background
logotype

Nurislom To‘xliyev. Paxta yakkahokimligi (monokultura) haqida (1989)

Paxta yakkahokimligi (monokultura) keyingi bir necha yil ichida paydo bo‘lgan hodisa bo‘lmay, balki o‘zining qariyb yuz yillik rivojlanish tarixiga ega. Ma’lumki, o‘tgan asrning 60-yillarida O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi 90-yillarga borib, asosan, tugallandi. O‘lkamiz chorizmni va uning rivojlanib kelayotgan kapitalistik sanoatini birinchi navbatda arzon xom-ashyo manbai sifatida qiziqtirar edi. Agar 1886 yilda rus to‘qimachilik sanoati iste’mol qilgan paxta tolasining hajmi 123 ming tonnani tashkil qilib, shundan 96 foizi chet ellardan keltirilgan bo‘lsa, 1914 yilga kelib to‘qimachilik sanoati uchun jami 454 ming tonna paxta tolasi yetkazib berildi. Lekin bu tolaning faqat 48,7 protsentigina chet mamlakatlardan (Amerika va Misrdan) keltirilgan edi. Qolgan qismini esa O‘rta Osiyo xalqlari yetishtirdilar. Shunday qilib, 1886—1914 yillarda rus to‘qimachilik sanoatiga O‘rta Osiyodan paxta tolasi yetkazib berish 42 marta ko‘paydi. Agar 1888 yilda regionda 13,2 ming gektar sug‘oriladigan yerga paxta ekilgan bo‘lsa, 1914 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 600 ming gektarga yetdi. 1916 yilga kelib paxtaga ajratilgan ekin maydonlarining umumiy hajmi revolyutsiyagacha maksimal nuqtaga —748 ming gektarga yetib, eng yuqori, ya’ni 301 ming tonna paxta tolasi tayyorlandi.

Farg‘ona vodiysi revolyutsiyaga qadar ham O‘rta Osiyoda asosiy paxtachilik rayoni bo‘lgan. 65 foiz paxta maydoni vodiyda edi. Bu yerda monokultura o‘sha yillardayoq ildiz ota boshlagandi. Chunki sug‘oriladigan yerlarning 75 dan 100 foizigacha paxta ekilar edi.

1920—30 yillarda «paxta mustaqilligi uchun kurash», «paxta uchun kurash — sotsializm uchun kurash» shiorlari ostida yangi yerlar o‘zlashtirish hamda g‘alla va boshqa ekinlarni qisqartirish hisobiga paxta ekiladigan maydonlar jadal sur’atlar bilan kengaytirildi.

1914—1929 yillar orasida O‘zbekistonning sug‘oriladigan yerlarida paxta ekin maydoni 41,5 protsentga oshgan bo‘lsa, Turkmanistonda 38, Tojikistonda 28 martaga ko‘paydi. Shunga muvofiq ravishda g‘alla va boshqa donli o‘simliklar ekiladigan maydonlar bizning respublikamizda 31, Tojikistonda 50, Turkmanistonda 18 protsentga qisqardi. Shu bilan birga poliz, bog‘ va uzumzorlar bilan band bo‘lgan maydonlarni sezilarli kengaytirish imkoniyatlari ham cheklandi. Ilgari O‘rta Osiyoda g‘alla mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj ichki rezervlar evaziga to‘la qondirilardi. Paxta ekiladigan maydonlarning keskin o‘suvi hisobiga o‘lkada don taxchilligi vujudga keldi. Agar 1927—1928 yillarda O‘rta Osiyoga tashqaridan 560 ming tonna don mahsulotlari keltirilgan bo‘lsa, bu qo‘rsatkich besh yildan keyin 820 ming tonnaga yetdi.

50-yillarda qo‘riq va bo‘z yerlarni o‘zlashtirish uchun umumittifoq hashari boshlandi. Jizzax va Sirdaryo muzofotlarida, keyinchalik Qarshi va Surxon-Sherobod, Buxoro va Quyi Amudaryoda yangi-yangi paxta maydonlari ochildi. Bu esa 60-yillarning boshidayoq Amudaryo va Sirdaryo hamda Orol dengizida suvning keskin kamayishiga olib keldi. Shunday bo‘lsa-da, hozir respublika agrosanoati kompleksida paxtachilikning hissasi 70 foizni tashkil ztadi. Respublikadagi barcha ekin maydonlarining deyarli yarmiga, ya’ni 2 million gektardan ortig‘iga paxta ekilmoqda.

Shuni qayd qilish lozimki, jahon paxtachiligi allaqachon intensiv yo‘ldan, gektar hosildorligini oshirish hisobiga rivojlanmoqda. Keyingi 40 yil ichida jahonda paxta ishlab chiqarish 2 martaga oshgan bo‘lsa, paxta ekiladigan maydonlar 10 protsentga qisqardi. Bizda paxtachilikda ekstensiv yo‘l hamon saqlanib kelmoqda.

Qayta qurish, jamiyat hayotining barcha jabhalarini demokratlashtirish amalga oshirilayotgan bir paytda paxta yakkahokimligiga chek qo‘yish, paxta ishlab chiqarishni oqilona doirada chegaralash payti yetdi.

Tabiiyki, biz paxta yetishtirishdan butunlay yoki juda katta miqdorda voz kecholmaymiz. Gap monokulturani jilovlash, paxta ekiladigan yer maydonlarini jiddiy suratda kamaytirish ustida bormoqda. Agar xolisona fikr yuritadigan bo‘lsak, shuni aytish kerakki, iqtisodiy mustaqil respublika, butun xalq paxtachilikdan juda katta foyda ko‘rishi aniq. Chunki uni tashqi va ichki bozorda istagan mahsulotga ayirboshlash mumkin. U qimmati tezda buzilmaydigan mahsulot. Poliz, sabzavotchilik va bog‘dorchilik mahsulotlari esa bunday vazifani bajarmasligi mumkin.

Lekin paxta respublikaning o‘zida iloji boricha ko‘proq qayta ishlanishi va tayyor mahsulotga aylanishi uchun ham jon kuydirish lozim.

Nurislom To‘xliyev,

iqtisod fanlari doktori

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 7-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.