqlar o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish ishini bir qayta qo‘rib chiqsalar, unga tuzatish kiritsalar, joylarda o‘tayotgan attestatsiya ishini rasmiyatchilikdan xoli qilish yo‘lini o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lar edi.

BIR SEMINAR TARIXI

Minbarlarda keng xayol va tafakkurga, shaxsiy tashabbuslarga yo‘l ochish kerak, shunday kishilarni qo‘llab-quvvatlash zarur degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Shaxsiy tashabbus bilan chiqayotgan ilg‘orlarga ergashgingiz, o‘z ish joyingizda tashabbus ko‘rsatgingiz, ilg‘orlar safida bo‘lishga intilgingiz keladi. Ammo sizning harakatingiz, intilishingiz qo‘llab-quvvatlanmasa-chi? Tashabbusning ijobiy yoki kamchil tomonlari tahlil etilmasa-chi? Aksincha, sizni orqavorotdan kamsitishga urinib ko‘rilsa-chi? Yaxshisi o‘z hayotimda burnog‘i yili bo‘lib o‘tgan, e’lon qilinmagan bir seminar tarixi haqida gapira qolay.

Avvalo o‘zing haqingda gapirish qiyin. Ammo kasbimga, ishimga daxli bo‘lgani uchun gapirishga to‘g‘ri keladi.

— Siz tezda rayONOga yetib borar ekansiz, hozirgina qo‘ng‘iroq qilishdi, — dedi direktor o‘shanda.

Rayonga yetib borganimda o‘qituvchilar mashinalarga o‘tirishayotgan ekan.

— Mashinangizni yurgizing, ketdik. Yangiqo‘rg‘onda adabiyot bo‘yicha ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lar ekan, — deyishdi.

Yangiqo‘rg‘ondagi konferentsiya taassurotlari menda yangi bir niyatning tug‘ilishiga asos bo‘ldi. O‘z maktabimda adabiyot fani bo‘yicha ilmiy-amaliy seminar tashkil qilsam-chi? Seminarni shunday tashkil qilishim kerakki, u har qanday dabdabadan, rasmiyatchilikdan holi bo‘lsin, o‘qituvchi asosiy siymo degan masalani ko‘tarib chiqa olsam bo‘ldi!

Maqsadimni avval maktab direktoriga, so‘ngra rayONO bosh inspektoriga ma’lum qildim. Ular rozi bo‘lishdi. Seminar ishini mazmunli uyushtirish, material to‘plash, kengroq doirada o‘tkazish maqsadida Toshkentga bordim. Dastlab ToshDU o‘zbek filologiyasi fakultetiga uchrab, niyatimni aytdim.

— Juda yaxshi, vakil jo‘natamiz, — deyishdi ular. So‘ngra maorif ministrligiga, Markaziy malaka oshirish instituti rektoriga, «O‘qituvchilar gazetasi» redaktoriga uchradim, ular ham vakil jo‘natmoqchi bo‘lishdi. Uchrashilgan yerlarga rasmiy jihatdan qonuniy bo‘lishi kerakligini e’tiborga olib, rayONOning aloqa xatini jo‘natdik. Seminar 19 may kuniga belgilandi.

Ixtiyorimda o‘n kun vaqt bor, bu kunlar ichida dokladlarni tayyorlashim, oblastning boshqa rayonlaridagi adabiyot o‘qituvchilarining dokladlari ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak edi. Avvalo bu ishlarning boshlanishi va oxiri bir kishining nazoratida bo‘lishi, vazifalar aniq taqsimlanishi kerak edi. RayONO mudiri va inspektorlar avvaliga «xo‘p, ishni Siz aytgandek tashkil qilamiz», deyishdi-yu, ammo amalda o‘zlarini chekkaga olishdi, qolaversa, ishning borishiga halaqit bera boshlashdi. Bu orada mudir bilan ayrim masalalarda kelisha olmay qoldik.

Men seminar har qanday dabdabadan xoli bo‘lishi, rayonimiz va maktabimizda adabiyot fanining o‘qitilishi ro‘y-rost tahlil etilishi, til va adabiyot muallimlarining vazifalari aniq belgilanishi, o‘qituvchi asosiy siymo, asosiy figura degan masalani ko‘tarib chiqish kerakligini ta’kidladim. RayONO mudiri esa, «kelayotganlarning o‘qituvchi asosiy siymo, figura deganimiz bilan nima ishi bor, kabinetni, zallarni bezatish kerak, og‘ayni» — dedi.

— Kabinet zallari jihozlangan, maktabimiz o‘qituvchilari ayrim o‘zlariga yoqmagan jihozlarni o‘zgartirishayotir, bizning vazifamiz darslarni yuksak saviyada uyushtirish, til va adabiyot fanining o‘qitilishida yechimini kutayotgan muammolar ustida fikr yuritish, — dedim.

Bu ishga raykom e’tiborini jalb etish maqsadida rayon partiya komitetining birinchi sekretari o‘rtoq S. Toshpo‘latov huzuriga kirdim. Raykom sekretari bilan ilgari ham rayon miqyosidagi sotsial-ijtimoiy masalalar bo‘yicha ancha suhbatlashgandim. Sekretar meni ochiq chehra bilan kutib oldi. Ammo fikrini dangal aytdi:

— O‘sha maktabingizga borgim yo‘q. Umuman, o‘sha qishloq odamlarining madaniyati judayam yuqori emas. Ko‘chalarda axlat uyumlari qalashib yotibdi, xo‘jalik va qishloq soveti rahbarlari ham bunga beparvo — dedi u.

— Boring demoqchi emasman. Ammo keyingi paytda rayonimiz qiyofasi tubdan o‘zgarayotgani, ishlab chiqarishda siljish borligi, yangi sekretarning ishchanligi to‘g‘risida joylarda faxr bilan gapirayapmiz.

Sekretarning chiroyi ochildi.

— Mayli, borganim bo‘lsin, doklad ham qilishim kerakmi?

— Albatta, xohlagan mavzuni tanlashingiz mumkin, — deya oldindan tayyorlangan uch xil doklad temasini ko‘rsatdim. «Islohot adabiyot muallimlari oldiga qanday vazifalarni yuklaydi?» nomli mavzu sekretarga ma’qul bo‘ldi.

Bu gap bilan sekretar rayonning manfaatini ko‘zda tutayotgan edi.

Nihoyat, uyqusiz kechalar, yugur-yugur bilan o‘tgan kunlar orqada qoldi. 19 may — belgilangan kuni O‘zbekiston SSR Maorif ministrligi, Toshkent Davlat universiteti, Namangan oblast o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Uychi rayon xalq maorifi bo‘limining ona tili va adabiyot o‘qitilishini KPSS XXVII s’ezdi, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi XXI s’ezdi qarorlari hamda maktab islohoti talablari asosida yaxshilash yuzasidan ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. U haqda rayon gazetasida axborot chiqdi. Ammo gap bunda emas, seminardan keyin amaliy ishga o‘tganda surgalish, qoqilishlar boshlandi.

Lenin nomidagi Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti bilan Uychi rayon xalq maorifi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik haqida maktab islohotini amalga oshirish yuzasidan shartnoma tuzildi.

RayONO xodimlari shartnoma tekstini katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Ammo oradan ikki kun o‘tgandan so‘ng aynib qolishdi. «Bizga bunday shartnomaning keragi yo‘q, kadrlarimiz yetarli, bunga muhtojlik ham sezmaymiz» deyishdi.

Aslida shundaymikan? Aslo. Axir bir qator keksa til va adabiyot muallimlari pensiya yoshida, ularning o‘rnini to‘ldiradigan, oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan studentlar esa juda ozchilikni tashkil qiladi. Qolaversa, bugungi kunning o‘zida ham o‘qituvchilar yetishmaydi. Keyingi 5 yil ichida ToshDU o‘zbek filologiyasi fakultetiga birorta ham o‘quvchimiz kirgani yo‘q. Bu ham mayli. Xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari S. Oxunovning ta’kidlashicha, seminar kunlari 6 ming so‘mlikdan ortiqroq inventar olib kelindi, ammo til va adabiyot bo‘yicha biror so‘mlik ham narsa keltirilmadi. Holbuki, maktabda til va adabiyot fani bo‘yicha standart ko‘rgazma qurollar kamchil va texnik vositalar ham yo‘q hisobida edi. Maorif ministrligining adabiyot bo‘yicha o‘quv-metodika kabinetining metodisti A. Zoirov ham rayONO vakiliga bu haqda topshiriq bergan edi.

Eng achinarlisi, seminardan keyin rayONO xodimlarining ba’zilari meni hamma narsadan chetga surishga harakat qila boshlashdi, muomala ham o‘zgardi.

Ilgari rayonda o‘tadigan katta-kichik adabiy kechalarni asosiy uyushtiruvchisi va ishtirokchisi sifatida, oltin medalga yozilgan insholarni tekshirish komissiyasi a’zosi, olimpiadalarning hay’ati a’zosi, maktablarni o‘rganish bo‘yicha shtatsiz inspektor sifatida mendan foydalanishardi. Aktiv faoliyatim tufayli sovg‘alar ham berishgandi. Seminardan keyin esa, aksincha meni jamoatchilikka yomon ko‘rsatishga intilish paydo bo‘lib qoldi. Shundan keyin tashabbus ko‘rsatging, yaxshiroq ishlaging, qayta qurishda faol qatnashging keladimi?..

REDAKSIYADAN:

Ikrom Rasulov ko‘p yillardan beri Uychi rayonidagi A. V. Suvorov nomidagi 22-o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchnsi bo‘lib ishlaydi. U maqolasida muallimning kasb mahoratini oshirish, obro‘-e’tiborini ko‘tarish, yoshlarga ta’lim-tarbiya berishni yanada yaxshilash xususida o‘z tajribalari va kuzatuvlari asosida fikrlaydi. Albatta, uning fikr-mulohazalarida ob’ektiv va sub’ektiv tomonlari, bahsli joylari bo‘lishi mumkin. Bizningcha maqola hozirgi maktablarimiz hayoti uchun ancha tipik bo‘lgan voqealar kuyinchaklik bilan qalamga olinganligi jihatdan diqqatga sazovordir. Biz ushbu maqola jurialimiz sahifasida respublikamizda o‘rta maktab faoliyatini qayta qurishning ahvoli xususida munozara boshlashga turtki bo‘ladi, degan umiddamiz. Shu munosabat bilan maorif sohasida mehnat qilayotgan kishilardan, hurmatli o‘qituvchilarimizdan, barcha jurnalxonlardan mazkur maqolada ko‘tarilgan masalalar xususidagi, shuningdek o‘zlari mehnat qilayotgan maktablarda qayta qurish ishlari qanday borayotganligi haqidagi fikr-mulohazalarini yozib yuborishlarini iltimos qilamiz.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 6-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.