background
logotype

Ozod Otamirzaev, Abduhakim Qayumov. Oilani rejalashtirish nima? (1990)

http://ziyouz.uz/images/oila.jpg

Ma’lumki, oila jamiyatning asosi, birlamchi negizi hisoblanadi. Oilaga xos g‘am-tashvishlar va muammolar orqali jamiyatda tarkib topgan vaziyat aks etadi. Shuning uchun ham jamiyatimizda inqilobiy o‘zgarishlar amalga oshayotgan bugungi kunda sovet oilasining tarkib topishi va rivojlanishini chuqur o‘rganish katta ahamiyat kasb etadi. Bunda gap umuman oila to‘g‘risida yuritilmay, balki uning ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy va mintaqa sharoitlarida qanday rivojlanishi haqida borishi lozim. Mazkur holatni hisobga olish, ayniqsa, katta milliy o‘ziga xosliklarga ega bo‘lgan bizning ulkan mamlakatimiz uchun muhimdir.

SSSRdagi o‘ziga xos aholishunoslik jarayonlari, shu jumladan oilaning tarkib topishi va rivojlanishi xususiyatlari bo‘yicha O‘rta Osiyo alohida o‘rin egallaydi.

Oilani rejalashtirish masalasi ko‘pchilik, ayniqsa aholishunoslik sohasida mutaxassis bo‘lmaganlar tomonidan har xil ma’noda, ayrim hollarda esa butunlay noto‘g‘ri talqin etiladi. Keyingi paytlarda jumhuriyatimiz ro‘znoma va jaridalari sahifalarida oilani rejalatirish bo‘yicha ayrim fikrlar bildirilmoqda. Ularning aksariyatida oilani oqilona rejalashtirish deganda tug‘ilishni qisqartirish, ko‘p bolalik oiladan bolalarining soni o‘rtacha bo‘lgan oilaga o‘tish tushunilmoqda.

Aslida, oilani rejalashtirish keng qirrali, ilmiy, axloqiy va amaliy mazmunlarni o‘zida mujassamlashtirgan murakkab tushuncha ekanligini ta’kidlash lozim.

Jahon aholishunoslik ilmi amaliyotida bu tushuncha nisbatan yaqinda tan olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) aholishunoslik bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Butun jahon anjumanida (Buxarest, 1974 y.) «Aholishunoslik bo‘yicha butun dunyo dasturi» qabul qilingan bir paytda aholishunoslik fan sifatida tasdiqlandi. Mazkur anjuman ishida dunyoning 137 mamlakatidan vakillar ishtirok etdi. Keyinchalik oilani rejalashtirish borasida erishilgan natijalar BMTning aholishunoslik masalalariga bag‘ishlangan ikkinchi Butunjahon anjumanida (Moskva, 1984 y.) ko‘rib chiqildi. 148 mamlakat vakillari ishtirok etgan bu anjumanda aholishunoslik borasidagi Butun dunyo dasturi yana ham rivojlantirildi.

BMTning bu ikki yirik anjumanining ishida aholishunoslik borasidagi butun dunyo harakat dasturining mazmunini aniqlash va rivojlantirishda sotsialistik mamlakatlar, shu jumladan sovet aholishunoslari va mutaxassislari faol ishtirok etdilar.

Aholishunoslik masalalari bo‘yicha Butun dunyo harakat dasturining oilani rivojlantirish va milliy demografik siyosatni amalga oshirish borasidagi keng miqyosli tadbirlar majmui bir qator amaliy takliflarni o‘z ichiga oladi.

Mazkur dasturning asosiy talabi — bu aholining o‘sish jarayonlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning o‘zaro aloqadorligini chuqur va har tomonlama hisobga olish zarurligini esdan chiqarmaslikdan iborat. Shuning uchun ham oilani rejalashtirish dasturi BMTning taklifiga binoan davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati doirasida ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi lozim. Bunda «Dastur» oilaning hech qanday umumjahon miqdorini tan olmaydi, shu bilan birga har bir va hamma oilalarning xohlagan miqdordagi bolaga ega bo‘lish orzusini qo‘llab-quvvatlaydi, u yoki bu mamlakat tug‘ilishni qisqartirishga qaratilgan siyosatni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, iqtisodiy o‘sish va turmush farovonligini ko‘taruvchi, shu jumladan tug‘ilishga ta’sir ko‘rsatuvchi dasturlarga ko‘proq ahamiyat berish taklif etiladi.

Aholishunoslik borasidagi Butun jahon harakat dasturi ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, aholishunoslik va siyosiy tarzdagi keng qirrali vazifalarni ilgari suradi. Aholishunoslik yo‘nalishidagi eng muhim vazifa sifatida aholi, ayniqsa bolalar va go‘daklar orasidagi o‘limni qisqartirish, o‘rtacha umr ko‘rish davrini uzaytirish masalalari ko‘rsatilgan. Tug‘ilishni qisqartirishga qaratilgan siyosat xususiga kelganda, u mamlakatlarda keng jamoatchilik qo‘llab-quvvatlagan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.

Oilani rejalashtirish va regional demografik siyosat masalalariga bag‘ishlangan fikr va mulohazalarda tug‘ilishni qisqartirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu jarayonda ma’muriyatning ta’siri va majbur qilish to‘g‘risidagi fikrlarga o‘rin yo‘q. Oila va faqat oila — er va xotin qachon va qancha bolaga ega bo‘lish masalasini hal qilishga haqli.

Oilani davlat miqyosida rejalashtirish deganda oila qurish, uni mustahkamlash va rivojlantirish, o‘limni, ayniqsa bolalar orasidagi o‘limni qisqartirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan tadbirlar majmui tushuniladi.

Dunyoda oilani rejalashtirish borasida ma’lum tajriba to‘plangan. Oilani rejalashtirish rivojlanayotgan mamlakatlarda so‘nggi 30—40 yil ichida davlat siyosati sifatida amalga oshirilmoqda. Bunda aholishunoslik siyosatining uch asosiy yo‘nalishini ko‘rsatish mumkin. Birinchi yo‘nalishda oilani rejalashtirish tug‘ilishni kamaytirish va aholining o‘sish sur’atlarini pasaytirishga qaratilgan. Mazkur siyosatni Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida 40 rivojlanayotgan mamlakat amalga oshirmoqda. Ikkinchi yo‘nalish to‘qqizta rivojlanayotgan mamlakatga xos bo‘lib, ularda oilani rejalashtirish ona va bola salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarning 20 tasida oilani rejalashtirish tug‘ilishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan. Qolgan rivojlanayotgan mamlakatlarda demografik siyosat ishlab chiqilmagan.

Rivojlangan kapitalistik va sotsialistik mamlakatlarda «oilani rejalashtirish» nisbatan kam qo‘llaniladi.

Yuqorida aytganimizdek, Osiyo, Afrika vyo Lotin Amerikasidagi ko‘pgina mamlakatlarda oilani rejalashtirish deganda tug‘ilishni cheklashga qaratilgan davlat dasturi ko‘zda tutiladi. Bu dasturlar rivojlanayotgan mamlakatlarda BMT ko‘magida keyingi 40 yil mobaynida amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, tug‘ilishni qisqartirish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishilgani yo‘q. Bunga jumladan, Hindiston yaxshi misol bo‘la oladi. Bu mamlakatda birinchi marta 1952 yilda oilani rejalashtirish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilingan bo‘lib, uning mohiyati tug‘ilishni qisqartirishdan iborat edi. Hindiston aholisining aksariyat qismi o‘sha paytdayoq bu dasturga salbiy munosabat bildirdi. U mamlakatda ijtimoiy-siyosiy keskinlikni keltirib chiqarishdan boshqaga yaramadi, tug‘ilish sur’ati qadimgiday davom etaverdi. Masalan, hozirgi kunda Hindistonda har 1000 aholiga nisbatan tug‘ilgan bolalar miqdori 35 nafardan biroz ko‘proq. Bu 1951 yildagi ko‘rsatkichdan atigi 5 ta bolaga kam, xolos.

Hindiston hukumati xalqning oilani rejalashtirish dasturiga nisbatan bo‘lgan salbiy munosabatini hisobga olib, 1977 yilda bu dasturni oila farovonligini ta’minlash dasturiga aylantirdi. Dastlabki dasturdagi oilani rejalashtirishdagi majbur qilishning barcha shakllari man etildi va bu ishda asosiy e’tibor oila farovonligini har tomonlama oshirishga, ayniqsa ona va bola salomatligini, ovqatlanishini yaxshilash, ayollarning bilim va huquqlarini oshirishga qaratildi.

Oilani rejalashtirish sohasida Xitoyda butunlay boshqacha vaziyat tarkib topdi. Bu mamlakatda oilani rejalashtirish bo‘yicha tadbirlar 70-yillardan faol tadbiq qilina boshladi. Xitoyda tug‘ilishni cheklashga juda muhim siyosat sifatida qaralayapti. 1981 yildan boshlab bu mamlakatda Davlat Kengashiga itoat etuvchi Davlat tug‘ilishni rejalashtirish qo‘mitasi faoliyat ko‘rsatyapti.

Davlatning qattiq, insonparvarlikka zid siyosati natijasida Xitoy Xalq Jumhuriyatida tug‘ilish va aholining tabiiy ko‘payishi kamaydi. Masalan, so‘nggi yigirma yil mobaynida mamlakatda aholining tabiiy ko‘payishi ikki martaga (1970 yildagi 2,6 foizdan 1989 yilda 1,3 foizga) qisqardi. Agar 1960-yllarda bir xitoy ayoli o‘rtacha 5—6 bola tuqqan bo‘lsa, 80-yillarda 2—3 bola tug‘di, xolos.

Xitoy rasmiy demografik siyosatining asosiy shiori — «har bir xitoy oilasida faqat bir bola». Xitoyda bir bolalik oilalar katta moddiy va ma’naviy imtiyozlarga ega bo‘ladilar. Agar oilada ikkinchi bola tug‘ilsa, u barcha imtiyozlardan mahrum bo‘ladi. Oilada uchinchi va undan so‘nggi bola tug‘ilsa, og‘irlashib boruvchi jazo qo‘llaniladi. Masalan, ikkitadan ortiq bolaga ega bo‘lgan oilalar oziq-ovqat talonlaridan mahrum etiladilar va maoshlarining 10 foizi miqdorida jarima to‘laydilar.

Oilani rejalashtirish bo‘yicha Yaponiyaning tajribasi juda ajoyib va biz uchun ibratlidir. Bu yerda oilani rejalashtirish tug‘ilishni qisqartirishga emas, balki aholi salomatligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Yaponiyada oilani rejalashtirish doirasida homiladorlikni sun’iy to‘xtatishga qarshi kurash muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Hozirgi kunga kelib mamlakatda ayol sog‘lig‘i uchun juda xavfli bo‘lgan abortlar amalda deyarli yo‘q qilindi. Shu bilan birga tug‘ilishni rejalashtirishning samarali usullarini yaratish bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqildi va uni ayollarning salomatligini saqlash va mustahkamlashga xizmat qildirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirildi.

Yaponiyada tug‘ilishni kamaytirish to‘g‘risida hech qachon gap bo‘lmagan. Aksincha bu mamlakatda bolalik onalar davlat tomonidan moddiy yordam oladilar va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadilar. Bolalik oilalarga har xil imtiyozlar beriladi: uchinchi va undan keyingi bola tug‘ilganda 5 ming ien miqdorida nafaqa, tug‘ishgacha olti hafta va tuqqandan keyin olti hafta pullik otpuska beriladi. Farzand tug‘ilganda oylik maoshning yarmi miqdorida (kamida 150 ming ien) bir yo‘la nafaqa va 2 ming ien miqdorida oylik nafaqa belgilanadi.

Yaponiya bolalar o‘limini kamaytirish bo‘yicha dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan. Bu yerda tug‘ilgan har ming boladan atigi 5 nafarigina nobud bo‘ladi. Bizda esa hozir Orol bo‘yidagi ayrim nohiyalarda tug‘ilgan har ming boladan 80—90 nafarigacha nobud bo‘layapti.

Sovet Ittifoqida tug‘ilishni ko‘paytirishga qaratilgan faol demografik siyosat amalga oshirilmoqda. Sovet davlatining bu siyosati SSSR Konstitutsiyasida, firqa va hukumatning ko‘p sonli qarorlarida, ittifoqdosh jumhuriyatlarning qonunlarida qayd etilgan. Sovet oilasining moddiy farovonligini ko‘tarish, kam daromadli oilalarga yordam berish maqsadida bizning mamlakatimizda va jumhuriyatimizda bir qator imtiyozlar belgilangan. Ularning qiymat miqdori yildan-yilga oshmoqda. Ko‘p bolali oilalarga moddiy imtiyozlar va ko‘p bolali onalarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarga davlat yordam pullarini ajratish bo‘yicha mavjud sistema region va ittifoqdosh jumhuriyatlardagi tug‘ilish darajasi, demografik va iqtisodiy vaziyatdan qat’i nazar, butun mamlakat bo‘yicha tarqalgan.

SSSRda ilmiy asoslangan demografik siyosat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning uzviy qismi sifatida, mamlakatdagi har xil demografik vaziyatni hisobga olgan holda, regionlar bo‘yicha ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Uning asosiy maqsadi mamlakat barcha nohiyalaridan qat’i nazar, aholini har tomonlama rivojlanishiga yo‘naltirilgan.

Boltiqbo‘yi, Kavkazorti, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo... Mamlakatimizning har bir milliy o‘lkasi hozirgi kunda o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, millatlararo, demografik va boshqa muammolarniig murakkab, tarang tugunidir.

Mamlakatda o‘lkalar bo‘yicha rejalashtirish va boshqarish sistemasida oxirgi paytgacha hisobga olinmagan ijtimoiy-iqtisodiy va demografik nomutanosibliklar tarkib topdi. Boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik sistemasi va uning natijasi bo‘lgan markazlashgan rejalashtirish sharoitida har qanday o‘lka, tabiiy boyligi va undan foydalanish imkoniyatlarining mavjudligi nuqtai nazaridan baholanar edi. Bunda ijtimoiy va demografik sharoit va xususiyatlar butkul hisobga olinmas edi. Bu holat, ittifoqdosh jumhuriyatlar, nohiyalarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida jiddiy salbiy o‘zgarishlarga olib keldi, mamlakatdagi ekologik va demografik vaziyatni benihoya murakkablashtirdi.

Hozir SSSRda bir-biri bilan aholi o‘sishi va rivojlanishi, migratsiya va urbanizatsiya yo‘nalishi bo‘yicha keskin farqlanuvchi nomunosib demografik qutblar vujudga keldi. O‘rta Osiyo mana shunday o‘ziga xos qutblarning biri bo‘lib, hozirgi kunda undagi demografik jarayonlar, umumittifoq ijtimoiy demografik rivojlanish yo‘nalishlariga katta ta’sir ko‘rsatyapti.

Oxirgi o‘n yil (1979—1989) davomida O‘rta Osiyo aholisi 7,4 million kishiga ko‘paydi. Bu SSSR aholisi umumiy o‘sishining 30,3 foizini tashkil etadi. O‘rta Osiyo aholisining hozirgi paytdagi o‘sish sur’atlari umumittifoq o‘rtacha ko‘rsatkichidan 3 marta ortiq. Aholi o‘sishidagi farqlar O‘rta Osiyo jumhuriyatlarini mamlakatning eng yirik jumhuriyatlari bilan taqqoslaganda yana ham keskinlashadi. Jumladan, 1979—1989 yillar davomida Tojikiston jumhuriyati aholisining o‘sish sur’atlari Ukraina jumhuriyatinikiga nisbatan 8,5 marta, RSFSRnikiga nisbatan esa deyarli 5 marta yuqori bo‘lgan. O‘rta Osiyo jami aholisining o‘sish sur’atlari Ukrainanikidan 7,2 marta, RSFSRnikidan 4,1 marta yuqori bo‘lgan.

Hozir 20 million kishi istiqomat qilayotgan O‘zbekistonda aholi yiliga 600 ming kishiga ko‘paymoqda, o‘rtacha yillik o‘sish deyarli uch foizni tashkil qiladi. Bu nafaqat ittifoq miqyosida, balki jahon miqyosida ham juda katta ko‘rsatkichdir. Aholi sonining mana shunday tez va samarali o‘sishi yaqin kelajakda ham saqlanib qoladi: 2000 yilga kelib jumhuriyatimizda 26,5 million, 2005 yilda 30 million, 2010 yilda esa 33—34 million kishi istiqomat qiladi.

Mamlakatimizning Ovro‘pa qismida boshqacha manzara kuzatilyapti. Masalan, Rossiyaning markaziy viloyatlarida aholining yillik o‘sishi bir foizga ham yetmayapti (0,8 foiz). Ukraina, Belorussiya jumhuriyatlarida bu ko‘rsatkich undan ham past — 0,4—0,6 foizni tashkil etmoqda. Boltiqbo‘yi jumhuriyalarida aholining o‘sishida faqat keyingi yillarda ijobiy tomonga siljishga erishildi. Ammo ko‘rsatkich baribir 0,1—0,2 foizdan oshmayapti.

O‘zbeqiston aholisining asosiy qismi qishloq joylarda istiqomat qiladi: jumhuriyatga urbanizatsiyaning past darajasi xosdir. Shahar aholisining salmog‘i salkam 41 foizga teng bo‘lib, bu ittifoq o‘rtacha ko‘rsatkichidan 25 foiz kamdir. O‘zbekiston mahalliy aholisining atigi 20 foizi shaharlarda yashaydi, ayrim viloyatlarda mazkur ko‘rsatkich yana ham past.

Mahalliy aholi hududiy va ijtimoiy harakatining past darajada ekanligi, tug‘ilib o‘sgan yeriga mustahkam bog‘langanlik, jumhuriyat ishchilar sinfi tarkibida milliy kadrlar ulushining kamligi O‘zbekistondagi va butun O‘rta Osiyo regionidagi demografik vaziyatga xos xususiyatlardir.

Aholi miqdorining yuqori sur’atlar bilan o‘sishi natijasida O‘rta Osiyoning mamlakat aholisi umumiy sonidagi salmog‘i uzluksiz ortmoqda. Agar 1950 yili O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida mamlakat aholisining atigi 6,0 foizi yashagan bo‘lsa, 1979 yilga kelib bu ko‘rsatkich 9,7 foizga, 1989 yili esa 11,5 foizga yetdi. Keyingi 40 yil davomida O‘rta Osiyoning SSSR aholisi umumiy sonidagi salmog‘i ikki martaga oshdi.

Bu o‘sishda migratsiyaning o‘rni ham salmoqlidir. Keyingi 40 yil mobaynida mamlakatimizda aholining shimoldan janubga ko‘chish jarayoni kuchaydi. Mutaxassislarning baholariga qaraganda, 2000 yilda SSSR aholi soni umumiy o‘sishining deyarli yarmi O‘rta Osiyoga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham O‘rta Osiyoga xos demografik jarayonlar chuqur o‘rganilishi va to‘g‘ri talqin etilishi lozim.

O‘rta Osiyo uchun tug‘ilishning yuqori bo‘lishi doimiy hodisadir. Lekin bolalar o‘rtasidagi o‘limning inqilobgacha va undan keyingi davrda ko‘p miqdorda bo‘lishi natijasida regionda aholining tabiiy ko‘payishi past bo‘lgan. Urushdan keyin esa tabiiy ko‘payish hajmi orta borib, hozirgi kunda yuqori darajada turg‘unlashdi.

Keyingi yillarda O‘rta Osiyo jumhuriyatlari aholisining o‘sishiga xos yuqori sur’atlar markaziy va mahalliy rejalashtirish tashkilotlarining diqqatini o‘ziga jalb qildi. Mamlakatda iqtisodiy vaziyatning inqirozga uchraganligi, uning moddiy va moliyaviy boyliklarining keskin kamayganligi sharoitida oilani rejalashtirish doirasida tug‘ilishni qisqartirishdek «maftunkor» g‘oyalar yuqoriga ko‘tarildi.

Bunday xulosaga oddiy hisob-kitoblar natijasida kelindi: agar biz milliy daromadning aholiga xos yuqori sur’atlar bilan o‘sishini va xalq turmush darajasi oshishini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish hisobiga ta’minlay olmagan ekanmiz, hech bo‘lmaganda aholi sonini qisqartirish yo‘li bilan turmush darajasi ko‘rsatkichlarini yaxshilashimiz zarur (aholi jon boshiga hisoblaganda). Muammoning mana shunday qo‘yilishi munosabati bilan O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida tug‘ilishni cheklash masalasi bundan uch yil muqaddam Markaz tomonidan rasman qo‘yilgan. 1987 yil avgust oyida boshqa mutaxassislar qatorida bizni ham O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasiga ushbu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishga taklif etishgan edi. Ana shu anjumanda jumhuriyatning o‘sha paytdagi rahbarlari, mas’ul kishilar ishtirok etishgandi.

Yig‘ilishda so‘zlagan KPSS Markaziy Qo‘mitasining mas’ul xodimi I. Ye. Ponamerevning nutqidan kelib chiqadigan xulosa bitta edi: O‘rta Osiyo jumhuriyatlaridagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash uchun mahalliy aholi o‘rtasida tug‘ilishni cheklash zarur. U ochiqdan-ochiq shuni qayd etdiki, Moskva olimlarining hisob-kitobiga qaraganda, SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligining hamma byudjet mablag‘ini O‘rta Osiyo jumhuriyatlariga sarflagan taqdirda ham, tug‘ilishning nihoyatda yuqori darajadaligi sababli bu regionda tabbiy xizmat ko‘rsatishni 2000-yilda ham ittifoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga yetkazib bo‘lmaydi. I. Ye. Ponamarevning fikricha, mavjud vaziyatdan qutulishning birdan-bir yo‘li tug‘ilishni kamaytirishdir.

Yig‘ilishda Markazdan kelgan mas’ul xodimning bu tezisini «ilmiy asoslash» uchun yig‘ilish ishtirokchilaridan iborat bo‘lgan maxsus komissiya tuzildi. Bu ishni muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz sifatida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bitta ham aholishunos mutaxassisi bo‘lmagan falsafa va huquq instituti tanlandi.

Shunday qilib, falsafa va huquq instituti «kutilgan» «ilmiy xulosani» yil oxirigacha tayyorlab topshirdi. Jumhuriyat Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1988 yil fevral Plenumi «oilani oqilona rejalashtirishga» o‘tish zarur degan g‘oyani olg‘a surdi. Bu aslida tug‘ilishni kamaytirish kerak degan so‘z edi.

Rahbarlikning ma’muriy-buyruqbozlik usuli mahsuli bo‘lgan bu noto‘g‘ri tezisni, hamisha bo‘lganidek, mahalliy axborot vositalari orqali qo‘llab-quvvatlovchilar topildi. «Pravda Vostoka» gazetasida mahalliy aholi o‘rtasida tug‘ilishni cheklash o‘sha kunlarning dolzarb mavzusiga aylandi. Jumhuriyatning bir qator viloyat va nohiyalarida xotin-qizlar o‘rtasida tug‘ishni cheklash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borish to‘g‘risida norasmiy ko‘rsatmalar ham berildi.

O‘ylamasdan amalga oshirila boshlangan bu siyosatga mahalliy aholi o‘ta salbiy munosabat bildirdi. Xalq orasida turli-tuman mish-mishlar tarqab ketdi. Bu masala atrofida murakkab ijtimoiy vaziyat yuzaga kela boshladi.

Shunday qilib, tug‘ishni kamaytirish masalasi kun tartibidan olib tashlandi, aks holda u chuqur ijtimoiy ixtiloflarga olib kelishi mumkin edi.

Munozaralar tug‘ilishni kamaytirish masalasi O‘rta Osiyo jumhuriyatlariga butunlay to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatdi. Bunday munosabat insonparvarlik g‘oyalariga, yagona ko‘pmillatli sotsialistik davlat bo‘lmish Sovet Ittifoqida millatlarning teng huquqlik printsiplariga mos emas. Axir SSSRning boshqa o‘lka va jumhuriyatlari uchun tug‘ishni har tomonlama ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan-ku!

Aslida, jumhuriyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy qoloqlikning tug‘ilishni chegaralash, oilani rejalashtirish asosida bartaraf etish mumkin deb jar solish xatodir. Bu borada yangi ish joylarini joriy etish, xalq xo‘jaligida bandlik darajasini ko‘tarish va mehnat kuchlaridan oqilona foydalanish, har bir ish joyida yuqori mehnat unumdorligiga erishish, xalq xo‘jaligini ilmiy asoslangan rejalashtirish yo‘li bilan yuksaltirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jumhuriyatdagi demografik vaziyatni hisobga olgan holda amalga oshirish muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, O‘rta Osiyo jumhuriyatlaridagi ijtimoiy-demografik vaziyat oilani rejalashtirish, onalik va bolalikni muhofaza etish ishini uzluksiz yaxshilash asosida aholi salomatligini tubdan mustahkamlash ishiga qaratilishi zarurligini taqozo etmoqda. Oilani rejalatirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ko‘p qirrali ishlar faqat shunday yondoshgan holdagina ko‘rilishi va hayotga tatbiq etilishi lozim.

O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida oilani rejalashtirish o‘lkaning milliy an’analari va urfodatlari, turmush tarzining xususiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sharoitlari bilan bog‘liq holda o‘ziga xos muammolarga va ularni hal etish yo‘llariga ega. Eng avvalo O‘rta Osiyo xalqlari — o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qirg‘izlar, qozoqlar va qoraqalpoqlar uchun ko‘p bolalilikni asriy an’ana sifatida milliy madaniyatning uzviy bir qismiga aylanganligini unutmaslik kerak. Ko‘p bolalilik bu yerda o‘ziga xos xalq an’analari, oila-nikoh munosabatlari, axloq qonunlari, qarindosh-urug‘chilik aloqalarini shakllantiradi, mahalliy aholi turmush tarzining hamma tomonlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Bu borada jumhuriyatda demografik va ekologik vaziyatlar jiddiylashuvining sabablarini aniqlash va ularni har tomonlama tahlil etish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni yuqori darajadagi tug‘ilish bilan bog‘lash tamomila noto‘g‘ridir. Demografik va ekologik muammolar kelib chiqishi va jiddiylashuvi asosida bizning fikrimizcha, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tarzdagi chuqur sabablar yotibdiki, ular jumhuriyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ilmiy asoslanmagan rejalashtirish bilan bog‘liq. Natijada rivojlanish o‘rniga iqtisodiy turg‘unlik, tarmoq strukturasining noqobil bo‘lishi, ijtimoiy soha rivojlanishini tamomila inkor etish, ekologik muhit bilan xo‘jalik yuritish o‘rtasidagi aloqaning butunlay buzilishi kelib chiqdi.

Demografik holat o‘zaro aloqador omillarning murakkab majmui, u jumladang oila — turmush va xo‘jalik yuritish xusuoiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar va turmush tarzi, ayollarning ijtimoiy ishlab chiqarishda bandligi, urbanizatsiya jarayoni va boshqa shunga o‘xshash omillar ta’sirida tarkib topadi. Ular ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishga uzviy bog‘liq bo‘lib, xalqlarning turmush darajasiga qarab o‘zgarib boradi.

Tug‘ilishning kamayishi — bu aholi rivojlanishining real, umumjahon jarayonidir. Bunga har bir xalq ertami-kechki, o‘ziga xos yo‘l bilan keladi.

Jumladan, O‘rta Osiyo mahalliy xalqining demografik dasturlari ham keyingi yillarda sezilarli o‘zgarmoqda. Oldingi yillarda o‘tkazgan tadqiqotlarimizda «Oilada bolalar soni nechta bo‘lsa yaxshi bo‘ladi?» degan savolga deyarli bir xildagi «Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi», «Xudo xohlaganicha», degan javob olar edik. Keyingi yillardagi tadqiqotlarimizda bunday javoblar amalda uchramadi. Kishilar oilada kutilgan bolalar sonini aniq aytishmoqda. Qishloq aholisining ko‘pchiligi oilada 5—6 bola, shaharliklar 4—5 bolaga ega bo‘lish xohishini bildirdilar.

Bunday vaziyat O‘rta Osiyo xalqlari o‘rtasida hozirgi kunda oila katta-kichikligi xususidagi istak o‘rtacha ko‘p bolalik darajasida ekanini ko‘rsatmoqda. Yaqin kelajakda ham bu yerda ko‘p bolalilikka bo‘lgan moyillik saqlanib qoladi, faqat uning miqdoriy qo‘rsatkichi o‘zgaradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, mahalliy aholi tug‘ilishni rejalashtirishni xohlaydi, lekin imkoniyati yo‘q va buni qanday amalga oshiritsji bilmaydi. O‘lka sog‘liqni saqlash muassasalari esa onalarga yordam berishdan ojizdir. Ular na moddiy, na tashkiliy nuqtai nazardan bunga tayyor emaslar. O‘rta Osiyo mahalliy aholisining asosiy qismi istiqomat qiluvchi talay qishloq joylarda homildor ayollar, ona va bolalarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oddiy meditsina va sanitariya-gigiena shiroitlari ham yaratilmagan.

O‘rta Osiyo mahalliy xalqining demografik dasturidagi qayd etilgan hozirgi o‘zgarishlar xalqlarning rejalashtirilmaydigan yuqori darajadagi tug‘ilishdan rejalashtiriladigan past darajadagi tug‘ilishga o‘tgan umumdunyo demografik qonuniyatlariga mos va xos emas. Demografik nazariya va dunyo amaliyotida shu paytgacha bunday o‘tish xalqlarning moddiy farovonligi va turmush darajasining o‘sishi natijasida amalga oshib keldi. O‘rta Osiyoda esa bundan farqli ravishda demografik dasturning o‘zgarishi asosan aholining ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik turmush sharoitlarining yomonlashishi va natijada ayollar salomatligining nochor ahvolga tushgan vaziyatida amalga oshmoqda. Boshqacha aytganda, o‘zbek, tojik, turkman ayollari turmush kechirish og‘irlashib ketganligi sababli ko‘p tug‘ishni istamayaptilar. Agar ilgari bolalar oilaning iqtisodiy samarasining asosi hisoblangan bo‘lsa, hozirgi kunda esa har bir ortiqcha go‘dak ota-onalar uchun «ortiqcha og‘izga» aylanmoqda.

Ma’lumki, O‘rta Osiyo jumhuriyatlari aholining turmush darajasi, tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik bo‘yicha boshqa ittifoqdosh jumhuriyatlardan ancha orqada turadi. Ustiga-ustak paxta yakkahokimligining tugatilmayotganligi, qishloq xo‘jaligida zaharli kimyoaiy moddalarni qo‘llashning uzluksiz ravishda ko‘payishiga va ekologik vaziyatning keskinlashuviga olib keldi.

Onalar va bolalar o‘rtasidagi o‘lim darajasiga va ular salomatligining yomonlashishiga yuqori darajadagi tug‘ilish va ayniqsa, kam vaqt oralig‘ida tug‘ishlar ham ta’sir qilishi shubhasizdir. O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida har ikkinchi go‘dak ikki yilgacha bo‘lgan muddat oralig‘ida va har beshinchi go‘dak bir yildan kam davr ichida tug‘ilganButun dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bir yildan kam davr ichida tug‘ilgan bolalar ikki yil va undan ortiq davr ichida tug‘ilgan bolalarga nisbatan ikki marta ko‘proq o‘ladi. Tug‘ishning oraliq davrini 2—2,5 yil bo‘lishiga rioya qilish, shifokorlarning fikricha, o‘limlik miqdorini onaler orasida 2 martagacha, bolalar orasida 4 martagacha qisqartiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga qaraganda, jumhuriyatda ayollarning 70 foizi kam vaqt oralig‘ida tug‘ishlar natijasida kam qonlilik, buyrak, qon-tomir sistemasi, modda almashuv jarayonlarining buzilishi va boshqa kasalliklardan iztirob chekmoqdalar.

Nisbatan kam vaqt oralig‘ida tug‘uvchi ayollarning 68 foizida homiladorlik va tug‘ishning har xil qiyinchiliklari kuzatiladi, ular aksariyat vazni normadagidan kam, jismoniy kamchiliklari bo‘lgan bolalarni tug‘ishadi. Ko‘p bolalik onalarda bolalarning kasallanishi ehtimoli yuqori. Kasalga chalinish darajasi bolalarning oiladagi soni ko‘payib borishi bilan o‘sib boradi. Masalan, gipotrofiya va anemiya kasalliklari oilada to‘rtinchi va undan keyingi tug‘ilgan bolalarda ikkinchi va uchinchi bo‘lib tug‘ilgan bolalarga nisbatan uch marta ko‘p.

Shu bilan birga tug‘ilishning yuqori ko‘rsatkichi o‘lkadagi go‘daklar va onalar o‘rtasidagi yuqori darajadagi kasallik va o‘limning bevosita asosidir deb o‘ylash noto‘g‘ridir. Bu tashvishli holatning asosida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi chuqur sabablar yotibdi. O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida ekologik vaziyat tashvishli bo‘lgan sharoitda sog‘liqni saqlashning rivojlanishi va moddiy-texnika ta’minoti juda past darajada qolib kelmoqda. Ayniqsa uning eng muhim demografik sohasi — onalik va bolalikni muhofaza qilish achinarli holatdadir.

O‘rta Osiyoning eng rivojlangan jumhuriyati — O‘zbekistonda bolalarni davolash muassasalari va tug‘ruqxonalarning 60 foizidan ortig‘i maxsus jihozlanmagan binolarda joylashgan. Ularning ko‘pchiligida bemorlar soni keragidan ortiqcha. Tug‘ruqxonalarda sakkiz mingga yaqin, ginekologik bemorlar uchun mo‘ljallangan shifoxonalarda to‘rt mingdan ziyod joy yetishmaydi.

Jumhuriyatda doya va ginekologlar, pediatrlarning va boshqa tibbiy kasb egalarining yetishmasligi yaqqol sezilmoqda. Xuddi shunday holatni O‘rta Osiyoning boshqa jumhuriyatlarida ham kuzatish mumkin.

Ekologik vaziyat og‘irlashgan sharoitda sog‘liqni saqlash, ayniqsa onalik va bolalikni muhofaza qilish ishining talab darajasidan uzoqligi tug‘ish davri qisqarishining asosiy sababi hisoblanadi. Chunki o‘lka ayollarining ko‘pchiligi salomatligi yomonlashgani sababli bolalarini ko‘krakdan emizish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolishayapti. Ayoldagi go‘dakni emizish imkoniyati tabiatan homila hosil bo‘lishining oldini olishdan tashqari, bolaning sog‘lom o‘sishining garovi hamdir.

O‘rta Osiyoda onalar, agar ko‘kraklarida sut bo‘lsa, go‘daklarini iloji boricha uzoq vaqt davomida emizishga harakat qiladilar. Ovro‘palik ayollarga xos bo‘lgan go‘dagini erta ko‘krakdan ajratish (chiroyli qaddi-qomatni saqlab qolish maqsadida) o‘lka xalqlari o‘rtasida amalda uchramaydi, chunki tug‘ishning zaruriy vaqt oralig‘i musulmonlarning ko‘pchiligi tomonidan tan olinadigan islom shariati talablari bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, Qur’onda onalar bolalarini ikki yil davomida emizishi lozimligi ta’kidlangan. Agar ana shu ikki yilga homiladorlik vaqti qo‘shilsa, hozirgi zamon tibbiyoti tomonidan ona salomatligi uchun zaruriy hisoblangan tug‘ishning 2,5—3 yilga teng bo‘lgan davri kelib chiqadi.

Oilani rejalashtirishning o‘lkaga xos dasturida qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikohni bartaraf etish dolzarb muammolardan hisoblanadi. Aholi salomatligiga bevosita ta’sir qiluvchi bu xavfli hodisa O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida hozirgi kunga qadar keng tarqalgan. O‘lkada qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh tuzish oqibatida nasliy kasalliklar paydo bo‘lmoqda, jismonan va aqlan zaif bolalar tug‘ilmoqda.

O‘rta Osiyoda ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun birinchi navbatda qanday tadbirlarni amalga oshirish kerak? Avvalo, qishloq joylarida ayollarga maslahat beruvchi, doya-ginekologiya xizmati ko‘rsatuvchi muassasalar ishini tubdan yaxshilash, u yerlarda «Oila va nikoh» xonalarini barpo etish lozim. Ularning hammasi birgalikda oilani rivojlantirish xizmatlarini hosil qilishadi.

O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida bu yo‘nalishda ba’zi bir tadbirlar amalga oshirilmoqda — «Oila va nikoh» xonalari, Turkmanistondagi ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy-tekshirish instituti qoshida «Oilani rejalashtirish markazi» barpo etilgan.

Bu yerlarda ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha amaliy ishlar oila-turmush dasturi, milliy an’analar va O‘rta Osiyo xalqlarining turmush tarzini hisobga olib, mahalliy aholining kundalik hayotiga singib ketgan an’ana va urf-odatlarni chuqur hurmat qilgan holda amalga oshirilishi lozim.

O‘lkada qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikohga kirishni bartaraf etish ancha murakkab va qiyin vazifadir. Bu borada shunday nikoh qanday salbiy genetik oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish zarur. Afsuski, ana shunday nikohlar oqibatida jismoniy va aqliy zaif bolalarning tug‘ilishi ham bu xavfli qadamdan odamlarni to‘xtata olmayapti. Bu holatni odamlarning nodonligi bilan bog‘lash noto‘g‘ridir. Qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikohga kirish O‘rta Osiyo ziyolilari orasida ham ko‘p uchrab turibdi. Uning asosida, bizning fikrimizcha, o‘ta murakkab va chuqur sabablar, shu jumladan milliy-an’anaviy va moddiy yo‘nalishga ega bo‘lgan muammolar yotadiki, ularni o‘rganish hozirgi kun talabidir.

Shu maqsadda o‘tgan yili O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi pediatriya ilmiy-tekshirish institutida tibbiy-genetik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim tashkil etildi. Undan sal ilgari tibbiy-genetik amaliy vazifalarni hal etish maqsadida tibbiy-genetik maslahatxona barpo etilgan edi.

Ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash doirasida erta (20 yoshgacha) va kech (35-49 yoshdan keyin) tug‘ishlar salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushuntirish muhimdir.

Ona salomatligiga ayniqsa O‘rta Osiyo mahalliy aholisi orasida shariat bo‘yicha katta gunoh hisoblangan abortlarning keng taraqalayotganligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Islomda qashshoqlashishdan qo‘rqib o‘z farzandini o‘ldirish katta gunohligi ta’kidlangan. Shu boisdan abort umuman ta’qiqlanishi zarur.

Bu muammolar jumhuriyatlar yuqori tashkilotlarining diqqat-markazida bo‘lmog‘i lozim. SSSR Oliy Kengashida ayollar, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlari bo‘yicha doimiy qo‘mita tashkil etilgan. Shunga o‘xshash bo‘limlar SSSR Vazirlar Kengashida va Davlat mehnat qo‘mitasida ham tashkil etilmoqda. Shunday qo‘mitalar ittifoqdosh jumhuriyatlarda ham bo‘lishi lozim. Bu qo‘mitalar oilani rivojlantirish bo‘yicha jumhuriyat dasturlarini moddiy jihatdan ta’minlashi va hayotga tadbiq etish borasidagi ishlarga rahbarlik qilishi lozim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 12-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.