background
logotype

Pirmat Shermuhamedov. Bo‘linish nimadan boshlangan? (1989)

Hayot g‘ayritabiiy xodisalarga boy. V. Vernadskiy: «Chinakam ilmiy ish har qalay umumiy xulosa emas, balki tajriba, tahlil, mezon, yangi faktdir», deb ta'kidlagan bo‘lsa, stalincha tarixshunoslik esa masalani osonlikcha hal qiladi. Ya'ni, faktlarni uloqtirib, tahlilni imkon boricha soddalashtiradi, aniqrog‘i, uni ataylab «o‘zgarmas», soxta aqida bilan almashtiradi. Keyinchalik «umumiy xulosalash» doirasi kengayib boradi, aqidalar bir oz «yumshaydi». Haqiqiy, hayotiy tarixiy material tayyor qolipga solinaveradi, qolipga sig‘magan narsa haqida lom-mim demay ketaveriladi...

Ma'lumki, 1920 yil 12 yanvarda Turkiston Kompartiyasining V Ulka qurultoyi ochilgan. Qurultoyda Risqulov guruhi, hozirgi kunda ishlatilayotgan ibora bilan aytganda, delegatlarning «malakali» ko‘pchiligi yordamida Turkiston Kommunistik partiyasi nomini Turk Kommunistik partiyasi deb, Turkiston muxtor jumhuriyatini esa «RSFSRning Turk jumhuriyati» deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga erishgan. Ko‘rib turibmizki, bu harakatda markazdan qochishga, ya'ni sovet Rossiyasidan ajralib chiqishga intilish to‘g‘risida gap yo‘q.

Rasmiy tarix fani ham «Turk sho‘ro jumhuriyati va Turk Kompartiyasi haqidagi taklif ilk bor muhokama qilinganda, ushbu masalaning kun tartibiga qo‘yilishi ijobiy siyosiy dalillar keltirilib asoslanganligini qayd qilmaslikning iloji yo‘q», deb tan oladi. Ammo keyinchalik aqida faktlardan ustun kelib, asosiy siyosiy dalil nimagadir mana bu tarzda shubha ostiga olinadi, «...chunki u (Risqulov) ta'kidlab o‘tganidek, bu yerdagi aholining ko‘pchiligi turklar emish». Mana shu «emish» degan kinoyada gap ko‘pga o‘xshaydi!..

Holbuki, Risqulov programmasiga dastlab hatto RKP(b) Markaziy qo‘mitasining Turkkomissiyasi a'zolari ham rozi bo‘lgan edilar. Sh. Eliava va V. Kuybishev rozi bo‘lishgan, F. Goloshchenkin ikkilaiib turgan. Ya. Rudzutak qarshi chiqqan. Ammo bundan xabar topgan M. Frunze zudlik bilan Toshkentga yetib keladi va Turkkomissiyaning maxsus favqulodda majlisida T. Risqulovni qattiq tanqid qiladi, hatto uni «sovet hokimiyatining dushmani», deb ataydi.

Qurultoyga taklif qilingan tezislarda bunday deyilgan edi:

I. Beshta viloyatdan tashkil topgan Turkiston turkiy xalqlarning qirg‘iz, sart, o‘zbek, turkman, qoraqalpoq, qipchoqlarning vatani, deb hisoblansin, kelib chiqishi turklardan bo‘lmagan tojiklar ham shunga kiradi... Turkiston respublikasi milliy sovet jumhuriyati deb hisoblansin, bu yerda o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan tub xalq - turk xalqi, deb tan olinsin...»

Mana shu «sovetlarga qarshi» programma, yuqorida aytib o‘tganimizdek, qabul qilingan edi. Qurultoy delegatlari yagona jumhuriyat kompartiyasining vakillaridan iborat emasdi. Shunday bo‘lsa-da, programma qabul qilindi. Aksincha, mana shu qurultoyda yuqorida aytib o‘tilgan qaror bilan bir vaqtda, nihoyat, yagona kompartiya tuzishga qaror qilindi. Bu taklif ham Risqulov guruhi va uning boshlig‘idan chiqdi. Uchta o‘lka tashkiloti bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd qilib, T. Risqulov bunday degan edi: «Shu bilan birga, musulmonlar Musbyuroga, chet elliklar chet ellik kommunistlar qo‘mitasiga bo‘ysunadilar va shu vaqtdan o‘lka qo‘mitasi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi».

Shu sababdan Turk Kommunistik partiyasini tuzish zarur edi, bu esa omma «musulmon kommunistlar tashkilotlarining ahamiyati inkor etilmasligini» tushunib olishiga qisman yordam bergan bo‘lur edi.

Bu tezislarni ham qurultoy, ham Turkkomissiyaning yuqorida nomlari sanab o‘tilgan a'zolari qo‘llab-quvvatladilar. Biroq fevral oyining oxiriga kelib, M. Frunze va Ya. Rudzutak federativ jumhuriyat tuzishni «o‘lka aholisining biron-bir asosli talab va ehtiyoji taqozo qilayotgani yo‘q», deb da'vo qildilar.

Shu asnoda vaziyat chigallashdi va keskinlashdi. Eliava va Kuybishev qiyin ahvolda qoldilar. O'z-o‘zidan, nima qilish kerak, qanday javob qaytarish kerak, bu haqda V. I. Lenin nima deydi? - degan savol tug‘iladi. Sh. Eliava «Turkrespublika» masalasidagi kelishmovchilik to‘g‘risida RKP(b) MK ga batafsil xabar berdi. VKP(b) MK Siyosiy byurosi Eliavaning xatini zudlik bilan ko‘rib chiqib, 1920 yil 8 martda «...muxtor jumhuriyatning kommunistik partiyasi turk kompartiyasi deb emas, balki Turkiston Kompartiyasi deb atalsin», degan qaror chiqardi.

Ayni zamonda MK «Turkiston muxtoriyati to‘g‘risida nizom» qabul qildi (shuni qayd qilib o‘tamizki, bu bilan MK qonun chiqaruvchi tashkilot va hukumatning vazifasini bajardi). Munozara davomida N. To‘raqulovning Turkistonni zudlik bilan milliy jumhuriyatlarga bo‘lish to‘g‘risidagi taklifi o‘rtaga tashlandi. Turkkomissiya rahbariyati bu taklifni, bir tomondan «oshkora millatchilik ruhidagi intilishlarga qarshi taklif», deb baholadi. Ammo boshqa tomondan, «Turkkomissiya a'zolari V. V. Kuybishev va Sh. Eliava Turkistonni bir necha milliy jumhuriyatlarga bo‘lish mumkinligini asosan rad etmasalar-da, fuqarolar urushi davom etayotgan, malakali kadrlar yetishmayotgan bir vaqtda,. ushbu masalani hal qilish shu kunning shiori bo‘lishi mumkin emas, jumhuriyatlar to‘g‘risidagi qarorni zudlik bilan hayotga tatbiq qilish Turkistondagi jamiki ishlarda boshboshdoqlik tug‘diradi hamda shak-shubhasiz barcha jumhuriyatlarimizdagi ashaddiy millatchilik ruhidagi yuqori qatlamlarga qo‘l keladi», deb bildilar.

Ko‘rib turganimizdek, har ikki holda ham, markaz millatchilikdan cho‘chigan, bu esa masala boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalani qanday hal qilish mumkin edi? O'tmishga aylangan masalani hal qilishga kirishmay (masala yaxshimi, yomonmi hal qilinganligini - Turkiston jumhuriyatlarga bo‘lib yuborilganligini bilamiz) bir narsani ta'kidlab o‘tmoqchimiz: Bizningcha, asosiy masala o‘sha vaqtda o‘rtaga tashlangan taklif emas, balki masalaning mohiyatidadir. Buni Risqulov guruhi tezislarining mualliflaridan biri bo‘lmish Yu. Aliev aniq ifoda qilgan: «Agar biz Turkistonni Turk jumhuriyati deb atasak, bu bilan o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashga bo‘lgan harakatimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz va siyosatni yengillashtiramiz». Hozirgi kunda ham dolzarb bo‘lgan masala shunday emasmi?

Masalaning mohiyati mana shunda edi, shuning uchun ham T. Risqulov boshliq ko‘pchilik kommunistlar RKP (b) MK Siyosiy byurosining qaroriga qo‘shila olmagan edilar. T. Risqulov guruhi bunday qarorga kelishda nimaga tayanganligini, nimadan umid kilganligini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Yuqorida aytib o‘tilgan «ijobiy» dalil, aniqrog‘i, ularning haqiqiy dalili nimadan iborat edi?

Bu savolga javob berish uchun V. I. Lenin va safdoshlarining milliy masalaga doir asosiy fikrlariga qaytishga to‘g‘ri keladi. 1914 yildayoq V. I. Lenin millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi masalasini ko‘tarib chiqqan edi. Ma'lumki, umuman, bu fikr Leninning Oktyabrdan oldingi ko‘pdan-ko‘p asar va nutqlarida asosiy o‘rinni egallaydi. V. I. Lenin RSDRP(b)ning VII Butunrossiya konferentsiyasida so‘zlagan muhim tarixiy nutqida bunday degan edi: «Bizda Milyukov o‘tirib olib, Rodichevni Finlyandiyaga yuborar ekan, va bu Rodichev fin xalqi bilan hayosizlarcha savdolashar ekan, biz bunday deb aytamiz: «Rus xalqi, Finlyandiyaga zo‘rovonlik qilma; boshqa xalqlarga zulm qiluvchi xalqning o‘zi ozod bo‘lishi mumkin emas».

Bu g‘oya Lenin hokimiyat tepasiga kelgandan keyin, qabul qilingan bir qancha qonun kuchiga ega hujjatlarda o‘z aksini topdi. «Rossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasi»da Rossiya xalqlarining ajralib chiqib, mustaqil davlat tuzishgacha bo‘lgan o‘z taqdirlarini o‘zi belgilash huquqi tan olindi, har qanday milliy, diniy imtiyoz va cheklashlar bekor qilindi. Rossiya hududida mayda millatlar va etnik guruhlar erkin rivojlanishi e'lon qilindi.

Yangi milliy siyosatga va milliy davlat tuzumiga xuddi mana shu o‘z taqdirini o‘zi belgilash asos qilib olingan, bu narsa mashhur «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» murojaatda yana bir bor baralla yangradi. Unda «sizning din va urf-odatlaringiz, sizning milliy va madaniy muassasalaringiz bundan buyon erkin va daxlsiz», deb e'lon qilinadi. O'z milliy turmushingizni erkinlik bilan va bahuzur tuza beringiz. Shunday qilishga haqlisiz», deb alohida ta'kidlanadi.

Alqisa, inqilobga tayyorgarlik davrida, inqilob davrida millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash xuquqi haqida, garchand umuman bo‘lsa-da, gapirilgan. Biroq, 1918 yildan boshlab, V. I. Lenin va safdoshlari ushbu g‘oyani boshqa tomonga burib yubordilar: Har bir millat faqat «sovet tartiblari asosida» o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega.

Bu ibora hamma joyda, RQP(b) qarorlarida, partiya rahbarlarining nutqlarida, mahalliy xodimlarga va joylardagi markaz vakillariga yuboriladigan yo‘l-yo‘riqlarda eslatiladigan bo‘lib qoldi.

Ha, V. I. Lenin va I. Stalin 1918 yil 22 aprelda «Toshkentda bo‘layotgan Turkiston o‘lkasi Sovetlary s'ezdiga, Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Sovetiga murojaat qilib bunday deb yozgan edilar: «Xalq Komissarlari Soveti o‘lkangizning sovet tartiblari asosida avtonomiya bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi, bunga ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, sizlarning tashabbusingizni tabriklaymiz va shunga qattiq ishonamizki, sizlar butun o‘lkada sovetlarning keng tarmog‘ini vujudga keltirasiz, mavjud Sovetlar bilan to‘la hamkorlikda ish olib borasiz».

O'z-o‘zidan ma'lumki, xalq hokimiyati o‘z taqidirini o‘zi belgilashga aslo monelik qilmaydi, balki uning qonuniy natijasidir. Ammo yagona partiyaning yakka, yalpi hokimligi sharoitira bu faqat bir narsani, u ham bo‘lsa hokimiyat, siyosat butunlay markaz qo‘lida bo‘lishini anglatardi. Hayot buni tasdiqladi. Markazning Turkistondagi vakillari vakolatini tasdiqlovchi son-sanoqsiz mandatlarda ular Turkiston o‘lkasida Xalq Komissarlari Sovetining dekret va qarorlari o‘z vaqtida aniq bajarilishini «nazorat» qilib turishlari zarurligi alohida ta'kidlanadi. Elivava, Kobozev va Kiselevlardan iborat birinchi muvaqqat komissiya Turkistonga jo‘nab ketayotganda, unga darhol quyidagicha vakolat berilgan edi: «Komissiya mansabdor shaxslarni sud javobgarligiga tortish va sovet ishlariga to‘siq bo‘layotgan tashkilotlarni tarqatib yuborishgacha favqulodda huquqlardan foydalanadi. Turkistondagi mahalliy va viloyat Sovet muassasalari komissiya farmoyishlarini bajarishlari majburiydir».

Turkkomissiya, Markaziy Qo‘mitaning Turkiston Byurosi va hokazolarning vakolati yanada kuchli va keng edi. Partiya siyosatidagi mana shunday ko‘pdan-ko‘p qarama-qarshiliklar millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqillikning asosiy qonun-qoidalari quruq safsataga aylanib qolishiga olib kelgan.

V. I. Leninning A. A. Ioffega yozgan mashhur xatini olaylik: «Mahalliy xalqlarning ishonchini qozonish, qozonganda ham uch va to‘rt kara qozonish, bizlar imperialislar emasligimizni, burjua imperalizmi tomoniga og‘ib ketishga aslo yo‘l qo‘ymasligimizni isbotlash bizning butun jahonshumul siyosatimiz uchun g‘oyat muhimdir.

Bu - jahonshumul masala, mubolag‘asiz, jahonshumul masaladir.

Bu masalada juda qat'iy bo‘lish kerak.

Buning Hindistonga, Sharqqa ta'siri bo‘ladi, bu masala bilan hazillashib bo‘lmaydi, bu masalada ming hissa ehtiyotkor bo‘lish lozim».

«Millatlar to‘g‘risidagi «yoki «avtonomlashtirish» to‘g‘risidagi masalaga doir» maqolasida esa V. I. Lenin bunday deb yozadi: «Men milliy masala to‘g‘risidagi asarlarimda: «umuman millatchilik haqida masalaniabstrakt tarzda qo‘yish mutlaqo yaramaydi», deb yozgan edim. Ezuvchi millatning millatchiligi bilan ezilgan millatning millatchiligini, katta millatning millatchiligi bilan kichik millatning millatchiligini farq qilmoq lozim».(V. I. Lenin, TAT, 45-tom, 402-bet).

Ammo nazariy siyosat bilan amaliy siyosat o‘rtasidagi chuqur ziddiyat qayta-qayta o‘zini ko‘rsataveradi. Mahalliy bolshevik rahbarlar har qadamda ikkilanishga, noaniqlikka, dudmalikka, ba'zida e'lon qilingan qonun-qoidalarni ochiqdan-ochiq buzish hollariga duch kelaverdilar. Chunonchi, 1920 yil 8 iyunda Amir Olimxon Buxoro amirligining Moskvada elchixonasini ochish xususida tashqi aloqalar xalq komissari G. Chicheringa xat yubordi. Biroq Buxoro Kompartiyasi MKnipg a'zolari va shaxsan MK raisi Najib Husaynov ushbu foydali tashabbusni yo‘qqa chiqarish maqsadida markazga telegramma yubordilar.

Qo‘qon muxtoryyatini tarqatib yuborish chog‘ida «haddan oshilganligini», ya'ni tinch aholiga qarshi to‘plardan o‘q uzilganligini ko‘plab rahbarlar tan olgan. D. I. Manjara bu ish xatolik edi, deb hisoblab, xotiralarida shunday yozadi: «Muxtoriyatchilar joylashib olgan eski shaharni qurshal olib... to‘pga tutdik, keyin esa qurollangan dashnoqlarni va boshqa otryadlarni ishga soldik. Natijada, bosqinchilik va zo‘ravonlik boshlandi, bundan muxtoriyatchilarga nafaqat hech qanday aloqasi bo‘lmagan, balki hatto ularga qarshi bo‘lgan aholi azob chekdi».

Bunga yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, umuman, ko‘p hollarda qo‘shin dekretga amal qilmasdi. Masalan, M. Frunze boshchiligida Buxoroga hujum qilinganda shunday bo‘ldi. Bu va shunga o‘xshash voqalar sodir bo‘lishiga sabab qizil qo‘shin qismlari aholining shovinizm dardiga duchor bo‘lgan tabaqalaridan tuzilganligidir. M. Frunzening o‘zi qayd qilganidek, «dehqonchilik o‘lkasida proletariatning sof diktaturasi amalda bir hovuch yevropaliklarning musulmonlar ommasi ustidan diktaturasidir».

Masalani hal qilish uchun Turkistonda shovinizm dardiga duchor bo‘lgan ayrim rahbarlarni chaqirib olish va qizil qo‘shin saflarini «yot unsurlardan tozalash», davlat, sovet va harbiy qurilishda adolat o‘rnatish, mutanosiblikka amal qilish zarur edi.

Turkiston delegatsiyasi deb nom olgan T. Risqulov boshliq davlat arboblari guruhi 1920 yil mayida Moskvaga mana shu masala yuzasidan borgan edi. Delegatsiyaning maqsadi markaz samarali hal qila olmayotgan o‘z muammolarini faollik bilan hal qila oladigan mustaqil federativ Turk Sho‘ro jumhuriyatini tuzish xususida markaz bilan muzokara olib borish edi.

Delegatsiya faoliyati haqida gap boshlashdan avval haqiqiy ahvolga berilgan batafsil bahoga yana bir bor qaytish foydadan xoli bo‘lmas. Bu baho hamma jihatdan bo‘lmasa-da, ko‘p jihatdan Siyosiy byuro va Xalq Koomissarlari Sveti Turkiston Komissiyasidan olgan ma'lumotlarga o‘xshash edi. Faqat ulardan turlicha xulosa chiqarildi.

T. Risqulov Turkiston kompartiyasining III o‘lka s'ezdida so‘zlagan nutqida iztirob bilan bunday degan: «Partiyadosh o‘rtoqlarimiz butun musulmon proletariatidan shubhalanadilar. Yerli aholiga nisbatan bo‘lgan munosabat mana shunday nuqtai nazarga asoslanadi. Ba'zi joylarda partiya drujinalari tuzila boshlagan edi, ularning qurolini olib qo‘ydilar. Lekin ayni zamonda, aytishlaricha, bilmadim, bu haqiqatmi yoki ig‘vomi, o‘ldirilgan bosqinchilarning biri partiya guvohnomasi bo‘lgan o‘rtog‘imiz ekan.

Partiyadosh o‘ris o‘rtoqlarimiz hech qanday chora ko‘rmaganlar...

Farg‘onaga borganimizda, partiyadosh o‘rtoqlarimiz qo‘rqinchli hayot haqida gapirib berdilar. Ular «biz ularni zoriqib kutdik», dedilar. Musulmonlar hamma joyda qarshilikka uchramoqdalar va tan olinmayaptilar.

To‘g‘ri, Farg‘onada musulmon deputatlar bor, ularning hech qanday nufuzi yoki ta'siri yo‘q. «Biz hech narsa qila olmayapmiz, bizlarni majlislardan haydab chiqarib yubormoqdalar», deyishdi musulmonlar bizga. Bundan tashqari, ularga qamab qo‘yamiz, deb do‘q qilmoqdalar. Mana shunday sharoitda, musulmonlar ommasining partiyaga va sovet hokimiyatiga munosabati qanday bo‘lishi mumkin!

Boz ustiga talonchilikni ham qo‘shib qo‘yish kerak. Musulmonlarning bor-yo‘g‘ini tortib olmoqdalar, tortib olibgina qolmay, o‘ldirmoqdalar ham. Bizning askarlar himoya qilish o‘rniga talanmoqdalar va o‘ldirilmoqdalar, jinoyatning izni yo‘qotmoqdalar. Qishloqlarda aholi dahshatga tushib qochib ketyapti. Va o‘g‘rilar to‘dasi ko‘payib boryapti, lekin kimdir partiyamas, qizil qo‘shin zo‘ravonlik qilyapti, deb e'tiroz bildirishi mumkin. Ammo partiya rahnamo. Barcha hokimiyat tashkilotlariga partiyaviy o‘rtoqlar rahbarlik qilishyapti, lekin ular ahvolni yaxshilash uchun hech qanday chora ko‘rmayaptilar. Ularning homiyligi ostida, hamma joyda ichkilikbozlik va noma'qul ishlar avj olyapti, binobarin, partiya mana shular uchun aybdor, albatta. Men bir majlisda bo‘ldim, unda ehtiroslar avjiga chiqdi. «Agar ular shunday qiladigan bo‘lsalar, biz nihoyat ularni bu yerdan haydab yuboramiz», deyishdi partiyadosh o‘rtoqlarimiz musulmonlar haqida. Ma'lum bo‘lishicha, saylov vaqtida musulmonlar o‘zlari hurmat qilgan va o‘zlarini ham hurmat qiladigan o‘rislarga qisman ovoz berganlar.

Musulmon proletariati o‘rislardan yordam so‘raydi,. ammo ular biz sizlarga ishonmaymiz, deb javob bermoqdalar. Musulmonlarni qiynamoqdalar, ularni hatto otib tashlamoqdalar, binobarin, musulmon proletariati ikki o‘t orasida qoldi, ya'ni bir tomondan o‘rislar unga ishonmayapti, ikkinchi tomondan esa o‘g‘rilar to‘dasi tahdid solyapti. Bizda hali-hanuzgacha musulmon va musulmon bo‘lmaganlarga bo‘lish saqlanib kelyapti.

Musulmonlar - millatchilar, degan haqorat eshitsalar, qanday qilib bizga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lsinlar. Biz o‘zimiz ularni millatchi qilyapmiz».

Diqqat qilinsa, hokimiyatning o‘zi qanday qilib o‘ziga dushman orttirganining mohiyati bu nutqda aniq ochib berilgan. Xuddi mana shu - Xalqning huquq va manfaatlarini tan olmaydigan sirli qudrat aslida o‘sha yillarda kazaklar, Antonovning qo‘zg‘olonlariga, Kronshtadt isyoniga, keyinchalik esa yanada dahshatli voqealarga olib keldi. To‘g‘ri, u vaqtda Stalin davrigacha, partiya minbaridan hali voqealarni o‘z nomi bilan atash mumkin edi. Binobarin, T. Risqulov mana shu imkoniyatdan mardona foydalanib, xalq nomidan hukumat bilan xalq o‘rtasida paydo bo‘lgan chindan ham fojiaviy ixtilofni ta'riflab berdi: «O'rtoqlar, biz kambag‘al musulmonlar Nikolay zamonida vahshiy hayvon ahvolida qanday bo‘lgan bo‘lsak, hozir proletar hukumatimiz davrida ham xuddi shunday, hatto undan battar ahvoldamiz, garchi mana shunday ahvolda Sovet hokimiyatiga qarshilik qilmay, imkoni boricha, unga yordam berayotgan bo‘lsak-da, shunday ahvoldamiz. Biz zulmatda och-yalong‘och yashab, itdek kafansiz o‘lib ketayotganimizga kim aybdor? Ammo men aybdorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatib bera olmayman, men bunday deyman: Kommunistlar programmasi juda maqbul va to‘g‘ri programma, bizning hokimiyat vakillari nima sababdan unga amal qilmaydilar, buni men bilmayman, chamasi, ular bilmaganlaridan yoki jo‘rttaga ko‘zni chirt yumib shunday qiladilar, ustiga-ustak, ular programmaga qarshi kurashamiz, deydilar, shu bahona bilan borimizni tortib olib, o‘z hamyonlarini qappaytira boshladilar. Nahotki, hokimiyat programmasi shunday bo‘lsa? Bunday emas, albatta... men zararkunanda boylar haqida gapirayotganim yo‘q, ammo misol uchun, bir kambag‘al proletarning bitta oti va aravasi bor edi, yuk tashib oilasini boqardi. Qizil askarlardan bittasi kelib, hech qanday haq to‘lamasdan, otini tortib oladi, buning kasofatiga uning oilasi och-yalang‘och qoladi. Nahotki, shu ham programmaga muvofiq bo‘lsa? Boylarni shilish bahonasida shahardagi 84000 aholining hammasini shilishgan. Shu to‘g‘rimi, axir? Namangandan keltirilgan molning hammasi, hatto qulfgacha musodara qilingan: Nahotki, shuncha mol yenib ketgan yoki boshidanoq sotila boshlaganmidi?

Ba'zi kishilarni quroling bor, deb ayblab hibsga olganlar. Qurolni topa olmaganlaridan keyin va ma'lumot yo‘qligi sababli ozod qilganlar, 5-10 ming jarima solganlar. Bu pul qayoqqa ketgan, sovetlarning xazinasigami yoki kissagami? Agarda kissaga kirgan bo‘lsa, sizningcha bu to‘g‘rimi?

Hokimiyatni ishonchli hokimiyat deb bilaman, ammo mana shu hokimiyat hokimlari bo‘lmish o‘rtoqlar aslida nima qildilar? Ular faqat o‘zlarining o‘rinslarini ajratib olib, himoya qildilar, yaxshi yedirib-chirdilar, yaxshi kiyintirdilar, o‘z uylarini begonalarning tortib olingan shoyi mato va boshqa qimmatbaho buyumlari bilan bezadilar, biz musulmonlarga nima karomat ko‘rsatdilar? Yedirib-ichirdilarmi? Yo‘q. Kiyintirdilarmi? Yo‘q. Agar kiyintirganlarida, kambag‘allar yalangoyoq yurmasdi, agar yedirib-ichirganlarida, ming-minglab ochlar o‘lmasdi. Biznikilarning nimasi qoldi?

Yirtiq-yamoq ko‘rpa-to‘shagidan boshqa hech vaqosi qolmadi.

«Farg‘ona viloyat revolyutsion komitetining Farg‘onaning mehnatkash aholisiga chaqirig‘i»da bir yarim yildan buyon bosmachilarning qaroqchi to‘dalari Farg‘ona viloyatini tilka-pora qilyapti, ular Farg‘onaning tinch fuqarolarini xonavayron qilmoqdalar, o‘ldirmoqdalar, zo‘rlamoqdalar. Bizning Qizil qo‘shin qismlari, o‘z navbatida, har doim ham o‘z nufuzini saqlay olmay, tinch aholiga jabr qilmoqdalar», deyilgan»...

Bunday haddan oshish va suiiste'molliklarni Yu. Paporovning maqolasida keltirilgan misollar ham tasdiqlab turibdi. Unda shunday deyiladi: «Farg‘ona frontining qo‘mondoni o‘rtoq Konovalov bosmachilarning qarorgohi to‘g‘risida ma'lumot olgach, Bozorqo‘rg‘onga yo‘l oladi va yo‘l-yo‘lakay otryadi haqida bosmachilarga xabar berib qo‘yishidan qo‘rqib, yo‘lda duch kelgan barcha o‘zbeklarni otib tashlaydi. Otryad, chindan ham, Bozorqo‘rg‘on atrofida bosmachilarga duch keladi va ular bilan jang qiladi. O'rtoq Konovalov keta turib, Bozorqo‘rg‘on bilan qo‘shni bo‘lmish Nikoslsk qishlog‘i aholisini, 23 kun davomida Nikolsk qishlog‘i aholisi Bozorqo‘rg‘onni «tozalaydi». «Tozalash» shundan iborat bo‘ladiki, avval faqat talashadi, keyin esa aholini ota boshlashadi, erkaklarni bosmachilarga xayrixoxliklari uchun, bolalarni kelgusida bosmachi bo‘lib yetishishlari mumkin bo‘lganligi uchun otishadi...»

Haqiqatan ham, ushbu faktlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi, ba'zi faktlar umumiy xulosalarga zid keladi, ularni rad etadi. Ammo muhim faktlarning qanchadan qanchasi, haqiqat yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida yashirib kelingan bir sharitda, tarixiy haqiqatni to‘la-to‘kis tiklash uchun oshkor qilinishini kutib yotibdi.

1920 yil may-iyun oylarida Turkdelegatsiya V. I. Lenin va boshqa rahbarlar bilan muzokara olib bordi, o‘z takliflarini bayon qildi. Takliflarning mohiyati quyidagicha edi:

Butun hokimiyatni batamom, Konstitutsiyaga muvofiq, tub aholi mehnatkashlariga berib, Turkkomissiyaga, revolyutsion harbiy kengashga rahbarlikdagi har qanday ko‘p bosqichlikka chek qo‘yib, Turkfront revolyutsion harbiy kengashining huquqlarini cheklab, bularni amalda bajarish kerak.

Delegatsiya yana:

a) Turkistonda musulmonlarning kuchli Qizil qo‘shinlarini tuzish hamda quloqlardan tuzilgan barcha Qizil qo‘shin qismlarini zudlik bilan qurolsizlantirishga kirishish yoki ularni boshqa frontlarga o‘tkazish.

b) Turk respublikaning Harbiy komissarligini tiklab, unga Qizil Qo‘shinni hisobga olish, safarbar qilish, tuzish va o‘qitishni topshirish... Turkiston hududida qismlarni faqat tub aholidan tuzish;

v) Turkrespublikada butun hokimiyatni Sovetlar s'ezdiga, Turk MIKga va Xalq Komissarlari Sovetiga topshirish;

g) «Turkkomissiyani» tugatish;

d) Turkistonga musulmonlardan harbiy va siyosiy xodimlar yuborish; Markazdan Turkistonga yuborilayotgan xodimlar Turkiston o‘lka partiya komiteti va Turkiston Markaziy ijroiya komiteti ixtiyoriga o‘tishi zarur deb bildi.

Bu yerda gap asosan hokimiyat vakolatlarini jumhuriyat bilan markaz o‘rtasida bo‘lish haqida boradi, har holda delegatsiya Moskvaga ikkala tomon uchun ham maqbul qarorga kelish uchun borgan.

Xo‘sh, qanday qarorga kelindi?

Avvalambor, ikkinchi tomonning ham fikrini eshitishdi. 1920 yil 25 mayda RKP(b) MKning Siyosiy byurosi Ya. E. Rudzutakning «Turkistondagi ahvol to‘g‘risida»gi ma'ruzasini eshitdi. N. P. Krestinskiy, Sh. E. Eliava, G. 3. Chicherin, N. Narimonovlardan iborat komissiya tuzildi. Oradan bir oy o‘tgach, ya'ni 1920 yil 22 iyunda RKP(b) MKning Siyosiy byuroosi o‘zining navbatdagi majlisida Risqulov guruhining «Turkiston jumhuriyati to‘g‘risida»gi loyihasini ko‘rib chiqdi, loyiha jiddiy tanqidga uchradi. Aslida, ko‘rsatib o‘tilgan komissiya tuzgan siyosiy byuro qarori loyihasi ustiga 13 iyundayoq Lenin: «Menimcha, Risqulov loyihasini rad etish va komissiya loyihasini qabul qilish lozim», deb yozgan. Undan avvalroq esa mana bu diqqatga sazovor fikr-mulohaza va takliflarni ham ilgari surgan:

Turkistonda Butunrossiya Marqaziy Ijroiya Komiteti, Xalq Komissarlari Soveti va RKP(b) Markaziy Komitetining vakilligidan iborat doimiy organ bo‘lishi zarur, bu organ zimmasiga quyidagi vazifalar yuk-lanishi lozim:

a) federal hokimiyatning to‘la huquq doirasiga kiradigan sohalarni bevosita boshqarish;

v) markaziy hokimiyatning direktiva va dekretlarining amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek, mahalliy iqtisodiy va maishiy sharotlarga muvofiqlashtirish maqsadida, bu direktiva va dekretlarni to‘xtatib qo‘yish yoki o‘zgartirish».

Shuningdek, quyidagilar taklif qilingan: «Turkiston Komissiyasiga Turkiston XQS va Turkiston MIK bilan kelishib muntazam ish olib borish majburiyati yuklansin... Ular bilan «kelishilsin» va barcha (yoki asosiy) janjalli masalalar Markaziy Komitet va Butunrossiya MIQga kiritilsin: Huquqlar doirasining kengayishini (ishlarda qatnashish va hokazolarni) ta'minlovchi bir qancha amaliy choralar ko‘rilsin». «Ruhoniylarga, panislomizmga va burjua-millatchilik harakatiga qarshi kurash usullarini» alohida ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatib o‘tiladi. Shunday qilib, plan ham, byudjet ham, oziq-ovqat masalasi ham markaz ixtiyorida. Markazning yo‘l-yo‘riqlari ma'lum shart-sharoitlarda «muvofiqlashtiriladi», xolos, janjalli masalalar esa yana «yuqorida» hal qilinadi...

Bo‘linish masalasiga kelsak, 1920 yil iyunda yozilgan «RKP(b)ning Turkistondagi vazifalari to‘g‘risidagi masala yuzasidan RKP(b) MK Siyosiy byurosi qarorining loyihasi»da Lenin «respublikani uch qismga bo‘lish oldindan hal etilmasin», deb maslahat beradi.

Biroq ittifoqning tuzilishi masalasi nihoyat yetilganda, V. I. Lenin 1922 yil 31 dekabrda bunday deb yozgan edi.

«Shu bilan birga, ana shu ishlarning hammasi natijasida, Sovetlarning kelgusi s'ezdida, orqaga qaytish mumkin, ya'ni sovet sotsialistik respublikalari ittifoqini faqat harbiy va diplomatik jihatdangina saqlab qolib, boshqa hamma jihatdan esa ayrim xalq komissarlarining to‘la mustaqilligi tiklanishi mumkin, shuning uchun bu to‘g‘rida aslo oldindan, bunday bo‘lmaydi, deb so‘z berib qo‘ymaslik kerak...» (V. I. Lenin. TAT, 45-tom, 405-bet.)

Turar Risqulov boshliq «Turk delegatsiyasi»ning markaz bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni uzmagan holda, milliy mustaqillikni qo‘lga kiritish yuzasidan olib, borgan harakatlar, muloqotlari shu yo‘sinda xotimalandi. Unga so‘nggi nuqtani esa Stalin qo‘ydi...

Izoh: Turkiston Komissiyasi byudjetini tasdiqlashdan oldin RSFSR Moliya xalq komissarligining roziligini oladi. Qolgan barcha masalalarni hal etish Turkiston Markaziy ijroiya komitetining va Xalq Qomissarlari Sovetining to‘la ixtiyoridadir.

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.