background
logotype

Muhammad Ali. «O‘z-o‘zingni anglab yet...» (1988)

http://ziyouz.uz/images/samarqand_vereshagin.jpg

Buyuk faylasuf olim va donishmand Aflotunning «o‘z ishingni qilginu, o‘z-o‘zingni anglab yet» degan mashhur gapi bor. Bu gapning ma’nosi juda terandir va bu teranlik xususida ko‘p bahslar yuritish mumkin. «O‘z ishingni qilgin» so‘zlarida hayot, taqdir sening zimmangga yuklagan vazifani, burchna tezroq anglab yetish va uddalash lozim, degan ma’noni ko‘raman, toki vazifangning ijrosidan xalqingga va jamiyatga bir naf yetsin. Aflotun gapining ikkinchi qismi «O‘z-o‘zingni anglab yet» iboralari esa o‘zida yana ham chuqurroq mazmun kasb etgandir. O‘z-o‘zingni anglab yetish ya’ni o‘zingni, hayotingni, do‘stlaringni, jamiyatingni, xalqingni, qadr-qimmatni, adolatni, hurfikrlilikni anglab yetishdir, madaniyatingni, tarixingni anglab yetish, tushunish, qadrlash demakdir.

Yaqinda Markaziy televideniening «Pozitsiya» ko‘rsatuvida yozuvchilardan G. Borovik bilan A. Mixaylovlar ishtirok etishib, Buxoro va Samarqanddagi osori-atiqalarning o‘zbek xalqiga hech dahli yo‘q qabilidagi taxminni o‘rtaga tashladilar. Bu fikrga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi. Shunday savol tug‘iladi: bu ko‘hna shaharlardagi yodgorliklarning o‘zbek xalqiga dahli bo‘lmasa... kimga dahli bor ekan. Arablargami? Mo‘g‘ullargami? Ruslargami? Bunday savollar kishini o‘ylantirib qo‘yadi, xayolni chuvalashtiradi. Haq talashmoq yomon narsa, lekin haqiqat uchun kurashmoq ham farzu, ham qarzdir.

Qadimiy makon

I

O‘rta Osiyoning ikki buyuk daryosi — Amudaryo bilan Sirdaryo orasida joylashgan makon qadimdan Turon mamlakati nomi bilan atalib kelgan. Keyinchalik u Turkiston, arablar istilosidan so‘ng Movorounnahr deb nomlandi. Sirdaryo qadimgi turk tilida Enchio‘g‘iz, Amudaryo esa O‘kuz deyilardi. «Enchi-o‘g‘iz» so‘zining «Enchio‘g‘iz»ga aloqasi bor degan taxminlar ham yuradi, unda «Ikkinchi O‘kuz» ma’nosini ko‘radilar. Miloddan avval 329 yilda Iskandar Zulqarnayn boshchiligidagi yunon askarlari O‘rta Osiyoga bostirib kirdilar. O‘sha paytlarda Amudaryo O‘kuz deb turkcha atalishini yunon tarixchilari ta’kidlab o‘tishadi. Ular bu so‘zni yunoncha transkriptsiyada Oksus, Oks deb yozganlar. Yevropada bu daryoni Oks deb bilishadi. XIX asr venger tarixchisi A. Vamberi ham yurtimiz haqidagi asarini «Transoksaniyaga sayohat» deb atagan edi. Shuning o‘zi ham ikki daryo oralig‘ini qadimlardan turkiy kalomlar jarang berib turgan diyor ekanligini tasdiq etadi.

Turonning qadimiyligi haqida Firdavsiyning «Shohnoma»sida ham ko‘p ma’lumotlar bor. Jahonshumul shoir Eronzamin va Turonzamin xalqi haqida mehr bilan yozadi. Ikki ko‘hna diyor tavsifiga juda ko‘p o‘tli satrlar bag‘ishlaydi. Eron podshosi Kovus, keyin Kayxisravning Turonzamin podshosi Afrosiyob bilan ko‘p bor jang qilishlari, pahlavon Rustami Doston, Suxrob, Siyovush dostonlari, vallamat Bojanning Afrosiyob qizi Manija bilan topishishi qissasi — barcha barchasida goh u jihatdan, goh bu jihatdan Eron bilan Turon o‘rtasidagi munosabatlar qalamga olinadi. Turon va uning xalqi turklar haqida gap ketganda, shoir «Turonlar yeri», «Turon eli», «turoniy qo‘shin», «ahli Turon», «turklarning yeri», «Turon tuprog‘i», «turkiy suvoriylar», «turk avlodi», «turklarning ishi», «Turon qizlari», «Turon botirlari» kabi iboralarni keltiradi. Muallifning xolis nazari bizga ko‘p narsalarni bayon etib beradi. «Shohnoma»da bitilishicha, Rustami Doston bir kuni Raxsh tulporini minib azamati shikor qiladi va turklar diyoriga borib qoladi:

U darranda sherdek qidirmishdi ov,
Turonlar yeriga borib qoldi dov.

(Sh. Shomuhamedov tarjimasi)

Horib-charchab qolgan pahlavon suv labiga borib biroz mizg‘ib olmoqchi bo‘ladi. Bu yerdan o‘tib qolgan sakkiz nafar turkiy suvoriy chamanda o‘tlab yurgan Raxshni tutib olishmoqchi bo‘lishadi va Rustamning uyquda ekanligidan foydalanib otga kamand otadilar. Ot tepib, tishlab, o‘zini himoya qiladi, turklardan uchtasini o‘ldiradi. Ammo qolganlari uni tutishadi va shaharga ot surishadi, chunki «Kutardi har birin ulkan mukofot». Rustam uyqudan ko‘z ochib, ahvolni bilib, dili qon, otini izlab Samongonga piyoda ravona bo‘ladi. Pahlavonning kelayotganini eshitishib, shaharning ulug‘lari unga peshvoz chiqadilar va bir ajib majlis quradilar. «Xush aylab Tahamtan dilin rudu soz, jaranglar o‘yinda Turonu Taroz. Parichehralarki, tutsa jomi may, Taroz qizlari raqs etar to‘xtamay». Voqeaning qizig‘i oldinda edi. Samongon shohining qizi Tahmina, «dahani oshiq dilidek siqiq» sanam, ishq o‘tida kuyib, tun yarmidan oqqanda pinhona Rustam yotgan saroyga keladi. «Agarda zamona etsa lutf ajab, Keldim huzuringga men farzand talab!» — deydi jigarso‘xta qiz va Raxshni ham topib berishini aytadi. Keyin Rustamga bunday deydi:

Qorong‘u kechada bu Turona sen,
Kelibdursan tanxo va mardona sen!

Rustam bilan Tahminaning to‘yi bo‘lib o‘tadi... Rustam «bo‘lg‘an ishni dildan tutib nihon, sir» Seyiston sari yo‘l oladi, uni jangu jadallar kutardi...

Oradan to‘qqiz oy o‘tgandan keyin Tahmina o‘g‘il ko‘radi, bir oyda bir yoshga ulg‘ayadigan o‘g‘longa Suhrob nomini beradilar.

O‘sib voyaga yetgan Suhrob Eronga qarshi qo‘shin yig‘a boshlaydi. «Bu kun men bahodir Turon erlarin, Yig‘ib, lashkar etgum jayon sherlarin» — deydi bahodir o‘g‘lon. Turon podshosi Afrosiyob esa bundan benihoya shod bo‘ladi va ko‘mak uchun ikki turk pahlavoni Barmon bilan Hummonni Suhrob yoniga qo‘shadi. «Turondan chiqqan bir yangi botir «er» Eronzaminda ko‘p shijoat ko‘rgizadi, podsho Kovus lashkargohiga hujum qiladi, shoh chodirga nayza urib, yetmish bir qozig‘ini birdan sug‘urib oladi. Podsho Kovus a’yonlariga deydi:

«Bu turkni ko‘riboq uchdi hushingiz,
Rustamga yugurmoq bo‘ldi ishingiz.
Pahlavonim yo‘qmi bunga kelur bas,
Nahot bas kelolmas bu turkka hech kas!»

Nihoyat Rustami Doston bilan Suhrob duch keladilar.

Rustami Doston «gumroh turk ustidan g‘oliblik tilar» ekan, «ey, turk, beaql xunxor» deb kamsitib ham qo‘yardi. Jangda Rustam yengiladi, ammo hiyla ishlatib omon qoladi. Keyingi jangda esa Suhrob halok bo‘ladi. Bag‘ri uvalgan Hummon: «Turk pahlavoni Suhrobimiz firib qurboni bo‘ldi!..» deydi Turon lashkariga qarata. Bu mash’um xabar Suhrobning onasi Tahminaga, mamlakat podshosi Afrosiyobga, butun elga yetib boradi.

«...Afg‘on ko‘tarildi butun Turonda:
Suhrob halok bo‘lmish urush maydonda!»

Suhrob qissasi «Shohnoma»da Turon bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘p qissalardan birginasi xolos. Nazarimizda shuning o‘zi ham qadimiy Turon diyori va turk xalqi haqida ma’lum tasavvur bera olishga qodirdir.

II

Turon bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslardan biri mamlakat podshosi, asl nomi Alp Erto‘nga, ayrim manbalarda esa To‘nga alp er bo‘lgan Afrosiyobdir. «To‘nga» so‘ziga izoh bergan buyuk olim Mahmud Qoshg‘ariy «Devonu lug‘otit turk»da bunday yozadi: «To‘nga — yo‘lbars jinsidan bo‘lgan bir hayvon. U filning kushandasidir. Bu so‘zning asosiy ma’nosi shudir. Lekin bu so‘z turklarda ma’nosi o‘zgargan holda qo‘llanadi. Bu so‘z ko‘pincha odamlarga laqab o‘rnida ishlatiladi. Chunonchi, To‘ngaxon, To‘nga Tegin va h.k. Turklarning ulug‘ xoni Afrosiyobni «To‘nga alp er» deb atar edilar. «Yo‘lbars kabi kuchli bahodir odam demakdir». Boshqa ulug‘ shoirimiz Yusuf Xos Hojib o‘zining «Qutadg‘u bilig» dostonida Afrosiyobni ta’riflab ushbu satrlarni bitadi:

Bu turk beklarindin, oti belguluk,
To‘nga alp er erdi, quti belguluk,
Tojiklar ayur ani Afrosiyob,
Bu Afrosiyob oldi ellar talob.

Alisher Navoiy «Tarixi muluki Ajam» asarida (asar Eron podsholari tarixiga bag‘ishlangan) «yaxshi axloqlik olim va odil podshoh» Faridun haqida to‘xtalib, uning uch o‘g‘il — ulug‘i Salm, o‘rtanchasi Tur, kichigi — Eraj bor edi, deydi. Podsho qo‘l ostidagi yerlarni uchga qismat qiladi: «Rum va Mag‘ribdin Yaman xududig‘acha Salmg‘a berdi. Turkiston va Chin hududin (ya’ni Chin hududigacha — M. A.) Turg‘a berdi. Fors, Iroq va Xurosonni Erajga berdikim, o‘zining dorul mulki va taxti erdi...» Navoiy «Fors, Iroq va Xuroson» Eron podshosining «o‘zining dorul mulki va taxti» ekanligini ta’kidlayapti, binobarin Salmga berilgan Rum va Mag‘rib, Turga berilgan Turkiston Eron qo‘l ostiga qo‘shilgan diyorlar bo‘lib chiqadi, ular Eron yerlari emas. Afrosiyob esa Turning nabirasi edi, u Eronga cherik tortib kelib o‘n ikki yil davomida Eron mulkini talon-taroj qiladi. Navoiy o‘z asarida Afrosiyobni Turkiston podshosi ekanligi uchunmas, balki Eronga bostirib kirgan podsho sifatida esga oladi va Eronda «Afrosiyob podsholig‘i o‘n ikki yil erdi», deydi. «Xamsa»da esa shoir bunday satrlar bitadi:

Yana shohlik qildi Afrosiyob,
Vale qildi Eronni zulmi harob.
Zamonida gar erdi obod kam,
Ani qo‘ymadi charxi obod ham.

Keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, turli davrlarda yashagan Firdavsiy va Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy va Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarning Turon podshosi Afrosiyob haqidagi fikr va tasavvurlari qariyb bir xil va bir-birini isbotlaydi, to‘ldirib keladi. Oxir oqibatda Eronzamin va Turonzamin, bu — ikkizamin ekanligini nomiga ko‘ra va aslida ham ularda forslar va turklar istiqomat qilishini ko‘rsatadi. Bu juda ibratlidir.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Firdavsiy jug‘rofiyasi juda qiziqdir. «Shohnoma»da Rustamning Samongon shahriga kelib qolgani, ov qilib yurib Turon yerida kezgani haqida so‘z yuritiladi. Atrofda turkiy suvoriylar, Raxshni ham ular tutib oladi. Samongon shohining qizi Tahmina Rustamga: «Qorong‘u kechada bu Turona sen, Kelibdursan tanho va mardona sen!» deydi. So‘ngroq o‘g‘li tug‘ilganini eshitgan Rustam Tahminaga xat yuborar ekan, Afrosiyob bilib qolmasin, deydi, u yerlar Turonzamin bo‘lganligi uchun shunday qilishga majbur bo‘ladi. Keyin Suhrob turk pahlavoni bo‘lib jangga kiradi va h.k. Samongon shahri hozirgi Afg‘onistonning shimolida joylashgan ko‘hna shahar. U bir muddat Aybak deb ham atalib keldi, lekin bugungi kunda yana Samongon deb nomlanadi. Shimoliy Afg‘onistondagi tog‘larning biri Bandi Turkiston deb aytiladi, Turon pasttekisligi esa maktab o‘quvchisiga ham ayon bo‘lgan bir haqiqatdir. Ushbu jug‘rofiy tushunchalar ham Turon o‘lkasining qadimiyligidan hikoya qiladi.

III

Mahmud Qoshg‘ariyning nomlar borasidagi kuzatishlari ham e’tiborga loyiqdir. «Kend» degan so‘zga izoh berar ekan, alloma bunday yozadi: «Kend — o‘g‘izlar va ular bilan yaqin turuvchilar tilida qishloq. Ko‘pchilik turklar nazdida viloyatdir. Shuning uchuk Farg‘onani O‘zkend — o‘z shahrimiz, deydilar. Samarqandni kattaligi uchun semiz kend — semiz shahar deydilar. Buni forsiylar Samarqand tarzida qo‘llaydilar...» Turon podshosi Afrosiyobning qizi Qoz ta’rifiga g‘aroyib so‘zlar bitilgan. «Qoz — Afrosiyob qizining nomi. Qazvin shahrini shu qurgandir. Qoz o‘yini — g‘oz o‘ynaladigan joy demakdir. Chunki u shu yerda turar va shu yerda o‘ynar edi. Shuning uchun ba’zi turklar Qazvinni Turk shaharlaridan hisoblaganlar. Shuningdek, Qum shahri ham chegara hisoblanadi. Chunki «qum» turkcha so‘zdir. Afrosiyobning qizi bu yerda ov qilar va o‘ynar edi. Ba’zilar turk shaharlari chegarasi Marvash-Shohijahondan boshlanishini so‘zlaydilar. Chunki Qozning otasi To‘nga Alp er Afrosiyobdir. U Tahmurasdan uch yuz yil keyin Marvni bino qilgandir...» Sal keyinroq alloma tag‘in davom etadi: «Butun Movarounnahr, Yangkanddan Sharqqacha bo‘lgan o‘lkalarni turk shaharlaridan deb hisoblashning asosi shuki, Samarqand — Semizkend, Toshkend-Shosh, O‘zkend, Tunkend nomlarining hammasi turkchadir. Kend turkcha shahar demakdir. Ular bu shaharlarni qurdilar va shunday nom qo‘ydilar. Hozirgacha ham shunday kelmoqda. Bu yerlarda forslar ko‘paygach, so‘ng ular Ajam shaharlari kabi bo‘lgan...» Demak, Qazvin bilan Qum shahrining bunyod etilishi Afrosiyobning Eronni o‘n ikki yil idora etish paytiga to‘g‘ri kelar ekan.

Turon podshosi Afrosiyob haqida, xususan, Samarqand to‘g‘risida XIX asr tarixchisi Abu Tohirxojaning «Samariya» asarida ham ajoyib ma’lumotlar topish mumkin. Samarqand, deb atalishiga sabab, deydi tarixchi, Samar — turk xonlaridan birining oti, qishloqni shu qurgan, shuning uchun shunday deyiladi... Samarqand yonidagi ko‘hna shaharning «Afrosiyob» deb atadishi bejiz emasligi ham shunda sezilib qoladi. Uning turklar xoni Alp Erto‘nga — Afrosiyob nomi bilan bog‘liqligi aniq ko‘rinib turibdi.

Rus sharqshunos olimi V. V. Bartold o‘zining «Turkistonning madaniy hayoti tarixi» asarida «Turk ko‘chmanchi imperiyasi bilan Sosoniylar sulolasi davlati o‘rtasidagi chegara Amudaryo hisoblanardi, — deb yozadi. — Amudaryo ortidagi joylar eronliklar uchun Turkiston, ya’ni «turklar mamlakati» deb atalardi.»

Qissadan hissa shulkim, Turonda, yoki boshqacha qilib aytganda, Turkistonda turklar yashab kelgan, turklar deganda faqat o‘zbek xalqi emas, balki, qirg‘iz, qozoq, turkman xalqlarini ham nazarda tutmoqdaman. Turklarning yirik qabilalari qadim-qadimdan shu makonda istiqomat qilgan, shu vajdan ham bu xalq o‘z o‘lkasiga «Turkiston» deb nom bergan. Turli davrlarda sharqu shimoldan turklarning boshqa qabilalari (o‘zbek xalqining o‘zida 92 ta (!) qabila mavjud) ko‘chib kelib xalqning tarkibini boyitib boravergan, ta’sirga uchragan, ta’sir o‘tkazgan, shakllangan... Bu tarixiy jarayon uzoq asrlar davom etdi.

Shu yerda bir narsaga e’tiborni qaratmoq zarurdir. Ikki daryo oralig‘i qadimdan Turon, Turkiston deb atalishiga qaramay, keyingi davr tarixshunosligimizda, uni negadir arablar qo‘ygan «Movarounnahr» — avvalo bu atama hech bir diyorning atamasi bo‘lolmaydi, — nomi bilan atash qattiq urf tusini oldi. Bu tarixiy haqiqatga xilofdir. Biz ulug‘ olim V. V. Bartold tanlagan ilmiy yo‘ldan borishimiz lozim, u ushbu diyorni «Turkiston» deb ataydi va qadimdan to shu kungacha bu o‘lkada bo‘lgan voqealarni shu atama bilan bog‘laydi. Navoiy ham, Faridun o‘g‘li Turga Turkistonni berdi, deydi. Zaminning o‘z nomi bo‘la turib, uni birovlar o‘z bilganicha qo‘ygan nom bilan atash noo‘rindir.

Atlas kuylakli ikki qiz

I

O‘zbek xalqining tarixiga nazar solganda qardosh tojik xalqi bilan bog‘liq juda ko‘p jihatlarni esda tutmoq lozim. Birodari aziz tojik bilan yalangto‘sh, sodda o‘zbek do‘stligi, qadrdonligi ne-ne asrlar ko‘ksini bezab turibdi. Tarixi va hayoti bir-biri bilan qorishib, birlashib ketgan xalqlarimiz jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan xalqlar safidadirlar. O‘zbek bilan tojikning do‘stligini tarixda misli ko‘rilmagan hodisa, deb ayta olaman. Teranroq o‘ylab qaralsa, bu rostdan ham hayratlanarli hodisadir. Muqoyasa qilib ko‘ring: o‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub, tojik tili esa hind-evropa tillari sirasiga kiradi. Ikkisining tuprog‘i ikki joydan olingan, ammo ularni bir-biridan ajratish qiyin. Tillar boshqa-boshqa bo‘lgani bilan ko‘p narsalarda mushtaraklik bor. Chunonchi, turish-turmushi, yashash tarzi, to‘y-marosimlari, mehmonnavozlik, pazandachilik yo‘llari birdir. O‘zbek tojikdan qiz olib, qiz beradi, kiyim-kechaklarda ham didlar bir-biriga mos keladi. Atlas ko‘ylak kiyib olgan ikki dil tortar qizning qaysi biri o‘zbegu, qaysi biri tojik ekanligini ajratish mushkul, qolaversa, bu narsa hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Ayniqsa, san’at, musiqa, xususan, «Shashmaqom»ning mushtarakligi diqqatga sazovordir. Maqom yo‘llarida tojikcha va o‘zbekcha taronalar bir-biri bilan qorishib ketadi. Bamisoli ikki atlas ko‘ylakli qizday ularni ham ajratib olish qiyin. Gap kelganda shuni aytish kerakki, buyuk Abdurahmon Jomiy o‘zining musiqaga bag‘ishlangan risolasida turk usullaridan to‘rt xilini keltirib o‘tadi. Bular — Turkiy asli jadid, Turkiy asli qadim, Turkiy xafif, Turkiy sari’lardir. Fors-tojik shoiri o‘zbek musiqasiga diqqatni qaratsa, o‘zbek shoiri Alisher Navoiy «furs salotini» tarixini yoritib beradi. Bularning bari ikki xalq tarixi, hayoti, madaniyati bir-biriga qanchalar singishib ketganligini ko‘rsatib turibdi. Tilidan boshqa hamma jihati bir-biriga monand ikki xalqning shunchalar birining ko‘nglidan bir suv ichishi chindan hayratlanarli hodisadir.

Qadimda forslarni ahli qalam, turklarni ahli shamshir deb atash rasm bo‘lgan. Forslar tabiatan ilmga o‘ch, qalam shaydosi bo‘lishgan, ular vatanlari tarixini bitishgan, ilmiy risolalar yaratishgan, asarlar yozishgan, biz bugun ana o‘sha bitiklarni o‘qib, jahon tarixidan ogoh bo‘lamiz va tashakkur aytamiz. Ular saroylarda davlat ishlarini yuritishgan, mirzolik qilishgan, dabirlik san’atini egallashgan. Shu vajdan ham pand-nasihat kitobarida («Qobusnoma», «Chahor maqola» va h.k.) albatta bir bob dabirlik san’ati sirlariga bag‘ishlanadi. Tilni rivojlantiruvchi omil — ijoddir, ilm va adabiyotning barcha sohalarida tinimsiz tebratilgan nurli qalamdir. «Xudoynamak», «Shahristonhoyi Eron» (efsuski, bu ikki nodir kitob bizga yetib kelmagan, biz ularni Firdavsiy va Tabariy ma’lumotlaridangina bilamiz), «Shohnoma», «Siyosatnoma», «Guliston» va boshqa ko‘p kitoblar ana shu ahli qalamning sa’i harakati bilan dunyoga keldi.

Ahli shamshir bo‘lgan turklar esa shaharlarda emas, ko‘pincha keng qishloqlarda, o‘tloqlarda, dala-gulzorda yashashni xush ko‘rishgan, kenglikni yoqtirishgan. Ular hamisha jang maydonlariga talpinishgan, ular uchun shamshir birlamchilik vazifasini o‘tagan. Turk lashkarlarining mashhur va jangovarligi shundan. Shu tufayli ular davlat boshida turishgan. Turkistonda V asrdan boshlab qariyb turk sulolalari hukmronlik qilib keldi. Eron hukmdorlarining aksariyati — Saljuqiylar, G‘aznaviylar, Safaviylar, Xaloquiylar, Nodirshoh Afshor, Qojorlar ham turk sulolariga mansubdir. Ana shu vajdan ham turklar forslarga nisbatan qalamga kamroq oshno bo‘ldilar, ko‘proq shamshir izmiga yurib ketdilar.

«Hozirgi Turkistonda turklarning siyosiy ustunligi VI asrda qaror topgan edi», deb yozadi V. V. Bartold. VII asrda o‘lkaga bostirib kirgan arablar birinchi galda turklarga qarshi kurashdi, chunki bu yerda ular eng katta kuchga ega edilar. Zarafshon vodiysida yashagan sug‘diylar va Amudaryo bo‘ylarida istiqomat qilgan xorazmiylar bosqinchilar uchun jiddiy xavf tug‘dirmas edi. Turk hoqonligi esa katta nufuzga ega bo‘lib, uning chegaralari g‘arbda Eron bilan Vizantiyaga, sharqda Xitoyga borib taqalardi. Tabiiyki, turklar hukmronligini ag‘darmay turib arablar Turkistonni qo‘lga kirita olishmas edi. VII asrning 30-yillarida Sirdaryo bo‘ylarida bo‘lgan jangda arablar turklar ustidan g‘olib keldilar. Bu mag‘lubiyatdan keyin turk imperiyasi bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ketdi. Mamlakatda arablar hukmronligi o‘rnatildi, arab tili nufuzga ega bo‘ldi. Bu tilda muomala qilish, asar yozish an’anaga aylandi, mahalliy xalqlarning vakillari arab tilida jahonshumul asarlar bitdilar, g‘azallar yozdilar.

II

.... Biz yashagan zaminga Toy qabilasi vakillari kelgandan keyin, — arab tili rivojlanishi kerak bo‘lgan holda, Turkistonda fors tili nufuzga ega bo‘la boshladi. Badaviylarning o‘zi bu tilni qabul qildilar va forslarning o‘zidan ham ko‘ra fors tili taraqqiyoti uchun qattiq qayg‘ura boshladilar. Bu paytda Erondan Turkistonga ko‘plab kishilar ko‘chirib kelina boshlandi, bu harakat joylarda, xususan, Zarafshon vodiysida ommaviy tus oldi. Yuqorida eslatib o‘tilganidek, Mahmud Qoshg‘ariy o‘z asarida Samarqand ta’rifiga to‘xtalib: «...bu yerlarda forslar ko‘paygach, so‘ng ular Ajam shaharlari kabi bo‘lgan», deb yozadi, bunda olimning o‘sha ko‘chirmanchilik siyosatini nazarda tutganligi ko‘rinadi. Natijada Eronning ta’sirida Turkistonda madrasalar paydo bo‘ldi, fors tili va adabiyoti an’analari muqim qaror topa boshladi. Somoniylar davriga kelib bu jarayon nihoyasiga yetdi, fors tili Turkistonda ham davlat tili darajasiga ko‘tarildi. V. V. Bartold bunday yozadi: «X asr Turkiston tilining, jillaqursa o‘qimishli tabaqa tilining Eron tilidan qanchalar kam farq qilganligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, kelib chiqishi asli Turkistondan Rudakiy kabi shoirlar fors shuarosi orasida oliy martaba-yu maqomga erishgan edilar». Endi Turkiston xalqlari davlat tili darajasiga chiqqan fors-tojik tilini yaxshi bilishlari zarur edi, devonlarda muammolar shu tilda olib borilar, madrasalarda shu tilda saboq berilardi. Tabiiyki, ilm, tarix, adabiyot shu tilda rivojlana boshladi. Bu tilni bilmoq turk xalqi uchun ham hayotiy zaruratga aylandi, ular bu tilni o‘rgandilar, o‘rganibgina qolmay, bu tilda ijod ham qila boshladilar. Bu payt mamlakatda fors-tojik tilini bilmagan turkni topish qiyin edi. Ko‘p turklar davlat tilining nufuziga suyanib, mansabu martabalarga umid bog‘lab, forscha so‘zlashishga berilib ketdilar. Ular hatto ona tilini mensimaslik illatiga duchor bo‘ldilar. Uni unutish darajasiga yetdilar.

Bu jarayon uzoq davom etdi, buni Alisher Navoiyning quyidagi so‘zlaridan ham bilsa bo‘ladi, bu so‘zlar biz aydgan davrdan besh asr keyin yozilgan: «...hunarsiz turkning o‘ktam zarif yigitlari osonlikka bo‘la forsiy alfoz bila nazm ayturg‘a mashg‘ul bo‘lubturlar... Bu xalq orasidin paydo bo‘lg‘on tab’ ahli salohiyat va tab’alarin o‘z tillari turg‘och, o‘zga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikkalasi til bila aytur qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillari bila ko‘prik aytsalar erdi va yana bir til bila ozroq aytsalar erdi. Bu ehtimolga xud yo‘l bo‘lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmu sort (ya’ni, fors tili — M. A.) tili bila nazm aytqaylar va bilkull turk tili bila aytmag‘aylar, balki ko‘pi ayta olmag‘aylar va aytsalar ham sort turk tili bila nazm aytquvdek fasih turklar qoshida o‘quy va o‘tkara olmag‘aylar va o‘qusalar har lafzlarig‘a yuz ayb topilg‘ay va har tarkiblarig‘a yuz e’tiroz vorid bo‘lg‘ay...» «Shoir turk ulusining» o‘z tillari turg‘och, tab’larini o‘zga til bila zohir qilmoq» sabablarini bunday izohlaydi: «Fahm jinsi ojizlarni ham moyil, balki mushtag‘il ushbu nav’g‘a ko‘rar va zamon va rasm ahli tariqidin chiqmog‘ni munosib ko‘r-mas va bu nav’ bila qolur...» Ha, zamon va rasm ahli tariqi katta nufuzga ega, undan chiqib ketish mush-kuldir. Zamon va rasm ahli tariqi, yoki boshqacha aytganda, an’ana o‘zida tutib turguvchi kuchga, jozibaga ega buzilmas qoida va rusum majmuasi demakdir. An’ana yashovchan va yengilmasdir. Ana shu an’anaga ko‘ra fors-tojik tilining ta’siri Turkistonda to XX asrgacha ham o‘zgarmadi. Jami turk va o‘zbek xonliklarida davlat tili fors-tojik tili edi, hatto Temur, Ulug‘bek va Bobur davlatlarida ham davlat ishlari shu tilda olib borildi, tarixiy asarlar, badiiy adabiyot shu tilda yaratildi va bularning bari rag‘batlantirilib borildi. Shu vajdan ham turk ulusi «zarif yigitlari» — shoirlari va olimlari, tarixchilari o‘z tili bilan barobar fors-tojik tilida ham ijod qila olar edilar.

Yuqorida aytganimizdek, nufuzli tilda ijod qilmagan shoir yoki olimning yurtda tan olinishi murakkab edi, ikkinchidan, bu tilda ijod qila bilmaslik ijodkorning salohiyati haqidagi tasavvurga qattiq putur yetkazar va bu bilan hisoblashishni talab qilar edi. An’ananing ustivorligi haqida ko‘p misollar keltirish mumkin. Tarixiy asarlar, dostonlarning nomlari (bu yerda fors-tojik adabiyotiga ham taalluqli) ko‘pincha arab tilida beriladi: «Xamsa», «Lujjatul asror», «Hayratul abror», «Mantiqut tayr», «Xazoyinul maoniy», «Mahbubul qulub» va h.k. Turk tilining kamoliga bag‘ishlangan «Devonu lug‘otit-turk» asarining nomi... arabcha! «Muhokamatul lug‘atayn» arabcha! Oltin O‘rda xonligining Sirdaryo muzofotidagi amaldorlaridan biri Muhammadxo‘ja (XIV asr) shoir Xorazmiyga bunday deydi:

Ko‘ngil bahrinda ko‘p gavharlaring bor,
Ochunda porsiy daftarlaring bor.
Tilarmenkim, bizning til birla paydo
Kitobe aylasang bu qish qotimdo...

Amaldor shoirga, forsiy daftarlaring anchagina, ona tilimizda ham bir kitob yozgin, deb taklif qilmoqda. Xorazmiy shundan keyin mashhur «Muhabbatnoma» dostonini yozadi, u o‘zbek adabiyotida noma janridagi birinchi doston edi. An’anadan chiqa olmagan shoir, hokimning «bizning til birla kitob yoz», deganiga qaramay, dostondagi o‘n bir nomaning uchtasini fors-tojik tilida insho qiladi... Yusuf Amiriy (XV asr) «Dahnoma» dostonining har bir bobini fors-tojik so‘zlari bilan ataydi: «Dar sababi nazmi kitob», «Nomai avval az zaboni oshiq va ma’shuq» va hokazo. «Bang va Chog‘ir munozarasi» qissasi haqida shoirning o‘zi bunday deydi: «Fors uslubi bilan turk alfozini tarkib etib, Bang va Chog‘ir orasinda munozara tartib qilg‘ilkim, bu choqqa tegru xech ersa bu tavrning uhdasidin chiqmaytur». Asarda turkiy she’riy parchalar forsiy parchalar bilan qorishib keladi. Bunday holni Yaqiniyning «O‘q va yoymunozarasi» asarida ham ko‘ramiz.

Ulug‘bek «Zijji Ko‘ragoniy»ning muqaddimasini fors tilida bitadi, keyin o‘zi arabchaga tarjima qiladi. Alisher Navoiy fors tilida devon tuzadi, qasidalarning o‘zi esa bir shoir umrini bezagulik darajadadir. «Boburnoma»da ham juda ko‘p forsiy she’riy parchalar, ruboiylar mazjud. Muhammad Yoqub Chingiy (XVII asr) o‘zbekcha-tojikcha, forscha lug‘at tuzadi, muqaddimasini esa fors tilida yozadn. Nodira fors-tojik tilida devon tartib qiladi...

Biz bu ro‘yxatni davom ettiradigan bo‘lsak, o‘zbek adabiyotining juda ko‘p vakillari nomini sanashga to‘g‘ri kelardi. O‘zbek she’riyatida shiru-shakar ham shu davrdan rivojlana boshladi. Pahlavon Mahmud, Xusrav Dehlaviy (shoir urdu tilidagi «G‘urratul kamol» asari debochasida «Turkiyi Hindistonam, hindaviy go‘yam chu ob»— Hindistonlik turkiy bo‘lsam ham, hinduni suvdek ichaman, deb, o‘zining turklardan ekanligini ta’kidlaydi. «Hindistonning kashf etilishi» kitobida J. Neru bu haqda bunday yozadi: Ilkmusulmonlar tomonidan hind tilida ko‘p ajoyib kitoblar yozilgan. Bu xildagi yozuvchilar orasida eng mashhuri, XIV asrda... yashagan turk Amir Xusravdir». Jaloliddin Rumiy, Mirzo Abulqodir Bedil, Zebuniso, Gulbadan begim singari turk ulusining zarif yigitlari va qizlari esa asosan fors-tojik tilida ijod qildilar. Ularning bunday qilishlarida an’ana bilan bir qatorda ma’lum tarixiy hayotiy sharoit ham rol o‘ynadi. Abu Nasr Forobiy fors tilida she’rlar bitgan, ulardan ikkitasigina saqlanib qolgan. Allomaning fors tiliga murojaat etishini ham «zamon va rasm ahli tariqi»ga rioya qilishdandir, deb qaramoq kerak.

Alqissa, demak, biz birorta shoir, olimni arab yoki fors-tojik tilida qalam tebratganiga qarab u xalqning yo bu xalqning allomasi deyishimizda an’ana oqibatlarini albatta e’tiborga olishimiz zarurdir. Arab yoki fors-tojik tilida ijod qilganlarning asar yozilgan tilga qarab fors yoki arabga chiqarishimiz noo‘rindir. Chunki, sinchiklab qaralsa ko‘p ijodkorlar boshqa millat vakillari bo‘lib chiqadi. Bu yerda adolat qaror topmog‘i darkor...

Daryoning boshi

I

Yaqinda taniqli kinorejissyor Latif Fayziev televidenieda tariximizga bag‘ishlangan filmlar haqida afsuslanib gapirdi. Gap turg‘unlik yillarining asorati haqida bordi. Voqea bunday bo‘lgan ekan. Kinorejissyor Hindiston firmalari bilan kelishib Bobur haqida film qo‘ymoqchi bo‘libdi, ammo o‘zimizda o‘tkazishmabdi. (Shu o‘rinda Hindiston respublikasi bosh ministri Rajiv Gandining quyidagi so‘zlarini eslash joizdir. R. Gandi «Hindistonning kashf etilishi» (M. «Xudojestvennaya literatura», 1987) nomli kitobda bosilgan «Sovet kitobxonlariga maktub» maqolasida shunday deydi: «Temurning nabirasi, Samarqand hokimi munajjim Ulug‘bek hind matematiklarining tadqiqotlaridan foydalandi. Bobur degan farg‘onalik yosh yigit, dovyurak jangchi va nazokatli adib, Ganga vodiysiga yetib borib, bizlarning Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyamizga, (Boburiylar imperiyasi — M.A.) asos soldi va o‘zini hind deb atay boshladi». Bizda esa, yuqorida aytilganiday, bu filmga ruxsat berishmadi. Keyin rejissyor Chingizxon haqida film qo‘yishni niyat qiladi. Yana ruxsat yo‘q...

Yaqinda Moskva gazetalaridan biri qirg‘iz kinorejissyori T. Okeevning AQSh firmasi bilan hamkorlikda «Chingizxon» filmini yaratmoqchi ekanligini xabar qildi. Film ikki xil — ham televidenie uchun (8-seriya), ham keng ekranlar uchun (4 seriya) qilib ishlandi... Bizda tag‘in ruxsat berilmadi. Keyin kinorejissyorimiz «Samarqandnoma» filmini orzu qildi. Unda Muqqanna, Temur, Spitomin haqida lavhalar bo‘lishi kerak edi, ammo... Tag‘in ruxsat yo‘q! Umar Xayyom to‘g‘risidagi film orzusi ham yulduz ko‘rmay jon berdi...

Ajabo, kimdir ijodiy tashabbus bilan chiqsa-yu, unga yordam berish o‘rniga, aksincha yo‘liga turli yo‘llar ila to‘siqlar qo‘yishsa, maydakash gaplarga izn berilsa! Bu filmlarning zamirida O‘rta Osiyo xalqlarining uzoq o‘tmishi tarixi yotadi. Ular xalqning o‘tmishiga oid bo‘lgani uchun ruxsat berilmadimi yoki boshqa sabablar bormi, afsuski, kinorejissyor bu tomonini aytmadi.

L. Fayzievning kuyinib gapirganicha bor. Bizda hali tariximizga safsatabozlarcha qarash mavjud. Mana bir misol. Professor M. Vahobov o‘zining «O pravde — tolko pravdu» maqolasida («Pravda Vostoka» 21 iyun 1988 y.) Temur ideallashtirilmoqda deb yozadi, ammo bu da’vosini biror jiddiy bir fakt bilan asoslamaydi, keltirilgan faktlari esa bu da’voni asoslashdan ojizdir. Tarixiy shaxsning faoliyatini xolisona yoritish ideallashtirish deb qaralmasligi kerak, bor narsani to‘g‘ri tasvirlash zarur. Bor narsani to‘liq aytmaslik ham, tarixni soxtalashtirish bo‘ladi... Ideallashtirish kerak emas, ayni paytda kamsitmaslik ham darkor! Shundagina tarix insoniyat oldidagi o‘z burchini bajargan bo‘ladi. Professor bu yerda bir narsada haq: Temurni ideallashtirish kerak emas, bu yaramas hol, darhaqiqat bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Temur — jahongir, qilich kuchi bilan imperiya tuzgan mustabid hokim, o‘rta asrlarning tipik hukmdori... Temurni faqat shundoq ta’riflansa, bu bir yoqlama tarix bo‘lardi, albatta. Lekin, jahonning yirik shaharlaridan biriga aylangan Samarqand, Ulug‘bek rasadxonasi, «Zijji Ko‘ragoniy», Alisher Navoiy asarlari, «Boburnoma», o‘zbek klassik adabiyotining baland martabaga erishishi... bular bari, biz istamaymizmi, istaymizmi, Temur davri bilan bog‘liq, bu tarixiy faktlarni inkor etish qiyin. Qolaversa, Temur davri Vatan tarixining, jahon tarixining ajralmas qismi, u har tomonlama yoritilishi kerak.

Temur va uning davri tarixchilarimiz tomonidan adolat tarozisiga toshni baravar qo‘yib yozilmog‘i zarur, oshkora shunday qilinganda yosh avlodning bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishi osonlashadi, aksincha, bir yoqlama yoritilsa yoki bir paytdagidek, nomi kitoblardan, maqolalardan olib tashlanaversa, bu narsa nosog‘lom kayfiyat tug‘diradi va teskari qiziqish uyg‘otadi, man qilingan narsa hamisha qiziq va jozibador bo‘ladi, deyishadi-ku?! Haqiqatni o‘z nomi bilan atamoq kerak, shunda ideallashtirish haqida fikr tug‘ilmaydi. Oqni oq, qorani qora deb yozish vaqti allaqachon yetgan. O‘tmishdagi arboblarni asli qandoq bo‘lsa, shundoq olishga to‘g‘ri keladi, degan edi V. V. Bartold.

Karl Marks Temur faoliyati haqida gapirib, Temur o‘zi tuzgan yangi podsholikning davlat tuzumini mustahqamlaganligini, tuzuk-qonunlar joriy etganligini, bu tadbirlar esa uning ayovsizlik bilan amalga oshirgan bosqinchiliklariga tamoman zid ekanligidan qayd etgan edi. «Tarixda o‘tgan arboblarning ko‘rsatgan tarixiy xizmatlari to‘g‘risida hukm chiqarganda, — degan edi V. I. Lenin, — ularning hozirgi zamon talablariga nisbatan to‘g‘ri keladigan narsalar berganliklariga qarab hukm chiqarilmaydi, balki ularning o‘zlaridan avval o‘tganlarga nisbatan qanday yangiliklar berganliklariga qarab hukm chiqariladi».

II

Tabiiyki, tariximizning dolzarb davrlari haqida yozilgan badiiy asarlarimiz kam. Buning boisi, shunday asar yozgan yozuvchilar turli bahonalar bilan dashnomlar yeydilar, malomatga qoladilar. «Navoiy», «Yulduzli tunlar» romanlarini eslaylik. Tarixchi olimlarimiz ham aktivlik ko‘rsatishlari zarur, ana shunday davrlar haqida tadqiqotlar yozib, sinalgan, tiniq kontseptsiyalar bilan chiqishlari lozim. Xo‘sh, tariximiz haqida kam yozar ekanmiz, u holda tariximiz borasida yozilgan asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni ko‘paytiraylik. Yo‘q, biz bu haqda ham tuzukroq bosh qotirishga vaqt topolmaymiz. Biz bu yerda tariximiz uchun o‘zimizdan ham ko‘ra ko‘proq qayg‘urgan bir guruh mashhur rus sharqshunos olimlarining nomlarini minnatdorchilik hissi bilan yodga olamiz. Ularning xalqimiz tarixi oldida xizmatlari bebahodir. Ammo biz shunday tabarruk olimlarning ilmiy merosini qadrlay olayapmizmi, hurmatlarini o‘rniga qo‘ymoqdamizmi? Ularning hurmatlarini o‘z joyiga qo‘yish — ularga kerak emas, — balki bizning o‘zimizga zarurroq ekanini fahmlashimiz lozim. Afsuski, bu borada hali hech parsa qilinmagan desa bo‘ladi...

Vasiliy Vladimirovich Bartold (1989-1930). Ulug‘ rus sharqshunosining e’lon qilingan 685 asaridan 320 tasi O‘rta Osiyo tarixiga bag‘ishlangan. O‘rta Osiyo Davlat universitetini tashkil qilishda qatnashgan. Aniq materiallarga boy qo‘lyozmalar asosida yozgan asarlari rus sharqshunoslik fanida katta voqea bo‘ldi. Uniig birgina O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan asarlariga e’tibor bering: «Mo‘g‘ullar istilosi davrida Turkiston», «Orol dengizi va Amudaryoning quyi oqimidagi yerlar haqida qadimgi zamonlardan to XVII asrgacha bo‘lgan ma’lumotlar», «Turkistonning sug‘orilish tarixi», «Ulug‘bek va uning zamoni», «O‘rta Osiyoda, qadimdan to ruslar kelgunga qadar bo‘lgan davrda paxtachilik», «O‘rta Osiyo turkiy xalqlari tarixidan o‘n ikki lektsiya», «Mir Alisher va siyosiy hayot», «Temurning dafn etilishi», «Turk-mo‘g‘ul xalqlari tarixi», «Turkiston madaniy hayoti tarixi», «Turkiston tarixi», «Samarqandda 1365 yil xalq harakati...» Bu asarlar bevosita bizning o‘tmishimiz, tariximizni bayon qiladi, ular xolis olimning qarashlari ekanligi bilan qimmatli. Ularni o‘qib o‘rganishimiz suv bilan havoday zarur. Afsuski, shu paytgacha bu asarlarning birortasi ham o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan! Ulug‘ olimni, u tufayli jonajon tariximizni qadrlashimiz shu darajada! Holbuki, bu asarlar yozilishi bilanoq, boshqa tillarga tarjima bo‘lib ketgan. Masalan, «Ulug‘bek...» turk (1930), nemis (1936), ingliz (1958), fors (1958) tillariga, «Mir Alisher...» nemis (1933), turk (1937), ingliz (1962) tillariga tarjima qilingan. Bu bizlarga ibrat bo‘lmog‘i kerak.

Ulug‘ olim asarlarini tarjima etish va o‘zbek tilida nashr qilish ishlarini boshlab yuborishga fursat yetdi. «Mir Alisher va siyosiy hayot» asarini buyuk shoirning tug‘ilganiga 550 yil to‘ladigan kunigacha o‘zbek tilida chiqarilsa, ayni muddao bo‘lur edi. «Ulug‘bek va uning zamoni» asari ham 1994 yilga tarjima etilib chiqarilishi lozim, bu jahonshumul astronom tavalludining 600 yilligiga a’lo tuhfa bo‘lishi shubhasizdir. V. V. Bartoldning tariximiz va xalqimiz oldidagi xizmatlarini e’tiborga olib, Toshkentdagi ko‘chalardan biriga uning nomi berilsa, bu rus olimiga, u orqali rus xalqiga hukumatimizning ifodasi bo‘lur edi.

Vasiliy Lavrentevich Vyatkin (1869-1932), atoqli arxeolog olim, professor. Afrosiyobda birinchilardan bo‘lib qazish ishlarini olib bordi va 1913 yilda bu kunda mashhur «Afrosiyob devoriy rasmi»ni ochdi. 1908—1909 yillarda ko‘milib ketgan Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini topdi va xalqimizning buyuk tarixiy obidasini qayta tiklanishida katta jonbozlik ko‘rsatdi. Olim «Turkestanskie vedomosti» gazetasida Samarqandda Ulug‘bekka haykal qo‘yish taklifi bilan ham chiqqan edi. Bu taklif chor Rossiyasining mustamlaka o‘lkasida bo‘layotganini unutmaylik. «Mirzo Ulug‘bek va uning Samarqanddagi rasadxonasi», «Qadimgi Samarqand yodgorliklari», «Afrosiyob — ko‘hna Samarqand o‘rni», «Qadimgi Samarqand arxitekturasi» asarlari Samarqandning tarixini yoritishda muhim ahamiyatga ega. U shuningdek, «Rus maktablari uchun o‘zbek tili darsligi» (1923) va «Fors tili darsligi» kitoblarini ham nashr ettirdi. V. I. Vyatkinning ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish lozim, darvoqe, ularni rus tilida ham topish qiyin.

Aleksandr Yurevich Yakubovskiy (1886-1953), mashhur sovet sharqshunosi. Ushbu olimning ham O‘zbekiston tarixiga oid asarlari ko‘p. Ularni to‘plab ham o‘zbek tilida, ham rus tilida nashr etish fursati allaqachon yetgan. Olimning «O‘zbek xalqining etnogenezi haqida», «Muqanna qo‘zg‘oloni», «Temur. Siyosiy xarakteristika tajribasi», «X-XV asr O‘rta Osiyo feodal jamiyati va uning Sharqiy Yevropa bilan savdo yuritishi» kabi hozir ham aktual jarang berib turgan asarlari hamisha e’tiborga molik.

Ye. E. Bertelsning «Navoiy va Attor» va Alisher Navoiy haqidagi monografiyasi, A. A. Semenovning tariximizga bag‘ishlangan ko‘p maqolalari ham tarjima qilinib o‘zbek tilida chop etilishi zarurdir. Ozar olimi Z. Bunyodovning xorazmshohlar haqidagi tarixiy asarlari ham shunday taqdirlanishga loyiqdir. Keltirilgan asarlar tariximiz va adabiyotimiz to‘g‘risida jahon olimlari yaratgan asarlarning bir qismi, xolos. Yana bir jihat. Nechundir tarixiy-ilmiy asarlar o‘zbek tilida kam darajada nashr etiladi, ayniqsa o‘zbek olimlariniki umuman nashr etilmaydi, desa bo‘ladi. (Ya. G‘ulomovning «Xorazmning sug‘orilish tarixi», M. Yo‘ldoshevning «Xiva davlati arxivi» kabi ayrim asarlar bundan mustasno). O‘zbekiston tarixiga oid asarlar rus tili bilan bir qatorda o‘zbek tilida ham bir vaqtda chiqarilib turishi kerak. O‘shanda biz, ajabo, maktab o‘quvchilarimiz, o‘zini bilimdon sanab yurgan kishilarimiz Yan Gus yoki Ivan Bolotnikov tarixini bilishadi-yu Mahmud Torobiy to‘g‘risida ma’lumotlari yo‘q, deb hayratga tushib o‘tirmaymiz. Rus tarixchisi V. O. Klyuchevskiy, mahalliy tarixni bilmay turib, umumiy tarixni bilish mumkin emas, degandi.

III

Biz o‘z tariximizni yaxshi bilmaymiz. Bu aksiomaday bir gap. Eng ayanchlisi shuki, biz tariximizni bilishga, o‘rganishga intilayotganimiz ham yo‘q. Tariximizning turli davrlariga oid mutaxassis kadrlar tayyorlashga yetarlicha e’tibor berilmayotir, borlaridan ham foydalanilmaydi, ko‘hna qo‘lyozmalarni tahlil eta oladigan mohir tekstolog-matnshunoslar tarbiyalab yetishtirib chiqarish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Zudlik bilan ahvolni o‘nglamoq kerak. Yaqinda, respublikamizda Tarixchilar jamiyati tashkil etildi, albatta, bu jamiyat «navbatdagi yana bita tashkilot» bo‘lib qolmasdan, tarixni o‘rganish, fanni rivojlantirish yo‘llarida qattiq ish olib boradi, deb umid qilamiz. Lekin biz jonajon tariximizga bo‘lgan munosabatning bu qadar susayishida, tariximizning ertasiga loqayd ko‘z bilan boqishda, tarix fani oldida turgan juda ko‘p muammolarning dadil hal qilishga kirishilmasligida birinchi galda respublikaning yetakchi tarixchi olimlari, qolaversa, O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasini aybdor deb bilamiz. Keyingi paytlarda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti E. Yusupovning nomi matbuotda tez-tez ko‘zga chalinadigan bo‘lib qoldi, u televidenie va radioda ham tez-tez chiqib turadi. Uning respublikamiz hayotiga oid muammolar — goh ekonomika, goh falsafa, ekologiya, goh tarix, goh madaniy merosni saqlash masalalari — xususida jonkuyarlik bilan fikr yuritishlari ibratlidir. Ayniqsa, respublika ekonomikasini yangi izga solish haqidagi hamda milliy ishchi kadrlar yetishtirish borasidagi mulohazalari o‘rinli. Ko‘proq paxta yetishtirish uchun asosiy kuch paxtakorlik kasbini egallashga qaratildi, jumladan, bo‘lajak milliy ishchi kadrlar ham paxtakorlik bilan shug‘ullandilar. Ayni paytda zavod-fabrikalarda ishlash uchun markaziy rayonlardan guruh-guruh ishchilar olib kelindi, nechundir bunday yo‘l uzoq yillar tabiiy deb qaraldi. Olim milliy ishchi kadrlar tayyorlashga jiddiy e’tibor zarur deb hisoblaydi.

Akademiyamizda ijtimoiy fanlarning izmi mo‘‘tabar olimimiz qo‘lida. Shunday bo‘lgach, biz respublikamizda bu fanlarning muammolarini hal qilishni undan talab etishga haqlimiz. Hozircha natijalar quvonarli emas...

Qayta qurish jarayoni ketmoqda, biz ilm-fanni rivojlantirishda ushbu qutlug‘ jarayon bergan keng imkoniyatlardan o‘z vaqtida foydalanmog‘imiz darkor, boy berilgan imkonlar, vaqt esa bizni hech qachon kechirmaydi. Mana shu ma’noda Akademiyamiz, tarixchi olimlarimiz oldida hal qilinishi kerak bo‘lgan bir muammo turibdi, balki bu muammolardan biridir, bu — o‘zbek xalqining etnogenezi, etnik tarixini yaratish masalasidir.

Xalqning etnogenezi, ya’ni kelib chiqishini yoritish kollektiv mehnatni talab qiladi. Bu murakkab jarayonni aniqlashda arxeologiya, etnografiya, antropologiya, tilshunoslik va tarix fanlari ma’-lumotlaridan foydalanish lozim bo‘ladi. Etnik tarixni yaxshi o‘rganmay turib, xalq tarixini yaxshi bilish qiyin, davrlar, ijtimoiy bosqichlarni belgilashda beixtiyor taxminlarga yo‘l berib qo‘yiladi. Xalqning kelib chiqishini, uning kim eqanligini, qaysi irmoqlardan paydo bo‘lgan daryoligini, u irmoqlar qaysi tog‘lardan- oqib kelganligini yaxshi bilmay turib, daryoning kelajagiga umid bog‘lash eqiyin. Etnogenez etnik tarix xalq tarixining boshidir, bizda esa hali bu tarix ishlanmagan... Muqoyasa uchun shuni aytish kerakki, etnogenez tarix qardosh tojik, qozoq, tatar, boshqird xalqlarida ishlab chiqilgan.

80-yillarning boshida masalaning muhimligini nazarda tutib, O‘zSSR Fanlar akademiyasi Prezidiumi o‘zbek xalqining etnik tarixini yaratish haqida qaror qabul qildi. Xayriyat, deb quvonishdi buni eshitganlar. Norasmiy, konsultativ gruppa tuzildi, unga O‘zSSR FA muxbir a’zosi (o‘sha paytda, hozirda akademik) A. Asqarov mutasaddi etib tayinlandi, gruppa ishiga yigirmadan ortiq tarixchi olimlar jalb etildi. Ammo ish shundan nariga o‘tmadi, qaror qog‘ozda qoldi, gap-gapda. Haligacha bu ishga jiddiy qo‘l urilmaganligi achinarlidir. Faqat 1986 yilda «O‘rta Osiyo aholisi etnik tarixiga oid materiallar» nomli bir kitob nashr etildi, unga o‘n bitta muallifning ilmiy dokladlari kiritilgan. Ajablanarlisi shundaki, Akademiya Prezidiumi etnik tarix yaratish haqida qaror qabul qildiyu, ammo bajarilishini tekshirib bormadi. Soniyan, gruppaga biror bir amaliy yordam ko‘rsatilmadi, jalb etilgan olimlarning tashvishlari, turmush sharoiti bilan qiziqilmadi, ularga ko‘mak berilmadi, to‘g‘risi ularni birov bir joyga yiqqani ham yo‘q... Inson omilini turg‘unlik yillari taomiliga ko‘ra,quruq so‘z deb tushungan Akademiya rahbarlari masalani jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak. Holbuki, bu vazifani uddalaydigan atoqli olimlarimiz bor — A. Asqarov, R. Mukminova, B. Ahmedov, K. Shoniyozov... Ro‘yxatni davom ettirish mumkin. O‘zbek xalqining etnogenezi, kelib chiqishi tarixini yaratishga zudlik bilan kirishmoq lozim! Shunda xalqimizning tarixi haqida har xil gaplar tug‘ilmaydi. Tariximizni yaxshi bilsak, Buxoro va Samarqanddagi osori-atiqalarning o‘zbek xalqiga dahli yo‘q, deganlarga bemalol, gapingizning mantiqqa dahli yo‘q, deya olamiz.

Xulosa

Mayli, har bir inson «o‘z xalqining farzand» ekanligidan quvonib boshi ko‘klarga yetib ketmasin, ammo har holda g‘urur hissini tuysin, zarar qilmaydi, deb yozadi Valentin Rasputin «O‘zni vatanparvar deb bilmoq» maqolasida («Pravda», 1988 yil 24 iyun) — Arman-arman ekanligidan, eston-eston ekanligidan, yahudiy—yahudiyligidan, buryat-buryatligidan g‘urur hissini tuysin.. «Hur do‘st oila»ning ushbu safiga turishga endi rusga ham ijozat beringiz. Jahon madaniyati va tsivilizatsiyasi oldida, har qalay, uning ham uncha-muncha xizmatlari bor...»

Men rus adibining ushbu samimiy so‘zlarini ona o‘zbek xalqim sha’niga ham mamnuniyat bilan aytgim keladi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil, 30—31 avgust.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.