background
logotype

Nizomiddin Mahmudov. Til mavqei – el mavqei (1989)

O‘zbek tilining taraqqiy etib borishini, uning har tomonlama kamolotini davlat miqyosida ta’minlash, ya’ni o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish respublikamiz aholisining diqqat markazida turgan favqulodda masalalardan biridir. Bu muammoning ijobiy hal qilinishi hozirgi sharoitda eng oqilona yo‘l bo‘lishi shubhasiz. Yana shu qam aniqki, o‘zbek tilining davlat tili maqomini olishi respublikamizda yashovchi boshqa millat vakillari tillarining mavqei va taraqqiyotiga sira to‘siq bo‘lmaydi, aksiicha, bu tillarning yanada rivoj topib borishi uchun ko‘maklashadi. Bir til qadrining oshishi boshqa tillarga ham hurmatni ta’minlaydi. Tilni chinakamiga e’zozlash xalqlar qadriga yetish, komil do‘stlik rishtalarini mustahkamlash demakdir.

Keyingi paytlarda «O‘zbek tili inqirozga yuz tutmoqda», «Ona tilimiz halokat yoqasiga kelib qolgan» qabilidagi gaplar qam quloqqa chalinmoqda. Lekin Oybek, G‘. G‘ulom, A. Qahhor, O. Yoqubov, P. Qodirov, A. Oripov, E. Vohidov, O. Matjon kabi qator so‘z ustalari yaratgan, yaratayotgan dilbar asarlar, ularning tili bu qarashni ma’lum darajada inkor etadi. Albatta, adolat yuzasidan aytish kerakki, tilimiz imkoni bor joylarda rivoj va sayqal topib borgan bo‘lsa-da, uning ish ko‘rish va faoliyat doirasi o‘ta chegaralanib qolgan edi. Ha, o‘zbek tilining qadri juda tushib ketdi. Birgina uning rasmiy-ish uslubi olib ko‘rilsa ham, shunga amin bo‘lish mumkin. 20-yillarda rus tilidan andoza olish tufayli shamoyil topgan «Ushbu spravka berildi shul haqdakim, haqiqatan ham bul o‘rtoq shul joyda yashab turadi» tarzidagi noo‘zbekcha ma’lumotnoma-hujjatlar hamon yozib kelinmoqda. O‘zbek tilining shirasi, go‘zalligi, jozibasi, nazarimda, badiiy adabiyotdagina saqlanib qolgan. Ayni choqda, uning uy-ro‘zg‘or tiliga aylanib qolganligini taassuf bilan ta’kidlash kerak.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi muayyan shart-sharoitlar yaratishni taqozo etadi, albatta. Bu jabhadagi muhim ishlardan biri o‘zbek tilini o‘qitishni yaxshilashdir.

Bugungi kunga kelib, ona tilini o‘qitishday muhim borada talay muammolar yig‘ilib qolganligi, kamchiliklar behisob ekanligi ayon bo‘lmoqda. Ona tilini o‘qitishni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yish hayotiy zaruratga aylandi. Tilga muhabbat, uning qonuniyatlarini chuqur bilish va hurmat qilish axloqiy-ma’naviy «gigiena»ga rioya qilishning bosh ko‘rsatkichi. Tom ma’nodagi milliylik va internatsionalizm, vatanparvarlik tuyg‘usining ibtidosi qam asli shundan boshlanadi.

Ona tilini, uning qonun-qoidalarini yaxshi bilmaslik boshqa tillarni muvaffaqiyatli o‘rganishga qam xalaqit beradi. Shunga qaramasdan, turg‘unlik davrida internatsional tarbiya, rus tilini o‘rganish va boshqa masalalar yuzasidan qator tadbirlar belgilandi. Ammo, afsuski, ona tilining roliga yetarli e’tibor qilinmadi. Shuning oqibatida mazkur tadbirlar samarasi ko‘ngildagidek bo‘lmaganligi bugun hammaga ravshan.

Ona tiliga muhabbat bolalikdan shakllanadi. Bolada so‘zni his etish malakasini tarkib toptirishda maktabning, ya’ni o‘zbek tilini o‘qitishning aqamiyati beqiyos. Maktab bu vazifani qanday bajarmoqda? Afsuski, ko‘ngildagidek emas. Birgina savod masalasining o‘ziyoq ahvol nechog‘lik tashvishli ekanligini anglatadi. Shuning uchun ham zudlik bilan «O‘zbek tili» darsliklari va programmalarini takomillashtirish lozim. Eng avvalo, programmalarda materiallarning berilish tartibini o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq. Hozirgi holatida takroriylik ustunlik qilib turgani seziladi. Grammatika o‘qitish ijodiy fikrlash, fikrni lo‘nda va chiroyli ifodalash, ravon og‘zaki nutq malakalarini hosil qilish maqsadiga bo‘ysundirilsa, balki darslar zerikarli chiqishiga barham berilar?!

«O‘zbek tili» darsligi har qanday uslub va so‘z saktaligidan xoli bo‘lmog‘i, o‘quvchida so‘zga ongli va estetik munosabat hissini tarbiyalamog‘i kerak. Lekin, afsuski, hozirgi darsliklarning tili juda g‘aliz, nochor. Ko‘rinadiki, darslik va programmalar har jihatdan takomillashtirishga muhtoj. Sobiq Maorif ministrligi tomonidan e’lon qilingan o‘zbek tili darsliklari konkursining tezroq yakunlanishiga erishish zarur. Ehtimol, ana shu konkurs yakunlari bu sohadagi ishlarimizning bir qadar yaxshilanishiga ko‘mak berar.

Hozirgi yoshlarimizda (nafaqat yoshlarimizda!) til madaniyatining achinarli ahvolda ekanligining sabablaridan yana biri yuqori sinflarda o‘zbek tili fanining o‘qitilmasligidir. Bir paytlar 9-sinfga ona tili darsi kiritilgan edi. «Stilistika» darsligi yaratilib, nashr ham qilindi. Ammo darslik chiqishi bilan 9-sinf programmasidan bu fan chiqarib tashlandi. Yuqori sinflarda o‘zbek tili darslarini tiklashning allaqachonlar vaqti yetgan deb hisoblayman. Maktab o‘quvchilari uchun turli o‘qish kitoblari yaratish, ularda til bilan bog‘liq xilma-xil, qiziqarli masalalarni ommabop tarzda yoritib berish bugungi kunda juda zarur. Tilning paydo bo‘lishi, uning taraqqiy etib borishi, boyish yo‘llari, boshqa tillar bilan, masalan, arab, fors, rus tillari bilan aloqasi kabi masalalar yoritilgan kitobchalar o‘quvchilarni loqayd qoldirmaydi, ayni choqda, ularning umummadaniy saviyasini oshirishga, tillarga, millatlarga hurmat bilan qarash hissini tarbiyalashga xizmat qiladi. Hozircha esa til bo‘yicha o‘quvchilarning darslikdan boshqa kitoblari yo‘q. Til va adabiyot o‘qituvchilarining ham shunday kitoblarga ehtiyoj sezishlari shubhasiz. Bunday xarakterdagi kitoblar rus tili bo‘yicha yuzlab chiqarilgan.

Hozir oliy maktablarda tilning o‘qitilishi ham zamon talabidan orqada. Pedagogika institutlarini bitirib, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi diplomini olayotgan yoshlarning aksariyati nazariya va metodika bilan yaxshi qurollangan emas. Ular tilshunoslikning bugungi problemalarini yaxshi tasavvur qila olmaydilar. Chunki, masalan, sintaksis bundan qariyb 30 yil oldin yaratilgan darslik asosida o‘qitiladi. To‘g‘ri, bu darslik 1987 yilda uchinchi marta qayta nashr qilindi, lekin unda tilshunoslikning keyingi yutuqlari aks etmagan. O‘zbek tilshunosligi keyingi yillarda rivojlanib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bir qancha lingvistik hodisalar o‘zbek tilining o‘z materialidan kelib chiqqan qolda yangicha talqin qilindi. Ammo mazkur nazariy yangiliklar, oliy filologik ta’lim sistemasiga izchil kirib bormayapti. Bu, tabiiyki, bo‘lajak til mutaxassislarining umumnazariy saviyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda oliy maktab o‘qituvchilarining qachonlardir yoqlagan dissertatsiyalarini studentlarga maxsus kurs sifatida o‘qishlari amaliyotidan voz kechish, bunday kurslarda tilshunoslikning bugungi problemalari bilan studentlarni tanishtirib borish maqsadga muvofiq. Buning uchun oliy maktabning akademiya institutlari, xususan, Til va adabiyot instituti bilan aloqasini yaxshilash, bu institutdagi yetakchi olimlarni ana shu yshga jalb qilish foydalidir.

Rus tili grammatikasidan nusxa ko‘chirish, undagi grammatik qoidalarni o‘zbek tiliga mexanik ravishda olib o‘tish tilshunoslikda, o‘zbek tilini o‘qitishda juda ko‘p noto‘g‘ri talqinlarga olib kelgan. Rus tili materialidan kelib chiqib aytilgan fikrlarni o‘zbek tili faktlariga asossiz tatbiq etish hozirgacha darsliklarda davom etib kelmoqdaki, buni oqlab bo‘lmaydi. Bu tilga materialistik yondashuv printsipiga mutlaqo ziddir. Birgina misol keltiraman: «bu yerda» so‘z birikmasi hozirgacha barcha darsliklarda (hatto ilmiy ishlarda ham) o‘rin ravishi, ya’ni bir so‘z deb o‘rgatiladi. Ushbu so‘z birikmasining bitta so‘z emasligini isbotlab o‘tirishning hojati yo‘q, chunki «bu yerda», «bu joyga», «u o‘rinda», «shu joydan» va h. k. tarzida komponentlarni almashtirish bemalol mumkin. Nega unga hozirgacha bir so‘z sifatida qarab kelindi? Bu ruschadan nusxa olish oqibati: rus tilidagi «zdes» so‘zi haqiqatan o‘rin ravishi, lekin uni o‘zbekchaga tarjima qilsa, bir so‘z emas, balki so‘z birikmasi hosil bo‘ladi. Demak, o‘zbek tilida «zdes»ga ekvivalent bo‘lgan o‘rin ravishi yo‘q, bu tilning qashshoqligini emas, o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. Afsuski, darsliklarimizda bunday nuqsonlar anchagina, bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin maqsad bu emas. Maqsad — hozirgi holatdan qutulish choralarini ko‘plashib izlash, topish. Dastlabki vazifa — oliy maktablar uchun ham o‘zbek tili darsliklarini yaratish bo‘yicha konkurs e’lon qilish, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tish lozim. O‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari (pedagogika institutlarining)da «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» nazariy kursi uchun 550 soat ajratilgan, rus tili uchun esa 500 soat va bunga qo‘shimcha ravishda yana 400 soat, jami 900 soat ajratilgan. Soatlar nisbati, ko‘rinib turganiday, mantiqli emas.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan xalq ta’limi xodimlarining Butunittifoq s’ezdida ta’limni gumanitarlashtirish va bunda ijtimoiy fanlarning roli alohida ta’kidlandi. Bu zarur ishda ham ona tilining o‘rni muhimdir. Hozir aksar kishilarning savodxonlik darajasini qoniqarli deyish qiyin. Shuning uchun respublikamizdagi o‘qish o‘zbek tilida olib boriladigan barcha o‘quv yurtlarida, qisqa hajmda bo‘lsa-da, ona tilini o‘qitish lozim.

Hozirgi o‘zbek grafikasini takomillashtirish ham kun tartibidagi masalalardan biridir. Bu sohada ham muayyan ishlar qilina boshlandi.

Eski o‘zbek grafikasi haqida ham har xil takliflar aytilmoqda. Eng ma’qul va adolatli yo‘l eski o‘zbek yozuvi (arab yozuvi)ni maktablarda va gumanitar profilli oliy o‘quv yurtlarida alohida predmet sifatida o‘qitishni joriy qilishdir. Vu, hech shubhasiz, madaniy-ma’naviy kamolotimiz uchun juda zarur, buni to‘g‘ri tushunmoq har birimizning grajdanlik burchimizdir.

Xalqlar, millatlarning o‘zaro yaqinlashuvida, ular o‘rtasidagi do‘stlikning mustahkamlanishida til bilishning aqamiyati beqiyos. Bu azaliy va abadiy qaqiqat ming yillardan buyon xalqlar qalbidan joy olgan. Mashhur sovet yozuvchisi Vasil Bikov shunday deydi: «Menimcha, bizning davrimnzda boshqa millat madaniyatiga munosabat jamiyat ma’naviy yetukligining asosiy belgilaridan biridir» («Izvestiya», 1988 y., 8 oktyabr).

Bizda milliy-rus ikki tilliligi ancha rivojlangan.

Lekin rus-o‘zbek ikki tilliligi mutlaqo talab darajasida emas. SSSR Fanlar akademiyasining akademigi G. L. Smirnov aytadi: «Biz shunday mamlakatda yashaymizki, unda ikki tillilik har bir grajdan uchun ehtiyojga aylanmog‘i lozim. Milliy respublikada yashovchi rus kishisi shu respublikaning tilini rus bo‘lmagan kishi rus tilini bilganiday bilishi kerak» («Pravda», 1988 y., 30 dekabr). Akademik N. I. Buxarin sovet yozuvchilarining Butunittifoq I s’ezdida (1934 yil) qilgan dokladida o‘zbek va tojik tillarini bilmasligi, shuning uchun O‘zbekiston va Tojikistonda yaratilgan poeziya haqida fikr ayta olmasligini afsus bilan aytib, «ularni o‘rganishga to‘g‘ri keladi, bu ham, shubhasiz, juda zo‘r ish bo‘ladi», degan edi.

O‘zbek bo‘lmagan kishilarga o‘zbek tilini o‘rgatish o‘zbek tiliga davlat maqomi beriladigan bo‘lsa, qanchalik muhim ekanligi ravshan. Hozirning o‘zidayoq o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish katta. Bu ishda kamchiliklar juda ko‘p.

Rus maktablarida o‘zbek tili uchun ajratilgan soatlar kam, ularda bu til 3-sinfdan boshlab o‘qitiladi va bunga jami 540 soat ajratilgan. O‘zbek maktablarida rus tili 1-sinfdan boshlab o‘qitiladi, bunga 1560 soat ajratilgan. Ma’lumki, maktablarda rus va chet tillari gruppachalarga, ya’ni bir sinf ikkiga bo‘lingan holda o‘qitiladi.

Ammo bu qoida o‘zbek tili predmetiga tatbiq etilmaydi.

Bir sinfda 30—40 o‘quvchi bo‘lishi hisobga olinsa, til o‘rgatish qay darajada bo‘lishini tasavvur qilish mumkin. Albatta, tezlik bilan maktablarda o‘zbek tili darslarini sinfni ikkiga bo‘lib o‘tishni joriy qilish kerak. Bugungi kun talablari ana shuni taqozo etadi.

Rus maktablarida o‘zbek tiliga muiosabat ko‘ngildagiday emas. Bu predmet ikkinchi darajali, hatto umuman keraksiz predmet sifatida qaralayotgani ham hech kimga sir emas. Buiday munosabat o‘quvchilarda o‘zbek tiliga bo‘lgan ozmi-ko‘pmi qiziqishning mutlaqo so‘ndirib yuborishi tayin. Ochig‘i, maktab ma’muriyati, joylardagi xalq ta’limi organlari rahbarlarining bu fanga bo‘lgan loqayd, sovuq munosabatini tubdan o‘zgartirmasdan, tafakkurni qayta qurmasdan bu muhim va mas’uliyatli ishda ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi. Oqibatda har qanday tadbir quruq gap bo‘lib qolaveradi.

Shu o‘rinda bir taklifni o‘rtaga tashlashni maqsadga muvofiq deb bilaman. Pedagogika institutlarining ko‘pchiligida rus gruppalarda o‘zbek tili o‘qitiladi. Unga ajratilgan soatlar ham har xil. Masalan, Nizomiy nomli pedagogika institutida 180 soat, ilgari 240 soat bo‘lgan.

Ammo bu til o‘rgatish uchun mutlaqo yetarli emas. Barcha studentlar o‘zbek tilining maktabda yaxshi o‘qitilmaganidan nolishadi. Shu o‘rinda men studentlarni haq deb bilaman. Rus maktablarida o‘zbek tili dars soatlari miqdorini (hozir haftada 2 soat atrofida) keskin oshirishni va o‘zbek maktablaridagi rus tili darslari kabi 1-sinfdan boshlash kerakligini hozirgi davr taqozo etadi. Hamonki, til internatsional tarbiyaning qudratli qurollaridan biri ekan, bunday qurolni bolaning juda yoshligidan boshlamoq mantiqlidir.

Ayni paytda faqat pedagogika institutlarida yoki universitetlardagina emas, balki respublikamizdagi barcha institutlarda, o‘quv yurtlarida (ixtisosidan qat’i nazar) rus gruppalarida o‘zbek tilini o‘qitishning joriy etilishi juda zarur. Axir, o‘zbek tilini bilmaydigan, ammo qishloq joylarida ishlaydigan medikning, injenerning, irrigatorning, madaniyat xodimi va boshqa mutaxassislarning qanday faoliyat ko‘rsatishini tasavvur etib ko‘ring. Hozir o‘zbek tilini o‘rgatadigan xilma-xil kurslar tashkil etilmoqda. Buni ma’qullamoq kerak.

Rus o‘quvchilari va studentlari uchun mo‘ljallaigan darsliklar (o‘zbek tili bo‘yicha)ning sifati va saviyasi toqat qilib bo‘lmaydigan darajada. Bu haqda ko‘p yozilyapti. Toshkent shahridagi 149-maktabning o‘qituvchilari yaxshi bir taklifni o‘rtaga tashladilar. O‘zbek tili darsligini ikki kitobga bo‘lish kerak: o‘zbek tili darsligi va o‘zbek adabiyoti darsligi. «Hozirgi darslikda Alisher Navoiy haqidagi axborot bor-yo‘g‘i yarim betlik xolos», deydi ular. («Pioner Vostoka», 1988 y., 19 noyabr).

Oliy o‘quv yurtlari studentlari uchun chiqarilgan o‘zbek tili darsligi ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmaydi. Jumlalar, tekstlar juda og‘ir, g‘aliz, uslubiy jihatdan yaroqsiz. Materiallarning berilishi og‘zaki hamda yozma nutq malakasini hosil qilishga qaratilgan emas, grammatik material keragidan ortiq berilgan. Tematik leksikaga e’tibor yo‘q hisobi. Unda tilimiz jozibasi, jarangi, ohangi mutlaqo aks etgan emas.

Respublikamizda boshqa millat vakillarining o‘zbek tilini o‘rganishlarini osonlashtiradigan qo‘llanma va boshqa materiallarni yetarli deb bo‘lmaydi. Bir-ikki so‘zlashuv kitobi va mustaqil o‘rganuvchilar uchun qo‘llanmadan tashqari hech narsa yo‘q hisobi. Boshqa tillarda juda ko‘plab va xilma-xil rasmli suratlar, turli o‘yinlar asosida til o‘rgatishga bag‘ishlangan qo‘llanmalar, ma’lumotnomalar nashr etilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zbek tilida bunday tipdagi birorta kitob chiqarilgan emas. Shu o‘rinda o‘tmishdagi bir ijobiy faktni eslamaslikning iloji yo‘q. Inqilobdan oldin, undan keyin, to 30—40-yillarga qadar o‘zbek tilini juda ko‘plab o‘zbek bo‘lmagan kishilar tomonidan o‘rganilishiga yordam beruvchi kitoblar nashr qilingan. Misol tariqasida V. P. Nalivkin, Ye. D. Polivanov va boshqalarning kitoblarini ko‘rsatish mumkin. Inqilobdan avvalgi davrlarda ruslar tomonidan o‘zbek tilining keng o‘rganilishining ob’ektiv va sub’ektiv sabablari hozir tushunarli. 1893 yilning 20 dekabrida tashkil qilingan «Tashkentskoe realnoe uchiliщe»da o‘zbek tilini o‘qitish o‘quv programmasiga kiritilgan edi. Shu bilim yurtining o‘qituvchisi M. S. Andreev «Rukovodstvo dlya pervonachalnogo obucheniya sartovskomu yazыku v Tashkentskom realnom uchiliщe» (1899), boshqa bir o‘qituvchi L. A. Zimin esa «U chebnik sartovskogo yazыka, osnovannыy na naturalnom metode» (2-nashri, Toshkent, 1914) degan qo‘llanmalar tuzgan edi. 1902 yilda Sharqshunoslik jamiyatining Toshkent bo‘limi tomonidan «Ruslar uchun pulli kechki sart va fors tillari kurslari» tashkil etilgan bo‘lib, o‘zbek tilidan P. Ye. Kuznetsov dars bergan. V. P. Nalivkinning «Rukovodstvo k prakticheskomu izucheniyu sartovskogo yazыka» (Toshkent, 1899) nomli kitobi asosiy darslik vazifasini o‘tagan.

Turkiston o‘lkasining o‘sha davrdagi ma’muriyati tomonidan o‘zbek va boshqa mahalliy tillarni o‘rganish har taraflama rag‘batlantirilgan. Turkiston general-gubernatorining 1905 yil dekabridagi xatida, jumladan, shunday deyilgan edi: «1. Ma’muriyatning barcha amaldorlariga, to uezd boshliqlariga qadar, mahalliy tillarni o‘rganish topshirilsin... 7. Rag‘batlantiruvchi chora sifatida mahalliy tilni o‘rganganligi uchun ularning maoshiga qo‘shimcha haq tayin qilinsin».

Oktyabr inqilobidan keyin ko‘p ishlar qilindi. Ammo keyingi qariyb 40 yil ichida boshqa millat vakillariga o‘zbek tilini o‘qitish ishi o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Faqat rus tilini o‘rganishgina zo‘r berib targ‘ib qilindi, o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan bu ishning ikkinchi tomoni, ya’ni o‘zbek tilini o‘rganish «esdan chiqarib qo‘yildi».

Mamnuniyat bilan aytish lozimki, bugungi oshkoralik sharofati bois bu ishga alohida e’tibor qilinib, til muammolariday muhim va murakkab masalalar odilona qal etilmoqda. Har bir xalq o‘z tilini mukammal bilmog‘i, boshqa xalqlar tillariga hurmat bilan yondashmog‘i lozim. Bu, shubhasiz, ular o‘rtasidagi do‘stlikni mustaqkamlaydi. Axir, til mavqei — el mavqei. Shuning uchun o‘zbek tilini o‘qitish sohasida yig‘ilib qolgan muammolarni tezlik bilan hal qilish filologlardan, qolaversa, barcha ziyolilarimizdan alohida safarbarlikni talab etadi.

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 6-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.