background
logotype

Nurali Qobul. Xalq qalbidagi og‘riq (1987)

Aytsam o‘ldirarlar,
Aytmasam o‘lam...
Xalq qo‘shig‘i.

Otam pensiyaga chiqqan bo‘lsalar-da, kolxozda brigadirlik qiladilar. (Bizda o‘nboshi ham deyishadi.) Bugungi kun muammolari, o‘tgan-ketgan gaplar tegrasida o‘zaro musohaba qilamiz. Fikrlarimni iloji boricha yumshoq, mulohazakor ohangda uqtirishga tirishaman. Aks holda otamni ranjitib qo‘yishim mumkin. Xalqlar dohiysi u kishining fikru zikriga xudodek o‘rnashib qolgan shekilli, bundan o‘n yillar burun: «Qani endi, Stalindek yana bittasi paydo bo‘lib, bu bemazagarchiliklarga barham bersa», derdilar. Biroq o‘sha paytda e’tiroz bildirishga jur’at etolmasdim. Vaholanki bobom Qobul Ibrohim o‘g‘li 1938 yilda, Qozog‘iston dashtlarida Sibir surgunidan so‘nggi o‘n yetti kunlik suvsizlik va azob-uqubatdan halok bo‘lgan. Otam esa bobomning o‘limiga Stalinni aybdor deb bilmaydi. «O‘zimizmkilar padarimning boshini yeyishdi», deydilar xursinib. Ammo bir kun kelib, mana shu o‘zining o‘zagini qirquvchilarga o‘sha Iosif Stalin oq fotiha berganligini, bobom singari yuz minglab nohaq umri xazon bo‘lganlarning oldingi safida Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Fayzulla Xo‘jaev, Akmal Ikromov kabi o‘zbek xalqining farzandlari turganligini anglasalar kerak deb uylayman.

Qatag‘on yillarida partiya va Sovet hukumatiga bo‘lgan sadoqat «dohiy Stalin»ga bo‘lgan munosabat va u xush ko‘rmaydigan shaxslarni bartaraf etish bilan o‘lchangan. (Bu olatasirda Stalinga chin dildan mehr qo‘yganlarning ham boshi ketavergan.) Odamlar o‘z jonlarini o‘ylab, har qanday qabih ishdan bosh tortmaganlar. Ular bu bilan sotsializmga, jahon inqilobiga xizmat qilmoqdamiz deb o‘ylaganlar. Elliginchi, oltmishinchi va yetmishinchi yillarda esa demokratiyani oyoq osti qilganlar ham o‘zlarini shunday his etgan bo‘lsalar kerak. Har ikki davrda ham fojia (baliq boshidan deganlaridek) eng eng yuqorining noto‘g‘ri yo‘ldan yurayotganligidan, ular hech qachon xalqqa to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata olmasliklarini anglab yetmasliklari va yetolmasliklaridan kelib chiqqan.

Hozir bor gap nisbatan ochiq-oydin aytilayotgan (biz buni endi o‘rganyapmiz) kunda Stalin shaxsi xususida har xil fikrlar, bahslar bo‘lmoqda. Men «Salom, tog‘lar» va «Sangzor» qissalarimda o‘sha yillar fojiasini qurbim yetgancha yozishga uringanman. O‘sha — Stalin yakkahokimligi davrida sog‘lom fikrlaydigan ko‘pchilik kishilar, fozil va komil odamlar u boshliq davlat mashinasi amalga oshirayotgan qonli siyosatning bor dahshati va oxir-oqibatini chuqur his etganlar. Ana shu sog‘lom fikrlovchi odamlar Stalin va stalinchilar qilayotgan ishning asl mohiyatini bilganlari, erta bir kun o‘zining go‘riga g‘isht qalaydiganlar ham xuddi mana shular bo‘lishini anglagani uchun «xalqlar dohiysi» ularni yo‘q qilishga kirishgan edi. Stalin vafotidan so‘ng, F. F. Raskolnikov aytganidek, «kimning haqiqiy xalq dushmani ekanligi» ochildi. Biroq elliginchi yillarning oxiri va oltmishinchi yillar boshidagi pedant va konservator rahbarlarning ojizligi va noqobilligi tufayli (partiya va hukumatning obro‘si to‘kilishini bahona qilishib) bu ish oxiriga yetkazilmadi. Stalin xususidagi bor haqiqat xalqqa to‘laligicha aytilmadi. O‘sha paytda chala aytilgan haqiqat endilikda jiddiy va hal qiluvchi izohni talab etib qoldi. (Biz odatdagidek nog‘orani doimo to‘ydan keyin chalamiz.) Yoshligimizda otalarimiz og‘zidan: «Stalin bo‘lmasa biz Gitlerga qul bo‘lardik. Nega u o‘lgandan keyin kamchiligini aytishadi? Mard bo‘lsang tirikligida ayt! Haqiqat yo‘q o‘zi!» — degan gaplarni bot-bot eshitardik. Stalin bo‘lmaganida bu urushning o‘zi bo‘lmasligi, bu harb tuturuqsiz g‘oyalar to‘qnashuvi ekanligi haqida hech kim og‘iz ochmasdi. Albatta bu o‘rinda xalqni ayblab bo‘lmaydi. Sababi, u bizning yarim ovozda aytilgan haqiqatimizga moslashdi. Biz uzoq yillar mobaynida xalqqa faqat o‘zimiz tuzgan ro‘yxat asosida taom berib keldik. Shuning uchun ham ko‘pchilikning ongidan bu chala e’tiqodni chiqarib tashlash mushkul edi. Bir necha o‘n va yuz yilliklardan so‘ng ham Stalinning tarafdorlari bo‘lingani tabiiy hol deb qabul qilmoq kerak.

Keyingi yillar voqealari, Xrushchev, Brejnev, Chernenko, Andropov, Ustinov va Suslovlarning yanada hayratlanarli taqdirlari bois Stalin xususida o‘z vaqtida aytilmagan haqiqat qayta bosh ko‘tardi.

L.I.Brejnev boshchiligida o‘tkazilgan siyosat paytida Stalin shaxsiga sig‘inish davri va uning oqibatlari haqida fikr yuritish qiyin edi. Aslida bu paytda ham o‘sha siyosat davom ettirilayotgan bo‘lib, faqat jonli qurbonlar kam edi. Biroq u paytdagi ma’naviy o‘pirilishlar o‘rnini qoplash uchun, bilmadim yana qancha yillar kerak bo‘ladi.

Biz endilikda astoydil tan olmoqdamiz: o‘tgan o‘n yilliklar mobaynida jamiyat rivoji susaydi. Odamlar uchun davlat narxida to‘rt kilo go‘sht topish qahramonlikka aylandi. (Kolbasa va pishloq haqida gapirmasayam bo‘ladi.) Shu o‘rinda bir gap. L.I.Brejnevga beshinchi Oltin Yulduz berilganligi haqidagi Oliy Sovet qarori o‘qilayotganda biz Oloy bozorida go‘sht uchun navbatda turgan edik. Shunda bir rus kampiri: «Hah olgan yulduzing yostiqqa qadalsin», deya qarg‘andi. Hammamiz qotib qoldik. Haqiqat shunday ayovsiz bo‘ladi.

Bunday olib qaraganda, biz, jahonning ikki buyuk davlatidan biri bo‘lmpsh SSSRda yetmish yil mobaynida hatto xalqning eng oddiy hayotiy ehtiyoji oziq-ovqat masalasi ham ko‘ngildagidek hal etilmadi. Katta umuminsoniy talablarni qo‘ya turing, oddiy bir mehnatkash kerak paytida magazindan bir kilo go‘sht yoki bir litr sut sotib olib, qozonini qaynata olmasa, buni normal holat deb bo‘ladimi? Shunday ekan, xalq qanchalik tanqid qilsa haqli. Gazetaning siyqa tili bilan aytganda, «biz kommunistlar — avangard» bo‘lib ularni mana shu kunga olib kelmadikmi?!

Bo‘ladigan gapni aytmoq kerak. Xalqimiz uzoq yillar mobaynida faqat yuqorining og‘ziga qarab o‘rganib qoldi. Shu tufayli ham quyidan tashabbuslar kamroq chiqyapti. Sababi o‘n, o‘n besh yillar burun (undan oldinroq ham) bunday tashabbuskorlar taqdirlanish o‘rniga jazolanganlar. Jazolanishi kerak bo‘lgan ayrim jinoyatchilar esa, qutulib qoldilar.

Shu o‘rinda Stalin davridan bir misol. Xalqning vijdoni bo‘lgan minglab kishilarni yolg‘on ayblar asosida ottirib, qamattirib yuborishda bosh rolni o‘ynagan SSSR bosh prokurori Vishinekiy Arbat politsiyasining boshlig‘i sifatida Vladimir Ilich Leninni qamoqqa olishga sanktsiya bergan odam ekanligini nahotki Stalin bilmagan bo‘lsa? Kuyib-pishib Stalinni oqlashga urinuvchi kishilar mana shu kabi o‘nlab oddiy faktlarni bilisharmikan yoki o‘z aql doiralari darajasida yana biror yolg‘onni o‘ylab topisharmikan? Stalin buni bilgan. Juda yaxshi bilgan. Fojia shundaki, unga xuddi shunday odamlar kerak edi. Qo‘lostidagi «Temirtan»ni istagan paytida yumshoq joyiga tepish uchun hokimi mutloqlar ana shunday bir zot qartani olib qo‘yadilar. Bu azaldan sinalgan, tuban bir usuldir. Stalin hech qachon o‘zini Lenindan kam deb bilmagan. Hokimiyatni boshqargan yillari esa u Lenindan qalqon sifatida foydalandi. V.I.Lenin, I.V.Stalinni bosh kotiblikdan olish kerakligini qayta-qayta uqtirsa-da, o‘rniga birorta kishini tavsiya etmadi.

Hozirda odamlar Brejnev va uning salaflari xususida ham bir paytlar Stalin haqida aytilgan gaplarni takrorlamoqdalar. Musulmonchilikda ham, boshqa dinda ham, umuman insoniylik nuqtai nazaridan yaxshimi, yomonmi marhumni oyoq osti qilmaydilar (hamma emas, albatta), mana shu rahbarlar davrida xalqning qorni to‘yib, etiga jir bitdi-ku, demoqdalar. Albatta bu gaplarda jon bor. Lekin xalqning hayoti bundan o‘n chandon yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini shu kishilar o‘ylab ko‘risharmikan?

Respublikamizdan qirq ming atrofida odam jinoiy javobgarlikka tortildi, degan gap har birimizning yuragimizga sanchiladi. Bu necha yuz minglab tirik yetimlar va kelajakda o‘zgalar nazarida olabo‘jiga aylanib qoladigan begunoh kishilar demakdir. Javobgarlikka tortilganlarning barchasi ongli ravishda jinoyat qilgan deb kkm ayta oladi? Bular eng avvalo o‘sha davrda yurgizilgan siyosatning qurbonlaridir. O‘shanda Markaziy Komitet binosi oldida o‘n farzandini ergashtirgan kolxozchi ayolni uchratdim. Jufgi halolini ozod qilishlarini so‘rab kelibdi. Kunim o‘tmay qoldi, bolalarimning ahvolini qarang, ustlari yupun, magazinchidan ham ancha qarz bo‘lib qoldik, deydi yer bilan bitta bo‘lib...

To‘rt yoshlar chamasidagi o‘g‘ilchasi nima deydi deng: «Ayajon, dadamni ko‘rsatishmayapti-ku?!» Aqlimga sig‘dirolmayman. Bu go‘dakning ko‘zlariga qarash va so‘zlarini tinglash uchun qanday yurak kerak?!

Bola-chaqasiga haftada ikki kilo go‘sht olib berishga qurbi yetmay, un oshi bilan oilasini boqayotgan oddiy dala qorovuli bilan boyligi musodara qilingan obkomning birinchi kotibini bir solishtirib ko‘ring-a?1

Nahotki odamlarimiz o‘rtasidagi tafovut shu qadar ulkanlashib ketsa. Axir o‘lgandan so‘ng suyagiga qarab qorovul bilan obkom kotibini ajratib bo‘lmaydi-ku?! Bu poraxo‘r o‘sha boyliklarni bir kun yoki bir oyda topmagan-ku! U bu boylikni necha o‘n yillar mobaynida yig‘maganmi? Porani uzluksiz va katta miqdorda olib turishning bosh sharti — o‘zini suyab turgan «nahang»larga ham uzatib turmoqdir. Aks holda busiz ish bitmaydi. Uzoq yillar mobaynida bunday kimsalarning erkin harakat qilishi uchun sharoit yaratib berildi. Tom ma’nodagi jinoyatchilarga imkoniyat yaratib berganlar ham ularga teng sherik emasmi?

Ko‘pchilik kishilar, o‘tganlarning xatolarini aytaverishdan nima foyda, hadeb orqaga o‘girilaveramizmi, oldinga qarasak bo‘lmaydimi, degan gapni ham takrorlashadi. Menimcha, bu nuqson va jinoyatlarni aytish o‘sha marhumlarning nomini yanada qora qilish uchun emas, balki ular qilgan noma’qulchiliklarni bugungi va kelajakdagi rahbarlar takrorlamasliklari uchun aytiladi va aytilmog‘i kerak.

Yana bir narsani ta’kidlashni joiz deb o‘ylayman. Ma’lum bir xalq yoki shaxsning Stalin yoki Brejnevga bo‘lgai ijobiy yoki salbiy munosabati o‘sha xalq yoki shaxsning ma’naviy-ma’rifiy darajasini ham ko‘rsatadi. Aqllimi, ahmoqmi, xalq kimgadir sig‘inib, uni boshiga ko‘tarib yashashni afzal ko‘radi. Ko‘p hollarda olomonga katta demokrat emas, Stalinga o‘xshagan dahshatli diktator kerak. (Menimcha, bunday rahbarlar davri endi qaytib kelmaydi.) Demokratlarning ustidan masxara qilib kuladilar, tahqirlaydilar. Xalq tabiatan qo‘rquvga moyilligi tufayli ba’zi hokimlardan o‘tkinchi payg‘ambarlar yasaydi.

Shu o‘rinda dinga munosabat masalasini ham qayta ko‘rib chiqish lozim, deb o‘ylayman. Umuman, islommi, xristian yoki budda dinimi, ular ham marksizm-leninizm kabi bir falsafadir. Bularga munosabat bizning madaniyatsizligimizdan emas, balki madaniyatlilik va ma’rifatparvarligimizdan kelib chiqishi darkor. Biz qarshimizdagi odamni o‘z e’tiqodimizga ishontirib, ortimizdan ergashtira olmadikmi, uning e’tiqodini tepkilashga ham haqqimiz yo‘q. Respublikamizning juda ko‘p joylarida diniy o‘choq degan bahona bilan qabrlar tekislanib, obidaga aylanib qolgan chinorlar kesib tashlandi.

Baxmal rayonidagi Novqa oromgohida XIX asr me’morchilik obidasi bo‘lmish machitning usti didsizlarcha suvalib, tepasidagi yarimoy shakli olib tashlandi. (G‘alati voqeani qarangki, yarimoy shaklini olib tashlagan qishloq sovetining xodimi ruhiy kasalga chalinib, ishidan ham, sog‘ligidan ham ajraldi. Es-hushi butun odam bunday ishga qo‘l urmaydi.) Umuman, inson farzandi so‘nggi panoh topgan joyni oyoq osti qilish qaysi din, millat yoki elatning e’tiqodiga, qay bir odob-axloq doirasiga to‘g‘ri keladi. Bu qabildagi ahmoqona ishlarimiz bilan usiz ham bizga ishrnmay qolgan odamlarni o‘zimizdan bezdiramiz-ku! Axir dinga qarshi buldozer bilan kurashilmaydi-ku!

Bizning shu yo‘sindagi ahmoqona ateizmimiz bir kun kelib boshimizga balo bo‘ladi. Bekorga M.I.Kalinin: «Masjidga kirgan kommunist bosh kiyimini olishi shart emas», demagan. Bu bilan u xudojo‘y bo‘lib qolmaydi. O‘zining madaniyatli inson ekanligini, xalqni hurmat qilishini yana bir bor ta’kidlagan bo‘ladi. O‘n-o‘n besh chog‘li qariya janoza o‘qib, otangni mozorga eltsin-u, sen mehmonxonaga kirib, qon bosimini bahona qilib yotib olsang. Bundan katta beburdlik bo‘ladimi? Bu ish ham, o‘sha qariyalarga o‘z tepgdoshini odatdagidek ko‘mishga monelik qilshp ham odamlarning yuziga oyoq qo‘yishdir. Bir g‘alati holat, rayonda yashovchi amakimga, raykomlaringiz savodsiz, dumbul odam, dedim. «Ie, ahmoq bo‘lsa raykom bo‘larmidi?» —dedi amakim ustimdan kulib. Mana bizda xalqning rahbarga munooabati. Bizda kishilar boshingga cho‘pni tik turgizib qo‘ysa ham bo‘ysun, degan aqidaga amal qilib o‘rganishgan. Mnng afsuslar bo‘lsinkim, biz bu sodda odamlar ishonchini oyoq osti qilmoqqa o‘rganib qolganmiz.

Umuman, qanchalik ko‘p gapirilmasin, bizda kadrlarni (arabcha qodir so‘zidan kelib chiqqan) tanlash va biror yuqori lavozimga tavsiya etish uslubi yetarli takomillashmagan. Deylik, viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotibi yoki viloyat ijro raisini plenumda yoki sessiyada «saylash»ga tavsiya etishni uzog‘i bilan bir-ikki kishi hal qiladi. Markazdagilar bir gapni bilar deb, viloyat partiya qo‘mitasi a’zolari yoki viloyat Soveti deputatlari yuqoridan kimni tavsiya etishsa, saylayveradilar. O‘z vaqtida uylaridan millionlab so‘m boylik topilgan viloyat partiya qo‘mitasining birinchi kotiblari ham shu yo‘sinda «saylangan»lar. Biror yuksak lavozimga tavsiya etilayotgan kishi yuqoridagi jarayon oldidan yerli xalq bilan uchrashsa, odamlar dardini eshitsa, o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashsa, eng muhimi, oldiga qo‘yilgan muammolarni hal qila olishga qurbi yetishini chamalab ko‘rsa, umuman, o‘zi haqida xalqda tasavvur uyg‘otsa bo‘lmaydimi? Axir bu demokratiyaning oddiy shartlari-ku. Umrida O‘rta Osiyoni ko‘rmagan bir kishini Magadan yo Moskvadan olib kelib, yuqori partiya va sovet organlariga «saylab», bitta viloyatni topshirib qo‘yish ham demokratiyaga kiradimi? Inqilobdan ilgari podsho istagan odamini istagan joyiga gubernator, qo‘mondon yoki politsiya boshlig‘i qilib yuboravergan. Bizning undan farqimiz bo‘lsa kerak. Bu narsa birgina yerli xalqqa emas, shu yerda yashovchi boshqa millat vakillariga ham ishonchsizlikdir. G‘alati tomoni shundaki, hatto chor amaldorlari ham xalq oldiga milliy libosda chiqqanlar...

Qayta qurish shiorlar va ustma-ust majlislar o‘tkazish bilan amalga oshmaydi. «Besh so‘mlik yumushing o‘n besh so‘mga bitadigan bo‘lib qoldi-ku, uka! Qayta qurish deganing shumi?!» Bu gapni bir emas, o‘nlab odamlardan eshitdim. Bu odamlarning ahvolini anglamoq kerak. Farzandi yoki jigari o‘lim to‘shagida yotganida, u hayotini insonlar fojiasi ustiga quradigan aptekachi bilan tortishib o‘tirmaydi. Qiziq, jamiyatda o‘zgarishlar, ur-sur bo‘lib turganda aybdor olg‘irlar qolib ketib, sodda va do‘lvorlar tuzoqqa ilinadi.

O‘ttiz yettinchi yillar bedodliklari, kirqinchi yillar oxirining fojialari, oltmishinchi yillar boshlaridagi ma’naviy va iqtisodiy o‘pirilishlar, so‘nggi yillardagi uzoq davom etgan turg‘unlik davri, bugungi kundagi yer va tabiatning ayanchli ahvoli, Orol falokati — buning hammasi xalqimiz qalbidagi dardli og‘riqdir. Xato va nuqsonlarning ham chegarasi bo‘lishi kerak. Biz bu alamli og‘riqlarni davolamas ekanmiz, u yanada gazak oladi. Aks holda nima uchun yashayapmiz?..

Butun ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va sotsial-iqtisodiy sohalar qayta qurishdan najot kutmoqda. Yaqinda («LG») Rasputin: «Dunyoda bizdek xotirasiz mamlakat yo‘q», dedi alam bilan. Bunga men bizda esa O‘zbekistondek xotirasiz respublika yo‘q, deya qo‘shgim keladi. Axir Samarqanddagi o‘nlab osori atiqalar, Shahrisabzdagi Oqsaroy, Buxoro va Xivadagi me’morchilik obidalarining ahvolini ko‘rib turib, vijdonimizga aza tutaversak bo‘ladi, deya o‘ylaysan kishi.

Bitta brigada paxta planini bajarsa, butun Ittifoqqa jar solamiz. Lekin mangulikka daxldor bo‘lgan mana shu obidalarni ta’mirlash, uni ko‘z qorachig‘idek asrashdek mas’ul, tarixiy ish bilan hech kim jiddiy shug‘ullanmaydi. Agar mana shu ma’rifiy ishda siljish bo‘lmas ekan, avlodlar oldida bir umr yuzimiz shuvut bo‘lib qolajak!

Meditsina va maorifning ahvoli-chi? Bu sohalarda tubdan o‘zgarish bo‘lmas ekan, qayta qurish g‘oyasi tomir otmadi deyavering. Shifoxona deya atalmish bu dargohlarga bemalol joylasha olmaslikni bilamiz. Amallab joylashdingiz ham deylik. Qani endi «odamgarchilik» qilmasdan turib, tuzuk-quruq davolanib ko‘ring-chi? (Bir palatada ellik nafargacha bemorlar yotadigan kasalxonalarimiz bor.) Axir bu ahvolga qachonlardir chek qo‘yilishi kerak emasmi? Usiz ham meditsina xodimlarining mas’uliyatsizligi, noqobilligi, malakasizligi va kasbiga xpyonati tufayli qanchalab odamlar halok bo‘layotganligini kim inkor etadi?

O‘zi tarbiyalanishga muhtoj (hammasi emas albatta) ayrim murabbiylarimiz ma’rifatli insonni emas, shunchaki xat-savodli kishilarni ishlab chiqarmoqdalar. Mendagi juda ko‘plab aniq ma’lumotlarga qaraganda, olpy o‘quv yurtlariga kirishning narxi yanada oshib ketgan. Qayta qurish va jadallashtirish ko‘plar uchun «bir nimalik» bo‘lib qolishga xizmat qilayotir.

Bozorning qimmatlashib borayotganini aytmaysizmi? Oylik bilan tirikchilik qiluvchi odamning bozorga kirishga yuragi bezillaydi. Sharqda hech qachon bozor bu qadar qimmatlashmagan. Bolalarimiz bog‘u rog‘lar o‘lkasida yashab turib, tuzuk-quruq meva-cheva yeyolmaydigan bo‘lib qoldilar. (Ularning normadagidan kam go‘sht va sut mahsulotlarn yeyishi haqida aytmay qo‘ya qolay.) GDRda bo‘lganimda (juda ko‘p mamlakatlarda shunday) bolalar kiyim-kechaklarining arzonligidan hayratga tushdim. Bizda esa bitta bolangizni boshdan-oyoq kiyintirishga oylik maoshingiz ham yetmaydi. Ayrim rahbarlar mana shu kabi masalalarni chuqur o‘ylab ko‘rishlari va zarur tadbirlar belgilashlari shart deb o‘ylayman. Ayniqsa, O‘zbekistondek bolajon respublikada bu hast-mamot masalasidir.

...Biz haqiqatni yashira olmaymiz. Bizdan aqlliroq va diyonatliroq avlodlar bir kun kelib, albatta, oqni oqqa, qorani qoraga ajratib oladilar. Ular nazarida g‘oyat ojiz va vijdonsiz ko‘rinmaslik uchun biror ishni qoyillatmasak-da, to‘g‘ri gapni aytib o‘tmog‘imiz kerak. Vaqti-soati kelib, ular ota-bobolari bu qadar qo‘rqoq, nodon bo‘lganidan azob chekmasinlar.

Yo‘l qo‘yilgan xato hamda jinoyatlarning o‘rnini qoplash uchun qayta qurish shiori o‘rtaga tashlandi. Bu shundan so‘ng hamma narsa qayta qurilib, o‘zgarib qoladi, degan gap emas. Bu — dastavval ota-bobolarimiz amal qilib kelgan umuminsoniy hayot tartiblari asssida ishlab, odamdek yashay bilmoq demakdir. Har bir xalqning qay darajada yashashi uning o‘z o‘tmishiga munosabati, turmush madaniyati va kelajakka qay darajada ishonishi zaminiga quriladi. Men optimist odamman. Xalqning, lahad yoqasida ham umid yashaydi, degan iborasini bot-bot yodga olaman.

1987 yil.

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.