background
logotype

Kamol Matyoqubov. Prokuror qoralashdan voz kechdi (1991)

Yaqinda ro‘znomalardan birida shunday xabar berildi: «O'zbekiston SSJ Oliy sudi prezidiumining navbatdagi majlisida «paxta ishi» bo‘yicha Toshkent, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida ilgari sudlangan yana 73 kishining jinoiy ishlari ko‘rib chiqildi. Ularga nisbatan avval qo‘llanilgan sud qarori va hukmlari butunlay bekor qilinib, barcha huquqlari tiklandi. Shu kungacha jumhuriyatimizda «paxta ishi» bo‘yicha oqlanganlar soni 1207 kishiga yetdi. Komissiya o‘z ishini davom ettirmoqda».

Bir necha minglab kishilarni jinoyatchi sifatida o‘z domiga tortgan «paxta ishi» masalasi, nihoyat, endi odillik bilan hal qilinmoqda. Lekin bu yerda g‘alati bir qarama-qarshilikka duch kelasan: Yolg‘onlar avj olib, «paxta ishi» «o‘zbeklar ishi»ga zo‘rma-zo‘raki aylantirilanda, haqiqatga ziyon yetkazilganda, barcha axborot vositalari olamga jar solishgan edi. Endilikda adolat qaror topayotganda, ular jim. Vaholanki paxta ishi borasida bugungacha oqlanganlardan tashqari, qanchasining aybsiz holda qamoqxonalarda umri hazon bo‘ldi. Qanchasi paxta ishiga aloqasi bo‘lmagani holda, nohaqlik jabrini tortdi. Agar har bir raqam ortida inson hayoti, uning orzu-o‘ylari, umidlari turishini ko‘z oldimizga keltirsak fojia beqiyos bo‘lganligi, u xalq dardiga aylanganini anglaymiz. Bu fojialarni boshidan kechirganlardan biri sobiq O'zbekiston SSJ sog‘liqni saqlash vaziri Abdulla Xudoyberganov bo‘ldi.

U haqda oynomayu ro‘znomalarda yozildi, radio va zangori ekranda eshittirishlar berildi. Zero, 833 kecha-kunduz qamoq azobini boshidan kechirgan, Gdlyan va Ivanov guruhining xo‘rliklariga, tuhmatlariga chidagan, adolatsiz jabr tortgan insonning taqdiri matbuot nigohidan chetda qolishi mumkin emas edi... Hurmatli mushtariylarimiz: «Xo‘sh, bu inson taqdiri haqida maqolalar e'lon qilingan bo‘lsa, yana u to‘g‘risida yozish shartmikan», deyishlari ham mumkin. Ha, shart. Toki, hamon nohaqlik, adolatsizlik qurbonlari bor ekan, ularni eslamaslikka, o‘ylamaslikka, toki nohaqlik, adolatsizlik jallodlari bilan bir havodan nafas olib yashar ekanmiz, ularning qilmishlarini fosh etmaslikka, qolaversa, bunday ish lardan har daqiqada o‘zimizni ogoh qilmaslikka haqimiz yo‘q!

Mana qo‘limizda 833 kun mobaynida yozilgan, endilikda arxiv hujjatlariga aylangan A. Xudoyberganov to‘g‘risidagi 16 tomdan iborat «tarix». Bu tarixning chuvalashgan hujjatlari orasida qaysi biri haqiqatu qaysi biri yolg‘onligini ajratish oson emas. Qolaversa bu tomliklar sahifalariga Abdulla Xudoyberganovning ikki yildai oshiq hayotining barcha lahzalari, unga qilingan jabrlar, zulmlar, so‘kish-urishlar, haqoratlar bitilmagan. Bular uning yuragiga muhrlangan.

«Tarix»ning muqaddimasi 1988 yilning 7 fevrali dan boshlanadi. Xuddi shu kuni uni Toshkentdan Urganchga T. Gdlyan boshchiligidagi SSJI Prokuraturasining shtabiga chaqirtirib olishgan. Aslida A. Xudoyberganovni ta'qib qilish oldindan boshlangan, desam xato bo‘lmas. 1985 yilda jumhuriyatda «paxta ishi» bo‘yicha aybnomalar boshlanganda, Qoraqalpog‘istonda paxta tayyorlov trestida boshqaruvchi bo‘lib ishlaydigan ukasi Otaulla Xudoyberganov ustidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Garchi jinoyatchilikda ota uchun bola, aka uchun uka javobgar emas, deb rasman qonun yo‘li bilan belgilangan bo‘lsa-da, amalda buning teskarisi qilingan hollar ko‘p bo‘lgan. A. Xudoyberganov ham 1986 yilning 2 yanvarida Markazqo‘mga I. Usmonxo‘jaev, R. Abdullaeva huzuriga chaqiriladi va hech bir aybsiz, «vazirliklar kabinetining yangilanishi» bahonasi bilan, ishdan olinadi. 9 yanvarda esa ukasi Otaulla qamaladi. Ehtimol, akaning ishdan olinishi va ukaning qamalishi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qdir. Lekin u holda, uning besabab ishdan olinishini qanday baholash mumkin.

Vazirlikdan olingandan keyin, uni ba'zi ishlarga tavsiya qilishadi, lekin u hammasini rad qilib, o‘z sohasiga - SSJI Tibbiyot fanlari akademiyasi Butunittifoq xirurgiya ilmiy markazining Toshkentdagi filialiga direktor o‘rinbosari bo‘lib ishga keladi. Yana jarrohlik ishlarida qatnashadi. Ikki yil davomida, bir necha yuzlab bemorlarning dardini yengillatadi. Vazirlik lavozimi tufayli to‘xtab qolgan doktorlik ilmiy ishini davom ettiradi. O'sha 1988 yilning erta bahorida ilmiy ishini yoqlash arafasida edi...

Dastlabki tergovni Gdlyan bilan Ivanovning o‘zi olib borgan. Uni Qoraqalpog‘iston viloyat firqa qo‘mitasning sobiq birinchi kotibi Q. Kamolov bilan hamkorlikda, uning katta miqdordagi pulini va mol-mulkini yashirganlikda ayblashadi... Tabiiyki, buning uchun zamonamiz «sherloklari»ga aniq dalillar kerak edi. Aniq dalillar bo‘lmaganligi uchun qalbakisini o‘zlari to‘qishdi. A. Xudoyberganov Q. Kamolovni va uning oilasidagilarni davolagan, ayni paytda, muxtor jumhuriyatda 1976 yildan 1981 yilgacha Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishlagan, sobiq kotibga yaqin odam. Qolaversa, ukasi Otaulla ham qamoqda yotgan ko‘yi ukalariga, qarindoshlariga videotasvir orqali murojaat qiladi. Demak, bulardan shunday xulosa chiqadi: Sobiq vazir bir necha millionlarni yashirgan ashaddiy jinoatchi!

A. Xudoyberganov shu yerdayoq qamoqqa olinadi. Uni qamash uchun ruxsatnomani Xorazm viloyat prokurorining o‘rinbosari Titorenko yozib beradi. Qiziq, A. Xudoyberganovning jinoyatchi ekanligini bilish nari tursin, uni tanimaydigan prokuror o‘rinbosarining bu xatti-harakati qaysi qonunga to‘g‘ri kelarkin?! Uni bir necha kun Urganchda so‘roq qilishadi. Lekin muddaolariga erisha olmagach, Moskvaga, avval «Matrosskaya tishina»ga, keyinchalik «Butirka»ga ko‘chirishadi. Tergov davom etadi. Xo‘sh, Gdlyan va Ivanovning Xudoyberganovni (Kamolovning mol-mulkini yashirishda ayblashidan hamda undan bir necha millionlarni talab qilishidan asl maqsadi nima edi? Ma'lumki, Gdlyan «paxta ishi» boshlangan kezlarda matbuot orqali o‘zbek xalqini mamlakatning to‘rt yarim milliard so‘mini qo‘shib yozish tufayli o‘zlashtirishda ayblangan va bu pulni davlat xazinasiga qaytarishni aytib maqtangan. A. Xudoyberganovdan talab qilingan millionlar ana shu niyatning amaliy ifodasi va tergovchilar guruhning navbatdagi muvaffaqiyatini ko‘z-ko‘z qilish uchun kerak edi. «Bir kuni tergov paytida, - deb eslaydi A. Xudoyberganov, - Gdlyan: «Men o‘zbeklarni yaxshi bilaman, ularning hammasi poraxo‘r, tekinxo‘r. Mana sen, o‘n yil davomida, avval Qoraqalpog‘iston, keyin O'zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida o‘n milliondan ortiq pul yiqqansan. Shuning yarimini bersang, hibsdan ozod qilaman», dedi. Keyingi so‘roq paytida, «sen o‘zbeklar muttahamsanlar, senlar hukumatni aldab ruslar, armanlar, ukrainlar, va umuman, boshqa xalqlar uchun davlat tomonidan ajratilgan mablag‘larini ham yeb ketyapsizlar. Noqoratuproq Tyumenni o‘zlashtirishga yordam beryapmiz deb, u yerdagi boyliklarni tashib ketyapsizlar, deb haqorat qildi. Shundan keyin sabrim chidamadi».

A. Xudoyberganov sabri chidamaganligining oqibati oson bo‘lmagan. Uni avval ovqatdan, keyin suvdan, so‘ng ochiq havo va uyqudan qisishgan. Haftalab, oylab eng ashaddiy jinoyatchilar bilan bir kamerada yotgan va ulardan «tarbiyaviy» saboq olgan. Eng dahshatlisi shundaki, qamoqqa olingandan to sud bo‘lguncha, biron marta ham otasi, ukalari, qarindosh-urug‘lari va bolalari bilan ko‘rishmagan. Ular haqida biror xabar eshitmagan. Tergovchilar esa yaqinlarining hammasi hibsda, deya uni aldashgan», qo‘rqitishgan.

Mana, qo‘limda so‘roq hujjatlari: Ularda tergovchilardan kimlarning ismi shariflari yo‘q - Gdlyan, Ivanov, Revenko, Kartashyan, Pavlov, Ponomarev, Ibrohimov, Abdurahimov... Sobiq vazirni yana kimlar so‘roq qilmagan? Ular jinoyatchidan faqat bir narsani: Millionlarni topib berishni talab qilgan. Tergovchilar bu paytda faqat A. Xudoyberganovni so‘roq qilish bilan kifoyalanib qolishmagan. Undan sal keyin ukasi, Kerayli rayon firqa qo‘mitasining ikkinchi kotibi bo‘lib ishlaydigan Habibulloni, so‘ng Ellikqal'a nohiya firqa qo‘mitasi kotibi bo‘lgan Ne'matilloni ham hibsga olganlar. Ulardan ham millionlarni undirisha olmagach, singlisi, sakkiz bolaning onasi Havojonni qo‘lga olib, eng ashaddiy jinoyatchi ayollar kamerasiga tashlagan. Bir necha hafta qiynoqlardan keyin, yoshiga yetmagan bolasining taqdiridan xavotirga tushgan Havojon qaynatasi, eri va o‘zi bir necha yillar davomida ishlab topgan, bolalarining to‘yiga deb yig‘ayotgan 15 ming so‘mga yaqin pulni hamda buyumlarini Gdlyanning qo‘liga tutqazishga majbur bo‘lgan. Shuning evaziga u farzandlari yoniga qaytgan. So‘roq hujjatida bu pullar hamda buyumlar olingani haqida qaydlar bo‘lsa ham, uning egasiga na tilxat berilgan va na ushbu mablag‘ning qaerdaligi xususida xujjat bor. Bu nohaq tortib olingan pullar A. Xudoyberganov oqlangandan keyin ham, to hanuzgacha egalariga qaytarib berilgani yo‘q.

Tergovchi Revekoning ishlari hammasidan oshib tushgan. U sobiq vazir nomidan: «Hammasiga to‘la, aybdorman, Kamolovning pullarini yashirganman», degan mazmunda ariza yozadi. Shunga asoslanib, uni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha ayblov qarori taqdim etilgan. Lekin ko‘p o‘tmay, bu ayblov qarori ishda jinoyat sodir bo‘lmaganligi uchun rad qilingan. Shundan keyin Xudoyberganovlar ustidan boshlangan ish to‘xtaydi. Uning yaqinlari, ukalari hibsdan ozod etiladi. Tabiiyki, Abdulla Matkarimovichning o‘zi ham, qamoqdan ozod qilinishi kerak edi. Buning uchun, Gdlyan boshliq tergovchilar xatoga yo‘l qo‘yganliklarini mardona tan olsalar bas edi. Afsuski, bunday bo‘lmagan. Ular o‘z ishlaridagi nuqsonlarni tan olishni istamasdilar. Chunki ular mamlakat miqyosida o‘zlarini faqat haqiqatparvar qilib ko‘rsatardilar. Qolaversa, o‘sha payt SSJI xalq deputatligiga saylovoldi kurashi borardi. Bu deputatlikka nomzodlar Gdlyan va Ivanovning mavqeiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin edi. Shu sababli ishdagi biror xato tan olinmasdi, o‘zbekistonlik o‘nlab, yuzlab odamlar nohaq jabrlansa jabrlansin-u, lekin Gdlyanlar obro‘siga putur yetmasa bas. Oqibatda shunday ham bo‘ldi. Ular A. Xudoyberganov ustidan yangi jinoiy ish qo‘zg‘adilar. Uni poraxo‘rlikda - o‘z qo‘l ostidagilardan yuz ming so‘mlab pora olganlikda va ayni paytda, yuqoridagilarga katta miqdorda pora berganlikda ayblashga urindilar. Yana kunu tun so‘roqlar, azoblar davom etgan. «Matrosskaya tishina»da uni jismonan holdan toydirib, «aybiga iqror bo‘luvchi» hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib ham olishadi. Shunday qilib, 1988 yilning avgustida uni ana shu asosda jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi yangi qaror taqdim etilgan. Biroq tergov chog‘ida yana ayblov faktlari tasdiqlanmaydi, ish qaytariladi. Shundan keyin ham, A. Xudoyberganovni poraxo‘rlikda va pora berganlikda ayblash to‘xtamagan. Uni ji-noiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida 45 marta yangi qaror taqdim qilingan. Buni hujjatlar orasidagi pora olganlik va pora berganlik faktlari bo‘yicha jinoiy ishlarni to‘xtatish to‘g‘risida 45 marta chiqarilgan qaror ham tasdiqlaydi.

Lekin shundan so‘ng ham, sobiq vazirni ozodlikka chiqarishmaydi. N. Ivanovning «A. Xudoyberganov poraxo‘rligi aniqlandi, endi uni tekshirishdan o‘tkazish kerak», degan da'vosi tufayli, uning hibsda saqlanish muddatini yana 13 oy 19 kunga uzaytirishadi. Afsuski, shuning 10 oy 13 kunida hech qanday ish qilinmagan. «Bu fursatda meni har 3-4 oy ichida bir-ikki tergovga chaqirishdi xolos, ammo qamoqda o‘sha harorat va urishlar davom etdi», deb eslaydi A. Xudoyberganov.

Yo‘q, bu vaqt ichida tergovchilar uni unutdi, desak xato bo‘lar. Esdan chiqarishmagan, Qoraqalpog‘istondan uni ayblaydigan «faktlar», «jonli guvohlar» izlashgan. Bu guvohlarni topishgan ham. Mana, shulardan ba'zilari: T. Karimov - Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyati dorixonalar boshqarmasining boshlig‘i, Tojimurodov - Shumanay nohiya markaziy kaslxonasining bosh vrachi, Asenov - Leninobod nohiya markaziy kasalxonasining bosh vrachi, Mambetkodirov - Bo‘zatov nohiya markaziy shifoxonasining bosh vrachi Hojimatov - Beruniy nohiya markaziy kasalxonasining bosh vrachi, Reibnazarov - Nukus shahar sanepidstantsiyasi boshlig‘i, Abdumurodov - Xo‘jayli shahar sanepidstantsiyasi boshlig‘i, Abdumurodov - Xo‘jayli shahar sanepidstantsiyasi bosh vrachi...

Tergovchilar Xudoyberganovning poraxo‘rligini isbotlash uchun uning Qoraqalpog‘istonda Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishlagan paytidan «guvohlar» va «dalillar» to‘planganligi bejiz emas. Chunki ular Xudoyberganovning ishini qanday bo‘lmasin Kamolov bilan, Qoraqalpog‘iston bilan bog‘lashga intilishgan, shu bilan o‘zlarining haq ekanliklarini isbotlamoqchi bo‘lishgan. Aks holda, ular Xudoyberganovning Qoraqalpog‘istonda emas, O'zbekiston SSJ Sog‘liqni saqlash vazirligi davridagi faoliyatidan xato axtarishlari mumkin edi-ku. Axir, uning Toshkentdagi mansab kursisi Nukusdagiga nisbatan yuqoriroq bo‘lgan-ku! Lekin tergovchilarning maqsadi boshqa edi.

Shunday qilib, «yollanma guvohlar» sobiq vazir bilan avval Moskvada, so‘ng Toshhovuzda yuzma-yuz uchrashtiriladi. Bu guvohlar ochiqdan-ochiq uni poraxo‘rlikda, o‘zlaridan pora olganlikda ayblaydi. Keyin tazyiqlar tufayli, sobiq vazirga nisbatan sohta guvohlik berganlarini tan olishadi. Deyarli barcha dalillar noto‘g‘ri ekanligi sudda isbotlanadi.

Men so‘roq xujjatlarini ko‘rayotganimda ham, maqolani yozayotganimda ham, bu soxta guvohlar haqida ko‘p o‘yladim. To‘g‘ri, A. Xudoyberganov suhbat asnosida: «Ularda hech ayb yo‘q, ular qattiq jabr ko‘rganlaridan, ashaddiy jinoyatchilar kameralarida bo‘g‘izlariga pichoq qadalganligi tufayli, menga tuhmat qilishga majbur bo‘lganlar. Shuning uchun sudda o‘z ko‘rsatmalari bo‘hton ekanligini tan oldilar», deb qayta-qayta eslatsa ham, ko‘nglimdagi bir shubhani, og‘riqni quva olmadim. Xo‘sh, uning ishi odil qozilar qo‘liga tushganida, bu «pora berganlar» o‘zlarini qanday tutardilar? Ular o‘shanda sobiq vazirni himoya qilarmidi? Himoya qilishga qodir bo‘lsalar, nega bu tuhmatlarni yozishdan o‘zlarini tiya olmaganlar? Ha bu o‘tkir og‘riq, uni ko‘nglidan chiqarib tashlash qiyin. «Pora berganlar»ning ko‘rsatmalarini o‘qir ekanman, ko‘z oldimda dor tagida, jallod kundasida bosh turganda ham haqiqatni aytishdan tap tortmagan, iymoni but kishilar keldi. Shu daqiqada bo‘g‘zingga bir savol tiqiladi - zamondoshlarimiz-chi? Nahotki, biz o‘z jonimizni asrash uchun buncha subutsiz, qo‘rqoq bo‘lib qolgan bo‘lsak? Salgina hadik tufayli bir-birimizni ayblayversak. Bizning fojiamiz, xalqimiz orasidan ko‘plab odamlarning nohaq qamalishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri qo‘rqoqligimiz, ikkiyuzlamachiligimiz, subutsizligimiz bo‘lmadimi? Nahotki, inson o‘zini himoya qilish uchun boshqalarni gunohkor etsa... Bundaylar nafaqat o‘zlarining insoniyliklarini, balki xalqimizning asl qadriyatlarini ham yerga urmadilarmi?..

Ana shunday girdobda Xudoyberganov insoniylikning oddiy qadriyatini o‘zida saqlab qola olgani katta jasoratday ko‘rinadi. Ha, u ham tergovning dastlabki kunlaridanoq har xil yolg‘onlarni to‘qib, teparoqdagi rahbarlarni ro‘kach qilib, qamoqdagi jabrlardan, haqoratlardan o‘zini saqlab qolish mumkin edi. U bunday qilmadi. Haqiqat uchun zulm kosasini tagigacha sipqordi.

1989 yilning kuziga kelib, A. Xudoyberganov «ishi» oxirlab qolgan, endi u soxta dalillar asosida, ashaddiy jinoyatchi sifatida, sud qilinishi kerak edi. Lekin uning ishi o‘sha yili sentyabr oyidan boshlab, yangi tergovchilar guruhi qo‘liga tushadi. «Chunki bu vaqtga kelib SSJI prrokuraturasi T. Gdlyan va N. Ivanov yo‘l qo‘ygan suiste'molchilik yuzasidan katta miqdorda ma'lumotlar to‘plagan edi», deb yozishdi. ro‘znomalar. Ha, suistemol bo‘lgan. Lekin Gdlyan va Ivanov guruhining tergov ishlaridan chetlashtirilishining asl sababi shumi? Ular O'zbekiston fuqarolariga nohaq ayblar qo‘yganligi uchun emas, balki Moskvadagi ba'zi rahbarlarning etaklariga osilganliklari uchun chetlatilmadimi? Bu rahbarlar o‘zbek xalqini nohaq ayblardan himoya etish niqobi ostida, aslida o‘zlarini himoya qilmadilarmi? Agar xalqimiz huquqlari himoya qilinganda edi, Xudoyberganov kabilarga gdlyanchilar qo‘ygan ayblar ham jiddiy qayta tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lardi. Vaholangki, tergov guruhi ham sobiq vazirning ishini qaytadan o‘rganmagan. Ular olti oy davomida gdlyanchilar to‘plagan soxta dalillarni yanada boyitishgan, xolos. Ehtimol, SSJI xalq deputatlari A. Muxtorov va E. Yusupov A. Xudoyberganov to‘g‘risida SSJI Bosh prokuroriga so‘rovnoma yozmaganlarida, bu ish yana ancha cho‘zilardi. Shunday qilib, uning ishi 1990 yilning boshlarida sudga - Toshkent viloyat sudiga oshiriladi.

- ... Nihoyat, o‘shanda orziqib kutganim ko‘nglimdagi bir armon ushaldi, - deb eslaydi Abdulla Matkarimovich - Nima bo‘lsayam, O'zbekistonga olib borsin, yurtimni bir ko‘ray, aybsizligimni o‘z xalqim oldida isbotlay, keyin armonim yo‘q, deb dilimga tukkandim. Toshkentga olib kelishganda, bilasizmi, nimadan ko‘proq hayajonlandim. Kuydan, qo‘shiqdan. Axir, ikki yil davomida biror marta o‘zbekcha kuy, qo‘shiq eshitmadim. Men o‘shanda kuy va qo‘shiqning Vatan bo‘lib, xalq bo‘lib, yurtning aziz havosi, suvi, sog‘inchi bo‘lib qalbga oqib kiirishini angladim. Ko‘zlarimga jiqqa yosh to‘ldi...

Bu gaplar biz uchun biroz erish tuyular, balandparvozdek taassurot qoldirar, lekin unda sitamlardan qaddi bukilgan insonning dardlarini anglash qiyin emas.

Abdulla Xudoyberganov ishi bo‘yicha sud salkam uch oy - 26 fevraldan 22 maygacha davom etgan. Sud jarayoniga Toshkent viloyat sudining a'zosi B. Qudratxo‘jaev raislik qilgan. Unda A. Safarov, R. Mirzaboev hay'at a'zolari, V. Kovalchuk davlat qoralovchisi, A. Luchanskiy advokat sifatida ishtirok etganlar. Darvoqe, sudda yana bir jamoatchi oqlovchi - O'zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, O'zbekiston SSJ Fanlar akademiyasining muxbir a'zosi T. Iskandarov ham qatnashgan. Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligidagi yaxshi bir an'ana - endilikda tanqis bo‘lib borayotgan insoniy mehr-muruvvat borasida to‘xtalib o‘tishni istardim. Odatda, biz tashkilot bilan sobiq rahbar o‘rtasida jarliklar paydo bo‘lishiga, ko‘nikib qolganmiz. Bunda tashkilotdagi kamchiliklar uchun sobiq rahbarni ayblash sinalgan usullardan biridir. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa aksincha, sobiq vazirni nafaqat unutmadi, balki og‘ir kunlarda yaqindan yordam berdi. Uni sudda himoya qilish uchun jamoatchi oqlovchi tayinlashdi. Xirurgiya markazidagi kommunistlar ham o‘z hamkasblarining halolligiga shubha bildirishmadi. Uni qamoqda bo‘lgan paytlarda ham firqa a'zoligidan chiqarishmadi. U oqlangandan keyin, yana o‘z ishiga tiklandi. Unga katta ishonch bildirib, 1990 yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan (oqlanganidan ikki oy keyin) O'zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari Kasaba uyushmasining I s'ezdiga delegat qilishdi. Se'zddan so‘ng Sog‘liqni saqlash xodimlari Kasaba uyushmasi Markaziy Qo‘mitasiga a'zo qilib saylandi.

Ha, bular haqida bugungi kunda yengil nafas olib quvonch bilan gapirish mumkin. Lekin o‘shanda, sobiq vazir hibsda yotganda, bu ishonch, mehr muruvvat haqida so‘zlash osonmasdi. Axir, qancha tashkilotlar, vazirliklar, Gdlyan va Ivanovning bir imosi bilan, eng yaxshi xodimlarga ishonchsizlik bildirib, ularni badnom qilganliklarini bilamiz-ku!  Sud jarayoni oson kechmadi. Har bir fakt, dalil ipidan ignasigacha tekshirildi, guvohlar qayta-qayta so‘roq qilindi. Sud goh Toshkentda, goh Nukusda davom etdi. A. Xudoyberganov ustidagi ayblovlar birin-ketin rad qilindi, tuhmatlar fosh etildi. Shuning uchun sudda bizning odatdagi ko‘nikmalarimizga xilof ravishda, g‘alati voqea ro‘y berdi: O'zbekiston prokuraturasining xodimi, davlat qoralovchisi V. Kovalchuk sobiq vazirni qoralashdan voz kechdi. U o‘z maqsadini bunday deb ifodalaydi: «Men prokuratura sohasida shuncha yil ishlab, bunay qonunbuzarlik, vahshiylik va adolatsizlikka duch kelmagan, eshitmagan edim. To‘plangan 16 jild hujjatlarning barchasi tuhmat va bo‘htondan iborat. Gdlyanchilarning nayranglaridir. Shu sababli, prokuror sifatida, Abdulla Xudoyberganovni tamomila nohaq jabrlangan va jazolangan, deb bilaman. Unga nisbatan davlat qoralov fikridan butunlay voz kechaman»!

Ha, biz o‘z himoyasidagi jinoyatchilarni oqlashdan voz kechgan advokatlarni ko‘rganmiz. Lekin prokurorning qoralashdan voz kechishi biz uchun yangilik. Men suhbat asnosida V. Kovalchukdan: «Siz sobiq vazirni sud yakunlanishidan ancha oldin, 7 mayda qoralashdan voz kechgansiz, o‘z bayonotingizni ilgariroq e'lon qilib qo‘ymadingizmi», deb so‘radim. «Yo‘q, - dedi u qat'iy. - Biz nohaq ayblanuvchilarni ertaroq qoralashdan ko‘ra, ertaroq oqlashga o‘rganmog‘imiz kerak!». Zora, endi shunday bo‘lsa!

Sud esa keyinroq - 22 may kuni yakunlangan. Mana, uning xulosasi: «O'zbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyati nomidan Toshkent viloyati sudining jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati qaror qiladi: ... Xudoyberganov Abdulla Matkarimovich jinoyat sodir etmagan, deb hisoblansin. Uning mol-mulki, tergov paytida tortib olingan barcha hujjatlari, orden va medallari egasiga to‘liq qaytarilsin. Xudoyberganov Abdulla Matkarimovichning aybi yo‘qligi uchun u sud zalidan ozod etilsin!»

833 kun davom etgan, lekin haqiqatning ro‘yobga chiqishi bilan tugagan «jinoiy ish» haqidagi maqolani shu baxtli xotima bilan yakunlasak ham bo‘lardi. Lekin Abdulla Xudoyberganovning taqdiri jumhuriyatimiz uchun yagonami? U bilan qismatdoshlar biz o‘ylagandan ham ko‘p emasmi? Axir, O'zbekistonning o‘zidan salkam 23 ming odamning qamalishini nima deb atamoq lozim? Bu savollar hech kimni tinch qo‘ymasa kerak. E'tibor bering, qamalgan odamlarning har bittasi uchun kamida bir necha o‘nlab odamlar qamoqlarda, «izolyatorlar»da norasmiy ravishda «ishlov»lardan o‘tib javob berdilar. Agar bu odamlarning hammasining o‘nlab, yuzlab yaqinlari, qarindoshlari, uylari, o‘zlari tintuvdn o‘tganini, guvohlik bergani, tinchi buzilganini hisobga olsak, bu qatag‘on butun Jumhuriyatni qamrab olganini anglaymiz. Xo‘sh, bu alqimiz uchun repressiya emasmidi?

Bir xalqning boshiga buncha repressiyalar ko‘p emasmi? 20-yillarda bosmachilikni tugatamiz, deb qancha odamlar yo‘q qilindi. Biz haligacha ularning kimligi naryoqda tursin, hatto aniq sonini ham bilmaymiz. 30-yillarning boshida kollektivlashtirish jarayonida minglab odamlar quloq qilingan. Ularning qabrlari Ukraina cho‘llarida, Kavkazda, Sibir o‘rmonlarida qolib ketdi. 37-yillarda Stalin qatag‘oni tufayli xalqimiz orasidan yetishib chiqqan eng sara, ilg‘or kuchlar qurbon berildi. Ularning qaerga ko‘milganini ham bilmaymiz. 50-yillarda ham jallodlarning boltalari xalqimiz boshida o‘ynab turdi. Nihoyat, 80-yillarning yarmida boshlangan «paxta ishi» «o‘zbeklar ishi»ga aylantirildi.

Bu repressiyalarning tarixi, xarakteriga chuqurroq nazar tashlasangiz, dahshatli bir fakt ko‘zga tashlanadi. Negadir ularni amalga oshirishda o‘zbeklarning o‘zlari emas, boshqa xalq vakillari yetakchilik qilganlar. Frunze, Trig‘ulov, Melkumov, Kartashyan, Apresyan, Gdlyan, Ivanov, Didorenko, Gaydanov... nega shunday bo‘lgan, nima, ular o‘zbekistonliklarning to‘g‘risiyu qallobini, do‘stu dushmanini bu yerdagilardan ko‘proq bilganmi? Aksincha, bular hayotimizdan uzoq kimsalar bo‘lgan. Ana shuning uchun ham xalqimiz orasidagi gunohkoru begunohkorlar barobar jabr tortganlar.

Shularni o‘ylar ekanman, yaqindagina Litvada bo‘lib o‘tgan voqealar xayolimdan o‘tadi. Demokratiya yo‘lini tutgan xalqning qora kuchlar bilan to‘qnashuvi natijasida 14 odam halok bo‘ldi. Nohaq to‘kilgan qon uchun Litvada qancha g‘allayonlar ro‘y berdi. Xalq o‘z farzandlari uchun bir necha kun motam tutdi. Butun dunyo bu jumhuriyat huhuqlarini himoya qilib chiqdi. Aybdorlarga jazo berish to‘g‘risida talablar qo‘yildi.  Xo‘sh, bizda-chi? Farg‘onada o‘nlab emas, yuzlab kishilar qurbon bo‘ldi. O'sh, O'zganda minglab odamlar olovlarda yondi. Parkent, Namangan fojialarining hali izi o‘chgani yo‘q. Lekin shunda ham haqiqiy aybdorlar bir chetda qolib, yana xalqimiz farzandlari azob chekdi, qamoqlarga tashlandi. Xalqimiz o‘z farzandlari uchun motam tutish nari tursin, huquqlarini ham talab qilolmadi. Nega bu voqealar dunyo ko‘z o‘ngida bor bo‘yi bilan sharhlanmadi, ularga siyosiy baho berilmadi? Tbilisi, Riga Vilnyusda o‘lsa, inson-u, O'sh, O'zganda o‘lsa inson emasmi?!

A. Xudoyberganovning qamoqdan ozod qilinishi, uning to‘la oqlanishi biz izlagan haqiqatning bir tomoni, xolos. Uning boshqa tomoni ham bor: Toshkent viloyat sudi sobiq vazirni oqlar ekan, uni nohaq ayblagan tergovchilar T. Gdlyan, N. Ivanov to‘dasini jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu qaror kuchga kirishi kerak! 

«Fitna san'ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.