background
logotype

Poyon Ravshanov. Amir Temurning muhri (1989)

Ulug‘ Temur avlodiman
Gar bo‘lsamda ozari,
Tabarrukdir, ziyoratgoh
Menga oning mozori.
Ulug‘bekning poyin izlab
Zarafshondan o‘tganman,
Samarqandning tarixini
Yuragimga bitganman.

Maqsud Shayxzoda

Bu ko‘hna dunyo yurtlarni buzgan, elatlarni qirgan qanchadan-qancha jahongirlarni biladi: Iskandaru Doro, Muoviyayu Qutayba, Chingizu Botu, Napoleon va, nihoyat, Gitler... Ba’zi ilmiy farazlarga ko‘ra, bashariyatning keyingi uch ming yillik tarixida jami 2600 yil urushlar bilan kechgan ekan.

O‘tmish muarrixlari insoniyat tarixiga o‘zgartirishlar kiritgan jahongirlar tabiat taqozasiga ko‘ra ahyon-ahyonda tug‘ilishini qayd etganlar. Munajjimlar Chingizxon, amir Temur va Abdullaxonlarning (XVI asr) sohibqiron bo‘lib tug‘ilganligini karomat qilganlar. Aytishlaricha, Chingizxon o‘ng qo‘lining kaftida qon changallab tug‘ilganligi uning keyinchalik qonxo‘r bo‘lishiga ishora ekan. Ilmi nujum dalolatiga ko‘ra, ikki baxt sayyorasi — Nohid (Venera) va Mushtariy (Yupiter) bir-biri bilan yaqinlashgan vaqtda tug‘ilgan bola sohibqiron bo‘lar emish. Sohibqironlikni tabiat hodisalariga aniqrog‘i, yulduzlar holatiga bog‘lash qanchalik haqiqatga to‘g‘ri keladi, bu to‘g‘rida biron narsa deyish qiyin, ammo sohibqironlarning qon to‘kib, yurt olishi bobida o‘tmish olimlari yanglishmaganlar.

Amir Temur tarixan o‘ta murakkab vaziyatda siyosat maydoniga kirdi. XIII asrniig birinchi choragida bosib olingan, asoratga solingan Movarounnahr va Xuroson, qolaversa, bepoyon rus tuprog‘ida hamon mo‘g‘ullar istibdodi davom etayotgan edi. Movarounnahr Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyning suyurg‘ol mulkiga aylantirilib, qariyb bir yarim asrdan buyon uning urug‘-aymoqlari bu o‘lkaning qonini zulukdek so‘rmoqda edilar. Chig‘atoy ulusi Yettisuvdan to janubiy Xorazm yerlarini qamrovchi ulkan sarhadga yoyilgan bo‘lib, ma’lum muddat (1318—1347) uning poytaxti Nasaf — Qarshi shahri bo‘lib turdi.

XIV asrning 60-yillarida, ya’ni Temur siyosat sahnasiga kirib kelganda bosqinchi mo‘g‘ul hukmdorlaridan putur keta boshlagandi. Nasafni poytaxtga aylantirgan Kebekxon (1318—1326) majusiy edi. Kebekxonni o‘ldirib, hokimiyat tepasiga chiqqan Tarmashirin (1326—1334) musulmon dinini qabul qiladi. Mo‘g‘ul hukmdorining mahalliy aholi diniga kirishi shunchaki yumshoqko‘ngillik oqibati emasdi, albatta. Agar Tarmashirin musulmon bo‘lib, «Alouddin» — din ulug‘i unvonini olgan bo‘lsa, uning o‘rniga taxtga chiqqan Bo‘zan mo‘g‘ul feodallarining islomni qabul qilishiga chek qo‘yadi.

Chingizxon vafotidan keyin juda inoq, bosib olingan o‘lkalarni bahamjihatlik bilan idora qilib kelayotgan uning avlodlari XIV asrning ikkinchi choragidan e’tiboran bir-biri bilan jiqqamusht bo‘la boshladi. Hokimiyat uchun kurash borgan sari avj oldi. Bo‘zanni o‘ldirib, hokimiyatni qo‘lga olgan Qozonxon ibn Yassavir o‘g‘lon yana qarorgohni Qarshi shahriga (Bo‘zan uni Iliga ko‘chirgan edi) olib keladi. Qozonxon ham urug‘-aymog‘i bilan bo‘lgan o‘zaro kurashlarga dosh berolmadi. Uning kushandasi amir Qozog‘on bo‘ldi. Hirot yaqinidagi Dari zangi degan joyda bo‘lgan jangda garchi Qozonxonning qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, ko‘ziga yoy o‘qi tegib, nogiron bo‘lib qoladi. 1347 yilda Qozog‘on bilan bo‘lgan ikkinchi jangda uning kuni bitadi. Qozog‘on taxtga Doshmandchi o‘g‘lonni (u Chingizning o‘g‘li Ugeday nasabidan edi) chiqaradi. Bir yilga yetar-etmas Doshmandchi o‘g‘lon ham fitnaning qurboni bo‘ladi.

Amir Qozog‘on Balxda kuchli qo‘shinga ega edi. Bu safar ham Movarounnahr taxtiga o‘z odami Boyonqulini qo‘yishga erishadi. Qozog‘onning o‘g‘li Abdulloh ham bosqinchilik bobida otasidan qolishmas, mulk chegaralarini kengaytirishga intilardi. Jumladan, u 1363 yilda Xorazmga bosqin qiladi va talaydi. 1367 yilga kelib, o‘zaro janglarning birida mo‘g‘ul amiri Qutlug‘ Temur Bo‘lday amir Qozog‘onni yasoqqa yetkazadi. Otasi o‘rniga taxtga chiqqan Abdulloh saroyida fisqu fujur zo‘rayadi. Masalan, u Boyonqulini xotini bilan bo‘lgan ishqiy mojaro tufayli qatl etadi. Mo‘g‘ul feodallarining jirkanch maishiy hayot tarzi, hokimiyat uchun tuban talashishlari odatdagi bir hol bo‘lib qolgan edi.

Kebekxon davridayoq bo‘linib keta boshlagan mo‘g‘ullar Movarounnahr tuprog‘ida zaiflashib qolgandi. Xurosonda ham ahvol shunday edi. Shu boisdan Xurosonda mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi hayot-mamot jangiga kirishgan sarbadorlar 1337 yildan to 1381 yilga qadar, ya’ni hokimiyatni amir Temurga ixtiyoriy topshirgunga qadar mustaqil davlat tuzishga muvaffaq bo‘lgan edilar. Sarbadorlik harakati Movarounnahrga ham yoyila boshlagan, Samarqand uning markaziga aylangandi. Lekin hali sarbadorlik bu o‘lkada ochiq kurashga o‘tmagandi.

Vaziyatni hisobga olgan, mo‘g‘ullarga qarshi xalq kayfiyatini yaxshi bilgan mahalliy turk feodallari ham u yoki bu mo‘g‘ul amiri tarafida turib, hokimiyat uchun bo‘lgan kurashlarda qatnasha boshlaydilar. Masalan, XV asr tarixchisi Fosih Ahmad Xavofiyning «Mujmal-i Fosihiy» (1441) asarida olimlarimiz nazaridan chetda qolgan bir dalil bor. Unda ta’kidlanishicha, 1358 yilda amir Qozog‘onning o‘g‘li Abdullohga qarshi kurash boshlagan mo‘g‘ul amiri Bayon So‘lduz yonida Hoji Barlos ham bo‘lgan. Ular amir Abdullohga qarshi ittifoq bo‘lib, qo‘lga kiritilgan viloyatlarni o‘zaro taqsimlab olish sharti bilan kurashganlar. Hoji Barlos, bu o‘sha — Kesh (Shahrisabz) viloyatining hokimn, o‘zbekning barlos urug‘idan bo‘lgan, amir Temurning amakisi edi.

Ayrim tarixiy asarlarda, xususan, akademik V. B. Bartoldning ilmiy ishlarida ham XIV asrda mahalliy feodallarning hokim mo‘g‘ullar bilan munosabati qanday bo‘lganligi ma’lum emas, deyiladi. Mahalliy feodallar, jumladan, barlos beklari mo‘g‘ul amirlari bilan yaxshi aloqada bo‘lgan. Davr taqozasiga ko‘ra mo‘g‘ul amirlari ham eng kamida mahalliy feodallar fikri bilan hisoblashadigan bo‘lib qolgan.

Amir Abdullohni yengib, uni Andarab tomonga qochib ketishga majbur qilgan Bayon So‘lduz va Hoji Barlos Movarounnahrning bir qismini qo‘lga kiritadilar, uni o‘zaro bo‘lib olib idora qila boshlaydilar. Hoji Barlosga Kesh viloyati tegadi. Bu voqea 1358 yilda ro‘y berdi. Shu tariqa Movarounnahrda hokimiyat qariyb bir yarim asrdan so‘ng mahalliy aholi vakili qo‘liga o‘tadi.

Tarix darsliklarimizdagi yana bir qusur shundaki, XIV asrning 30-yillariga kelib Xurosonda mahalliy aqolining vatanparvar va ilg‘or qismi bo‘lgan sarbadorlar hukmron mo‘g‘ullardan kichik bir territoriyani ozod qilib, poytaxti Sabzavor shahri bo‘lgan mustaqil sarbadorlar davlati tuzganligi aytiladi. Biroq, Shahrisabz viloyatining Movarounnahrda birinchi bo‘lib (bundan keyin, 1361—1362 yil oraligida Samarqandda qam sarbadorlar hokimiyatni qo‘lga kiritadilar), 140 yil davom etgan mo‘g‘ul hukmronligidan so‘ng ozodlikni qo‘lga kiritganligi haqida lom-mim deyilmaydi. To‘g‘ri, darsliklarda hokimiyat mahalliy feodal Hoji Barlos qo‘liga o‘tganligi haqida bir jumla keltiriladi-yu, mo‘g‘ul asoratidan qutilish, o‘sha zamonda xalqimizning ozodlikka erishgani haqida aytish negadir, «unutiladi».

Tarixiy faktlarni haqqoniy tahlil etish, zamonga nisbat berib sharhlash juda muhim. Bu xalqimizning mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi bir yarim asr davomida olib borgan ozodlik kurashi sahifalarini oydinlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlardan biridir. Zero, XIV asrning 50-yillariga kelib, Samarqandda, shuningdek, unga qo‘shni bo‘lgan Shahrisabz va Qarshida bosqinchilarga qarshi kurash tobora alangalanayotgan edi. Bu esa Hoji Barlosning garchi mustaqil bo‘lmasa-da, Bayon Sulduz bilan birgalikda olib borgan kurashida ma’lum darajada aks etadi. Bu jang natijasida Shahrisabz viloyati qo‘lga kiritiladiki, bu yengib bo‘lmas deb qaralgan mo‘g‘ullarga qarshi ozodlik kurashining ilk samarasi edi. Holbuki, Mahmud Torobiydan keyin to‘liq bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘alishga hech kim botina olmagandi. Shahrisabz va Xurosonda hokimiyatni qo‘lga olgan (albatta, kichik territoriyada) sarbadorlar dovrug‘i yoyilgan, bunga navkarlar va yoshlarning katta bir qismi qiziqish bilan qarardi. Samarqand sarbadorlari bilan zimdan til biriktirgan, ozodlik kurashiga bosh qo‘shganlar safida Hoji Barlosning amakivachchasi Temur ibn Tarag‘ay ham bo‘lgan deyishga ba’zi asoslar bor. Bu amir Temurning keyingi faoliyatida yaqqol ko‘rinadi.

Mo‘g‘ulistonda 1348 yilda hokimiyatga erishgan To‘qlug‘ Temur Movarounnahrda — bobosi Chig‘atoy ulusida yuz berayotgan voqealarga befarq qarab turolmaydi. To‘qlug‘ Temur Chig‘atoyning nabirasi Duvaxonning o‘g‘li Eminxo‘janing o‘g‘li bo‘lib, amir Po‘lodchi tomonidan 18 yoshida xonlikka ko‘tarilgan edi. Yigirma to‘rt yoshida islomni qabul qilgan To‘qlug‘ Temur Movarounnahrni bosib olishga o‘zini shar’an ham haqli hisoblardi. Keyingi paytda bu yurtda mahalliy aholi vakillarining hokimiyatni tortib olish payiga tushib qolganliklari, uning azaliy rejasini amalga oshirishga turtki bo‘ladi. U 1359 yilda katta qo‘shin tortib Movarounnahrga — Kesh viloyatiga yo‘l oladi.

Shahrisabz viloyatini qisqa vaqt idora qilib turgan Hoji Barlos mo‘g‘ul xonining yo‘l-yo‘lakay erishayotgan g‘alabalaridan vahimaga tushib qoladi. Oz sonli yigitlar bilan To‘qlug‘ Temurga qarshi turib bo‘lmaydi, yon-atrofdagi amirlardan najot yo‘q, hammasi mo‘g‘ullar... Amir Hoji Barlos To‘qlug‘ Temurning asosiy zarbasi o‘ziga qaratilganini yaxshi anglab, Xurosonga qochib ketishdan bo‘lak chora topolmaydi. Hoji Barlos bu qarorga osonlikcha kelmagan, albatta. Og‘ir damda yurtni tashlab ketish o‘zi uchun qanchalik qimmatga tushishini u yaxshi bilgan. Xullas, Hoji Barlos o‘ziga sodiq kishilar kuzatuvida Amudaryo bo‘yiga yetib keladi. Uni qo‘riqlab kelganlar orasida amakivachchasi Temur ham bor edi. Hoji Barlos unga ishonar, Xurosonda, musofirlikda yurganimda tayanch bo‘lar, deb umid qilardi. Kutilmaganda, Temur Shahrisabzga qaytajagini aytadi. Amakisiga: «Siz boravering, qiyin kunda men el ichida bo‘lishim kerak», deydi. Unda oriyat, hamiyat kuchli bo‘lgan. Amakisini Temur qattiq hurmat qilgan (bunga hali ishonch hosil qilamiz), Hoji Barlos nima bo‘lganda ham, mo‘g‘ullardan viloyatini mustaqil qilib olgan birinchi kishi edi-da. Lekin, uning bu ketishi... Hoji Barlos To‘qlug‘ Temurga bo‘ysunib, molu mulk to‘lab, amalida qolishi mumkin emasmidi? Yo‘q, bo‘lmas edi. Chunki, Hoji Barlos hokimiyatni kuch bilan olgandi, Chingiz avlodiga qo‘l ko‘targan kishi aslo kechirilmagan. Endi, Temurning oriyati masalasiga kelsak, yurt tinch vaqtda Hoji Barlos (va uning yaqinlari, jumladan, Tarag‘ay oilasi ham) farog‘atda yashardi. El boshiga quzg‘un yopirilganda, nonning gulini yegan Hoji Barlos jonini qutqarishga tushib qoldi, xiyonat yo‘liga kirdi. Jo‘mardlik ruhida tarbiyalangan Temur bu yo‘lni qabul qilolmaydi. Hoji Barlosning yaqin qarindoshi sifatida isnodning oldini olishga shoshiladi. Ikkinchidan, Shahrisabz viloyati beega, To‘qlug‘ Temur bo‘lsa hali yo‘lda. Hokimiyatni olish uchun bundan qulay fursat bo‘lishi mumkinmi?!

Yigirma to‘rt yoshli Temurning mo‘r-malaxdek dushman bostirib kelayotgan Shahrisabzga qaytish haqidagi ahdi o‘lim va hayot garovi edi. Nahotki, shunday qaltis vaqtda u hokimiyatga intilgan bo‘lsa? Temur, keyinchalik qurultoylarda, harbiy ko‘riklarda amir va navkarlariga bir naqlni takror-takror aytar ekan: Ikki sayyoh biri arab, biri eroni, behudud sahroda adashib qolibdi. Quyoshning olovli tafti yo‘lovchilarni holdan toydiribdi. Eroni suvini allaqachon ichib tugatgan, arabning ko‘zachasida bir ichim suv qolgan. Suvsizlikdan lablari qovjirab, sulayib borayotgan eroni hamrohi arabga aytibdi: «Arab xalqi olijanob bo‘ladi deb eshitganim bor, shu rost bo‘lsa, suvingni menga beru, xalqingning olijanobligini ko‘rsat». Arab suvni unga bersa, shaksiz o‘lishini bilsa ham «arablarning olijanobligi oldida mening o‘limim hech narsa emas, men xalqim udumiga shak keltirmayman», deb suvni unga beradi. Ittifoqo, bu ikki sayyoh omon qolib, Temur lashkariga qo‘shilgan. Amir Temur ularni behad siylagan ekan.

To‘qlug‘ Temur «olsa mol, olmasa jon» qabilida oldiga chiqqan Temurga Kesh viloyatini in’om qiladi. Afsuski, tarixiy manbalar uning bunga qanday erishganligini yoritmaydi. Tabiiyki, bu sulh va vassallik katta tovon va har yili to‘lab turiladigan molu ashyo evaziga bo‘lgan. Bu voqea 1360 yilda ro‘y beradi. To‘qlug‘ Temur iziga qaytadi. Movarounnahrda osoyish yuz bergach, qochib ketgan amir Hoji Barlos Shahrisabzga qaytadi. Bir yilga yaqin Kesh hokimi bo‘lib turgan Temur, Fasih Xavofiy aytganidek, «hokimnyatni boshqarish uchun kelgan» amakisiga joyni bo‘shatib beradi. Yuzi shuvit Hoji Barlosni darvozadan kiritmaslik o‘rniga, taxtni unga topshiradi. Xo‘sh, buni qanday baholash kerak? Hokimiyat uchun ota bolani ayamagan davrda bu qanday jo‘mardlik edi? Tabiiyki, savollar ko‘p. Bizga ma’lum manbalar esa bu so‘roqlar qarshisida ojiz.

Temur o‘ziga sadoqatli yigitlar bilan Balxga, amir Husayn ibn Musallab oldiga ketadi. Bu Hoji Barlosga nisbatan norozilik belgisi emasmikin, biron narsa deyish qiyin. Voqealarning keyingi rivoji o‘quvchilarga yaxshi ma’lum. Husayn xizmatiga kirgan Temur o‘zini tutib oladi, atrofiga aksar jangari, hech narsadan qaytmaydigan katta qo‘shin to‘playdi. Nihoyat, 1370 yilning 10 aprelida Balxda amir Husaynni yengib, Movarounnahr taxtini qo‘lga kiritadi.

Amir Temur 736 sichqon yilida, sha’bon oyining 25 kunida (9 aprel 1336 yil) Shahrisabzdan o‘n uch chaqirim bo‘lgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozir bu qishloq Yakkabog‘ rayoniga qarashli. Akademik Bartoldning shahodat berishicha, asrimiz boshlarida qishloq aholisi unga amir Temurning shu qishloqda tug‘ilganini so‘zlab bergan ekanlar. Temurning otasi Tarag‘ay Muhammad, onasi Tegina xotun bo‘lgan. Qoracha — Tarag‘ay va Hoji Barlosga to‘rtinchi bobo bo‘lgan. Tarag‘ay barlos urug‘ining nufuzli beklaridan hisoblangan. Uning mo‘g‘ullar bilan ham bordi-keldisi bo‘lib, jumladan, amir Hamidning otasi bilan do‘st tutingan. Tarag‘ay Muhammad taqvodor kishi sifatida, shayxlar bilan yaxshi munosabatga kirishgan.

Islomning nufuzli shayxlari bilan yaqin aloqalar bog‘lash ham ma’lum maqsadni ko‘zda tutganga o‘xshaydi. Masalan, Temur yoshligida Qashqa vohasining taniqli ruhoniysi shayx Shamsiddin Kulol huzuriga boradi. Bu payt shayx ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan. Yosh bekzoda uni sabr-toqat bilan kutib turadi. Uzoq cho‘zilgan zikru ibodatdan so‘ng, shayx uni juda yaxshi qabul qiladi, sabr-matonati uchun alqab, duo qiladi. Temur, keyinchalik, o‘zining g‘alabalarini shu fotihaga bog‘lagani ma’lum. Bundan chiqadiki, Temur yoshligidayoq kurashishni maqsad qilib qo‘ygan. Kimga qarshi kurashish masalasi ham o‘sha paytlardayoq aniq qilib qo‘yilgan ko‘rinadi. Buni Temurning muhri (pechati) bilan bog‘lab tushuntirish mumkin. Demak, endigi gap amir Temurning muhri haqida.

Amir Temur 1370 yildan to 1402 yilgacha, Karl Marks ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, o‘z saltanatini Sharqda to Xitoy devoriga qadar, Shimolda — Moskvaga qadar, G‘arbda — O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlariga qadar, Janubda — Misr chegaralariga qadar kengaytiradi. Bunga 18 urush natijasida erishadi. Fosih Xavofiyning «Mujmal-i Fosihiy» asarida berilgan xronologiya asosida hisoblab chiqilganda, amir Temurning 1370 yildan to so‘nggi nafasiga qadar 30 martadan ziyod harbiy yurishlar qilganligi ma’lum bo‘ladi. U qariyb 25 yil davomida, asosan, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashdi. O‘z hokimiyatini mustahkamlab olgach, bosqinchilik yurishlarini amalga oshirdi, Eronni, Iroqni, Turkiya va Hindistonni ishg‘ol etdi.

Benihoya katta imperiyaga ega bo‘lgan Temur o‘zini xon atamagan. Aksincha, Chingizxon urug‘idan bo‘lgan kishilardan qo‘g‘irchoq xonlar (masalan, Qobulshoh, Suyurg‘atmish, Sulton Mahmudxon) qo‘yib, farmonlarni ular nomidan e’lon qilgan. Tabiiyki, bu farmonlarda amir Temurning bodomi muhri hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Farmonlarda shu muhr bo‘lgandagina u kuchga kirgan.

Akademik V. V. Bartoldning tarixiy manbalarga asoslanib yozishicha, amir Temurning muhrida (shuningdek, uzugida ham) ikkita so‘z bor ekan: «Rosti va rasti». «Forscha — ruscha lug‘at»ning Moskva, 1983) birinchi jildida «rosti — adolat, haqiqat», «rasti — qutilish, ozodlik» (707; 721-betlar) deb izohlangan. Binobarin, amir Temurning muhridagi so‘zlar «ozodlik va adolat» ma’nosini anglatadi.

Akademik Ibrohim Mo‘miiov «Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli» nomli ajoyib risolasida, bu so‘zlarni Sharafuddin Ali Yazdiyning ma’lumotiga asoslanib, «Rosti — durusti» (haqiqat — sihatlik) deb keltirib o‘tadi. Temur muhridagi bu ikki so‘zni yana boshqacha o‘qish hollari ham bor. Jumladan. G. Vamberi «Buxoro tarixi» asarida bu so‘zlarni «Rasti-rusti» (Haqiqat va xaloskorlik) deb o‘girgan ekan. Fikrimizcha, XV asrning birinchi manbalari bilai ish ko‘rgan, O‘rta Osiyo, xususan, Temuriylar tarixini mukammal bilgan akademik V. V. Bartoldning sharhi to‘g‘ri. Shuningdek, G. Vamberi ham so‘zlarni asl ma’nosiga juda yaqin izohlagan. «Rosti» va «Rasti» so‘zlarining sinonimlari adolat, haqiqat, qutilish, xaloskorlik ma’nolarida keladi. Bu «forscha-ruscha lug‘at»da ham, «Tojikcha-ruscha lug‘at»da (Moskva, 1969) ham aks etgan.

Yigitlik chog‘laridayoq Temurning shioriga aylangan bu ikki so‘zni hirotlik shayx Zayniddin Abu Bakr at Tayobodiy aytganligi manbalardan ma’lum. Lekin shu o‘rinda bir aniqlik zarurga o‘xshaydi. Chunki bu ikki so‘zni Temur 21 yoshida o‘z faoliyati uchun shior qilib oladi. Shunday ekan, bu so‘zlarni unga shayx Zayniddin Tayobodiyning aytganligi shubha tug‘diradi. Amir Temur 1481 yilda Hirirudga yaqin Ko‘hsangdagi Tayobod qishlog‘ida yashovchi shayx Zayniddin Tayobodiy bilan uchrashgan. Bu paytda u 45 yoshga kirgan bo‘lib, Movarounnahrni mo‘g‘ullardan tozalab, Xurosonni ham birin-ketin bosqinchilardan tortib olayotgan edi. Shunday ekan, uning muhridagi so‘zlar Zayniddin Tayobodiy tomonidan emas, balki undan ancha oldin, ya’ni 24 yil muqaddam qarshilik shayx Shamsuddin Kulol tomonidan aytilgan bo‘ladi. Bundan chiqadigan ma’no shuki, Qashqa vohasidagi vatanparvar din arboblari ham mo‘g‘ullarga qarshi kayfiyatda bo‘lganlar. Yuqorida zikr etganimiz mo‘g‘ul xoni Tarmashirin musulmonchilikni qabul qilishi ham o‘lkada katta kuch bo‘lgan islomga yon berishning oqibati edi.

Amir Temurning o‘z muhriga tushirilgan so‘zlarga qanchalik amal qilganligi tarixdan yaxshi ma’lum. Uning siyosiy jahongirlik faoliyati ikki davrga bo‘linishi ham bejiz emas. 1370 yildan to 1386 yilga qadar Temur o‘z davlatini mustahkamlash, Movarounnahrdan mo‘g‘ullarni quvib yuborish, muhriga tushirilganidek, qutilish, ozodlik ishlari bilan shug‘ullandi. 1386 yildan boshlab esa uning tarixda mashhur uch, besh va yetti yillik jahongirlik yurishlari amalga oshirildi. Temur imperiyasida 800 ming kishilik qo‘shin mavjud bo‘lganligi qayd etilgan. U, masalan, Hindistonga, Turkiya sultoni Boyazid va To‘xtamishxon ustiga 200 ming lashkar tortib borgani ma’lum. Temur qo‘shinda temir intizom o‘rnatgan, har bir tuman (o‘n minglik) uchun alohida rangdagi bosh kiyimlari joriy qilgan. Akademik V.            V. Bartold Temur jangchilarining ritsarlik ruhida tarbiya olganliklarini aytadi. Temurning o‘zi ham shijoatli, dovyurak kishi bo‘lgan. 1362 yilda Seyistonda bo‘lgan jangda o‘ng qo‘lini tirsagidan kamon o‘qi yaralaydi. Shunda ham u jang maydonini tashlab ketmaydi. Vaholanki, shu o‘q zahmi yillar davomida uning mayib bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan, o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘ida suyak sili avj olib, oyog‘i bukilmaydigan bo‘lib qoladi. Amir Temur o‘ch olishni ham yaxshi bilgan. Oradan o‘n bir yil o‘tib, 1383 yilda Seyistonni zabt etishda, bir vaqtlar uni kamon o‘qi bilan yaralagan kishi qo‘lga tushadi. Temur uni ham kamondan otib o‘ldirishga buyruq beradi. Yoki Xorazm amiri Yusuf So‘fi Temurni yakkama-yakka jangga chorlaydi-yu, o‘zi bunga botina olmaydi. Bu voqea 1379 yilda, Urganch qamalida sodir bo‘lgan. Qirq uch yoshli Temur shartlashilgan joyga keladi, ammo Yusuf So‘fi qo‘rqoqlik qilib, o‘z shartini buzadi.

Haqiqatan ham Temur, akademik Bartold aytganidek, eng avvalo harbiy, so‘ng hukmdor, eng oxirida esa musulmon edi. Uning o‘z poytaxti Samarqandda bir yilga yaqin tinch o‘tirgani ma’lum emas. Har olti oyga qolmay goh Mo‘g‘ulistonga, goh Xorazmga, goh Eronga, goh Hindistonga, goh Turkiyaga qo‘shin tortadi. Shunga qaramay, Temur Samarqandda istirohat bog‘lari, qasrlar qurdirganki, bularda Temur bo‘lmagan vaqtda kambag‘al ham, boy ham bemalol sayr qilib yurgan. Yana akademik Bartold ta’biri bilan aytganda, Temur qasrlari va bog‘larining qulfi ham, devori ham bo‘lmagan.

Temurni tushunish nihoyatda qiyin, jahongirlar ichida u kabi murakkabi o‘tmagan bo‘lsa kerak. Masalan, Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» asarida shunday bir voqea keltiriladi. Keyinchalik Temurning ishonchli sarkardasi darajasiga ko‘tarilgan amir Shoh Malik (XVI asrda yashagan shoir Muhammad Solihning bobosi) yoshligida yuz bergan bir hodisani so‘zlab bergan ekan: «Bir kuni onhazrat (Temur) meni xos xilvatga chaqirib, buyurdi: «Amirlar falon podshohning qonidan o‘tishimni so‘radilar, men ularning so‘zlariga quloq solmadim. Ular buni yana arzga yetakzadilar, men esa man qilaman. Sen esa shunday qilishing kerak: men ularning so‘ziga quloq solmay turgan vaqtimda o‘rningdan turib orqaga chekinasan-u, ammo yana shu haqda so‘z ochilganda, qo‘rqmasdan oldinga chiqib tez cho‘kasan. Shunday qilib, amir Shoh Malik bir necha bor tiz cho‘kib, iltijo qilgach, onhazrat: «Amirlar aytgan bu so‘zlarga men iltifot ko‘rgazmagan edim, endi agar bu go‘dakning so‘zini eshitmasam, dili og‘riydi va o‘z tengqurlari orasida sharmanda bo‘ladi», — dedi va uning talab-iltimosini qabul qildi».

Chindan ham, bunday voqealar anchagina bo‘lgan. Fosih Xavofiy o‘z asarlarida ana shunday gunohidan o‘tilganlardan bir nechasini tilga oladi. Masalan, 1388 yilda amir Temur Xorazmga, To‘xtamish ustiga yurish qilganda asirga tushgan Aydi Berdi Baxshi hukmdan ozod etilgan.

Amir Temur o‘ziga bo‘yin egganni siylagan, oldiga sovg‘a salom, peshkash bilan chiqqan shahar hokimlarini o‘z o‘rnida qoldirgan. Aksincha, xalqqa zulm o‘tkazuvchi hokimlarni ayovsiz jazolagan. Hokimiyatni endigina qo‘lga olgan kezlarida mo‘g‘ullarga qarshi kurashda uni qo‘llamagan jaloyirlarni qirib, qolganini Xo‘jand atrofidan tariqdek tirqiratib yuboradi. Oltin O‘rdaga mayli bo‘lgan Xorazmni necha bor qon-qaqshatib, oxiri Urganchni yer bilan yakson qilib, aholisining bir qismini Samarqandga haydab keladi.

1403 yilda Sheroz hokimi Qutbiddin sadrning o‘z xalqiga haddan ziyod zulm o‘tkazayotgani xabari yetib keladi. Amir Temur Qutbiddin sadrni tutdirib, oyoq-qo‘lini mixlatib tashlaydi. Xalqqa sadrdan o‘tgan jafoni bartaraf qilish uchun maxsus odam tayinlaydi.

Kishini hayratga soladigan narsa shundaki, tang vaziyatlarda ham Temur o‘z fikrini, qarashlarini o‘zgartirmagan. Uning sarbadorlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatishi yigirma yoshlarida yuz bergan. Samarqandda sarbadorlar mo‘g‘ul xoni Ilyosxo‘jaga qarshi kurashib, 1362 yilda shaharni tuzoqqa ilintiradi. Juda ko‘pchilik o‘ldirib yuboriladi.

O‘sha paytlar hokimiyatga erishgan Temur amir Husaynni bir amallab ko‘ndirib, madrasa talabasi, o‘z tengquri, otashin notiq Mavlonozoda hayotini saqlab qoladi. 1366 yilda amir Husayn Samarqandda Temurning do‘stlarini isyonda gumon qilib, hibsga oladi. Temur bisotidagi bor narsalarni, jumladan xotini, amir Husaynning singlisi Uljoy Turkonning qulog‘idagi oltin sirg‘ani tavonga qo‘shib to‘lab, ularni qutqarib oladi. Bu sirg‘ani amir Husayn to‘y kunlari singlisiga o‘zi sovg‘a qilgan edi.

Ayniqsa, bu jihatdan To‘xtamishga ko‘rsatilgan muruvvat e’tiborga loyiq. 1376 yilda Temur huzuriga panoh istab kelgan Manqishloq hokimi To‘yxo‘janing (To‘yxo‘ja o‘zbek edi) o‘g‘li To‘xtamishni Temur farzand o‘rnida ko‘rib, unga O‘tror va Sabron viloyatlarini beradi. So‘ng, Temur qo‘llab-quvvatlashi tufayli, To‘xtamish katta qo‘shin bilan o‘z dushmani O‘rusxon ustiga otlanadi (O‘rusxon otasini o‘ldirgan edi). Jangda O‘rusxonning o‘g‘li Qutlug‘ bo‘g‘a o‘ldiriladi. Darg‘azab bo‘lgan O‘rusxon amir Temurga do‘q-po‘pisali maktub yozib, o‘g‘lining xuni uchun To‘xtamishni berishini so‘raydi. Amir Temur uning g‘azabnok xatini keltirgan elchiga shunday javob bergan ekan:

Bor va aytg‘il mendan O‘rusxonga:

«Daryo qushin yomg‘ir bilan qurqutma».

Temur o‘zi ishtirok etgan jangda O‘rusxon ham shahid bo‘ladi, shu voqeadan ko‘p o‘tmay To‘xtamish Dashti Qipchoqning (Volgadan Dneprgacha bo‘lgan yerlar) hukmdori qilib tayinlanadi. To‘xtamish xususida Temur qattiq yanglishgandi. U Temurning tuzini oqlamadi. Temur To‘xtamishga qarshi bir necha bor shiddatli janglar olib bordi va oxirida uni mag‘lub qilishga erishdi. Bu juda ko‘p vaqt va juda ko‘p kuchni oldi, qonlarning daryo bo‘lib oqishiga sabab bo‘ldi.

Fosih Xavofiy 1381—1382 yil voqealari solnomasini yozar ekan, amir Temurning Xurosondagi Xudoshod qishlog‘i aholisini qirganini tilga oladi. Bu qirg‘inning sababi, qishloq ahli Hoji Barlosni o‘ldirganliklari edi. Demak, 1363 yilda amir Husayn va Temur Shahrisabzni bosib olganlarida Hoji barlos ikkinchi marta Xurosonga qochgan va Xudoshod degan joyda o‘rnashgan ekan. Amakisiga Shahrisabzni bo‘shatib bergan, ayni vaqtda unga hujum uyushtirgan, Xoji Barlosning viloyatdan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan Temur, oradan o‘n sakkiz yil o‘tkazib, uning qasosi uchun qishloq ahlini qirib tashlaydi. Kuyovi Abulfath xiyonat uchun qatl etiladi-yu, Turkiyada sulton Boyazid bilan bo‘lgan janglarda dushman tomoniga o‘tib kurashgan, sotqin nabirasi Husayn shahzodalik kiyimlarini almashtirish bilan qutilib qoladi.

Amir Temurning oilaviy hayoti ham chigal va murakkab. O‘sha davrlar udumiga ko‘ra, Temur ham erta uylangan. 1362 yilda amir Husaynning singlisi O‘ljoy Turkon og‘ani olgunga qadar Temurning ikki o‘g‘li bo‘lgan: bular 1354 yilda tug‘ilgan Umarshayx va 1356 yilda tug‘ilgan Jahongir. Jahongirning onasi Nurmish og‘a bo‘lgan. Bu ikki shahzoda bir onadan tug‘ilganmi-yo‘qmi aniq emas.

Temur xotinlariga muruvvatli bo‘lgan. Ularga atab qasrlar, bog‘lar barpo etgan. «Bog‘i behisht» Tuman og‘aga atalgan bo‘lsa, «kichik malika» — To‘kal xonim uchun «Bog‘i Dilkusho» obod qilingan. To‘kal xonim to‘yi taraddudi uzoq cho‘zilgan. Mo‘g‘ul xoni Xizrxo‘janing qizi bo‘lgan To‘kal xonimni olish uchun juda ko‘p diplomatik kuch ishlatishga to‘g‘ri kelgan. Nihoyat, 1397 yilda u Mo‘g‘ulistondan kelayotgan malikani kutib olish uchun yo‘lga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay Ohangaronda to‘xtab hordiq oladi. So‘ng Yassa shahriga qarab yo‘lga chiqadi. To‘kal xonimni kutib olish bahonasida Ahmad Yassaviy qabri ustiga ulkan maqbara qurdiradi. Bu uning din ahliga ko‘rsatgan birinchi oshkora saxovati edi.

1370 yilda Temur amir Husaynni yengib, Movarounnahr taxtini qo‘lga kiritgach, uning haramiga hamda to‘rttala xotiniga ega bo‘ladi. Amir Husayn xotinlari orasida Saroy Mulk xonim unga ma’qul keladi, qolganlarini o‘z amir-amaldorlariga ulashib yuboradi, masalan, Tarmashirinning qizini jaloyir begi Bahromga beradi. Saroy Mulk xonim oqila ayol bo‘lgan. Temurdan besh yosh kichik bo‘lgan Saroy Mulk xonim Qozonxonning qizi bo‘lib, otasi Qarshida turganda, 1441 yilda tug‘iladi. «Bibi xonim» deb ulug‘langan bu malika Temurdan farzand ko‘rmagan. Ayrim manbalarda uning Shohruhning onasi ekanligi aytiladi. Bu to‘g‘ri emas. Shohruhning onasi Temurning kanizaklaridan biri Tog‘ay Turkon og‘adir.

Temurning xotinlari orasida go‘zal Cho‘lpon Mulkning taqdiri fojiali kechgan. Mo‘g‘ul amiri Hojibekning qizi bo‘lgan Cho‘lpon Mulk husn-tarovatda beqiyos edi. U Temurning 1391, 1393 yilgi yurishlarida birga bo‘lgan. Jahongir bu suluv, shaddod, erkka talpingan malikani ayovsiz qatl ettiradi. Elas yetib kelgan xabarlarga ko‘ra, u sohibqiron ko‘ngliga shubha tushirgan, sadoqat chegarasini buzgan.

Tarixiy manbalarda Temurning to‘rt o‘g‘li (Umarshayx, Jahongir — bular otasi tirikligida halok bo‘lgan, Mironshoh va Shohruh) va qizlari bo‘lganligi aytiladi. Qizlaridan biri Sulton Baxt begim amir Husaynning singlisi O‘ljoy Turkon og‘adan tug‘ilgan. Sulton Baxt begim erkak tabiatli, jangovar qiz bo‘lgan. Ko‘pincha, sipohi libosida, hatto jang maydonlarida ham paydo bo‘lgan. Turmushga ham ancha kechikib chiqqan. Akademik Bartold, tarixiy manbalarga asoslanib, Temurning ziyofat va bazmlarida malika va malikazodalarning erkin, ochiq o‘tirishganini qayd qiladi.

Amir Temur 1404 yilda Xitoyni bosib olish uchun qo‘shin tortib, Oqsulot degan joyga tushadi. Bu yerda 28 kun turgan amir 1404 yilning 25 dekabrida O‘trorga yetib keladi. O‘trorda qirq kun orom oladi, shaharni ko‘zdan kechiradi, shaxmat va nard o‘ynash bilan kunlarni o‘tkazadi. Shahar hokimi Berdibekning uyi uning so‘nggi maizili bo‘lib qoladi. Shuncha mamlakatni olgan jahongirga o‘z-uyida, poytaxtda o‘lish ham nasib etmadi. Berdibek amir Temurning eng ishonchli vaziri shayx Nuriddinning ukasi edi.

Sovuq tushib qolgani uchun Temur qo‘shin boshliqlarini, amirlarini qishlash uchun Toshkentga jo‘natib yuboradi. Uning yonida faqat amir Shoh Malik, shayx Nuriddin va Xoja Yusuflargina qoladi.

1405 yilning 5 fevrali kuni amir Temur o‘zini lohas sezadi. Shu kuni uning qovog‘i soliq, shaxmatga ham qo‘li bormaydi. Amirning shaxsiy tabibi Fazlulloh Tabriziy har qancha muolaja qilsa-da, naf qilmaydi, aksincha, kasallik zo‘rayib, birining orqasidan ikkinchisini yetaklab kela boshlaydi. Bir tomoni keksalik (yosh ham 70 ga borib qolgan edi), ikkinchi tomoni o‘ttiz besh yillik jangu jadal, tinimsiz qon kechish, quvha-quv o‘z kuchini ko‘rsatayotgan edi. Jahongir yotib qolganining o‘ninchi yoki o‘n birinchi kuni shahzodalarni, amir va vazirlarini yoniga chorlab, bemajollikdan, yoinki, odatiy quvlikdan bo‘lsa kerak, barmoqlari bilan ishora qiladi. Avval bir barmog‘ini, so‘ng ikkinchi barmog‘ini ko‘taradi. «Nima demoqchiman» deb ko‘zi bilan imo qiladi. To‘planganlar sarosimaga tushib, shivir-shivir qilishadi. Nihoyat, ular bamaslahat: «Onhazrat, siz davolashning yana bitta-ikkita usuli qoldi, shuni ham o‘ylab ko‘ringlar demoqchisiz», deyishadi. Bor kuchini tiliga to‘plagan amir, zo‘rg‘a: «Yana bir-ikki kundan so‘ng oralaringda bo‘lmayman, demoqchi edim», deydi. Haqiqatan ham, u yanglishmagan edi. Kasallikning o‘n uchinchi kuni — 18 fevralda olamni titratgan amir Temur vafot etadi. Temur kasal bo‘lib yotganda, ko‘p may ichish asar qildimikan, degan shubhalar ham bo‘lgan. Amir Temur buni qat’iyan rad etgan va umrida ichkilikni xo‘plamaganligini zikr qilgan.

Amir Temur vafot etganda uning avlodi — o‘g‘il va nabiralari 36 kishi edi. O‘ttiz olti nafar taxt da’vogari uchi-quyrug‘i yo‘q mulklarni bo‘lib olish uchun Xurosonu Movarounnahr bo‘ylab ot qo‘ydilar. Hash-pash deguncha, ulkan imperiya to‘zg‘ib ketdi. Temurning sadoqatli vazirlari ham bu kurashlarda chetda qolmadilar. Shayx Nuriddin Temurning qabri sovumasdan uning suyukli xotini Tuman og‘ani xotinlikka oldi. Bibi xonim va To‘kal xonimlar esa zaharlab o‘ldirildi...

Yana amir Temurning muhrini esga olamiz. Uvdagi «ozodlik» va «adolat» so‘zlari kishini qattiq o‘ylantiradi. Amir Temur davrida adolat kuchlining kuchsiz ustidan o‘tkazadigan siyosatiga asoslaigan. Masalan, Temur Eronga qilingan besh yillik yurishdan g‘olib bo‘lgan, katta boylik bilan qaytgach, Samarqand aholisini uch yillik soliqdan ozod qilgan. Endi, muhrdagi birinchi so‘zga — qutilish, ozodlikka kelsak, buni ham haqqoniyroq baholashimizga to‘g‘ri keladi. Yigirma bir yoshidayoq mo‘g‘ullarni o‘lkadan haydab chiqarishni ahd qilgan, Movarounnahrni, Xurosonni va rus tuprog‘ini bir yarim asrdan ziyod davom etgan mo‘g‘ul-tatar zulmidan xolos qildi. Yirik rus sovet tarixnavislari V. D. Grekov va A. Yu. Yakubovskiylar juda to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Temurning 1395 yilda To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi nafaqat O‘rta Osiyo uchun, balki janubiy-sharqiy Yevropa va Rus uchun ham katta ahamiyat kasb etdi. Ryazan yerlarini talagan Temur, ayni vaqtda, o‘zi xayoliga keltirmagani holda rus yerlariga ozodlikka chiqishda yordam ko‘rsatdi.

Ochig‘ini aytish kerakki, Temur muhridagi «Ozodlik» va «Adolat» so‘zlarini hali mufassal sharhlash, vajohatli amir shaxsidagi ikki Temurni farqlab ko‘rsatish lozim bo‘ladi.

Poyon Ravshanov,

Qarshi Davlat pedagogika instituti o‘zbek adabiyoti kafedrasining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 10-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.