background
logotype

O‘tkir Hoshimov. Mantiq qani? (1989)

http://n.ziyouz.com/images/paxta.jpg

Bir muxbir o‘ndan ortiq yozma savol bilan murojaat etib, O‘zbekiston qishlog‘ining bugungi ahvoli, turli muammolar haqida mulohazalar aytishimni iltimos qildi. Bir savolni o‘qiganimda beg‘araz kuldim. «Birinchi marta qishloqqa borganingizda Sizda qanday taassurot qolgan?»

O‘zim qishloqda tug‘ilgan bo‘lsam, bolaligim qishloqda o‘tgan bo‘lsa, qanday qilib «birinchi marta borganimda» deb gapiray? Hamma qishloq bolalari qatori men ham shudringli o‘tloqlarda mol boqqanman, chillak o‘ynaganman, molxona tozalash, tappi yopish, kuzda yong‘oq qoqish, jiyda terish, tomsuvoq hashari... hammasi bo‘lgan. Bu gaplarni savolning ikkinchi qismiga aloqadorligi uchun aytyapman. «Bundan ancha yillar ilgari ko‘tarilgan, «xutor sistemasini yo‘qotamiz, shahar bilan qishloq o‘rtasidagi tafovutga chek qo‘yamiz», degan shior, Sizningcha qanday natija berdi?»

Bunisi endi jiddiy masala! Aslida shahar bilan qishloq tafovutini yo‘qotish niyati yomon emas edi: qishloq madaniyatini ko‘tarish, kolxozdagi yoshlarning shaharga ketib qolishini to‘xtatish... Afsus, orzu bilan hayot hamisha ham mos kelavermas ekan... Shahar tipidagi zamonaviy posyolka deganda, aksariyat hollarda ko‘z o‘ngimga mana bunday manzara keladi: chala-chulpa asfaltlangan ko‘cha. Qiyshayibroq qolgan beton sim-yog‘ochlar (chirog‘i yo‘q). Undan narisi suvsiz ariq va shag‘al to‘kilgan (yoki tag‘in o‘sha chala asfalt bosilgan) yo‘lka. Qeyin qator ketgan, bir-biriga aynan o‘xshaydigan, ochilsa yopilmaydigan, yopilsa ochilmaydigan yaxlit oynavand derazali ikki yoki bir qavatli fayzsiz uylar. Ko‘chaning bir betida oziq-ovqat do‘koni, oldida bidon ko‘tarib, sutga navbat kutayotgan odamlar (o‘zi sigir boqolmaganidan keyin sutni do‘kondan oladi-da); ikkinchi betida eshigi qulflog‘liq «Dom bita». Ko‘cha adog‘ida yozlik kinoteatr (nomi albatta «Kosmos» yoki «Orbita»)... Shahar bo‘lib shahar emas, qishloq bo‘lib qishloq emas. Qora bo‘yoqni quyuqlashtirib yuborayotgan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Lekin bari bir «shahar tipidagi posyolka» shaharga o‘xshasa, unda albatta markazlashgan isitish sistemasi, kanalizatsiya, issiq-sovuq suv, tabiiy gaz, aniqlik bilan qatnaydigan avtobus bo‘lishi kerak. Agar qishloq bo‘lsa, sharqiragan suvlari, soy bo‘yida soya-salqin choyxona, so‘rilar, sayroqi bedanalar bo‘lishi kerakmi, axir?

Bu — masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomondan qaraydigan bo‘lsak, bundan ham g‘alatiroq manzaraga duch kelamiz. Uch yil ilgari Arnasoy rayoniga paxta terimiga hasharga chiqqan qizimni ko‘rish uchun borgan edim. Soat 12 larda paykal chetiga pritsepli traktor kelib to‘xtadi. Pritsepdagi odamlar sakrab yerga tusha boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, bular — sovxoz ishchilari ekan. Xasharchilar soat-sakkizdan dalaga kirgan, ishchilar esa 12 da yetib kelishdi. Nachora, bir necha chaqirim naridan — «shahar tipidagi posyolka»dan traktorga osilib, yetib kelguncha vaqt o‘tadi-da!

Aslida, 70-yillarda paydo bo‘lgan «xutor sistemasi» degan gap bir-biridan 50—60 chaqirim masofada joylashgan, o‘rmonning u yoki bu burchida qolib ketgan o‘n-o‘n besh xonadon istiqomat qiladigan Rossiya xutorlariga aloqador tushuncha edi. O‘zbekistonda esa bunday xutorlar juda kam edi. Andaza bir xil bo‘ldi, dehqonlar shevqin-suronli ko‘cha chetiga qurilgan bir qolipdagi o‘ylarga ko‘chirildi... Eng yomoni — bunday «markazlashtirish» dehqonni yerdan ma’lum ma’noda ajratib qo‘ydi. U yer nafasini sezmaydigan bo‘lib qoldi. ...Shaharlik bolalar-ku, o‘z yo‘liga, hozir qishloq bolalari orasida ham molxonaga kirsa, burnini jiyiradiganlar uchraydi. Masalaning bu tomonlarini jiddiyroq o‘ylash mumkin emasmidi? Tuppa-tuzuk, obod qishloqlarni (o‘sha paytdagi ibora bilan aytganda — xutorlarni) buzib, posyolkalar qurgandan ko‘ra yangi o‘zlashtirilayotgan yerlarda, chinakam zamonaviy, qulay turar-joylar bunyod etish, cho‘lquvarlar uchun yaxshi sharoit yaratish har tomonlama arzon, foydali bo‘lmasmidi?

Aslida, bu — juda ham katta fojia emas. O‘ylab qarasangiz, qishloqdagina emas, boshqa joylar va sohalarda ham shu qadar antiqa «mantiq»lar, aniqrog‘i, mantiqsizliklar borki, hayron qolasiz. Odam erta bahordan kech kuzgacha ishlab, oxir-oqibat qarz bo‘lib qolishi va do‘kondan makaronni nasiyaga olishi mumkinmi? Bir xil mehnat uchun bir joyda, aytaylik uch so‘m, xuddi shunday mehnat uchun boshqa joyda bir so‘m haq olish mumkinmi?

Odam o‘z qo‘li bilan parvarishlab o‘stirgan, endi mevaga kirgan daraxtlarga o‘z qo‘ly bilan g‘arot solishi va bundan qanoat hosil qilishi mumkinmi?

Bir odam bir narsani sotolmay garang bo‘lsa-yu, boshqa odam xuddi o‘sha narsani ololmay boshi qotsa, buni nima bilan izohlash kerak?

Masalan, o‘n so‘m mablag‘ sarflab, o‘zi tayyorlagan mahsulotni sakkiz so‘mga sotgan, ya’ni etigini sotib, paytava olgan kishi qanaqa odam bo‘ladi?

Odam-o‘ziga yetishmay turgan narsani qo‘shnisiga berishi va aksincha, o‘zida ortiqchalik qilayotganidan qaerga qo‘yishni bilmaydigan narsani qo‘shnisidan tilanib olishi mumkinmi?

Tadbirli, ishning ko‘zini biladigan kishini «uchar», «lo‘ttivoz» deb ta’qib qilsa bo‘ladimi?

Odam qancha iste’dodli bo‘lsa, shuncha kam haq olishi kerakmi?

Parrandaning nomi shoirdan azizroq bo‘lishi mumkinmi?

Mumkin! Hammasi mumkin! Bular shu qadar «tabiiy mantiqki», o‘ylagan sayin kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yasan va oxir-oqibat yo o‘zing telbaga aylanasan yoki shuncha bema’niliklarni «kashf etgan» jishilarning aqli ko‘pligidan boshi tars yorilib ketmaganiga hayron qolasan!

Qayta qurish va oshkoralik zamonida yutuqlardan ko‘ra illat haqida ko‘proq gaplar aytilyapti, bu sohada ayniqsa qalamkashlar faollik ko‘rsatishyapti. Bundan birmuncha muddat avval O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida respublika partiya va davlat rahbarlarining bir guruh yozuvchilar bilan uchrashuvi bo‘ldi. Qariyb ikki kun davom etgan bu suhbatda ko‘p yillar mobaynida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tuzatish uchun qilinayotgan ishlar oshkora, do‘stona vaziyatda aytildi. Rosti men bir qalamkash sifatida mamnun bo‘ldim; yaxshi ishlar qilinyapti. Insof bilan e’tirof etish kerakki, uzoq yillar mobaynida izdan chiqqan narsalarni qisqa fursatda o‘nglab olish oson emas. Ustiga ustak, shunday muammolar borki, ularni respublika miqyosida, bamaslahat, bir yoqadan bosh chiqarib hal etsa bo‘ladi (shunday qilinyapti ham). Biroq shunday problemalar ham borki, ularni faqat respublikaning o‘zi yechishi mushkul. Ular bugun, kecha, o‘n yil, yigirma yil, hatto o‘ttiz yil ilgari paydo bo‘lgan emas. Ildizi olislarga borib taqaladi. Bunday muammolar ko‘p: iqtisodiy, maishiy, moddiy, ma’naviy...

Yigirmanchi yillarni eslaylik. Grajdanlar urushi... «Yer yuzidagi jamiki zolim boylarni yo‘qotamiz!» degan shior... Ajab, bu — yer yuzidagi jamiki boylarni yo‘qotib, hammani qatorasiga kambag‘al qilamiz, degan ma’noni anglatmasdi-ku! Lekin kolxoz tuzish paytida, amalda gap shuyoqqa aylanib ketmadimi?

Mustay Karimning «Bolalik yillarim» qissasida bir lavha bor. Asar qahramonlaridan biri — tadbirkor va nshbilarmon dehqon kolxozga kirishdan bosh tortadi. Men falonchi-pistonchiga o‘xshagan tanbal, pandavaqilar bilan ishlagandan ko‘ra kolxozga kirmaganim ma’qul deydi. Nozik ishora! Chindan ham shundaq bo‘ldi. Yer ilmini yaxshi biladigan, tadbirkor dehqonlar «quloq» qilindi, yer egasiz qoldi.

Eslab ko‘ring: yaqin-yaqinlargacha ziyolilar «oqbilak tekinxo‘rlar» deb kelindi. Hatto «intelligent» degan so‘zning o‘zi haqorat sifatida ishlatilar edi. Stalinchilik zamonida mamlakatning eng daho aqllari — partiya va davlat arboblari, olimlar, sarkardalar repressiya qilindi, lagerlarda it azobida o‘lib ketdi. Bu narsa sovet armiyasini urush boshlarida tahlikali ahvolga solib qo‘ydi, millionlab begunoh odamlarni nemis zambaragiga yem qildi. Sovet fani, adabiyoti, madaniyati va san’atining boshqa mamlakatlardan orqada qolishiga sabab bo‘ldi. Holbuki, oddiy haqiqat bor: har bir odam — akademikdan tortib farroshgacha o‘z sohasining ziyolisi bo‘lishi shart. Busiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

Stalindan keyin Xrushchyov zamonida yangi shior o‘ylab topildi: «Plyus butun mamlakatni ximiyalashtirish!» Ximiyalashtirishga shu qadar yeng shimarib kirishildiki, yer ham, osmon ham zaharga to‘ldi. Kimyoga to‘la ovqat yedik, chet elda yamoqchilar etik moylayotgan paytda kiyadigan yelim jomakorni mehmonga borganda kiyib, ko‘z-ko‘z qildik...

Keyin... Brejnev zamoni... Foydasi ko‘pmi, zararimi, tushunib bo‘lmaydigan «asr qurilishi» — BAM... Orolni ajal yoqasiga olib kelgan suv omborlari... Yuz gektar yangi yerni o‘zlashtirib, sakson gektar tayyor yerni boy berishlar... Monokulturalar... Qo‘shib yozishlar... Afg‘onistondagi be’mani urush...

Keling, gapni chuvalashtirmay, asosiy maqsadga qaytaylik.

Shunday qilib, nima uchun dehqon (aytaylik, o‘zbek paxtakorlari) erta bahordan to kech kuzgacha ishlab ustiga ustak davlatdan qarzdor bo‘lib qoladi?

Men iqtisodchi emasman. Raqamlaru hisob-kitoblarni umumlashtirib aytishga majburman. Iqtisodiyotchilarimizdan gina qilsak arziydi. Bir tsentner (boringki, bir kilo) paxtani yetishtirish uchun yerni shudgorlashdan tortib, hosilni zavodga yetkazib berguncha qancha mehnat, qancha mablag‘ sarflanishi (ya’ni paxtaning tannarxi qanchaga tushishi)ni tiyin-tiyingacha aniq hisoblab bergan iqtisodchi olimni ham, xuddi o‘sha bir tsentner (boringki, bir kilo) paxta zavodga borganidan keyin uning tolasidan mato va kiyim, chigitdan — yog‘, porox, nitroglitsirin, kord, glyukoza, sovun, shulxa, kunjara va boshqa shu kabi o‘nlab oxirgi mahsulotlar olinguncha qancha mablag‘, ishchi kuchi, energiya sarflanishiyu paxta oxir oqibatda davlatga necha so‘m daromad keltirishini aniq-ravshan hisob-kitob qilib bergan azamatni hali uchratganimcha yo‘q.

Sababi oddiy: bir iqtisodchi paxtaning qishloq xo‘jalik jihati bilan ovora, boshqasi tola bilan, zsha biri chigit bilan, tag‘in bittasi yengil sanoat bilan, yana biri yog‘-moy bilan... o‘sha «daho» iqtisodchilar >bir yerga to‘planib, shu muammo ustida bosh qotiryshi, aqalli bugungi oshkoralik zamonida «hoy, birodarlar, bir kilo paxta oxi-r-oqibat mamlakatimizga •falon so‘m, falon tiyin sof daromad keltiradi, bu texnik ekin davlat tomonidan noinsoflarcha arzon-tarovga sotib olinyapti, agar uning narxi falon so‘m «bo‘lsa, adolat qaror topadi», deb isbotlab berishi-na-hotki shunchalik qiyin bo‘lsa?

Albatta, paxtakor zahmati oson emasligini vijdonan aytayotgan imonli olimlar yo‘q emas. Iqtisod fanlari doktori V. A. Osminin bir tsentner paxta yetishtirish uchun ketadigan mehnat xuddi shuncha g‘alla yetishtirishga ketadigan mehnatga nisbatan 22 marta ko‘pligini, ayni paytda g‘allaga davlat tomonidan to‘lanadigan haqqa nisbatan paxtaga to‘lanadigan pul bor-yo‘g‘i 4—5 marta ortiqligini, qolaversa, O‘zbekistondan qardosh respublikalarga olib ketiladigan tola (chigit va undan olinadigan o‘nlab mahsulotlarni hisobga olmagan taqdirda ham) qayta ishlanib, tayyor mahsulot darajasiga yetkaziladigan joylarda 25 milliard so‘mlik milliy daromad berishini yozib chiqdi. Rahmat shu olimga!

Respublikamiz rahbariyati bunday adolatsizlikka chek qo‘yish va paxta tolasidan keladigan sof foydaning aqalli bir ulushini O‘zbekiston milliy byudjetiga o‘tkazish masalasini qo‘yayotgani, bundan tashqari shaxtaga to‘lanadigan haqni oshirishni talab qilayotgani bejiz emas. Biroq paxtaning tannarxini sun’iy ravishda qimmatlashtirib yuborayotgan va oxir oqibat yil bo‘yi ishlagan paxtakorni qarzdor qilib qishloq do‘konining «nasiya daftariga» qaysi kuni necha kilo makaron-olganini qayd etishga majbur qilayotgan boshqa omillar ham bor.

Mana ular: bundan bir necha yil avval «T-4-A»-(«Oltoy») haydov traktorining bahosi 4 ming 100 so‘m edi. Hozir 10.000 so‘mdan oshdi (Bu sershovkin traktor qanday qilib ikki yarim hissa «zo‘r» bo‘lib ketganini hech kim tushunmaydi). Ustiga ustak, avval bu traktorga xo‘jalik 50 foiz pul o‘tkazib, qolgan narxini yilma-yil to‘lab borardi. Hozir bor bo‘yicha sotib oladi. Demak, kolxoz xarajati keskin oshib ketadi. Raislar «Xudo xayringni bersin, menga bunaqa traktor kerakmas, o‘zimniki yetarli, desa, olasan deb tiqilinch qilishadi. «Siyloviga» keraksiz ehtiyot qismlarni yopishtirishadi. (Zavod ishlab chiqqan mashinani kimdir sotib olishi kerak-ku!) Bundan bir necha yil avval «T-28» markali traktor bahosi 3800 so‘m edi. Endi 8.300 so‘m (Hayron qolasan kishi: nima, bu traktor kabinasida sovutgichdan tortib saunagacha bormi?) Paxta terish kombaynlari 8 ming so‘mdan 18 mingga chiqdi (Tuyasidan qo‘ng‘irog‘i qimmatlashib ketmayaptimi?).

U yog‘ini so‘rasangiz, so‘nggi 50 yil ichida bir gektar» yerga ishlatiladigan asosiy moddiy fondlar, sarfiyoti bir necha o‘n marta oshdi. Zamonaviy texnika, zamonaviy yonilg‘i, zamonaviy moylash materiallari, zamonaviy o‘g‘it... Ammo zamonaviy hosildorlik o‘nlab marta oshmaydi-ku. (Yer jonli organizm, imkoniyatiz cheklangan). Shu tariqa har gektar yerning iqtisodiy samaradorligi pasayib ketdi.

Keyingi yillarda xo‘jaliklarda ishlatiladigan yonilg‘i (solyarka) bahosi 2 hissa, azot o‘g‘itlari narxi 3,5 hissa ko‘tarildi. Paxtaning davlat xarid bahosi esa deyarli o‘zgarmadi. Ahvol shu holda davom etaversa, paxtakor ishlayveradi va qarzdor bo‘lib qolaveradi.

Farg‘ona vodiysida bir xo‘jalik urug‘chilik bilan shug‘ullanadi (Nomini aytmayman: ko‘z tegmasin!). Bir gektar maydondan 15 ming so‘mlik piyoz urug‘i olinadi. Albatta, hamma yerdan piyoz urug‘i olish shart emas, kerak ham emas. Lekin bir gektar paxtadan 40 tsentner hosil olinganida bu hom ashe bahosi o‘rtacha 2 ming 500 so‘m bo‘lishini hisobga olsak, piyoz urug‘i olti marta ko‘proq pulga aylanishi ayon bo‘ladi. G‘alati mantiq (Xudo asrasin, bu bilan urug‘chilarning pulini kamaytirish kerak demoqchi emasman, paxtakornikini ko‘paytirish kerak demoqchiman).

Ikkinchi muammo. Respublika miqyosida emas, mamlakat darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan, deyarli, 60 yildan beri yechilmay kelayotgan masala. Nima sababdan bir xildagi mehnati uchun birov 3 so‘m, boshqa birov 1 so‘m haq olishi kerak?

O‘zbekistonda a’lo navli pillaning kilosi 12 so‘mdan sotib olinadi. Ming rahmat: bu tadbir so‘nggi yillarda amalga oshirildi. Avval pilla boqqanga «nosvoy puli» ham tegmas edi. Pillaning o‘rtacha xarid bahosi respublikamizda 6 so‘mlarga to‘g‘ri keladi. Yerimiz bilan yeri, suvimiz bilan suvi tutash bo‘lgan qardosh Qirg‘izistonda oliy navli pillaning bir kilosi 20 so‘m, Ozarbayjonda esa bir kilo oliy navli pillaning davlat xarid bahrsi 25 so‘m, o‘rtachasi 17 so‘mga to‘g‘ri keladi. Qiziq, O‘zbekistonda pilla qurti Qirg‘iziston yoki Ozarbayjondagi qurtlardan kamroq tut barg‘i yeydimi? Yoki bir oy emas, bir haftada pilla o‘rashga tushadimi? Nima uchun o‘zbek pillakori qardosh Ozarbayjon pillachisiga nisbatan ikki-uch hissa kam haq olishi kerak? Qani mantiq?

Bundan ikki yil ilgari Urgutda bo‘lganimda quvongan edim. Xayriyat, og‘ir mehnatiga yarasha farovon turmush kechirayotgan odamlar ham bor ekan! Oilalar tamakizorlarni talashib oladi? Bola-chaqasi bilan ishlaydi. Lekin shunga yarasha o‘n jonli oila yiliga 10—15 ming so‘m daromad qiladi. Durust imoratlar quradi, orzu-havas ko‘radi... Buni qarangki, so‘nggi yillarda ushbu mashaqqatli mehnat (ishonmagan odam tamaki plantatsiyasida bir soat aylanib ko‘rsin) ham cho‘michda qoqiladigan bo‘pti. Avvallari bir gektar yerdan olingan ortiqcha hosilga 1.5—2 baravar ustama haq to‘langan. Oilalar jon-jahdi bilan ishlagan. Endi esa plandan ortiqcha tamakini olmaslikka qaror qiingan. Bu ham yetmagandek, kolxozchilar texnika, yonilg‘i, o‘g‘it... balo-battarlar uchun o‘z daromadidan 40 foiz atrofida haq to‘lagan va ba’zilar qarzdor bo‘lib qolgan. Savol tug‘iladi: to‘g‘ri, tamaki sog‘liq uchun zararli. Balki uni ortiqcha yetishtirish shart emasdir. Lekin dehqon ko‘proq mehnat qilgani va ko‘proq mahsulot yetishtirgani uchun aybdor emas-ku. Butun boshli oila ter to‘kib yetishtirgan qo‘shimcha 100 kilo tamakini chaqaloq bolasi-yu kampir buvisi bilan qo‘shilib cheksinmi?! Qayoqqa qo‘ysin?! Qani mantiq?!

Ichkilikbozlikka qarshi kurash uzumzorlarni yo‘q qilishdan boshlandi (Odamlar samagon tayyorlab, shakar anqoning urug‘iga aylanib ketgani o‘z yo‘liga). Ishtixon rayonidagi «Kommunizm» kolxozida 15 ming tup, Sverdlov nomli sovxozda 11 ming tup tokka qirov keldi. 1986 yili qabul punktlari odamlar ne mashaqqat bilan yetishtirgan arava-arava uzumni sotib olishdan bosh tortdi, uni molga berishni tavsiya qildi (Yaxshiyam sigirning esi yo‘q. Esi bo‘lsa, shuncha uzum yegani evaziga sut o‘rniga musallas berarmidi!...).

Bu — bitta rayondagi hangoma. Mamlakat bo‘yicha, esa millionlab gektar uzumzorlar qo‘porib tashlandi... Oy o‘tar, yil o‘tar... Payti kelib o‘shanda xato qilgan ekanmiz, deb afsuslanmasligimizga kim kafolat bera oladi!

Mayiz nega magazinda yo‘q, bozorda esa narxi osmon baravar?! Negaki mayiz yetishtirish oson emas. Sohibkor mayizning kilosini 2 so‘mdan davlatga sotishdan og‘rinadi. Undan ko‘ra 4 so‘mdan chayqovchiga sotadi. Chayqovchi esa 8 so‘mdan pullaydi. Davlat xarid bahosini jinday ko‘tarish yoki sohibkorning o‘ziga bozorda savdo qilish imkonini berish mumkin emasmi? Nega dehqon o‘zi yetishtirgan pomidorni «oraliq tashkilot» — qabul punktlariga topshirolmay sasitib yuboradi-yu, bozorda yoki magazinda pomidor topilmaydi? Nega shaftoli bazalarda chirib yotadi-ku magazinda ko‘rinmaydi? Birov sotolmay garang, birov ololmay... Nima uchun bir xo‘jalik o‘z mahsulotini xohlagan paytda xohlagan joyida sotmasligi kerak! Qani mantiq?!

Biz bir tomondan tekinxo‘r chayqovchilarga qarshi kurashamiz, ikkinchi tomondan ularga o‘zimiz yo‘l ochib beramiz. Bir misol. Haqqulobodda mol bozori bor. Haftada bir marta bozor bo‘ladi. Darvozadan kirib kelgan har bosh mayda tuyoqli mol hisobiga bir so‘mdan, qoramol uchun uch so‘mdan «cho‘tal» olinadi. Bir-bozorda o‘rtacha ming bosh mol savdo qilinsa, ikka ming so‘m tushadi. Demak, oyiga 8 ming so‘m. Bozor mutasaddilari bu pulning arzimagan ulushini davlatga topshirib, qolganini kissaga uradi. Endi tasavvur qiling: mehmonxonadagi o‘rtacharoq joyning bahosi ham 3 so‘m. Mehmon bu pulni to‘lab, bir kecha-kunduz oppoq to‘shaklarda dam olishi, elektr energiyasidan, radio, televizor, telefondan foydalanishi mumkin. Mol yetaklab bozorga borgan chorvador yoki dehqon esa oftob tig‘ida yoki yomg‘ir ostida yarim kun turgani uchun shuncha haq to‘laydi. Bu — mol boqqan oddiy mehnatkashni qaqshatib, bozorchini boyitish emasmi?

Umuman, dehqonning bozorga borishi yo‘lida talay g‘ovlar bor. Deylik kimdir tomorqasida bodring, pomidor, gilos yoki qulupnay yetishtirdi. To‘rt paqir bodring yoki ikki paqir uzumni bozorga olib boray desa, ulovi yo‘q, yo‘lkira, tarozi haqi, joy haqi to‘lashi kerak. Bu ham yetmagandek, bozorni egallab olgan chayqovchilar uni «eb qo‘yadi». Shunday ekan, xo‘jaliklarning o‘zi shaharda, sanoat rayonlarida do‘kon ochishi, bittami-ikkita yuk mashinasi ajratishi, dehqondan o‘sha mahsulotni insofliroq bahoda sotib olishi, imonli pensionerlardan birini shu ishga mutasaddi qilib qo‘yishi mumkinmi? Boringki, kolxozning o‘z do‘koni bo‘lmasa, shu yo‘l bilan mahsulotni bozorga chiqarishi mumkinmi? Mumkinmas! Qoidada bunisi yozilmagan. O‘zimiz yo‘q joydan muammo chiqaramiz-da, unga qarshi o‘zimiz «qahramonona» kurashib yuraveramiz. Xo‘jalik yuritishni qachon o‘rganamiz, axir?

Oltiariq rayonidagi «Oktyabr 60 yilligi» sovxozida bo‘ldik. Bu — Qiziltepa zonasida ochilgan yangi sovxoz. Cho‘lquvarlar bilan uchrashdik. Odatdagi gaplar aytildi. «Siz — peshonasi cho‘l shamolidan yaltiragan, qalb da’vati bilan cho‘l quvishga kelgan o‘tyurak yoshlar...» «O‘tyurak yoshlar» orasida soqoli ko‘ksiga tushgan chollar ham, sakkiz nafar bolani katta qilib qo‘ygan onalar ham oz emas edi.

— Bilaman, — dedim, —Farg‘ona vodiysida aholi zich. Sizlar yangi yerda tomorqa tuzukroq bo‘lishini, bola-chaqalaring, emin-erkinroq yashashini, durustroq maosh olishni o‘ylab cho‘lga kelgansizlar. Tup qo‘yib palak yozinglar!

— Bor ekansiz-ku, aka! — Sovxoz direktori Erkin Toyirov rostiga ko‘chib qo‘yaqoldi. — Yerga ham tushaylik-da, mundoq. Osmonda muallaq yuraverib charchab ketdik-ku.

Sovxozda direktsiya idorasi yo‘q. Direktor katalakdek xonada o‘tiradi. Ammo ishchilarga zamonaviy uylar qurilgan. Insof bilan aytganda, yaxshi uylar. Tabiiy gaz keltirilgan. Deyarli har bir xonadonda qoramol bor. Bolalarga yaxshi bog‘cha qurib berishgan. Kichkintoylar go‘sht, sut, ho‘l meva, kartoshka, sabzavot bilan muntazam ta’minlab turiladi. Agar O‘zbekiston qishloq ahli jon boshiga go‘sht iste’mol qilnshda mamlakat miqyosidan 6—7 marta, Moskva shahri aholisidan esa qariyb 20 marta orqada turishini, kartoshka iste’mol qilishda mamlakat miqyosidan 4 marta ortda qolayotganini hisobga olsak, sovxoz ta’minoti yomon emasligi ayon bo‘ladi.

Sovxozda bir tonna paxta tannarxi o‘rtacha 800 so‘mga tushadi va davlat uni o‘rtacha 600 so‘mga sotib oladi. Demak, kirimdan chiqim ko‘proq. Bu degani — xo‘jalik dotatsiyada o‘tiribdi, qarzga yashayapti. Hozir sovxoz yangi xo‘jalik, ammo olmoqning bermog‘i ham bor... Yana o‘sha g‘alati mantiq. Aslida-ku har qanday mantiqsizlik tagida ham bari bir qandaydir mantiq bo‘ladi. Masalan, to‘rtinchi navli paxta xo‘jalikka g‘irt ziyon. Lekin uni bari bir terib olib davlatga topshirish kerak. Agar bir tonna paxta chiqindisi — shulxa davlatga 2 so‘mdan tushishi, gldroliz zavodi undan 70 so‘m atrofida foyda ko‘rishini o‘ylasak, ba’zi narsalar oydinlashgandek bo‘ladi. Har qalay paxtakor xo‘jaliklarning dotatsiyada o‘tirishini aqlga sig‘dirish qiyin.

Yechimini kutayotgan muammolar boshqa sohalarda ham bor. Marg‘ilondagi «Atlas» ishlab chiqarish birlashmasi o‘zi to‘qigan mahsulotdan zarar ko‘rishini aytishdi. Ajab, «O‘tgan kunlar»dagi qashshoq Usta-Olim atlas to‘qigan, ammo almisoqdan qolgan usulda ishlagan o‘sha odam ham besh-o‘n tanga foyda ko‘rmasa, bu yumushni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardi. Ulkan, zamonaviy kombinat esa zararga ishlasa! Qani mantiq? Bu muammoni hech kim durustroq tushuntirib berolmadi. Faqat tushunganim shu bo‘ldiki, umuman olganda davlat ziyon ko‘rmaydi... Bilmadim, u yog‘iga aqlim yetmay qoldi.

Pilla deganda yodimga tushdi. Oltiariqda Mamatoji Ibrohimov degan qariya bor. Yoshi bir joyga borib qolgan bu odam tinib-tinchimaydi, doim biron yangilik yaratish payida bo‘ladi. Oqsoqol qiziq voqeani aytib berdi. Pillaning qorapachoq degani bo‘ladi. Qorapachoq pillaning kilosini Yaponiya 2 so‘mdan sotib oladi. Mamatoji aka o‘ylagan: yapon ahmoq emas, qorapachoqni bekorga olmaydi. O‘ylagan va... qorapachoq pilladan ipak tolasini ajratib olib sifatli atlas to‘qish yo‘lini topgan. Bu — yangi g‘oya. Ma’lumki, tsivilizatsiyaga erishgan har qanday mamlakatda g‘oya uchun haq to‘lanadi. Hatto maxsus shunday kasb ham bor. Mamatoji aka ko‘p eshiklarga bosh urgan (Bu fikrni ro‘yobga chiqarish uchun amalda sinash kerak, sinash uchun mablag‘ kerak). Pillashunos olimlar miyig‘ida kulib qo‘yaqolishgan, ipakchilik bobida shuncha ixtiro qilgan odamlar oldida kim bo‘pti bu kishi? Oxiri Mamatoji aka o‘z jamg‘armasi, bola-chaqasi, qarindosh-urug‘larining pulini to‘plab, ushbu usulning davlatga millionlab foyda keltirishini, uyda o‘tirgan minglab ayollarni ish bilan ta’minlashini tajribada isbotlagan. Hozir u atlasdagi bitta nuqson — suv tegsa rangi aynashining oldini olish ustida bosh qotiryapti.

— Atlasda yaxshi bir xususiyat bor, — deydi Mamatoji aka. — Badandagi toshmalarni yo‘qotadi, noxush hidni oladi. Agar atlasning rangi aynimasa, Frantsiya xohlagan pulga xohlagancha sotib olishga tayyor. Bir vaqtlar ota-bobolarimiz atlasga ishlov berishda o‘simlikdan olinadigan tabiiy ranglarni ishlatishgan. Balki shu yo‘lni o‘ylash kerakdir.

Aqalli mana shu g‘oyalari uchun ham Mamatoji akaga o‘xshagan kishilardan foydalanish kerak emasmi? Tasavvur qiling: Oltiariqda o‘n ming ayol ishlaydigan atlas fabrikasi ochilsa. Davlat foyda ko‘rsa, odamlar mehnat qilsa... Axir Farg‘ona vodiysidagi ortiqcha ishchi kuchlarini Sibirga jo‘natamizmi, Noqoratuproqqami deb bosh qotyaptiku...

Aslida bu masalada ham g‘alati «mantiq» ko‘zga tashlanayapti. O‘zbekiston Noqoratuproq zonalarga odam jo‘natishdan avval o‘sha zonalardagi tadbirkor-dehqonlar nega o‘z qishlog‘ini tark etdi degan savolni ham o‘ylash kerakdir... Qolaversa, nega O‘zbekistonda qurilayotgan sanoat korxonalariga markaziy rayonlardan ishchilar olib kelish kerak-da, bu yerdan u yoqqa ishsizlarni yuborish kerak? Bunaqa ko‘ch-ko‘ch qilib yurishlar davlatga arzon tushmaydi, shekilli... Shu yerning o‘zida paxta xom ashyosi, meva, sabzavotdan so‘nggi mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar qurilsa, mahalliy odamlarga hunar o‘rgatilsa, har taraflama foydali bo‘lmasmikan?

Menimcha, agar lozim bo‘lsa, bunday muammolar haqida ham ishning ko‘zini biladigan, hayot tajribasi ko‘p, iqtisodni suv qilib ichib yuborgan Mamatoji Ibrohimov singari otaxonlar, xalq vakillari bilan maslahatlashish ziyon qilmaydi. Holbuki, biz talantlarni hamisha ham yetarli darajada qadrlamaymiz.

Matbuotda yangicha soliq sistemasining qonun loyihasi e’lon qnlindi. Bu hujjat ijodkorlar o‘rtasida norozilik tug‘dirayapti. Ijod ahlining yillik daromadi ma’lum summadan oshsa, 20 foizdan 50 foizgacha davlatga o‘tkazish mo‘ljallangan. SSSR Yozuvchilar soyuzi pravleniesining birinchi sekretari V. V. Karpov SSSR Oliy Soveti sessiyasida yozuvchilar davlatning stanogini ishlatmasdan, havoni zaharlamasdan, ijodxonasida o‘tirib, dam olishi, otpuskasi, uyqusi, sog‘lig‘i hisobiga kitob yozib, davlatga avvalo ma’naviy, qolaversa, millionlab so‘m moddiy foyda keltirayotganini, oladigan qalam haqi esa juda kamligini kuyunib gapirgan edi. Shu yil boshida qalam haqi birmuncha oshdi. Uch oy o‘tib... manavi loyiha e’lon qilindi. Kompozitor bilan kommersantni, shoir bilan kombinatorni tenglashtirib bo‘ladimi? Demak, kinorejissyor iloji boricha, kamroq film qilishi, bastakor kamroq kuy yaratishi, xonanda kamroq qo‘shiq aytishi, yozuvchi kamroq asar yozishi kerakmi? Bu — mamlakatga ham moddiy, ham ma’naviy ziyon emasmi? Yil boshidagi qaror qayoqda qoldi-yu, bunisi qanaqa hujjat? Mantiq qani?!

Nihoyat yana bir masala.

Madaniy saviyamizga aloqador gap. Esli odam o‘z farzandiga nom qo‘yishda ming tomonni mulohaza qiladi. Lekin biz o‘zimiz yashab turgan ko‘chalar, o‘zimiz foydalanadigan madaniy muassasalar nomidagi mantiqiy g‘aribliklarga o‘rganib ketganmiz. Qaysi rayon markaziga borsam, «Kosmos» degan kinoteatrga ko‘zim tushadi. Hoy, baraka topkurlar, kosmosga «bosh-qorong‘i» bo‘lganmisizlar? Qolipni nega shunchalik yaxshi ko‘rasizlar? Shu rayonda biron tarixiy shaxs, urush qahramoni, davlat yoki madaniyat arbobi o‘tmaganmi? Shaxsga sig‘inish zamonlarida qon-qonimizga singib ketgan xavotir hissi, mas’uliyatdan xalos bo‘lish tuyg‘usi, bu borada ham o‘z ishini qilgan. To‘rt yil ilgari Andijonda bir voqeani eshitgandim. Jdanov nomida bir emas, bir qancha maktab bor ekan. Shulardan birini Bobur nomi bilan almashtirgan odamga jazo berilibdi... Bugun ayon bo‘ldiki, Jdanov shunaqangi «hunarlar» ko‘rsatgan ekanki, uning oldida Boburning «gunohi»dan savobi ko‘proq ekan. Hozir «Leningradning o‘zida Jdanov nomini jamiki muassasalaru ko‘chalardan yo‘qotish masalasi ko‘rilyapti.

Toshkent shahar ijroqo‘midagi toponimik komissiyaga a’zo bo‘lganimdan keyin ko‘p yillar mobaynida bu sohada talay xatolar qilinganini yana bir bor tushundim.

Aniq esimda bor: bundan rosa o‘ttiz yil avval mashhur demokrat shoir, rus xalqiga mehr bilan asarlar bag‘ishlagan Furqatning 100 yilligi keng nishonlangan edi. O‘shanda Chilonzor markazida granit tosh paydo bo‘ldi. Toshga shunday so‘zlar yozib qo‘yilgan, edi: «Bu yerda Furqat nomidagi maydon, «Furqat» kinoteatri bunyod etiladi, Furqatning haykali qo‘yiladi». Maydon bilan haykal suvga urib ketdi. Allaqanday gadoy topmas joydagi pastqam kinoteatrga Furqat nomi berildi. Granit tosh o‘rnida esa... «Chayka» kinoteatri qurildi. Bilmadim, chayka (chag‘alay) yaxshi qush bo‘lsa — bordir. Lekin chaykaning Toshkentga nima aloqasi bor? Toshkent dengiz bo‘yidagi shahar» bo‘lmasa, uni birov ko‘rib, birov ko‘rmagan bo‘lsa... Mabodo kinoteatrni qush nomi bilan atash shunchalik shart bo‘lsa, toshkentliklar yaxshiroq biladigan parrandalar ham oz emas: chumchuq, musicha, qizilishton, popishak... Bari bir tushunmayman: parrandaning nimasi shoirdan aziz? Qani mantiq?!

Bundan ikki yilcha ilgari do‘mbrobodlik otaxonlar dili og‘rib gapirishgan edi: allaqanday hunar-texnika bilim yurtidan «antiqa» iltimos bo‘pti: Do‘mbrobod degan so‘zni aytishga tili yaxshi kelishmayotgan emish. Shu boisdan uni «Solnechnaya» deb o‘zgartirsa bo‘lmasmikin, deb taklif qilishibdi. Ko‘ngilning ko‘chasini qarang! Aytaylik, men Moskvadagi Kuznetskiy most degan so‘zni aytishga tilim yaxshi kelishmayapti, Temir ko‘prik deb qo‘yaqolaylik, desam, sakkizta psixiatr meni sakkiz kun tekshirib, telbaga chiqargan bo‘lardi. Va to‘g‘ri qilardi!

Birgina Frunze rayonining o‘zida 30 dan ortiq almoyi-aljoyi nomdagi ko‘chalar bor ekan. Visokaya, Vremennaya, Zapadnaya, Zimnyaya, Kustarniy, Liteynaya, Nitonnaya, Korotkaya, Remontnaya,.. Boringki, Figurnaya, Parfyumernaya deganigacha bor (Tannoz bo‘p-ket-e!), 50—60 yil avval allaqanday «dodo» o‘ylab topgan bunday «go‘zal» nomlar tuppa-tuzuk odamlarning pasportini «bezab turibdi-yu» hech kim g‘ing demaydi. Nahotki, ismini abadiylashtirishga arziydigan odamlar yoki shu yerdagi tarixiy nomlar yo‘qbo‘lsa?!

Afsuski, bu kamchiliklarni tuzatish o‘rniga eski.. qolipdan chiqishni istamaydiganlar hamon uchrab turibdi. Toshkent ko‘chalarida o‘zbekcha yozuvlar bo‘lishi lozimligi qat’iy qilib aytildi. Rahbar tashkilotlar bu jo‘yali fikrni ma’qulladi. (Qachongacha Xurshidni Xurshida, Ziyo Saidni esa Ziya Saida deb o‘qish kerak?) Bu yumush uchun 400 ming mablag‘ ajratildi. Ish boshlandi. Shunda... «Tashkentskaya pravda» gazetasida «shahrimizda kasalxona va turarjoy binolari tanqis bo‘lib turganida buncha mablag‘ni bekorchi ishga sarflash shartmi» degan «g‘aroyib mantiqli» gap chiqdi. 70 yil mobaynida qilib kelingan xatolarni tuzatish uchun 400 ming emas, 4 million so‘m sarflasa ham arziydi!

Boshida aytganimdek, hozir kamchiliklar haqida ko‘p yozilayapti. Uzr, men ham nuqul shunaqa gaplar bilan sizlarni charchatdim. Respublikamizda talay yillar mobaynida yig‘ilib qolgan muammolarni yechish yo‘lida ko‘p xayrli ishlar qilinyapti. Ularni birdaniga hal etish qiyin. Bundan ko‘z yumish — gumrohlik bo‘lar edi. Lekin bu problemalar haqida gapirmasligimiz, ularni poyoniga yetkazishga birgalashib kirishmasligimiz ham mumkin emas. Maqsad— shu.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 16 may.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.